toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 17.11.1993
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
HAKAMLIK SUDI VA XOʻJALIK NIZOLARINI HAL ETISh TARTIBI TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1993-yil 2-sentabrdagi 925-XII-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunini amalga kiritish tartibi haqida”gi qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
I.BOʻLIM. Hakamlik sudi toʻgʻrisida
1-modda. Hakamlik sudi
Hakamlik sudi tadbirkorlik faoliyati jarayonida vujudga keladigan fuqarolik huquqiy munosabatlari (iqtisodiy nizolar) dan yoki boshqaruv sohasidagi huquqiy munosabatlaridan kelib chiquvchi nizolarni hal etishda sud hokimiyatini amalga oshiradi.
Hakamlik sudi mazkur nizolarni, basharti ular tashkilotlarning (ushbu Qonunda “tashkilotlar” deganda yuridik shaxslar-korxonalar, ularning birlashmalari, har qanday tashkiliy-huquqiy shakldagi tashkilotlar, shu jumladan jamoa xoʻjaliklari va xususiy korxonalar tushuniladi), fuqarolarning (ushbu Qonunda “fuqarolar” atamasi tadbirkorlik faoliyatini mustaqil ravishda olib borayotgan fuqarolarga va ularning birlashmalariga nisbatan ishlatiladi) oʻzaro munosabatlaridan, shuningdek tashkilotlar va fuqarolarning davlat idoralari va oʻzga idoralar* bilan munosabatlaridan kelib chiqqudek boʻlsa, hal etadi. Bunday nizolarda ajnabiy korxonalar, xorijliklar ishtirokidagi korxonalar yoki ajnabiy fuqarolar qatnashgan hollarda tomonlar oʻrtasida bitim boʻlgan taqdirda yoxud bu hol qonun hujjatida maxsus nazarda tutilgan boʻlsa, nizo hal qilish uchun hakamlik sudiga berilishi mumkin.
*bundan buyon “tashkilotlar” deb yuritiladi
2-modda. Hakamlik sudini tuzish, uning faoliyat koʻrsatish tartibi va huquq doirasi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari
Hakamlik sudini tuzish, uning faoliyat koʻrsatish tartibi va huquq doirasi Oʻzbekiston Respublikasining ushbu Qonuni va boshqa qonun hujjatlari bilan belgilab beriladi.
3-modda. Hakamlik sudining vazifalari
Hakamlik sudining vazifalari:
odil sudlovni amalga oshirish yoʻli bilan tashkilotlar va fuqarolarning huquqlari hamda qonun bilan muhofaza qilinadigan manfaatlari himoya etilishini taʼminlashdan;
iqtisodiy munosabatlarda qonunlarga rioya etilishiga huquqiy vositalar bilan yordam berishdan;
xoʻjalik nizolarini hal etish chogʻida qonunlarning bir xil va toʻgʻri qoʻllanilishini taʼminlashdan iborat.
4-modda. Hakamlik sudlarining tizimi
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq Respublikada:
Respublika hakamlik sudlarining yagona tizimini tashkil etuvchi Oʻzbekiston Respublikasining Oliy hakamlik sudi, Qoraqalpogʻiston Respublikasining hakamlik sudi, viloyatlarning hakamlik sudlari faoliyat koʻrsatadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Rayosati Oliy hakamlik sudi Raisining taqdimiga koʻra shahar hakamlik sudlarini tuzish mumkin.
5-modda. Hakamlik sudlariga rahbarlik
Respublikadagi hakamlik sudlari tizimiga Oliy hakamlik sudi boshchilik qiladi. U odil sudlovni amalga oshirish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi hakamlik sudlarining barcha idoralari faoliyatini tashkil etish, bu faoliyatning ahvoli va uni takomillashtirish uchun javobgardir.
Oliy hakamlik sudi quyi hakamlik sudlari faoliyatini muntazam tekshirib boradi va ularning hisobotlarini eshitib turadi, shuningdek respublika hakamlik sudi idoralarining ijobiy ish tajribasini oʻrganadi, umumlashtiradi va ommalashtirib boradi.
6-modda. Hakamlik sudi tomonidan qoʻllanadigan qonunlar
Hakamlik sudi oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, ushbu Qonunga, Oʻzbekiston Respublikasining boshqa qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi bilan boshqa respublikalar oʻrtasidagi koʻp tomonlama va ikki tomonlama shartnoma hamda bitimlarga va xalqaro shartnomalarga amal qiladi.
Oliy hakamlik sudi xoʻjalik nizolarini hal etish munosabati bilan davlat boshqaruv idorasi hujjatlarining, mahalliy oʻzini oʻzi boshqaruv idorasi, uning ijroiya va boshqaruv idorasi qarorining Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi qonunlariga, davlat hokimiyati oliy idoralari oʻz huquq doiralarida chiqargan boshqa hujjatlarga muvofiq emasligini aniqlab, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi va Qoraqalpogʻiston Respublikasi davlat hokimiyati oliy idoralarining boshqa hujjatlari asosida qaror qabul qiladi.
Hakamlik sudi xorijiy huquq normalarini qonunga binoan qoʻllaydi.
Nizoli munosabatlarni tartibga soluvchi qonunlar boʻlmagan taqdirda hakamlik sudi shunga oʻxshash munosabatlarni tartibga soluvchi qonunlarni qoʻllaydi.
7-modda. Hakamlik sudi hal qiluv qarorlarining majburiyligi
Hakamlik sudi chiqargan hal qiluv qarorlari, qarorlar, ajrimlar Oʻzbekiston Respublikasi hududida va respublikalararo bitimlarga muvofiq boshqa respublikalarning hududida barcha tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari tomonidan ijro etilishi majburiydir.
8-modda. Oliy hakamlik sudi Raisining qonun loyihalari taklif etish tashabbusi
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq Oliy hakamlik sudining Raisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashida qonun loyihalari taklif etish tashabbusi bilan chiqish huquqiga egadir.
9-modda. Hakamlik sudining tarkibi
Oliy hakamlik sudi Oliy hakamlik sudining Raisi, Rais oʻrinbosarlari, hakamlik hayʼatlarining raislari, hakamlaridan iborat boʻladi.
Oliy hakamlik sudida:
Oliy hakamlik sudining Plenumi;
Oliy hakamlik sudining Rayosati;
xoʻjalik nizolarini hal etish boʻyicha hakamlik hayʼati;
qonuniylikni va qarorlarning asosligini tekshirish boʻyicha hakamlik hayʼati faoliyat koʻrsatadi.
10-modda. Hakamlik sudlari hakamlarini saylash va tayinlash tartibi
Oliy hakamlik sudi Raisini Respublika Prezidentining taqdimiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi 10 yil muddatga saylaydi.
Oliy hakamlik sudi Raisining oʻrinbosarlarini, viloyatlar hakamlik sudlarining raislarini Oliy hakamlik sudi Raisining taqdimiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tayinlaydi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi hakamlik sudining Raisini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishgan xolda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy hakamlik sudi Raisi taqdimiga muvofiq Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy Kengashi saylaydi.
Hakamlik hayʼatlarining raislari — Oliy hakamlik sudi hakamlarini Oliy hakamlik sudining Raisi tayinlaydi.
Oliy hakamlik sudining hakamlarini, viloyatlar hakamlik sudlari raislarining oʻrinbosarlari va hakamlarini Oliy hakamlik sudining Raisi tayinlaydi.
Yoshi 25 ga toʻlgan, oliy yuridik maʼlumoti, huquqshunoslik ixtisosi boʻyicha kamida 5 yillik ish stajiga ega boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi hakam etib tayinlanishi mumkin.
11-modda. Oliy hakamlik sudining Raisi
Respublika Oliy hakamlik sudiga Rais boshchilik qiladi.
Oliy hakamlik sudining Raisi:
Oliy hakamlik sudining faoliyatiga rahbarlik qiladi hamda uning ishini tashkil etadi;
Oliy hakamlik sudining Plenumi chaqiradi va uning majlislarida raislik qiladi; Oliy hakamlik sudi va hayʼati hakamlik sudining majlislarida raislik qilishi mumkin; zarur hollarda bir hayʼat tarkibiga kiruvchi hakamlarni boshqa hayʼat tarkibida ishlarni koʻrib chiqish uchun jalb qiladi;
qarorlarning qay darajada qonuniyligi va asosligini tekshirish boʻyicha hakamlik hayʼatining xoʻjalik nizolari yuzasidan chiqargan qarorlariga nisbatan Oliy hakamlik sudi Plenumiga eʼtiroznomalar kiritadi;
Oliy hakamlik sudi Raisining oʻrinbosarlari oʻrtasida vazifalarni taqsimlaydi;
xodimlarni lavozimga tayinlaydi va vazifasidan ozod qiladi, ushbu Qonunga muvofiq oʻzgacha tartibda saylanadigan va vazifasidan ozod qilinadigan xodimlar bundan mustasno;
ushbu Qonunda berilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
Oliy hakamlik sudining Raisi oʻz vakolatlari doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq faoliyati ustidan prokurorlik nazorati amalga oshirilmaydigan davlat idoralari hamda jamoat tashkilotlarining normativ huquqiy hujjatlari Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga qay darajada mos ekanligi toʻgʻrisida xulosalar berish xususida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy nazorat qoʻmitasiga takliflar kiritadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy hakamlik sudining Raisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi, uning Rayosati, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi majlislarida ishtirok etishga haqlidir.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy hakamlik sudining Raisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining, sessiyalar oraligʻidagi davrda esa — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi Rayosatining roziligisiz jinoiy javobgarlikka tortilishi yoki hibsga olinishi mumkin emas.
12-modda. Oliy hakamlik sudi Raisining oʻrinbosarlari
Oliy hakamlik sudi Raisining oʻrinbosarlari xoʻjalik nizolarini hal etish boʻyicha hamda qarorlarning qonuniyligi va asosliligini tekshirish boʻyicha hakamlik hayʼatlari hakamlik sudining majlislarida raislik qilishga haqlidirlar.
Oliy hakamlik sudining Raisi yoʻq boʻlgan hollarda uning vakolatlarini Rais oʻrinbosarlari amalga oshiradi.
13-modda. Oliy hakamlik hayʼatlarining raislari
Oliy hakamlik sudi hakamlik hayʼatlarining raislari:
hayʼatlarning ishini tashkil qiladilar va xoʻjalik nizolarini hal etish, qarorlarning qonuniyligi va asosligini tekshirish uchun sud tarkibini tuzadilar;
hayʼatlar hakamlik sudining majlislarida raislik qiladilar;
Oliy hakamlik sudining Plenumiga hayʼatlarining faoliyati toʻgʻrisida maʼruzalar taqdim etadilar;
Qarorlarning qonuniyligi va asosligini tekshirish uchun, shuningdek hakamlik amaliyotini umumlashtirish uchun ishlarni talab qilib oladilar.
14-modda. Viloyat hakamlik sudining Raisi
Viloyat hakamlik sudiga Rais boshchilik qiladi.
Viloyat hakamlik sudining Raisi:
viloyat hakamlik sudi faoliyatiga boshchilik qiladi va uning ishini tashkil etadi;
viloyat hakamlik sudining ishlab chiqarish yigʻilishlarini chaqiradi va ularning majlislarida raislik qiladi; viloyat hakamlik sudi hayʼatining majlislarida raislik qilishi mumkin; zarur hollarda bir hayʼat tarkibiga kiruvchi hakamlarni boshqa hayʼat tarkibida ishlarni koʻrib chiqish uchun jalb qiladi;
Rais oʻrinbosarlari oʻrtasida, shuningdek hakamlar oʻrtasida vazifalarni taqsimlaydi;
xodimlarni lavozimga tayinlaydi va vazifasidan ozod qiladi, ushbu Qonunga muvofiq oʻzgacha tartibda tayinlanadigan va lavozimidan ozod qilinadigan xodimlar bundan mustasno;
hayʼati boʻlmagan viloyat hakamlik sudlarida nizolar boʻyicha chiqarilgan qarorlarning qonuniyligi va asosliligini tekshiradi;
ushbu Qonunda berilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
15-modda. Viloyat hakamlik raisining oʻrinbosari
Viloyat hakamlik sudi raisining oʻrinbosari xoʻjalik nizolarini hal etish boʻyicha hamda qarorlarning qonuniyligi va asosliligini tekshirish boʻyicha hakamlik hayʼatlarining hakamlik sudi majlislarida raislik qilishga haqlidir.
Viloyat hakamlik sudi raisi yoʻqligida uning vakolatlarini viloyat hakamlik sudi raisining oʻrinbosarlaridan biri amalga oshiradi.
Hayʼati boʻlmagan viloyat hakamlik sudlarida rais oʻrinbosari nizolar yuzasidan chiqarilgan qarorlarning qonuniyligi va asosliligini tekshiradi.
16-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy hakamlik sudining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar hakamlik sudlarining hakamlari
Xoʻjalik nizolarini hal etish boʻyicha hakamlik hayʼatining hakami tashkilotlar oʻrtasidagi nizolarni hal qiladi.
Hal qiluv qarorlarining qay darajada qonuniy va asosliligini tekshirish boʻyicha hakamlik hayʼatining hakami nizolar yuzasidan chiqarilgan hal qiluv qarorlarining qay darajada qonuniy va asosliligini tekshiradi.
Hakam nizoning qarab chiqilishiga rahbarlik qiladi, tomonlar oʻrtasida ahdlashuvga erishilishiga koʻmaklashadi.
Hakam nizolarni hal etish amaliyotini oʻrganadi va umumlashtiradi, qonunlarni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi, shuningdek iqtisodiy munosabatlarda qonunlar buzilishining oldini olish borasidagi ishlarni bajaradi.
Hakam Oʻzbekiston Respublikasi Oliy hakamlik sudi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar hakamlik sudlari boʻlimining yoki boshqa boʻlinmasining rahbari boʻlishi mumkin.
Hakamning boshqa tashkilotlarda oʻrindoshlik shartlari bilan ishlashiga yoʻl qoʻyilmaydi, pedagogik va ilmiy-tadqiqot ishlari bilan bogʻliq faoliyat bundan mustasno.
Hakam ushbu Qonunda belgilab qoʻyiladigan tartibda attestatsiyadan oʻtadi, attestatsiya natijalariga koʻra unga malakasi hamda ish tajribasini hisobga olgan holda malaka klassi beriladi.
17-modda. Hakamlik sudi hakamining huquqlari
Hakam:
qonunda zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish bilan bogʻliq oʻz farmoyishlarining bajarilishini davlat idoralari va boshqa idoralardan, tashkilotlardan, ularning mansabdor shaxslaridan talab qilish;
tashkilotlarga, davlat idoralari va boshqa idoralarga xususiy ajrimlarni, aniqlangan qonunbuzarliklar haqidagi axborotlarni ularni bartaraf etish xususidagi takliflar bilan birgalikda yuborish;
davlat idoralari va boshqa idoralardan, ilmiy muassasalar va axborot markazlaridan axborotlar soʻrab olish huquqiga egadir.
Hakamning hakamlik sudi vakolatlari doirasida qoʻyadigan talablari ushbu talablar qaratilgan davlat idoralari va boshqa idoralar, tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari uchun majburiydir.
Hakam Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida belgilab beriladigan oʻz faoliyatini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan boshqa vakolatlarga ham ega boʻladi.
18-modda. Hakamlik sudi hakamining vazifalari
Hakam oʻz faoliyatida qonunlarning talablarini aniq ijro etish, hakamlik jarayonining yuksak madaniyatini va tarbiyaviy taʼsirini taʼminlashi, adolatli boʻlishi shart.
Hakam kasbi bilan bogʻliq bitimlari saviyasini oshirib borishi shart.
Hakam oʻz xizmat vazifalarini bajarish chogʻida, shuningdek xizmatdan tashqari munosabatlarda odil sudlovning obroʻsini, hakamning qadr-qimmatini tushirish yoki uning haqqoniyligiga va xolisligiga shubha tugʻdirish mumkin boʻlgan barcha holatlardan oʻzini tiyishi zarur.
19-modda. Hakamning mustaqilligi
Hakam mustaqil boʻlib, faqatgina qonunga boʻysunadi. Hakamning xoʻjalik nizolarini hal etish borasidagi faoliyatiga har qanday idora, tashkilot va mansabdor shaxslarning aralashuviga yoʻl qoʻyilmaydi.
Hakamning mustaqilligi uni saylash, tayinlash va ozod qilish tartibi, nizolarni hal etishning yuridik yoʻl-yoʻriqlari, hakamlik sudi faoliyati uchun zarur sharoit yaratish, shuningdek hakamning moddiy va ijtimoiy taʼminoti bilan taʼminlanadi.
Ommaviy axborot vositalari oʻz xabarlarida muayyan ish yuzasidan qaror qabul qilingunga qadar hakamlik muhokamasi natijalarini oldindan belgilab qoʻyishga haqli emasdirlar.
20-modda. Hakamga nisbatan hurmatsizlik uchun javobgarlik
Hakamlik jarayoni qatnashchilari yoki hakamlik sudi majlisida ishtirok etayotgan fuqarolar tomonidan hakamga hurmatsizlik koʻrsatilishi, shuningdek biron-bir kishi tomonidan hakamni ochiq-oydin mensimaslikdan dalolat beruvchi xatti-harakatlarning sodir etilishi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq javobgarlikka tortishga sabab boʻladi.
21-modda. Hakamlik sudining hakamini lavozimidan ozod qilish
Hakamlik sudining hakami:
qonuniylikni buzganligi yoki oʻz martabasiga mos kelmaydigan nomaʼqul xatti-harakat sodir etganligi uchun, shuningdek unga nisbatan chiqarilgan va qonuniy kuchga kirgan sud hukmi sababli;
salomatligi ishni davom ettirishga toʻsqinlik qiladigan ahvolda ekanligiga binoan;
boshqa lavozimga saylanganligi yoki oʻz roziligi bilan boshqa ishga oʻtkazilganligi natijasida;
oʻz istagiga koʻra oʻzini lavozimga saylangan yoki tayinlagan tegishli idoralar yoki mansabdor shaxslar tomonidan lavozimidan ozod qilinishi mumkin.
Hakamni lavozimdan ozod qilish toʻgʻrisidagi masala Oʻzbekiston Respublikasi Oliy hakamlik sudi malaka hayʼati xulosasini eʼtiborga olgan holda hal etiladi.
