toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
RESPUBLIKA OLIMPIYA ZAXIRALARI TENNIS MAKTABINI TASHKIL ETISH TOʻGʻRISIDA
Yuqori toifali tennischilarni tarbiyalash va tayyorlash uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, ularning sport mahoratini takomillashtirish, eng yuksak darajadagi xalqaro musobaqalarda Oʻzbekistonning munosib vakillari boʻla oladigan mamlakat terma jamoalari zaxirasini shakllantirish maqsadida:
Oldingi tahrirga qarang.
1. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Moliya vazirligi, Milliy olimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston Tennis federatsiyasining Toshkent shahrida Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzurida Respublika olimpiya zaxiralari tennis maktabini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-iyundagi PF-5456-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.06.2018-y., 06/18/5456/1316-son)
2. Quyidagilar Respublika tennis maktabining asosiy vazifalari etib belgilansin:
yuqori toifali tennischilarni tayyorlash boʻyicha oʻquv-mashgʻulot jarayonini tashkil etish uchun zarur zamonaviy moddiy-texnika bazasini va malakali murabbiylar tarkibini yaratish;
zarur hollarda xorijdan murabbiy-mutaxassislarni taklif etib, oʻquv-mashgʻulot jarayonlarini tennis sohasidagi eng yangi oʻquv-metodik tavsiyanomalar asosida tashkil etish;
nazariy tayyorgarlik va texnik-taktik koʻnikmalarni takomillashtirish, tennischilarning kasbiy sifatlarini rivojlantirish, shuningdek, Oʻzbekiston terma jamoalari tayyorgarligi darajasini zamonaviy tennisni rivojlantirishning xalqaro talablariga muvofiq oshirish;
tennischilar va murabbiylar tarkibining kasb mahoratini oshirish boʻyicha tajriba almashish borasida xorijiy tennis maktablari, akademiyalari va klublari bilan hamkorlikni rivojlantirish.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi va Toshkent shahar hokimligining “Toshkent tennis markazi” OAJ sport majmuasini belgilangan tartibda Respublika tennis maktabi balansiga bepul oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
4. Toshkent shahar hokimligi:
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Moliya vazirligi, Oʻzbekiston Tennis federatsiyasi va “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi bilan birgalikda bir oy muddatda butun majmuani 2008-2009 oʻquv yili boshida ishga tushirishni nazarda tutgan holda Respublika tennis maktabi oʻquvchilarining yashashi va ovqatlanishiga, oʻquv-mashgʻulot jarayonlari uchun moʻljallangan binolar va inshootlarni qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlashga oid zarur loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlasin;
2008-yilning 1-avgustigacha Respublika tennis maktabining binolari va inshootlarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash ishlari tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq yakunlanishini taʼminlasin.
5. Belgilansinki:
Respublika tennis maktabiga faqat tanlov asosida, tennis klublari va sport maktablarida dastlabki tayyorgarlikdan oʻtgan, tennis bilan shugʻullanish uchun zarur sport alomatlariga va yuqori darajali tennischilarni tayyorlash uchun tegishli salohiyatga ega boʻlgan iqtidorli yigit va qizlar orasidan qabul qilinadi;
Respublika tennis maktabi oʻquvchilari yuqori toifali tennischilarni tayyorlash maxsus dasturi boʻyicha, tennischilarni tayyorlash keng xalqaro tajribasini hisobga olgan holda oʻqitiladi;
Respublika tennis maktabi oʻquvchilarning badallari, homiylar hamda Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.
6. Respublika olimpiya zaxiralari tennis maktabining Vasiylik kengashi ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin.
