1.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Taʼlim / 13.01.08.00 Taʼlim turlari / 13.01.08.01 Maktabgacha taʼlim va tarbiya]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Taʼlim]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
MAKTABGAChA TAʼLIM SOHASIDAGI NORMATIV-HUQUQIY HUJJATLARNI TASDIQLASh TOʻGʻRISIDA
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 19-iyuldagi 528-sonli “Maktabgacha taʼlim muassasalarining faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Maktabgacha taʼlimni yanada rivojlantirish, shuningdek bolalarni umumtaʼlim maktablarida oʻqishga muvaffaqiyatli tayyorlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasida davlat maktabgacha taʼlim muassasasi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
[OKOZ:
1.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Taʼlim / 13.01.79.00 (Кучини йукотган) Nodavlat taʼlim muassasalari (xususiy, jamoat birlashmalari, diniy va boshqa tashkilotlarining taʼlim muassasalari). Nodavlat va diniy taʼlim muassasalari faoliyatini litsenziyalash]
Oʻzbekiston Respublikasida nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq;
Qisqa muddatli guruhlar toʻgʻrisidagi nizom 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda:
uch oy muddatda faoliyat koʻrsatayotgan maktabgacha taʼlim muassasalari faoliyatini ushbu qaror bilan tasdiqlangan nizomlar talablariga muvofiqlashtirsin;
maktabgacha taʼlim muassasalari faoliyati ustidan muntazam nazoratni taʼminlasin, ularga oʻzlariga yuklangan vazifalarni amalga oshirishida har tomonlama koʻmaklashsin.
3. Vazirlar Mahkamasining “Taʼlim muassasalari haqidagi nizomlarni tasdiqlash toʻgʻrisida” 1995-yil 18-fevraldagi 59-son qarori 1-bandining ikkinchi xatboshi va qarorga 1-ilova (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 1995-y., 2-son, 5-modda) oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S. Qosimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOEV
Toshkent sh.,
2007-yil 25-oktabr,
225-son
Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 25-oktabrdagi 225-son qaroriga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasida davlat maktabgacha taʼlim muassasasi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasida maktabgacha taʼlim tizimini takomillashtirish, uning uzluksizligini, shuningdek Kadrlar tayyorlash milliy dasturi vazifalari samarali amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida ishlab chiqilgan hamda davlat maktabgacha taʼlim muassasalari (keyingi oʻrinlarda matnda “maktabgacha taʼlim muassasasi” deb yuritiladi) faoliyatini tartibga soladi.
2. Maktabgacha taʼlim muassasasi oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining qarorlari va boshqa hujjatlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, ushbu Nizomga hamda oʻz ustaviga amal qiladi.
3. Maktabgacha taʼlim muassasasi taʼlim-tarbiya va sogʻlomlashtirish muassasasi hisoblanadi, quyidagilar uning asosiy vazifalari hisoblanadi:
bolalarning hayotini muhofaza qilish va sogʻligʻini mustahkamlash;
bola shaxsi asoslarini shakllantirish, uning bilimga qiziqishlarini rivojlantirish;
bolaning intellektual, shaxsiy va jismoniy rivojlanishini taʼminlash;
bolaning rivojlanishidagi nuqsonlarni zarur tarzda tuzatish;
bolalarni milliy madaniyat va umuminsoniy qadriyatlar bilan tanishtirish;
bolalarni maktabda oʻqishga tayyorlash.
II. Maktabgacha taʼlim muassasasini tashkil etish tartibi
4. Maktabgacha taʼlim muassasasi muassis tomonidan tashkil etiladi va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkaziladi.
5. Quyidagilar:
davlat boshqaruvi organlari;
mahalliy davlat hokimiyati organlari;
davlat korxonalari;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa davlat tashkilotlari davlat maktabgacha taʼlim muassasasining muassislari boʻlishi mumkin.
6. Maktabgacha taʼlim muassasalari oʻz ishining oʻziga xosligiga muvofiq quyidagi tiplarga boʻlinadi:
umumiy tipdagi maktabgacha taʼlim muassasasi;
ixtisoslashtirilgan (jismoniy va psixik rivojlanishida har xil nuqsonlar mavjud boʻlgan bolalar uchun);
sanatoriy tipidagi (zaif, turli yuqumli kasalliklarni boshdan kechirgan, surunkali asoratlarga ega boʻlgan bolalar uchun).
7. Maktabgacha taʼlim muassasasi oʻz ustaviga, bank muassasalarida hisob raqamiga, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi koʻrsatilgan muhrga, yuridik manzili koʻrsatilgan shtampga ega boʻladi.
8. Maktabgacha taʼlim muassasasini akkreditatsiya qilish davlat vakolatli organi tomonidan attestatsiya asosida amalga oshiriladi.
III. Maktabgacha taʼlim muassasasi faoliyatini tashkil etish
9. Maktabgacha taʼlim muassasasi belgilangan davlat normativlariga va maktabgacha taʼlim muassasasiga qoʻyiladigan talablarga muvofiq bolalarni tarbiyalashni, oʻqitishni, ularga qarab turish va ularni parvarish qilishni hamda sogʻlomlashtirishni taʼminlaydi.
10. Maktabgacha taʼlim muassasasida taʼlim mazmuni Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan tasdiqlangan yoki tavsiya qilingan dasturlar bilan belgilanadi. Maktabgacha taʼlim muassasasi oʻz (mualliflik) dasturlaridan foydalanishga haqlidir. Bunday dasturlarni tasdiqlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan belgilanadi.
11. Maktabgacha taʼlim muassasasining ish rejimi va bolalarning u yerda qancha vaqt boʻlishi maktabgacha taʼlim muassasasi ustavi va muassisning qarori bilan belgilanadi. Maktabgacha taʼlim muassasasi (guruh)ning kunduzgi va kechki vaqtlarda hamda kechayu kunduz faoliyat koʻrsatishiga yoʻl qoʻyiladi.
12. Maktabgacha taʼlim muassasasida bolalarni oʻqitish va tarbiyalash davlat tilida va “Davlat tili haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq boshqa tillarda olib boriladi.
13. Maktabgacha taʼlim muassasasida ovqatlanishni tashkil etish maktabgacha taʼlim muassasasiga yuklanadi hamda Oʻzbekiston Respublikasida tasdiqlangan sanitariya qoidalari va normalariga muvofiq amalga oshiriladi.
