1.04.00.00.00 Oila qonunchiligi / 04.05.00.00 Ota-onalar qarovisiz qolgan bolalarni tarbiyalash shakllari / 04.05.05.00 Mehribonlik (bolalar) uylari. Bolalar shaharchalari]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Nikoh va oila. Fuqarolik holati dalolatnomalari]
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OTA-ONASINING QAROVISIZ QOLGAN VA TO‘LIQ DAVLAT TA’MINOTIDA BO‘LGAN BOLALAR UChUN BOLALAR ShAHARChALARI TO‘G‘RISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 21-noyabrdagi 739-sonli “Yetim bolalar va ota-onasining yoki boshqa qonuniy vakillarining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Ota-onasining qarovisiz qolgan bolalarni tarbiyalashning shakl va metodlarini takomillashtirish, oila sharoitlarida tarbiyalash uchun ularga shart-sharoitlar yaratish, bolalar tarbiya muassasalari faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlar yili” Davlat dasturi to‘g‘risida” 2008-yil 29-fevraldagi PQ-805-son qarorini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining “Bolalar shaharchasi” tarbiya muassasalari (keyingi o‘rinlarda Bolalar shaharchasi deb ataladi)ni tashkil etish va ularning faoliyatini yo‘lga qo‘yish orqali ota-onasining qarovisiz qolgan va to‘liq davlat ta’minotida bo‘lgan bolalarni oilada tarbiyalashning zamonaviy shakllarini joriy etish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Belgilab qo‘yilsinki:
Bolalar shaharchalarini tashkil etish bosqichma-bosqich, ularning bolalarni qabul qilish va tarbiyalash uchun tayyorligiga ko‘ra amalga oshiriladi;
Bolalar shaharchalari “Mehribonlik” uylarini Bolalar shaharchalariga aylantirish yo‘li bilan tashkil etilishi mumkin;
davlat Bolalar shaharchalari bilan bir qatorda nodavlat Bolalar shaharchalari tashkil etilishi mumkin.
3. Ota-onasining qarovisiz qolgan va to‘liq davlat ta’minotida bo‘lgan bolalar uchun Bolalar shaharchalari to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
O‘zbekiston Respublikasida tashkil etilgan va faoliyat ko‘rsatayotgan “SOS — O‘zbekiston Bolalar mahallalari” uyushmasining tarbiya muassasalari maqomiga ko‘ra Bolalar shaharchalariga tenglashtirilishi hamda ko‘rsatib o‘tilgan Nizomning ularga nisbatan “SOS — Kinderdorf Interneyshnl” xalqaro jamg‘armasi va “SOS — O‘zbekiston Bolalar mahallalari” uyushmasining tegishli hujjatlarida nazarda tutilgan xususiyatlarni hisobga olgan holda qo‘llanishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
4. “SOS — O‘zbekiston Bolalar mahallalari” uyushmasi, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va Moliya vazirligining “SOS — O‘zbekiston Bolalar mahallalari” uyushmasining bolalar mahallalarini davlat tarbiya muassasalari uchun belgilangan tartibga va normalarga muvofiq qisman budjetdan moliyalashtirishga o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2009-yildan boshlab davlat budjeti parametrlarida “SOS — O‘zbekiston Bolalar mahallalari” uyushmasining Bolalar mahallalari ta’minotiga qisman moliyalashtirish uchun mablag‘lar ajratilishini nazarda tutsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari R.S. Qosimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2008-yil 22-may,
104-son
Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 22-maydagi 104-son qaroriga ILOVA
Ota-onasining qarovisiz qolgan va to‘liq davlat ta’minotida bo‘lgan bolalar uchun Bolalar shaharchalari to‘g‘risida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom ota-onasining qarovisiz qolgan va to‘liq davlat ta’minotida bo‘lgan bolalar uchun Bolalar shaharchalari (keyingi o‘rinlarda Bolalar shaharchasi deb ataladi) maqomini, ularning faoliyatini tashkil etish tartibini, ushbu muassasalar xodimlarining hamda bunday muassasalarga tarbiyalash uchun berilgan bolalarning (tarbiyalanuvchilarning) huquq va majburiyatlarini belgilaydi.
O‘zbekiston Respublikasida tashkil etilgan va faoliyat ko‘rsatayotgan “SOS — O‘zbekiston Bolalar mahallalari” uyushmasining tarbiyaviy muassasalari maqomiga ko‘ra Bolalar shaharchalariga tenglashtiriladi va ularga nisbatan ushbu Nizom “SOS — Kinderdorf Interneshnl” xalqaro jamiyati va “SOS — O‘zbekiston Bolalar mahallalari” uyushmasining tegishli hujjatlarida nazarda tutilgan xususiyatlar hisobga olingan holda qisman moliyalashtirish uchun davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘lardan foydalanish yuzasidan qo‘llaniladi.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 31-dekabrdagi 351-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan to‘ldirilgan — O‘R QHT, 2011-y., 52-son, 565-modda)
2. Bolalar shaharchasi tarbiya muassasasi hisoblanadi, uning doirasida ota-onasining qarovisiz qolgan va to‘liq davlat ta’minotida bo‘lgan bolalar kichik guruhlar shaklida oiladagiga yaqinlashtirilgan sharoitlarda tarbiyalanadi.
Bolalar shaharchalari ota-onasining qarovisiz qolgan va to‘liq davlat ta’minotida bo‘lgan bolalar uchun tarbiya muassasalarining yanada mukammallashgan turlari sifatida, shu jumladan “Mehribonlik” bolalar uylarini Bolalar shaharchalariga bosqichma-bosqich aylantirish shartlarida tashkil etiladi.
3. Bolalar shaharchasi ota-onasining qarovisiz qolgan va to‘liq davlat ta’minotida bo‘lgan bolalarning yashashga va oilada tarbiyalashga bo‘lgan huquqlarini ro‘yobga chiqarish, shuningdek ijtimoiy moslashish va jamiyatga integratsiyalash uchun ularni ma’naviy-axloqiy, mehnat tarbiyasi va ta’lim olishini har tomonlama ta’minlash maqsadida tashkil etiladi.
