toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkmaniston Hukumati oʻrtasida
Bitim
Chegaraboʻyi viloyatlari hududida joylashgan xoʻjalik obyektlarida xizmat qiluvchi shaxslar tomonidan oʻzbek-turkman chegarasini kesib oʻtishlari toʻgʻrisida
2004-yil 19-noyabr, Buxoro
(2004-yil 4-dekabrdan kuchga kirgan)
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkmaniston Hukumati (bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar),
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Turkmaniston oʻrtasida doʻstlik, hamkorlik va oʻzaro yordam toʻgʻrisida 1996-yil 16-yanvarda imzolangan Shartnomaning qoidalariga amal qilib,
davlat chegarasini kesib oʻtish tartibini takomillashtirish maqsadida va chegaraboʻyi viloyatlari hududida joylashgan xoʻjalik obyektlarida xizmat qiluvchi shaxslarning kirishlari, chiqishlari va unda boʻlishlarining huquqiy tartibga solinishini taʼminlash zarurligidan kelib chiqib,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Bir Tomon davlatining boshqa Tomon davlati hududida joylashgan xoʻjalik obyektlariga xizmat koʻrsatuvchi personali xodimlari boʻlgan fuqarolari (bundan keyin xizmat koʻrsatish personali xodimlari deb ataladi) hududida mana shu obyektlar joylashgan davlat Tomonining vakolatli organlari tarafidan davlat chegarasi chizigʻida beriladigan oldindan rasmiylashtirilgan ruxsatnomalar asosida xizmat vazifalarini bajarish uchun fuqarolarning amaldagi milliy pasportlari oʻzlari bilan mavjud boʻlgan holda yuboruvchi Tomondan diplomatik kanallar orqali oldindan taqdim etilgan shaxslar roʻyxatlariga binoan vizasiz kiradilar, chiqadilar va unda boʻladilar.
Xizmat koʻrsatish personali xodimlari uchun ruxsatnomalarni rasmiylashtirishda qilingan haqiqiy xarajatlarni hisobga olgan holda belgilanadigan roʻyxatga olish yigʻimlari undiriladi. Ruxsatnoma namunasi, uning amal qilish muddati va uni rasmiylashtirish uchun undiriladigan yigʻim hajmi bunday ruxsatnomalarni beruvchi Tomondan belgilanadi va boshqa Tomon eʼtiboriga diplomatik kanallar orqali yetkaziladi. Yuboruvchi Tomon shaxslarning roʻyxatlari boʻyicha maʼlumotni har oy tasdiqlaydi yoki ularga kiritiladigan har qanday oʻzgarishlar toʻgʻrisida diplomatik kanallar orqali xabardor qiladi.
2-modda
Hududida boshqa Tomonning xoʻjalik obyektlari joylashgan Tomon yuboruvchi Tomon diplomatik kanallar orqali taqdim qilgan tegishli maʼlumotlarga koʻra xizmat koʻrsatish personali xodimlarining harakatlanish yoʻnalishlari va kelish joylarini ruxsatnomalar boʻyicha aniqlaydi va bu toʻgʻrida boshqa Tomonni diplomatik kanallar orqali xabardor qiladi.
3-modda
Boshqa Tomon davlati hududida joylashgan xoʻjalik obyektlarida ishlaydigan bir Tomon davlati fuqarolari boʻlgan xizmat koʻrsatish personali xodimlarining soni obyektlarning normal ishlashi va saqlanishini taʼminlash uchun zarur boʻlgan minimal miqdorda belgilanadi.
Tomonlar mazkur obyektlarda avariya holatlarida sozlash-tiklash ishlarini bajaradigan va boshqa Tomon davlati hududiga fuqarolarning amaldagi milliy pasportlari oʻzlari bilan mavjud boʻlgan holda hududida mana shu obyektlar joylashgan davlat Tomonining vakolatli organlari tarafidan yuboruvchi Tomondan diplomatik kanallar orqali oldindan taqdim etilgan shaxslar roʻyxatlariga binoan davlat chegarasi chizigʻida beriladigan oldindan rasmiylashtirilgan ruxsatnomalar asosida vizasiz kirish, chiqish va unda boʻlish huquqiga ega boʻlgan xizmat koʻrsatish personali xodimlarining rezerv miqdorini belgilaydilar.
