1.03.00.00.00 Fuqarolik qonunchiligi / 03.11.00.00 Majburiyatlarning alohida turlari / 03.11.22.00 Sugʻurta / 03.11.22.02 Majburiy sugʻurta;
2.07.00.00.00 Moliya va kredit toʻgʻrisidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.10.01.00 (Кучини йукотган) Yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi / 07.10.01.05 (Кучини йукотган) Yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi boʻyicha imtiyozlar / 07.90.00.00 (Кучини йукотган)Umumdavlat soliqlari;
3.07.00.00.00 Moliya va kredit toʻgʻrisidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.10.02.00 (Кучини йукотган) Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi / 07.10.02.04 (Кучини йукотган) Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi boʻyicha imtiyozlar / 07.90.00.00 (Кучини йукотган)Umumdavlat soliqlari]
[TSZ:
1.Moliya / Soliqlar (yigʻimlar, bojlar);
2.Moliya / Sugʻurta]
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MOLIYA VAZIRLIGI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT SOLIQ QOʻMITASINING
qarori
MOL-MULK SUGʻURTASI VA UZOQ MUDDATLI HAYOT SUGʻURTASIGA OID SUGʻURTA MUKOFOTLARI YuZASIDAN YuRIDIK ShAXSLARNING DAROMAD (FOYDA) SOLIGʻI VA JISMONIY ShAXSLARNING DAROMAD SOLIGʻI BOʻYIChA IMTIYOZLAR BERISh TARTIBI TOʻGʻRISIDA NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2007-yil 25-iyunda 1693-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi]
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasining 2008-yil 21-yanvardagi 2, 2008-04-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasining ayrim normativ-huquqiy hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qarori (roʻyxat raqami 1761, 21.01.2008-y.) bilan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi, Oʻzbekiston Respublikasi “Davlat soliq xizmati toʻgʻrisida”gi Qonunining 7-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi “Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 10-moddasi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 10-apreldagi “Sugʻurta xizmatlari bozorini yanada isloh qilish va rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-618-sonli qaroriga muvofiq qaror qilamiz:
1. Mol-mulk sugʻurtasi va uzoq muddatli hayot sugʻurtasiga oid sugʻurta mukofotlari yuzasidan yuridik shaxslarning daromad (foyda) soligʻi va jismoniy shaxslarning daromad soligʻi boʻyicha imtiyozlar berish tartibi toʻgʻrisida nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatiga olingan vaqtdan boshlab, oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Moliya vaziri R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2007-yil 24-may,
59-son
Davlat soliq qoʻmitasi raisi B. PARPIYEV
Toshkent sh.,
2007-yil 24-may,
2007-37
Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasining 2007-yil 24-maydagi 59, 2007-37-son qarori bilan TASDIQLANGAN
Mol-mulk sugʻurtasi va uzoq muddatli hayot sugʻurtasiga oid sugʻurta mukofotlari yuzasidan yuridik shaxslarning daromad (foyda) soligʻi va jismoniy shaxslarning daromad soligʻi boʻyicha imtiyozlar berish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 10-apreldagi “Sugʻurta xizmatlari bozorini yanada isloh qilish va rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-618-sonli qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-yil, 15-son, 158-modda) muvofiq mol-mulk sugʻurtasi va uzoq muddatli hayot sugʻurtasiga oid sugʻurta mukofotlari boʻyicha soliq imtiyozlarini berish tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizomda foydalaniladigan tushunchalar:
“sugʻurta mukofoti” — sugʻurta shartnomasida belgilangan muddat va tartibda sugʻurta qildiruvchi (naf oluvchi) sugʻurtalovchiga toʻlashi shart boʻlgan sugʻurta haqi;
“mol-mulk sugʻurtasi shartnomasi” — sugʻurta shartnomasi boʻlib, unga koʻra bir taraf (sugʻurtalovchi) shartnomada shartlashilgan haq (sugʻurta mukofoti) evaziga shartnomada nazarda tutilgan voqea (sugʻurta hodisasi) sodir boʻlganda boshqa tarafga (sugʻurta qildiruvchiga) yoki shartnoma qaysi shaxsning foydasiga tuzilgan boʻlsa, oʻsha shaxsga (naf oluvchiga) bu hodisa oqibatida sugʻurtalangan mulkka yetkazilgan zararni yoxud sugʻurta qildiruvchining boshqa mulkiy manfaatlari bilan bogʻliq zararni shartnomada belgilangan summa (sugʻurta puli) doirasida toʻlash (sugʻurta tovoni toʻlash) majburiyatini oladi.