Quyidagilar Bolalar shaharchasining asosiy vazifalari hisoblanadi:
tarbiyalanuvchilarning aqliy, emotsional va jismoniy rivojlanishiga ko‘maklashuvchi oilaviy muhitni yaratish;
tarbiyalanuvchilarning hayotini muhofaza qilishni va sog‘lig‘ini mustahkamlashni ta’minlash, shuningdek profilaktika tadbirlarini amalga oshirish;
tarbiyalanuvchilarni ijtimoiy muhofaza qilishni, psixologik va tibbiy-pedagogik reabilitatsiya qilishni va ularni jamiyatga moslashtirishni ta’minlash;
bolalarni milliy an’analar va umuminsoniy qadriyatlar asosida tarbiyalash;
tarbiyalanuvchilarda mehnat ko‘nikmalarini shakllantirish, ularga kasb tanlashi uchun shart-sharoitlar yaratish.
4. Bolalar shaharchasi o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, ushbu Nizomga, boshqa qonun hujjatlariga, shuningdek o‘z ustaviga amal qiladi.
5. Bolalar shaharchasi yuridik shaxs hisoblanadi va muassasa shaklida tashkil etiladi.
Bolalar shaharchasi davlat va nodavlat shaklida bo‘lishi mumkin.
II. Bolalar shaharchasini tashkil etish tartibi
6. Bolalar shaharchasi muassisning qarori asosida tashkil etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari davlat Bolalar shaharchasining muassisi bo‘lishi mumkin.
Nodavlat tashkilotlar, shuningdek jismoniy shaxslar nodavlat Bolalar shaharchasining muassisi bo‘lishi mumkin.
Nodavlat Bolalar shaharchasi O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi hamda tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat yoki Toshkent shahar hokimligi bilan kelishgan holda tashkil etiladi.
Nodavlat Bolalar shaharchasini tashkil etishda muassis tomonidan uni kamida 3 yil mobaynida o‘z vaqtida va to‘liq moliyalashtirishning aniq manbalari kafolatlari va tasdiqnomasi taqdim etiladi.
7. Bolalar shaharchasi ustav asosida faoliyat ko‘rsatadi. Bolalar shaharchasining namunaviy ustavi O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
Bolalar shaharchasining ustavi uning muassisi tomonidan tasdiqlanadi. Nodavlat Bolalar shaharchasi ustavi ularning hududiy joylashishiga ko‘ra Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalari va Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi bilan kelishgan holda tasdiqlanadi.
8. Bolalar shaharchasi belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.
III. Bolalar shaharchalarida tarbiya jarayonini tashkil etish
9. Bolalar shaharchasida tarbiya jarayoni oilaviy tipga ko‘ra tashkil etiladi. Bolalar shaharchasiga tarbiyalash uchun berilgan bolalar tarbiyachi boshchiligida guruhlarga bo‘linadi, guruhlar oilalar deb ataladi. Har qaysi oilada turli yoshdagi 6 nafardan 8 nafargacha bolalar tarbiyalanadi.
10. Bolalar shaharchasining har qaysi oilasi alohida uylarga yoki alohida turar joylarga (kvartiralarga) joylashtiriladi.
11. Bolalar shaharchasida kamida 12 ta oila tashkil etiladi. Tarbiyalanuvchi bolalarning umumiy soni 140 nafardan oshmasligi kerak.
Bolalar shaharchasiga tarbiyalash uchun beriladigan bolalarning yoshi, qoidaga ko‘ra, 3 yoshdan boshlab ularning umumta’lim muassasasini tugatish yoshigacha bo‘ladi.
12. Tarbiyachilar bolalarni tarbiyalash usullarini belgilashda vasiylik va homiylik organining tavsiyanomalariga amal qiladilar.
13. Tarbiyachi tarbiyalanuvchining ta’lim muassasasini va o‘qitish shaklini tanlashda bolalarning xohishlarini hisobga olishi va bolalarning umumiy o‘rta ta’lim olishi uchun shart-sharoitlar yaratishi shart.
14. Tarbiyachilar o‘z vakolatlarini amalga oshirishda bolalarning jismoniy va ruhiy holatiga, ularning axloqiy rivojlanishiga zarar yetkazishga haqli emas. Tarbiyalash usullari bolalarning qadr-qimmatini tahqirlovchi mensimaslik, shafqatsizlik, qo‘pollik munosabatlaridan holi bo‘lishi kerak.
15. Bolalar shaharchasi xodimlari tarbiyalanuvchilarning aka-ukalari va opa-singillarini, boshqa qarindoshlarini qidirib topishga hamda ularning munosabatlarini qo‘llab-quvvatlashga ko‘maklashishlari shart, tarbiyalanuvchilarning manfaatlariga zid bo‘lgan holatlar bundan mustasno.
Nizoli hollarda tarbiyalanuvchi bilan uning ota-onalari, qarindoshlari o‘rtasidagi munosabatlar tartibi vasiylik va homiylik organi tomonidan belgilanadi.
16. Bolalar shaharchasining rahbarlari va pedagog xodimlari tarbiyalanuvchilarni oilaga joylashtirish chora-tadbirlarini ko‘rishlari shart.
17. Bolalar shaharchasi tarbiyachilari Bolalar shaharchasi oilalari bilan to‘liq moddiy javobgarlik to‘g‘risidagi shartnoma asosida birkitilgan mol-mulkning saqlanishini ta’minlaydilar.
18. Bolalar shaharchasi ma’muriyati tarbiyalanuvchilarning ota-onalari bilan uchrashuviga va ularning ota-onalik huquqlari tiklangan taqdirda ular bilan birlashishiga hamda bolaning manfaatlariga zid bo‘lmagan boshqa hollarda qarshilik ko‘rsatmasligi kerak.
19. Tarbiyalanuvchilarni ilgarigi oilasiga qaytarish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
IV. Tarbiyalanuvchilarni Bolalar shaharchasiga qabul qilish tartibi
20. Ota-onasining qarovisiz qolgan va to‘liq davlat ta’minotida bo‘lgan bolalarni Bolalar shaharchasi oilasiga berish qonun hujjatlarida va ushbu Nizomda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Bolalar shaharchasiga ota-onasining qarovisiz qolgan yangidan aniqlangan bolalar ham, ixtisoslashtirilgan bolalar ta’lim muassasalarining tarbiyalanuvchilari ham yuboriladi.
21. Bolalarni Bolalar shaharchasiga tarbiyalash uchun berishda vasiylik va homiylik organlari bolalarning manfaatlarini hisobga olishi kerak. O‘n yoshga to‘lgan bolalar Bolalar shaharchasi oilasiga faqat ularning roziligi bilan berilishi mumkin.
