Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qirgʻiziston Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Davlat chegarasi orqali oʻtkazish punktlari toʻgʻrisida
2004-yil 24-iyul, Bishkek
LexUZ sharhi
Mazkur Bitim Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 28-dekabrdagi PQ-544-sonli “Xalqaro shartnomalarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori bilan tasdiqlangan.
(2007-yil 8-yanvardan kuchga kirgan)
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qirgʻiziston Respublikasi Hukumati, bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar,
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qirgʻiziston Respublikasi Hukumati oʻrtasida fuqarolarning oʻzaro kelib-ketishlari toʻgʻrisida 2000-yil 2-iyulda Toshkent shahrida imzolangan Bitimni eʼtiborga olib,
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Qirgʻiziston Respublikasi oʻrtasida yaxshi qoʻshnichilik, doʻstlik va hamkorlik munosabatlarini rivojlantirish uchun qulay sharoitlarni yaratish maqsadida,
shaxslarni, yuklarni, tovarlarni, transport vositalarini, jonivorlar va boshqa mulklarni Oʻzbekiston—Qirgʻiziston davlat chegarasi orqali oʻtkazish tartibini takomillashtirish zarurligiga amal qilib,
noqonuniy migratsiya, qurol-yarogʻ, giyohvandlik vositalari va prekursorlar kontrabandasini fosh etish hamda oldini olish maqsadida,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Oʻzbekiston—Qirgʻiziston davlat chegarasini shaxslar, yuklar, tovarlar, transport vositalari, jonivorlar va boshqa mulklar kesib oʻtishi uchun Tomonlar davlat chegarasi orqali ushbu Bitimning ajralmas qismi hisoblanadigan Ilovasida qayd etilgan xalqaro va ikki tomonlama oʻtkazish punktlari, shu jumladan yengillashtirilgan oʻtkazish punktlarini (bundan keyin — oʻtkazish punktlari) oʻrnatishga qaror qildilar.
Xalqaro oʻtkazish punktlari Tomonlar davlatlarining va boshqa davlatlarning shaxslarini, yuklarini, tovarlarini, transport vositalarini, jonivorlar hamda boshqa mulklarini oʻtkazishni amalga oshiradi.
Ikki tomonlama oʻtkazish punktlari Tomonlar davlatlarining shaxslarini, yuklarini, tovarlarini, transport vositalarini, jonivorlar va boshqa mulklarini oʻtkazishni amalga oshiradi.
Engillashtirilgan oʻtkazish punktlari Tomonlar davlatlarining fuqarolarini oʻtkazishni amalga oshiradi. Engillashtirilgan oʻtkazish punktlarining ish tartibi Tomonlar davlatlarining chegara va bojxona idoralari oʻrtasidagi ahdlashuviga koʻra belgilanadi.
2-modda
Oʻzbekiston—Qirgʻiziston davlat chegarasi orqali oʻtayotgan shaxslarni ushbu Bitimning Ilovasida qayd etilgan oʻtkazish punktlaridan oʻtkazish Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qirgʻiziston Respublikasi Hukumati oʻrtasida fuqarolarning oʻzaro kelib-ketishlari toʻgʻrisida 2000-yil 2-iyulda Toshkent shahrida imzolangan Bitimda hamda Oʻzbekiston Respublikasi bilan Qirgʻiziston Respublikasi ishtirok etgan boshqa xalqaro shartnomalarda koʻzda tutilgan shartlar asosida amaldagi hujjatlar boʻyicha amalga oshiriladi.
3-modda
Oʻtkazish punktlarining ishi (ish rejimi) ushbu Bitimning Ilovasiga koʻra Tomonlarning ahdlashuvlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Ish rejimining kuzatuvini nazorat qilish, shuningdek shaxslarni, yuklarni, tovarlarni, transport vositalarini, jonivorlar va boshqa mulklarni oʻtkazish tartibi Tomonlar davlatlarining chegara hamda bojxona idoralarining kelishuviga koʻra belgilanadi.
4-modda
Shaxslarni, yuklarni, tovarlarni, transport vositalarini, jonivorlar va boshqa mulklarni chegara, bojxona va zarur hollarda nazoratning boshqa turlari (bundan keyin — nazorat) oʻtkazish punktlarida Tomonlarning milliy qonunlari va ular ishtirok etgan xalqaro shartnomalarga muvofiq amalga oshiriladi.
