toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 13.11.2023

“TASDIQLAYMAN”

Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti

agentligi boshligʻi

B. Tagirov

01/960-son

30-noyabr 2000-y.

“KELIShILGAN”

Qishloq va suv xoʻjaligi

vazirining birinchi oʻrinbosari

A.A. Jalolov

96/11-80

26-aprel 2000-y.

“KELIShILGAN”

“Sanoatkontexnazorat” agentligi

bosh direktori

R.T. Saidov

03-516-son

10-oktabr 200 y.

“KELIShILGAN”

“Oʻzavtotrans” DAK raisi

K.M. Sidiqnazarov

18-oktabr 2000-y.

“KELIShILGAN”

“Oʻzbektransqurilish”

assotsiatsiyasi raisi

M.A. Omelnitskiy

10/137-son

26-may 2000-y.

“KELIShILGAN”

Termiz daryo porti boshligʻi

A.S. Kan

126-son

4-oktabr 2000-y.

“KELIShILGAN”

Oʻzbekiston Respublikasi

Mehnat vaziri

Sh.G. Ibragimov

2279/04-son

22-noyabr 2000-y.

“KELIShILGAN”

Oʻzbekiston Respublikasi

pochtasi va telekommunikatsiyasi

agentligi bosh direktori

F.S. Abdullayev

09-8/2493-son

27-noyabr 2000-y.

“KELIShILGAN”

Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari

Kengashi raisi

D.N. Djaxangirova

DJ-09/568

30-noyabr 2000-y.