22-modda. Oliy hakamlik sudi Plenumining tarkibi hamda uning faoliyati tartibi
Hakamlik sudlari, xoʻjalik nizolarini hal etuvchi boshqa idoralar ishining eng muhim masalalarini qarab chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy hakamlik sudining Plenumi faoliyat koʻrsatadi. Plenum toʻrt oyda kamida bir marta chaqiriladi.
Plenum tarkibiga Oliy hakamlik sudining Raisi, Rais oʻrinbosarlari, Oliy hakamlik sudi hakamlik hayʼatlarining raislari, Oliy hakamlik sudining Raisi belgilaydigan boshqa xodimlar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar hakamlik sudlarining raislari kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prokurori Plenum majlislarida qatnashishi shart.
Plenum majlislarida Oʻzbekiston Respublikasining Adliya vaziri ham qatnashishi mumkin.
Oliy hakamlik sudi Raisining taklifiga binoan Plenum majlisida Oliy hakamlik sudi xodimlari, vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar, ilmiy muassasalar va davlat hamda jamoat tashkilotlari vakillari qatnashishi mumkin.
Plenum majlisi uning tarkibining kamida uchdan ikki qismi hozir boʻlgan taqdirda haqiqiy hisoblanadi.
Plenum masalalarni qarab chiqish natijalari yuzasidan ochiq ovoz berish yoʻli Bilan qaror qabul qiladi. Basharti, ovoz berishda qatnashayotgan Plenum aʼzolarining koʻpchiligi yoqlab ovoz bergan boʻlsa, qaror qabul qilingan hisoblanadi. Plenumning qaroriga qoʻshilmagan Plenum aʼzosi oʻz fikrini bayon etishga haqlidir, bu narsa qarorga ilova qilib qoʻyiladi.
Plenum qarorini Oliy hakamlik sudining Raisi va Plenum kotibi imzolaydi.
23-modda. Oliy hakamlik sudi Plenumining kotibi
Oliy hakamlik sudi Plenumining kotibi xizmat vazifasini ado etish bilan bir qatorda Plenum majlislarini tayyorlash yuzasidan tashkiliy ishlarni amalga oshiradi, majlis bayoni yuritilishini taʼminlaydi hamda Plenum qabul qilgan qarorlar ijrosi uchun zarur boʻlgan harakatlarni amalga oshiradi.
24-modda. Oliy hakamlik sudi Plenumining vakolatlari
Oliy hakamlik sudining Plenumi:
1) xoʻjalik nizolarini hal etuvchi idoralarning ushbu idoralar huquq doirasida birgalikda tadbirlar oʻtkazish borasidagi faoliyatini muvofiqlashtirib borish masalalarini qarab chiqadi;
2) xoʻjalik nizolarini hal etish amaliyotini umumlashtirishga taalluqli materiallarni qarab chiqadi hamda Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarini qoʻllash masalalari yuzasidan sud talqini tartibida tushuntirishlar beradi, Oliy hakamlik sudi Plenumining tushuntirishlari Oʻzbekiston Respublikasida tushuntirishga taalluqli boʻlgan qonunlarni qoʻllayotgan hakamlik sudlari, tashkilotlar, davlat idoralari va boshqa idoralar, mansabdor shaxslar uchun majburiydir;
3) Oliy hakamlik sudi Raisining taqdimnomasiga binoan Oliy hakamlik sudi hakamlari orasidan Plenum kotibini tasdiqlaydi;
4) Oliy hakamlik sudi hakamlik hayʼatlari raislarining tegishli hayʼatlar faoliyati toʻgʻrisidagi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar hakamlik sudlari raislarining oʻz faoliyatlari toʻgʻrisidagi maʼruzalarini tinglaydi;
5) iqtisodiy munosabatlarni huquqiy boshqarishni hamda xoʻjalik nizolarini hal etuvchi idoralar faoliyatini takomillashtirish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi va boshqa idoralar muhokamasiga takliflar kiritish masalalarini qarab chiqadi;
6) Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy nazorat qoʻmitasining Oliy hakamlik sudi Plenumining tushuntirishlari Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunlariga toʻgʻri kelmasligi xususidagi xulosalarini qarab chiqadi;
7) Oliy hakamlik sudi Raisining, Oʻzbekiston Respublikasi Prokurorining Oliy hakamlik sudi qabul qilgan qarorlar qonunlarga zid kelib qolganligi munosabati bilan bildirgan eʼtiroznomalari boʻyicha ishlarni nazorat tartibida koʻrib chiqadi;
8) Oʻzbekiston Respublikasi hakamlik sudlari hakamlarining malaka hayʼatini saylaydi.
25-modda. Oliy hakamlik sudining Rayosati
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy hakamlik sudida Oliy hakamlik sudining Raisi, uning oʻrinbosarlari hamda Oliy hakamlik sudining boshqa rahbar xodimlaridan iborat Rayosat tashkil etiladi.
Rayosatning shaxsiy tarkibi Oliy hakamlik sudi Raisining taqdimiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
Oliy hakamlik sudining Rayosati muntazam ravishda oʻtkaziladigan oʻz majlislarida hakamlik sudlarining faoliyatiga doir asosiy masalalarni koʻrib chiqadi, kadrlarni tanlash, joy-joyiga qoʻyish va tarbiyalash masalalarini muhokama etadi, Oliy hakamlik sudi hakamlari hamda bu sud tarkibiy boʻlinmalari rahbarlarining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar hakamlik sudlari raislarining hisobotlarini eshitib boradi.
Rayosat chiqargan qarorlar Oliy hakamlik sudi Raisining buyruqlari bilan amalga oshiriladi. Oliy hakamlik sudining Raisi bilan Rayosat aʼzolari oʻrtasida kelishmovchilik kelib chiqqan taqdirda Oliy hakamlik sudining Raisi yuzaga kelgan kelishmovchilik toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Rayosatiga axborot bergan holda oʻz qarorini amalga oshiradi. Oliy Hakamlik sudi Rayosatining aʼzolari oʻz navbatida oʻz fikr-mulohazalarini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Rayosatiga maʼlum qilishlari mumkin.
26-modda. Qonunlarni qoʻllash amaliyotini umumlashtirish
Hakamlik sudi hakamlik amaliyotini oʻrganadi va umumlashtirib boradi, uni takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlaydi, xoʻjalik nizolarini hal etuvchi idoralar tomonidan qonunlarni qoʻllash tajribasini ommalashtirish maqsadida tahlil etadi.
27-modda. Qonunlarni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish
Hakamlik sudi hakamlik amaliyotini oʻrganish va umumlashtirish asosida qonunlarni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi hamda ularni belgilangan tartibda kiritadi. Hakamlik sudi bu ishga tashkilotlarning rahbarlari bilan kelishgan holda ularning mutaxassislarini va ilmiy xodimlarini jalb etishga haqlidir.
28-modda. Iqtisodiy munosabatlarda qonunlar buzilishining oldini olish
Hakamlik sudi iqtisodiy munosabatlarda qonunlar buzilishining oldini olish ishlarini olib boradi va shu maqsadda:
1) iqtisodiy munosabatlarda qonunlar buzilishining sabablaridan darak beruvchi maʼlumotlar va materiallarni izchil tahlil qilib boradi, oʻz huquq doirasida ularni bartaraf etish chora-tadbirlarini ishlab chiqadi hamda amalga oshiradi;
2) ishlarni bevosita tashkilotlarning oʻzida hal etadi;
3) tashkilotlarning rahbarlariga, davlat idoralari va boshqa idoralarga xususiy ajrimlar, aniqlangan qonunbuzarliklar toʻgʻrisidagi, ana shu qonunbuzarliklar sodir etilishiga sabab boʻluvchi hamda tegishli chora-tadbirlar koʻrilishini talab qiluvchi xolatlar haqidagi axborotlarni yuboradi.
Xususiy ajrim, axborot yuzasidan zarur chora-tadbirlar koʻrilganligi toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi hakamlik sudlariga bir oylik muddatdan kechikmay javob berilishi kerak.
Zarur hollarda aniqlangan qoidabuzarliklar haqida prokuratura idoralariga axborotlar yuboriladi;
4) iqtisodiy munosabatlarda yoʻl qoʻyilayotgan eng jiddiy qoidabuzarliklar toʻgʻrisida:
Oliy hakamlik sudi — Oʻzbekiston Respublikasining Oliy Kengashiga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga maʼlum qiladi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasini xabardor etadi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi hakamlik sudi — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy Kengashiga maʼlum qiladi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasini xabardor etadi;
viloyat hakamlik sudi — xalq deputatlari viloyat Soveti hamda uning ijroiya qoʻmitasini xabardor etadi.
29-modda. Statistika hisobi
Hakamlik sudi belgilangan tartibda hakamlik statistikasini olib boradi, hakamlik sudlarining faoliyati toʻgʻrisidagi statistika maʼlumotini tahlil etadi.
30-modda. Boshqa idoralar bilan hamkorlik va xalqaro aloqalar
Oliy hakamlik sudi xoʻjalik nizolarini hal etuvchi boshqa idoralar (sudlar, hakamlik sudlari, xolislar sudlari) bilan qonunlar va ularni amaliyotda qoʻllanish toʻgʻrisida qoʻshma konferensiyalar, yigʻilishlar oʻtkazish, axborot almashinish yoʻli bilan va boshqa shakllarda hamkorlik qiladi.
Oliy hakamlik sudi xoʻjalik nizolarini hal qilish uchun tashkil etiladigan xolislar sudlarini tarkib toptirish va ularning faoliyati masalalari yuzasidan tavsiyanomalar ishlab chiqadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy hakamlik sudi belgilangan tartibda xalqaro aloqalarni yoʻlga qoʻyadi.
31-modda. Oliy hakamlik sudining tuzilishi va shtatlari
Hakamlik amaliyotini oʻrganish va tahlil qilish, qonunlarni takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash, iqtisodiy munosabatlarda qonunni buzishlarning oldini olish chora-tadbirlarini ishlab chiqish, Oliy hakamlik sudining faoliyati bilan bogʻliq boshqa vazifalarni bajarish uchun boʻlimlar hamda boshqa boʻlinmalar tuziladi.
Hakamlik hayʼatlarida va boʻlimlarda bosh, katta mutaxassislar va boshqa mutaxassislar, shuningdek boshqa xizmatchilar va xizmat koʻrsatuvchi kichik xodimlar boʻladi.
Oliy hakamlik sudi va viloyatlar hakamlik sudlarining jami xodimlari soni Oliy hakamlik sudi Raisining taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi Rayosati tomonidan tasdiqlanadi.
Oliy hakamlik sudining Raisi Ushbu Qonunga muvofiq belgilangan jami shtatlar soni hamda ish haqi fondi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy hakamlik sudining, viloyatlar hakamlik sudlarining tuzilishini hamda boʻlimlar va boshqa boʻlinmalarning shtatlarini belgilaydi. Oliy hakamlik sudining shtatlar jadvalini, boʻlimlar va boshqa boʻlinmalar toʻgʻrisidagi Nizomlarni Oliy hakamlik sudining Raisi, Qoraqalpogʻiston respublikasi va viloyatlar hakamlik sudlarining shtatlar jadvalini, boʻlimlar va boshqa boʻlinmalar toʻgʻrisidagi nizomlarni esa tegishli hakamlik sudlarining raislari tasdiqlaydilar.
Oliy hakamlik sudining Raisi zarurat boʻlganda Oliy hakamlik sudi markaziy apparatining va viloyatlar hakamlik sudlarining shtat roʻyxatiga jami xodimlar soni va ish haqi fondi doirasida oʻzgartirishlar kiritishga haqlidir.
32-modda. Hakamlik sudlari hakamlarining malaka hayʼati
Hakamlik sudlari hakamlarining malaka hayʼati Oliy hakamlik sudi huzurida tashkil etiladi.
Hakamlik sudlari hakamlarining malaka hayʼati Oliy hakamlik sudi Plenumi tomonidan yashirin ovoz berish yoʻli bilan Oliy hakamlik sudi hakamlari orasidan rais, uning oʻrinbosari va uch aʼzodan iborat tarkibda besh yil muddatga saylanadi.
Oliy hakamlik sudining Raisi va uning oʻrinbosarlari malaka hayʼati tarkibiga kirmaydi.
Hakamlik sudlari hakamlarining malaka hayʼati oʻz ishi toʻgʻrisida Oliy hakamlik sudi Plenumi oldida hisobot beradi.
33-modda. Malaka hayʼatining vakolatlari
Malaka hayʼati:
1) hakamlik sudlari hakamlarining malaka attestatsiyasini oʻtkazadi;
2) hakamlik sudlari hakamlarini chaqirib olish va ozod qilish toʻgʻrisida xulosalar beradi, hakamlik sudlari rahbarlarining va hakamlarining intizomiy javobgarligi toʻgʻrisidagi masalalarni qarab chiqadi hamda oʻz takliflarini Oliy hakamlik sudi Raisiga kiritadi.
34-modda. Attestatsiya
Hakamlik sudlarining rahbar xodimlari (lavozimga boshqa tartibda saylanadigan va tayinlanadiganlardan tashqari) va mutaxassislari qonunlarga muvofiq attestatsiyadan oʻtishlari lozim. Attestatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy hakamlik sudining Raisi tasdiqlaydi.
35-modda. Malaka klasslari
Oʻzbekiston Respublikasi hakamlik sudlarining hakamlariga malaka klasslari Oʻzbekiston Respublikasi tegishli sudlarining malaka klasslariga oʻxshash yoʻsinda beriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy hakamlik sudining Raisiga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy hakamlik sudi Raisining oʻrinbosarlariga, viloyatlar hakamlik sudlarining raislariga malaka klasslarini Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti beradi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi hakamlik sudining Raisiga, uning oʻrinbosarlariga va hakamlariga malaka klasslarini Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy Kengashining Rayosati beradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy hakamlik sudining hakamlariga, viloyatlar hakamlik sudlarining Rais oʻrinbosarlari va hakamlariga malaka klasslari berishni Oliy hakamlik sudi huzuridagi hakamlar malaka hayʼati xulosasiga binoan Oliy hakamlik sudining Raisi amalga oshiradi.
36-modda. Oliy hakamlik sudi huzuridagi ilmiy-maslahat kengashi
Xoʻjalik nizolarini hal etuvchi idoralarga hakamlik amaliyotini shakllantirish bilan bogʻliq masalalar yuzasidan ilmiy asoslangan tavsiyalar tayyorlash, qonunchilikni takomillashtirish toʻgʻrisida takliflar ishlab chiqish va axborotlar tayyorlash uchun, shuningdek bu ishlarni qonunchilikni buzishning oldini olish va qonunbuzarlik hollarini bartaraf etish bilan birga olib borish uchun Oliy hakamlik sudi huzurida ilmiy-maslahat kengashi tashkil etiladi. Ilmiy-maslahat kengashi mashvarat yoʻsindagi idora boʻlib, jamoatchilik asosida ishlaydi.
37-modda. Hakamlik sudlarining moliyaviy va moddiy-texnikaviy taʼminoti
Hakamlik sudlarining moliyaviy, moddiy-texnikaviy va boshqa yoʻsindagi taʼminotini Oliy hakamlik sudi respublika budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiradi.
Mablagʻlar miqdorini Oliy hakamlik sudi raisining taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining rayosati tasdiqlaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy hakamlik sudi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar hakamlik sudlari yuridik shaxs hisoblanadi.
Oliy hakamlik sudi va Qoraqalpogʻiston Respublikasi hamda viloyatlar hakamlik sudlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tushirilgan hamda oʻz nomi yozilgan muhrga ega boʻladi.
38-modda. Matbuot organi
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy hakamlik sudi oʻz matbuot organiga ega.
II. BOʻLIM. XOʻJALIK NIZOLARINI HAKAMLIK SUDI TOMONIDAN HAL ETISh TARTIBI
I BOB. UMUMIY QOIDALAR
39-modda. Xoʻjalik nizolarini hakamlik sudi tomonidan hal etish tartibi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari
Hakamlik sudi nizolarni ushbu Qonunga muvofiq hal etadi. Ayrim nizo turlarini hal etishning xususiyatlari Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida belgilab qoʻyilishi mumkin.
40-modda. Hakamlik sudiga murojaat huquqi
Hakamlik sudiga uning uchun belgilangan tobelikka muvofiq korxonalar, muassasalar va tashkilotlar, shu jumladan jamoa xoʻjaliklari, Oʻzbekiston Respublikasi va boshqa mamlakatlardagi yuridik shaxs hisoblanuvchi xususiy korxonalar, qoʻshma korxonalar va xalqaro birlashmalar* oʻzlarining buzilgan yoki daʼvo qilinayotgan huquqlarini yoxud qonuniy manfaatlarini himoya etishni soʻrab murojaat qilishga haqlidirlar.
* Matnda bundan buyon tashkilot deb yuritiladi.
Hakamlik sudiga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda davlat idoralari va oʻzga idoralar, boshqa shaxslar murojaat etishga haqlidirlar.
Hakamlik sudiga murojaat etish huquqidan voz kechish haqqoniy emas.
41-modda. Hakamlik sudida ish qoʻzgʻatish
Hakamlik sudi:
manfaatdor tashkilotlarning;
davlat idoralari va boshqa idoralarning;
tashkilotlar manfaatlarini koʻzlab tegishli hakamlik sudiga murojaat etgan Oʻzbekiston Respublikasi Prokurori yoki uning oʻrinbosarlarining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar prokurorlari va ularning oʻrinbosarlarining arizalari asosida ish qoʻzgʻatadi.
Oliy hakamlik sudi oʻz tashabbusi bilan ish qoʻzgʻatishga va bevosita koʻrib chiqishga yoki koʻrib chiqishni hakamlik sudiga topshirishga haqlidir.
42-modda. Xoʻjalik nizolarining hakamlik sudi tomonidan hal etilishi
Nizolarni hal etish hakamdan iborat hakamlik sudi, xoʻjalik nizolarini hal etish boʻyicha hakamlik hayʼati mavjud boʻlgan taqdirda esa bitta yoki uchta hakamdan iborat hakamlik sudi tomonidan amalga oshiriladi. Hakamlik sudining son tarkibini xoʻjalik nizolarini hal etish boʻyicha hakamlik hayʼatining raisi belgilab beradi.
43-modda. Hakamlik ishi
Hakamlik sudi tomonlar oʻrtasida kelishuvga erishilishiga koʻmaklashadi va shu kelishuvga muvofiq hal qiluv qarori qabul qiladi.