4-modda
Boshqa Tomon davlati hududida joylashgan va bir Tomonning xoʻjalik obyektlariga xizmat koʻrsatish uchun moʻljallangan avtotransport, mexanizmlar hamda maxsus texnika yuboruvchi Tomondan diplomatik kanallar orqali oldindan taqdim etilgan roʻyxatlarga binoan hududida xoʻjalik obyektlari joylashgan davlat Tomonining vakolatli organlari tarafidan davlat chegarasi chizigʻida beriladigan oldindan rasmiylashtirilgan ruxsatnomalar asosida bu Tomon davlati hududiga kiradi, chiqadi va unda boʻladi.
Boshqa Tomon davlati hududida joylashgan va bir Tomonning xoʻjalik obyektlariga xizmat koʻrsatish uchun moʻljallangan avtotransport, mexanizmlar hamda maxsus texnikasiga ruxsatnomalarni rasmiylashtirishda sarf qilingan haqiqiy xarajatlarni hisobga olgan holda belgilanadigan roʻyxatga olish yigʻimlari undiriladi. Ruxsatnoma namunasi, uning amal qilish muddati va uni rasmiylashtirish uchun yigʻim hajmini ruxsatnomani beradigan Tomon belgilaydi hamda boshqa Tomon eʼtiboriga diplomatik kanallar orqali maʼlum qiladi.
Xoʻjalik obyektlarining ishlashi uchun zarur boʻlgan va olib kirilishi hamda olib chiqilishi lozim boʻlgan yuklar, materiallar, uskunalar va texnika toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni kelishib olish maqsadida Tomonlar bir-birlariga diplomatik kanallar orqali oldindan taqdim etadilar. Tomonlar kelishuvga koʻra avtotransport, mexanizmlar va maxsus texnikaning harakat yoʻnalishini, uni joylashtirish yerini hamda yuklar, materiallar va uskunalar turadigan joyni belgilaydilar.
5-modda
Tomonlarning har biri tuziladigan kontraktlarga muvofiq pullik asosda oʻz davlati hududida boshqa Tomon xoʻjalik obyektlarining xavfsizligi va butunligini taʼminlaydilar.
Turkmaniston hududida joylashgan Qarshi va Amu-Buxoro kanallarining ishlashini taʼminlovchi, shuningdek Tuyamoʻyin suv omborining birgalikdagi mulkdori hisoblanuvchi xoʻjalik obyektlarining butunligini taʼminlash kontrakti narxi bir yilga 300 (uch yuz) ming AQSh dollari miqdorida belgilanadi (har bir obyekt uchun bir yilga 100 (yuz) ming AQSh dollaridan).
6-modda
Tomonlar ushbu Bitim kuchga kirgandan soʻng oʻttiz kun davomida ushbu Bitimning amal qilishi daxl qiladigan hujjatlarning nusxalarini diplomatik kanallar orqali almashadilar.
Yangi ruxsatnomalar joriy qilinadigan yoki amaldagi ruxsatnomalarga oʻzgartishlar kiritiladigan hollarda Tomonlar bu toʻgʻrida bir-birlarini xabardor qiladilar va yangi yoxud oʻzgartirilgan ruxsatnomalarning namunalarini ularning kiritilishidan kamida oʻttiz kun ilgari diplomatik kanallar orqali yuboradilar.
7-modda
Tomonlar zaruratga koʻra ushbu Bitimni bajarish bilan bogʻliq masalalarni muhokama qilish maqsadida maslahatlashuvlar olib boradilar.
8-modda
Tomonlarning oʻzaro kelishuvlariga koʻra ushbu Bitimga uning 10-moddasida nazarda tutilgan tartibga muvofiq kuchga kiradigan va Bitimning ajralmas qismi hisoblanadigan oʻzgartish va toʻldirishlar kiritilishi mumkin.
9-modda
Ushbu Bitim qoidalarini bajarish yoki qoʻllash davomida yuzaga keladigan har qanday masalalar Tomonlar oʻrtasida muzokaralar orqali hal qilinadi.
10-modda
Ushbu Bitim imzolangan kundan oʻn besh kun oʻtgach kuchga kiradi va Tomonlardan biri boshqa Tomondan ushbu Bitim amal qilishini toʻxtatish niyati toʻgʻrisidagi rasmiy xabarnoma olgan sanadan keyin toʻqson kun oʻtgunicha amal qiladi.
Buxoro shahrida 2004-yil 19-noyabr (Sanjar)da ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, turkman va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilish maqsadida rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)
(Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari toʻplami, 2004-y., 3-4-son)