DARYo TRANSPORTINI TEXNIK IShLATISh
qoidalari
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2000-yil 6-dekabrda 990-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
 LexUZ sharhi
Mazkur qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi transport vazirining 2023-yil 26-oktabrdagi 26-sonli “Daryo transportini texnik ishlatish qoidalari, shuningdek unga oʻzgartirish va qoʻshimchalarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 990-7, 10.11.2023-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
I-BOB. UMUMIY QOIDALAR
1. Mazkur Daryo transportini texnik ishlatish qoidalari Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 25-fevraldagi 106-son qarori bilan tasdiqlangan Ichki suv transporti ustaviga (keyingi oʻrinlarda — Ustav) muvofiq ishlab chiqildi va mulkiy shaklidan qatʼiy nazar suzish vositasiga ega boʻlgan barcha vazirlik, idoralar va korxonalarning daryo transporti xodimlari tomonidan bajarilishi majburiydir.
2. Mazkur Daryo transportini texnik ishlatish qoidalari texnik vositalarni qurgan zavod tomonidan ularni texnik ishlatish boʻyicha oʻrnatilgan qoidalar, yoʻriqnomalar va qoʻllanmalarning barcha talablariga qatʼiy rioya etilishini koʻzda tutadi.
Vazirlik va idoralarda suzish vositalarini texnik ishlatish bilan bogʻliq ishlab chiqiladigan maxsus qoidalar, yoʻriqnomalar qoʻllanma va koʻrsatmalar mazkur Qoidalarga qatʼiy muvofiq boʻlishi va ushbu sohada malakani oshirishga tayanishi lozim.
3. Suv yoʻllari, gidrotexnik inshootlar, flot, kema taʼmirlovchi va sanoat korxonalari, portlar va pristanlar, aloqa va elektroradionavigatsiya vositalari va daryo transportining boshqa texnik vositalari oʻzlarining muhim texnik-iqtisodiy va texnik ishlatish xarakteristikalari bilan bir-biriga muvofiq boʻlishi va tashish rejalarining bir maromda bajarilishini, flotdan oqilona foydalanishni, kemalarning xavfsiz harakatlanishini va transport xarajatlarini keskin qisqartirishni taʼminlashi shart.
4. Harakatda boʻlgan daryo transportining barcha texnik vositalarini texnik ishlatish davrida mazkur Qoidalar talablarining bajarilishi shart. Qoidalarning talablari yangi loyihalashtirilayotgan, qurilayotgan va qayta jihozlanayotgan daryo transporti vositalariga tatbiq etiladi.
5. Texnik vositalar meʼyoriy hujjatlar talablariga muvofiq texnik ishlatish hujjatlari bilan taʼminlanmagan boʻlsa, ularni ishlatish taqiqlanadi.
Amaldagi qoidalarda belgilangan taʼmirlash hujjatlari bilan taʼminlanmagan texnik vositalarni taʼmirga qoʻyish ham taqiqlanadi.
6. Daryo transportining texnik vositalarini foydalanishga tushirish ular qurib yoki taʼmirlab boʻlgandan soʻng belgilangan tartibda tuzilgan komissiya tomonidan amalga oshirilishi shart.
7. Daryo transportining texnik vositalaridan foydalanish davrida tegishli idoraviy, tarmoq va tarmoqlararo hujjatlarda qayd etilgan texnika xavfsizligi va ishlab chiqarish sanitariyasi boʻyicha qoidalar, meʼyorlar, yoʻriqnoma va koʻrsatmalarga qatʼiy rioya etilishi shart.
8. Daryo transportining har bir boʻlinmalarida daryo transportini texnik ishlatishning ilgʻor tajribalari ushbu boʻlinma yoʻnalishi boʻyicha oʻrganilishi, umumlashtirilishi va ommalashtirilishi shart.
9. Qoidalar Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi boshligʻi tomonidan mazkur Qoidalar qanday tartibda qabul qilingan boʻlsa shu tartibda oʻzgartirilishi mumkin.
10. Mazkur qoidalarning buzilganligi uchun aybdorlar qoidabuzarlik darajasi va xarakteri va uning oqibatlariga qarab Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar. Qoidalarni bilmaslik aybdorlarni javobgarlikdan ozod etmaydi.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
11. Mazkur Daryo transportini texnik ishlatish qoidalari har bir kemada, zemsnaryadda, shlyuzda, daryo transportini texnik ishlatish bilan band boʻlgan barcha korxona va boʻlinmalarda boʻlishi shart.
II-BOB. DARYo TRANSPORTI XODIMLARINING UMUMIY MAJBURIYATLARI
12. Daryo transportining asosiy vazifalari yuk va yoʻlovchilarni tashish davrida:
a) kemalarni va ularda boʻlgan odamlarning xavfsiz suzishini, tashilayotgan yuklarning, kema yuradigan yoʻllarning va inshootlarning saqlanishini taʼminlash:
b) yuk va yoʻlovchilarni tashish muddatlariga rioya qilish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, tashishlar, yuklash-tushirish va boshqa ishlarning tannarxini pasaytirish,
v) daryo transporti texnik vositalari ishining samaradorligini oshirish yoʻli bilan eng kam mehnat, material va pul mablagʻlari sarflanishiga erishish.
13. Daryo transportining har bir xodimi oʻz xizmat vazifasi va javobgarligi doirasida kemalarning va ulardagi odamlarning toʻliq xavfsizligiga javob beradi. Daryo transporti xodimi quyidagilarni bilishi va qatʼiy bajarishi shart:
a) Oʻzbekiston Respublikasining ichki suv transporti Ustavi;
v) Oʻzbekiston Respublikasi kema yuradigan ichki yoʻllarida suzish qoidalari (roʻyxat raqami 769, 1999-yil 9-iyul) (keyingi oʻrinlarda — Suzish qoidalari) va mahalliy suzish qoidalari;
g) lavozim yoʻriqnomalari;
d) Oʻzbekiston Respublikasining qonunchilik hujjatlari;
(13-bandning “d” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
e) qoidalar, yoʻriqnomalar va texnik ishlatish boʻyicha boshqa qoʻllanmalar;
j) texnika xavfsizligi va mehnat sanitariyasi boʻyicha qoidalar, meʼyorlar, talablar, yoʻriqnomalar va koʻrsatmalar;
z) Oʻzbekiston Respublikasi Kemachilik registrining qoidalari va meʼyoriy hujjatlari.
Koʻrsatilgan qoidalar va yoʻriqnomalarning har bir lavozim uchun bilish hajmi, ishga qabul qilish davrida va navbatdagi sinovlar tartibi suzish vositalariga ega boʻlgan vazirlik va idoralar tomonidan belgilanadi.
14. Ish kunidan toʻliq foydalanish uchun yoki qoʻshimcha kasbni egallagan daryo transporti xodimlariga qoʻshimcha vazifalarning bajarilishini yuklash ular tomonidan tegishli qoidalar va yoʻriqnomalar boʻyicha bilimlarini tekshirishdan oʻtkazgandan soʻng bunday ishga qoʻyishga ruxsat berilishi shart.
15. Xizmat vazifasini bajarish davrida formali kiyim va tanish belgilari oʻrnatilgan xodimlar formali kiyimda boʻlishlari shart (maxsus ishlab chiqarish kiyimida bajariladigan ishlardan tashqari).
Daryo transporti xodimlari oʻz xizmat vazifalarini bajarish davrida ozoda kiyingan boʻlishi va oʻz ish joylarini toza va tartibli saqlashlari shart.
16. Daryo transporti xodimlari milliy boyliklarni va daryo transporti mulkini va yuklarni avaylashlari shart.
17. Ichki suzish kemalarida boshqaruv tarkibiga — kapitan, uning yordamchilari, shturman, mexanik, elektromexanik va ularning yordamchilari, refrijerator qurilmasi mexanigi, radiooperator, radist, shkiper lavozimlarini egallashga belgilangan tartibda berilgan, bu lavozimlarda ishlash huquqini beruvchi diplomga ega boʻlgan shaxslarga ruxsat beriladi.
18. Kemachilik xavfsizligini taʼminlovchi Suzish qoidalari, Texnik ishlatish qoidalari, yongʻin xavfsizligining bajarilishi uchun boshqaruv tarkibining shaxsiy masʼuliyatini oshirish va flotda intizomni mustahkamlash maqsadida diplomlarga (guvohnomalarga) nazorat talonlari berilishi shart. Boshqaruv tarkibidan nazorat talonlarini olish va olingan talonlarni tiklash kema egalarining amaldagi yoʻriqnomalariga muvofiq amalga oshirilishi shart.
19. Boshqaruv tarkibi aʼzolari texnika xavfsizligi boʻyicha bilimlarini tekshirishdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaga ega boʻlishlari, oddiy tarkib (elektrik, matros, chambarakchi va boshqalar, hamda qoʻshimcha kasb egallab turgan xodimlar) ushbu lavozimni egallash uchun diplom yoki guvohnoma, hamda shaxsiy varaqasida ish joyida texnika xavfsizligi va yongʻin xavfsizligi boʻyicha yoʻriqnomadan oʻtgandan soʻng ruxsat berilganligi toʻgʻrisida qayd etilgan boʻlishi shart.
20. Daryo transportiga ishga kiruvchi shaxslar, ushbu ishni bajarish uchun yaroqli ekanligini aniqlash uchun tibbiy koʻrikdan oʻtishga jalb etilishi shart. Keyinchalik bu xodimlarning tibbiy koʻrikdan oʻtkazish davriyligi vazirlik va idoralar tomonidan belgilangan tartibda amalga oshirilishi shart.
Suzuvchi tarkib xodim har yillik tibbiy koʻrikka jalb etiladi va natijalari ularning tibbiy kartochkalariga kiritilishi shart. Navigatsiya davrida ekipaj aʼzolarining sanitar pasportlari kema kapitanida saqlanishi shart.
21. Daryo transporti xodimlari oʻzlari mustaqil va tegishli oʻquv kurslari, oʻquv kombinatlari hamda oʻrta va oliy taʼlim muassasalarida oʻz mutaxassisliklari boʻyicha nazariy va amaliy bilimlarini oshirib borishlari shart.
22. Oʻzbekiston Respublikasidagi barcha kema egalari mulkchilik shaklidan qatʼiy nazar oʻzlarining boʻlinmalari xodimlari tomonidan mazkur Qoidalar talablarining oʻrganilishiga va bajarilishiga koʻmaklashishi shart va bu uchun Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar hisoblanadi.
(22-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
23. Flotning boshqaruv va oddiy tarkibi, daryo transportini texnik ishlatish bilan bevosita bogʻliq boʻlgan daryo floti korxonalari va tashkilotlarining rahbar va muhandis-texnik xodimlari hamda ishchilari Qoidalarning bevosita oʻzlarining ishlariga tegishli boʻlgan bandlarini bilishlari va soʻzsiz bajarishlari, hamda mazkur Qoidalarning umumiy mazmunini bilishlari shart.
24. Qoidalarning 23-bandida koʻrsatilganlarni buzgan yoki bajarmagan shaxslar Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
(24-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
III-BOB. IChKI SUV YOʻLLARI VA YOʻL INShOOTLARI
1-§. UMUMIY QOIDALAR
25. Barcha ichki suv yoʻllari va ularda joylashgan inshootlar (shlyuzlar, dambalar, koʻpriklar, kechuvlar, kema koʻtargichlar, qirgʻoqlar, suv olish va chiqarib tashlash inshootlari, avariya-taʼmirlash toʻsiqlari, havo va suv osti oʻtish joylari) kemalarning xavfsiz harakatlanishi va inshootlarga xizmat koʻrsatishning xavfsiz sharoitlarini taʼminlashi shart.
26. Ichki suv yoʻllari va yoʻl inshootlarini kemachilik holatda saqlash suv yoʻllari texnika uchastkalari va suv inshootlari egalari tomonidan taʼminlanishi shart.
Kemachilik uchun ochiq boʻlgan ichki suv yoʻllarining roʻyxati va ulardan foydalanish tartibi Ustavda oʻrnatilgan tartib bilan belgilanadi.
27. Suv yoʻllari texnika uchastkalari va suv inshootlari egalari tomonidan xizmat koʻrsatiladigan suv yoʻllarining chegaralari tarkibida suv yoʻllari boʻlgan idora rahbari tomonidan, prorablik va jihozlovchi uchastkalarning chegaralari esa suv yoʻllari texnika uchastkasi tomonidan tasdiqlanadi.
28. Ichki suv yoʻllarining (daryo, kanal, suv ombori, koʻl) har bir uchastkasi boʻyicha suv yoʻllari texnika uchastkasi tomonidan quyidagilar:
a) lotsman kartasi yoki lotsiya tavsifi koʻrsatilgan suv yoʻli chizmasi (karta betida — chizmasida) ushbu havzada (uchastkada) suzish xususiyatlari va uning gidrologik xarakterlari tavsiflangan, suzish uchun lotsiya yoki qoʻllanma;
b) oʻrnashgan joylari koʻrsatilgan holda qirgʻoqboʻyi aholi punktlari, portlar-pristanlar, sayoz joylar, orollar, saqlanish joylari roʻyxatini oʻz ichiga olgan yoʻnalish chizmasi (shartli boshlanish yoʻlidan kilometrda);
v) kema yurish yoʻllari va suv hududlari, suv omborlari va koʻllarda shamolning yoʻnalishiga qarab toʻlqinlanish atlasi.
29. Har bir oʻziyurar kemada ushbu kema suzadigan chegara uchun lotsman kartasi, kema yuradigan yoʻl chizmasi yoki lotsiyasi, qoʻllanma, yoʻnalish chizmalari va suv yoʻllarining toʻlqinlanish uchastkalari atlaslari boʻlishi shart. Koʻrsatilgan navigatsiya qoʻllanmalari bilan kemalar kema egalari tomonidan kemani xavfsiz yuritish xizmati va shturman taʼminoti yoki qoʻllanma materiallari ishlab chiquvchi boshqa organlar orqali taʼminlanadi.
30. Suv yoʻllari va kemachilik jihozlari holatlarining navigatsiya davomida oʻzgarib turishi suv yoʻllari texnika uchastkalari tomonidan ishlab chiqiladigan xabarnomalar, yoʻl varaqalari yordamida kema boshqaruvchilariga yetkazilishi shart. Kema boshqaruvchilari bu materiallar boʻyicha lotsman kartalari, kema yuradigan yoʻllarning chizmalari, yoʻnalish chizmalari va qoʻllanmalarga tuzatishlar kiritishi shart.
31. Koʻllar va suv omborlarida suzuvchi kemalar va tarkiblar harakat nozimlari yoki maxsus xizmatlar orqali uzoq muddatli va qatnov davridagi ob-havo va toʻlqinlanish maʼlumoti, hamda shtorm toʻgʻrisidagi ogohlantirishlarni olishlari shart.
32. Gidrouzellar va shlyuzlar tizimlari kopmleksida suv rejimini tartibga keltirish (toshqin suvlarni oʻtkazib yuborish, quyi byefda suvni oʻtkazib yuborish navigatsiya va navigatsiyalar oraligʻida gidrouzellar byefida suv sathining rejimi) Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan amalga oshirilishi lozim.
33. Asosiy suv yoʻllarida suv osti va suv ustidan oʻtkaziladigan elektr oʻtkazgich va aloqa liniyalari, quvurlar, shlyuzlar, kanallar va koʻpriklarni qurish loyihalari va ularning gabarit oʻlchamlari, daryo oʻzani yoki suv yoʻllaridagi daryo boʻylarida hamda yoʻllardagi koʻpriklarda, asosiy yoʻllardan tashqari, suv qabul qilish va chiqarib tashlash inshootlari, prichal, parom, sport bazalari va boshqa inshootlar, qurilish materiallari ishlab chiqarish konlarini barpo etish loyiha korxonalari tomonidan suv yoʻllari texnika uchastkalari, kemachilik inspeksiyalari va Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi va kema egalari bilan kelishilishi shart.
34. Ichki suv yoʻllarida kemachilik sharoitlari va ularda kemachilik jihozlarining saqlanish sifatini tekshirish har yili kamida 2-marta (navigatsiya boshlanishida va kuzda) suv yoʻllari texnika uchastkalari, kemachilik inspeksiyalari vakillaridan iborat boʻlgan komissiya tomonidan yoʻllar maxsus inspektorlik koʻrigidan oʻtkaziladi. Tekshirish natijalari boʻyicha qabul qilingan qarorlar suzish vositalariga ega boʻlgan vazirlik va idoralarga va Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligiga yetkaziladi.
2-§. IChKI SUV YOʻLLARINING GABARITLARI
35. Kemachilik rivojlangan yoʻllarda suv yoʻllari texnika uchastkalari tomonidan kema yuradigan yoʻl gabaritlari kafolatlanadi (chuqurligi, eni va oʻqidan burilish radiusi). Kema qatnaydigan suv yoʻllarining kafolatlangan gabaritlarining eng kam chuqurligi va eni boʻyicha differensiatsiyalangani kabi suvning haqiqiy sathiga qarab belgilanishi shart.
Gabaritlari kafolatlangan suv yoʻllarining roʻyxati, koʻrsatilgan gabaritlarning saqlanishi lozim boʻlgan kema yuradigan suv yoʻllarining kafolatlangan gabaritlari eng kam oʻlchami va kemachilik sathi oʻz tarkibida suzish vositalari mavjud boʻlgan vazirlik va idoralar tomonidan Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi bilan kelishilib tasdiqlanadi.
36. Ichki suv yoʻllarida suzuvchi kemalar va kemalar tarkibi “Suzish qoidalariga” muvofiq kema yuradigan suv yoʻllari gabaritlariga mos boʻlgan botish va oʻlchamlarga, kema tubining tagida va eni boʻyicha suv zaxirasi, hamda cheklangan uzunlikka va enga ega boʻlishi shart.
37. Koʻpriklar tagidagi kema oʻtadigan oraliqlardagi tayanchlar yoki ustunlarning eni boʻyicha belgilanadigan ichki qirralari oraligʻidagi masofalar kemachilikdagi eng kam sath (suv osti konstruksiyalarini hisobga olgan holda) va balandligi boʻyicha kemachilik uchun hisoblanadigan (kema yuradigan daryolarda koʻprik gabaritlarini loyihalashtirish va koʻpriklarning oʻrnatilishiga asosiy talablar boʻyicha) kema yuradigan suv sathi, ajratiladigan koʻpriklarning koʻprik osti va kema yuradigan daryolardan oʻtkaziladigan quvur oʻtkazgichlarning gabaritlari loyihalovchi korxona tomonidan koʻprik osti gabaritlarini loyihalashtirishning amaldagi meʼyorlariga muvofiq belgilanishi va suv yoʻllari texnika uchastkalari tomonidan suzuvchi vositalarga ega boʻlgan vazirliklar va idoralar, Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi va kemachilik inspeksiyalari bilan kelishilgan holda tasdiqlanishi shart (pastki qirrasi egri chiziqli koʻrinishda boʻlgan koʻpriklar uchun gabaritlar egri chiziqli qirraning pastki nuqtasidan belgilanadi).
38. Havodan oʻtgan elektr uzatgich va aloqa liniyalari ilgaklarining balandligi, suv osti kabeli va quvurlar yotqizilishining chuqurligi loyiha korxonalari tomonidan suv yoʻllari texnika uchastkalari bilan kelishilgan holda belgilanadi.
39. Yoʻl ishlari (er kovlash, toʻgʻrilash,oʻzan tozalash, zararsizlantirish va qidiruv) hamda kemachilik jihozlarini saqlash boʻyicha ishlar amaldagi qoidalar va texnik yoʻriqnomalarga muvofiq bajarilishi shart.
3 §. KEMAChILIK GIDROTEXNIK INShOOTLARI
40. Kemachilik gidrotexnik inshootlarining barchasi navigatsiya davrida yaroqli holda boʻlishi va amaldagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq kemachilik xavfsizligini taʼminlashi shart.
(40-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