14. Bolalarga tibbiy xizmat koʻrsatish ham shtatdagi tibbiyot xodimlari, ham maktabgacha taʼlim muassasalariga biriktirilgan sogʻliqni saqlash organlarining tibbiyot xodimlari tomonidan taʼminlanadi, ular maktabgacha taʼlim muassasasi xodimlari bilan birgalikda bolalarning hayoti, sogʻligʻi va jismoniy rivojlanishi, davolash-profilaktika tadbirlari oʻtkazilishi, sanitariya-gigiyena normalariga, ovqatlanish rejimi va sifatiga rioya qilinishi uchun javob beradilar.
Tibbiyot xodimlari faoliyatini nazorat qilish mahalliy sogʻliqni saqlash organlariga yuklanadi.
Maktabgacha taʼlim muassasasi tibbiyot xodimiga xona beradi va uning ishlashi uchun tegishli shart-sharoitlar yaratadi.
Maktabgacha taʼlim muassasasining shtatdagi xodimlari sogʻliqni saqlash organlarida bepul tibbiy koʻrikdan oʻtadilar, buning uchun sarflanadigan xarajatlar davlat tomonidan ajratiladigan mablagʻlar doirasida belgilanadi.
Maktabgacha taʼlim muassasalarida bolalarning hayoti va sogʻligʻini muhofaza qilishni tashkil etish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda belgilanadi.
15. Maktabgacha taʼlim muassasasi ustavda qayd etilgan oʻz maqsadlarini va vazifalarini bajarish uchun ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar bilan tuzilgan shartnomalar asosida oilaning ehtiyojlarini hisobga olgan holda asosiy taʼlim dasturlaridan tashqari qoʻshimcha pulli taʼlim xizmatlari koʻrsatishga haqlidir. Pulli taʼlim xizmatlari muassis tomonidan moliyalashtiriladigan asosiy taʼlim faoliyati oʻrniga va uning doirasida koʻrsatilishi mumkin emas.
IV. Maktabgacha taʼlim muassasasini butlash
16. Maktabgacha taʼlim muassasasiga bolalar 2 yoshdan boshlab 6-7 yoshgacha tumanlar (shaharlar) hokimliklarining qarori bilan tashkil etilgan xalq taʼlimi muassasalari faoliyatini metodik taʼminlash va tashkil etish boʻlimlari huzuridagi qabul qilish komissiyasi tomonidan tegishli tibbiyot xulosasi hisobga olingan holda qabul qilinadi. Qabul komissiyasining faoliyat koʻrsatish tartibi belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
(16-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 20-iyundagi 183-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2011-y., 25-son, 260-modda)
17 Muassislari mahalliy davlat hokimiyati organlari boʻlgan maktabgacha taʼlim muassasasiga bolalarni qabul qilish qabul komissiyasining qaroriga binoan xalq taʼlimi muassasalari faoliyatini metodik taʼminlash va tashkil etish boʻlimlarining yoʻllanmalari asosida amalga oshiriladi.
(17-banding birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 20-iyundagi 183-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2011-y., 25-son, 260-modda)
Muassislari boshqa organlar boʻlgan maktabgacha taʼlim muassasalariga bolalarni qabul qilish ularning muassislari tomonidan belgilanadigan tartibda amalga oshiriladi. Boʻsh oʻrinlar mavjud boʻlgan taqdirda ushbu maktabgacha taʼlim muassasalari bolalarni xalq taʼlimi muassasalari faoliyatini metodik taʼminlash va tashkil etish boʻlimlarining yoʻllanmalari boʻyicha shartnoma asosida qabul qilishi mumkin.
(17-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 20-iyundagi 183-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2011-y., 25-son, 260-modda)
Maktabgacha taʼlim muassasasiga bolalarni qabul qilish tartibi muassis tomonidan belgilanadi.
18. Quyidagi bolalar:
I va II guruh nogironlari;
koʻp bolali oilalarning bolalari;
harbiy xizmatchilarning bolalari;
talabalar va pedagoglarning bolalari maktabgacha taʼlim muassasasiga qabul qilishda imtiyozlardan foydalanadilar.
Qabul komissiyasi, shuningdek ota-onalari maktabgacha taʼlim muassasasining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashda yordam bergan bolalarni istisno tarzida navbatdan tashqari qabul qilishi mumkin. Bunday bolalar kontingenti maktabgacha taʼlim muassasasi rejadagi quvvati umumiy sonining 20 foizidan ortiq boʻlmasligi kerak.
19. Maktabgacha taʼlim muassasasida guruhlar soni muassasaning quvvatidan va guruhlarning rejali toʻldirilishidan kelib chiqib muassis tomonidan quyidagicha belgilanadi:
2 yoshdan 3 yoshgacha — kamida — 15 bola, biroq 20 boladan ortiq emas;
3 yoshdan 6-7 yoshgacha — kamida — 20 bola, biroq 25 boladan ortiq emas.
20. Ixtisoslashtirilgan va sanatoriy yoʻnalishidagi maktabgacha taʼlim muassasalarida guruhlarning toʻldirilishi bolalarning toifasiga va yoshiga (ikki yoshdan boshlab va uch yoshdan katta yoshdagilar) qarab belgilanadi va tegishli ravishda quyidagichani tashkil etadi:
nutqi ogʻir nuqsonli bolalar uchun — 10—12 bola;
nutqi fonetik-fonematik nuqsonli bolalar uchun faqat uch yoshdan katta yoshdagi bolalar uchun — 12—15 bola;
kar bolalar uchun — 8 bola;
yaxshi eshitmaydigan bolalar uchun — 10—12 bola;
koʻzi ojiz bolalar uchun — 6 bola;
yaxshi koʻrmaydigan bolalar, ambliopiyali, gʻilay bolalar uchun — 6—10 bola;
tayanch-harakatlanish aʼzosi buzilgan bolalar uchun — 6—10 bola;
intellekti buzilgan (aqliy noraso) 3 yoshgacha bolalar uchun — 6 bola;
uch yoshdan katta yoshdagi aqli zaif bolalar uchun — 10 bola;
sil intoksikatsiyasi mavjud boʻlgan bolalar uchun — 15—20 bola;
tez-tez kasallanib turadigan bolalar uchun — 15—20 bola;
murakkab nuqsonli (ikki va undan ortiq nuqsonli) bolalar uchun — 8—10 bola;
rivojlanishida boshqacha nuqsonlari (endokrin kasalliklar) mavjud boʻlgan bolalar uchun — 15—20 bola.