22. Tarbiyalanuvchilarni oilaga qabul qilish va tanlash ma’muriyat vakillari tomonidan, tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limi yo‘llanmasi asosida, Bolalar shaharchasining tarbiyachilari, psixologi va ijtimoiy xodimining bevosita ishtirokida amalga oshiriladi.
(22-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentabrdagi 822-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 30.09.2019-y., 09/19/822/3840-son)
23. Bolalarni oilaga berishda Bolalar shaharchasi ma’muriyati, birinchi navbatda, bolalarning manfaatlariga amal qilishi, ularning etnik jihatdan kelib chiqishini, muayyan dinga va madaniyatga mansubligini hisobga olishi, ona tilida muomala qilishi uchun shart-sharoitlar yaratishi, tarbiyalash va ta’lim berishda izchillikni ta’minlashi kerak.
Aka-ukalar va opa-singillar bitta oilaga berilishi kerak, tibbiy yoxud boshqa sabablarga ko‘ra ular birgalikda tarbiyalanishi mumkin bo‘lmagan holatlar bundan mustasno. Bolalarning birgalikda tarbiyalanishiga monelik qiladigan kasalliklar ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi.
24. Bolalar shaharchasiga beriladigan har bir bolaga vasiylik va homiylik organlari tarbiyachilarga quyidagi hujjatlarni beradilar:
tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma;
sog‘lig‘i to‘g‘risidagi tibbiy ma’lumotnoma va ambulatoriya kartasi;
ma’lumoti to‘g‘risidagi hujjat (maktab yoshidagi bolalar uchun);
ota-onasi to‘g‘risidagi hujjatlar (o‘lim to‘g‘risidagi guvohnoma, sudning hukmi yoki qarori nusxasi, kasalligi, ota-onasining qidirilayotganligi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma va ota-onasining yo‘qligini yoki ular o‘z bolalarini tarbiyalay olmasligini tasdiqlaydigan boshqa hujjatlar);
aka-uka va opa-singillarining mavjudligi hamda ularning turgan joyi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma;
bolaga tegishli mol-mulkning ro‘yxati va mol-mulkning saqlanishi uchun javob beradigan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
ilgari egallab turilgan turar joyni voyaga yetmaganlarga biriktirish to‘g‘risidagi hujjatlar;
sudning aliment undirish to‘g‘risidagi qarori nusxasi, shuningdek nafaqa, pensiya va boshqa ijtimoiy to‘lovlar olish huquqini tasdiqlaydigan hujjatlar;
bolaning nomiga ochilgan bank hisob raqami mavjudligi to‘g‘risidagi hujjat.
25. Tarbiyalash uchun Bolalar shaharchasiga berilishi mumkin bo‘lgan bolalar soni va ularni berish navbati Bolalar shaharchasi oilasining ma’muriyati, pedagog-psixologi va tarbiyachisi bilan birgalikda belgilanadi.
Tarbiyachilar tarbiyalanuvchilarni tanlash maqsadida, davlat Bolalar shaharchasi ma’muriyatining yozma ruxsatnomasi bo‘yicha “Mehribonlik” uylari tarbiyalanuvchilarini dam olish, bayram va ta’til kunlari taklif qilishlari mumkin. “Mehribonlik” uylari ma’muriyati tarbiyachilarni ushbu tarbiyalanuvchilarning shaxsiy hujjatlari yig‘ma jildlari bilan tanishtirishi shart.
26. Vasiylik va homiylik organlari bolalarni Bolalar shaharchasiga tarbiyalash uchun tanlashda ularga meros, hadya tartibida yoki boshqa qonuniy asoslarda o‘tgan mol-mulk mavjudligini aniqlashi hamda bolalarning mulkiy huquqlari muhofaza qilinishi va ushbu mol-mulk saqlanishi yuzasidan zarur chora-tadbirlar ko‘rishlari shart (qonun bo‘yicha bolalar meros qilib olishi kerak bo‘lgan mol-mulkni aniqlash, saqlash va boshqarish, mol-mulkni noqonuniy egallab olgan shaxslardan uni talab qilish, qarzdorlardan pul va boshqa mablag‘larni undirish hamda hokazolar).
27. Agar Bolalar shaharchasiga tarbiyalash uchun berilgan bolalarda boshqa joyda turgan mol-mulk mavjud bo‘lsa, u holda ushbu mol-mulkni muhofaza qilish mol-mulk turgan joydagi vasiylik va homiylik organi tomonidan amalga oshiriladi va zaruriyat bo‘lganda ular tomonidan mol-mulkka vasiy tayinlanishi mumkin.
V. Tarbiyalanuvchilarning huquq va majburiyatlari
28. Bolalar shaharchasi tarbiyalanuvchilari qonun hujjatlariga va Bolalar shaharchasi ustaviga muvofiq huquq va majburiyatlarga egadir.
29. Tarbiyalanuvchining huquqlari va qonuniy manfaatlari Bolalar shaharchasi ma’muriyati, vasiylik va homiylik organi, shuningdek qonun hujjatlariga muvofiq boshqa organlar tomonidan himoya qilinadi.
30. Bolalar shaharchasi tarbiyalanuvchisi Bolalar shaharchasi ma’muriyati, shuningdek tarbiyachi tomonidan suiiste’mollar sodir etilishidan himoyalanish huquqiga ega.
31. Tarbiyalanuvchi Bolalar shaharchasida bo‘lgan butun davrda meros yoki hadya tartibida, shuningdek boshqa qonuniy asoslarga ko‘ra ota-onalar, qarindoshlar yoki boshqa shaxslardan unga o‘tgan mol-mulkka, turar joyga mulk huquqini saqlab qoladi. Turar joy tarbiyalanuvchi Bolalar uyida bo‘lgan butun davr mobaynida unda saqlanib qoladi.
32. Tarbiyalanuvchi unga berilishi kerak bo‘lgan alimentlar, ijtimoiy nafaqalar, pensiyaga bo‘lgan huquqni (boquvchisini yo‘qotganda, nogiron bo‘lib qolganda) hamda ota-onasining qarovisiz qolgan bolalar uchun qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa ijtimoiy imtiyozlar va kafolatlarga huquqni o‘zida saqlab qoladi.