41. Sunʼiy suv yoʻllari (kanallar) boʻylab kemalarning mahalliy organlar oʻrnatgan tezlikdan ortiq harakatlanishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
42. Kanallarni qurish davrida kema yuradigan yoʻllarining toʻgʻri va egri chiziqli uchastkalarini bir-biriga tutashtirish kema yuradigan kanallarni loyihalashtirish boʻyicha koʻrsatmalariga muvofiq amalga oshirilishi shart.
43. Kanallardagi shlyuzlar, toʻgʻonlar, nasos stansiyalari, toʻsuvchi darvozalar, paromli kechuvlar, suv chiqaruvchi va suv tashlovchi inshootlari soz ishlaydigan aloqalar bilan taʼminlangan boʻlishlari shart, shuningdek ularning suv yoʻllari texnika uchastkalari suv inshootlari va gidrouzellar, harakat nozimlari va kemalar bilan aloqalari taʼminlangan boʻlishi shart.
44. Bahorda gidrotexnik inshootlarini foydalanishga topshirish va kuzda, navigatsiya davri tugashi munosabati bilan foydalanishdan chiqarish tartibi va muddati suv yoʻllari texnika uchastkalari tomonidan kema egalari bilan, kompleks moʻljallangan suv inshootlari esa zarurat boʻlganda — boshqa manfaatdor idoralar va tashkilotlar bilan kelishgan holda oldindan belgilanishi shart.
45. Bir nechta suv yoʻllari texnika uchastkalarining uchastkalari rejimiga taʼsir koʻrsatadigan inshootlar orqali suvni qoʻyib yuborish tartibi inshoot tegishli boʻlgan idora tomonidan ishlab chiqilishi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan kelishilishi va suv yoʻllari texnika uchastkalari tomonidan tasdiqlanishi shart.
46. Shlyuzlar orqali kemalarni oʻtkazish, shlyuz egasi tomonidan ishlab chiqilgan kemalarni, tarkib va sollarni kema yuradigan shlyuzlardan oʻtkazish qoidalari, “gidro texnik inshootlar tegishli boʻlgan idoralar tomonidan tasdiqlanadigan Suzish qoidalari” va kanallar va shlyuzlar boʻyicha mahalliy suzish qoidalariga muvofiq amalga oshirilishi shart.
47. Turli toifadagi kemalarni shlyuzlardan oʻtkazish tartibi kemalarni, tarkib va sollarni kema yuradigan shlyuzlardan oʻtkazish qoidalari bilan belgilanadi.
48. Kemalarni shlyuzdan oʻtkazish, shlyuz kameralarida kemalarni joylashtirish va h.k. ishlarini shlyuzning vaxta boshligʻi (nozimi) boshqaradi, shlyuzdan oʻtkazish bilan bogʻliq boʻlgan uning farmoyishlari shlyuzdan oʻtkazilayotgan barcha kemalarning vaxta boshliqlari tomonidan qatʼiy bajarilishi lozim.
49. Kemalarning eni boʻyicha va tubida “Suzish qoidalari” talablariga muvofiq zaxira boʻlmasa, hamda yuki toʻkilayotgan, suv kirayotgan va avariya holatida boʻlgan kemalarni shlyuzdan oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmaydi. Texnik yaroqsiz boʻlgan suzuvchi vositalarni shlyuzdan oʻtkazish uchun qaror suv inshootlari rahbarlari tomonidan har bir ushbu suzuvchi vosita uchun alohida qabul qilinadi.
50. Davlat, kooperativ va sport korxonalari va xususiy shaxslarga tegishli boʻlgan eshkakli, motorli qayiq va shlyupkalarni shlyuzdan oʻtkazish istisno tariqasida suv inshootlari rahbariyatini xabardor qilib amalga oshirilishi mumkin.
Kichik hajmli kemalarni shlyuzdan oʻtkazish qoidalari shlyuzga kirish joyida osib qoʻyilgan boʻlishi shart.
51. Kemalarni gidrouzellar orqali ular qurilayotgan davrda yoki kemachilik inshootlari vaqtincha foydalanishda boʻlgan davrda oʻtkazish kemachilik inspeksiyasi va gidrouzelni qurayotgan korxona tomonidan ishlab chiqiladigan maxsus qoidalar asosida amalga oshiriladi.
52. Suv inshootlarinining texnik holatini tekshirish va saqlab turish uchun har yillik inspektorlik koʻriklari oʻtkazilishi shart.
4 §. KEMAChILIK JIHOZLARI
53. Kemachilik jihozlari suv yoʻllarida kemalarning xavfsiz va qiyinchiliksiz suzishini taʼminlashi shart.
Kemachilikning qatnovi va xarakteriga qarab quyidagi kemachilik jihozlari qoʻllanilishi shart:
a) kecha-kunduz harakatni taʼminlovchi — yorituvchi;
b) kunning faqat yorugʻ vaqtlarida kemalarning harakatini taʼminlovchi — yoritmaydigan;
v) kunning qorongʻu vaqtida kema projektor uskunasini ishlatganda suzish imkonini beruvchi — nurqaytaruvchi.
54. Kemachilik jihozlarining qirgʻoq belgilari kemalar suv yoʻllarida harakatni boshlagandan (navigatsiya boshlanishi) kemalarni qishki toʻxtatib turish uchun joylashtirish tugagunga qadar ishlashi shart.
Suzuvchan belgilar (bakenlar, buylar) daryolar muzdan toza boʻlgandan soʻng 3 kundan kechikmasdan oʻrnatilishi va daryoda muz qoplamasi (kichik muz parchalari) paydo boʻlgunga qadar ishlashi shart.
55. Kemachilik jihozlari belgilarini oʻrnatish va jihozlar boʻyicha ishlarni tashkil etish va ularni saqlab turish ichki suv yoʻllarida kemachilik jihozlarini saqlash boʻyicha texnik yoʻriqnoma va ichki suv yoʻllarida kemachilik jihozlariga xizmat koʻrsatish boʻyicha texnika xavfsizligi qoidalari talablariga javob berishi shart.
Daryo flotidan foydalanayotgan korxonalarning talablariga muvofiq kemachilik jihozlarini oʻrnatish suv yoʻllari texnika uchastkasi (suv inshootlari egalari) tomonidan shartnoma asosida amalga oshiriladi.
56. Ichki suv yoʻllaridagi kemachilik jihozlari belgilari va yonuvchan belgilarining shakli, oʻlchamlari va xarakteristikasi amaldagi standartlarga va normalarga muvofiq boʻlishi shart.
5-§. IChKI SUV YOʻLLARI KORXONALARI XODIMLARINING VAZIFALARI VA JAVOBGARLIKLARI
57. Kemachilik jihozlari va yoʻllarning kafolatlangan gabaritlarini saqlab turish, hamda kemachilik inshootlarining texnik holati, saqlab turish va ulardan kemalarning oʻtkazilishini tashkil etish uchun suv yoʻllari texnika uchastkasi boshligʻi va bosh muhandisi javobgar hisoblanadi.
Suv yoʻllarining alohida uchastkalarida kema yuradigan yoʻllarning holati uchun yoʻl ishlarini bajaruvchi, jihozlanadigan uchastkada belgilarning toʻgʻri oʻrnatilishi va ularning toʻgʻri ishlashi uchun — yoʻl ustasi, jihozlash posti chegarasida — brigadir yoki postning katta ishchisi javobgar boʻladi.
Kema boshqaruvchilariga kemalarni shlyuz orqali oʻtkazish toʻgʻrisidagi toʻliq axborotlarni oʻz vaqtida berilishi va shlyuzdan toʻgʻri oʻtkazilishi uchun shlyuzdagi vaxta boshligʻi javobgar hisoblanadi.
58. Suv yoʻllari xoʻjaligi xodimlarining yoʻllar va navigatsiya jihozlarining holati toʻgʻrisidagi axborotlarni, hamda kemalarga gidrometeorologiya maʼlumotlari va shtorm haqida ogohlantirishlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz vaqtida kema boshqaruvchilariga yetkazish boʻyicha vazifalari lavozim yoʻriqnomalari bilan tartibga keltiriladi, ularning javobgarligi esa Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
(58-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
IV-BOB. FLOT
1-§. UMUMIY QOIDALAR
59. Kemalarning xarakteristikasi va texnik holati va uning barcha elementlari:
a) Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligining Daryo kemachiligi registri inspeksiyasi (keyingi oʻrinlarda — Registr deb yuritiladi) tomonidan berilgan, tasdiqlangan loyihalar va hujjatlarga muvofiq boʻlishi;
b) Registr qoidalari, Suzish qoidalari, alohida turdagi yuklarni tashish qoidalari, tijorat operatsiyalarini bajarish, daryo va koʻllarda suzadigan kemalar uchun sanitar qoidalari, daryo floti kemalari uchun yongʻin xavfsizligi qoidalari, daryo kemalarida radio aloqa va elektrradionavigatsiya vositalariga xizmat koʻrsatish davrida texnika xavfsizligi qoidalari talablariga javob berishi shart.
60. Kemalardan amaldagi qoidalarga, foydalanish, xizmat koʻrsatish va taʼmirlash boʻyicha yoʻriqnomalarga muvofiq foydalanilishi shart va ishonchli va tejamkorlik bilan ishlatish, suzish xavfsizligi va yongʻin xavfsizligini taʼminlaydigan holatda saqlanishi shart.
61. Kemalar, ularning mexanizmlari, jihozlari va qurilmalari kapitan (komandir), kema shkiperi boshchiligida Registr, kemachilik xizmatlari, kema taʼmirlash va ishlab chiqarish korxonalari, suv yoʻllari texnika uchastkalari, qirgʻoq ishlab chiqarish uchastkalari tomonidan oʻtkaziladigan koʻriklardan qatʼiy nazar haftada bir marotaba koʻrikdan oʻtkaziladi.
Koʻrik natijalari kemaning vaxta jurnaliga kiritilishi shart.
62. Kemada shikastlanish aniqlanganda kema kapitani (komandiri), shkiperi kema ekipaji bilan ularni bartaraf etish choralarini koʻrishi va belgilangan tartibda sodir etilgan hodisa toʻgʻrisida kema egasi va texnik xizmat koʻrsatayotgan korxonaga maʼlumot berishi, hamda kemachilik inspeksiyasi va Registrni xabardor qilishi shart: kema uning asosiy elementlarini taʼmirlash talab etiladigan shikastlanish olganda, u texnik koʻrikdan oʻtkazish uchun Registrga taqdim etilishi shart.
63. Foydalanishga tushirilayotgan kemalar: Registr inspektorlarining texnik koʻrik hujjatlari bilan (Registr nazorati ostida boʻlgan kemalar uchun), hamda kema egasining tegishli buyrugʻi bilan flotning texnik holati uchun javob beradigan kemachilik xoʻjaligi xizmati yoki boshqa boʻlinmaning vakillari ishtirokida tuzilgan maxsus komissiya tomonidan tuzilgan kemani qabul qilish toʻgʻrisidagi dalolatnomalari bilan tasdiqlanadigan texnik soz holatda boʻlishi shart. Registr nazorati ostida boʻlmagan kemalarning texnik holati koʻrsatilgan komissiyaning koʻrikdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi dalolatnomalar bilan tasdiqlanadi.
Bunda kema:
Tasdiqlangan shtatlar jadvaliga muvofiq malakali kema ekipaji bilan butlangan;
kemada, meʼyor boʻyicha, kema egasining buyrugʻi bilan tasdiqlangan va Registr qoidalari talablariga javob beradigan zaxira detallar, inventar, asboblar va materialllar, hamda yongʻinga qarshi inventar, avariya-qutqaruv materiallari va jihozlar mavjud boʻlishi shart.
Ushbu vositalar mavjud boʻlmaganda yoki yaroqsiz boʻlganda, hamda soni belgilangan meʼyordan kam boʻlganda kemani foydalanishga tushirish taqiqlanadi;
Registr qoidalariga muvofiq kema hujjatlar bilan taʼminlangan boʻlishi shart.
64. Registr klassiga qurilgan kemalar Registr qoidalari talablariga javob berishi shart, ulardan xalqaro tashish ishlarida foydalanilganda — xalqaro konvensiyalar va regional bitimlardan kelib chiqadigan talablarga ham javob berishi shart.
65. Kemalardan faqat belgilangan vazifalari boʻyicha foydalanish mumkin.
Muz sharoitlarda ishlash uchun kemalar maxsus mustahkamlangan qobiq va Registrning tegishli klassiga ega boʻlishi shart.
Yoʻlovchilarni tashishni faqat yoʻlovchi tashuvchi kemalarda va bu maqsad uchun maxsus jihozlangan va yoʻlovchi tashuvchi kemalar uchun tegishli barcha qoidalar va meʼyorlarga javob beradigan kemalarda amalga oshirish mumkin.
Kemalarni bir guruhdan boshqasiga oʻtkazish Daryo kemachiligi registri bilan kelishilgan holda kema egasi tomonidan oʻrnatilgan tartibda amalga oshirilishi shart.
66. Maxsuslashtirilgan kemalarni texnik ishlatish ushbu Qoidalarning umumiy talablariga, hamda kema loyihachisi tomonidan nazorat qiluvchi tashkilot bilan kelishilgan holda oʻrnatgan maxsus talablarga javob berishi shart.
67. Flotga ega boʻlgan daryo floti, suv yoʻllari texnika uchastkalari, ishlab chiqarish korxonalari, port va boshqa boʻlinmalarning rahbarlari:
a) qishki toʻxtab turishdan keyingi yoki navigatsiyaga tayyorlash taʼmirining sifatsiz bajarilgan yoki rejalashtirilgan ishlarning toʻliq hajmda bajarilmagan kemalarni foydalanishga qabul qilishni taqiqlash;
b) kemalarni va mexanizmlarni yaxshi holatda saqlagan ekipajlarni taqdirlash;
v) ijodiy tashabbuskorlikni qoʻllab quvvatlash, texnik foydalanish, taʼmirlash va flotni saqlashning ilgʻor usullarini tatbiq etish sohasida kema kapitanlari va mexaniklarining rolini va masʼuliyatini oshirish;
g) qisqa muddatlarda suzuvchi tarkib xodimlari tomonidan kemalarda barcha yomon saqlangan va yomon xizmat koʻrsatilgan holatlarni koʻrib chiqishi va tegishli choralar koʻrishi shart.
68. Kemalarni texnik ishlatishni Ustav, Suzish qoidalari va mazkur Qoidalarga muvofiq kemada ishlarni tashkil etish, shu jumladan kemani boshqarish, maʼmuriy xoʻjalik ishlari, bosh va yordamchi mexanizmlar, tizimlar va kema boʻyicha toʻliq xizmat koʻrsatish yuklatilgan kema ekipaji amalga oshirishi shart.
Kemani lozim darajada texnik soz holatda saqlash va unga muntazam amal qilish, hamda kema va uning elementlarini yaxshilash kema ekipajining asosiy vazifalaridan biridir.
69. Zavodlarga, pristan va portlarga roʻyxatda turgan alohida kemalarni, kemalar guruhini va flotni texnik ishlatish boʻyicha kema ekipajining ishlari balansida suzuvchi vositalar boʻlgan vazirlik va idoralar tomonidan tasdiqlangan Qoidalarga muvofiq olib borilishi shart.
70. Kemalarning texnik qarovini nazorat qilish va kema ekipaji aʼzolarining kemalarni texnik soz holda saqlashi boʻyicha ishlariga baho berish uchun daryo floti korxonalarida maxsus komissiyalar tomonidan kemalarni inspektorlik koʻriklaridan oʻtkazib turish shart.
Inspektorlik koʻriklarini tashkil etish va oʻtkazish uchun javobgarlik, tartibi, muddati amaldagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
(70-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
71. Kemalarda profilaktika jadvallarida koʻzda tutilgan rejali texnik qarovlar oʻtkazilishi shart.
Texnik qarovlar oʻtkazish davrida bajariladigan ishlarning davriyligi va roʻyxati daryo floti tizimida amal qilayotgan flotga texnik xizmat koʻrsatish boʻyicha qoʻllanma materiallar bilan belgilanadi.
Qirgʻoq ishlab chiqarish uchastkalari ishchilari tomonidan bajariladigan texnik qarovlarning jadvaliga rioya etilishi, kema ekipaji kuchi bilan amalga oshiriladigan kunlik qarovlarni oʻtkazish, hamda rejadagi profilaktik qarovlar uchun kema kapitan-mexanigi yoki mexanigi javobgar hisoblanadi.
Qirgʻoq ishlab chiqarish uchastkalari ishchilari tomonidan bajariladigan texnik xizmat koʻrsatish boʻyicha ishlarning toʻliqligi va sifati uchun ushbu uchastka boshligʻi javobgar hisoblanadi.
72. Daryo flotining oʻziyurar kemalarida navigatsiya davrida kema ekipajining kuchi bilan amaldagi teplotexnika nazorati boʻyicha qoʻllanmalarga muvofiq teplotexnika nazorati oʻtkazilishi shart.
73. Kemada kema ekipaji aʼzolari va qirgʻoq ishlab chiqarish uchastkalarining ishchilari tomonidan taʼmirlash ishlari davrida texnika xavfsizligi talablariga rioya etilishi uchun javobgar:
zavod sharoitlarida — korxona maʼmuriyati, qaysikim bevosita taʼmirlash ishlarini boshqaradi;
qirgʻoq ishlab chiqarish uchastkalari ishchilari tomonidan texnik qarovlar yoki teplotexnika ishlari bajarilayotgan davrda — ishga rahbarlik qiluvchi va kemaning kapitan-mexanigi yoki mexanigi;
boshqa hollarda — bevosita kemaning kapitan-mexanigi yoki mexanigi hisoblanadi.
Kemaning kapitan-mexanigi (komandir-mexanigi, mexanigi, shkiperi) quyidagilar uchun Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladilar:
(73-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
a) kema mexanizmlari, jihozlariga xizmat koʻrsatish va kema ishlarini bajarish davrida texnika xavfsizligi boʻyicha barcha qoidalarga toʻliq rioya etilishi;
b) oddiy tarkibni kema texnikasiga xizmat koʻrsatishning xavfsiz usullariga ish joyida oʻqitish va instruktaj oʻtkazish;
v) kema texnikalariga xavfsiz xizmat koʻrsatish va baxtsiz hodisalarning oldini olish boʻyicha tadbirlarni tashkil etish va oʻtkazish;
g) oddiy tarkibning yangi qabul qilingan ishchilarini amaliy koʻnikmalarini tekshirish;
d) kema texnikasiga xizmat koʻrsatish bilan band boʻlgan ekipaj aʼzolarini, oʻz vaqtida, bajarilayotgan ish xarakteriga muvofiq individual himoya vositasi bilan taʼminlash.
74. Kemada vaxta davomida texnika xavfsizligi qoidalariga rioya etilishi uchun kema boʻyicha vaxta boshligʻi toʻliq javob beradi, kema kuchlanish qurilmasi boʻyicha — mashina boʻlimining vaxta boʻyicha rahbari javob beradi.
75. Zaxira qismlar, asboblar, oʻlchash asboblari, navigatsiya materiallari, moslamalar va inventarlardan vazifalari boʻyicha toʻgʻri foydalanish va maxsus ajratilgan joylarga saqlanishi shart.
Kemani qishki taʼmirlash uchun avariya zaxira turgan zaxira detallarni ishlatish taqiqlanadi.
76. Kemani taʼmirlashga yoki qishki toʻxtab turish uchun qoʻyishdan oldin, oxirgi tushirgan port tryum shitlarini koʻtarib va oʻziyurar yoki oʻziyurmas kemaning qobigʻini olib tryumlarni toʻliq tozalashi shart.
Kemani toʻxtab turish yoki qishki taʼmirlash uchun tayyorlash boʻyicha boshqa ishlarni, shu jumladan kema ekipajisiz ishlayotgan barjalar boʻyicha ishlarni kema egasining kemalarni taʼmirga topshirish va taʼmirdan qabul qilish toʻgʻrisidagi yoʻriqnomalariga muvofiq oʻziyurmas kema biriktirilgan oʻziyurar kemaning ekipaji bajaradi.
Taʼmirga qoʻyilishdan oldin kemada uning asosiy elementlari va kuchlanish qurilmasida taʼmiroldi nuqsonlarni aniqlash oʻtkazilishi shart.
Kemalarni qishki toʻxtab turishga yuk bilan qoʻyilishiga faqat kema egasining ruxsati bilan yoʻl qoʻyiladi.
Neft quyuluvchi kemalarni tozalash tartibi kemalarni neft qoldiqlaridan tozalash boʻyicha tegishli yoʻriqnoma va qoidalar bilan belgilanadi va kema egasi tomonidan tasdiqlangan daryo floti neft quyuluvchi kemalarda yongʻin xavfsizligi qoidalari talablariga muvofiq boʻlishi shart.