21. Guruhlarni boshqa yoshdagi guruhdan oʻtgan bolalar bilan toʻldirish oʻquv yili oxirida (avgust oyida), yangi qabul qilinayotganlar bilan toʻldirish esa oʻrinlar boʻshashiga qarab amalga oshiriladi.
Maktabgacha taʼlim muassasasida oʻquv yili har yili 2-sentabrdan boshlanadi, keyingi yilning 1-iyunida tugallanadi va yangi oʻquv yili boshlangunga qadar sogʻlomlashtirish davri boshlanadi.
22. Ushbu Nizomning 21-bandida koʻrsatilgan bolalar istalgan tipdagi maktabgacha taʼlim muassasalariga, ularda tuzatish ishlari uchun shart-sharoitlar mavjud boʻlgan taqdirda, tibbiyot-psixologiya-pedagogika komissiyasining yoʻllanmasi asosida qabul qilinadi.
V. Taʼlim jarayoni qatnashchilari
23. Maktabgacha taʼlim muassasasida bolalar, ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar va pedagog xodimlar taʼlim jarayonining qatnashchilari hisoblanadi.
Maktabgacha taʼlim muassasasida vasiylik kengashlari tashkil etiladi, ularni saylash tartibi va ularning vakolatlari maktabgacha taʼlim muassasalarining ustavlarida belgilanadi. Vasiylik kengashlarining faoliyati belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan vasiylik kengashi toʻgʻrisidagi namunaviy nizom asosida amalga oshiriladi.
24. Bolalarni qabul qilishda maktabgacha taʼlim muassasasi ota-onalarni yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslarni muassasaning ustavi va uning faoliyatini tartibga soladigan boshqa hujjatlar bilan tanishtirishi shart.
25. Maktabgacha taʼlim muassasasi bilan ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar shartnoma bilan tartibga solinadi. Shartnoma oʻqitish, tarbiyalash, qarab turish va parvarish qilish jarayonida paydo boʻladigan tomonlarning huquqlari, majburiyatlari va javobgarligini oʻz ichiga oladi.
26. Ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar:
oʻz bolalari uchun oʻqitish va tarbiyalashning shakllarini, maktabgacha taʼlim muassasalari tipini va taʼlim berish tilini tanlash;
maktabgacha taʼlim muassasasi maʼmuriyatidan maktabgacha taʼlim muassasasining ustaviga muvofiq boʻlgan zarur shart-sharoitlar taʼminlanishini talab qilish;
bolaning shaxsiga nisbatan hurmat bilan munosabatda boʻlishni talab qilish;
bolalarning bolalar maktabgacha taʼlim muassasasidagi hayot kechirishini tashkil etishda faol ishtirok etish;
rejim doirasida ular uchun qulay boʻlgan istalgan vaqtda bolalarni maktabgacha taʼlim muassasasiga olib kelish va undan olib ketish huquqiga ega.
Ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar qonun hujjatlariga va shartnomaga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishlari mumkin.
27. Ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar quyidagilarga majbur:
bolalarning jismoniy va psixik sogʻligʻi uchun gʻamxoʻrlik qilish;
bolaning qadr-qimmatiga hurmat bilan munosabatda boʻlish, unda mehnatsevarlik, ezgulik, mehr-shafqat fazilatlarini, oʻzidan katta yoshdagilarga hurmat bilan munosabatda boʻlish tuygʻularini tarbiyalash;
belgilangan normativlarga muvofiq bolalar bogʻchasida bolaning taʼminotiga toʻlovni oʻz vaqtida toʻlash;
bolalarni oilada tarbiyalash uchun zarur shart-sharoitlarni taʼminlash;
bolalarning toʻlaqonli ovqatlanishini, ularda shaxsiy gigiyena koʻnikmalari shakllantirilishini qatʼiy kuzatib borish, bolani maktabgacha taʼlim muassasasiga ozoda kiyingan holda olib kelish.
Ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar qonun hujjatlariga va shartnomaga muvofiq boshqa majburiyatlar ham olishlari mumkin.
28. Maktabgacha taʼlim muassasasi tarbiyalanuvchisi va xodimlari oʻrtasidagi munosabatlar oʻzaro hamkorlik, bolaning shaxsini hurmat qilish va unga shaxsiy xususiyatlariga muvofiq rivojlanishi uchun erkinlik berish asosida olib boriladi.
29. Maktabgacha taʼlim muassasasi jamoasini butlash tartibi namunaviy shtat jadvaliga muvofiq belgilanadi.
30. Tegishli pedagogika maʼlumotiga, kasbiy tayyorgarlikka va yuksak axloqiy sifatlarga ega boʻlgan shaxslar pedagoglik faoliyati bilan shugʻullanish huquqiga ega.
Sud hukmi bilan yoki tibbiy xulosaga muvofiq pedagoglik faoliyati bilan shugʻullanishi taqiqlangan shaxslarning ushbu faoliyati bilan shugʻullanishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
31. Maktabgacha taʼlim muassasasi xodimlarining huquq va imtiyozlari qonun hujjatlarida, maktabgacha taʼlim muassasasi ustavida, shuningdek mehnat shartnomasi (kontrakt)da belgilanadi.
32. Maktabgacha taʼlim muassasasining pedagog xodimlari quyidagi huquqlarga ega:
maktabgacha taʼlim muassasasini boshqarishda muassasa ustavida belgilanadigan tartibda qatnashish;
oʻz kasbiy shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish.
Pedagog xodimlar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
33. Pedagog xodimlar quyidagilarga majbur:
bolalarni yuqori professional darajada oʻqitish va tarbiyalash;
pedagog axloq-odobiga rioya qilish, bolaning qadr-qimmatini hurmat qilish, bolalarni tazyiqdan himoya qilish, ularni mehnatga, ota-onaga hurmat, atrof muhitga ehtiyotkorlik bilan munosabatda boʻlish ruhida tarbiyalash;
oʻz malakasini belgilangan tartibda, har uch yilda oshirib borish;
oʻzining kasbiy koʻnikmalarini va pedagoglik mahoratini doimiy ravishda takomillashtirish.