Basharti, tomonlar oʻrtasidagi kelishuv qonunlarga, haqiqiy ahvolga va ish materiallariga zid boʻlsa, hakamlik sudi qaror qabul qilish chogʻida bunday kelishuvga amal qilmaydi.
44-modda. Hakamning mustaqilligi va uning faqat qonunga boʻysunishi
Xoʻjalik nizolarini hal etish chogʻida hakam mustaqil boʻlib, faqatgina qonunga boʻysunadi.
45-modda. Tomonlarning tengligi
Hakamlik sudida xoʻjalik nizolarini hal etish mulk shakli, kimning tasarrufida va qayerda joylashganligidan hamda boshqa holatlardan qatʼi nazar, tashkilotlarning qonun oldida va hakamlik sudi oldida tengligi asosida amalga oshiriladi.
46-modda. Xoʻjalik nizolarini hal etishning oshkoraligi
Hakamlik sudida nizolar oshkora hal etiladi. Davlat yoki tijorat sirlarini saqlash manfaatlariga zid keladigan hollar bundan mustasnodir.
47-modda. Hakamlik ishlari olib boriladigan til
Hakamlik sudida hakamlik ishi “Oʻzbekiston Respublikasining davlat tili toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 10-moddasida belgilab qoʻyilgan tartibda olib boriladi.
Hakamlik ishi olib borilayotgan tilni bilmaydigan tomonlarning vakillariga, hakamlik jarayonining boshqa qatnashchilariga tarjimon yordamida ishga doir barcha materiallar bilan tanishish va hakamlik sudi majlislarida qatnashish huquqi taʼminlanadi.
48-modda. Hal qiluv qarorining qonuniy va asosliligi
Hakamlik sudining hal qiluv qarori qonuniy va asosli boʻlishi kerak.
49-modda. Hal qiluv qarorining qay darajada qonuniy va asosliligini tekshirish hamda hal qiluv qarorini qayta koʻrib chiqish
Hal qiluv qarorining qay darajada qonuniy va asosliligini tekshirish hamda hal qiluv qarorini qayta koʻrib chiqishga ushbu Qonunda koʻzda tutilgan hollardagina yoʻl qoʻyiladi.
50-modda. Hal qiluv qarorining kuchga kirishi va uning majburiyligi
Hakamlik sudining hal qiluv qarori (hal qiluv qarori, qarori, ajrimi) qabul qilinishi bilanoq darhol kuchga kiradi. Hal qiluv qarori Oʻzbekiston Respublikasi hududida va respublikalararo ahdlashuvga muvofiq boshqa respublikalarning hududida tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari tomonidan bajarilishi majburiydir.
II BOB. XOʻJALIK NIZOLARINING MANSUBLIGI
51-modda. Xoʻjalik nizolarining Oliy hakamlik sudiga tegishliligi
Oliy Hakamlik sudi:
1) 10 million soʻmdan ortiq summaga xoʻjalik shartnomalari tuzilganda, u oʻzgartirilganda va bekor qilinganda, shuningdek shartnomalarni ijro etish chogʻida va boshqa asoslar boʻyicha, daʼvo 100 ming soʻmdan ortiqni tashkil etganda turli respublikalar va Oʻzbekiston Respublikasining viloyatlarida joylashgan tomonlar oʻrtasida yuzaga keladigan nizolarni (Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq hal etilishi oʻzga idoralar ixtiyoriga berilgan nizolar bundan mustasnodir);
2) davlat boshqaruvi idoralarining va boshqa respublika idoralarining qonunlariga mos kelmaydigan hamda tashkilotlarning huquqlarini va qonuniy manfaatlarini buzuvchi normativ xarakterga ega boʻlmagan hujjatlarini (butunlay yoki qisman) haqiqiy emas deb eʼtirof etish haqidagi nizolarni;
3) Oʻzbekiston Respublikasi davlat boshqaruvi idoralari va respublika idoralari tomonidan normativ xarakterga ega boʻlmagan, qonunlarga mos kelmaydigan hamda tashkilotlarning huquqlarini va qonuniy manfaatlarini buzuvchi aktlarini nashr etish natijasida yoxud uqtirilgan idoralarning tashkilotlarga nisbatan oʻz vazifalarini lozim tarzda amalga oshirmasliklari natijasida tashkilotlarga yetkazilgan zararlarning oʻrnini qoplash haqidagi nizolarni;
4) respublika boshqaruv idoralari oʻrtasidagi iqtisodiy bitimlardan kelib chiqadigan nizolarni;
5) Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarini qoʻllash bilan bogʻliq boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlari, respublikalararo bitimlar yoki xalqaro shartnomalarda Oliy hakamlik sudi idora qilishi uchun berilgan boshqa nizolarni hal etadi.
Oʻzbekiston Respublikasining Oliy hakamlik sudi nizolar hakamlik sudiga qarashliligi doirasida har qanday nizoni oʻz ijrosiga qabul qilishga va hal etishga haqlidir.
52-modda. Xoʻjalik nizolarining koʻrib chiqilishi qaysi hududga tegishliligi
Xoʻjalik shartnomalari tuzish, ularni oʻzgartirish va bekor qilish chogʻida yuzaga keladigan nizolar mahsulotlar yetkazib berayotgan yoki xizmat koʻrsatayotgan korxona (tashkilot) joylashgan yerdagi hakamlik sudi tomonidan koʻrib chiqiladi.
Shartnomalarni ijro etishga va boshqa asoslarga oid nizolar javobgar joylashgan yerda koʻrib chiqiladi.
Davlat idoralarining hujjatlarini haqiqiy emas deb topishga, davlat buyurtmasini talashish bilan bogʻliq nizolar hujjatni chiqargan davlat idorasi joylashgan yerdagi hakamlik sudi tomonidan koʻrib chiqiladi.
Ishda bir necha javobgar qatnashayotgan boʻlsa, nizo daʼvogarning xohishiga binoan javobgarlarning biri joylashgan yerdagi hakamlik sudida koʻrib chiqiladi.
53-modda. Xoʻjalik nizolari koʻrib chiqilishining mansubligi
Yuk tashish ishlari yuzasidan kelib chiqqan nizoda javobgarlardan biri transport idorasi boʻlsa, bu ish transport idorasi joylashgan yerdagi hakamlik sudi tomonidan koʻrib chiqiladi.
Davlat hujjatini yoki respublika boʻysunuvidagi oʻzga idora hujjatini haqiqiy emas deb topishga doir nizolar Oliy hakamlik sudi tomonidan, mahalliy boʻysunuvdagi idora hujjatini haqiqiy emas deb topishga doir nizo esa — viloyat hakamlik sudi tomonidan koʻrib chiqiladi.
54-modda. Daʼvo materiallarini tegishli hakamliklarga topshirish va bunda kelib chiqadigan kelishmovchiliklarni hal etish
Kelib tushgan xoʻjalik nizosi tegishli boʻlmagan hakamlik sudi daʼvo materiallarini besh kunlik muddat ichida tegishli hakamlik sudiga joʻnatadi.
Muayyan nizo hakamlik sudiga tegishli emasligi aniqlangan taqdirda, hakamlik sudi daʼvo arizasini qaytarish asoslarini koʻrsatib ajrim chiqargan holda daʼvo materialini arizachiga qaytaradi, ajrimda daʼvo arizasining qaytarilishi asoslab beriladi.
Basharti, nizoni qarab chiqish jarayonida daʼvo qiymati oshib ketishi, daʼvo sababi oʻzgarishi yoki ikkinchi tomon ham qarshi daʼvo arizasini taqdim etishi tufayli nizoning sudga tegishliligi oʻzgarsa, daʼvo arizasi tufayli nizoning sudga tegishliligi oʻzgarsa, daʼvo arizasini qabul qilgan hakamlik sudi nizoni mohiyati boʻyicha koʻrib chiqishi kerak.
Viloyatlarning hakamlik sudlari oʻrtasida kelib chiqqan nizoni qarab chiqish kimga tegishli ekanligiga doir kelishmovchilik Oʻzbekiston Respublikasining Oliy hakamlik sudi tomonidan hal etiladi.
55-modda. Qoraqalpogʻiston Respublikasining hamda viloyatlarning hakamlik sudlari hal etadigan xoʻjalik nizolari
Qoraqalpogʻiston Respublikasining hamda viloyatlarning hakamlik sudlari oʻziga tegishli boʻlgan barcha nizolarni va yuz soʻmdan ortiq boʻlgan mulkiy nizolarni hal etadilar, Oʻzbekiston Respublikasining Oliy hakamlik sudiga qarashli nizolar bundan mustasnodir.
56-modda. Xoʻjalik nizolarini xolislar sudi hukmiga havola etish
Tashkilot Oʻzbekiston Respublikasi hakamlik sudlariga tegishli nizoni xolislar sudi hukmiga havola etishi mumkin.
III BOB. HAKAMLIK JARAYoNINING QATNAShChILARI
57-modda. Ishda qatnashuvchi shaxslarning tarkibi
Ishda qatnashuvchi shaxslar sifatida: tomonlar, zimmasiga yuklangan majburiyatlari tufayli jarayonda ishtirok etayotgan uchinchi shaxslar, prokuror, davlat idoralari va boshqa idoralar, shuningdek hujjatlarni haqiqiy emas deb topishga doir ishlar yuzasidan arizachilar eʼtirof etiladi.
58-modda. Ishda qatnashuvchi shaxslarning huquqlari va majburiyatlari
Ishda qatnashuvchi shaxslar va ish materiallari bilan tanishish, ulardan koʻchirmalar olish, nusxa koʻchirish, raddiya bildirish, dalil-asoslarni taqdim etish, dalil-asoslarni tadqiq etishda qatnashish, hakamlik jarayonining qatnashchilariga savollar berish, iltimosnomalar kiritish, hakamlik sudiga ogʻzaki va yozma tushuntirishlar berish, hakamlik jarayoni davomida yuzaga keladigan barcha masalalar yuzasidan oʻz dalil-isbotlarini hamda mulohazalarini bildirish, ishda qatnashayotgan boshqa shaxslarning iltimosnomalari, dalil-isbotlari hamda mulohazalariga eʼtiroz bildirish, hakamlik sudi qarorlarining qonuniyligi va asosliligini tekshirish toʻgʻrisida ariza bilan murojaat qilish hamda oʻzlariga mazkur Qonun bilan berilgan boshqa protsessual huquqlardan foydalanish huquqiga egadirlar.
Ishda qatnashayotgan shaxslar oʻzlari ega boʻlgan protsessual huquqlardan vijdonan foydalanishlari shart.
59-modda. Hakamlik jarayonidagi tomonlar
Tashkilotlar — mulk egaligi shakllaridan qatʼi nazar, yuridik shaxslar, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga asosan oʻz huquqlari hamda manfaatlarini xoʻjalik nizolarini hal etuvchi idoralarda himoya qilishi mumkin boʻlgan boshqa shaxslar hakamlik jarayonidagi tomonlar — daʼvogar yoki javobgar boʻlishlari mumkin.
Daʼvo qilayotgan yoki manfaatlarini koʻzlab daʼvo kiritilgan tashkilotlar daʼvogarlar hisoblanadi. Daʼvo talablari qaratilgan tashkilotlar javobgarlar hisoblanadi.
Tomonlar teng protsessual huquqlardan foydalanadilar.
60-modda. Ishda bir necha daʼvogar yoki javobgarning ishtirok etishi
Ishda bir necha daʼvogarlar tomonidan birgalikda taqdim etilishi yoki bir necha javobgarga qaratilishi mumkin. Daʼvogarlar yoki javobgarlarning har biri ishni koʻrish jarayonida boshqa tomonga nisbatan mustaqil ishtirok etadi. Qatnashchi-sheriklar ishni yuritishni qatnashchi-sheriklardan biriga topshirishlari mumkin.
61-modda. Boshqa daʼvogarni yoki javobgarni ishda qatnashishga jalb etish
Hakamlik sudi yetarlicha asoslar mavjud boʻlgan taqdirda, xoʻjalik nizosi boʻyicha qaror qabul qilingunga qadar biron tomonning talabiga koʻra yoxud oʻz tashabbusi bilan tegishli tashkilotni boshqa daʼvogar yoki javobgar sifatida ishda qatnashishga jalb etishga haqlidir.
Javobgarni ishga jalb etish toʻgʻrisidagi talab ushbu javobgar bilan oʻzaro munosabatlarni ixtiyoriy tartibga solish chora-tadbirlari koʻrilganligidan qatʼi nazar amalga oshiriladi.
Daʼvogarni yoki javobgarni ishda qatnashish uchun jalb etish toʻgʻrisida ajrim chiqariladi.
62-modda. Protsessual huquqiy vorislik
Nizoli yoki hakamlik sudining qaroriga binoan belgilangan huquqiy munosabatda qatnashayotgan tomonlardan biri oʻzining qayta tashkil etilishi oqibatida chiqib ketgan taqdirda hakamlik sudi ushbu tomonni uning huquqiy vorisi bilan almashtiradi hamda bu toʻgʻrida qarorda yoki ajrimda yozib qoʻyadi. Huquqiy vorislik hakamlik jarayonining istalgan bosqichida amalga oshirilishi mumkin.
63-modda. Daʼvo asosini yoki mavzusini oʻzgartirish, daʼvo talablarining miqdorini oʻzgartirish, daʼvodan voz kechish, daʼvoni eʼtirof etish
Daʼvogar xoʻjalik nizosi boʻyicha qaror qabul qilingunga qadar daʼvo asosi va mavzusini oʻzgartirishi, daʼvoning talablar miqdoriga doir qismida oʻzaro munosabatlarni ixtiyoriy ravishda tartibga solish chora-tadbirlarini koʻrish sharti bilan daʼvo talablarining miqdorini oshirishga haqlidir.
Hakamlik sudi daʼvo asosi yoki mavzusiga doir oʻzaro munosabatlarni ixtiyoriy ravishda tartibga solish chora-tadbirlari koʻrilgan-koʻrilmaganligidan qatʼi nazar, daʼvogarning roziligini olib, oʻz tashabbusi bilan daʼvo asosini yoki mavzusini oʻzgartirishga haqlidir.
Daʼvogar daʼvodan voz kechishga yoki daʼvo talablarining miqdorini kamaytirishga haqlidir. Javobgar daʼvoni toʻla yoki qisman eʼtirof etishga haqlidir.
Hakamlik sudi, basharti, qonunlarga zid keladigan boʻlsa, daʼvodan voz kechishni yoki daʼvoning eʼtirof etilishini qabul qilmaydi.
64-modda. Tomonlarning vakillari
Tashkilotlarning rahbarlari yoki ularning oʻrinbosarlari hakamlik sudida tomonlarning vakillari hisoblanadi. Mazkur shaxslarning vakolatlari ularning xizmat mavqeini guvohlantiruvchi hujjatlar bilan tasdiqlanadi.
Boshqa shaxslar ham tomonlarning vakillari boʻlishi mumkin; ushbu shaxslarning vakolatlari tashkilotlarning tegishli tarzda rasmiylashtirilgan ishonch yorligʻi bilan tasdiqlanadi.
65-modda. Nizo mavzusi yuzasidan mustaqil talablarni bayon etayotgan uchinchi shaxslar
Nizo mavzusi yuzasidan mustaqil talablarni bayon etayotgan uchinchi shaxslar sud qaror qabul qilguniga qadar ishga qoʻshilishlari mumkin. Ular qatnashchi tomonning huquqlaridan foydalanadilar hamda uning barcha majburiyatlarini zimmaga oladilar.
66-modda. Nizo mavzusi yuzasidan mustaqil talablarni bayon etmagan uchinchi shaxslar
Nizo mavzusi yuzasidan mustaqil talablarni bayon etmagan uchinchi shaxslar, basharti xoʻjalik nizosi boʻyicha qabul qilinadigan qaror tomonlardan biriga nisbatan oʻz huquqlari yoxud majburiyatlariga taʼsir etishi mumkin boʻlsa, hakamlik sudi qaror qabul qilguniga qadar daʼvogar yoki javobgar tomonida turib ishga qoʻshilishlari mumkin. Ular tomonlarning, prokurorning taklifiga koʻra yoki hakamlik sudining tashabbusi bilan ham ishda qatnashish uchun jalb etilishi mumkin. Mustaqil talablarni bayon etmagan uchinchi shaxslar daʼvo asosini va mavzusini oʻzgartirishga, daʼvo talablari miqdorini oshirish yoki kamaytirishga, shuningdek daʼvodan voz kechishga, daʼvoni eʼtirof etishga yoxud murosaga kelishga, qarorning majburiy tarzda ijro etilishini talab qilishga boʻlgan huquqlardan tashqari, tomonning protsessual huquqlaridan foydalanadilar hamda uning protsessual majburiyatlarini zimmaga oladilar.
Hakamlik sudi bir jarayonning oʻzida javobgarga nisbatan dastlabki daʼvoni va javobgarning mustaqil talablar bayon etmagan uchinchi shaxsga nisbatan regress daʼvosini yoxud ana shunday uchinchi shaxsning tomonlardan biriga nisbatan daʼvosini koʻrib chiqishga hamda regress daʼvosi yuzasidan qaror qabul qilishga haqlidir.
67-modda. Hakamlik jarayonida prokurorning ishtiroki
Daʼvo arizasi prokuror yoki uning oʻrinbosarlari tomonidan hakamlik sudlariga tashkilot manfaatlarini koʻzlab yuborilgan yoxud hakamlik sudining qaroriga eʼtiroz bildirilgan hollarda prokuror hakamlik jarayonida ishtirok etadi. Prokuror hakamlik jarayonining istalgan bosqichida ishtirok etishga haqlidir, basharti bu tashkilotlar huquqlarini va qonuniy manfaatlarini himoya qilish talab etilsa.
Prokurorning daʼvodan bosh tortishi, daʼvo talablari miqdorini kamaytirishi, daʼvo asosi yoki mavzusini oʻzgartirishi daʼvogarni daʼvo talablarini dastlabki tarzda saqlab turish huquqidan mahrum etmaydi.
68-modda. Hakamlik jarayonida boshqa shaxslarning huquqlarini himoya qilib chiqayotgan davlat idoralari va oʻzga idoralarning ishtiroki
Qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda davlat idoralari va oʻzga idoralar yuridik shaxslarning yoxud davlatning huquqlari hamda qonun bilan himoya qilinadigan manfaatlarini himoya qilish tarzida daʼvo taqdim etishlari mumkin.
Mazkur idoralarning oʻzlari kiritgan daʼvodan voz kechishlari daʼvo berish bilan manfaatlari himoya qilinayotgan shaxsni ish mohiyatidan qarab chiqilishini talab qilish huquqidan mahrum etmaydi.
