toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 10.05.2018
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI BOSh PROKURATURASINING OLIY O‘QUV KURSLARINI TAShKIL ETISh TO‘G‘RISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 8-maydagi PF-5438-sonli “Prokuratura organlari kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi prokuraturasi organlari rahbar kadrlarini qayta tayyorlash va xodimlarining malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida, shuningdek, Kadrlar tayyorlash milliy dasturiga muvofiq:
1. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Qonunchilikni mustahkamlash muammolari va prokuror-tergov xodimlari malakasini oshirish markazi tugatilsin va uning negizida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Oliy o‘quv kurslari tashkil etilsin.
2. Oliy o‘quv kurslarining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
yuridik fani, prokuror-tergov amaliyoti, mehnat va boshqaruvni ilmiy tashkil etishning eng yangi yutuqlarini o‘rgatish maqsadida prokuratura organlarining rahbar kadrlarini qayta tayyorlash va xodimlarining malakasini oshirish;
muntazam ravishda tinglovchilarning nazariy bilimlari va amaliy ko‘nikmalarini oshirish, ishchanlik va kasbiy fazilatlarini takomillashtirish;
axborot-tahlil ishlari ko‘nikmalarini rivojlantirish, O‘zbekiston Respublikasi tashqi va ichki siyosatining asosiy yo‘nalishlariga doir bilimlarni chuqurlashtirish;
professional vazifalarni hal etishda zamonaviy kompyuter texnologiyalaridan, global axborot tarmoqlari resurslari imkoniyatlaridan foydalanish borasidagi bilimlarni chuqurlashtirish va amaliy ko‘nikmalarni takomillashtirish;
demokratik huquqiy davlat barpo etish, fuqarolik jamiyatini shakllantirish va qonunchilikni mustahkamlash sohasida tinglovchilarning huquqiy bilimlarini oshirish;
tinglovchilarda tashkilotchilik qobiliyati va rahbarlik mahoratini takomillashtirish;
tinglovchilarni vatanparvarlik, Vataniga va xizmat burchiga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularda axloqiy-irodalik fazilatlarni shakllantirish;
prokuror-tergov va sud amaliyotini o‘rganish hamda tahlil qilish;
qonuniylikni ta’minlash, huquq-tartibotni mustahkamlash va jinoyatchilikka qarshi kurash muammolari bo‘yicha tadqiqotlarni amalga oshirish hamda amaliy takliflar, tavsiyalar va qo‘llanmalarni ishlab chiqish.
3. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Oliy o‘quv kurslarini boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 11 kishidan iborat tashkiliy-shtat tuzilmasi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuroriga O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Oliy o‘quv kurslari tuzilmasiga belgilangan umumiy shtatlar soni doirasida o‘zgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
4. Rahbar kadrlarni qayta tayyorlash dasturi bo‘yicha o‘qish muddati — 6 oy va malaka oshirish dasturi bo‘yicha — 1 oy etib belgilansin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori ikki haftalik muddatda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Oliy o‘quv kurslari to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
6. Bosh prokuraturaning Oliy o‘quv kurslari xodimlariga prokuratura organlari xodimlari uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash va moddiy ta’minlash shartlari tatbiq etilsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi har yili Davlat budjeti parametrlarini shakllantirishda ushbu qarorga muvofiq Oliy o‘quv kurslariga zarur mablag‘ ajratilishini nazarda tutsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida takliflar tayyorlasin.
9. Ushbu qaror ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi I. Abdullayev zimmasiga yuklatilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2007-yil 7-noyabr,
PQ-727-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
2007-yil 7-noyabrdagi PQ-727-sonli qaroriga
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Oliy o‘quv kurslarini tashkiliy-shtat tuzilmasi
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2007-y., 46-47-son, 464-modda)