Pedagog xodimlar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham olishi mumkin.
34. Maktabgacha taʼlim muassasasi xodimlariga ish haqi miqdorlari (lavozim maoshlari) qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi. Muassasa rahbari ragʻbatlantirish tusidagi ustamalar, qoʻshimcha haq hamda boshqa toʻlovlar turi va miqdorlarini ish haqiga yoʻnaltiriladigan mavjud mablagʻlar doirasida belgilaydi.
VI. Maktabgacha taʼlim muassasasini boshqarish
35. Oʻquv-tarbiya jarayonini takomillashtirish, maktabgacha taʼlimning innovatsiya shakllarini rivojlantirish maqsadida maktabgacha taʼlim muassasasida Pedagoglar kengashi faoliyat koʻrsatadi. Pedagoglar kengashi aʼzolarini saylash tartibi va uning vakolatiga kiradigan masalalar maktabgacha taʼlim muassasasi ustavida belgilanadi.
36. Maktabgacha taʼlim muassasasiga bevosita rahbarlik qilish mudir tomonidan amalga oshiriladi. Maktabgacha taʼlim muassasasi mudirini ishga qabul qilish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi bilan kelishgan holda amalga oshiriladi.
Davlat maktabgacha taʼlim muassasasi mudiri bilan mehnat shartnomasi bir yil muddatga tuziladi.
Maktabgacha taʼlim muassasasi mudiri lavozimiga qoʻyiladigan malaka talablari belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan belgilanadi.
37. Maktabgacha taʼlim muassasasi mudiri:
maktabgacha taʼlim muassasasi nomidan ishonchnomasiz faoliyat koʻrsatadi, barcha muassasa va tashkilotlarda uning manfaatlarini ifodalaydi;
maktabgacha taʼlim muassasasi mol-mulkini oʻziga berilgan vakolatlar doirasida tasarruf etadi;
ishonchnomalar beradi;
bank muassasalarida hisob raqamlari ochadi;
maktabgacha taʼlim muassasasi xodimlarini ishga qabul qilish va joy-joyiga qoʻyishni amalga oshiradi, ragʻbatlantiradi, intizomiy jazo choralarini koʻradi va ular bilan tuzilgan mehnat shartnomalari (kontraktlari)ni toʻxtatadi;
oʻz vakolatlari doirasida buyruqlar (farmoyishlar) chiqaradi;
maktabgacha taʼlim muassasalarining ishlarini takomillashtirish, moddiy bazasini mustahkamlash, xodimlarni ijtimoiy muhofaza qilishni taʼminlash boʻyicha takliflarni koʻrib chiqish uchun xalq taʼlimini boshqarish yuqori organiga kiritadi;
bolalar hayoti va sogʻligʻini muhofaza qilishning samarali tashkil etilishi, oʻquv-tarbiya jarayoni, moliya-xoʻjalik faoliyati ahvoli, moddiy-texnik bazaning mustahkamlanishi va moddiy boyliklarning saqlanishi uchun javob beradi.
VII. Maktabgacha taʼlim muassasasining mol-mulki va pul mablagʻlari
38. Muassis yoki u vakolat bergan organ maktabgacha taʼlim muassasasiga mol-mulkni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda birkitadi.
Maktabgacha taʼlim muassasasiga birkitilgan mol-mulk uning tezkor boshqaruv huquqida boʻladi. Maktabgacha taʼlim muassasasi oʻziga birkitilgan mol-mulkni va xarajatlar smetasi boʻyicha oʻziga ajratilgan mablagʻlar hisobiga sotib olingan mol-mulkni qonun hujjatlariga muvofiq tasarruf etadi.
39. Maktabgacha taʼlim muassasasi oʻz majburiyatlari boʻyicha oʻz tasarrufidagi pul mablagʻlari bilan javob beradi.
40. Maktabgacha taʼlim muassasasi faoliyati uning muassisi tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq moliyalashtiriladi.
Muassislari mahalliy davlat boshqaruvi va davlat hokimiyati organlari boʻlgan davlat maktabgacha taʼlim muassasalari faoliyati davlat budjeti mablagʻlari hisobiga moliyalashtiriladi.
41. Quyidagilar maktabgacha taʼlim muassasasi mol-mulkini va moliyaviy resurslarini shakllantirish manbalari hisoblanadi:
budjet mablagʻlari va budjetdan tashqari mablagʻlar;
boshqa jismoniy va yuridik shaxslarning ixtiyoriy ehsonlari hamda maqsadli badallari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
42. Bolalarning maktabgacha taʼlim muassasasida boʻlishi uchun toʻlov miqdori va uni toʻlash tartibi qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi. Toʻlov belgilangan tartibda bank muassasalarida ochilgan hisob raqamlariga toʻlanadi.
43. Maktabgacha taʼlim muassasasini moliyalashtirish tasdiqlangan, belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilgan xarajatlar smetasiga muvofiq amalga oshiriladi.
Maktabgacha taʼlim muassasasiga budjetdan tashqari qoʻshimcha mablagʻlarning jalb etilishi budjetdan moliyalashtirishning kamayishiga olib kelmaydi.
44. Maktabgacha taʼlim muassasasi oʻz moliya-xoʻjalik faoliyatini budjet mablagʻlari va budjetdan tashqari mablagʻlar doirasida amalga oshiradi.
VIII. Maktabgacha taʼlim muassasasining javobgarligi
45. Maktabgacha taʼlim muassasasi:
oʻz ustavida nazarda tutilgan funksiyalarning bajarilmaganligi;
taʼlim dasturlarining toʻliq hajmda bajarilmaganligi, amalga oshirilayotgan taʼlim dasturlarining sifati;
taʼlim jarayonini tashkil etishning qoʻllanayotgan shakllari, metodlari va vositalarining bolalarning yosh, ruhiy-fiziologik xususiyatlariga, qobiliyatiga, layoqatiga, qiziqishlariga va ehtiyojlariga nomuvofiqligi;
muassasada tarbiyalanayotgan bolalarning taʼlim jarayoni vaqtidagi hayoti va sogʻligʻi uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.