Bolalar uyidagi tarbiyalanuvchining ta’minoti uchun ota-onadan undiriladigan mablag‘lar, unga tayinlangan nafaqa va boshqa to‘lovlar tarbiyalanuvchining nomiga ochilgan bank hisob raqamlariga o‘tkazilishi kerak.
33. Tarbiyalanuvchi o‘ziga tegishli bo‘lgan uy-joy ijaraga berilishidan olingan daromadlarga, ijodiy, kasbiy, mehnat faoliyatidan va boshqa faoliyatdan olingan daromadlarga huquqni saqlab qoladi. Bitimlardan olingan daromadlar ma’muriyat tomonidan faqat tarbiyalanuvchining manfaatlarini ko‘zlab hamda vasiylik va homiylik organining roziligi bilan sarflanishi mumkin.
34. Tarbiyalanuvchi oilaga qaytganda (farzandlikka olinganda) yoki Bolalar shaharchasidan tarbiyalab chiqarilgandan keyin tarbiyalanuvchining mol-mulki va hujjatlari notarial tartibda tasdiqlanadigan ro‘yxat bo‘yicha ota-onasiga yoki tarbiyalanuvchining o‘ziga beriladi.
35. Tarbiyalanuvchilarga tibbiy xizmat ko‘rsatish Bolalar shaharchasi vrachi, shuningdek Bolalar shaharchasi joylashgan joydagi davolash-profilaktika muassasalarining tibbiyot xodimlari tomonidan ta’minlanadi.
Bolalar shaharchasi ma’muriyati tibbiyot xodimi uchun alohida xona va tibbiy asbob-uskunalar ajratadi.
36. Bolalar shaharchasi tarbiyalanuvchilari maktabgacha tarbiya va umumta’lim muassasalarida umumiy asoslarda tarbiyalanadi va o‘qitiladi, bunda bolalar davlat maktabgacha tarbiya muassasalarida bo‘lgan vaqt uchun to‘lov undirilmaydi.
37. Bolalar shaharchasida tarbiyalanuvchilar uchun qo‘shimcha ta’lim (to‘garaklar, studiyalar, sport seksiyalari va hokazolar) tashkil etiladi.
38. Rivojlanishida jismoniy yoki psixik nuqsonlar mavjud bo‘lgan maktabgacha yoshdagi tarbiyalanuvchilar bilan psixologik-tibbiy-pedagogik komissiya tomonidan bolalarning rivojlanishida aniqlangan nuqsonlarga muvofiq maktabgacha yoshdagi bolalarni psixofizik rivojlanish xususiyatlariga ega bo‘lgan tarbiyalash va o‘qitish dasturlari bo‘yicha ta’lim tashkil etilishi mumkin.
39. Bolalar shaharchasi ma’muriyati tarbiyalanuvchilarning o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalariga o‘qishga kirishi yuzasidan javob beradi va unga zarur yordam ko‘rsatadi.
40. Bolalar shaharchasi tarbiyalanuvchilariga o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun yo‘llanma berishda qonun hujjatlariga muvofiq yo‘l haqi va yo‘ldagi vaqtda ovqatlanish xarajatlari to‘lanadi.
41. Bolalar shaharchasi tarbiyalanuvchilari ma’muriyat bilan kelishgan holda ular o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasasini tamomlaguniga qadar, mazkur muassasada yotoqxona mavjud bo‘lmagan taqdirda, Bolalar shaharchasida to‘liq davlat ta’minotida yashashi mumkin.
Ma’muriyatning ruxsati bilan Bolalar shaharchasida bitiruvchilarning yashashi uchun bitta tegishli uy ajratiladi.
42. Bolalar shaharchasining o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasasida ta’lim olayotgan sobiq tarbiyalanuvchilari o‘zlari ta’lim olayotgan ta’lim muassasalari ma’muriyati bilan kelishgan holda ta’til davrida, dam olish va bayram kunlarida, shuningdek kasallik davrida yashaganlik uchun haq to‘lamasdan Bolalar shaharchasida turishlari mumkin. Vaqtincha yashaydigan o‘quvchilar va talabalar Bolalar shaharchasi uchun belgilangan normalar bo‘yicha haq to‘lash sharti bilan ovqat bilan ta’minlanadilar.
43. Vasiylik va homiylik organlari tarbiyalanuvchilarning farovonligi, sog‘lig‘i (sog‘liqni saqlash organlari bilan birgalikda) va kamol topishi, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya qilinishi ustidan oylik nazoratni amalga oshiradilar.
VI. Bolalar shaharchasini boshqarish
44. Bolalar shaharchasiga bevosita rahbarlik muassasa ma’muriyatiga boshchilik qiladigan hamda mazkur Nizomga va Bolalar shaharchasi ustaviga muvofiq faoliyat ko‘rsatadigan direktor tomonidan amalga oshiriladi.
Bolalar shaharchasi direktori O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi bilan kelishgan holda Bolalar shaharchasi muassisi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi.
Bolalar shaharchasi direktorini lavozimiga tayinlash tanlov asosida amalga oshiriladi.
45. Bolalar shaharchasi direktori:
Bolalar shaharchasi nomidan ish ko‘radi, barcha tashkilotlarda uning manfaatlarini ifodalaydi;
o‘ziga berilgan vakolatlar doirasida Bolalar shaharchasi mol-mulkini tasarruf etadi;
ishonchnomalar beradi;
g‘aznachilik bo‘linmalarida hisob raqamlari va boshqa bank hisob raqamlari ochadi;
kadrlarni ishga qabul qiladi va joy-joyiga qo‘yadi, Bolalar shaharchasi xodimlarini rag‘batlantiradi, ularga intizomiy jazolar beradi va ular bilan mehnat shartnomalari (kontraktlari)ni to‘xtatadi;
o‘z vakolatlari doirasida buyruqlar chiqaradi va farmoyishlar beradi;
tarbiyalanuvchilarning hayoti muhofaza qilinishi va sog‘lig‘i mustahkamlanishi, o‘quv-tarbiya jarayonining holati, moliya-xo‘jalik faoliyati, buxgalteriya hisobi va hisoboti, moddiy-texnik bazaning mustahkamlanishi va moddiy boyliklarning saqlanishi uchun javob beradi.
46. Bolalar shaharchasi direktorining ikki nafar: tarbiyaviy ishlar va ma’muriy-xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosarlari bo‘ladi.
Davlat Bolalar shaharchasi direktorining o‘rinbosarlari O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi bilan kelishgan holda direktor tomonidan lavozimga tayinlanadi.