77. Seriyali kemalarni texnik ishlatish va taʼmirlash davrida kema egasi va Registr inspeksiyasining ruxsatisiz biror bir konstruktiv uzellarini qaytadan oʻzgartirish, agregatlarni yechish yoki almashtirish, hamda asosiy texnik ishlatish xarakteristikasiga taʼsir etuvchi oʻzgartirishlarni (yuk koʻtarish qobiliyati, suvga botishi, yoʻlovchi sigʻimi, tezligi, ustuvorligi, xavfsiz suzishi) amalga oshirish taqiqlanadi.
78. Barcha kemalar belgilangan vazifalariga muvofiq daryo floti kemalarini boʻyash qoidalariga muvofiq boʻyalgan boʻlishi shart.
79. Kemalar zarur texnik hujjatlar bilan taʼminlangan boʻlishi shart.
Kemaning texnik hujjatlari kemani qurgan zavod tomonidan, modernizatsiya, kapital yoki tiklash uchun taʼmirlash davrida esa titul roʻyxati boʻyicha moliyalashtiriladigan, nazorat qiluvchi tashkilotlar ostida ishlarni bajaruvchi zavod tomonidan beriladi.
Kemalarga beriladigan hujjatlarning hajmi va xarakteri kemaning turi, vazifasi va texnik taʼminotiga qarab vazirlik va idoralar tomonidan Registr bilan kelishilgan holda tasdiqlangan amaldagi qoidalar, nizom va yoʻriqnomalar bilan belgilanadi.
Kemaning barcha texnik hujjatlari kemaning inventar kitobiga qayd etilgan boʻlishi shart.
80. Vaxta yoki yagona vaxta jurnali rubkada, mashina jurnali — mashina boʻlimida boʻlishi shart.
Oldingi tahrirga qarang.
(80-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi transport vazirining 2019-yil 7-martdagi 2-sonli buyrugʻiga (roʻyxat raqami 990-6, 25.03.2019-y.) asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.03.2019-y., 10/19/990-6/2817-son)
Vaxta yoki yagona vaxta jurnalini toʻgʻri yuritish uchun javobgar kapitan-mexanik, mashina jurnali uchun — kema mexanigi hisoblanadi.
81. Kema jurnallaridagi barcha yozuvlarni oʻz vaqtida, hujjatning barcha ustunlari va pozitsiyalarini toʻldirgan holda texnik xatosiz, aniq va batafsil kiritish shart. Kema jurnalidagi yozuv ikki xil talqin qilishga yoʻl qoʻymasligi shart. Kema jurnallariga qalam bilan yozish taqiqlanadi.
Jurnallar va kema hujjatlarini yuritish tartibi amaldagi qoida va yoʻriqnomalar talablariga javob berishi shart.
2-§. KEMA QOBIGʻI VA USTKI QURILMASI
82. Kemaning qobigʻi va ustki qurilmasi Registr qoidalari talablariga javob berishi, soz holda boʻlishi va kemaning xavfsiz suzishini taʼminlashi shart.
83. Kema qobiqlarini texnik ishlatish davrida suv oʻtkazmaslik taʼminlanganligiga alohida eʼtibor qaratilishi shart.
Qobiqning ichiga suv kirishi aniqlanganda, vaqtinchalik chora sifatida, sement bilan teshikni berkitib qoʻyishga yoʻl qoʻyiladi, qaysikim uni bartaraf etish yaqin kelajakdagi taʼmirgacha keyinga surilishi mumkin.
Qobiqdagi mavjud nuqsonlar toʻgʻrisida vaxta jurnaliga qayd etilishi va korxona rahbariga va Registr inspeksiyasiga xabar berilishi shart.
84. Texnik ishlatish jarayonida kema ekipaji qobiqning holatini muntazam nazorat qilishi shart.
Kemalar qobigʻining zangdan yemirilishini oldini olish uchun:
a) tublar va bortlar orasidagi, mexanizmlar tagidagi, kema tizimlarining qabul qilish setkasi va boshqa qiyin boriladigan joylardan suvlarni, hamda iflosliklarni oʻz vaqtida chiqarib tashlash;
b) koʻrik vaqtida aniqlangan himoya qoplamadagi nuqsonlarni kemada mavjud vositalar bilan bartaraf etish;
v) yuqori namlikka ega boʻlgan xonalarni va borish qiyin boʻlgan joylarni vaqti-vaqti bilan shamollatib turish;
g) kemani portda yoki kema taʼmirlash korxonasida toʻxtab turish davrida qobiqni qirgʻoqdagi qurilma bilan sim bilan erga mustahkam ulab qoʻyish zarur.
Agressiv yuklarni tashish uchun, bu yuklarni tashiydigan metall qobiqli kemalarga qarov oʻtkazish boʻyicha amaldagi yoʻriqnomalar bilan belgilab qoʻyilgan, kemalarga profilaktik xizmat koʻrsatish tartibiga qatʼiy rioya etilishi shart.
85. Qobiqning suv osti qismini texnik koʻrikdan oʻtkazish, qobiqni normal ishlatish va tez yemirilishining oldini olish uchun kemalar oʻz vaqtida suv osti qismida profilaktika va taʼmirlash ishlarini bajarish uchun Registr qoidalari talablariga muvofiq qirgʻoqqa rejali koʻtarilishi shart.
86. Kemalardagi ortish-tushirish ishlari qobiqning saqlanishini taʼminlaydigan usullarda amalga oshirilishi shart.
Har qanday kemani ortish-tushirish tartibi va uni saqlanishini kafolat choralari kema egasi tomonidan har bir turdagi kema uchun ishlab chiqilgan maxsus yoʻriqnomalar talablariga javob berishi shart.
87. Kemani suzishga chiqarish, agar uni qobigʻining texnik holati Registr qoidalari talablariga javob bermasa, hamda agar:
a) ikki qavatli taglikka ega boʻlgan kemaning ikkinchi tagidagi lyuklar zich yopilgan va boʻlinmalarning germetikligi tekshirilmagan boʻlsa;
b) suzish hududini hisobga olgan holda yuklarning mahkamlanganligi taʼminlanmagan boʻlsa;
v) 3 gradusdan ortiq kren mavjud boʻlsa;
g) Suzish qoidalariga muvofiq kil tagida zaxira suv boʻlmasa taqiqlanadi.
88. Foydalanish davrida:
a) kemalarning tagida yetarli miqdorda suv boʻlmaganda ortish va tushirish uchun qirgʻoqqa qoʻyish (kema yuklangan vaqtda xavfsiz turishini hisobga olgan holda);
b) kemaga chizilgan yuk markasida koʻrsatilgan suvga botishga (yoki suvga botish shkalasi) nisbatan ortiq yuklash;
v) kemaga va uning sahnasiga yuk va yoʻlovchilarni qoidalar va qoʻllanmalarni buzib, hamda meʼyordan ortiq miqdorda qabul qilish;
g) kemani loyihalashtirish davrida hisoblangan nagruzkasi boʻyicha koʻzda tutilmagan oʻta ogʻir yuklarni va bahaybat yuklarni oldindan ushbu yuklar uchun qobiqni mustahkamlikka hisoblamasdan ortish yoki tushirishni va odamlarni baxtsiz hodisalardan saqlash choralarini koʻrmasdan amalga oshirish;
d) quruq yuk tashiydigan kemalarni tozalanmagan tryumlari bilan yuklash uchun qoʻyish (qisqa masofalarda ishlovchi va bir xil yuklarni tashuvchi kemalardan tashqari);
e) qobiqning suv oʻtkazmasligini, sahna va qoʻshtubdagi lyuklarining yopgichlari, yuk tryumlarini quritish va ballast tizimlarining ishlashi va lyal quduqlarining germetizatsiyasini tekshirmasdan don mahsulotlarini yuklash;
j) agressiv yuklarni tashigandan soʻng tozalanmagan tryumlar bilan kemani qatnovga chiqishi (tuz, kolchedan, oʻgʻitlar va h.k.);
z) neft quyiladigan kemalarning boʻlinma-tsisternalarida, va texnik flot suzuvchi vositalarining (zemsnaryadlar, shatakka oluvchilar va h.k.), quruq yuk tashiydigan kemalarning yoqilgʻi-moylash tsisternalarida ochiq olov qoʻllagan holda har qanday taʼmirlash ishlarini amalga oshirish (yongʻin va yongʻinga xavfli ishlarni boʻlinma-tsisternalarga inert gazlarini yuborish usulini qoʻllagan holda neft mahsulotlaridan tozalamasdan, qish sharoitida — 3-4-klass neft mahsulotlarining qoldigʻi bilan neft quyiladigan kemalarda avariya ishlarini bajarishda ochiq olovni qoʻllab ishlarni bajarish boʻyicha yongʻin xavfsizligi yoʻriqnomalari va qoidalari talablariga rioya etilgan holda yoʻl qoʻyiladi).
3-§. KEMA QURILMALARI
a) RUL QURILMASI
89. Rul qurilmasi Registr qoidalari talablariga javob berishi va kemani ishonchli boshqarishni taʼminlashi shart.
90. Oʻziyurar kemaning kapitani (oʻziyurmasda — shkiper) muntazam, haftada kamida bir marta rul qurilmasini koʻzdan kechirishi va uning barcha detal va uzellarining yaroqliligini tekshirishi shart. Kema suv ostidagi erga tegib ketganda yoki rul (nasadka) bilan urilib ketganda navbatdan tashqari koʻrikdan, zarur hollarda vint-rul kompleksini gʻavvos yordamida koʻrikdan oʻtkazilishi shart.
Rul qurilmalarini koʻrikdan oʻtkazish va ularni texnik qarovi davrida rul qurilmasining barcha ishqalanadigan detallarning moylanganligi va mahkamlash va birikmalarining sozligi, gidravlikali rul qurilmasida — gidravlika tizimida ishchi suyuqlikning mavjudligi, birikmalarning zichligi, zichlovchi elementlarning sozligi, himoya klapanlari koʻrib chiqilishi shart.
Rul qurilmasining elektr jihozlarini koʻrikdan oʻtkazish va unga xizmat koʻrsatish amaldagi kemalarning elektr jihozlariga xizmat koʻrsatish va ularga qarab turish qoidalariga muvofiq tuziladigan texnik qarovlar jadvalida koʻzda tutilgan hajmda va muddatlarda amalga oshirilishi shart.
Koʻrik natijalari va rul qurilmasining soz ishlashi vaxta jurnalida qayd etilishi shart.
91. Kemaning har bir qatnovga chiqishidan oldin va kemani kanalga yoki shlyuzlangan tizimga kirishidan oldin vaxta boshligʻi rul qurilmasini koʻrib chiqishi va ishda tekshirishi shart.
Tekshirish natijalari vaxta jurnalida qayd etilishi shart.
92. Rul qurilmasining nosozligi davrida kemani foydalanishga chiqarish (rul qurilmasisiz ishlatilishi koʻzda tutilgan kemalardan tashqari) taqiqlanadi, agar:
a) oʻziyurar kemalarda mexanik yoki elektr uzatmali rulni toʻliq oldinga yurishda bir bortdan boshqa bortga qaytarish vaqti 30 sek., qoʻl uzatmalida — 60 sek.dan ortsa;
b) asosiy rul boshqarmasidan zaxiradagiga oʻtish vaqti 30 sek.dan ortsa;
v) poʻlat arqondan boʻlgan shturtros simlarining uzilganlarining soni 6 diametr uzunlikda umumiy simlar sonidan 10% dan ortsa, yoki zanjirli shturtrosning zanjirlarining yemirilishi 10% dan ortsa;
g) aksiometr nosoz yoki rulni bir bortdan boshqa bortga qaytarganda uning koʻrsatkichdagi xatosi bir gradusdan ortsa yoki aksiometrning nol koʻrsatkichi va diametral tekislikda rul perosining joylashuvi toʻgʻri kelmasa;
d) rul mashinasidan rulgacha valikli oʻtkazishda valiklarning sahnaga urilgan ovozi eshitilsa, shesternalarning yemirilishi rul qurilmasining normal ishlashiga toʻsqinlik qilsa;
e) arqon yoki zanjirning boʻshligi arqon va zanjirlarni oʻz-oʻzidan bloklardan chiqib ketsa yoki shturtrosni bloklar, shesterna va halqalar orasiga tiqilib qolsa;
j) elektr rul qurilmalarining, shu jumladan rul perosining turgan holatini nazorat qiluvchi elektr zanjirlarning sozligi taʼminlanmagan boʻlsa;
z) gidravlik rul qurilmalarida suyuqlikning oqishi aniqlanganda;
i) rul qurilmasining biror bir elementining normal harakatlanishi taʼminlanmagan, rul rubkasida joylashgan rul mashinasining kojuxi mahkamlanmagan boʻlsa;
k) elektr rul qurilmasining asosiy uzatmasi nosozligi vaqtida avtomatikali avariya elektr uzatgichi birdaniga ishlab ketmasa (bufer akkumulyator batareyalarlaridan rul qurilmasiga elektr energiyasi uzatilganda);
l) rulni bir bortga oxirgi burchakkacha qaytarganda uzatmada uzilish boʻlmasa yoki rulni boshqa bortga qaytarib boʻlmasa;
m) yordamchi rul qurilmasi nosoz boʻlsa, agar u mavjud boʻlsa.
93. Avtorul qurilmalari bilan jihozlangan kemalarda har bir qatnovga chiqishdan oldin uni ishlatish boʻyicha yoʻriqnomaga muvofiq koʻrikdan oʻtkazish shart.
Koʻrik natijalari va avtorul qurilmasining soz ishlashi vaxta jurnalida qayd etilishi shart.
b) LANGAR QURILMASI
94. Kemaning langar qurilmasi Registr qoidalari talablariga javob berishi va suzishning har qanday sharoitida langarni tez tushirish va koʻtarish va unga kemalarni, shatakka oluvchi kema uchun butun tarkibni ishonchli toʻxtab turishini taʼminlashi shart.
Neft quyiladigan kemalarning langar qurilmalari qoʻshimcha, neft quyiladigan kemalarda yongʻin xavfsizligi talablariga javob berishi shart.
95. Kemadan foydalanish davrida langar qurilmasi doimo ishga shay holda boʻlishi shart. Oʻziyurar kema kapitani (oʻziyurmas kema shkiperi) haftada kamida bir marotaba muntazam ravishda langar qurilmasini, uning detallari va uzellarining texnik holatini koʻrikdan oʻtkazib turishi shart.
Langar qurilmasini koʻrikdan oʻtkazish va uni texnik qarov davrida brashpillar va shpillarning ishqalanuvchi qismlarida moy mavjudligi, hamda reduktorlarda moy sathi, langarlarni tormoz va stopor bilan ishonchli mahkamlanganligi, langar zanjirlarining asosiy uchini ularni tushirish uchun qurilmalar bilan ishonchli biriktirilganligi, langar zanjirining asosiy uchi va langar zanjirining oʻzini mahkamlash va tushirish qurilmasining, biriktiruvchi halqalar shtirlarining sozligi sinchiklab tekshiriladi.
Langar-bogʻlash mexanizmlarining kojuxlari mavjudligi va holatidan xabardor boʻlib turish va doimo ularni soz holatda saqlash shart.
Langar qurilmalarining elektr jihozlarini koʻrikdan oʻtkazish va ularga xizmat koʻrsatish amaldagi Elektr jihozlariga xizmat koʻrsatish va ularga qarab turish qoidalariga muvofiq tuzilgan texnik qarovlar jadvallarida koʻzda tutilgan hajmda va muddatlarda amalga oshirilishi shart.
Motobrashpillarni koʻrikdan oʻtkazish va ularga xizmat koʻrsatish ulardan foydalanish yoʻriqnomalarida koʻzda tutilgan hajmda va muddatlarda oʻtkazilishi shart.
Koʻrik natijalari vaxta jurnalida qayd etilishi shart.
96. Langar taʼminoti belgilangan meʼyorlarga muvofiq boʻlmaganda yoki langar qurilmasi nosoz boʻlganda kemani foydalanishga tushirish taqiqlanadi, agar:
a) langar zanjirlari langar yashigiga sigʻmasa (yashikning oʻlchamlari zanjir oʻlchamlariga mos kelmasa), zanjir uchi qobiq naboriga jvaka-galsa yordamida mahkam biriktirib qoʻyilgan boʻlsa;
b) yemirilish natijasida zanjirning diametri 10% dan ortiq kamaygan boʻlsa;
v) tirgovuchi (tirgaki) tushib qolgan boʻgʻin aniqlangan boʻlsa;
g) zanjirning boʻgʻin, halqa va stoporlari, langar mashinasining tormozida darz va shikastlanish mavjud boʻlsa;
d) langar zanjiri brashpil, shpil shesternasidan va stopor loʻkidonidan tushib ketsa;
e) zanjir stopori, brashpil va shpilning tormoz qurilmasi, hamda langarni tushiruvchi uzellari nosoz boʻlsa;
j) langar zanjirini masofadan turib tushirib boʻlmaganda jvaka-galsani bir kishi kuchi bilan tushirish imkoniyati taʼminlanmagan boʻlsa;
z) klyuz va stoporlarning yemirilishi qurilmani normal ishlashiga toʻsqinlik qilsa;
i) agar kema langarlarni masofadan turib tushirish tizimi bilan jihozlangan boʻlsa, rul rubkasidan langarlarni masofadan turib tushirish ishonchli boʻlsa;
k) langar zanjirlari sinovdan oʻtkazilmagan va tegishli guvohnomaga ega boʻlmasa (yangi langar zanjirlarini oʻrnatish faqat har bir ulash halqasiga zanjirlarni qurgan zavod tomonidan berilgan pasport (sertifikat) mavjud boʻlganda yoʻl qoʻyiladi).
v) BOGʻLASh QURILMASI
97. Bogʻlash qurilmasi (bogʻlash lebedkalari, shpillari, knextlari, kip plankalari) poydevorga va kemaning qobigʻiga mustahkam biriktirilgan boʻlishi, kemani prichal, pirs va boshqa kemalar yonida ishonchli ushlab turishini taʼminlashi, hamda arqonlarning saqlanishi va bogʻlash ishlarini xavfsiz bajarilishini taʼminlashi shart.
Neft quyiladigan kemalarning bogʻlash qurilmalari neft quyiladigan flotda yongʻin xavfsizligi talablariga ham javob berishi shart.
98. Bogʻlash knextlari, kip plankalari, utkalari, roulslari, klyuzlari va ularni kema qobigʻiga mahkamlagichlari soz boʻlishi shart. Bu detallarning oʻtkir uchlar hosil qiluvchi, bukilishga olib keluvchi, sinishiga yoki arqonlarni uzilishiga olib keluvchi eyilishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Bogʻlash qurilmasining boshqa arqonlari va ishqalanuvchi qismlari oʻz vaqtida maxsus mazlar, solidol, texnik vazelin yoki boshqa shunga oʻxshagan moy bilan, ayniqsa uzoq vaqt ishlamay turganda, surtilgan boʻlishi shart.
99. Avtomatikali bogʻlash qurilmasini texnik ishlatish foydalanish boʻyicha yoʻriqnomaga toʻliq muvofiq holda amalga oshirilishi shart. Avtomatikali bogʻlash qurilmasi mavjud yoki sozligidan qatʼiy nazar qoʻl bilan xizmat koʻrsatiladigan vositasi doimo ishga shay holda boʻlishi shart.
100. Bogʻlash uchun moʻljallangan poʻlat arqonlarning uzilgan simlarining soni uning 6 diametri uzunligida simlar umumiy sonining 10 % dan oshmasligi shart.
Arqon simlarining eyilganligi yoki zanglaganligi dastlabki diametrining 20 %ga yetgan va undan ortgan boʻlsa bogʻlash arqoni brakka chiqarilishi yoki almashtirilishi shart.
Barcha ulangan joylar astoydil bajarilgan va benzel bilan himoya qilingan, barcha qoziqlar toʻgʻirlangan boʻlishi shart. Bogʻlash arqonining yuradigan uchi xalqaga ega va oʻramning ustida, bogʻlash arqonlarining uchi esa benzel bilan himoyalangan boʻlishi shart.
101. Bogʻlash va shatakka olish arqonlari sifatida ishlatiladigan kapron va kanop arqonlar standart talablari va ularni yetkazib berish texnik shartlari talablariga muvofiq boʻlishi shart.
102. Kapron va kanop arqonlaridan foydalanish davrida quyidagi talablarga rioya etilishi shart:
a) bogʻlash mexanizmlari barabanlari, shkivlari, knextlari, roulslarining yuza qismida oʻyiqlar, gʻoʻdirliklar, zanglar boʻlmasligi shart;
b) arqonni yigʻishtirayotgan barabanning diametri arqon diametrining 6 karrasidan kam boʻlmasligi, barabanning uzunligi (boʻyi) barabanga kamida 3 qator arqonni yotqizish imkonini berishi shart;
v) stopor sifatida foydalanishda faqat oʻsimlik arqon ishlatilishi shart;
g) knextlarga kamida 6 qator arqon yotqizilishi shart, ustki qatorlar esa oʻsimlik arqon bilan bogʻlab qoʻyilishi shart;