Davlat idoralari va oʻzga idoralar qonunda nazarda tutilgan hollarda hakamlik sudi tomonidan jarayonda ishtirok etishga jalb qilinishi yoxud oʻz zimmalariga yuklangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida ish yuzasidan xulosa berish uchun oʻz tashabbuslariga binoan jarayonga qoʻshilishlari mumkin.
69-modda. Xoʻjalik nizolarini koʻrib chiqishda jamoat birlashmalari va mehnat jamoalari vakillarining ishtiroki
Ish yuzasidan tomonlar hisoblangan jamoat birlashmalari va tashkilotlar mehnat jamoalarining vakillari hakamlik sudiga qarab chiqilayotgan nizo boʻyicha oʻzlarini vakil qilib yuborgan birlashmalar hamda jamoalarning fikrini bayon etishlari uchun nizoning hakamlik sudida koʻrib chiqilishida ishtirok qilishga kiritiladi.
Jamoat birlashmalari va mehnat jamoalarining vakillari ish materiallari bilan tanishish, dalil-isbotlarni koʻzdan kechirish hamda tadqiq etishda qatnashish (davlat yoki tijorat sirini qoʻriqlash manfaatlariga zid boʻlgan hollar bundan mustasno), dalil-isbotlarni taqdim etish, nizolarni qarab chiqish davomida tugʻilayotgan barcha masalalar yuzasidan oʻz dalil-asoslarini keltirish, shuningdek iqtisodiy munosabatlarda qonuniylik buzilishining sabablarini aniqlashda ishtirok etish huquqiga egadirlar, oʻzlariga berilgan protsessual huquqlardan qonunga qatʼiyan muvofiq holda foydalanishlari shart.
Jamoat birlashmalari va mehnat jamoalari vakillarining vakolatlari jamoat birlashmasi yoki mehnat jamoasining saylab qoʻyiladigan idorasi qabul qilgan qarordan koʻchirma bilan guvohlantiriladi.
IV BOB. DALIL-ISBOTLAR
70-modda. Dalil-isbotlar tushunchasi va turlari
Hakamlik sudining tomonlar talablari va eʼtirozlarini asoslaydigan holatlar bor-yoʻqligini qonunda belgilangan tartibda aniqlashiga asos boʻladigan har qanday haqqoniy maʼlumotlar, shuningdek xoʻjalik nizosining toʻgʻri hal etilishi uchun ahamiyat kasb etadigan boshqa holatlar ishga oid dalil-isbotlar deb hisoblansin.
Bu maʼlumotlar: yozma va ashyoviy dalillar, tomonlarga vakillik qiluvchilarning va hakamlik jarayonida qatnashayotgan boshqa shaxslarning tushuntirishlari, shuningdek ekspertlarning xulosalari kabi vositalar bilan aniqlanadi.
71-modda. Isbotlash va dalil-isbotlarni taqdim etish majburiyati
Har bir tomon oʻz talablari va eʼtirozlarining asosi sifatida tayanayotgan holatlarni isbotlab berishi shart.
Dalil-isbotlar tomonlar va hakamlik jarayonining boshqa qatnashchilari tomonidan taqdim etiladi.
72-modda. Dalil-isbotlarning taalluqliligi va ularga yoʻl qoʻyilishi
Hakamlik sudi ish uchun ahamiyat kasb etadigan dalil-isbotlarnigina qabul qiladi.
Qonunga binoan isbotlashning muayyan vositalari bilan tasdiqlanishi lozim boʻlgan ishga oid holatlar ana shu vositalar bilan tasdiqlanmogʻi kerak.
73-modda. Isbotlashdan ozod qilish asoslari
Hakamlik sudi hammaga maʼlum deb eʼtirof etgan holatlar isbotlanishga muhtoj emas.
Bir xoʻjalik nizosini hal etish chogʻida hakamlik sudining (xoʻjalik nizosini hal etuvchi boshqa idoraning) qarori bilan aniqlangan faktlar xuddi shu tomonlar ishtirok etayotgan boshqa nizolarni hal etishda qaytadan isbot qilinmaydi.
Sudning jinoiy ish yuzasidan qonuniy kuchga kirgan hukmi muayyan xatti-harakatlar sodir etilgan-etilmaganligi va ular kim tomonidan sodir etilganligiga oid masalalar boʻyicha nizoni hal etayotgan hakamlik sudi uchun majburiydir.
Sudning fuqarolik ishi yuzasidan qonuniy kuchga kirgan qarori sud tomonidan aniqlangan va ish uchun ahamiyatli boʻlgan faktlarga oid masalalar boʻyicha nizoni hal etayotgan hakamlik sudi uchun majburiydir.
74-modda. Yozma dalil-isbotlar
Xoʻjalik nizosini toʻgʻri hal etish uchun ahamiyatli boʻlgan holatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan aktlar, xatlar, boshqa hujjatlar va materiallar yozma dalil-isbotlar hisoblanadi.
Yozma dalil-isbotlarning asl nusxasi yoki ularning guvohlantirilgan nusxasi taqdim etiladi. Basharti nizoni hal qilish uchun hujjatning bir qismigina ahamiyatli boʻlsa, uning guvohlantirilgan koʻchirmasi taqdim etiladi.
Ishning holatlari qonunlarga binoan faqat hujjatlarning asli bilan guvohlantirilishi lozim boʻlganda, shuningdek hakamlik sudining talabiga koʻra boshqa zarur hollarda hujjatlarning asl nusxasi taqdim etiladi.
75-modda. Ashyoviy dalil-isbotlar
Xoʻjalik nizosining toʻgʻri hal etilishi uchun ahamiyati boʻlgan holatlarni aniqlash vositalari boʻlib xizmat qiladigan buyumlar ashyoviy dalil-isbotlar hisoblanadi.
76-modda. Dalil-isbotlarni talab qilib olish
Basharti, tomonlar taqdim etgan dalil-isbotlar yetarli boʻlmasa, hakamlik sudi ishda qatnashayotgan-qatnashmayotganligidan qatʼi nazar, tashkilotlardan xoʻjalik nizosini hal qilish uchun zarur boʻlgan hujjatlarni, maʼlumotlarni va xulosalarni taqdim etishlarini talab qilishga hamda bilvosita ular joylashgan yerda shunday materiallar bilan tanishishga haqlidir.
Dalil-isbotlar soʻrab olinishini iltimos qilayotgan tomon, prokuror ushbu dalil-isbotlar vositasida ish uchun ahamiyatli boʻlgan qaysi holatlar aniqlanishi mumkinligini koʻrsatishlari shart.
Hakamlik sudi tomoni tashkilotlardan, ular ishda qatnashayotgan-qatnashmayotganliklaridan qatʼi nazar, dalil-isbotlar olish uchun vakil qilishi mumkin.
77-modda. Dalil-isbotlarni ular turgan joyda koʻzdan kechirish va taqdim etish
Hakamlik sudi dalil-isbotlarni taqdim etish qiyin boʻlgan hollarda ularni turgan joyida koʻzdan kechirishi va taqdim etishi mumkin.
Dalil-isbotlarni koʻzdan kechirish va taqdim etish natijalari yuzasidan bayon tuzilib, uni hakam hamda dalil-isbotlarni koʻzdan kechirish va tadqiq etishda qatnashgan tomonlarning vakillari imzolaydilar. Bayon ishga ilova qilib qoʻyiladi.
78-modda. Yozma va ashyoviy dalil-isbotlarni qaytarish
Ishda mavjud boʻlgan hujjatlarning asl nusxalari xoʻjalik imzosi hal etib boʻlinganidan soʻng ushbu hujjatlarning guvohtirilgan nusxalari taqdim etilgach, tashkilotlarning iltimosiga koʻra ularga qaytariladi.
Hakamlik sudida mavjud boʻlgan ashyoviy dalil-isbotlar nizo hal etilganidan soʻng, ular qaysi tashkilotlardan olingan boʻlsa, ana shu tashkilotlarga qaytariladi yoki hakamlik sudi qaysi tashkilotlarning ushbu ashyolarga egalik qilish huquqini eʼtirof etgan boʻlsa, oʻsha tashkilotlarga topshiriladi.
79-modda. Tashkilotlar mansabdor shaxslarining va boshqa xodimlarining tushuntirishlari
Xoʻjalik nizosining mohiyati yuzasidan tushuntirish berish uchun chaqirilgan tashkilotlarning mansabdor shaxslari va boshqa xodimlari hakamlik jarayonida ishtirok etishlari mumkin. Mazkur shaxslar hakamlik sudiga uning chaqirigʻiga binoan kelishlari, ish yuzasidan oʻzlariga ayon boʻlgan axborot va holatlarni maʼlum qilishlari, hakamlik sudining talablariga koʻra yozma ravishda tushuntirishlar taqdim etishlari, hakamning va hakamlik jarayonida qatnashayotgan shaxslarning savollariga javob qaytarishlari shart.
80-modda. Ekspertiza tayinlash va uni oʻtkazish
Xoʻjalik nizosini hal etishda tugʻiladigan va maxsus bilimlarni talab qiladigan masalalarni tushuntirib berish uchun hakamlik sudi ekspertiza tayinlaydi.
Hakamlik jarayonining qatnashchilari hakamlik sudiga ekspert tomonidan tushuntirish berilishi lozim boʻlgan masalalarni taqdim etishga haqlidirlar.
Ekspertning xulosasi talab qilinadigan masalalarning uzil-kesil doirasini hakamlik sudi ajrimda belgilab beradi.
Ekspertizani oʻtkazish vakolati tashkilotlarga yoki buning uchun zarur bilimi boʻlgan mutaxassislarga bevosita topshirilishi lozim. Ekspertiza oʻtkazayotgan shaxslar ish materiallari bilan tanishish hamda hakamlik jarayonining qatnashchilaridan qoʻshimcha materiallarni soʻrab olish huquqiga egadirlar. Zarur boʻlgan hollarda ekspertiza tomonlarning vakillari ishtirokida oʻtkaziladi.
81-modda. Ekspertning xulosasi
Ekspertning xulosasi oʻtkazilgan tadqiqotlarning batafsil bayonini, ularning natijalari boʻyicha chiqarilgan xulosalarni hamda hakamlik sudi qoʻygan masalalarga berilgan asosli javoblarni oʻz ichiga olishi kerak. Xulosa hakamlik sudiga yozma ravishda taqdim etiladi hamda uning nusxalari tomonlarga yuboriladi.
Agar ekspertizani oʻtkazish chogʻida hakamlik sudi oʻrtaga qoʻymagan, lekin xoʻjalik nizosini toʻgʻri hal etish uchun ahamiyatga ega boʻlgan holatlar aniqlansa, ekspert xulosada ushbu holatlar boʻyicha ham fikrlarini bayon etadi.
Ekspertning xulosasi yetarlicha aniq yoki toʻla-toʻkis boʻlmagan hollarda hakamlik sudi qoʻshimcha ekspertiza tayinlashi mumkin.
Ekspertning xulosasiga qoʻshilmagan taqdirda hakamlik sudi takroriy ekspertiza tayinlashi mumkin va uni oʻtkazish boshqa ekspertga topshiradi.
82-modda. Dalil-isbotlarni baholash
Hakamlik sudi barcha dalil-isbotlarni qonunga amal qilgan holda ishning barcha holatlarini har tomonlama, toʻla va xolis tadqiq etishga asoslangan oʻz ichki komil ishonchiga koʻra baholaydi.
Har qanday dalil-isbot ham hakamlik sudi uchun oldindan belgilangan kuchga ega emas.
Bir tomon oʻzining talablari yoki eʼtirozlarini asoslash uchun foydalangan daliliy maʼlumotlar va holatlarni ikkinchi tomonning eʼtirof etishi hakamlik sudi uchun majburiy emas.
Ekspertning xulosasi hakamlik sudi tomonidan majlisda muhokama qilinadi va ish yuzasidan boshqa barcha dalil-isbotlar bilan birgalikda baholanadi.
Ekspertning xulosasi hakamlik sudi tomonidan rad etilib, buning sabablari qarorda koʻrsatilishi mumkin.
V BOB. HAKAMLIK SARF-XARAJATLARI
83-modda. Hakamlik sarf-xarajatlarining tarkibi
Hakamlik sarf xarajatlari davlat bojidan va hakamlik sudi tayinlangan ekspertizani oʻtkazganlik uchun toʻlanishi lozim boʻlgan mablagʻlardan iborat boʻladi.
84-modda. Davlat boji
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida nazarda tutilgandan boshqa hollarda daʼvo arizalari va hakamlik sudi qarorining qonuniyligi hamda asosliligini tekshirish haqidagi arizalar uchun davlat boji toʻlanadi.
Pul mablagʻlarini chet el valyutasida undirish toʻgʻrisidagi nizolar boʻyicha davlat boji chet el valyutasida toʻlanib, u valyuta schyotiga kiritiladi.
85-modda. Davlat bojini toʻlash
Davlat boji Oʻzbekiston Respublikasining qonunlarida belgilangan tartibda va miqdorlarda respublika budjetiga toʻlanadi yoki undirib olinadi.
Daʼvo talablarining hajmi oshirilgan taqdirda davlat bojining yetmayotgan mablagʻi daʼvoning oshirilgan bahosiga muvofiq ravishda toʻlanadi.
86-modda. Davlat bojini qaytarish
Davlat boji qonunlarda belgilangan hollarda qaytarib berilishi kerak.
Hakamlik sudining hal qiluv qarorida, ajrimda, qarorida davlat poshlinasini toʻla-toʻkis yoki qaytarish uchun asos boʻladigan holatlar koʻrsatiladi.
87-modda. Ekspertiza oʻtkazilganligi uchun toʻlanadigan pul miqdorini belgilash
Ekspertiza haq toʻlash evaziga oʻtkazilgani taqdirda, unga oid sarf-xarajatlar tegishli tartibda belgilangan haq stavkalarini hamda sarflangan vaqtni eʼtiborga olib hakamlik sudi tomonidan qarorda belgilanadi.
Ekspertlarga hakamlik sudida hozir boʻlish uchun qilgan yoʻl xarajatlari va uy-joyni ijaraga olish xarajatlari toʻlanadi hamda xizmat komandirovkalariga yuborilayotgan xodimlar uchun qonunlarda belgilangan miqdorlarda sutkalik pullar beriladi.
88-modda. Hakamlik sarf-xarajatlarining taqsimlanishi
Davlat boji:
1) shartnomalarni tuzish, oʻzgartirish va bekor qilish chogʻida yuzaga keladigan nizolar boʻyicha — takliflar qabul qilinmagan tomon zimmasiga yoxud tomonlardan har birining takliflaridan bir qismi hakamlik sudi tomonidan rad etilgan taqdirda — ikkala tomon zimmasiga;
2) shartnomalarni bajarish chogʻida yoki boshqa asoslarga binoan yuzaga keladigan nizolar boʻyicha — qondirilgan daʼvo talablarining miqdoriga mutanosib ravishda tomonlar zimmasiga yuklanadi.
Agar ish tomonning notoʻgʻri xatti-harakatlari oqibatida (munosabatlarni ixtiyoriy ravishda tartibga solish toʻgʻrisidagi takliflarni javobsiz qoldirish, javobgar oʻzaro munosabatlarni ixtiyoriy ravishda tartibga solish uchun talab qilgan hujjatlarni daʼvogarning yubormasligi va shu kabilar) kelib chiqqan boʻlsa, hakamlik sudi ishning yakunidan qatʼi nazar, davlat boji yuzasidan sarf-xarajatlarni shu tomonning zimmasiga yuklashga haqlidir.
Daʼvogar davlat boji toʻlashdan belgilangan tartibda ozod qilingan boʻlsa, bu davlat boji qondirilgan daʼvo talablari miqdoriga mutanosib ravishda javobgardan (basharti, javobgar bojni toʻlashdan ozod qilinmagan boʻlsa) budjet foydasiga undirib olinadi.
Qaror qaysi tomonning foydasiga chiqarilgan boʻlsa, hakamlik sudi shu tomonning davlat bojiga oid sarf-xarajatlarini ikkinchi tomon (garchi u boj toʻlashdan ozod qilingan boʻlsa ham) hisobidan qoplaydi.
Ekspertiza oʻtkazilganligi uchun toʻlanishi lozim boʻlgan pullar: daʼvo qondirilgan taqdirda — javobgar zimmasiga; daʼvo rad etilgan taqdirda — qondirilgan daʼvo talablari miqdoriga mutanosib ravishda har ikkala tomon zimmasiga yuklanadi.
Agar tomonlar oʻrtasidagi kelishuvda hakamlik sarf-xarajatlarining taqsimoti nazarda tutilgan boʻlsa, hakamlik sudi ushbu kelishuvga muvofiq qaror qabul qiladi.
VI BOB. PROTSESSUAL MUDDATLAR
89-modda. Protsessual muddatlarni belgilash va hisoblash
Protsessual harakatlar qonunda belgilangan muddatlarda bajariladi. Qonunda protsessual muddatlar belgilab qoʻyilmagan hollarda ular hakamlik sudi tomonidan tayinlanadi.
Protsessual harakatlarni bajarish muddatlari albatta roʻy berishi lozim boʻlgan voqea koʻrsatilgan holda aniq kalendar kuni yoki vaqt davri bilan belgilanadi. Soʻnggi holda harakat butun davr mobaynida bajarilishi mumkin.
Yillar, oylar yoki kunlar bilan hisoblanadigan protsessual muddat uning boshlanishi belgilab qoʻyilgan kalendar kundan yoki voqea roʻy berganidan keyingi kundan boshlanadi.
90-modda. Protsessual muddatlarning tugashi
Yillar bilan hisoblanadigan muddat soʻnggi yilning tegishli oyi kunida tugaydi. Oylar bilan hisoblanadigan muddat ana shu muddatning tegishli oyida hamda soʻnggi oyining tegishli kunida tugaydi. Agar oylar bilan hisoblanadigan muddatning oxiri unda tegishli kun yoʻq boʻlgan oyga toʻgʻri kelib qolsa, muddat ushbu oyning soʻnggi kunida tugaydi.
Muddatning soʻnggi kuni dam olish kuniga toʻgʻri kelib qolgan taqdirda, undan keyin keladigan birinchi ish kuni muddat tugaydigan kun hisoblanadi.
