toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 22.02.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“OʻZMED-LIZING” OChIQ AKSIYADORLIK JAMIYATI IXTISOSLAShTIRILGAN LIZING KOMPANIYASINI TAShKIL ETISh TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika tibbiyot muassasalari faoliyatini tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2007-yil 2-oktabrdagi PQ-700-son qaroriga muvofiq, shuningdek tibbiyot muassasalarini zamonaviy tibbiyot asbob-uskunalari bilan jihozlash, Oʻzbekiston Respublikasining sogʻliqni saqlash tizimida lizing munosabatlarini rivojlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Davlat mulki qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, “Asaka” banki, “Paxta-bank”, “Oʻzsanoatqurilishbank”, Ipoteka-bankning boshlangʻich ustav fondi 1,5 mlrd soʻm miqdorida boʻlgan va muassislar oʻrtasida 1-ilovaga muvofiq taqsimlanadigan ochiq aksiyadorlik jamiyati shaklidagi “OʻzMED-lizing” ixtisoslashtirilgan lizing kompaniyasini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar “OʻzMED-lizing” ochiq aksiyadorlik jamiyati ixtisoslashtirilgan lizing kompaniyasi faoliyatining asosiy yoʻnalishlari ekanligi maʼlumot uchun qabul qilinsin:
oʻz mablagʻlari hisobiga, shuningdek mamlakatimiz va chet el banklari kreditlari va qarzlarini jalb etish yoʻli bilan zamonaviy yuqori texnologiyali tibbiyot asbob-uskunalari, ular uchun ehtiyot qismlar, anjomlar va maxsus transport (keyingi oʻrinlarda “tibbiyot asbob-uskunalari” deb yuritiladi) xarid qilish;
tibbiyot asbob-uskunalarini shartnoma asosida lizingga va uzoq muddatli ijaraga berish, shuningdek ularni tibbiyot muassasalariga sotish.
3. “OʻzMED-lizing” ochiq aksiyadorlik jamiyati ixtisoslashtirilgan lizing kompaniyasining xodimlarining cheklangan umumiy soni 17 nafar, shu jumladan boshqaruv xodimlari soni 15 nafar boʻlgan boshqaruv tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq maʼqullansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi boshqa muassislar bilan birgalikda bir oy muddatda “OʻzMED-lizing” ochiq aksiyadorlik jamiyatining taʼsis yigʻilishini oʻtkazsin va lizing kompaniyasining taʼsis hujjatlari belgilangan tartibda tasdiqlanishini, shuningdek kompaniyaning davlat roʻyxatiga olinishini taʼminlasin.
5. Toshkent shahar hokimligi bir oy muddatda “OʻzMED-lizing” ochiq aksiyadorlik jamiyati ixtisoslashtirilgan lizing kompaniyasini joylashtirish uchun belgilangan tartibda bino ajratsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari R.S. Qosimov va R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.MIRZIYOEV
Toshkent sh.,
2007-yil 13-noyabr,
236-son
Vazirlar Mahkamasining
2007-yil 13-noyabrdagi 236-son qaroriga
1-ILOVA
“OʻzMED-lizing” ochiq aksiyadorlik jamiyati ixtisoslashtirilgan lizing kompaniyasi ustav fondining tarkibi
Muassislar Ustav fondidagi ulushi‎‎‎
foizlarda‎ summasi (mln soʻm) ‎
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi*‎ 13‎ 200,0‎
“Oʻzmilliybank” ‎ 20‎ 300,0‎
“Paxta-bank”‎ 13‎ 200,0‎
“Asaka” banki‎ 20‎ 300,0‎
“Oʻzsanoatqurilishbank”‎ 17‎ 250,0‎
Ipoteka-bank‎ 17‎ 250,0‎
Jami:‎ 100‎ 1 500,0‎
* Davlat mulkini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishdan tushadigan umumiy mablagʻlar hisobiga.
Vazirlar Mahkamasining
2007-yil 13-noyabrdagi 236-son qaroriga
2-ILOVA
“OʻzMED-lizing” ochiq aksiyadorlik jamiyati ixtisoslashtirilgan lizing kompaniyasining boshqaruv tuzilmasi
Izoh. Kompaniyaning Kuzatuvchi kengashi lizing operatsiyalari hajmi va soni oʻzgargan taqdirda uning tuzilmasiga va xodimlarning cheklangan soniga oʻzgartirish kiritish huquqiga ega.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 46-47-son, 469-modda)