47. Direktor va uning o‘rinbosarlari lavozimlarining malaka tavsiflari O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
48. Bolalar shaharchasi direktori va uning o‘rinbosarlari bilan mehnat shartnomasi bir yil muddatga tuziladi.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi Bolalar shaharchasi direktori va uning o‘rinbosarlari faoliyatiga baho berish mezonlarini ishlab chiqadi, ushbu mezonlar asosida ularning faoliyati baholanadi va keyingi yil uchun mehnat shartnomasini uzaytirish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqiladi.
49. Bolalar shaharchasi ma’muriyati har yili Bolalar shaharchasi joylashgan joydagi vasiylik va homiylik organlariga tarbiyalanuvchilarning sog‘lig‘i, ularni tarbiyalash ishlari to‘g‘risida, shuningdek tarbiyalanuvchilarning mol-mulkini boshqarish bo‘yicha hisobot taqdim etadi.
VII. Bolalar shaharchasi xodimlari
50. Bolalar shaharchasi direktori jismoniy va yuridik shaxslar bilan munosabatlarda, shuningdek sudlarda tarbiyalanuvchilarning huquqlari va manfaatlarini himoya qiladigan qonuniy vakil hisoblanadi.
Direktor, agar vasiylik va homiylik organi tomonidan ma’muriyat va bolalarning manfaatlari o‘rtasida qarama-qarshilik mavjudligi aniqlansa, bolalarning manfaatlarini ifodalashga haqli emas. Ular o‘rtasida kelishmovchiliklar bo‘lgan taqdirda vasiylik va homiylik organi boshqa vakilni tayinlashi shart.
51. Bolalar shaharchasi oilalarida tarbiyachilar O‘zbekiston Respublikasining 30 yoshga to‘lgan, biroq 55 yoshdan katta bo‘lmagan fuqarolari — yolg‘iz ayollar yoki farzandsiz er-xotinlar bo‘lishi mumkin. Tegishli ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslarga ustunlik beriladi.
52. Tarbiyachi Bolalar shaharchasi oilasi boshlig‘i hisoblanadi. U O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan belgilanadigan tartibda tanlov asosida ishga qabul qilinadi. Xalq ta’limi vazirligi tarbiyachilarning malaka tavsiflarini ishlab chiqadi va belgilaydi.
Tanlashda oliy yoki o‘rta maxsus pedagogik, shuningdek psixologik yoki tibbiy ma’lumotli, ijtimoiy ish ko‘nikmasiga ega bo‘lgan shaxslarga ustunlik huquqi beriladi.
Quyidagi shaxslar tarbiyachilar bo‘lishi mumkin emas:
sud tomonidan huquqiy layoqatsiz yoki huquqiy layoqati cheklangan deb e’tirof etilganlar;
sud tomonidan ota-onalik huquqidan mahrum qilinganlar yoki ota-onalik huquqi cheklanganlar;
qonun bilan o‘ziga yuklangan majburiyatlar zarur tarzda ijro etilmaganligi uchun vasiy (homiy) majburiyatlaridan chetlatilganlar;
agar farzandlikka olish ularning aybi bilan sud tomonidan bekor qilingan bo‘lsa, sobiq farzandlikka olganlar;
sudlanganlar;
sog‘lig‘iga ko‘ra bola tarbiyasi bo‘yicha majburiyatlarni bajarishga qodir bo‘lmagan shaxslar.
Shaxsning tarbiyachi bo‘lishiga monelik qiladigan kasalliklar ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi.
53. Tarbiyachi quyidagilarga majbur:
bolalarni tarbiyalash, ularning sog‘lig‘i, jismoniy, psixik, axloqiy-ma’naviy kamol topishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilish;
oilada axloqiy-ma’naviy va uy muhitini yaratish;
o‘z majburiyatlarini tarbiyalanuvchilarning huquqlari va manfaatlariga zarar yetkazgan holda bajarmaslik;
bola uchun o‘ziga berilgan hujjatlarning saqlanishini ta’minlash;
har olti oyda tibbiy dispanser ko‘rigidan o‘tish;
har ikki yilda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Xodimlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish markaziy institutida qo‘shimcha o‘qitishning ikki haftalik kursidan o‘tish;
qonun hujjatlariga va mehnat shartnomasiga muvofiq boshqa majburiyatlarni bajarish.
54. Tarbiyachi ota-onalar (ularning o‘rnini bosadigan shaxslar) uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi, aliment to‘lash majburiyati bundan mustasno.
55. Tarbiyachi bilan mehnat shartnomasi belgilangan tartibda, shuningdek bolalar ota-onalariga qaytarilgan (farzandlikka olingan) taqdirda to‘xtatilishi mumkin.
56. Tarbiyachilar Bolalar shaharchasida mehnat shartnomasining butun amal qilish muddati mobaynida yashaydilar.
57. Bolalar shaharchasidagi tarbiyalanuvchilar manfaatlarini yanada to‘liq ta’minlash uchun tarbiyachilarga Bolalar shaharchasi hududida yashaydigan tarbiyachi yordamchilari yordam beradilar hamda ular bo‘lmaganda va ularning ta’tili davrida ularning vazifasini bajarib turadilar.
58. Bolalar shaharchasining mukammal faoliyat yuritishi uchun Bolalar shaharchasi xodimlari soni va zarur lavozimlar ro‘yxati ilovaga muvofiq uning tuzilmasiga kiradigan oilalar soniga bog‘liq holda namunaviy shtatlarga asosan belgilanadi.
59. Bolalar shaharchasi xodimlari bir yil muddatga tanlov asosida ishga qabul qilinadi, ushbu muddat yillik ish natijalariga ko‘ra keyingi yilga uzaytirilishi mumkin.
60. Pedagoglar, ijtimoiy xodimlar va psixologlar qonun hujjatlariga muvofiq tarbiyalanuvchilarga ruhiy va ijtimoiy pedagogik yordam ko‘rsatadilar, ular Bolalar shaharchasi tarbiyalanuvchilarining ruhiy, shaxsiy va ijtimoiy rivojlanishidagi nuqsonlarni tuzatish ishlarini tashkil qiladilar.