Bajarilishi uchun muddat belgilab qoʻyilgan protsessual harakatlar muddatning soʻnggi kuni soat 24 gacha bajarilishi mumkin. Basharti daʼvo arizasi, daʼvo arizasi haqidagi fikr, qarorning qonuniyligi va asosliligini tekshirish haqidagi ariza, qarorni qayta koʻrib chiqishga oid ariza hamda boshqa hujjatlar pochta yoki telegrafga muddatning soʻnggi kuni soat 24 gacha topshirilgan boʻlsa, muddat oʻtkazib yuborilgan deb hisoblanmaydi.
91-modda. Protsessual muddatlarning toʻxtatilishi
Ish yuritish toʻxtatilishi bilanoq barcha tugamagan protsessual muddatlar toʻxtatiladi. Ish yuzasidan ijro qaytadan boshlangan kundan boshlab protsessual muddatlar davom etadi.
92-modda. Protsessual muddatlarni qayta tiklash va uzaytirish
Hakamlik sudi tomonning, prokurorning arizasiga binoan yoki oʻz tashabbusi bilan qonunda belgilangan protsessual muddat oʻtkazib yuborilishi sababini uzrli deb topib, oʻtkazib yuborilgan muddatni qayta tiklaydi.
Oʻtkazib yuborilgan muddat qayta tiklanganligi toʻgʻrisida hakamlik sudining hal qiluv qarorida, ajrimida yoki qarorida yozib qoʻyiladi. Muddatni qayta tiklash rad etilganligi xususida ajrim chiqariladi.
Tomon ushbu ajrimning qay darajada qonuniy va asosliligini tekshirish haqida ariza bilan murojaat qilishga haqlidir. Hakamlik sudi tayinlangan muddatlar tomonning, prokurorning arizasiga binoan yoki hakamlik sudining tashabbusiga koʻra uzaytirilishi mumkin.
VII BOB. TOMONLARNING OʻZ XOʻJALIK NIZOLARINI MUROSAGA KELTIRISh TARTIBI VA MUDDATLARI
93-modda. Daʼvolarni taqdim etish tartibi
Mulkiy huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilgan tashkilot bu huquqlari va manfaatlarini buzgan tashkilotlarga daʼvo qilishga haqlidir.
Daʼvo yozma ravishda taqdim etiladi.
Daʼvoda quyidagilar koʻrsatiladi:
daʼvo qilayotgan va daʼvo qaratilgan tashkilotlarning nomlari; daʼvo berilgan kun va uning tartib raqami;
daʼvoni berish uchun asos boʻlgan holatlar; daʼvoda koʻrsatilgan holatlarni tasdiqlovchi dalil-isbotlar;
arizachining talabi;
daʼvoning summasi va uning hisob-kitobi, daʼvo arizasi berayotganning toʻlov va pochta maʼlumotlari;
daʼvoga ilova qilinayotgan hujjatlarning roʻyxati.
Daʼvo tashkilot rahbari yoki uning oʻrinbosari tomonidan imzolanadi.
Daʼvo buyurtma xat bilan yoki qimmatli xat shaklida joʻnatiladi yoxud tilxat olib topshiriladi.
Yuklarni tashish va aloqa xizmati koʻrsatish yuzasidan transport va aloqa tashkilotlarga qaratilgan daʼvolarni taqdim etish tartibi va muddatlari tegishli qonunlarda belgilanadi.
94-modda. Daʼvolarni qarab chiqish tartibi va muddatlari
Daʼvo taqdim etilgan tashkilot daʼvoni olgan kundan boshlab bir oy muddat ichida unga javob qaytarishi shart.
Daʼvoga berilgan javob tashkilot rahbari yoki uning oʻrinbosari tomonidan imzolanadi.
Daʼvoga berilgan javob buyurtma xat bilan yoki qimmatli xat shaklida joʻnatiladi yoxud tilxat olib topshiriladi.
Daʼvoni bir oy muddat ichida qarab chiqish tartibi buzilgan yoki daʼvo javobsiz qoldirilgan hollarda hakamlik sudi xoʻjalik nizolarini qarab chiqayotganda bunday tartibbuzarlikka yoʻl qoʻygan tashkilotdan daʼvo summasining 2 foizini, lekin kamida 100 soʻm yoki koʻpi bilan 1000 soʻm pulni respublika budjeti foydasiga undirishga haqlidir.
Daʼvoni butunlay yoki qisman tan olgan taqdirda tashkilot ana shu tan olingan summani ixtiyoriy ravishda arizachiga oʻtkazadi.
Daʼvoni tan olish toʻgʻrisidagi javob tan olingan summani oʻtkazish toʻgʻrisida maʼlum qilinmagan boʻlsa, daʼvo arizasini beruvchi javob olgandan keyin 20 kunlik muddat oʻtgach, qarzdor tan olgan summani soʻzsiz chegirib olish xususidagi farmoyishni bankka taqdim etishga haqlidir. Farmoyishga qarzdorning javobi ilova qilinadi.
Daʼvoni qondirishdan butunlay yoki qisman bosh tortilgan hollarda yoki javob oʻz muddatida olinmagan taqdirda arizachi hakamlik sudiga daʼvo bilan murojaat qilishga haqlidir.
95-modda. Xoʻjalik shartnomalarini tuzish, oʻzgartirish va bekor qilish paytida yuzaga kelgan kelishmovchiliklarni hal etish
Xoʻjalik shartnomalarini tuzish, oʻzgartirish va bekor qilish paytida tashkilotlar oʻrtasida yuzaga kelgan kelishmovchiliklar shartnoma loyihasi, shartnomani oʻzgartirish yoki bekor qilish toʻgʻrisida taklif olingan kundan boshlab 10 kunlik muddat ichida tashkilot rahbari yoki tashkilot rahbarining oʻrinbosarlari tomonidan qarab chiqiladi.
Shartnoma shartlari qabul qilinsa, uning loyihasi imzolanadi va shartnomaning ikkinchi nusxasi shartnoma loyihasini yoʻllagan tomonga qaytariladi. Shartnomani oʻzgartirish yoki bekor qilish toʻgʻrisidagi takliflar qabul qilinganligi haqida ikkinchi tomonga xat joʻnatiladi.
Shartnoma shartlari boʻyicha eʼtirozlar boʻlgan taqdirda shartnoma loyihasini olgan tashkilot eʼtirozlar bayonini tuzadi, bu haqda shartnomada qayd etib qoʻyadi va 10 kunlik muddat ichida ikki nusxada tayyorlangan eʼtirozlar bayonini imzolangan shartnoma bilan ikkinchi tomonga joʻnatadi.
Eʼtirozlar bayonini olgan tashkilot 20 kunlik muddat ichida shartnoma tuzilayotgan tomon bilan uni qarab chiqishi va shu muddatda murosaga kelinmagan masalalarni hakamlik sudining muhokamasiga yoʻllashi shart.
Bahsli masalalar shu muddatlarda hakamlik sudi muhokamasiga kiritilmagan hollarda shartnoma kelishmovchiliklar bayoni tahrirda tuzilgan deb hisoblanadi.
Shartnomani oʻzgartirish yoki bekor qilish toʻgʻrisidagi taklifga javob olinmaganda yoki rad javobi olinganda manfaatdor tomon 20 kunlik muddat ichida hakamlik sudiga murojaat qilishga haqlidir.
VIII BOB. DAʼVONING TAQDIM ETILIShI VA ISh YuRITIShNING BOShLANIShI
96-modda. Oʻzaro munosabatlarni ixtiyoriy ravishda tartibga solish chora-tadbirlarini koʻrish
Nizo tomonlar oʻzaro munosabatlarini ixtiyoriy ravishda tartibga solish chora-tadbirlarini koʻrganlaridan soʻnggini hakamlik sudining hukmiga havola etilishi mumkin.
Prokurorning arizasiga binoan ishlarni qoʻzgʻatish tomonlar uqtirilgan chora-tadbirlarni koʻrgan-koʻrmaganligidan qatʼi nazar amalga oshiriladi.
Tomonlar oʻzaro munosabatlarini ixtiyoriy ravishda tartibga solish chora-tadbirlarini koʻrgan-koʻrmaganligidan qatʼi nazar, uchinchi shaxslar ishga qoʻshiladi yoki ishda qatnashishga jalb qilinadi.
97-modda. Daʼvo arizasining shakli va mazmuni
Daʼvo arizasi hakamlik sudiga yozma ravishda beriladi hamda tashkilotning rahbari yoki uning oʻrinbosari tomonidan imzolanadi.
Daʼvo arizasida quyidagilar koʻrsatilishi lozim:
1) tomonlarning nomi va boʻysunuvi; ularning manzilgohi;
2) basharti, daʼvo baholanishi lozim boʻlsa, daʼvoning bahosi;
3) daʼvo talabi asoslangan holatlar, arizada bayon etilgan holatlarni tasdiqlovchi dalil-isbotlar, undirilayotgan yoki bahsga sababchi boʻlgan mablagʻning asosli hisob-kitoblari, daʼvo taqdim etish uchun asos boʻlgan qonunlar;
4) javobgarlardan har biri oʻzaro munosabatlarni ixtiyoriy ravishda tartibga solish chora-tadbirlarini koʻrganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
5) daʼvo talabi; basharti daʼvo bir necha javobgarga qaratilgan boʻlsa — ularning har biriga nisbatan qoʻyilgan talab;
6) arizaga ilova qilinayotgan hujjatlar va boshqa dalil-isbotlarning roʻyxati.
Agar ular nizoni toʻgʻri hal etish uchun kerakli boʻlsa, daʼvo arizasida boshqa maʼlumotlar ham koʻrsatilishi mumkin.
98-modda. Daʼvoning bahosi
Daʼvoning bahosi:
pul mablagʻlarini undirish toʻgʻrisidagi daʼvolar boʻyicha — undirilayotgan mablagʻdan yoki ijro etishga oid hujjatga yoxud undirish hech soʻzsiz (akseptsiz) tartibda oʻtkazilishiga olib keladigan boshqa hujjatga koʻra bahslashishga sabab boʻlgan mablagʻga qarab;
egalik huquqiga oid va mulkni talab qilib olish toʻgʻrisidagi daʼvolar boʻyicha – mol-mulkning bahosiga qarab belgilanadi.
Daʼvoning bahosiga daʼvo arizasida uqtirilgan neustoyka (jarima, penya) mablagʻlari ham kiradi, agar ular uqtirilmagan boʻlsa, bu mablagʻlarni hakam belgilaydi.
Bir necha mustaqil talablardan iborat boʻlgan daʼvoning bahosi barcha talablarning jami qiymati bilan belgilanadi.
Daʼvo bahosi notoʻgʻri uqtirilgan taqdirda u hakam tomonidan belgilanadi.
99-modda. Daʼvo arizasiga ilova qilinadigan hujjatlar
Daʼvo arizasiga:
1) javobgarlardan har biri oʻzaro munosabatlarni ixtiyoriy ravishda tartibga solish chora-tadbirlarini koʻrganligini;
2) javobgarga daʼvo arizasining va unga ilova qilingan hujjatlarning nusxalari yuborilganligini;
3) belgilangan tartibda va miqdorda davlat boji toʻlanganligini;
4) daʼvo talabini qoʻyish uchun asos boʻlgan holatlarni tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi.
Muayyan hujjatni haqiqiy emas deb topishga oid arizaga bahslashuvga sabab boʻlayotgan hujjatning nusxasi yoki undan olingan guvohlantirilgan koʻchirma ilova qilinadi.
Shartnoma tuzishga majbur qilganlik toʻgʻrisidagi arizaga shartnomaning loyihasi ilova qilinadi.
100-modda. Daʼvo arizasining va unga ilova qilinadigan hujjatlarning nusxalarini yuborish
Arizachilar daʼvo taqdim etish chogʻida tomonlarga daʼvo arizasining va unga ilova qilingan hujjatlarning nusxalarini, basharti, bu nusxalar tomonlarda yoʻq boʻlsa, yuborishlari shart.
101-modda. Bir necha daʼvo arizalarini birlashtirish yoki ajratish
Basharti, kelib chiqish asoslariga koʻra taqdim etilgan dalil-isbotlarga binoan bir necha talab oʻzaro bogʻliq boʻlsa, bu talablar daʼvo arizasida birlashtirilishi mumkin.
Hakam ayni bir xil tomonlar qatnashayotgan bir turdagi bir necha daʼvo arizalarini yoki ishlarni bitta ishga birlashtirishga haqlidir. Bu haqda ish qoʻzgʻatishga doir ajrimga yoki qarorga yozib qoʻyiladi.
Daʼvo arizasini qabul qilayotgan hakam birlashtirilgan talablardan birini yoki bir nechtasini, agar talablarni alohida koʻrib chiqish koʻproq maqsadga muvofiq deb topilsa, alohida ish yuritish uchun ajratib olishga haqlidir.
102-modda. Daʼvo arizasi haqidagi fikr
Javobgar ish qoʻzgʻatilganligi toʻgʻrisidagi ajrimni olgan kundan boshlab uch kundan kechiktirmay quyidagilarni joʻnatadi:
hakamlik sudiga — daʼvo arizasiga javobni va daʼvoga qarshi eʼtirozlarni tasdiqlovchi barcha hujjatlarni;
daʼvogarga, boshqa javobgarlarga, shuningdek hakamlik jarayonida qatnashayotgan prokurorga — javob nusxasini.
Javobni tashkilot rahbari yoki uning oʻrinbosari imzolaydi.
Bunday javobda daʼvogarning nomi va ishning tartib nomeri; qonunlarga, shuningdek daʼvo arizasi rad etilishiga asos boʻlgan dalil-isbotlarga tayangan holda daʼvogarning talabini toʻla yoxud qisman rad etish sabablari; javobgar ilova qilinayotgan hujjatlar va boshqa dalil-isbotlarning (shu jumladan daʼvogarga, boshqa javobgarlarga, prokurorga javobning nusxalari yuborilganligi toʻgʻrisida) roʻyxati koʻrsatiladi.
103-modda. Qarshi daʼvo taqdim etish
Javobgar xoʻjalik nizosi yuzasidan qaror qabul qilingunga qadar dastlabki daʼvo bilan birgalikda hal etmoq uchun daʼvogarga qarshi daʼvo taqdim etishga haqlidir. Qarshi daʼvo dastlabki daʼvoga bogʻliq boʻlishi kerak.
Qarshi daʼvoni berish daʼvolarni berishning umumiy qoidalari boʻyicha amalga oshiriladi.
104-modda. Daʼvo arizasini qabul qilishni rad etish
Hakam quyidagi hollarda, yaʼni:
1) agar ariza hakamlik sudida hal etishga oid boʻlmasa;
2) agar tomonlar ushbu nizoni xolislar sudi hal etsin degan bitimga kelgan boʻlsalar;
3) agar xoʻjalik nizolarini hal etadigan idora ijrosida xuddi shu tomonlar oʻrtasidagi, xuddi shu mavzudagi va xuddi shu asoslar yuzasidan nizo boʻyicha ish mavjud boʻlsa yoxud ushbu idoralarning qarori mavjud boʻlsa, daʼvo arizasini qabul qilishni rad etadi.
Daʼvo arizasini qabul qilishni rad etganlik toʻgʻrisida ajrim chiqarilib, u ariza kelib tushgan kundan boshlab besh kundan kechiktirmay tomonlarga hamda prokurorga yuboriladi.
Arizachiga yuborilayotgan ajrimga daʼvo materiallari ilova qilinadi.
Muayyan tomon ushbu ajrimning qay darajada qonuniyligi va asosliligini tekshirishga oid ariza bilan murojaat qilishga haqlidir. Ajrim bekor qilingan taqdirda daʼvo arizasi hakamlik sudiga dastlabki tarzda murojaat qilingan kuni berilgan deb hisoblanadi.
105-modda. Daʼvo arizasini qaytarish
Hakam quyidagi hollarda:
1) agar daʼvo arizasi uni imzolash huquqiga ega boʻlmagan shaxs yoki mansab mavqei koʻrsatilmagan shaxs tomonidan imzolangan boʻlsa;
2) agar daʼvo arizasida tomonlarning nomi, ularning pochta manzilgohi koʻrsatilmagan boʻlsa;
3) belgilangan tartibda va miqdorda davlat boji toʻlanganligining dalil-isbotlari taqdim etilmagan boʻlsa, shartnomalar tuzish chogʻida yuzaga keladigan xoʻjalik nizolari bundan mustasno;
4) agar bir daʼvo arizasida bir yoki bir necha javobgarga nisbatan bir qancha talablar birlashtirib qoʻyilgan boʻlib, bu talablar kelib chiqish asoslariga yoki taqdim etilgan dalil-isbotlarga koʻra oʻzaro bogʻliq boʻlmasa;
5) agar javobgarga daʼvo arizasining va unga ilova qilingan hujjatlarning nusxalari yuborilganligining dalil-isbotlari taqdim etilmagan boʻlsa;
6) agar boshqa tomon bilan oʻzaro munosabatlarni ixtiyoriy ravishda tartibga solish chora-tadbirlari koʻrilganligining dalil-isbotlari taqdim etilmagan boʻlsa;
7) qonunga koʻra qarz bank orqali olinishi lozim boʻlganda, javobgardan qarzni olish uchun bank muassasasiga murojaat qilinganligining dalil-isbotlari taqdim etilmagan boʻlsa;
8) agar ish yuritish toʻgʻrisida ajrim chiqarilguniga qadar daʼvogardan nizo hal etilganligi haqida ariza kelib tushsa, daʼvo arizasini va unga ilova qilingan hujjatlarni koʻrib chiqmasdan turib qaytaradi.
Hakam daʼvo arizasini ariza kelib tushgan kundan boshlab besh kundan kechiktirmay qaytaradi.
Daʼvo arizasining qaytarilishi yoʻl qoʻyilgan kamchilik bartaraf etilganidan soʻng umumiy tartibda hakamlik sudiga ikkinchi marta daʼvo arizasi bilan murojaat qilinishiga toʻsiq boʻlmaydi.
106-modda. Ish yuritishni boshlash
Hakam daʼvo arizasini qabul qilib, ish yuritishni boshlash toʻgʻrisida ajrim chiqaradi hamda uni tomonlarga, hakamlik jarayonida qatnashayotgan prokurorga yuboradi. Ushbu ajrimda daʼvo arizasi qabul qilinganligi, ish hakamlik sudining majlisida hal etishga tayinlanganligi, majlis oʻtkaziladigan vaqt va joy, ishni majlisda hal etishga tayyorlash yuzasidan amalga oshirilishi lozim boʻladigan harakatlar qayd etib qoʻyiladi.