d) kapron arqonlarini Selsiy boʻyicha -20 dan +40 gradusgacha boʻlgan haroratda ishlatish va saqlash shart;
e) kapron arqonlarga vaqti-vaqti bilan (ikki oyda kamida bir marta) statistik elektr yigʻilishi munosabati bilan uchqun chiqishining oldini olish maqsadida bir sutka davomida ikki foizli xlor natriy eritmasi bilan ishlov berilishi shart.
103. Kapron va kanop arqonlar uch oyda bir marta koʻrikka va yaroqlilikka, har kuni bogʻlash ishlari amalga oshiriladigan kemalarda — har oyda jalb etiladi.
Kapron arqonlarni ishlatish taqiqlanadi, agar:
a) tolalarida eyilish va uzilish alomatlari aniqlangan (kesilgan, tutamlarning aralashib ketishi va aniq koʻringan boshqa nuqsonlar) boʻlsa;
b) ish nagruzkasi davrida arqon 25 % dan ortiq uzayganda va nagruzka qoʻyib yuborilganda oʻzining dastlabki uzunligini tiklay olmasa;
v) yongʻinga xavfli yuklarni tashiydigan tanker va kemalarga ishlatishdan oldin arqon oldindan statistikaga qarshi ishlov berishga jalb etilmagan boʻlsa.
104. Bogʻlash knextlaridan, agar ularning mustahkamligi va qobiqqa biriktirish usuli tegishli talablarga javob bermasa, shatakka olish uchun foydalanish taqiqlanadi. Knextlarni shatakka olish uchun ishlatish toʻgʻrisidagi ruxsat kemaning pasportida koʻrsatib oʻtilgan boʻlishi shart.
g) YuK KOʻTARISh QURILMALARI
105. Ichki suzish kemalarida oʻrnatilgan, 1000 kg va undan ortiq yuk koʻtarish qobiliyatiga ega boʻlgan qurilmalar va barcha yoʻlovchi koʻtarish qurilmalari Registr qoidalari talablariga javob berishi va davriy texnik koʻrikka jalb etilishi shart.
Barcha, shu jumladan Registr nazorati ostida boʻlmagan yuk koʻtarish qurilmalari, egasi tomonidan har yili, kemani foydalanishga tushirishdan oldin texnik koʻrikdan oʻtkazilishi shart.
Texnik koʻrik davrida yuk koʻtarish qurilmasi quyidagilarga jalb etilishi shart:
a) koʻzdan kechirish;
b) statistik sinov;
v) dinamik sinov;
g) ish jarayonida tekshirish (barcha mexanizmlari va elektr jihozlari, xavfsizlik anjomlari, tormozlari, boshqaruv apparatlari, hamda yoritish va signalizatsiya vositalari).
Koʻrib chiqish davrida quyidagilarning holati tekshirilishi shart:
a) metall konstruksiyalari (darz, deformatsiya, zang oqibatida devorlarni aniqlash, birikmalarning boʻshaganligi);
b) uning ilgaki va detallari (zevning kesim qismida va boshqa joylarida eyilish va darz mavjudligi);
v) arqonlar va ularning mahkamlanganligi;
g) bloklar, oʻqlar va ularni mahkamlash detallari;
d) ajraluvchi yuk tutgich moslamalar (greyferlar, tutgichlar, arqonlar, toʻrlar, traverslar, qisqichlar, zanjirlar va h.k.) hamda yuklarni tashish uchun taralar.
Barcha yuk koʻtaruvchi qurilmalarning statistik va dinamik sinovlari amaldagi Registr qoidalari talablariga muvofiq oʻtkazilishi shart.
Yuk koʻtarish mashinasining barcha mexanizmlari ishini tekshirish Registr qoidalarida koʻrsatilgan uslub va meʼyorlar boʻyicha oʻtkazilishi shart.
Texnik koʻrik natijalari va yuk koʻtarish qurilmasining soz ishlashi dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi. Koʻtarishi mumkin boʻlgan yuk miqdori va keyingi texnik koʻrikdan va sinovdan oʻtkazish muddati yuk koʻtarish qurilmasiga yozib qoʻyilgan boʻlishi shart.
106. Har bir yuklash-tushirish ishlaridan oldin transport kemasidagi yuk koʻtarish qurilmasi shturman yoki ushbu kemada yuklash ishlari uchun javobgar shaxs tomonidan (oʻziyurmas kemada — shkiper tomonidan) koʻzdan kechirilishi va ishlatib tekshirilishi shart.
Tekshirish natijalari vaxta jurnalida qayd etilishi shart.
107. Yuk koʻtarish qurilmasidan foydalanish, agar unga Registrning ruxsati boʻlmasa yoki texnik koʻrik muddati oʻtgan boʻlsa, taqiqlanadi.
Yuk koʻtarish qurilmalaridan foydalanish, agar ularning texnik holati xizmat koʻrsatayotgan personalning xavfsizligiga kafolat bermasa va avariya holatiga sabab boʻlsa, jumladan quyidagilar aniqlanganda ham taqiqlanadi:
a) yuk strelasi bukilgan yoki qayrilib qolgan boʻlsa;
b) metall konstruksiyalarining muhim joylarida deformatsiya va darzlar mavjud boʻlsa;
v) yuk koʻtarish mexanizmlari va strela burilish va kranning harakatlanish qurilmalari tormoz kolodkalari nosoz boʻlsa;
g) tormoz kolodkalarining prokladkasi, biriktiruvchi mixparchinlari ishqalanish yuzasiga chiqib qolgan boʻlsa;
d) qurgan zavod tomonidan koʻzda tutilgan asboblar va xavfsizlik qurilmalarining (cheklash oʻchirgichi) nosoz yoki mavjud boʻlmasa;
e) blokirovka qurilmalari (koʻtargich va liftlar uchun) nosoz yoki mavjud boʻlmasa;
j) harakatlanuvchi mexanizm boʻlinmalari va elektr jihozlarining ochiq elektr uzatuvchi boʻlinmalarida toʻsiqlari nosoz yoki mavjud boʻlmasa;
z) ishonchli stopor qurilmasi, oʻqlar, boltli, shtifli va boshqa birikmalar mavjud boʻlmasa;
i) yuk koʻtarish qurilmasi haddan tashqari eyilgan boʻlsa;
k) gayka, skoba, vertlyug, shkiv va blok oʻqlari, xrapli gʻildiragi, tepki va yuk koʻtarish qurilmalarining muhim qismlarida darzlar, sinishlar, deformatsilar mavjud boʻlsa;
l) arqonning bir tutami uzilgan yoki arqon diametrining 6 karrasi uzunligida 10% simlar uzilgan boʻlsa;
m) ballast yoki posangi bilan toʻla butlanmagan boʻlsa;
n) tovushli signal nosoz boʻlsa.
108. Texnik floti kemalarining maxsus qurilmalarining texnik holatini va ishonchli ishlashini tekshirish kema egasi tomonidan undan foydalanish boʻyicha amaldagi qoidalar va yoʻriqnomalar asosida amalga oshirilishi shart.
Har bir suzuvchan kran uchun yuklash-tushirish ishlari davrida ruxsat etilgan toʻlqin va atrofdagi havo haroratining cheklangan qiymati belgilangan boʻlishi shart.
109. Yuk koʻtarish qurilmasi yordamida yuklash ishlari bajarish davrida texnika xavfsizligi qoidalari qatʼiy bajarilishi shart.
Quyidagilar taqiqlanadi:
a) koʻtarilayotgan yoki koʻtarilib turgan yukning tagida turish;
b) yuklarni havozasiz yoki kletkasiz koʻtarilgan holda qoldirish;
v) yuk bilan qisilgan arqonlarni tortib olish;
g) koʻtarilayotgan detallarni (mexanizmlarni) bu nagruzkaga moʻljallanmagan qoplama va panjaralarning ustiga taxlash;
d) yuk koʻtarish qurilmasining belgilangan maksimal yuk koʻtarish qobiliyatidan ortiq boʻlgan, hamda tuproq bilan koʻmilgan, erga muzlab yopishib qolgan, boshqa yuklar bilan qisilib yoki bosilib qolgan, boltlar bilan mahkamlangan yoki beton va bitum bilan koʻmilgan yuklarni koʻtarish;
e) tara va bloklarni quvurlarga va bu maqsadda maxsus jihozlanmagan kemaning turli qurilmalariga osib qoʻyish;
j) yuk koʻtarish mexanizmi yoki qurilmasini uni ishlash jarayonida qoʻl bilan moylash.
Tallar yoki bloklar yordamida yuklarning joyini oʻzgartirishga faqat vertikal yoʻnalish boʻylab ruxsat beriladi.
d) ShATAKKA OLISh VA BOGʻLASh QURILMALARI
110. Kemaning shatakka olish uchun jihozlangan shatakka oluvchi va bogʻlash qurilmalari quyidagi talablarga javob berishi shart:
shatak arqoni simlarining eyilganligi va zanglaganligi simlarning dastlabki diametrining 10% dan oshmasligi, uzilgan simlarining soni esa arqon diametrining 6 karrasi uzunligidagi simlarning 10 %dan oshmasligi shart (bu talab bogʻlash qurilmasi majmuasiga kiruvchi arqonlarga ham qoʻllaniladi);
shatak ravoqi ishonchli biriktirilgan boʻlishi, shatak arqonlarining bir tekis sirpanishi uchun toʻsqinlik qiluvchi gʻudur joylari, oʻtkir qirralari, eyilgan yoki boʻrtib turgan qismlari boʻlmasligi shart;
shatak ilmogʻi va shatak xalqalari darz, hamda shatakni va ilmoqni oʻzidan-oʻzi qoʻyib yuborishga olib keluvchi har qanday shikastlanish boʻlmasligi shart;
shatak arqonining cheklagichlari soz holda va arqonning oxirgi mumkin boʻlgandan ortiq ogʻishiga yoʻl qoʻymasligi shart (xavfsizlik va muvozanatni saqlash sharoitalaridan kelib chiqib);
shatak arqonini tez qoʻyib yuborish qurilmasi toʻliq soz holda boʻlishi va buzilmay ishlashi shart;
shatak lebedkasi rul rubkasidan turib ishonchli masofadan boshqarishga ega boʻlishi shart;
rul rubkasidan shatak arqonlarini masofadan qoʻyib yuborish qurilmasiga ega boʻlgan shatak ilmoqli kemalarda har bir qatnov oldidan arqon bilan shatakka olish davrida uni ish vaqtida tekshirish zarur, qaysikim bu vaxta jurnalida qayd etilgan boʻlishi shart.
111. Shatak arqonining mustahkamligi kema shatakka olish davrida ortib borayotgan maksimal kuchlanishga muvofiq boʻlishi va tegishli klassli kema suzish hududi toʻlqin sharoitlarida xavfsiz suzishni taʼminlashi, arqonning oʻlchamlari (uzunligi, diametri) shatakka olish uchun yetarli boʻlishi shart.
112. Qatnovga chiqish oldidan kema kapitani yoki vaxta boshligʻi tomonidan shatakka olish qurilmasi ish davrida tekshirilishi va vaxta jurnalida qayd etilishi shart.
Nosoz shatakka olish qurilmasi bilan shatakka olish taqiqlanadi.
e) MAChTALAR
113. Kema machtalarida quyidagilar mavjud boʻlishi shart:
a) signallarni, antennalarni koʻtarish, olib yurish va tushirish uchun soz ishlaydigan moslama;
b) kema qobigʻi yoki ustki qurilmalariga mustahkam oʻrnatma;
v) yashinqaytargich.
114. Machtaning engashmaydigan balandligi yoʻllarning balandlik oʻlchamlariga (koʻprikosti, havodan oʻtgan elektr va aloqa liniyalari) muvofiq boʻlishi shart.
j) SIGNAL VA ALOQA VOSITALARI
115. Barcha daryo transporti vositalarida Registr qoidalariga javob beradigan va yurayotgan va turgan kemalar va qirgʻoq bilan har qanday ob-havoda yaxshi koʻrinadigan va eshitiladigan signal almashinuvchi soz holda ishlaydigan tungi va kunduzgi signalizatsiya (gudoklar, sirenalar, chiroqlar, siltanuvchi chiroqlar, qoʻngʻiroqlar, megafonlar) boʻlishi shart.
Signal chiroqlarining koʻrinish uzunligi, hamda ularning kemada joylashishi Suzish qoidalari talablariga javob berishi shart.
Barcha yoʻlovchi va tezyurar kemalar, hamda ekipajlari oʻrindoshlik lavozimlarida ishlaydigan kemalar silkinadigan impulsli nur bilan jihozlangan boʻlishi shart.
Kuz-qish sharoitlarida ishlatiladigan kemalardagi tovushli signal vositalarida (sirenalar, tifonlar) ishonchli isitish tizimi boʻlishi shart.
116. Eshitish va tovush signallarini va kema aloqa vositalarini boshqa vazifalar uchun ishlatishga yoʻl qoʻyilmaydi.
117. Ichki suzish oʻziyurar kemalarida kemani boshqarish postining mashina boʻlimi boshqarish posti bilan Registr qoidalariga muvofiq ishlab chiqilgan aloqa vositasi boʻlishi shart.
118. Kemaning vaxta boshligʻi vaxta boshlanishidan oldin yoki kema qatnovga chiqishidan oldin barcha ichki va tashqi aloqa va signalizatsiyalarining sozligini va tezkor ishlatishga shayligini tekshirishi shart.
Kema aloqa vositalari yoki tovush moslamalarining yetarli miqdorda boʻlmasligi yoki nuqsonli holati mavjud boʻlgan taqdirda, kemani ishga tushirish taqiqlanadi.
z) YORDAMChI BUYuMLAR
119. Kemaning yordamchi buyumlari (leyer, tutqichlari, toʻsiq, illyuminator, trap, panjara, lyuk yopqichlari va h.k.) barcha kemalarda loyihalarga muvofiq va soz holda saqlanishi shart. Qoplamalardagi slan va plitalar oʻz joyiga oʻrnatilgan va mahkamlangan boʻlishi, ularning teshiklari esa yopilgan boʻlishi shart.
120. Joylarda, qayerda vaqtincha leyerlar, tutqichlar, traplar, panjaralar, qoplamalar, ogʻizlar, lyuklar yechib olingan boʻlsa, texnika xavfsizligining barcha talablariga rioya etilishi zarur (oʻtish joyini toʻsish, ogohlantirish yozuvi osib qoʻyish, kunning qorongʻu vaqtlarida esa bunday joylar yoritilgan boʻlishi shart). Mahkamlanmagan toʻsiqlarni oʻrnatish taqiqlanadi. Ish tamom boʻlgandan soʻng vaqtincha yechib olingan tutqichlar, traplar, panjaralar, qoplamalar, ogʻiz qopqoqlari va lyuklarni tezlik bilan oʻz joyiga oʻrnatish va mahkamlash lozim.
121. Mahalliy toʻsiqlari, illyuminatorlari, lyuk yopgichlari nosoz yoki oʻrnatilmagan, hamda loyihada koʻzda tutilmagan yordamchi buyumlar bilan taʼminlanmagan kemalardan foydalanish taqiqlanadi.
4-§. KEMA TAʼMINOTI
a) QUTQARUV VOSITALARI
122. Qutqaruv vositalari Registr qoidalariga javob berishi, ularning sozligi esa kapitan (oʻziyurar kemada) yoki shkiper (oʻziyurmas kemada) tomonidan oyida kamida bir marta, hamda amaldagi qoidalarga muvofiq oʻtkazilishi lozim boʻlgan kemani ishga tushirishdan oldin, oʻquv-suv trevogalari, “Bort ortida odam” trevogasi davrida tekshirilishi shart.
Oʻtkazilgan tekshirishning vaqti va natijalari boʻyicha kema jurnaliga yozuv kiritilishi shart.
Tekshirish davrida quyidagilar aniqlanishi shart:
a) shlyupka lebedkalarning sozligi, ularning ishqalanadigan qismlarida moylarning mavjudligi va reduktorlarda moy sathi, tormoz qurilmalarining sozligi;
b) shlyupkalar va sollarni tushirish qurilmasining soz ishlashi va belgilangan vaqtda ularni tushirish mumkinligi;
v) qayiq va sollarda yetarli miqdordagi takelaj va inventarlarning mavjudligi, qayiqlarga suv oqib kirmasligi va havo qutilarining suv oʻtkazmasligi;
g) bort orti ishlarini bajarish uchun qutqaruv (ishchi) nimchalarining, hamda balandliklarda ishlash davrida belgilangan normativlarga muvofiq himoya kamarlarining mavjudligi.
123. Shlyupkani tushirmasdan haftada bir marta shlyuka lebedkasini nazorat tariqasida aylantirib qoʻyish zarur.
124. Koʻllarga va suv omborlariga chiqish davrida shlyupkalar kilblokka ishonchli mahkamlangan boʻlishi shart.
Ishonchli mahkamlanganligi qayiqni tushirish va koʻtarish qurilmasi arqonlarining 2-, 3-karra zichlanishi bilan tekshirilishi shart.
125. Kemalarga beriladigan qutqaruv vositalari ularni qurgan zavod yoki kapital yoki tiklash tamirlash ishlarini bajargan zavodning texnik nazorat boʻlimi tomonidan tekshirilgan va sinovdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma bilan taʼminlangan boʻlishi shart; har bir qutqaruv asbobida zavodning texnik nazorat boʻlimi muhri boʻlishi shart.
Sinovlar Registr qoidalari talablariga muvofiq oʻtkazilishi shart.
126. Kemalardan foydalanish quyidagi hollarda taqiqlanadi:
a) qutqaruv vositalarining (asboblari va ashyolari) soni Registr qoidalarida koʻzda tutilganidan kam boʻlsa;
b) qayiq, qutqarish sollari, hamda qutqarish asboblari va ashyolarining holati qoniqarsiz deb eʼtirof etilgan boʻlsa;
v) qayiqni tushiruvchi qurilma nosoz, yoki qayiqni tushirishga sarflanadigan vaqt Registr qoidalarida belgilangan vaqtdan ortiq (qayiqqa odamlarning oʻtirish vaqtini hisobga olmagan holda, qayiqni tushirishga tayyorlash va qayiqni bortdan tashqariga agʻdarish vaqti qoʻshilgan holda koʻpi bilan 5 minut) boʻlsa.
b) YoNGʻINGA QARShI HIMOYA
127. Yongʻinga qarshi jihozlar va taʼminotlar, turgʻun yongʻin oʻchirish tizimlari, birlamchi oʻt soʻndiruvchi yongʻin oʻchirgichlar, hamda yongʻinga qarshi himoyaning passiv konstruktiv tizimi vositalari va roʻy bergan yongʻinga qarshi kurashishning aktiv vositalari Registr qoidalari talablariga javob berishi shart.
128. Birlamchi oʻt soʻndiruvchi yongʻin oʻchirish vositalari, yongʻinga qarshi inventar va olib yuriladigan olov oʻchirish asboblari belgilangan, olinishi oson boʻlgan joylarda saqlanishi va toʻliq holda boʻlishi va tez ishlatish uchun doimiy shay boʻlishi shart.
129. Yongʻinga qarshi jihozlarni, turgʻun tizimlarni va olib yuriladigan yongʻin oʻchirish asboblarini, dastlabki oʻt soʻndiruvchi yongʻin oʻchiruvchi vositalar va yongʻinga qarshi inventardan boshqa maqsadlarda foydalanish taqiqlanadi.
Kema oʻt oʻchirish tizimidan xoʻjalik shlangini (oʻt oʻchirish shlangi bilan emas) qoʻllagan holda sahnani va langar qurilmasini yuvish uchun suv uzatish uchun foydalanishga ruxsat beriladi.
130. Neft mahsulotlari va boshqa tez yonuvchan va xavfli yuklarni tashish davrida kemaning yongʻinga qarshi himoyasi Registr qoidalari, tasdiqlangan daryo transportida yongʻin xavfsizligi qoidalari va daryo transportida yuk tashish qoidalari talablariga javob berishi shart.
131. Belgilangan yongʻinga qarshi himoya vositalar mavjud boʻlmasa va ular nosoz boʻlganda kemadan foydalanish taqiqlanadi.
v) NAVIGATSIYA JIHOZLARI VA TAʼMINOTLARI
132. Foydalanishda boʻlgan har bir kema kemani qurish meʼyorlari va Registr qoidalari talablariga muvofiq navigatsiya jihozlari va taʼminotlariga ega boʻlishi shart.
133. Suv omborlarida va koʻllarda nosoz boʻlgan yoki tekshirilmagan navigatsiya jihozlari va taʼminotlari, hamda tuzatish kiritilmagan kartalar va koʻzda tutilgan hududda suzish uchun boshqa qoʻllanmalarsiz kemalarning suzishi taqiqlanadi.
g) AVARIYA TAʼMINOTI VA INVENTAR
134. Kemaning barcha avariya taʼminoti va inventari tasdiqlangan meʼyorlarga muvofiq boʻlishi, qatʼiy koʻzda tutilgan joylarda saqlanishi, belgilangan muddatlarda tekshirish va sinovlarga jalb etilishi shart.
Kemalarning avariya taʼminoti meʼyorlarga va Registr qoidalari talablariga javob berishi shart.
135. Avariya taʼminoti vositalarini ishlatilishining har qanday holati boʻyicha vaxta jurnalida qayd etilishi va zudlik bilan avariya inventarini toʻldirish choralari koʻrilishi shart.
136. Kemalar oʻz qiyofasini yoʻqotgan quruq chiqindilarni yigʻish uchun standart konteynerlar bilan taʼminlangan boʻlishi shart.