IX. Yakuniy qoidalar
46. Maktabgacha taʼlim muassasasida maktabgacha taʼlim muassasasining asosiy faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan tashkilotlarning, shu jumladan siyosiy partiyalar va harakatlarning tashkil etilishiga va faoliyat koʻrsatishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Davlat maktabgacha taʼlim muassasasidagi taʼlim dunyoviy xususiyatga ega.
47. Maktabgacha taʼlim muassasasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qayta tashkil etilishi, tugatilishi mumkin.
48. Maktabgacha taʼlim muassasasi tugatilgan taqdirda uning pul mablagʻlari va mol-mulkidan, uning majburiyatlarini qoplash boʻyicha toʻlovlar chegirilgan holda, qonun hujjatlariga va muassasa ustaviga muvofiq foydalaniladi.
Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 25-oktabrdagi 225-son qaroriga 2-ILOVA
[OKOZ:
1.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Taʼlim / 13.01.79.00 (Кучини йукотган) Nodavlat taʼlim muassasalari (xususiy, jamoat birlashmalari, diniy va boshqa tashkilotlarining taʼlim muassasalari). Nodavlat va diniy taʼlim muassasalari faoliyatini litsenziyalash]
Oʻzbekiston Respublikasida nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Maktabgacha taʼlimga qoʻyiladigan davlat talablariga muvofiq aholiga taʼlim xizmatlari koʻrsatish nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasining (keyingi oʻrinlarda “nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasi” deb yuritiladi) asosiy faoliyati hisoblanadi.
2. Nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasi oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining qarorlari va boshqa hujjatlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga, shuningdek ushbu Nizomga amal qiladi.
3. Nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasining ustavi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 5-yanvardagi 5-son qarori bilan tasdiqlangan Taʼlim muassasasi ustavini ishlab chiqish tartibiga muvofiq ishlab chiqiladi, uning muassisi tomonidan tasdiqlanadi va tegishli davlat organlarida roʻyxatdan oʻtkaziladi.
4. Nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasi taʼlim-tarbiya va sogʻlomlashtirish muassasasi hisoblanadi, quyidagilar uning asosiy vazifalari hisoblanadi:
bolalarning hayotini muhofaza qilish va sogʻligʻini mustahkamlash;
bolaning shaxsi asoslarini shakllantirish, uning bilimga qiziqishlarini rivojlantirish;
bolaning intellektual, shaxsiy va jismoniy rivojlanishini taʼminlash;
bolaning rivojlanishidagi nuqsonlarni zarur tarzda tuzatish;
bolalarni milliy madaniyat va umuminsoniy qadriyatlar bilan tanishtirish;
bolalarni maktabda oʻqishga tayyorlash.
II. Nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasini tashkil etish tartibi
5. Nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasi muassasa sifatidagi tashkiliy-huquqiy shaklda tashkil etiladi va qonun hujjatlariga muvofiq faoliyat koʻrsatadi. Yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan nodavlat mulkchilik shaklidagi yuridik va jismoniy shaxslar nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasining muassislari boʻlishlari mumkin.
6. Nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasi yuridik shaxs maqomiga ega boʻladi, mustaqil moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshiradi, dumaloq muhrga, burchakli shtampga va oʻz logotipi yozilgan blankaga ega boʻladi.
7. Nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasi qonun hujjatlariga muvofiq belgilangan tartibda litsenziya olgan vaqtdan boshlab taʼlim faoliyatini amalga oshirish huquqiga ega boʻladi.
Nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasini akkreditatsiya qilish vakolatli davlat organi tomonidan, attestatsiya asosida amalga oshiriladi.
III. Nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasi faoliyatini tashkil etish
8. Nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasida taʼlim va tarbiya dunyoviy xususiyatga ega boʻladi.
9. Nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasida taʼlim mazmuni Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan tavsiya qilingan dasturlar bilan belgilanadi. Muassasa oʻz (mualliflik) dasturlaridan foydalanishga haqlidir. Ushbu dasturlarni tasdiqlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan belgilanadi.
10. Nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasining ish rejimi va bolalarning u yerda qancha vaqt boʻlishi muassasa ustavida hamda muassasa rahbari (yoxud muassis) bilan ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar oʻrtasida tuzilgan shartnomada belgilanadi.
11. Nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasida bolalarni oʻqitish va tarbiyalash davlat tilida va “Davlat tili haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq boshqa tillarda olib boriladi.
12. Nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasi tarbiyalanuvchilariga tibbiy yordam koʻrsatish shtatdagi yoki sogʻliqni saqlash organlarining shartnoma asosida maxsus biriktirilgan tibbiyot xodimlari tomonidan amalga oshiriladi.
Tibbiyot xodimlari nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasi xodimlari bilan birgalikda bolalarning hayoti, sogʻligʻi va jismoniy rivojlanishi, davolash-profilaktika tadbirlari oʻtkazilishi, sanitariya-gigiyena normalariga, ovqatlanish rejimi va sifatiga rioya qilinishi uchun javob beradilar. Nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasi xodimlarini tibbiy koʻrikdan oʻtkazish shartnoma asosida amalga oshiriladi.
13. Nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasida bolalarning ovqatlanishi Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan tibbiyot, sanitariya-gigiyena normalari va talablari asosida amalga oshiriladi.
14. Nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasi taʼlimning uzluksizligini taʼminlash maqsadida shartnoma asosida oʻz faoliyatini umumiy oʻrta taʼlim muassasalari bilan birgalikda amalga oshirishi mumkin.
IV. Nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasini butlash
15. Nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasiga bolalar 2 yoshdan boshlab 6-7 yoshgacha, tegishli tibbiy xulosa hisobga olingan holda qabul qilinadi.
Nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasiga bolalarni qabul qilish va ularning chiqib ketishi tartibi nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasining ustavi bilan belgilanadi.
16. Nodavlat muassasasi guruhlaridagi bolalar soni davlat maktabgacha taʼlim muassasalari uchun belgilangan sondan ortiq boʻlmasligi kerak.
17. Maxsus pedagogik maʼlumotli shaxslar nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasida pedagogik faoliyat bilan shugʻullanish huquqiga egadir. Sud tomonidan yoki tibbiy xulosaga muvofiq bunday faoliyat bilan shugʻullanishi taqiqlangan shaxslar pedagogik faoliyatga qoʻyilmaydilar.
18. Nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasi rahbari belgilangan tartibda pedagog kadrlar malakasini oshirishni va ularni qayta tayyorlashni taʼminlaydi, ularning shaʼni va qadr-qimmatini himoya qiladi, ilgʻor pedagogik va axborot texnologiyalari, mualliflik dasturlari, metodik qoʻllanmalar va didaktik materiallar joriy etilishi uchun shart-sharoitlar yaratadi.
19. Nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasining pedagoglari va boshqa xodimlari bilan mehnat shartnomalari tuzish va ularni bekor qilish qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
V. Taʼlim jarayoni qatnashchilari
20. Nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasida bolalar, ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar va pedagog xodimlar taʼlim jarayonining qatnashchilari hisoblanadi.
Nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasida vasiylik kengashlari tashkil etiladi, ularni saylash tartibi va ularning vakolatlari maktabgacha taʼlim muassasalarining ustavlarida belgilanadi.
Bolalarni qabul qilishda nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasi ota-onalarni yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslarni muassasaning ustavi va uning faoliyatini tartibga soladigan boshqa hujjatlar bilan tanishtirishi shart.
21. Nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasi bilan ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasining ustavi va shartnoma bilan tartibga solinadi. Shartnoma oʻqitish, tarbiyalash, qarab turish va parvarish qilish jarayonida paydo boʻladigan tomonlarning huquqlari, majburiyatlari va javobgarligini oʻz ichiga oladi.
22. Ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar:
oʻz bolalari uchun oʻqitish va tarbiyalashning shakllarini, bolalar maktabgacha taʼlim muassasalari tipini va taʼlim berish tilini tanlash;
bolalar maktabgacha taʼlim muassasasi maʼmuriyatidan maktabgacha taʼlim muassasasining ustaviga muvofiq boʻlgan zarur shart-sharoitlar yaratilishini talab qilish;
bolaning shaxsiga nisbatan hurmat bilan munosabatda boʻlishni talab qilish;
bolalarning bolalar maktabgacha taʼlim muassasasida hayot kechirishini tashkil etishda faol ishtirok etish;
rejim doirasida ular uchun qulay boʻlgan istalgan vaqtda bolalarni maktabgacha taʼlim muassasasiga olib kelish va undan olib ketish huquqiga ega.
Ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar qonun hujjatlariga va shartnomaga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishlari mumkin.
23. Ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar quyidagilarga majbur:
bolalarning jismoniy va psixik jihatdan sogʻlom boʻlishi toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qilish;
bolaning qadr-qimmatiga hurmat bilan munosabatda boʻlish, unda mehnatsevarlik, ezgulik, mehr-shafqat fazilatlarini, oʻzidan katta yoshdagilarga hurmat bilan munosabatda boʻlish tuygʻularini tarbiyalash;
belgilangan normativlarga muvofiq bolalar bogʻchasida bolaning taʼminotiga toʻlovni oʻz vaqtida toʻlash;
bolalarni oilada tarbiyalash uchun zarur shart-sharoitlarni taʼminlash;
bolalarning toʻlaqonli ovqatlanishini, ularda shaxsiy gigiyena koʻnikmalari shakllantirilishini qatʼiy kuzatib borish, bolani maktabgacha taʼlim muassasasiga ozoda kiyingan holda olib kelish.
Ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar qonun hujjatlariga va shartnomaga muvofiq boshqa majburiyatlar ham olishlari mumkin.
24. Maktabgacha taʼlim muassasasi tarbiyalanuvchisi va xodimi oʻrtasidagi munosabatlar oʻzaro hamkorlik, bolaning shaxsini hurmat qilish va unga shaxsiy xususiyatlariga muvofiq rivojlanishi uchun erkinlik berish asosida olib boriladi.
Maktabgacha taʼlim muassasasida oʻquv yili har yili 2-sentabrdan boshlanadi, keyingi yilning 1-iyunida tugallanadi va yangi oʻquv yili boshlangunga qadar sogʻlomlashtirish davri boshlanadi.
VI. Nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasini boshqarish va uning faoliyatini nazorat qilish
25. Nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasini Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi bilan kelishgan holda muassis tomonidan tayinlanadigan shaxs boshqaradi.
Nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasi rahbari davlat maktabgacha taʼlim muassasasi mudiri lavozimiga qoʻyiladigan malaka talablariga muvofiq boʻlishi kerak.
26. Nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasi faoliyatini nazorat qilish muassis tomonidan, shuningdek vakolatlar doirasida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda vakolatli davlat organlari tomonidan amalga oshiriladi.
27. Maktabgacha taʼlimga qoʻyiladigan davlat talablari va oʻqitish dasturlarining nodavlat maktabgacha taʼlim muassasalari tomonidan bajarilishini nazorat qilishni Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi amalga oshiradi.
28. Nodavlat maktabgacha taʼlim muassasalarini attestatsiyadan oʻtkazish, ularning faoliyatini toʻxtatib turish va toʻxtatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
VII. Nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasining mol-mulki va pul mablagʻlari
29. Muassis yoki u vakolat bergan organ maktabgacha taʼlim muassasasiga mol-mulkni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda birkitadi.
Maktabgacha taʼlim muassasasiga birkitilgan mol-mulk uning tezkor boshqaruv huquqida boʻladi. Maktabgacha taʼlim muassasasi oʻziga birkitilgan mol-mulkni va oʻziga ajratilgan mablagʻlar hisobiga sotib olingan mol-mulkni qonun hujjatlariga muvofiq tasarruf etadi.
30. Maktabgacha taʼlim muassasasi oʻz majburiyatlari boʻyicha oʻz tasarrufidagi pul mablagʻlari bilan javob beradi.
31. Maktabgacha taʼlim muassasasi faoliyati uning muassisi tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq moliyalashtiriladi.
32. Quyidagilar maktabgacha taʼlim muassasasi mol-mulkini va moliyaviy resurslarini shakllantirish manbalari hisoblanadi:
muassisning mablagʻlari;
boshqa jismoniy va yuridik shaxslarning ixtiyoriy ehsonlari hamda maqsadli badallari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
33. Nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasini moddiy-texnik taʼminlash muassislar tomonidan davlat maktabgacha taʼlim muassasalari uchun Oʻzbekiston Respublikasida amal qiladigan normalardan past boʻlmagan miqdorlarda amalga oshiriladi.
34. Nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasi shartnoma asosida boshqa taʼlim muassasalariga pulli xizmatlar koʻrsatishi, xonalarni va tegishli asbob-uskunalarni ijaraga berishi mumkin.
35. Nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasida bolalarga taʼlim-tarbiya berilganligi uchun ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslarning toʻlovi miqdori shartnomada belgilanadi va Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda toʻlanadi.
VIII. Nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasining javobgarligi
36. Maktabgacha taʼlim muassasasi:
oʻz Ustavida nazarda tutilgan funksiyalarning bajarilmaganligi;
taʼlim dasturlarining toʻliq hajmda bajarilmaganligi, amalga oshirilayotgan taʼlim dasturlarining sifati;
taʼlim jarayonini tashkil etishning qoʻllanayotgan shakllari, metodlari va vositalarining bolalarning yosh, psixofiziologik xususiyatlariga, qobiliyatiga, layoqatiga, qiziqishlariga va ehtiyojlariga nomuvofiqligi;
muassasada tarbiyalanayotgan bolalarning taʼlim jarayoni vaqtidagi hayoti va sogʻligʻi uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.
IX. Yakuniy qoidalar
37. Nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasida maktabgacha taʼlim muassasasining asosiy faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan tashkilotlarning, shu jumladan siyosiy partiyalar va harakatlarning tashkil etilishiga va faoliyat koʻrsatishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
38. Nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qayta tashkil etilishi, tugatilishi mumkin.
39. Nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasi tugatilgan taqdirda uning pul mablagʻlari va mol-mulkidan, uning majburiyatlarini qoplash boʻyicha toʻlovlar chegirilgan holda, qonun hujjatlariga va muassasa ustaviga muvofiq foydalaniladi.
40. Nodavlat maktabgacha taʼlim muassasalarining xalqaro hamkorligi, pedagogik axborot va tajribani ayirboshlash, pedagog kadrlarning amaliyotni oʻtashi va ularning malakasini oshirish qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 25-oktabrdagi 225-son qaroriga 3-ILOVA
[OKOZ:
1.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Taʼlim / 13.01.08.00 Taʼlim turlari / 13.01.08.01 Maktabgacha taʼlim va tarbiya;
2.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Taʼlim / 13.01.79.00 (Кучини йукотган) Nodavlat taʼlim muassasalari (xususiy, jamoat birlashmalari, diniy va boshqa tashkilotlarining taʼlim muassasalari). Nodavlat va diniy taʼlim muassasalari faoliyatini litsenziyalash]
Qisqa muddatli guruhlar toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom maktabgacha taʼlim muassasalariga (keyingi oʻrinlarda matnda “maktabgacha muassasalar” deb yuritiladi) qatnamaydigan maktabgacha yoshdagi bolalarning qisqa muddatli (4-5 soat) guruhlari faoliyatini tartibga solish uchun yoʻnaltirilgan.
2. Maktabgacha muassasalar negizida tashkil etiladigan qisqa muddatli guruhlarning maqsadi maktabgacha muassasalarga qatnamaydigan bolalarni har tomonlama rivojlantirishni taʼminlash, ularda maktab taʼlimiga tayyorgarlik asoslarini shakllantirish hisoblanadi.
3. Maktabgacha muassasada quyidagi qisqa muddatli guruhlar faoliyat koʻrsatishi mumkin:
3 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan bolalar soni 20 nafardan kam boʻlmagan, biroq 25 nafardan ortiq boʻlmagan bolalar uchun — “Rivojlantirish guruhi”. Guruh bolalarni har tomonlama rivojlantirish, ularni tengdoshlar va katta yoshli bolalar jamoasiga moslashtirish maqsadida tashkil etiladi;
5 yoshdan 6 yoshgacha boʻlgan bolalar soni 20 nafardan kam boʻlmagan, biroq 25 nafardan ortiq boʻlmagan bolalar uchun — “Kelajakdagi oʻquvchi” guruhi. Guruh maktabgacha katta yoshdagi bolalarni taʼlim muassasasida umumiy oʻrta taʼlimga oʻqitishga tayyorlash maqsadida tashkil etiladi;
oʻqitish oʻz ona tilida olib borilmaydigan bolalar uchun bolalar soni 20 nafardan kam boʻlmagan, biroq 25 nafardan ortiq boʻlmagan guruh;
2 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan bolalar soni 15 nafardan kam boʻlmagan, biroq 20 nafardan ortiq boʻlmagan bolalar uchun — “Integrallashgan guruh”. Guruhda sogʻlom bolalar bilan birgalikda, shuningdek “ruhiy rivojlanishi sust” tashxisli bolalar ham (“ruhiy rivojlanishi sust” tashxisli bolalar soni 3 nafardan ortiq boʻlmasligi lozim) qatnashadi. Guruh bolalarni jamiyatga moslashtirish, rivojlanishida ruhiy nuqsoni boʻlgan bolalarga muntazam ravishda ruhiy-tibbiy-pedagogik yordam koʻrsatish, ularni tarbiyalash va oʻqitish, ota-onalarni konsultativ-metodik qoʻllab-quvvatlash maqsadida tashkil etiladi. Bolalarni oʻqitish yakka tartibdagi reja boʻyicha amalga oshiriladi. Bemor bolalar bilan ishlaganligi uchun tarbiyachi va tarbiyachining yordamchisiga qoʻshimcha haq berilmaydi;
4 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan bolalar soni 15 nafardan kam boʻlmagan, biroq 20 nafardan ortiq boʻlmagan nogiron bolalar uchun — “Muammoli bola” guruhi. Guruh nogiron bolalarga muntazam ravishda ruhiy-tibbiy-pedagogik yordam koʻrsatish, bolalarni taʼlim jarayoniga jalb etish, ijtimoiy moslashtirish, bolalarni tarbiyalash va oʻqitishni tashkil etishda ota-onalarga yordam berish maqsadida tashkil etiladi. Mazkur guruhda nogiron bolalar bilan birgalikda sogʻlom bolalar ham boʻlishi mumkin. Nogiron bolalar (aqliy yetukligi saqlangan) soni 3 nafardan kam boʻlmasligi lozim. Nogiron bolalar bilan ishlaganligi uchun tarbiyachi va tarbiyachining yordamchisiga qoʻshimcha haq berilmaydi.