Boshqa tashkilotlardan hujjatlar, maʼlumotlar va xulosa soʻrab olingan yoki ularning mansabdor shaxslari hakamlik sudiga chaqirilgan hollarda ajrim ularga ham yuboriladi.
Ish yuritishni boshlash toʻgʻrisidagi ajrim ushbu Qonun 125-moddasining talablariga rioya etilgan holda chiqariladi. Ajrimda ish yuritishni boshlashga asos boʻlgan maʼlumotlar hamda qoidabuzarlikning mohiyati ham koʻrsatiladi.
107-modda. Ishni majlisda qarab chiqish uchun materiallarni tayyorlash boʻyicha hakamning harakatlari
Xoʻjalik nizosining toʻgʻri va oʻz vaqtida hal etilishini taʼminlash maqsadida hakam zarur hollarda ishni majlisda koʻrib chiqish uchun materiallarni tayyorlash boʻyicha quyidagi harakatlarni amalga oshiradi:
1) daʼvogar koʻrsatmagan tashkilotlarni qatnashchi-tomonlar sifatida ishda qatnashishga jalb etish masalasini hal qiladi;
2) oʻzaro munosabatlarni ixtiyoriy ravishda tartibga solish toʻgʻrisida taklif yuborilmagan tashkilotlarni javobgarlar jumlasidan chiqaradi;
3) tomonlar, boshqa tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari zimmasiga muayyan harakatlarni bajarish vazifasini (hisob-kitoblarni solishtirib chiqishni, dalil-isbotlarni joyida koʻzdan kechirish va shu kabilarni) yuklaydi;
4) tomonlardan, boshqa tashkilotlardan nizoni hal etish uchun zarur hujjatlarni, maʼlumotlarni hamda xulosalarni soʻrab oladi;
5) ekspertiza tayinlash toʻgʻrisidagi masalani hal etadi;
6) yozma va ashyoviy dalil-isbotlarni joyida koʻzdan kechiradi hamda tadqiq qiladi;
7) tomonlar vakillarning hakamlik sudi majlisida hozir boʻlishini majburiy deb yoki majburiy emas deb topish haqidagi masalani hal etadi;
8) mansabdor shaxslarni ishning mohiyati yuzasidan tushuntirishlar berish uchun chaqirish haqidagi masalani hal etadi;
9) hakamlik sudining majlisini tashkilot joylashgan yerda oʻtkazish toʻgʻrisidagi masalani hal qiladi;
10) nizoning toʻgʻri va oʻz vaqtida hal etilishini taʼminlashga qaratilgan boshqa harakatlarni amalga oshiradi.
IX BOB. DAʼVONI TAʼMINLASh
108-modda. Daʼvoni taʼminlashning maqsadi
Hakamlik sudi qatnashchi-tomonning, hakamlik jarayonida qatnashayotgan prokurorning arizasiga binoan yoki oʻz tashabbusiga koʻra daʼvoni taʼminlash chora-tadbirlarni koʻrishga haqlidir. Basharti, bunday chora-tadbirlarni koʻrmaslik qarorning ijro etilishini qiyinlashtirishi yoxud ijro etilishini yoʻqqa chiqarishi mumkin boʻlsa, daʼvoning taʼminlanishiga yoʻl qoʻyiladi.
109-modda. Daʼvoni taʼminlash choralari
Quyidagilar daʼvoni taʼminlash choralari boʻlishi mumkin:
1) javobgarga tegishli mol-mulk yoki pul mablagʻlarini xatlab qoʻyish;
2) javobgarning muayyan xatti-harakatlarni sodir etishini taqiqlash;
3) boshqa shaxslarning nizo mavzuiga oid xatti-harakatlarni sodir etishini taqiqlash;
4) daʼvogar norozilik bildirayotgan ijro hujjatiga yoki unga koʻra jazolash hech soʻzsiz (akseptsiz) tartibda amalga oshiriladigan boshqa hujjatga binoan undirib olishni toʻxtatib qoʻyish.
Daʼvo taʼminlanganligi toʻgʻrisida ajrim chiqariladi. Tomon ushbu ajrimning qay darajada qonuniyligi va asosliligini tekshirish xususida ariza bilan murojaat qilishga haqlidir.
110-modda. Daʼvoni taʼminlashning bekor qilinishi
Daʼvoni taʼminlashni bekor qilish toʻgʻrisidagi masala ishni qarab chiqayotgan hakamlik sudi tomonidan hal etiladi, bu xususda hal qiluv qaroriga yoki ajrimga yozib qoʻyiladi.
X BOB. XOʻJALIK NIZOLARINI HAL ETISh
111-modda. Xoʻjalik nizolarini hal etish muddatlari
Nizolarning qarab chiqilishi, hal qiluv qarorlarining qabul qilinishi va tarqatilishi mumkin qadar qisqa muddatlarda, biroq daʼvo arizasi olingan kundan boshlab koʻpi bilan ikki oy ichida amalga oshirilishi shart.
Bunda hal qiluv qarori u qabul qilingan kundan boshlab koʻpi bilan 5 kun ichida joʻnatiladi.
Ikkala tomonning iltimosnomasiga binoan qaror oʻzgacha, ancha uzoqroq muddatda qabul qilinishi mumkin.
112-modda. Majlisni olib borish tartibi
Xoʻjalik nizolari hakamlik sudi tomonidan majlisda tomonlar vakillarining ishtirokida bir yoki uch hakamdan iborat tarkibda koʻrib chiqiladi.
Majlisni olib borish tartibini majlisda raislik qilayotgan hakam belgilaydi. Hakam sudning tarkibini eʼlon qiladi, hakamlik jarayonining qatnashchilariga ularning huquqlari va majburiyatlarini tushuntiradi hamda ularga tegishli huquqlarning amalga oshirilishiga koʻmaklashadi.
Majlisda daʼvogar va javobgar vakillarining, ekspertning hamda majlisda qatnashayotgan boshqa shaxslarning soʻzi tinglanadi.
Hakam nizoni hal etish uchun har qanday zarur dalil-isbotlarni taqdim etishda har bir tomonga teng va toʻla imkoniyat berishi lozim.
Hakam tomonlar murosaga kelishiga koʻmaklashadi.
113-modda. Hakamning nomzodini rad etish
Ishda qatnashayotgan shaxslar xoʻjalik nizosini hal etish boshlangunga, basharti hakam shaxsan nizoning natijasidan bevosita yoki bilvosita manfaatdor boʻlsa, uning nomzodini rad etishga haqlidirlar. Kechroq rad etishga ishda qatnashayotgan shaxsga rad etish asoslari nizoni hal etish boshlanganidan soʻng maʼlum boʻlib qolgan taqdirdagina yoʻl qoʻyiladi. Rad etish dalil-asosli boʻlishi lozim hamda yozma shaklda bildiriladi.
Rad etish masalasini hakamlik sudining raisi va uning oʻrinbosari yoxud tegishli hakamlik hayʼatining raisi hal qiladi.
Hakamni rad etish toʻgʻrisidagi ariza qondirilgan taqdirda nizo hakamlik sudining raisi yoki uning oʻrinbosari yoxud tegishli hakamlik hayʼatining raisi belgilaydigan boshqa hakam tomonidan hal etiladi yoki u qarorning qay darajada qonuniyligi va asosliligini tekshiradi.
114-modda. Ekspertning nomzodini rad etish
Ishda qatnashayotgan shaxslar xoʻjalik hal etish boshlanguncha, basharti ekspert shaxsan nizoning natijasidan bevosita yoki bilvosita manfaatdor boʻlsa, shuningdek uning salohiyatsizligi sababiga asoslanib ekspertning nomzodini rad etishga haqlidirlar. Kechroq rad etishga ishda qatnashayotgan shaxsga rad etish asoslari nizoni hal etish boshlanganidan soʻng maʼlum boʻlib qolgan taqdirdagina yoʻl qoʻyiladi. Rad etish dalil-asosli boʻlishi lozim hamda yozma shaklda bildiriladi.
Ekspertni rad etish toʻgʻrisidagi masalani majlisda raislik qilayotgan hakam hal qiladi.
115-modda. Daʼvo arizasiga bildirilgan fikr yoki hakam talab qilgan materiallar taqdim etilmagan taqdirda, shuningdek tomonlar vakillarining ishtirokisiz xoʻjalik nizosini hal etish
Daʼvo arizasiga bildirilgan fikr yoki hakam talab qilgan materiallar taqdim etilmagan taqdirda ish ushbu masalaga oid mavjud boʻlgan materiallar boʻyicha hal etilishi mumkin.
Hakamlik sudining majlisiga tomonlarning vakillari kelmagan taqdirda, basharti hakamning fikricha bunday hozir boʻlmaslik nizoning hal etilishiga toʻsiq boʻlmasa hamda tomonning nizo oʻz vakilining ishtirokisiz hal etilishiga qarshi yozma eʼtiroznomasi yoʻq boʻlsa, nizo ular yoʻqligida hal qilinishi mumkin.
116-modda. Xoʻjalik nizosini bevosita tashkilotda hal etish
Hakamlik sudi nizoni bevosita tashkilotda hal etishga haqlidir.
Tashkilotlarning rahbarlari bunday holda hakamlik sudining majlisini oʻtkazish uchun zarur sharoitlarni taʼminlab berishlari shart.
117-modda. Ishni eshitishni keyinga qoldirish, majlisdagi tanaffus
Hakamlik sudi ish mazkur majlisda hal etilishi mumkin boʻlmagan hollarda ishni eshitishni keyinga qoldirishga haqlidir.
Hakamlik jarayonining qatnashchilari navbatdagi majlis oʻtkaziladigan vaqt va joy toʻgʻrisida hakam tomonidan ajrim yoki boshqa yozma hujjat bilan xabardor qilinadilar.
Oʻta murakkab xoʻjalik nizolari hal etilayotganda hakam keyinchalik hal qiluv qarorida buni koʻrsatib oʻtish sharti bilan uch kundan oshmaydigan muddatga majlisda tanaffus eʼlon qilishga haqlidir.
118-modda. Ish yuritishni toʻxtatib turish va uni qayta tiklash
Xoʻjalik nizosini hal etuvchi idora muayyan ish bilan bogʻliq boshqa ishni yoki vakolatli idoralar tegishli masalani hal etguniga qadar bu muayyan ishni koʻrib chiqish mumkin boʻlmagan hollarda hakamlik uni yuritishni toʻxtatib turadi.
Hakamlik sudi ekspertiza tayinlagan, materiallarni tergov idoralariga yuborgan, tashkilot qayta tuzilganligi oqibatida biron tomon uning huquqiy vorisi bilan almashtirilgan taqdirda hakamlik sudi tomonning iltimosiga koʻra yoki oʻz tashabbusi bilan ish yuritishni toʻxtatib turishga haqlidir.
Hakamlik sudi ishning toʻxtatib turilishiga sabab boʻlgan holatlar bartaraf etilganidan soʻng ish yuritishni qaytadan davom ettiradi.
Ish yuritishni toʻxtatib turish va uni qaytadan davom ettirish toʻgʻrisida ajrim chiqariladi.
Qatnashchi tomon ushbu ajrimning qay darajada qonuniy va asosliligini tekshirish toʻgʻrisida ariza bilan murojaat qilishga haqlidir.
119-modda. Ish yuritishni toʻxtatish
Hakamlik sudi quyidagi hollarda ish yuritishni toʻxtatadi:
1) agar xoʻjalik nizosi hakamlik sudida hal etilishiga tegishli boʻlmasa;
2) agar tomonlar ushbu nizoni hal etish uchun xolislar sudiga berish toʻgʻrisida bitim tuzgan boʻlsalar;
3) agar ayni bir tomonlar oʻrtasida, ayni bir mavzuda va ayni bir asoslarga koʻra kelib chiqqan nizo boʻyicha xoʻjalik nizosini hal etuvchi idoraning qarori mavjud boʻlsa;
4) agar arizachi javobgar bilan oʻzaro munosabatlarni ixtiyoriy ravishda tartibga solish choralarini koʻrmagan hamda bunday tartibga solish imkoniyati yoʻqqa chiqqan boʻlsa;
5) agar ishdagi qatnashchi-tomon hisoblangan tashkilot tugatilgan boʻlsa.
Ish yuritish toʻxtatilgan taqdirda ayni bir tomonlar oʻrtasida ayni shu mavzuda va ayni bir asoslarga koʻra kelib chiqqan nizo yuzasidan hakamlik sudiga ikkinchi bor murojaat qilinishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Ish yuritish toʻxtatilganligi haqida ajrim chiqarilib, unda hakamlik sarf-xarajatlarini tomonlar oʻrtasida taqsimlashga, budjetdan davlat bojini qaytarishga, shuningdek mazkur Qonun 122-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan jarimani undirishga oid masalalar hal etilishi mumkin.
Tomonlar ushbu ajrimning qay darajada qonuniy va asosliligini tekshirish toʻgʻrisida ariza bilan murojaat qilishga haqlidir.
120-modda. Daʼvoni qarab chiqmay qoldirish
Hakamlik sudi quyidagi hollarda daʼvoni qarab chiqmay qoldiradi:
1) agar daʼvo arizasi imzolash huquqiga ega boʻlmagan shaxs tomonidan, yoxud mansab lavozimi qayd etilmagan shaxs tomonidan imzolangan boʻlsa;
2) agar xoʻjalik nizosini hal etuvchi idoraning ijrosida ayni bir tomonlar oʻrtasida, ayni shu mavzuda va ayni bir asoslarga koʻra kelib chiqqan nizo yuzasidan ish mavjud boʻlsa;
3) agar arizachi qonunlarga binoan javobgardan qarzni bank orqali olishi kerak boʻlib, bu xususda bank muassasasiga murojaat qilmagan boʻlsa;
4) agar daʼvogar hakamlik sudi tomonidan talab qilingan, nizoni hal etish uchun kerakli boʻlgan materiallarni uzrli sabablarsiz taqdim etmagan boʻlsa;
5) agar arizachi javobgar bilan oʻzaro munosabatlarni ixtiyoriy ravishda tartibga solish chora-tadbirlarini koʻrmagan va bunday tartibga solish imkoniyati yoʻqqa chiqqan boʻlsa.
Daʼvo qarab chiqilmay qoldirilganligi toʻgʻrisida ajrim chiqarilib, unda hakamlik sarf-xarajatlarini tomonlar oʻrtasida taqsimlashga, budjetdan davlat bojini qaytarishga, shuningdek mazkur Qonun 122-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan jarimani undirishga oid masalalar hal etilishi mumkin.
Qatnashchi-tomon ushbu ajrimning qay darajada qonuniy va asosliligini tekshirish toʻgʻrisida ariza bilan murojaat qilishga haqlidir.
Daʼvoni qarab chiqmay qoldirish uchun asos boʻlib xizmat qilgan holatlar bartaraf etilganidan soʻng daʼvogar hakamlik sudiga umumiy tartibda qaytadan daʼvo bilan murojaat qilishga haqlidir.
121-modda. Hal qiluv qarorining qabul qilinishi
Xoʻjalik nizosini mohiyatan hal qilishda (daʼvoni qondirish, daʼvoni toʻla va qisman rad etish) hakamlik sudi hal qiluv qarori qabul qiladi.
Hal qiluv qarori majlisda ishning barcha holatlarini tomonlarning vakillari ishtirokida muhokama qilish natijalariga qarab qabul qilinadi.
Hal qiluv qarori tomonlar oʻrtasida erishilgan bitimni hisobga olib, basharti u qonunlarga, ishning haqiqiy holatlariga va materiallariga zid boʻlmasa, ishning haqiqiy holatlariga va materiallariga zid boʻlmasa, qabul qilinadi.
Nizo bir necha hakam tomonidan hal etilayotgan taqdirda hal qiluv qarori hakamlarning koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
Favqulodda hollarda alohida muhim ishlar yuzasidan hal qiluv qarorining qabul qilinishi uch kundan oshmaydigan muddatga kechiktirilishi mumkin.
Hal qiluv qarori yozma shaklda bayon qilinadi hamda majlisda raislik qilayotgan hakam tomonidan, basharti nizoni bir necha hakam hal etayotgan boʻlsa, majlisda qatnashayotgan barcha hakamlar tomonidan imzolanadi. Hal qiluv qaroriga rozi boʻlmagan hakam oʻz fikrini yozma bayon qiladi. Bu bayon ishga ilova etiladi.
122-modda. Hal qiluv qarorini qabul qilishda hakamlik sudining huquqlari
Hakamlik sudi qonunlarga zid boʻlgan shartnomani butunlay yoki uning muayyan qismini haqiqiy emas deb topadi, shuningdek agar tomonlarning talablari davlat idorasining yoxud boshqa idoraning qonunlarga muvofiq kelmaydigan hujjatiga asoslangan boʻlsa, ushbu talablarning qondirilishini rad etadi.
Xoʻjalik nizosi yuzasidan qaror qabul qilishda hakamlik sudi:
1) basharti tashkilotlarning huquqlarini va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun zarur boʻlsa, daʼvo talablaridan chetga chiqishga;
2) basharti daʼvogar jazo choralari toʻgʻrisida talablar qoʻymagan boʻlsa yoki qonunlarni javobgarning masʼuliyatini pasaytirmaydigan tarzda buzgan boʻlsa, undirilayotgan neustoykani (jarima, penya) respublikaning budjet daromadiga toʻla yoxud qisman oʻtkazishga;
3) majburiyatni buzgan tomondan undirilishi lozim boʻlgan neustokaning (jarimaning, penyaning) miqdorini favqulodda hollarda kamaytirishga;
4) qarorning ijro etilishini kechiktirishga yoki uzaytirishga haqlidir.
Bundan tashqari hakamlik sudi talab qilgan materiallarni belgilangan muddatda joʻnatmaganlik uchun, daʼvo yuzasidan fikr bildirmaganlik uchun, hakamlik sudi qatnashchi-tomonning zimmasiga yuklangan harakatlarni sodir etishdan bosh tortganlik uchun, shuningdek mansabdor shaxs kelishi shart boʻlgani holda hakamlik sudiga kelmaganligi uchun aybdor tomondan respublika budjeti foydasiga 500 soʻm miqdorida jarima undirishga haqlidir.