61. Bolalar shaharchasining tibbiyot xodimlari tarbiyalanuvchilarning chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rigini tashkil etish, ularning o‘z vaqtida ixtisoslashtirilgan davolanishga yo‘naltirilishi, tarbiyalanuvchilarning reabilitatsiya tadbirlariga kiritilishi, Bolalar shaharchasida sanitariya va epidemiyaga qarshi rejimlarga rioya qilinishi, tarbiyalanuvchilarning sifatli ovqatlanishi, ularning jismoniy va aqliy yuklamalari me’yorlari, sanitariya qoidalari va me’yorlariga muvofiq Bolalar shaharchasi hayot faoliyatining tashkil etilishi uchun javob beradilar.
VIII. Bolalar shaharchalari ta’minoti va ularni moddiy-texnik ta’minlash
[OKOZ:
1.07.00.00.00 Moliya va kredit to‘g‘risidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.05.00.00 Respublika budjeti / 07.05.05.00 Budjet tashkilotlari va muassasalarini moliyalashtirish]
62. Davlat Bolalar shaharchalari ta’minoti va ularni moddiy-texnik ta’minlash davlat budjeti mablag‘lari, yuridik va jismoniy shaxslarning ixtiyoriy xayriya mablag‘lari, shuningdek qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobiga amalga oshiriladi.
Davlat Bolalar shaharchalari tarbiyalanuvchilari to‘liq davlat ta’minotida bo‘ladi.
Nodavlat Bolalar shaharchalari tarbiyalanuvchilari muassislar ta’minotida bo‘ladi. Bunda mablag‘ bilan ta’minlash ushbu Nizomda davlat Bolalar shaharchalari uchun belgilangan miqdorlar va normativlardan kam bo‘lishi mumkin emas.
Davlat budjeti mablag‘lari hisobiga qisman mablag‘ bilan ta’minlanadi, ya’ni faoliyat ko‘rsatayotgan va yangidan tashkil etilgan “SOS — O‘zbekiston Bolalar mahallalari” uyushmasining bolalar mahallalari ta’minoti uchun xarajatlar, xususan — ushbu Nizomning 66-bandida nazarda tutilgan xarajatlar, kommunal xizmatlar, tarbiyachilarga (SOS — onalarga) va ularning yordamchilariga (SOS — oilaviy yordamchilarga) to‘lanadigan ish haqi hamda ish haqiga tenglashtirilgan boshqa to‘lovlar xarajatlari qoplanadi.
(62-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 31-dekabrdagi 351-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2011-y., 52-son, 565-modda)
63. Bolalar shaharchalari, qoidaga ko‘ra, tumanlar markazlarida va yirik shaharlarning shahar atrofi hududlarida joylashtiriladi.
Bolalar shaharchasi hududi, binolari va inshootlariga nisbatan eng kam talablar O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda belgilanadi.
Bolalar shaharchasining moddiy-texnik jihozlanishiga nisbatan eng kam talablar O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi.
Bolalar shaharchasi binolari texnika xavfsizligi qoidalariga, shuningdek sanitariya qoidalari va me’yorlariga muvofiq jihozlanadi va foydalaniladi.
64. Bolalar shaharchasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgandan keyin hududiy moliya organlari taqdim qilingan Bolalar shaharchasi xarajatlar smetasini va uning shtatlar jadvalini belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazadi.
Bolalar shaharchasining xarajatlar smetasi shaharchaning o‘z ta’minoti sifatida aks ettiriladigan xarajatlar bo‘yicha, jumladan barcha xodimlarning ish haqi, kommunal xizmatlar uchun xarajatlar va boshqa joriy xarajatlar, binolar va inshootlar saqlanishi, ularni ta’mirlash, ularga xizmat ko‘rsatish va boshqalar uchun xarajatlar hamda xarajatlar smetasida alohida hisob-kitobda har bir alohida oilaga ajratiladigan, budjet tarkibiga kiradigan va naqd pul shaklida to‘lanadigan xarajatlar bo‘yicha tasdiqlanadi.
Nodavlat Bolalar shaharchalari tarmoqlar, shtatlar jadvali va kontingent bo‘yicha moliya organlariga hisobot topshiradilar.
65. Binolar saqlanishi uchun xarajatlar va Bolalar shaharchalari faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa joriy xarajatlar bilan birgalikda kommunal xizmatlar bo‘yicha xarajatlarni mablag‘ bilan ta’minlash naqd pulsiz to‘lovlar orqali amalga oshiriladi.
66. Davlat Bolalar shaharchalaridagi oilaviy budjet xarajatlarini qoplash uchun har bir tarbiyachiga “Mehribonlik” uylari tarbiyalanuvchilari uchun tasdiqlangan normativlarga muvofiq hisoblangan tarbiyalanuvchilar ta’minotiga oylik pul mablag‘lari to‘lanadi.
Har bir alohida oila budjetiga quyidagilar kiradi:
oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechaklar, poyabzallar, choyshablar va sochiqlar, kundalik xo‘jalik va shaxsiy gigiyena buyumlari, o‘yinlar, o‘yinchoqlar, kitoblar, boshqa mayda xo‘jalik buyumlari sotib olish va transport xarajatlari;
sog‘lomlashtirish, ta’lim berish va madaniy-ommaviy tadbirlar.
67. Tarbiyachilar tomonidan oila budjeti mablag‘laridan tejab qolingan pullar oila bayramlari va oilaning boshqa maqsadlari uchun ishlatilishi mumkin.
68. Davlat Bolalar shaharchalarini moliyalashtirish, shuningdek ularning moddiy-texnika bazasini rivojlantirishga xarajatlar ajratish “Mehribonlik” uylari uchun belgilangan me’yorlarga muvofiq amalga oshiriladi.
69. Davlat Bolalar shaharchalaridagi bitta tarbiyalanuvchining oziq-ovqat, kiyim-kechak, poyabzal va yumshoq mebel bilan ta’minlash me’yori “Mehribonlik” uylari uchun tasdiqlangan me’yorlarga o‘xshash holda belgilanadi.
70. Bolalar shaharchasida moliyaviy boshqarish tizimi Bolalar shaharchasining har bir oilasida moliyaviy javobgarlik va hisobot berishga yo‘naltirilgan.
Ma’muriy-boshqaruv mexanizmlari Bolalar shaharchasi rahbariyati tomonidan har bir oilaning tabiiy jarayonlariga aralashishini kamaytirishni nazarda tutadi.