7. Vazirlar Mahkamasi Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligining birgalikdagi taqdimnomasi boʻyicha Toshkent shahar hokimligiga yangitdan tashkil etilayotgan Respublika tennis maktabi binolari va inshootlarining loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash, qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlash hamda ularni jihozlash bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlarni qoplash uchun Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan kapital qoʻyilmalarning umumiy hajmlarini qayta taqsimlash yoʻli bilan qoʻshimcha kapital qoʻyilmalar ajratilishini nazarda tutsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2008-yilda oʻquvchilarni ovqat, sport buyumlari, forma, asbob-uskunalar va anjomlar bilan taʼminlashni hisobga olgan holda, Respublika tennis maktabi taʼminoti uchun mablagʻlarni izlab topsin, 2009-yildan boshlab esa Davlat budjeti parametrlarida zarur mablagʻlarni nazarda tutsin.
9. Vasiylik kengashi Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Moliya vazirligi va Oʻzbekiston Tennis federatsiyasi bilan birgalikda bir oy muddatda:
Respublika olimpiya zaxiralari tennis maktabi toʻgʻrisida Nizom, uning tuzilmasi va xodimlarining cheklangan soni;
oʻquvchilarni Respublika tennis maktabiga tanlov asosida saralab olish va qabul qilish tartibi;
Respublika tennis maktabi oʻquvchilarini yashash, ovqatlanish, sport buyumlari va formasi bilan taʼminlash normativlari;
Respublika tennis maktabini 2008-2009 oʻquv yili boshlanishigacha zarur oʻquv, mashgʻulot va maishiy asbob-uskunalar, oʻquv-mashgʻulot jarayonini tashkil etish uchun zamonaviy kompyuter texnikasi va axborot-resurs markazi bilan jihozlash boʻyicha takliflarni ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 13-iyundagi 132-sonli “Respublika olimpiya zaxiralari tennis maktabining faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori.
10. Respublika tennis maktabi 2013-yilning 1-yanvarigacha:
moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun zarur boʻlgan olib kelinadigan sport anjomlari, asbob-uskunalar va materiallarga bojxona toʻlovlari (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) toʻlashdan;
boʻshaydigan mablagʻlarni Respublika tennis maktabining ustav vazifalarini bajarishga maqsadli yoʻnaltirgan xolda Oʻzbekiston Respublikasi hududida amalda boʻlgan barcha turdagi soliqlarni toʻlashdan ozod etilsin.
Belgilansinki, yuridik va jismoniy shaxslar uchun foyda soligʻi, yagona soliq toʻlovi va jismoniy shaxslarning daromad soligʻi boʻyicha soliqqa tortish bazasi 5 yil muddatga Respublika tennis maktabini qoʻllab-quvvatlash maqsadlariga homiylik (begʻaraz) yordam sifatida oʻtkaziladigan mablagʻlar summasi miqdorida kamaytiriladi.
11. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2008-yil 29-aprel,
PQ-848-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 29-apreldagi PQ-848-son qaroriga
ILOVA
Respublika olimpiya zaxiralari tennis maktabining Vasiylik kengashi
TARKIBI

R.R. Inoyatov

Oʻzbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati raisi, Oʻzbekiston tennis federatsiyasi raisi, Vasiylik kengashi raisi

V.N. Tyan

“Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK bosh direktori

N.A. Ahmedov

“Oʻzbekneftgaz” MXK boshqaruvi raisi

A.F. Izbosarov

Aloqa va axborotlashtirish agentligi bosh direktorining birinchi oʻrinbosari

G.I. Ibragimov

“Oʻzkimyosanoat” DAK boshqaruvi raisi

B.M. Teshaboyev

“Oʻzbekenergo” DAK boshqaruvi raisi

U.M. Mustafoyev

“Oʻzsanoatqurilishbank” ATB boshqaruvi raisi

J.B. Sayfiddinov

“Mikrokreditbank” ATB boshqaruvi raisi

T.R. Toʻxtaboyev

Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi raisi

A.X. Toʻxtayev

Toshkent shahar hokimi

S.I. Dabija

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati bosh direktorining birinchi oʻrinbosari — bosh muhandis

 LexUZ sharhi
Ilova norasmiy tarjima.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 18-son, 148-modda; 2017-y., 20-son, 354-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.06.2018-y., 06/18/5456/1316-son)