137. Kemaning mashina boʻlimida artadigan materiallarning toza va ifloslarini alohida saqlash uchun zich yopiladigan metall idishlar (qutilar) boʻlishi shart.
Ilgari muomalada boʻlgan, moy yoki yonuvchan suyuqliklar bilan singdirilgan artadigan materiallar belgilangan portda qirgʻoqqa topshirilishi shart.
Ishlatilgan artadigan materiallarni kemada uzov muddat (1 haftadan koʻp) saqlash taqiqlanadi.
d) ISh ASBOBLARI VA STANOKLAR
138. Barcha kemalar kemani tasdiqlangan qurish texnik hujjatlariga muvofiq 1- texnik qarovni, navigatsiya kichik taʼmirlash ishlarini oʻtkazish uchun zarur boʻlgan asboblar jamlanmasi va moslamalar bilan taʼminlangan boʻlishi shart.
139. Asboblar soz holda va bajariladigan ishlarning xarakteriga muvofiq boʻlishi shart. Nosoz asbobni yoki ushbu ishni bajarish uchun moʻljallanmagan asbobni ishlatish taqiqlanadi.
140. Dastgohlar, qisqichlar, sandonlar, nazorat plitalari va boshqa qurilmalar mahkam oʻrnatilgan boʻlishi shart.
5-§. KEMA MEXANIZMLARI
a) UMUMIY QOIDALAR
141. Bosh mashinalar, yordamchi mexanizmlar, qurilmalar va jihozlarni oʻz ichiga oluvchi kemaning energetik qurilmasi kemani foydalanish mumkin boʻlgan barcha sharoitlarda, shu jumladan uzoq davom etadigan 15 gradusgacha boʻlgan kren va 5 gradusgacha boʻlgan differentda (kema loyihasida koʻzda tutilgan differentni hisobga olmagan holda) uzluksiz, ishonchli va xavfsiz ishlashini taʼminlashi shart.
142. Kemani boshqaruv postidan masofadan turib avtomatik boshqarish davrida bosh va yordamchi mexanizmlari va mahalliy boshqaruv postidagi alohida mexanizm va qurilmalarni nazorat, signalizatsiya va aloqa qilish uchun barcha boshqarish vositalari va priborlari soz holda va ishga shay boʻlishi shart. Barcha bu vositalar bilan kema amaldagi Registr qoidalariga muvofiq jihozlangan boʻlishi shart. Kema kapitani (komandiri) muntazam, haftada kamida bir marta mexanizmlarni masofadan turib boshqarishning barcha uzellarini tekshirishi shart.
Tekshirish natijalari va masofadan boshqarish (DEU) yoki masofadan avtomatik boshqarishning (DAU) soz ishlashi vaxta jurnalida qayd etilishi shart.
143. Kemaning yashovchanligini taʼminlovchi quvur tizimlari chizmalari mashina boʻlimi hududiga osib qoʻyilgan boʻlishi shart.
144. Kema mexanizmlari va qozonlari quyidagi talablarga javob berishi shart:
a) tegishli yoʻriqnomalarda keltirilgan montaj boʻyicha talablarga rioya etilgan holda oʻrnatilgan va poydevorga ishonchli mahkamlangan boʻlishi;
b) soz himoya klapanlari, nazorat-oʻlchov priborlari, kema sharoitida ularga xizmat koʻrsatish boʻyicha ogʻir ishlarni mexanizatsiyalashtiruvchi qurilmalar bilan jihozlangan boʻlishi.
145. Kemaga oʻrnatilgan nazorat-oʻlchov priborlari GOST, Registr qoidalari va sanitariya nazorati talablariga javob berishi va plombaga va pasport-attestatlarga ega boʻlishi shart.
Foydalanish davrida nazorat-oʻlchov priborlari Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi talablariga muvofiq belgilangan muddatlarda tekshirilishi shart.
146. Qozonlardagi va siqilgan havo ballonlaridagi himoya klapanlari Registr qoidalari talablariga muvofiq kema egasi tomonidan muvofiqlashtirilgan va plombalangan boʻlishi shart.
Himoya klapanlari, manometrlari nosoz boʻlgan, manometrni tekshirgan korxona uni plombalamagan yoki tekshirish muddatlari buzilgan boʻlsa qozon va havo saqlagichni ishlatish taqiqlanadi.
147. Quyidagilar taqiqlanadi:
a) bosim ostida boʻlgan va ishlab turgan tizimdan uzilmagan qozonlar, bugʻ quvurlari va siqilgan havo ballonlarida har qanday taʼmirlash ishlarini bajarish;
b) qozon, bugʻ quvurlari, siqilgan havo ballonlarining qurilmalariga biror-bir oʻzgartirishlarni kiritish yoki nazorat-oʻlchov priborlarini va himoya klapanlarini muvofiqlashtirish va plomba oʻrnatgan organnning ruxsatisiz ventildagi plombalarni ochish, kemaning suzishiga xavf tugʻdirayotgan avariya holatlari bundan mustasno (plombalarni ochishga olib kelgan holat sababi va vaqti toʻgʻrisida vaxta jurnalida qayd etilishi shart).
148. Mexanizmlar va tizimlardagi barcha kranlar, klapanlar va tambalar (bugʻ, suv, yoqilgʻi, moy va boshqalarniki) oʻzlarining belgilangan vazifasi toʻgʻrisidagi yozuvga ega boʻlishlari shart.
149. Kema mexaniklari dvigatel va boshqa mexanizmlarning asosiy detallarida oʻlchash oʻtkazish va eyilishini tahlil qilishi, hamda maxsus yoʻriqnomalarda belgilangan muddatlarda kema texnikasining buzilishini qayd etishi va natijalarini kema va hisobot hujjatlariga kiritishi shart.
150. Kemaning kapitan-mexanigi (komandir-mexanigi) muntazam, haftada kamida bir marta kemaning boshqaruv postiga oʻrnatilgan, kuchlanish qurilmani masofadan nazorat pribori koʻrsatkichlarini mahalliy nazorat priborlari koʻrsatkichlarini taqqoslash yoʻli bilan ishonchliligini aniqlaydi, hamda avariya-ogohlantirish signalizatsiyasi va himoya datchiklarining sozligini tekshirish shart.
Bosh va yordamchi dvigatellarining avariya-ogohlantirish signalizatsiyasi vaxta boshligʻi tomonidan har vaxtani qabul qilish davrida tekshirilishi shart. Koʻrik natijalari va avariya-ogohlantirish signalizatsiyasining toʻgʻri ishlashi vaxta jurnalida qayd etilishi shart.
151. Kemaning kapitan-mexanigi (komandir-mexanigi, shkiperi) energetik qurilmaning mexanizmlari va jihozlarini ularga xizmat koʻrsatish (ishlatish, qarov) yoʻriqnomasida koʻzda tutilgan vaqtda va muntazam koʻriklar oʻtkazib turishi shart. Kemaning va xizmat koʻrsatuvchi personalning xavfsizligiga tahdid solayotgan nosozliklar aniqlanganda, ular zudlik bilan bartaraf etilishi shart.
152. Vaxtani topshiruvchi oʻzining vaxtasi davomida energetik qurilmaning ishidagi barcha aniqlangan nosozliklar va ularni bartaraf etish boʻyicha koʻrilgan choralar toʻgʻrisida vaxtani qabul qiluvchini xabardor qilishi shart.
153. Dvigatel, mashina, mexanizm, jihozlarning va h.k. nosozligini aniqlagan kema ekipajining har bir aʼzosi bu haqida zudlik bilan kemaning vaxta boshligʻiga (vaxta boʻyicha mashina boʻlimi rahbariga) xabar berishi shart.
Agar nosozlik xizmat koʻrsatayotgan personalga yoki kemaga xavf tugʻdirsa, uni aniqlagan kema ekipaji aʼzosi, bir vaqtning oʻzida vaxta boshligʻini xabardor qilib xavfni bartaraf etish boʻyicha zarur choralarni koʻrishi shart.
154. Nosoz dvigatellar, mashinalar, mexanizmlar, qurilmalar va jihozlardan foydalanish taqiqlanadi. Dvigatel, mashina, mexanizm, qurilma va jihozlardan foydalanishni taqiqlashga olib keluvchi nosozliklarning aniq roʻyxati, ularni ishlatish boʻyicha, qurgan zavod tomonidan berilgan tegishli yoʻriqnomalarda keltiriladi.
b) IChKI YoNUV DVIGATELLARI
155. Bosh va yordamchi dvigatellar Registr qoidalari talablariga javob berishi, soz holatda boʻlishi va shunday muvofiqlashtirilgan boʻlishi kerakki, toʻliq ruxsat etilgan nagruzka bilan belgilanadigan (ushbu rejim uchun eng kam yoqilgʻi va moy sarfi bilan), eng kam turgʻun nagruzka nominal aylanish chastotasiga yoki toʻliq quvvat uchun mos keladigan aylanish chastotasi diapazonida quyi va yuqori chegaralar orasidagi xarakteristika bilan turli rejimda ishonchli va uzoq muddat ishlashi taʼminlanishi shart.
Kemalarga oʻrnatiladigan ichki yonuv dvigatellari belgilangan tartibda tasdiqlangan GOSTlar yoki texnik shartlar talablariga javob berishi shart.
156. Bosh va yordamchi dvigatellarning ishlatilishi, agar ularning texnik holati Registr qoidalari talablariga javob bermasa, baxtsiz hodisalarga, dvigatelning buzilishi yoki kemani avariyaga olib kelsa (yurishning yoki boshqarishning yoʻqotilishi natijasida) taqiqlanadi:
a) dvigatelning ish parametrlari foydalanish boʻyicha yoʻriqnomada koʻrsatilgan eng yuqori qiymatdan chiqib ketsa;
b) silindr vtulkalarida va qopqoqlarda, harakatlantiruvchi detallarda, forsunkalarning nagnetatel trubkalarida, moy oʻtkazuvchi quvur, havo kirituvchi va purkaguvchi qurilmalarda darzlar va teshiklar boʻlsa;
v) silindr-porshen gruppasi va boshqa detallarning tirqishi va eyilganligi tayyorlovchi zavod tomonidan yoki texnik shartlar bilan belgilangan meʼyordan yuqori boʻlsa;
g) tizimlarning (moylash, yoqilgʻi, sovutish) yoki dvigatellarga xizmat koʻrsatuvchi yordamchi mexanizmlar va qurilmalarning (nasoslar, sovutgichlar, isitgichlar) nosoz boʻlsa;
d) ishga tushirish, revers yoki val aylantirish qurilmasi nosoz boʻlsa;
e) regulyatorlar nosoz boʻlsa;
j) gʻayritabiiy taqqilash, aylanish chastotasining tebranib turishi va tutunli gaz chiqarishga olib keluvchi dvigatel regulirovkasi buzilgan boʻlsa;
z) sirpanish podshipnigi erigan va rangi oʻzgargan yoki ularning antifriksiya qorishma yuzasida yopiq kontur hosil qiluvchi darzlar mavjud yoki podshipniklar ularni ishlatish boʻyicha yoʻriqnomasida belgilangan chegaradan ortiq qizib ketsa;
i) suv sovutish boʻshligʻidan silindr boʻshligʻiga yoki karterga oʻtsa;
k) blok va zichlagich golovkasining zichlagichi gaz oʻtkazsa;
l) himoya klapanlari hamda yoqilgʻi uzatishni toʻxtatishni yopuvchi klapanning masofaviy uzatgichi nosoz boʻlsa;
m) tebranish poydevor, qobiq elementlari va quvurlarning shikastlanishga olib kelsa;
n) havo purkovchi turbonagnetatel nosoz, quruvchi zavod tomonidan dvigatelning turbonagnetatelini toʻxtatib qoʻyib ishlatish koʻzda tutilmagan boʻlsa;
o) reduktor va revers uzatgichlari haddan tashqari qizib ketgan, quvvat va aylanish chastotasi pasaygan va bu holat tuzalmasa;
p) nazorat-oʻlchov priborlari nosoz yoki oʻz vaqtida tekshirilmagan boʻlsa;
r) eshkak vinti valining oʻrni boʻshab qolgan, eshkak vinti parraklarida sinish yoki deformatsiyalar mavjud boʻlsa;
s) mahalliy boshqaruv postiga oʻrnatilgan signalizatsiya va avtomatika vositalari nosoz boʻlsa;
t) shatun boltlari deformatsiya va shikastlanishga ega, yoki xizmat muddatini oʻtab boʻlgan boʻlsa;
u) amortizatsiyalarda sezilarli deformatsiya va shikastlanishlar mavjud boʻlsa.
157. Mashina boʻlimidagi bosh va yordamchi mexanizmlari va qurilmalari Registr qoidalariga muvofiq kompleks avtomatika va signalizatsiya vositalari bilan jihozlanmagan boʻlsa mashina boʻlimida doimiy vaxtasiz ishlash taqiqlanadi.
158. Dvigatelni ishlashi faqat uni ishlatish boʻyicha yoʻriqnomada koʻzda tutilgan navli va markali yoqilgʻi va moylarda ruxsat etiladi.
Qoʻlaniladigan yoqilgʻi va moyning sifati GOST yoki ularni tayyorlash boʻyicha texnik shartlar talablariga javob berishi shart.
159. Kemalarga beriladigan neft mahsulotlarining sifati uchun javobgar bunker bazasi (stansiyasi), kemada mavjud neft mahsulotlarining sifatiga esa kemaning kapitan-mexanigi javobgar hisoblanadi.
Ishlatilayotgan yoqilgʻi va moylarning sifatini nazorat qilishni kema egasining teplotexnik laboratoriyasi oʻtkazishi shart.
160. Kemani gidrotexnik inshootlar, prichallar, yoʻlning qiyin uchastkalarida, hamda vaxtani qabul qilish va topshirish davrida vaxta boshligʻi bosh dvigatellarni masofadan boshqarish va ishlatish va tifon ballonlarida siqilgan havoning bosimini tekshirishi shart.
Tekshirish natijalari va koʻrsatib oʻtilgan qurilmalarning toʻgʻri ishlashi (ballonlardagi havoni koʻrsatib) vaxta jurnalida qayd etilishi shart.
v) KOMPRESSOR QURILMALARI
161. Siqilgan havo ballonlarining mustahkamligi va konstruksiyasi Registr qoidalari talablariga javob berishi shart.
Siqilgan havo ballonlari Registr qoidalarida belgilangan muddatlarda shahodatlashtirishga va sinovga jalb etilishi shart.
162. Ishlab turgan ballonlarning soni va hajmi Registr qoidalariga muvofiq dvigatelni, bosh va yordamchi dvigatellar reverslarini yetarli darajada ishlatish imkonini taʼminlashi shart.
163. Siqilgan havo ballonlarini toʻldirish quyidagi hollarda taqiqlanadi:
a) ballon korpusida darz, shish va deformatsiya boʻlsa va havo chiqarsa;
b) tiqin va ishlatish klapanlarida bosimni sutkada 10% dan ortiq pasayishiga olib keladigan zichlik boʻlmasa;
v) himoya klapanlari va manometrlari nosoz boʻlsa;
g) ballonda kondensat namlik va moy bugʻlarini purkab chiqaradigan trubka boʻlmasa.
164. Har bir havo damlanganda, avtomat damlashda esa har vaxtada siqilgan havo ballonlarini purkab turish lozim.
165. Havo kompressorlarini ishlatish quyidagi hollarda taqiqlanadi:
a) mashinaning asosiy detallarida deformatsiya va darzlar boʻlsa;
b) havo quvurlari zich boʻlmasa;
v) moy va sovutish tizimlari shikastlangan boʻlsa;
g) yordamchi kompressorlarni ishga tushiruvchi mexanizmlar nosoz boʻlsa (agar bu nosozliklar kompressorlar ishini va havo uzatish rejimini buzsa);
d) himoya klapanlari muvofiqlashtirilmagan va notoʻgʻri ishlayotgan boʻlsa;
e) harakatlanuvchi qismlarda nooʻrin shovqin va taqillash boʻlsa.
6-§. Kema tizimlari va quvurlari
166. Kema tizimlari va quvurlari Registr qoidalari talablariga javob berishi, soz holda boʻlishi kema va kuchlanish qurilmasining ishonchli ishlashini taʼminlashi shart. Barcha quvurlar GOST talablariga muvofiq boʻyalgan boʻlishi shart.
167. Quvurlarning yoʻlak armaturasi Registr qoidalari talablariga javob berishi va soz holda boʻlishi shart.
168. Quruq yuk tashuvchi kemalarning yuk tryumlarida suv sathini bildirib turuvchi, soz holatdagi datchiklar boʻlishi, agar ular qurish hujjatlarida koʻzda tutilgan boʻlsa tegishli tovush va chiroqli signalizatsiya boʻlishi shart.
169. Navigatsiya boshlanishidan oldin kapitan quyidagilarni tekshirishi shart:
a) quritish tizimining texnik holati va ishlab chiqarish qobiliyatining Registr qoidalari talablariga muvofiqligi (kemaning quritish tizimi oʻrta yoki kapital taʼmirlashdan soʻng qabul komissiyasiga taqdim etilishi shart);
b) har bir agregatning toʻxtovsiz ishlashi;
v) quvurlarning ifloslanmaganligi, barcha qabul qiluvchi patrubkalarda setkaning mavjudligi va xizmat koʻrsatilayotgan xonadan suvni toʻliq chiqarib tashlash imkoniyati;
g) ajratuvchi qutining quvurlaridagi klapanlarning soz ishlashi va aynan yozuvda koʻrsatilgan boʻlinmaning yopilish imkoni;
d) vaterliniya atrofi va pastki qismidagi bortlardagi chiqarish teshiklaridagi qaytarmaslik klapanlarining soz ishlashi.
170. Har bir kemada suv havzalarining ifloslanishini oldini olishga moʻljallangan mexanizmlar, jihozlar va qurilma tizimlari soz va ishlash holatida boʻlishi shart:
yoqilgʻi va moyni yopiq qabul qilish;
mashina–qozonxona boʻlinmasidagi pol tagidagi neft mahsulotlari bilan ifloslangan suvni yigʻib olish va kemadan tashqariga chiqarish, yoki kemachilik sharoitida pol tagidagi suvlarni tozalash uchun avtonom qurilma bilan jihozlash;
fekalni yigʻish va chiqarib tashlash.
171. Mashina-qozonxona boʻlinmasidagi pol tagidagi tozalanmagan suvlarni va fan va oqova tizimidagi ishlov berilmagan suvlarni kema bortidan tashqariga — suv havzasiga chiqarib tashlash taqiqlanadi. Bunday chiqarib tashlash Registr va sanitariya nazorati qoidalarida nazarda tutilgan avariya holatlarida mumkin boʻladi. Bunday chiqarib tashlashning har bir holati boʻyicha vaxta jurnalida qayd etiladi.
Pol tagidagi suvni, fan oqova tizimidagi suvlarni tozalamasdan kema bortidan tashqari suv havzasiga chiqarib tashlash tizimi yordamida bort armatura tizimi nazorat organlari tomonidan plombalangan boʻlishi shart. Plombalangan joyi va sanasi vaxta jurnalida qayd etilgan boʻlishi shart.
172. Kemani qishki toʻxtab turish yoki taʼmirlashga qoʻyish davrida barcha suvni bortdan tashqari chiqarib tashlash tizimi, hamda fan va oqova suv va pol tagi suvlari tizimi qumdan, neft mahsulotlaridan, iflosliklardan kran va tiqinlarning ochiq holida yuvilgan va siqilgan havo bilan puflab tozalangan boʻlishi shart. Tozalashdan chiqqan barcha mahsulotlar qirgʻoqqa chiqarib tashlanishi shart, ularni suv havzalariga tashlash taqiqlanadi.
173. Barcha tizimdagi reduksiya klapanlarini tozalash, muvofiqlashtirish va zarurat boʻlganda plombalashni bevosita texnik qarov va taʼmirlash davrida klapanlarni ishonchli ishlashini nazorat qiluvchi mexanikning ishtirokida amalga oshirilishi shart.
174. Zaharli gaz va portlovchi vositalarning bugʻlari yigʻilib qolish xavfi boʻlgan yoqilgʻi va moy tsisternalari, kofferdamlar, nasos boʻlimlari va boshqa xonalarni oldindan bu xonalarni yetarli darajada shamollatmasdan turib va gazlanganlikka tekshirmasdan koʻrikni amalga oshirish taqiqlanadi.
Bunday xonalarda ishlash davrida, tahlil natijalaridan qatʼiy nazar, ishchilar holini va ular tomonidan texnika xavfsizligi qoidalariga rioya etilishi ustidan nazorat qilish yuklatilgan odam bilan uzluksiz va ishonchli aloqa oʻrnatilgan boʻlishi shart.
175. Neft mahsulotlarining qoldigʻi boʻlgan yoqilgʻi va moy tsisternalarida, yoqilgʻi va moy quvurlarida va neft mahsulotlaridan boʻshagan tsisternalar va quvurlarda taʼmirlash va yongʻin va yongʻinga xavfli boʻlgan ishlarni bajarish oldidan tayyorgarlik ishlari daryo transportida yongʻin xavfsizligi talablariga muvofiq qatʼiy bajarilishi shart.