[OKOZ:
1.07.00.00.00 Moliya va kredit to‘g‘risidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.05.00.00 Respublika budjeti / 07.05.05.00 Budjet tashkilotlari va muassasalarini moliyalashtirish]
71. Davlat Bolalar shaharchalarida qonunchilikda nazarda tutilgan tarbiyachilar, ma’muriy-xo‘jalik va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar ish haqi va ularni moddiy rag‘batlantirish davlat budjeti hisobiga “Mehribonlik” uylari uchun qo‘llanadigan tartibda amalga oshiriladi.
[OKOZ:
1.05.00.00.00 Mehnat va aholining bandligi to‘g‘risidagi qonunchilik / 05.03.00.00 Mehnatga haq to‘lash / 05.03.04.00 Ustamalar, qo‘shimcha to‘lovlar va koeffitsiyentlar]
Bolalar shaharchasining barcha rahbar, pedagog va boshqa xodimlariga yetim bolalar bilan ishlashning maxsus sharoitlari uchun ish haqi stavkasiga 50 foiz miqdorida qo‘shimcha haq belgilanadi.
[OKOZ:
1.05.00.00.00 Mehnat va aholining bandligi to‘g‘risidagi qonunchilik / 05.03.00.00 Mehnatga haq to‘lash / 05.03.04.00 Ustamalar, qo‘shimcha to‘lovlar va koeffitsiyentlar]
Tarbiyachilar va tarbiyachining yordamchilariga bolalar bilan kecha-kunduz, shu jumladan tungi vaqtda ishlaganligi uchun ish haqi stavkasiga 100 foiz miqdorida qo‘shimcha haq belgilanadi.
72. Budjetning g‘aznachilik ijrosiga o‘tmagan mintaqalarda davlat Bolalar shaharchasi ta’minoti uchun ajratiladigan pul mablag‘lari har oyda uning bankdagi hisob raqamiga belgilangan muddatlarda va tartibda o‘tkaziladi.
73. Budjetning g‘aznachilik ijrosiga o‘tgan mintaqalarda davlat Bolalar shaharchasi xarajatlarini davlat budjeti mablag‘lari hisobiga moliya organlarida, shuningdek g‘aznachilik bo‘linmalarida belgilangan tartibda tasdiqlangan va ro‘yxatga olingan xarajatlar smetalari asosida to‘lash uchun g‘aznachilik hisob raqami ochiladi.
74. Bolalar shaharchasini moddiy qo‘llab-quvvatlash, tarbiyalanuvchilarni mustaqil hayot va mehnatga tayyorlash maqsadida Bolalar shaharchasi ma’muriyati vasiylik va homiylik organlari bilan kelishgan holda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan tadbirkorlik yoki boshqa faoliyatni tashkil etish huquqiga ega.
Bolalar shaharchasi ma’muriyati budjetdan tashqari mablag‘larni o‘tkazish uchun alohida bank hisob raqamini ochish huquqiga ega.
75. Bolalar shaharchasiga berilgan bolalarning ta’minoti uchun mablag‘lar qonun hujjatlarida nazarda tutilgan barcha me’yorlar va imtiyozlarni hisobga olgan holda to‘liq hajmda to‘lanishi lozim. Ayrim sabablarga ko‘ra o‘tgan moliya yilida to‘lanmagan pul mablag‘lari keyingi moliya yilida to‘lanadi.
76. Yil davomida foydalanilmagan mablag‘lar olib qo‘yilmaydi, ular Budjet tashkilotlarini rivojlantirish jamg‘armasiga o‘tkaziladi va keyingi yilda ulardan ushbu maqsadlar va bolalar ehtiyoji uchun foydalaniladi.
77. Bolalar shaharchasining barcha moliyaviy-xo‘jalik faoliyati buxgalteriya hisobini Bolalar shaharchasi buxgalteri amalga oshiradi, u tegishli xalq ta’limini moliyalashtirish bo‘limlariga har oyda va har chorakda hisobot topshiradi.
78. Bolalar shaharchasi buxgalteriya hisobini yuritish va hisobotini tuzish qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
79. Barcha tarbiyachilar moddiy javobgar hisoblanadilar.
80. Bolalar shaharchasi tarbiyalanuvchilarining ovqatlanishini tashkil etish tarbiyachi tomonidan amalga oshiriladi.
81. Oziq-ovqat mahsulotlarini haftasiga kamida bir marta (tez ayniydigan oziq-ovqat mahsulotlarini haftasiga kamida ikki marta) sotib olish tarbiyachi tomonidan amalga oshiriladi.
Tarbiyachi tarbiyalanuvchilarni ularning yoshiga muvofiq ravishda balanslangan ovqatlanishini ta’minlaydi.
Tarbiyachi ovqat pishirish uchun zarur bo‘lgan mahsulotlardan sarflangan mahsulotlarni keyinchalik taomnoma bo‘yicha hisobdan chiqarmasdan foydalanadi.
Oiladagi bolalarning sifatli va to‘laqonli ovqatlanishining tashkil etilganligi bolalarni doimiy ravishda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, umumiy rivojlanishi, o‘sishi, vazni, shuningdek vrach va Bolalar shaharchasi ma’muriyatining tanlab nazorat qilish natijalariga ko‘ra aniqlanadi.
82. Mahsulotlar chakana savdo tashkilotlaridan xarid qilganda to‘lov cheklari saqlab qo‘yiladi, oziq-ovqat bozoridan naqd pulga xarid qilingan mahsulotlar uchun esa dalolatnoma tuziladi.
83. Oziq-ovqat mahsulotlarini va boshqa tovarlarni hisobdan chiqarish tarbiyachilar tomonidan taqdim etilgan cheklar va dalolatnomalar asosida, doimiy ishlaydigan komissiya tomonidan amalga oshiriladi.
84. Doimiy ishlaydigan komissiya tarkibi Bolalar shaharchasi direktori tomonidan bir yilga belgilanadi va uning buyrug‘i bilan tasdiqlanadi.
85. Bolalar shaharchasidan uzoq masofada joylashgan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan tarbiyalanuvchilarga, yirik xaridlardan tashqari, Bolalar shaharchasidagi tushlik pul qiymatidan oshmaydigan miqdorda tushlikka naqd pul beriladi.
86. Tushlik uchun naqd pullar normativlari summalarni tarbiyalanuvchilarning yoshiga qarab taqsimlagan holda tasdiqlanadi.
87. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini aniq yo‘naltirilgan tarzda qo‘llab-quvvatlashning 2002-2003-yillarga mo‘ljallangan dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2002-yil 25-yanvardagi 33-son qarorida nazarda tutilgan imtiyozlar, yetim bolalar va ota-onasining qarovisiz qolgan bolalar uchun, shuningdek Bolalar shaharchasiga tarbiyalashga berilgan bolalar uchun ham joriy etiladi.
88. Bolalar shaharchasi vrachi tarbiyachiga oziq-ovqat mahsulotlari tanlashda maslahat yordami beradi va ovqatlanishni tashkil etish va uning sifatini tanlab nazorat qiladi.
Bolalar shaharchasi vrachi buxgalteriya va tarbiyachilarning dori-darmonlar va oziq-ovqat mahsulotlari xarid qilish uchun ishlatgan mablag‘lari bilan bog‘liq bo‘lgan barcha hisob-kitob yozishmalarini to‘sqinliksiz olish huquqiga ega.
89. Bolalar shaharchasining moliya-xo‘jalik faoliyati yuzasidan nazoratni moliya organlari amalga oshiradilar.
90. Bolalar shaharchasining moddiy-texnika bazasi binolar, inshootlar, yer uchastkalari, kommunikatsiyalar, inventarlar, asbob-uskunalar, transport vositalari va boshqalardan iborat bo‘ladi.
IX. Yakuniy qoidalar
91. Bolalar shaharchasi maqomi oxirgi tarbiyalanuvchi balog‘at yoshiga yetgunga qadar va ishga joylashgunga qadar saqlanib qoladi.
92. Bolalar shaharchasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qayta tashkil etilishi yoki tugatilishi mumkin.
93. Bolalar shaharchasi tugatilganda uning pul mablag‘lari va mol-mulkidan, uning majburiyatlarini qoplash to‘lovlarini chegirgan holda qonun hujjatlariga va uning ustaviga muvofiq foydalaniladi.
Ota-onasining qarovisiz qolgan va to‘liq davlat ta’minotida bo‘lgan bolalar uchun Bolalar shaharchasi to‘g‘risidagi nizomga ILOVA
Bolalar shaharchalarining namunaviy shtatlari
T/r
Lavozimlar nomi
Oilalar soniga ko‘ra shtat birliklari soni
12 oila
16 oila
18 va undan ko‘p oila
1.
Direktor
1
1
1
2.
Direktorning o‘quv va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari
1
1
1
3.
Direktorning ma’muriy-xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari
1
1
1
4.
Yuridik maslahatchi
0,5
0,5
0,5
5.
Tarbiyachi
12
16
18 va undan ortiq
6.
Tarbiyachining yordamchisi
6
8
9 va undan ortiq
7.
Ijtimoiy xodim
1
1,5
2
8.
Psixolog
1
1,5
2
9.
Bosh buxgalter
1
1
1
10.
Buxgalter
1
1
1
11.
Kassir
1
1
1
12.
Vrach
1
1
1
13.
Ish yurituvchi kotiba
1
1
1
14.
Musiqa rahbari
1
1
1
15.
Tibbiy hamshira
1
1
1
16.
Jismoniy tarbiya instruktori
1
1
1
Izohlar.
Ishlovchilar soni 200 nafargacha bo‘lgan Bolalar shaharchalariga bir necha lavozimda ishlash shartlarida ish haqi to‘lagan holda 0,5 shtat birligidan iborat bo‘lgan fuqaro mudofaasi bo‘yicha mutaxassis lavozimi kiritiladi.
Avtomobil, avtobus, mikroavtobus yoki yuk transporti mavjud bo‘lgan Bolalar shaharchalarida haydovchi lavozimi joriy etiladi.
Qorovul lavozimi dam olish kunlari, bayram kunlari va ta’til davrida o‘rniga o‘zganing ishlashini hisobga olgan holda 2,5-3 shtat birligi miqdorida belgilanadi.
Bolalar shaharchalarida ma’muriy binolar hududini supurish-yig‘ishtirish uchun xizmatchi lavozimi joriy etiladi.
Mevali bog‘ yoki manzarali o‘simliklardan iborat bo‘lgan kamida 1,5 ga yer uchastkasi mavjud bo‘lgan Bolalar shaharchalarida bog‘bon lavozimi joriy etiladi.
Isitish mavsumida (kochegarlar), binolar, inshootlar va asbob-uskunalarga kompleks xizmat ko‘rsatish va ularni ta’mirlash bo‘yicha ishchilar yoki quyidagi hisob-kitoblar bo‘yicha o‘t yoquvchilar lavozimlari joriy etiladi:
markaziy isitish tarmog‘i mavjud bo‘lganda — har bir bug‘qozonga bir smena uchun 1 birlik kochegar lavozimi, isitish yuzasi 75 kv. metrdan ortiq bo‘lgan, yoqilg‘ining qattiq turlari (torf, toshko‘mir) qo‘llanadigan bug‘qozonlarga — har bir bug‘qozon uchun bir smenada 2 birlik kochegar lavozimi;
gaz bilan isitishda — bir smena uchun 1 birlik kochegar lavozimi, xavfsizlik avtomatikasi mavjud bo‘lmagan bug‘qozonxonalarda esa bir smena uchun 2 birlik kochegar lavozimi.
Binolarga kompleks xizmat ko‘rsatish va ularni ta’mirlash bo‘yicha ishchilar lavozimi quyidagi hisob-kitob bo‘yicha belgilanadi:
har 500 yoritish nuqtasi uchun 1 birlik elektromontyor lavozimi, biroq u Bolalar shaharchasi uchun 0,5 birlikdan kam bo‘lmasligi kerak;
suv quvuri va kanalizatsiya bilan ta’minlangan har 2000 kv. metr foydali maydon uchun 1 birlik chilangar-santexnik lavozimi, biroq u Bolalar shaharchasi uchun 0,5 birlikdan kam bo‘lmasligi kerak;
Bolalar shaharchasi uchun 1 birlik duradgor lavozimi.
Bolalar shaharchalari ta’minoti uchun xarajatlar smetalarida maktab yoshidagi bolalar va aralash tipdagi bolalar uylari uchun Bolalar shaharchasiga 1 stavka miqdorida — to‘garaklar rahbarlari ish haqiga mablag‘lar ajratish nazarda tutiladi.
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2008-y., 22-23-son, 199-modda; 2011-y., 25-son, 260-modda; 2011-y., 52-son, 565-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 30.09.2019-y., 09/19/822/3840-son)