Zarur hollarda Tomonlar birgalikdagi nazorat uchun shart-sharoitlar yaratadilar. Birgalikdagi nazoratni tashkil etish va amalga oshirish tartibi Tomonlar davlatlarining chegara hamda bojxona idoralari oʻrtasida alohida ahdlashuvlar orqali belgilanadi.
5-modda
Oʻtkazish punktlarining tegishli faoliyatini taʼminlash uchun Tomonlarning har biri oʻz davlati hududida zarur infratuzilmani yaratadi.
Oʻtkazish punktida birgalikdagi nazoratni oʻtkazish imkoniyati koʻzda tutilgan boʻlsa, oʻtkazish punktini loyihalashtirish va qurish oʻzaro kelishuvga koʻra amalga oshiriladi.
6-modda
Oʻtkazish punktlarining yangilarini ochish, mavjudlarini (shu jumladan, yengillashtirilgan oʻtkazish punktlari) berkitish yoki ularning maqomi va ish rejimini oʻzgartirish Tomonlar oʻrtasida diplomatik kanallar orqali kelishiladi hamda ushbu Bitimning ajralmas qismi hisoblanadigan bayonnomalar orqali rasmiylashtiriladi.
Ushbu Bitimning qoidalarini bajarish boʻyicha quyidagilar Tomonlarning vakolatli organlari hisoblanadilar:
Oʻzbekiston Respublikasidan — Oʻzbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati Davlat chegaralarini himoya qilish qoʻmitasi va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi;
Qirgʻiziston Respublikasidan — Qirgʻiziston Respublikasi Chegara xizmati va Qirgʻiziston Respublikasi Moliya vazirligi Daromadlar qoʻmitasining Bojxona xizmati departamenti.
7-modda
Oʻzbekiston—Qirgʻiziston davlat chegarasining alohida uchastkalaridagi oʻtkazish punktlari orqali harakatlanishni vaqtincha cheklash yoki toʻxtatish Tomonlar davlatlarining milliy xavfsizligi manfaatlarida, shuningdek tabiiy ofatlar oqibatida, epidemiya va epizootiyalar davridagi sanitar-karantin sabablari boʻyicha amalga oshirilishi mumkin.
Bunday vaqtincha cheklashlarni kiritayotgan Tomon, boshqa Tomonni ularni kiritish rejalashtirilayotgan vaqtidan kamida 5 kun ilgari cheklashning sabab va muddatlarini koʻrsatgan holda, diplomatik kanallar orqali xabardor qiladi.
Tomonlar Oʻzbekiston—Qirgʻiziston davlat chegarasi orqali harakatlanishning oʻtkazish punktlari obyektlari yoki kommunikatsiya qurilmalarida rejalashtirilgan taʼmirlash bilan bogʻliq cheklangani yoki toʻxtatilgani toʻgʻrisida bir-birlarini bunday ishlar boshlanishidan kamida uch oy ilgari, ularning tugatilishi sanasi toʻgʻrisidagi xabarnoma bilan birga xabardor qiladilar.
8-modda
Favqulodda hollarda (tabiiy ofatlar, epidemiya, epizootiyalar, falokatlar, tibbiy tez yordam koʻrsatish va shu kabilar), Tomonlar davlatlarining chegara hamda bojxona idoralarining oʻzaro ahdlashuviga koʻra, davlat chegarasi orqali shaxslarni, yuklarni, tovarlarni, transport vositalarini, jonivorlarni va boshqa mulklarni belgilangan nazorat tartibiga rioya etib, amalda boʻlmagan oʻtkazish punktlaridan oʻtkazishlari mumkin.
9-modda
Ushbu Bitim Tomonlarning ular ishtirok etgan boshqa xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
10-modda
Tomonlarning oʻzaro roziliklariga koʻra ushbu Bitimga oʻzgartish va toʻldirishlar kiritilishi mumkin. Ular ushbu Bitimning ajralmas qismi hisoblanadigan va uning 12-moddasiga muvofiq kuchga kiradigan alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladilar.
11-modda
Ushbu Bitimning qoidalarini qoʻllash va talqin qilish boʻyicha bahs hamda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan holda Tomonlar ularni muzokara va maslahatlashuvlar oʻtkazish orqali hal qiladilar.
12-modda
Ushbu Bitim Tomonlar uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki protseduralarini bajarganliklari toʻgʻrisida oxirgi yozma xabarnoma olingan sanadan boshlab kuchga kiradi.