123-modda. Hal qiluv qarorining mazmuni
Hakamlik sudining hal qiluv qarori kirish, taʼriflash, dalillash va xulosa chiqarish qismlaridan iborat boʻladi, bunda:
1) kirish qismida hakamlik sudining nomi, ishning tartib raqami, qaror qabul qilingan kun, tomonlarning nomi, daʼvoning bahosi, hakamning (hakamlarning) familiyasi, tomonlar vakillarining hamda ishni qarab chiqishda qatnashayotgan boshqa shaxslarning familiyasi va mansablari koʻrsatiladi. Xoʻjalik nizosi tashkilotda hal etilgan taqdirda bu haqda ham hal qiluv qarorining kirish qismida aytib oʻtiladi;
2) taʼriflash qismi daʼvogar talabining, daʼvo arizasiga bildirilgan fikrning, tomonlar va ularning vakillari, nizoni hal etishda qatnashayotgan boshqa shaxslar bergan arizalar, tushuntirishlar hamda iltimosnomalarning qisqacha bayoni, hakamlik sudi amalga oshirgan harakatlarning (bevosita ular hamda materiallar bilan tanishish) tavsifini oʻz ichiga olishi lozim;
3) dalillash qismida: ishning hakamlik sudi aniqlagan holatlari; nizoning kelib chiqish sabablari; hal qiluv qarori qabul qilinishiga asos boʻlgan dalil-isbotlar; basharti tomonlar ahdlashuvga erishgan boʻlsalar, ushbu yozma ahdlashuvning mazmuni; hakamlik sudi tomonlarning iltimosnomalari va dalil-isbotlarini, shartnoma shartlari yuzasidan ularning takliflarini yoki tomonlarning bitimini rad etishiga olib kelgan dalillar; hal qiluv qarorini qabul qilishda hakamlik sudi amal qilgan qonunlar koʻrsatiladi;
4) xulosa chiqarish qismi qoʻyilgan har bir talab boʻyicha daʼvoni qondirish toʻgʻrisidagi yoki daʼvoni toʻla-toʻkis yoxud qisman rad qilish haqidagi xulosani oʻz ichiga olmogʻi kerak. Hakamlik sudining xulosasi biron-bir holatlarning roʻy berishiga yoki roʻy bermasligiga bogʻliq (shartli qaror) boʻlmasligi lozim.
Daʼvo qanoatlantirilganda hal qiluv qarorining xulosa qismida quyidagilar koʻrsatiladi:
nizo kimning foydasiga hal etilgan boʻlsa, shu tomonning nomi hamda pul mablagʻlari undirib olingan yoki muayyan harakatlarni ham bajarishi lozim boʻlgan tomonning nomi, ushbu harakatlarni bajarish muddatlari, shuningdek hal qiluv qarorining ijrosi kechiktirilgan yoki uzaytirilgan taqdirda pul mablagʻlarini toʻlash muddatlari;
undirilishi lozim boʻlgan mablagʻlarning (moddiy boyliklar, bajarilgan ishlar va koʻrsatilgan xizmatlar uchun asosiy qarzlarning, zararlarning, neustoykaning, jarimaning, penyaning, shuningdek mazkur Qonun 122-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan jarimaning) miqdori;
pul mablagʻlari undirib olinadigan schyotning nomi;
topshirilishi lozim boʻlgan mol-mulkning nomi va uning turgan joyi (mol-mulkni topshirish toʻgʻrisidagi nizo boʻyicha);
ijro hujjatining yoki undirishni hech soʻzsiz tartibda (akseptsiz amalga oshirish huquqini beruvchi hujjatning (bu hujjat ijro etilmasligi lozim deb topilgan taqdirda) nomi, tartib raqami va sanasi, shuningdek hisobdan chiqarilmasligi lozim boʻlgan mablagʻ.
Shartnomani tuzishda yoki oʻzgartirishda yuzaga kelgan nizo boʻyicha xulosa qismida shartnomaning har bir nizoli sharti yuzasidan qaror, shartnoma tuzishga majburlashga oid nizo boʻyicha esa — tomonlar shartnoma tuzishlari uchun asos boʻlgan shartlar koʻrsatiladi.
Hal qiluv qarorining xulosa qismida shartnoma qonunlarga zid boʻlgan taqdirda, shartnoma toʻla-toʻkis yoki uning muayyan qismi haqiqiy emas deb topilganligi haqida uqtirib oʻtiladi.
Hujjatni haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi ariza qondirilgan taqdirda xulosa qismida hujjatning hamda uni chiqargan idoraning nomi, hujjatning tartib raqami, u chiqarilgan sana koʻrsatiladi, hujjat toʻla-toʻkis yoki qisman (aynan qaysi qismi) haqiqiy emas deb topiladi, hujjatni haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi arizachining talabi qondirilmaganda esa uni qondirish rad etilganligi uqtirib oʻtiladi.
Agar tomonlar oʻrtasida qarab chiqilayotgan nizo boʻyicha qonunlarga, ishning haqiqiy holatlariga va materiallariga muvofiq keladigan ahdlashuvga erishilgan boʻlsa, hakam hal qiluv qarorining xulosa qismida erishilgan ahdlashuvning shartlarini bayon etadi.
Hal qiluv qarorining xulosa qismida hakamlik sarf-harajatlarining tomonlar oʻrtasida taqsimlanishi, budjetdan davlat bojining qaytarilishi haqida koʻrsatma beriladi.
Ishda bir necha daʼvogar va javobgar qatnashgani taqdirda hal qiluv qarori nizo ularning har biriga nisbatan qanday hal etilganligi koʻrsatiladi.
Dastlabki va qarshi daʼvo koʻrib chiqilgani taqdirda hal qiluv qarorida daʼvolardan har birining koʻrib chiqilishi natijalari koʻrsatib oʻtiladi.
124-modda. Hal qiluv qarorining eʼlon qilinishi
Qabul qilingan hal qiluv qarori hakam tomonidan ish koʻrib chiqish tugallanganidan keyin majlisda eʼlon qilinadi. Hakam faqat qarorning xulosa qismini eʼlon qilishga haqlidir.Tomonlarga qarorning qay darajada qonuniy va asosliligini tekshirish xususida ariza berish tartibi tushuntiriladi.
125-modda. Ajrim chiqarish va uning mazmuni
Agar xoʻjalik nizosi mohiyatan hal etilayotgan boʻlsa (ish koʻrish kechiktirilganda, ish yuritish toʻxtatib turilganda, tugatilganda, daʼvo koʻrib chiqilmay qoldirilganda va shu kabilarda), hakamlik sudi ajrim chiqaradi.
Hakamlik sudining ajrimi quyidagilarni oʻz ichiga olishi lozim:
1) hakamlik sudining nomini, ishning tartib raqamini va ajrim chiqarilgan sanani, tomonlarning nomini, daʼvoning bahosini, daʼvogarning talabini, hakamning (hakamlarning) familiyasini, tomonlar vakillarining hamda ishni hal qilishda qatnashayotgan boshqa shaxslarning familiyasini va mansablarini;
2) nizo mohiyatining qisqacha bayonini yoki ajrim chiqarilishiga sabab boʻlgan masalaning mazmunini;
3) qonunlarga tayangan holda ajrim chiqarilishining sabablarini;
4) qarab chiqilgan masala yuzasidan xulosani;
5) tomonlar, boshqa tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari hakamlik sudi belgilagan muddatlarda sodir etishi lozim boʻlgan harakatlarga oid koʻrsatmani.
126-modda. Xususiy ajrim
Xoʻjalik nizosini hal etish chogʻida tashkilotning, davlat idorasi va boshqa idoraning faoliyatida qonunlar buzilayotganligi aniqlangan taqdirda hakamlik sudi xususiy ajrim chiqarishga haqlidir.
Xususiy ajrim tegishli tashkilotlarga, davlat idoralari va boshqa idoralarga, mansabdor shaxslarga yuboriladi.
127-modda. Hal qiluv qarorlari va ajrimlarning yuborilishi
Hal qiluv qarorlari va ajrimlar tomonlarga joʻnatiladi yoki ularning vakillariga topshiriladi.
128-modda. Qoʻshimcha qaror
Hakamlik sudi tomonning arizasiga koʻra yoki oʻz tashabbusi bilan quyidagi hollarda qoʻshimcha qaror qabul qilishga haqlidir:
1) basharti, daʼvo arizasida bayon etilgan biron-bir talab boʻyicha qaror qabul qilinmagan boʻlsa;
2) basharti, hakamlik sarf-xarajatlari toʻgʻrisidagi masala hal etilmagan boʻlsa.
129-modda. Hal qiluv qarorini tushuntirib berish va tuzatish
Hakam qatnashchi-tomonning arizasiga binoan, hal qiluv qarorining mazmunini oʻzgartirmagan holda uni tushuntirib berishga, qarorda yoʻl qoʻyilgan xatolarni yoki arifmetik yanglishishlarni tomonning arizasiga yoxud oʻz tashabbusiga koʻra toʻgʻrilashga haqlidir, bunda u qarorning mohiyatiga daxl qilmaydi.
Hal qiluv qarori tushuntirib berilganligi, shuningdek xatolar yoki arifmetik yanglishishlar toʻgʻrilanganligi haqida ajrim chiqariladi.
XI BOB. HAL QILUV QARORLARINING QAY DARAJADA QONUNIY VA ASOSLILIGINI TEKShIRISh
130-modda. Hal qiluv qarorining qay darajada qonuniy va asosliligini tekshirish toʻgʻrisidagi ariza bilan hakamlik sudiga murojaat qilish hamda raddiya kiritish huquqi
Qatnashchi-tomon hal qiluv qarorining qay darajada qonuniy va asosliligini tekshirish toʻgʻrisidagi ariza bilan hakamlik sudiga murojaat qilishga haqlidir.
Oʻzbekiston Respublikasining prokurori, Qoraqalpogʻiston Respublikasining, viloyatlarning prokurorlari va ularning oʻrinbosarlari tegishli tarzda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy hakamlik sudining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi hakamlik sudining va viloyatlar hakamlik sudlarining hal qiluv qaroriga nisbatan raddiya kiritishga haqlidirlar.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarning hakamlik sudlari qabul qilgan hal qiluv qarorlari 500 soʻmgacha boʻlgan summaga oid boʻlsa, bu qarorlarning qay darajada qonuniy va asosliligini tekshirish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy hakamlik sudiga ariza berib boʻlmaydi.
131-modda. Hakamlik sudining hal qiluv qarori qay darajada qonuniy va asosliligini oʻz tashabbusiga koʻra tekshirish huquqi
Oʻzbekiston Respublikasining Oliy hakamlik sudi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyat hakamlik sudi oʻz tashabbusi bilan vakolati doirasida istalgan hal qiluv qarorini qayta koʻrib chiqishga haqlidir.
132-modda. Oʻzbekiston Respublikasi hakamlik sudlarining hal qiluv qarorlari qay darajada qonuniy va asosliligini tekshirish borasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi hakamlik sudlari chiqarilgan hal qiluv qarorining qay darajada qonuniy va asosliligini quyidagicha tartibda tekshiradi:
1) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy hakamlik sudi — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy hakamlik sudining hakamlik hayʼatida va quyi hakamlik sudlarida xoʻjalik nizolari boʻyicha hal etilgan hamda bu hal qiluv qarori qay darajada qonuniy yoki asosligini ushbu Qonunda belgilangan tartibda tekshirilgandan soʻng;
2) Qoraqalpogʻiston Respublikasi hakamlik sudi, viloyat hakamlik sudi shu sudlar hal etgan nizolar boʻyicha hal qiluv qarorlarining qay darajada qonuniy va asosliligini tekshiradi.
Hal qiluv qarori qay darajada qonuniy va asosliligi xususida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy hakamlik sudi chiqargan qaror qatʼiy boʻladi va qayta koʻrib chiqilmaydi.
133-modda. Hal qiluv qarorining qay darajada qonuniy va asosliligini tekshirayotgan sudning tarkibi
Hal qiluv qarorlarining qay darajada qonuniy va asosliligini tekshirish boʻyicha hakamlik hayʼatining uch hakamidan iborat tarkibdagi hakamlik sudi hal qiluv qarorining qonuniy va asosliligini tekshiradi. Tekshirish natijalari yuzasidan qaror koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi. Hal qiluv qarorlarini tekshiruvchi hayʼat boʻlmaydigan hakamlik sudlarida qarorlarni tekshirish hakamlik sudining raisi yoki uning oʻrinbosarlari tomonidan amalga oshiriladi.
Hakamlik sudi raisining oʻrinbosarlari qabul qilgan hal qiluv qarori rais tomonidan qayta koʻrib chiqilishi mumkin.
134-modda. Hal qiluv qarorining qay darajada qonuniy va asosliligini tekshirish toʻgʻrisidagi arizaning hamda hal qiluv qaroriga raddiyaning shakli va mazmuni
Hal qiluv qarorining qay darajada qonuniy va asosliligini tekshirish toʻgʻrisidagi ariza hamda hal qiluv qaroriga raddiya yozma ravishda beriladi. Ular hal qiluv qarorini qabul qilgan idoraning nomini, ishning tartib raqamini, qaror qabul qilingan sanani, tomonlarning nomini, daʼvoning bahosini, arizachining va prokurorning talablarini, shuningdek qonunlarga va ish materiallariga tayangan holda hal qiluv qarorining qay darajada qonuniy hamda asosliligini tekshirish toʻgʻrisidagi masala qoʻyilishining asoslarini oʻz ichiga olishi shart.
Arizani tashkilot rahbari yoki rahbarining oʻrinbosari imzolaydi.
Raddiya prokuror yoki prokurorning oʻrinbosari tomonidan imzolanadi.
135-modda. Hal qiluv qarorining qay darajada qonuniy va asosliligini tekshirish toʻgʻrisidagi arizani hamda prokuror raddiyasini berish tartibi
Hal qiluv qarorining qay darajada qonuniy va asosliligini tekshirish toʻgʻrisidagi ariza hamda hal qiluv qaroriga raddiya hal qiluv qarorini qabul qilgan hakamlik sudlariga yuboriladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarning hakamlik sudlarida hal etilgan nizo boʻyicha chiqarilgan hal qiluv qarorining qay darajada qonuniy va asosliligini tekshirish uchun ushbu nizoni hal qilgan idoradan ish talab qilib olinadi. Ish talabnoma qabul qilib olinganidan soʻng besh kunlik muddatda Oliy hakamlik sudiga yuborilishi kerak.
Tegishli ravishda arizaning va raddiyaning nusxalari tomonlarga, daʼvo arizasini yuborgan prokurorga joʻnatiladi.
Arizaga uning nusxasi joʻnatilganligini hamda davlat boji toʻlanganligini tasdiqlaydigan hujjatlar ilova qilinadi. Raddiyaga uning nusxasi yuborilganligini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi.
Hal qiluv qarorining qay darajada qonuniy va asosliligini tekshirish toʻgʻrisida ariza berilishi hamda prokurorning raddiya kiritishi qarorning ijro etilishini toʻxtatib qoʻymaydi.
Hakamlik sudi tomonning, ishda qatnashayotgan prokurorning iltimosnomasiga binoan yoki oʻz tashabbusi bilan hal qiluv qarorning qay darajada qonuniy va asosliligini tekshirish nihoyasiga yetgunga qadar qarorning ijrosini toʻxtatib qoʻyishga haqlidir.
136-modda. Hal qiluv qarorining qay daraja qonuniy va asosliligini tekshirish toʻgʻrisidagi arizani berish hamda hal qiluv qaroriga raddiyani kiritish muddatlari
Hal qiluv qarorining qay darajada qonuniy va asosliligini tekshirish toʻgʻrisidagi arizani hamda hal qiluv qaroriga raddiyani kiritish qaror qabul qilingan kundan boshlab bir oydan kechiktirmay amalga oshiriladi.
137-modda. Hal qiluv qarorining qay darajada qonuniy va asosliligini tekshirish toʻgʻrisidagi arizaning hamda hal qiluv qaroriga raddiyaga bildirilgan fikr
Qatnashchi tomon hal qiluv qarorining qay darajada qonuniy va asosliligini tekshirish toʻgʻrisida hakamlik sudiga berilgan arizaning yoki hal qiluv qaroriga raddiyaning nusxasini olishi bilanoq shu sudga, boshqa tomonlarga va ishda qatnashayotgan prokurorga oʻz fikrini ariza yoxud raddiya koʻrib chiqiladigan kungacha olish taʼminlanadigan muddatda yuboradi.
Bunday fikrni tashkilotning rahbari yoki uning oʻrinbosari imzolaydi.
138-modda. Hal qiluv qarorining qay darajada qonuniy va asosliligini tekshirish toʻgʻrisidagi arizaning hamda hal qiluv qaroriga raddiyaning qaytarilishi
Hal qiluv qarorining qay darajada qonuniy va asosliligini tekshirish toʻgʻrisidagi ariza hamda hal qiluv qaroriga raddiya:
1) basharti, ariza yoki raddiya uni imzolash huquqiga ega boʻlmagan shaxs tomonidan yoxud mansab mavqei koʻrsatilmagan shaxs tomonidan imzolangan boʻlsa;
2) basharti, arizaga uning nusxasi tomonlarga va daʼvo arizasini yuborgan prokurorga joʻnatilganligining dalillari, raddiyaga esa uning nusxasi tomonlarga joʻnatilganligining dalillari ilova qilinmagan boʻlsa;
3) basharti, arizaga belgilangan tartibda va miqdorda davlat boji toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinmagan boʻlsa;
4) basharti, ariza yoki raddiya uni berish uchun belgilangan muddat tugaganidan soʻng ushbu muddatni tiklash toʻgʻrisidagi iltimosnomasiz berilgan boʻlsa; agar iltimosnoma hal qiluv qarori qabul qilinganidan soʻng bir yil oʻtgach bayon etilgan boʻlsa, qarab chiqish uchun qabul qilinmaydi va qaytarilmaydi.
Ariza yoki raddiya, basharti uni qaytarib olish toʻgʻrisidagi hujjat hakamlik sudiga qaror qabul qilinishidan avval kelgan boʻlsa ham qaytariladi.
139-modda. Majlisda hal qiluv qarorining qay darajada qonuniy va asosliligini tekshirish, majlis oʻtkaziladigan vaqt hamda joy toʻgʻrisida xabardor qilish
Majlisda hal qiluv qarorining qay darajada qonuniy va asosliligi hakamlardan birining raisligi ostida tekshiriladi.
Majlis oʻtkaziladigan vaqt va joy toʻgʻrisida tomonlarga, ishda qatnashayotgan prokurorga, zarur hollarda hakamlik jarayonning boshqa ishtirokchilariga xabar yuboriladi.