“uzoq muddatli hayot sugʻurtasi shartnomasi” — sugʻurta shartnomasi boʻlib, unga muvofiq bir taraf (sugʻurtalovchi) boshqa taraf (sugʻurta qildiruvchi) toʻlaydigan, shartnomada shartlashilgan haq (sugʻurta mukofoti) evaziga sugʻurta qildiruvchining oʻzining yoxud shartnomada koʻrsatilgan boshqa fuqaro (sugʻurtalangan shaxs)ning hayoti yoki sogʻligʻiga zarar yetkazilgan, u muayyan yoshga toʻlgan yoki uning hayotida shartnomada nazarda tutilgan boshqa voqea (sugʻurta hodisasi) yuz bergan hollarda shartnomada shartlashilgan pulni (sugʻurta pulini) bir yoʻla yoki vaqti-vaqti bilan toʻlab turish majburiyatini oladi.
“sugʻura polisi” — sugʻurta shartnomasining imzolanganligini va sugʻurta shartnomasiga muvofiq sugʻurtalovchining sugʻurta qoplamasini toʻlash boʻyicha majburiyatining kuchga kirganligini tasdiqlovchi va sugʻurta mukofoti toʻlangandan soʻng sugʻurtalovchi tomonidan sugʻurta qildiruvchiga beriladigan hujjat (shahodatnoma, sertifikat, kvitansiya).
2. Yuqorida koʻrsatilgan qaror asosida belgilangan soliq imtiyozlaridan foydalanish huquqini beruvchi asos boʻlib sugʻurta polisi hisoblanadi.
II. Yuridik shaxslarning daromad (foyda) soligʻi boʻyicha imtiyozlar berish
3. Yuridik shaxs (mulkdor, xoʻjalik yuritish yoki operativ boshqarish huquqining subyekti) tomonidan mol-mulkni sugʻurtalash shartnomasi boʻyicha toʻlangan sugʻurta mukofoti summasi, shuningdek, oʻz xodimlarining hayotini uzoq muddatli sugʻurtalash shartnomasi boʻyicha toʻlangan sugʻurta mukofotlari summasi jami daromaddan chegiriladi.
4. Yuridik shaxs tomonidan (xodimlar kategoriyasiga kirmaydigan) boshqa shaxslarning hayotini uzoq muddatli sugʻurtalash shartnomasi boʻyicha toʻlangan sugʻurta mukofotlari summasi, daromad (foyda) soligʻini hisoblashda jami daromaddan chegirilmaydi.
III. Jismoniy shaxslarning daromad soligʻi boʻyicha imtiyozlar berish
5. Yuridik shaxs tomonidan oʻz xodimi uchun uzoq muddatli hayot sugʻurtasi boʻyicha toʻlangan sugʻurta mukofotlari summasi, jismoniy shaxsning soliqqa tortiladigan daromadi sifatida qaralmaydi.
6. Mustaqil ravishda mol-mulk sugʻurtasi va/yoki uzoq muddatli hayot sugʻurtasi boʻyicha sugʻurta mukofotlarini toʻlagan jismoniy shaxslar, toʻlangan sugʻurta mukofotlari summasini soliqqa tortiladigan daromadni hisoblashda asosiy ish joyi boʻyicha yoki hisobot yili uchun yashash joyidagi davlat soliq xizmati organlariga yillik jami daromadlar toʻgʻrisidagi deklaratsiyani topshirishda, yillik jami daromaddan chegirish huquqiga ega.
7. Mol-mulk sugʻurtasi va/yoki uzoq muddatli hayot sugʻurtasi shartnomasi muddatidan oldin bekor boʻlganda va sugʻurtalovchi tomonidan sugʻurta mukofotining jami summasi yoki bir qismi sugʻurta qildiruvchiga qaytarilganda, agar sugʻurta qildiruvchiga avval ushbu Nizomga muvofiq imtiyozlar berilgan boʻlsa, sugʻurtalovchi sugʻurta mukofotini soliqqa tortiladigan daromadga kiritish maqsadida sugʻurta qildiruvchi (yuridik yoki jismoniy shaxs) roʻyxatga olingan joyi boʻyicha davlat soliq xizmati organlariga qaytarilgan sugʻurta mukofoti hajmi toʻgʻrisida xabar beradi.
IV. Soliq toʻlovchilarning javobgarligi va soliq organlarining nazorati
8. Yuridik shaxslar daromad (foyda) soligʻi va jismoniy shaxslarning daromad soligʻini qonunchilik asosida berilgan imtiyozlarni hisobga olgan holda toʻgʻri hisoblanishi boʻyicha javobgardirlar.
9. Soliq imtiyozlarining toʻgʻri qoʻllanilishini nazorat qilish davlat soliq xizmati organlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga muvofiq amalga oshiriladi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 25-26-son, 275-modda)