Ushbu Bitim 5 yil davomida amal qiladi va Tomonlarning birontasi uning amal qilishini toʻxtatish niyati toʻgʻrisida boshqa Tomonni navbatdagi besh yillik muddat tugashidan kamida olti oy ilgari yozma ravishda xabardor qilmasa, u har safar keyingi besh yillik muddatlarga oʻz-oʻzidan uzayaveradi.
Bishkek shahrida 2004-yil 24-iyulda ikki nusxada, har biri oʻzbek, qirgʻiz va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilish maqsadida rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qirgʻiziston Respublikasi Hukumati oʻrtasida davlat chegarasi orqali oʻtkazish punktlari toʻgʻrisida Bitimga ILOVA
№ p/p
Oʻzbekiston Respublikasi oʻtkazish punktlari nomlanishi
Oʻzbekiston Respublikasida joylashish oʻrni
Qirgʻiziston Respublikasi oʻtkazish punktlari nomlanishi
Qirgʻiziston Respublikasida joylashish oʻrni
Oʻtkazish punktlari maqomi
Ish tartibi
1.
Quvasoy-temir yoʻl
Fargʻona viloyati Quvasoy tumani
Qizil-Qiya temir yoʻl
Botken viloyati Qizil-Qiya sh.
Xalqaro
24 soat
2.
Doʻstlik-avtoyoʻl
Andijon viloyati Xoʻjaobod tumani
Dostuk-avto yoʻl
Oʻsh viloyati Qorasuv tumani
Xalqaro
24 soat
3.
Savay-temir yoʻl
Andijon viloyati Qoʻrgʻontepa tumani
Qorasuv temir yoʻl
Oʻsh viloyati Qorasuv tumani
Xalqaro
24 soat
4.
Xonobod-avtoyoʻl
Andijon viloyati Qoʻrgʻontepa tumani
Bekobod-avto yoʻl
Jalolobod viloyati Soʻzak tumani
Xalqaro
24 soat
5.
Xonobod -temir yoʻl
Andijon viloyati Qoʻrgʻontepa tumani
Jalolobod-temir yoʻl
Jalolobod viloyati Jalolobod sh.
Xalqaro
24 soat
6.
Madaniyat-avtoyoʻl
Andijon viloyati Paxtaobod tumani
Madaniyat-avtoyoʻl
Jalolobod viloyati Nooken tumani
Xalqaro
24 soat
7.
Uchqoʻrgʻon-temir yoʻl
Namangan viloyati Uchqoʻrgʻon tumani
Shamaldisoy-temir yoʻl
Jalolobod viloyati Nooken tumani
Xalqaro
24 soat
8.
Oʻzbekiston-avtodorojniy
Fargʻona viloyati Quvasoy tumani
Qizil-Qiya-avtoyoʻl
Zotken viloyati Qizil-Qiya sh.
Ikki tomonlam�
24 soat
9.
Mingtepa—avtoyoʻl
Andijon viloyati Marhamat tumani
Qora-Bagʻish— avtoyoʻl
Oʻsh viloyati Aravon tumani
Ikki tomonlama
Kunning yorugʻ vaqti
10.
Kosonsoy-avtoyoʻl
Namangan viloyati Kosonsoy tumani
Baymak-avtoyoʻl
Jalolobod viloyati Ola-Buqa tumani
Ikki tomonlama
Kunning yorugʻ vaqti
11.
Pushmon-avtoyoʻl
Andijon viloyati Paxtaobod tumani
Seydikum-avtoyoʻl
Jalolobod viloyati Bozor-Qoʻrgʻon tumani
Engillashtirilgan oʻtkazish punkti
Kunning yorugʻ vaqti
12.
Keskanyor—avtoyoʻl
Andijon viloyati Qoʻrgʻontepa tumani
Intimak-avtoyoʻl
Oʻsh viloyati Qorasuv tumani
Ikki tomonlama
Kunning yorugʻ vaqti
13.
Qoraqoʻrgʻon-avtoyoʻl
Namangan viloyati Chust tumani
Sumsar- avtoyoʻl
Jalolobod viloyati Ola-Buqa tumani
Engillashtirilgan oʻtkazish punkti
Kunning yorugʻ vaqti
14.
Uchqoʻrgʻon avtoyoʻl
Namangan viloyati Uchqoʻrgʻon tumani
Kensoy-avtoyoʻl
Jalolobod viloyati Nooken tumani
Xalqaro
24 soat
(Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari toʻplami, 2007-y., 1-son)