Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
Amerika Qoʻshma Shtatlari Hukumati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida “Taraqqiyot yoʻlida oziq-ovqat bilan taʼminlash” dasturi boʻyicha qishloq xoʻjaligi mahsuloti yetkazib berish toʻgʻrisidagi Bitim doirasida Oʻzbekiston Respublikasiga berilgan grantdan samarali foydalanilishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Hukumatlararo bitimga muvofiq tashkil etilgan Oʻzbekiston—Amerika qoʻshma ishchi guruhining qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishini rivojlantirish loyihasini “Taraqqiyot yoʻlida oziq-ovqat bilan taʼminlash” dasturi boʻyicha qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini sotishdan tushadigan grant mablagʻlari hisobiga
ilovaga muvofiq moliyalashtirish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. “Qoraqalpogʻiston Respublikasida Boʻston kanalini qurish” loyihasining texnik-iqtisodiy hisob-kitobi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 31-dekabrdagi 514-f-son farmoyishi bilan tasdiqlanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi masʼul bajaruvchilar bilan birgalikda
ilovaga kiritilgan kapital qurilish obyektini 2007-yilgi qurilishlarning aniq manzilli roʻyxatlariga belgilangan tartibda kiritsinlar.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi:
bir oy muddatda budjet tarkiblari boʻyicha iqtisodiy asoslash hisob-kitoblarini ishlab chiqsin hamda loyihani moliyalashtirishning yil va choraklarga boʻlingan jadvallarini Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishib olsin;
mablagʻlardan maqsadli foydalanilishini taʼminlasin va loyihani amalga oshirishning borishi toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi hamda Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligiga har chorakda axborot bersin;
“Taraqqiyot yoʻlida oziq-ovqat bilan taʼminlash” dasturi doirasida amalga oshirish uchun ilgari nazarda tutilgan 800 mln. soʻm miqdorida moliyalashtirish doirasida, ustuvor suv xoʻjaligi loyihalari yuzasidan Oʻzbekiston—Amerika qoʻshma ishchi guruhining Oʻzbekistonga oid qismiga koʻrib chiqish uchun ikki oy muddatda belgilangan tartibda yangi takliflar kiritsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
ilovaga kiritilgan loyihaning “Taraqqiyot yoʻlida oziq-ovqat bilan taʼminlash” dasturi boʻyicha tushadigan mablagʻlarni jamlash uchun ochilgan Moliya vazirligining maxsus hisob raqamidan oʻz vaqtida moliyalashtirilishini taʼminlasin;
mablagʻlardan maqsadli foydalanilishini tekshirsin, mablagʻlardan boshqa maqsadlarda foydalanilgan taqdirda esa — loyihani moliyalashtirishni toʻxtatib qoʻysin va moliyalashtirishni tiklash toʻgʻrisidagi masalani Oʻzbekiston—Amerika qoʻshma ishchi guruhi majlisiga kiritsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.