140-modda. Hal qiluv qarorining qay darajada qonuniy va asosliligini tekshirish toʻgʻrisidagi arizani hamda hal qiluv qaroriga raddiyani koʻrib chiqish muddatlari
Hal qiluv qarorining qay darajada qonuniy va asosliligini tekshirish toʻgʻrisidagi ariza hamda hal qiluv qaroriga raddiya:
Oliy hakamlik sudida qabul qilingan hal qiluv qarorlari boʻyicha ariza yoki raddiya kelib tushgan kundan boshlab;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar hakamlik sudlarida qabul qilingan hal qiluv qarorlar boʻyicha — ish kelib tushgan kundan boshlab bir oydan kechiktirmay koʻrib chiqiladi.
141-modda. Hal qiluv qarorining qay darajada qonuniy va asosliligini tekshirish boʻyicha hakamlik sudining vakolatlari
Hakamlik sudi hal qiluv qarorining qay darajada qonuniy va asosliligini tekshirish natijalari boʻyicha:
hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishga;
hal qiluv qarorini oʻzgartirishga;
hal qiluv qarorini bekor qilish va yangi qaror qabul qilishga;
hal qiluv qarorini bekor qilish va ishni yangitdan koʻrib chiqish uchun topshirishga;
hal qiluv qarorini bekor qilish va ish yurgizishni toʻxtatish;
hal qiluv qarorini bekor qilish va daʼvoni koʻrib chiqmay qoldirishga haqlidir.
Hal qiluv qarori arizada yoki raddiyada bayon etilgan dalillardan qatʼi nazar toʻla hajmda tekshiriladi.
Hakamlik sudi hal qiluv qarorining qay darajada qonuniy va asosliligini tekshirish chogʻida xoʻjalik nizosini hal etishda hakamlik sudiga beriladigan huquqlardan foydalanadi.
142-modda. Hal qiluv qarorini oʻzgartirish yoki bekor qilish asoslari
Quyidagilar hal qiluv qarorini oʻzgartirish yoki bekor qilish asoslari hisoblanadi:
1) ish uchun ahamiyat kasb etadigan holatlarning toʻla-toʻkis aniqlanmaganligi;
2) ish uchun ahamiyat kasb etadigan va hakamlik sudi aniqlangan deb hisoblayotgan holatlarning isbotlanmaganligi;
3) hal qiluv qarorida bayon etilgan xulosalarning ish holatlariga nomuvofiqligi;
4) moddiy yoki protsessual huquq normalarining buzilganligi yoxud notoʻgʻri qoʻllanilganligi.
Protsessual huquq normalarining buzilganligi yoki notoʻgʻri qoʻllanilganligi, basharti bunday buzilish notoʻgʻri qaror qabul qilinishiga olib kelgan yoxud olib kelishi mumkin boʻlgan taqdirda, qarorning oʻzgartirilishi yoki bekor qilinishi uchun asos boʻladi.
143-modda. Qarorning qabul qilinishi
Hal qiluv qarorining qay darajada qonuniy va asosliligini tekshirish natijalari yuzasidan dalil-isbotli qaror qabul qilinadi hamda bu qaror qabul qilingan hal qiluv qarorlarining qay darajada qonuniy va asosliligini tekshirish boʻyicha hakamlik hayʼatining hakamlari tomonidan, hayʼat boʻlmagan joylarda esa — hakamlik sudining raisi yoki uning oʻrinbosari tomonidan imzolanadi.
Qarorda quyidagilar koʻrsatiladi:
1) hakamlik sudining nomi, ishning tartib raqami va qaror qabul qilingan sana, ariza bergan tomonning (tomonlarning) nomi, raddiya kiritgan prokuror, hal qiluv qarorini qabul qilgan hakamlik sudining tarkibi hamda hakamlik sudida tushuntirish bergan shaxslar va ularning mansablari;
2) hal qiluv qarorini qabul qilgan hakamlik sudining, xoʻjalik nizosini hal etuvchi boshqa idoraning nomi, ishning tartib raqami, qaror qabul qilingan sana, hal qiluv qarorini qabul qilgan shaxslarning familiyalari;
3) qabul qilgan hal qiluv qarori mohiyatining qisqacha bayoni;
4) hal qiluv qarorining qay darajada qonuniy va asosliligini tekshirish toʻgʻrisidagi masala oʻrtaga qoʻyilishining asoslari, ariza yoki raddiyaga bildirilgan fikrda bayon etilgan dalillar;
5) qaror qabul qilinishiga olib kelgan sabablar — bunda qonunlarga va ish materiallariga tayanilishi lozim;
6) ariza yoki raddiyani qarab chiqish natijalari yuzasidan xulosalar;
7) tomonlar va hakamlik sudi, nizoni qarab chiqayotgan boshqa idora hal qiluv qarorini bekor qilish va ishni yangidan koʻrib chiqish uchun berish chogʻida bajarish lozim boʻlgan harakatlar.
144-modda. Qarordagi koʻrsatmalarning majburiyligi
Qarordagi koʻrsatmalar ish yangitdan koʻrib chiqilayotgan paytda hakamlik sudi, xoʻjalik nizosini hal etuvchi boshqa idora uchun majburiydir. Qaror biron-bir dalil-isbotning ishonchliligi yoxud ishonchli emasligi toʻgʻrisidagi, bir dalil-asosining boshqasidan ustunligi haqidagi koʻrsatmalarni, shuningdek xoʻjalik nizosi yangitdan hal etilayotganda qanday qaror qabul qilinishi lozimligini oʻz ichiga olishi mumkin emas.
145-modda. Qarorlarni tarqatish
Qarorlar tomonlarga, ishda qatnashgan prokurorga qabul qilingan kundan boshlab besh kunlik muddatda tarqatiladi.
146-modda. Ajrimlarning qay darajada qonuniy va asosliligini tekshirish
Ajrimlarning qay darajada qonuniy va asosliligi ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollarda tekshiriladi.
XII BOB. HAL QILUV QARORLARINING NAZORAT TARTIBIDA OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY HAKAMLIK SUDINING PLENUMI TOMONIDAN KOʻRIB ChIQILIShI
147-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy hakamlik sudining Plenumiga hal qiluv qarorini nazorat tartibida koʻrib chiqish xususida murojaat qilish huquqi
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy hakamlik sudining Raisi, Prokurori xoʻjalik nizolari yuzasidan Oliy hakamlik sudida qabul qilingan hal qiluv qaroriga nisbatan raddiya kiritishga haqlidirlar.
Raddiya hal qiluv qarori Oʻzbekiston Respublikasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasining qonunlariga zid boʻlgan yoki respublikalarning manfaatlari buzilganligi taqdirda uning qonuniy va asosliligi mazkur Qonunda belgilangan tartibda tekshirilgandan soʻng kiritiladi.
148-modda. Raddiyani Oʻzbekiston Respublikasi Oliy hakamlik sudi Plenumi tomonidan koʻrib chiqish tartibi
Oliy hakamlik sudining Plenumi raddiyani koʻrib chiqish chogʻida Oliy hakamlik sudining hal qiluv qarori qay darajada qonuniy va asosliligini tekshiruvchi hayʼati raisi yoki aʼzosi (hakam) ning tekshirish natijalari, ish holatlari hamda raddiya asoslari toʻgʻrisidagi maʼruzasini tinglaydi.
Zarur hollarda tushuntirish berish uchun Plenum majlisiga tomonlarning vakillari taklif etiladi. Bunday hollarda Plenum majlisi toʻgʻrisidagi xabar raddiyaning nusxasi tomonlarga yuboriladi.
149-modda. Oliy hakamlik sudi Plenumining qaror qabul qilish tartibi
Raddiya muhokama qilinganidan soʻng ushbu Qonunda belgilangan tartibda qaror qabul qilinadi.
Xoʻjalik nizosini hal etishda (hal qiluv qarorining qay darajada qonuniy va asosliligini tekshirishda) qatnashgan hakam ovoz berishda qatnashishga haqli emas.
Plenumning qarori qabul qilinishi bilanoq kuchga kiradi hamda mazkur Qonunning XIV bobida belgilangan tartibda ijro etiladi.
XIII BOB. YaNGITDAN OChILGAN HOLATLARGA KOʻRA HAKAMLIK SUDINING HAL QILUV QARORLARINI QAYTA KOʻRIB ChIQISh
150-modda. Qayta koʻrib chiqish asoslari
Hakamlik sudi oʻzi qabul qilgan hal qiluv qarorini ish uchun muhim ahamiyat kasb etadigan hamda arizachiga maʼlum boʻlmagan va maʼlum boʻla olmaydigan yangitdan ochilgan holatlarga binoan qayta koʻrib chiqishi mumkin.
151-modda. Ariza berish tartibi va muddati
Yangitdan ochilgan holatlarga koʻra qarorni qayta koʻrib chiqish toʻgʻrisidagi ariza qarorning qayta koʻrib chiqilishi uchun asos boʻlib xizmat qiladigan holatlar aniqlangan kundan boshlab bir oydan kechiktirmay berilishi mumkin.
Arizachi boshqa tomonga arizaning va unga ilova qilingan hujjatlarning nusxasini yuborishi shart.
Arizaga boshqa tomonga arizaning nusxasi yuborilganligini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi.
Ariza belgilangan muddat tugaganidan soʻng berilgan taqdirda yoki arizaning va unga ilova qilingan hujjatlarning nusxasi boshqa tomonga yuborilganligining dalil-isbotlari taqdim etilmagan taqdirda u koʻrib chiqish uchun qabul qilinmaydi hamda arizachiga qaytariladi.
152-modda. Hal qiluv qarorini qayta koʻrib chiqish
Koʻrib chiqilayotgan hal qiluv qarorini qabul qilgan tegishli hakamlik hayʼatining hakami (hakamlari), hayʼat boʻlmagan joyda hal qiluv qarorini qabul qilgan hakam hal qiluv qarorini qaytadan koʻrib chiqadi.
Yangitdan ochilgan holatlarga koʻra hal qiluv qarorini qayta koʻrib chiqish mazkur Qonunning tegishli ravishda X, XI va XII boblarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Yangitdan ochilgan holatlarga koʻra hal qiluv qarorini qayta koʻrib chiqish xususidagi ariza kelib tushgan taqdirda hakamlik sudi, basharti birinchi galdagi hal qiluv qarori ijro etilmagan boʻlsa, hal qiluv qarorining qayta koʻrib chiqilishi nihoyasiga yetguncha hal qiluv qarorining ijrosini toʻxtatib turishga haqlidir.
Yangitdan ochilgan holatlarga koʻra qabul qilingan hal qiluv qarori mazkur Qonunning XI va XII boblarida belgilangan tartibda tekshirilishi mumkin.
XIV BOB. QARORLARNING IJRO ETILIShI
153-modda. Hakamlik sudining buyrugʻi va uning ijro etish uchun yuborilishi
Hakamlik sudining qarori hakamlik sudi beradigan buyruqqa asosan Oʻzbekiston Respublikasining qonunlariga muvofiq ijro etiladi. Buyruq ijro hujjati hisoblanadi va qaror bilan birgalikda yuboriladi.
Pul mablagʻlarini undirishga oid buyruq uni undiruvchi shaxsga topshiriladi yoki buyurtma xat yoxud qiymatli xat bilan unga yuboriladi. Mablagʻlar budjet foydasiga undirilayotganida buyruq soliq idorasiga yuboriladi hamda belgilangan tartibda bank muassasasi orqali ijro etiladi. Qolgan buyruqlar sud ijrochilari tomonidan bajariladi.
Birinchi galdagi va qarshi daʼvolar toʻla yoki qisman qondirilgan taqdirda undirish xususidagi buyruqlar har bir daʼvo boʻyicha alohida beriladi.
154-modda. Buyruqning mazmuni
Hakamlik sudining buyrugʻida:
1) buyruq berilishiga asos boʻlgan ishning tartib raqami qaror qabul qilingan kun, buyruq berilgan kun va uning amal qiladigan muddati;
2) hal qiluv qarorining xulosa qismi koʻrsatilishi lozim.
Agar hal qiluv qarorini qabul qilishda ijroni kechiktirish yoki bu muddatni choʻzish belgilansa, buyruqda u amal qiladigan muddatning borishi qaysi paytdan boshlanishi koʻrsatiladi.
Sud ijrochisi tomonidan ijro etilishi lozim boʻlgan yoki soliq idorasiga yuboriladigan buyruqda qarzdorning manzilgohi ham koʻrsatiladi.
Buyruq hakam tomonidan imzolanadi va buyruq chiqargan hakamlik sudining muhri bilan tasdiqlanadi.
155-modda. Ijro etilishi uchun buyruqni taqdim qilish muddati
Buyruq undiruvchi shaxsga ijro etish hal qiluv qarori qabul qilingan yoxud qarorning ijrosini kechiktirilgan yoki choʻzilgan taqdirda belgilangan muddat tugagan kundan boshlab yoinki buyruqni ijro etish uchun taqdim qilishning oʻtkazib yuborilgan muddatini qayta tiklash haqida ajrim chiqarilgan kundan boshlab uch oydan kechiktirmay taqdim etilishi mumkin. Hal qiluv qarorining ijrosini toʻxtatib qoʻyilgan davr ushbu muddatga kirmaydi.
Bank muassasasi yoki ijrochisi tomonidan buyruqni ijro etish imkoni boʻlmagan va buyruq shu munosabat bilan ijro etilmay qaytarilgan taqdirda ijro etilishi uchun buyruqni taqdim etishning yangi uch oylik muddati u qaytarilgan kundan boshlab hisoblanadi.
Hal qiluv qarorini ijro etish muddati ijro etilishi uchun buyruq taqdim qilinishi bilan toʻxtatiladi.
156-modda. Qarorni ijro etmaganlik uchun javobgarlik
Ijro uchun buyruq taqdim etilgan idora pul mablagʻlarini undirish toʻgʻrisidagi hakamlik sudining qarorini ijro etmaganligi uchun hakamlik sudi qatnashchi-tomonning arizasiga yoki oʻz tashabbusiga koʻra unga undiriladigan mablagʻning 5 foizi miqdorida jarima soladi. Jarima respublika budjeti foydasiga undiriladi.
Jarima solinganligi toʻgʻrisida ajrim chiqariladi. Jarima solingan idora ajrimning qay darajada qonuniy va asosliligini tekshirish xususida ariza bilan murojaat qilishga haqlidir.
Hal qiluv qarorini ijro etishi shart boʻlgan mansabdor shaxs hakamlik sudining qarorini ijro etmaganligi uchun qonunda umumiy sud qarorini ijro qilmaganlik uchun belgilangan tarzda javobgar boʻladi.
157-modda. Buyruqning dublikatini berish
Buyruq yoʻqotib qoʻyilgan taqdirda hakamlik sudi, basharti undirib oluvchi shaxs ijro etilishi uchun buyruqni taqdim qilishning belgilangan muddati tugagunga qadar bu haqda ariza bilan murojaat qilgan boʻlsa, uning dublikatini berishi mumkin. Buyruqning dublikati berilganligi toʻgʻrisida ajrim chiqariladi.
Buyruqning dublikatini berish xususidagi arizaga:
buyruq yoʻqotib qoʻyilganligi toʻgʻrisida bank muassasasi, sud ijrochisi, aloqa idorasi bergan maʼlumotnoma yoxud tashkilotning buyruq yoʻqotilganligi va ijro etilishi uchun taqdim qilinmaganligi haqidagi maʼlumotnomasi ilova qilinishi lozim.
Tashkilotlarning maʼlumotnomasini tashkilot rahbari yoki rahbarining oʻrinbosari va bosh (katta) buxgalteri imzolaydi.
158-modda. Hal qiluv qarorining ijrosini kechiktirish yoki choʻzish, qarorni ijro etish hamda tartibini oʻzgartirish
Hakamlik sudi tomonning arizasiga koʻra yoki oʻz tashabbusi bilan ijro etilishi uchun buyruqni taqdim qilishning belgilangan muddati tugaguniga qadar hal qiluv qarorining ijrosini kechiktirishga yoki choʻzishga, uni ijro qilish usulini va tartibini oʻzgartirishga haqlidir.
Hal qiluv qarorining ijrosini kechiktirilgan yoki choʻzilgan taqdirda hakamlik sudi qaror mazkur Qonunning IX bobida nazarda tutilgan tartibda ijro etilishini taʼminlash choralarini koʻrishi mumkin.
Hal qiluv qarori ijrosining kechiktirilganligi yoki choʻzilganligi, uni ijro etish usuli va tartibi oʻzgartirilganligi yoxud arizani qondirish rad qilinganligi toʻgʻrisida ajrim chiqariladi. Qatnashchi-tomon ushbu ajrimning qay darajada qonuniy va asosliligini tekshirish xususida ariza bilan murojaat qilishga haqlidir. Zarur hollarda ajrim qarzdor turgan joydagi bank muassasasiga joʻnatiladi.
159-modda. Hal qiluv qarori ijrosidagi burilish, hal qiluv qarori asosida undirishning toʻxtatilishi
Agar ijro etilgan hal qiluv qarori oʻzgartirilib yoki bekor qilinib, daʼvoni toʻla yoki qisman rad qilish toʻgʻrisida yangi qaror qabul qilingan yoxud ish yuzasidan ijro toʻxtatilgan yoinki daʼvo qarab chiqilmay qoldirilgan boʻlsa, qatnashchi-tomonga hal qiluv qarorining oʻzgartirilgan yoki bekor qilingan tegishli qismiga binoan boshqa tomon foydasiga undan undirilgan barcha buyumlar qaytariladi.
Undirilgan pul mablagʻlarini, mol-mulkni yoki uning qiymatini qaytarish xususida hakamlik sudi tashkilotning arizasiga binoan buyruq beradi. Arizaga ilgari qabul qilingan qarorning ijro etilganligini tasdiqlovchi hujjat ilova qilinadi.
Agar ijro etilmagan hal qiluv qarori oʻzgartirilib yoki bekor qilinib, daʼvoni toʻla yoxud qisman rad etish haqida yangi hal qiluv qarori qabul qilingan yoxud ish yuzasidan ijro toʻxtatilgan yoinki daʼvo qarab chiqilmay qoldirilgan boʻlsa, hakamlik sudi tegishli qismi oʻzgartirilgan yoki bekor qilingan hal qiluv qarori boʻyicha undirishni toʻla yoxud qisman toʻxtatish xususida hal qiluv qarori qabul qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1991-yil 20-noyabr,
443-XII-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1992-y., 2-son, 86-modda)