Sisternalarni payvandlash ishlariga toʻgʻri tayyorlash va ularni xavfsiz bajarish boʻyicha nazorat va tekshirish kemaning kapitan-mexanigi va VOXR boʻlinmasi xodimiga yuklatiladi.
176. Gaz priborlari uchun xona tuzilishini oʻz ichiga olgan (kambuz, bufet, idish yuvish xonalari va hx.k.), maishiy siqilgan gaz qurilmasini montaj qilish, ularni oʻrnatish, ballonlarni montaj qilish va saqlash, gaz jihozlarini sinovdan va texnik koʻrikdan oʻtkazish Registr qoidalari talablariga muvofiq bajarilishi shart.
7-§. HARAKATLANTIRUVChILAR
177. Harakatlantiruvchilar va ularning elementlari (eshkak vinti, qimirlamaydigan va aylanmaydigan nasadkalar, suv otgichlar, eshkakli gʻildirak, boshqarishga yordam beruvchi qurilma) soz holatda saqlanishi va harakatlantiruvchi xoʻjalik toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga muvofiq ishlatilishi shart.
178. Harakatlantiruvchilarni koʻrikdan oʻtkazish va taʼmirlash kemaning kapitan-mexanigi rahbarligida bajarilishi shart.
179. Kemani dokka yoki slipga qoʻyish davrida harakatlantiruvchilarning holati va ularning texnik pasportga muvofiqligi tekshirilishi va koʻzdan kechirilishi shart.
Rul-harakatlantiruvchi kompleksi kema erga tegib ketgandan, avariya holatidan soʻng, hamda bosh dvigatelning pasport xarakteristikasi bilan kompleksning teplotexnika nazorati davrida nomuvofiqlik aniqlansa majburiy tekshirish va koʻrik oʻtkaziladi.
180. Vintli kemalarning val liniyalari odamlarning harakatlantiruvchilar bilan ishlashlari davrida oʻz-oʻzidan aylanib ketishi imkonini bermaydigan tormoz qurilmasi bilan jihozlangan boʻlishi shart.
181. Eshkak vintlarini kema qayiqlaridan turib taʼmirlash taqiqlanadi.
Eshkak vintini aylantirish va bosh dvigatelni (mashinani) ishlatish faqat kemani suzuvchan holatda boʻlganida (reyd yoki karvon kapitani va VOXR xodimi bilan kelishgandan soʻng) kema kapitan-mexanigi rahbarligida, qaysikim oldindan harakatlantiruvchilar yonida odamlar yoki qayiqlar yoʻqligiga ishonch hosil qilgandan soʻng amalga oshirilishi shart.
182. Yoʻnaltiruvchi nasadkalar (qimirlamaydigan va aylanadigan) tashqi va ichki yuzalarida pachaqlangan, darzlarga ega boʻlmasligi shart.
Nasadkaning ichki yuzasi bilan eshkak vinti parragining uchi orasidagi tirqish Registr qoidalari bilan belgilangan ruxsat etilgan qiymatdan oshmasligi shart.
183. Harakatlantiruvchilardagi nosozliklari kema suzishga chiqishdan oldin tuzatilishi shart.
Kemalarni ishlatish harakatlantiruvchilardagi quyidagi nosozliklarda taqiqlanadi:
a) eshkak vintining vint stupitsasidagi biriktirma boʻshagan boʻlsa;
b) kemani tebranishga yoki bosh dvigatellarning nagruzkasini olib kelishga sabab boʻlgan vint parragida shikastlanish boʻlsa (aylanish chastotasini nominaldan 5% ortiqqa pasayishi);
v) himoya panjarasi nosoz boʻlsa;
g) eshkak vinti kronshteynlari darz yoki deformatsilarga ega boʻlsa;
d) yoʻnaltiruvchi nasadka qoʻzgʻalgan yoki shikastlanganligi natijasida eshkak vinti unga tegsa, yoki suv otgichli harakatlantiruvchining stvorka-jalyuzi nosoz boʻlsa.
8-§. KEMANING ELEKTR JIHOZLARI
184. Kemaning elektr jihozlari ushbu Qoidalar, quruvchi zavod tomonidan berilgan kema elektr jihozlariga xizmat koʻrsatish va ularga texnik qarov oʻtkazish qoidalari va Daryo kemachiligi registri qoidalari talablariga javob berishi shart.
185. Kemaning elektr jihozlarini ishlatish va taʼmirlash boʻyicha barcha ishlari daryo floti kemalarining elektr jihozlarini ishlatish va taʼmirlash davrida texnika xavfsizligi va ishlab chiqarish sanitariyasi, neft tashuvchi kemalarda esa — Neft mahsulotlarini yuklash va tushirish davrida statistik elektrdan himoya boʻyicha yoʻriqnoma talablariga rioya etilgan holda bajarilishi shart.
186. Kemani boshqarish va suzish xavfsizligini taʼminlaydigan elektr jihozlari doimo ishga shay holda boʻlishi shart.
187. Zaxira va avariya elektr jihozlari ularni tez ishga tushirish imkonini beradigan holatda boʻlishi shart. Bu jihozlar vaqti-vaqti bilan kuchlanish ostida tekshirilishi shart.
188. Kema shlyuzga yaqinlashganda kemani va uning energetik qurilmasini boshqarishni taʼminlovchi elektr jihozlarining ishlash layoqati tekshirilishi shart.
Tekshirish natijalari vaxta jurnalida qayd etilishi shart.
189. Kema shtatida elektromexanik (elektrik) boʻlmaganda elektr jihozlariga qarab turish va ishlatish boʻyicha javobgarlik boʻlinma jadvaliga muvofiq elektr jihozlariga xizmat koʻrsatuvchi personalga yuklatiladi.
190. Muhim ahamiyatga ega boʻlgan murakkab elektr qurilmalari bilan jihozlangan kemalarda (masofadan avtomatik boshqarish elektr tizimi, qozonxona avtomatikasi, rul mashinalari, avtomatik ishlatish, zaxira taʼminot sxemasi, bosh taqsimlash qalqoni sxemasi) rele shkaflari yoki bu qurilmalarning qalqoni oldida yoki ichida aniq elektr sxemalari osib qoʻyilgan boʻlishi shart.
191. Elektromexanik (elektr jihozlari boʻyicha mexanik yordamchisi), kema shtatida u boʻlmagan davrda — mashina boʻlinmasining vaxta boʻyicha masʼuli elektr jihozlarga oʻtkazilgan texnik qarovlar, taʼmirlashlar, ishdan chiqishlar va nosozliklari toʻgʻrisida vaxta jurnaliga yozuvlar kiritib borishi shart.
192. Kemaning mashina boʻlimlari, sahnalari, kambuzlari, tarkib yashaydigan xonalari, yoʻlovchi kayutalaridagi elektr mashinalarining qoplamalari, kojuxlari, qalqon va apparatlar, yoritgichlarning ustki qoplamalari, oʻchirgichlarining toza holatda saqlanishi uchun javobgarlik kemaning elektr jihozlariga xizmat koʻrsatuvchi personalga yuklatiladi.
193. Kema elektr stansiyasining bosh taqsimlash qalqoni va elektr vint qurilmasini boshqarish pulti yonida himoya vositalari jamlanmasi va yetarli darajada sinovdan oʻtkazilgan saqlagich moslamalari, taqsimlash qalqoni sxemasi va uglekislotali oʻt oʻchirgichlar boʻlishi shart.
194. Elektr jihozlaridan foydalanish davrida quyidagilar taqiqlanadi:
a) elektr jihozlarini kema loyihasi va Registr qoidalarida koʻzda tutilmagan rejimlarda ishlatish;
b) vaxta boshligʻining ruxsatisiz nagruzkani boshqa generatorga oʻtkazmasdan generatorni toʻxtatish;
v) vaxta boʻyicha masʼul shaxsni xabardor qilmasdan mexanizm va qurilmalarni toʻxtatish;
g) vaxta boʻyicha masʼul shaxs bilan kelishmay turib oʻchirilishi talab etiladigan elektr qurilmalarda profilaktika va taʼmirlash ishlarini amalga oshirish;
d) neft tashiydigan kemalarda va boshqa kemalarning portlovchi va tez alanga oladigan suyuqliklar va moddalar saqlanadigan xonalarida, hamda neft mahsuloti mavjud yoki neft mahsulotdan boʻshagan yoqilgʻi bunkerlari va idishlarini koʻrikdan oʻtkazish davrida oddiy turdagi koʻchirib olib yuriladigan elektr chiroqlaridan foydalanish. Koʻrsatilgan barcha xonalarda Registr tomonidan maʼqullangan portlashdan himoya qilingan chiroqlardan foydalanishga ruxsat beriladi;
e) kemaning elektr jihozlari sxemasiga biror-bir oʻzgartirish kiritish.
195. Elektr jihozlarini ishlatish quyidagi nosozliklarda taqiqlanadi:
a) obmotkalar izolatsiyasining qarshiligi amaldagi Registr qoidalarida oʻrnatilgan meʼyorga nisbatan pasayganda;
b) kollektor va xalqalarda aylanish boʻyicha oʻt chiqsa, uchqunlanish 2 balldan ortiq boʻlsa;
v) ishlatishni muvofiqlashtiruvchi va elektr jihozlari apparaturalari ishdan chiqsa;
g) mashinaning sinishiga olib keluvchi elektr mashinalarining aylanuvchi qismlarini qoʻzgʻalmas qismlarga tegishi yoki valning urishi;
d) izolatsiyaning yonishidan darak beruvchi hid, tutun yoki olovning paydo boʻlishi;
e) tok kuchi yoki jihozlar temperaturasining belgilab qoʻyilgan qiymatdan oshib ketishi.
Elektr jihozlarini ishlatish elektr toki urishi yoki aylanayotgan qismlarining xizmat koʻrsatuvchi personalning kiyimini ilib olish xavfi boʻlganda ham taqiqlanadi.
196. Kemadan foydalanish quyidagi nosozliklar boʻlganda taqiqlanadi:
a) elektrlashtirilgan yordamchi mexanizmlarga ega boʻlgan kemalarda — belgilangan ikki generator oʻrniga bitta oʻrnatilgan boʻlsa;
b) elektrlashtirilmagan mexanizmlarga ega boʻlgan kemalarda — asosiy elektr manbaidan kemani yoritish va radiostansiya tarmoqlari ishlatilsa;
v) avariya elektr energiyasi manbalari boʻlmasa;
g) yurish va qutqaruv ishlarini bajarish davrida energetik qurilmasining ishlashini taʼminlovchi rul qurilmasi, brashpil, shpil va boshqa mexanizmlarning elektr jihozlari nosoz boʻlsa;
d) signal va farqlovchi chiroqlari, telegraf mashinalari nosoz boʻlsa;
e) avral va yongʻin signalizatsisi nosoz boʻlsa;
j) tashilayotgan yukning sifatining saqlanishini taʼminlovchi elektr jihozlari qurilmalari nosoz boʻlsa;
z) manbadan foydalanuvchi qayd etilgan isteʼmolchilarning elektr tarmoqlari uchastkasi boʻlmasa.
9-§. FLOTNI TEXNIK IShLATISh BILAN BAND BOʻLGAN PERSONALNING MAJBURIYATLARI VA JAVOBGARLIGI
197. Flotni texnik ishlatish bilan band boʻlgan ishchilar quyidagilarga majbur:
a) kema texnikalarining ishonchli ishlashi va samarali foydalanishni muntazam taʼminlash;
b) kema ekipaji aʼzolari va teplotexnika partiyalari bilan muntazam teplotexnik nazorat va dvigatel va mexanizmlarning optimal rejimda ishlashini taʼminlash;
v) navigatsiya davrida foydalanish vaqti yoʻqotilishini qisqartirish maqsadida kemalar yuklash ishlari uchun toʻxtab turgan vaqtda texnik sabablar boʻyicha taʼmirlash ishlari, texnik qarovlar va boshqa profilaktika tadbirlarini oʻz vaqtida bajarish;
g) nazariy va amaliy bilimlarini muntazam oshirib borish, bir-biriga yaqin kasblarni oʻzlashtirib borish;
d) kema texnikalarini samarali ishlatish boʻyicha ilmiy asosda texnik ishlatishni tashkil etish uchun aniq tadbirlar ishlab chiqish va joriy etish, ish uslublarini takomillashtirish, ishchilarning moddiy farovonligini yaxshilash;
e) belgilangan muddatlarda kema va uning asosiy elementlarini Registr va boshqa nazorat qiluvchi organlar vakillariga shahodatlashtirish uchun taqdim etish.
198. Daryo kemalarini doimiy texnik nazorat qilishni kema egasi amalga oshirishi shart.
Kema egasi bilan birgalikda daryo kemalarida maxsus nazorat olib borishni, oʻzining ishida ustav va qoidalarga amal qiluvchi Registr, kemachilik inspeksiyasi, VOXR, sanitariya va texnik inspeksiyalar amalga oshirishi shart.
Kema egasi oʻz vaqtida nazorat qiluvchi idoralarning vakillarini kemani koʻrikka yoki shahodatlashtirishga taqdim etiladigan joyi va vaqti toʻgʻrisida xabardor qilishi va barcha tayyorlash ishlarini bajarishi shart.
199. Flotni texnik ishlatishni tashkil etish, transport, texnika va yordamchi flotni soz holatda saqlanishi uchun javobgarlikni daryo flotidan foydalanayotgan korxonaning kema xoʻjaligi xizmati (bunday xizmat mavjud boʻlmaganda — bosh muxandis) olib boradi.
Kema xoʻjaligi xizmatining asosiy vazifalari (kema-mexanik xizmati), uning funksiyalari, huquqlari, majburiyatlari, javobgarligi daryo flotini ishlatayotgan korxonaning rahbariyati tomonidan ushbu daryo havzasining sharoitlarini aniq hisobga olgan holda belgilanadi va tasdiqlanadi.
200. Kemani soz texnik holatda saqlash, kema ishlarini toʻgʻri tashkil etish, kemada qarovlarni oʻtkazish, kemani toʻgʻri yuklash va tushirish, hamda yuklash miqdori jadvalini qoʻllagan holda kemani suvga botishiga qarab yukning vaznini kemaning turiga qarab aniqlash uchun kapitan yoki shkiper, zemsnardda va zemsnaryad tarkibi bilan ishlatiladigan unga tegishli kemalarda (motozavoznya, oʻziyurar shalanda) — komandir, bir-biriga yaqin kasbni egallaganda — kapitan-mexanik (komandir — mexanik) javobgar hisoblanadi.
201. Texnik qismlar boʻyicha kapitan (komandir) oʻrinbosari hisoblangan kema mexanigi kema mexanizmlari va qurilmalarining sozligi va tanaffussiz ishlashi uchun javobgar hisoblanadi. Unga mexanik yordamchilari va mashina komandasi bevosita boʻysunadilar. Mexanik kema mexanizmlari boʻyicha texnik hujjatlarini oʻz vaqtida va toʻgʻri toʻldirishi, belgilangan tartibda oʻz vaqtida hisobotlarni taqdim etishi, texnik qarovlarni bajarishi shart.
202. Komandasiz ishlatilayotgan kemaning yongʻinga qarshi holati uchun bu kemalar biriktirilgan shatakka oluvchi kemalarning kapitani; yuklash-tushirish ishlari davrida — uchastka, qirgʻoq, prichal boshliqlari, reydda turgan davrida — reyd kapitanlari va navbatchi dispetcherlar javobgar hisoblanadi.
203. Kapitan (komandir, shkiper) kema va ekipaj xavfsizligi uchun javobgar hisoblanadi.
Tarkibni shatakka olishdan boshlab oxirgi punktga toʻxtashiga qadar shataklanuvchi tarkibning ekipaji shatakka oluvchi kemaning kapitaniga, zemsnaryad komandiriga esa — zxemsnaryad karvonining yordamchi kemalarining ekipaji boʻysunadi.
Ekipajsiz oʻziyurmas kemalarning qatnov davomida texnik holati, yuklarning saqlanishi va ularga xizmat koʻrsatish uchun javobgar, kemani qabul qilib olish dalolatnomasi tuzilgandan yoki kema jurnaliga (xabarnomaga) imzo qoʻyilgan vaqtdan boshlab shatakka oluvchi kemalarning va yuk teploxodlarining ekipaji hisoblanadi.
Ekipajsiz barjalarni ishlatish amaldagi qoidalarga muvofiq boʻlishi shart.
204. Bir-biriga yaqin kasbni egallagan holda ishlayotgan ekipaji boʻlgan, kompleks avtomatika va mexanizatsiya vositalari bilan jihozlangan kemalarda kema va ekipaj uchun javob beruvchi rahbar kapitan-mexanik hisoblanadi.
205. Kemada kapitan-mexanik (komandir-mexanik) rahbarligi ostida quyidagilar bajarilishi shart:
a) kema ekipaj aʼzolarini vaxta boʻyicha taqsimlash va almashish vaqtini koʻrsatib vaxta jadvali tuzilishi;
b) ekipajga mexanizmlar, tizimlar, qurilmalar, jihozlar biriktirgan holda jadval, hamda trevogalar: yongʻin, suv, “bort ortida odam” jadvali tuzilishi;
v) texnik oʻquvlar oʻtkazilishi;
g) texnika xavfsizligi, mehnatni muhofaza qilish va ishlab chiqarish sanitariyasi qoidalari va normalarining bajarilishi, hamda ish vaqti va suzuvchi tarkibning dam olish vaqti rejimlariga rioya etilishi;
d) yongʻin xavfsizligi qoidalarining bajarilishi;
e) texnik koʻriklar va qarovlar jadvallarining bajarilishi;
j) teplotexnik nazorat oʻtkazilishi.
206. Kema ekipajining har bir aʼzosi boʻlinmalar boʻyicha maxsus jadval bilan oʻzlariga biriktirib qoʻyilgan mexanizmlar, tizimlar, qurilmalar, jihozlarning texnik holati, saqlanishi va oʻz vaqtida xizmat koʻrsatilishi uchun, hamda kema boʻyicha umumiy tashkiliy-texnik tadbirlar rejasini aniq bajarilishi uchun shaxsan javobgar hisoblanadi.
207. Daryo transporti mulkini milliy mulk sifatida saqlash kafolatini taʼminlaydigan flotning saqlanishi, hamda yuqori muxandislik darajasida texnik ishlatish uchun shaxsiy javobgarlik:
a) kema boʻyicha — kapitan (komandir) va mexanikka;
b) kemalar guruhi boʻyicha — guruh muxandis — mexanigi va guruh mexanigi flotini ishlatayotgan korxonaning oʻziyurmas floti inspektori va port-pristan yoki suv yoʻllari texnika uchastkasining oʻziyurmas flot inspektorlari;
v) port-pristan floti boʻyicha — ularning boshliqlari, flot boʻyicha boshliq oʻrinbosarlari va bosh muxandislariga yuklatiladi.
208. Port-pristanlarda yuklash yoki tushirish davrida kema va yuklarning saqlanishi uchun port-pristan maʼmuriyati qatori kema maʼmuriyati ham javobgarlikni olib boradi.
209. Kemada uning elementlarida oʻtkazilgan koʻriklar va shahodatlashtirishlarning sifati uchun koʻrik yoki shahodatlashtirishdan oʻtkazgan hamda unda ishtirok etgan shaxslar javobgar hisoblanadi.
210. Mazkur Qoidalarning talablariga javob bermaydigan kemaning suzishga chiqqanligi uchun kema kapitani yoki shkiperi, hamda kemani suzishga chiqarish toʻgʻrisida farmoyish bergan shaxs javobgar hisoblanadi.
211. Flotdan foydalanayotgan korxonaning flotning texnik holati va uni texnik ishlatish uchun javobgar kema xoʻjaligi xizmati va barcha xodimlari navigatsiya tugagandan soʻng flot ishini tahlil qilishi, texnik ishlatishning ilgʻor uslublarini aniqlashi va umumlashtirishi shart.
212. Oʻzlarining harakatlari va farmoyishlari bilan ushbu Qoidalar talablarini buzgan mansabdor shaxslar Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
(212-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
V-BOB. KEMA TAʼMIRLASh VA IShLAB ChIQARISh KORXONALARI
1-§. UMUMIY QOIDALAR
214. Flotni taʼmirlash, texnik va xoʻjalik xizmat koʻrsatish bilan shugʻullanuvchilarining korxona reja topshiriqlarini bajarilishi uchun huquqlari, majburiyatlari, funksiyalari va javobgarligi korxonaning ustavlari bilan belgilanadi.
215. Korxonalarning flotni taʼmirlash va uning xoʻjalik va texnik xizmat koʻrsatish boʻyicha masalalari korxonalar orasida tuzilgan oʻzaro bitim va shartnomalar bilan tartibga keltiriladi.
2-§. KEMA TAʼMIRLASh SANOAT KORXONALARNING KLASSIFIKATSIYASI VA FUNKSIYALARI
216. Daryo floti kemalarini taʼmirlash, texnik va xoʻjalik xizmat koʻrsatish korxonalari quyidagicha boʻlinadi:
kema taʼmirlash zavodlari;
yordamchi korxonalar: portlarning, pristanlarning, suv yoʻllari texnika uchastkalarining ustaxonalari.