4. Qisqa muddatli guruhlardagi bolalarga qaraganligi uchun toʻlov ota-onalar (yoki ularni oʻrnini bosuvchi shaxslar) tomonidan, shuningdek xayr-ehson qiluvchilar tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Toʻlovlar bank muassasalarida ochilgan hisob raqamlariga toʻlanadi.
5. Tarkibida qisqa muddatli guruh mavjud boʻlgan maktabgacha taʼlim muassasasi taʼlim jarayoni vaqtida bolalar, guruh xodimlari hayoti va sogʻligʻi uchun, uni tashkil etish shakllari, metodlari va vositalarining bolalarning yoshi va ruhiy-fiziologik imkoniyatlariga muvofiqligi uchun javob beradi.
II. Qisqa muddatli guruhlarni tashkil etish tartibi
6. Maktabgacha yoshdagi bolalar uchun maktabgacha taʼlim muassasalarida zarur moddiy-texnika sharoitlari va kadrlar taʼminoti (ajratilgan mablagʻlar doirasida) mavjud boʻlganda har qanday turdagi qisqa muddatli guruhlar tashkil etiladi. Binolar pedagogika va sanitariya-gigiyena talablariga, yongʻin xavfsizligi qoidalariga javob berishi lozim.
7. Maktabgacha muassasada qisqa muddatli guruhlar soni tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, viloyatlar xalq taʼlimi boshqarmalari va Toshkent shahar xalq taʼlimi bosh boshqarmasi tomonidan, sanitariya normalarini hisobga olgan holda, aholining ehtiyojiga hamda taʼlim jarayonini taʼminlash uchun yaratilgan shart-sharoitlarga qarab belgilanadi.
8. Qisqa muddatli guruhlar xalq taʼlimi muassasalari faoliyatini metodik taʼminlash va tashkil etish tuman (shahar) boʻlimi buyrugʻi bilan tashkil etiladi.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 20-iyundagi 183-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2011-y., 25-son, 260-modda)
9. Qisqa muddatli guruhlar ochish uchun quyidagilar zarur:
ota-onalar (ularni oʻrnini bosuvchi shaxslar) bilan shartnoma;
shtatlar jadvali;
kun rejimi va bolalarning hayot faoliyatini tashkil etish tartibi;
bolalar roʻyxati;
taʼlim dasturi.
10. Qisqa muddatli guruhlarni toʻldirish bir xil yoshdagi bolalar hamda turli yoshdagi bolalar prinsipi boʻyicha amalga oshiriladi.
11. Qisqa muddatli guruhlarga bolalarni qabul qilish ota-onalar arizasi, bolaning sogʻligʻi toʻgʻrisidagi tibbiy xulosa asosida amalga oshiriladi.
12. Qisqa muddatli guruhlarni toʻldirishda tanlov asosida hamda test sinovi boʻyicha qabul qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
13. Qisqa muddatli guruhlar mavjud boʻlgan taʼlim muassasasi va ota-onalar oʻrtasidagi munosabatlar hududiy xalq taʼlimi boshqarmasida hisobi yuritiladigan, belgilangan tartibda tuzilgan shartnoma bilan tartibga solinadi.
14. Qisqa muddatli guruhlar, guruhlarning ish tartibiga bogʻliq holda, tarbiyalanuvchilarni kuniga bir marta (ertalabki yoki tushki nonushta) taomnoma va maktabgacha taʼlim muassasalari uchun ovqatlanish pul normasi boʻyicha ovqatlanishini tashkil etgan holda faoliyat yuritadi.
15. Maktabgacha taʼlim muassasasi shtatlar jadvali, ushbu Nizom bilan kiritiladigan qoʻshimchalarni hisobga olgan holda, Maktabgacha taʼlim muassasalarining namunaviy shtatlar jadvali asosida koʻrib chiqiladi va tasdiqlanadi hamda tegishli moliya organida majburiy tartibda roʻyxatdan oʻtkazilishi lozim.
Qisqa muddatli guruhlar uchun quyidagi shtat birliklari belgilanadi:
bitta guruh uchun — 0,5 birlik tarbiyachi;
bitta guruh uchun — 0,25 birlik tarbiyachi yordamchisi;
ikkita guruh uchun — 0,25 birlik tibbiy hamshira;
ikkita guruh uchun — 0,25 birlik musiqa rahbari.
16. Qisqa muddatli guruhlarning quyidagi turlari uchun:
“Kelajakdagi oʻquvchi” guruhi — bitta guruh hisobiga — 0,25 birlik oʻqituvchi-logoped;
“Integrallashgan guruh” — bitta guruh uchun (15—20 nafar bolalar, shundan ruhiy rivojlanishi sust tashxisli — 3—5 nafar bolalar) — 0,25 birlik oʻqituvchi-defektolog;
“Muammoli bola” guruhi — bitta guruh hisobiga (15—20 nafar bolalar, shundan 3—5 nafar nogiron bolalar) — 0,25 birlik oʻqituvchi-logoped yoki 0,25 birlik oʻqituvchi defektolog qoʻshimcha shtat birliklari belgilanadi.
III. Taʼlim jarayonini tashkil etish
17. Qisqa muddatli guruhlarda taʼlim jarayoni shakli maktabgacha taʼlim muassasasining taʼlim dasturlarida belgilanadi.
18. Qisqa muddatli guruhlarda taʼlim jarayoni bolaning alohida, shaxsan yoʻnaltirilgan rivojlanishini taʼminlaydigan tez moslashuvchan shakl va pedagogik texnologiyani oʻz ichiga oladi.
19. Tarbiyaviy ishlarni tashkil qilish bolalarning imkoniyatlari, qiziqishlari, ehtiyojlarini hisobga olgan holda faoliyatning har xil turlarini rivojlantirish uchun sharoitlar yaratishni nazarda tutadi.
20. Qisqa muddatli guruhlarda belgilangan tartibda ota-onalar hisobidan, asosiy faoliyatdan tashqari, qoʻshimcha taʼlim xizmatlari tashkil etishga yoʻl qoʻyiladi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 43-son, 431-modda;2011-y., 25-son, 260-modda; 2017-y., 30-son, 732-modda)