Amaldagi qoidalarga muvofiq korxonalar taʼmirlash (qishki, navigatsiya) va xizmat koʻrsatish, hamda taʼmirlash turlari boʻyicha koʻproq bir xil oʻlchamli kemalarga ixtisoslashgan boʻlishlari shart.
217. Korxonalar tarkibiga ishlab chiqarish sexlari binolari, uchastka va ustaxonalar, kema koʻtarish va boshqa inshootlar, tezyurar kemalarning qishki toʻxtab turish maydonlari, akvatoriyalar, hududlar, zavod ichi transporti, binolar va ochiq maydonli omborxonalar va boshqa yordamchi xizmatlar, turar-joy fondi va madaniy-maishiy muassasalar, zavodni boshqarish binolari kiradi.
218. Korxonalarning ishlab chiqarish strukturasi va texnik taʼminoti belgilangan vazifalari, ishlarning asosiy dasturi va nomenklaturasi, ishlab chiqarish hajmi, biriktirilgan flotning turlari va quvvatiga muvofiq boʻlishi shart.
219. Kema taʼmirlash korxonalarining binolari, inshootlari, jihozlari, texnik uskunalari, zavod ichi qurilmalari va transporti korxona talablariga va flotni taʼmirlashning industrial uslublarini qoʻllash, korxonaning yuqori daromad olish va ishlarning samaradorligini oshirish shartlariga javob berishi shart.
Taʼmirlash ishlarini industrilizatsiya qilishning asosiy yoʻnalishi boʻlib kemalarni agregatlar va agregat-uzel uslubda taʼmirlash hisoblanadi.
220. Kema taʼmirlash korxonalarning hududlari sanoat meʼyorlari talablari, ishlab chiqarish binolari va inshootlari, sanitariya-maishiy va xizmat koʻrsatish binolarini joylashtirish texnologiyalari talablariga javob berishi, yetarli va jihozlangan prichal chizigʻi mavjud boʻlishi shart. Obodonlashtrilgan yoʻllar, kirish yoʻllari, suv, bugʻ, siqilgan havo, elektr energiyasi, telefon aloqasi va baland ovozda xabar qilish vositalari kommunikatsiyalari mavjud boʻlishi shart.
221. Kema taʼmirlash korxonalarining akvatoriyalari quyidagi talablarga javob berishi shart:
a) barcha biriktirilgan flotni qishki toʻxtab turish davrida toʻgʻri joylashtirish va taʼmirlash, barcha katta hajmli taʼmirlash ishlarini kemalardan sexlarga oʻtkazish va taʼmirlanayotgan kemalarga ishchilarni oʻtkazish, materiallar, uzel va detallarni yetkazib berish bilan bogʻliq ish vaqtini kamroq yoʻqotish, nazorat qiluvchi organlar tomonidan belgilangan yongʻinga qarshi va texnologik uzilishlar meʼyorlariga rioya etishni taʼminlaydigan oʻlchamlarga ega boʻlishi;
b) dvigatellar, agregatlar, mexanizmlar va materiallarni tushirish va yuklash koʻzda tutilgan kemalarni boshqa joyga koʻchirish, hamda ularni qish sharoitlarida (akvatoriyani isitish) kema koʻtarish inshootlariga koʻchirish imkoni taʼminlangan boʻlishi;
v) toʻsuvchi va prichal qurilmalari va kemalarni shvartov sinovdan oʻtkazish uchun zarur qurilmalar mavjud boʻlishi;
g) kema oʻlchamlariga mos keladigan erkin kema yoʻli mavjud boʻlishi;
d) daryo yoki suv omborlarining barcha holatlarida (suv toshqini, muz oqishi, shamol, suv sathining oʻzgarib turishi), hamda yongʻin chiqish holatlarida flotni xavfsiz toʻxtab turishi kafolatlangan boʻlishi;
e) kemalar karvonini qirgʻoq bilan bogʻlovchi ishonchli aloqa vositalari, elektr yoritgichlari, yongʻinga qarshi mexanizatsiyalashtirilgan suv yetkazuvchi qurilmasi va birlamchi oʻt oʻchirish vositalari, kemalarga suv yetkazish kommunikatsiyalariga borish yoʻllari, hamda korxonaning akvatoriya bazalarining mahalliy xususiyatlaridan kelib chiqib yongʻin muhofazasi xodimlarining koʻrsatmalari boʻlishi;
j) taʼmirlanishda boʻlgan yoki toʻxtab turishda boʻlgan kemalarning suvga botishidan kelib chiqib kafolatlangan chuqurlikka ega boʻlishi;
z) qoʻriqlash postlari tomonidan barcha karvonga yoki uning alohida kemalarini nazorat qilish imkonini taʼminlash.
Kemalarni qishlovga qoʻyishdan oldin baza akvatoriyasi sinchiklab tekshirilgan, suv tubi tozalangan, suv osti toʻsiqlaridan tozalangan va zarurat boʻlganda chuqurlashtirilgan yoki refulirovka qilingan boʻlishi shart.
222. Korxona akvatoriyasi va unga kirish yoʻllarini chuqurlashtirish va oʻtirindilardan tozalash ishlari korxonalar qatori akvatoriyaning lozim darajadagi holati uchun javobgar boʻlgan suv yoʻllari texnika uchastkalari tomonidan akvatoriya egalarining buyurtmalari boʻyicha xizmat koʻrsatish tartibida bajariladi.
223. Har bir kema taʼmirlash korxonasi oʻzining tarkibiga oʻzlariga biriktirilgan flotning yuk koʻtarish qobiliyati va oʻlchamlari, turlari va soniga muvofiq keladigan kema koʻtarish inshootlarining biror-bir turiga ega boʻlishi shart (slip, elling, doklar, dok-kessonlar, kormopodyemniklar, kema koʻtarish kranlari).
224. Kema koʻtarish vositalaridan foydalanish amaldagi sliplarni va ellinglarni texnik ishlatish qoidalari, suzuvchan doklarni texnik ishlatish qoidalari, kema koʻtarish inshootlarini ishlatish boʻyicha yoʻriqnoma, daryo gidrotexnik inshootlarini ehtiyotdan taʼmirlash rejalarini oʻtkazish toʻgʻrisidagi yoʻriqnomalarga muvofiq amalga oshirilishi shart.
225. Korxonalar qoshida zarurat boʻlganda turar joylar, madaniy maishiy va oʻquv muassasi majmualari tashkil etilishi shart.
226. Zavod xoʻjaligining barcha binolari, inshootlari, jihozlari, qurilmalari va tizimlari, uning kommunal korxonalari xonalari bilan birgalikda saqlash va texnik ishlatish rejalashtirilgan profilaktika tizimi boʻyicha bajarilishi va ularni texnik soz holatini taʼminlashi, ishlab chiqarish estetikasi talablariga rioya etilishi, joriy va kapital taʼmirlashlarni amaldagi daryo floti korxonalaridagi zavod jihozlariga ehtiyotdan taʼmirlash rejalari toʻgʻrisidagi qoidalar, zavod yoʻriqnomalari, sanitariya nazorati va yongʻin xavfsizligi, texnika xavfsizligi va mehnatni muhofaza qilish qoidalariga muvofiq oʻtkazish shart.
227. Kema taʼmirlash korxonalari oldida va portlarda koʻp sonli kemalar yigʻilib qolgan davrda daryo floti tizimida amalda boʻlgan qoʻllanmalar va flotga kompleks navigatsiya xizmati koʻrsatish boʻyicha qoidalarga muvofiq flotga texnik xizmat koʻrsatish boʻyicha ishlab chiqarish uchastkalari va navigatsiya taʼmirlash boʻyicha kompleks taʼmirlash brigadasi tashkil etilishi shart.
228. Flotga texnik xizmat koʻrsatish boʻyicha qirgʻoq ishlab chiqarish uchastkalari (IChU) yil davomida shtatni ushlab turishi yoki navigatsiya oralarida tuzilishi va qirgʻoq ishlab chiqarish uchastkalari tomonidan flotga texnik xizmat koʻrsatish boʻyicha qoʻllanmalarda koʻzda tutilgan nomenklatura boʻyicha kemaning barcha elementlariga texnik qarov oʻtkazishlari shart.
3-§. FLOTNI TAʼMIRLASh VA QIShKI TOʻXTAB TURIShI
230. Flotni taʼmirlash ehtiyotlik rejasi tizimi boʻyicha tashkil etilishi shart.
231. Ehtiyotdan taʼmirlash rejasi tizimi boʻyicha oʻtkaziladigan har bir turdagi taʼmirlashning davomiyligi amaldagi ichki suzish kemalarini taʼmirlash qoidalariga muvofiq belgilanadi va bosh dvigatellar va korpus elementlari asosiy detallarining yemirilishini prognoz qilish va meʼyorlash asosida oʻrnatiladigan xizmat muddati aniqlanadi.
232. Kemalarni taʼmirlashga va vaqtinchalik konservatsiyaga qoʻyish tartibi, taʼmir ishlari oʻtkazish, konservatsiyadan olish va kemani taʼmirdan soʻng qabul qilib olishni tashkil etish daryo floti tizimida amalda boʻlgan ichki suzish kemalarini taʼmirga topshirish va ularni taʼmirdan qabul qilish boʻyicha yoʻriqnomalar va ichki suzish kemalarini taʼmirlash boʻyicha yoʻriqnomalarga muvofiq belgilanadi.
233. Joriy taʼmirlash korxona va kema ekipaji kuchlari yordamida taʼmirlash sxemasida koʻzda tutilgan muddatlarda kema komandasi kuchi bilan daryo floti kemalarini joriy taʼmirlashni tashkil etish toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga asosan bajarilishi shart.
Kemalarni oʻz kuchlari bilan taʼmirlayotgan kema ekipaji aʼzolari. ularga malaka toifasi berish uchun attestatsiyadan oʻtishlari shart.
234. Kemani zavod sharoitida taʼmirlash davrida kema slipga koʻtarilishi va uni keyingi navbatdagi zavod sharoitida taʼmirga jalb etgunga yoki hisobdan chiqargunga qadar ishlashi va xavfsiz ishlatilishini taʼminlovchi, kemaning pasport xarakteristikasini tiklash uchun barcha ishlar, hamda nazorat qiluvchi idoralar bilan ishlab chiqilgan va kelishilgan texnik hujjatlar asosida modernizatsiya qilish ishlari amalga oshirilishi shart.
235. Flotni taʼmirlash industrial uslubda bajarilishi va buning uchun texnik shartlar va yagona taʼmirlash roʻyxati (YaTR) ishlab chiqilishi shart.
Flotni agregat va agregat-uzel uslubida taʼmirlash davrida sanoat korxonalarini kema taʼmirlashga ixtisoslashtirishni, hamda ixtisoslashtirilgan sexlarda mexanizmlar, uzellar va detallarni markazlashtirilgan taʼmirlashni koʻzda tutish shart.
236. Agregat va agregat-uzel uslubida kemalarga taʼmirlash ishlarini oʻtkazish uchun kema taʼmirlash korxonasi va kema egasi tomonidan oʻzaro ishlab chiqilgan ichki suzish kemalarini agregat taʼmirlash boʻyicha qoidalariga muvofiq kema mexanizmlarini va uzellarini almashtirish va sarflash fondi tashkil etilishi shart.
237. Taʼmirlovchi korxonalar kafolat muddati davomida oʻtkazilgan taʼmirlarning sifati, kema va inventarni qishki toʻxtab turish davrida, hamda taʼmirlash yoki konservatsiya qilish davrida saqlanishi uchun javobgar hisoblanadilar.
Kafolat muddati, amaldagi ichki suzish kemalarini taʼmirlash qoidalari boʻyicha, taʼmirlash turiga qarab belgilanadi.
4-§. KEMA TAʼMIRLASh VA SANOAT KORXONALARI PERSONALINING MAJBURIYATLARI VA JAVOBGARLIKLARI
238. Kema taʼmirlash va sanoat korxonalarini texnik ishlatish, asosiy fondlardan samarali foydalanish, biriktirilgan flotning sifatli saqlanishi va taʼʼmirlanishi uchun korxona rahbari javobgar hisoblanadi.
239. Flotga texnik xizmat koʻrsatish boʻyicha qirgʻoq ishlab chiqarish uchastkasining ishi uchun qirgʻoq ishlab chiqarish uchastkasi kiruvchi qirgʻoq ishlab chiqarish uchastkasi boshligʻi va korxona boshligʻi javobgar hisoblanadi.
240. Zavod xjoʻjalik ishlari bilan band boʻlgan barcha shaxslar “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi qoidalari, korxonaning binolari, jihozlari, inshootlari, qurilmalari, tizimlari va mexanizmlarini texnik ishlatish boʻyicha qoidalari va yoʻriqnomalariga rioya etishlari shart.
241. Korxonaning flotni texnik ishlatish va taʼmirlash bilan band boʻlgan ishchilari Registr qoidalari, kemalarda ishlarni bajarish davrida amaldagi mehnatni muhofaza qilish, texnika xavfsizligi va ishlab chiqarish sanitariyasi boʻyicha ishlarni tashkil etish qoidalariga asosan normal ish sharoitlarini va texnika xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan qoidalar va talablarga rioya etishlari shart.
242. Zatonlarda, toʻxtab turish punktlarida kemalarni joylashtirish va saqlash, navigatsiya davrida hamda kuz va bahorgi muz oqishi davrida kemalarni xavfsiz toʻxtab turishini taʼminlash boʻyicha talablarga rioya etish uchun javobgarlik Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlarida belgilangan qoidalar, nizom va tartibga muvofiq bu korxonalarning maʼmuriyati va personali, hamda kema ekipaji aʼzolari javobgar hisoblanadilar.
(242-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
243. Korxona rahbariyati nazorat qiluvchi organlarning xodimlariga ularning xizmat vazifalarini bajarish davrida korxonaning nizomi, ustavi va qoidalariga muvofiq bor imkonlaridan foydalanib yordam koʻrsatishlari shart.
VI-BOB. PORTLAR-PRISTANLAR
1-§. UMUMIY QOIDALAR
244. Portlar-pristanlar oʻzlariga berilgan toifa va yuklarga ishlov berish turlari boʻyicha ixtisoslashgan va ushbu port-pristandan amalga oshirilayotgan tashishlar xarakteriga qarab texnik vositalar bilan jihozlangan boʻlishi shart.
245. Port-pristanning asosiy vazifalari boʻlib quyidagilar hisoblanadi:
a) yuklarni va yoʻlovchilarni jalb etish;
b) yuklar va yoʻlovchilar joʻnatilishini taʼminlash, barcha turdagi flotga texnik va navigatsiya xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha kompleks ishlarni bajarish;
v) yuklash-tushirish ishlari va port-pristan orqali joʻnatiladigan yuklarni boshqa transportga yuklash rejalarini bajarish;
g) port-pristan prichallarida kemalarga va vagonlarga ishlov berishning oʻrnatilgan meʼyorlarini bajarish va mijozlarning prichallarida flotga ishlov berish meʼyorlarining bajarilishini nazorat qilish;
d) port-pristan xoʻjaligini rivojlantirish boʻyicha tadbirlarni amalga oshirish;
e) portlarda va kemalarda kompleks mexanizatsiyalashtirish va avtomatlashtirish kompleksini va ilgʻor texnologik jarayonlar va mehnatni tashkil etish shakllarini joriy etish;
j) port-pristan balansida mavjud boʻlgan port inshootlari, energetika xoʻjaligi, aloqa vositalari, suzuvchan, qirgʻoq port ichi tashkilotlari, flot va boshqa vositalarni texnik ishlatish va taʼmirlash;
z) reydlarda, prichal yonlarida kemalarning xavfsiz suzishi va toʻxtab turishi uchun xavfsiz sharoitlarni yaratish, barcha turdagi flotning xavfsiz ishlashi va yuklash-tushirish va boshqa turdagi ishlarning xavfsiz bajarilishini taʼminlash;
i) port-pristan obyektlarida va kemalarda yongʻinga qarshi tadbirlarni bajarish, hamda VOXR shaxsiy tarkibining ishlarini tashkil etish.
246. Port-pristanning ishlash hududi, port-pristan uning tarkibiga kirgan korxona tomonidan belgilanadi.
2-§. AKVATORIYALAR, KEMA YuRADIGAN YOʻLLAR VA REYDLAR
247. Akvatoriyalar, kema yuradigan suv yoʻllari, reydlar, prichal oldining chuqurligi va boshqa texnik xarakteristikasi Oʻzbekiston Respublikasi ichki suv yoʻllarida port-pristanlarni texnologik loyihalashtirish meʼyorlari va suv transporti uzellarini loyihalashtirish boʻyicha koʻrsatmaga muvofiq boʻlishi shart.
248. Port-pristan akvatoriyasining chegarasi suv yoʻllari texnika uchastkasi va kemachilik inspeksiyasi bilan kelishilgan holda korxona tomonidan belgilanadi.
249. Port-pristan akvatoriyasi tarkibida quyidagilar mavjud boʻlishi shart:
a) kemalar va shatakka olinuvchi tarkiblarning erkin oʻtishi uchun yetarli boʻlgan chuqurlik va enga ega boʻlgan kema yuradigan yoʻl va prichalga kirish yoʻlagi;
b) kemalar tarkiblarini shakllantirish va taqsimlash, suv yuzida ishlarni bajarish va flotni toʻxtab turishi uchun reydlar.
250. Reydlarda va prichal oldilarida chuqurliklar suv yoʻllari texnika uchastkasi va port-pristan tomonidan reydning vazifasi, ushbu reyd tomonidan xizmat koʻrsatilayotgan kemalarning oʻlchamlari, suv yoʻlining xarakteristikasi, suv tubidagi erning xarakteristikasi, kemalarning turi, different uchun zaxira chuqurlik, toʻlqin va choʻkindi kirib qolishiga qarab belgilanadi va taʼminlanadi.
251. Port-pristan maʼmuriyati akvatoriyalardagi toʻsiqlar va haqiqiy chuqurlik toʻgʻrisida yoʻl axborot varaqalari yoki radio orqali sirkulyar koʻrsatmalar yordamida kema boshqaruvchilarini xabardor qilishi shart.
252. Reydlar yetarli miqdorda toʻgʻri joylashtirilgan mustahkam prichal moslamalar, hamda reyd chegarasini koʻrsatib turuvchi, kunduzi yaxshi koʻrinadigan va tunda yoritiladigan signal belgilari bilan jihozlangan boʻlishi shart.
Komandasiz foydalanishda boʻlgan barjalarning toʻxtab turishi uchun reydlar barja-buy yoki reyd pontonlari bilan jihozlangan boʻlishi shart.
253. Yuklarning turiga qarab reydlar quruq yuk tashiydigan, neft quyiladigan, tez alanga oladigan, yongʻinga xavfli, portlovchi yuklarga moʻljallangan sollar va maxsus reydlarga boʻlinadi.
Neft quyadigan va maxsus reydlar oqim boʻyicha barcha reydlardan pastda joylashgan boʻlishi shart.
Bajariladigan ishlarning hajmi va xarakteriga qarab reydlarda uchastkalar tashkil etiladi:
a) kelish — kelgan kemalar tarkibini taqsimlash va kemalarni toʻhtab turishi uchun;
b) joʻnatish — joʻnatiladigan kemalar tarkibi va kemalarni shakllantirish uchun;
v) yuklash-tushirish — suzuvchan holatda tanaffus va yuklash-tushirish ishlari uchun;
g) shlyuzlash oldi — shlyuzlanadigan tarkibni taqsimlash va shakllantirish va kemalarni toʻxtab turishi uchun;
d) ekipajsiz boʻlgan barjani langarsiz toʻxtab turishi uchun;
e) quruq yuk tashiydigan flotni tozalash va yuvish uchun.
Reydlar va yoʻl uchastkalarining orasi Suzish qoidalariga muvofiq qabul qilinadi, biroq daryo transportida yongʻin xavfsizligi qoidalarida koʻrsatilgan meʼyordan kam boʻlmasligi shart.
254. Kemalarni va prichallarni toʻlqinlardan va muz oqimidan, hamda akvatoriyani choʻkindi kirib qolishidan himoya qilish uchun tashkil etiladigan toʻsuvchi va himoya qiluvchi qurilmalar va suv inshootlari toʻliq soz holda saqlanishi, ushbu Qoidalarga muvofiq oʻz vaqtida taʼmirlanishi va ishlatilishi shart.
255. Bahorgi suv toshqini bilan koʻmilib qoladigan toʻsuvchi va himoya qurilmalari va inshootlarining oldida koʻmilib turgan davrida kemachilik jihozlari oʻrnatilishi shart.
256. Port-pristanlarda suv inshootlarini barpo etish va rekonstruksiya qilish boʻyicha barcha ishlar, prichallarga va reydlarga kirish joylarida suv tubini chuqurlashtirish ishlari suv yoʻllari texnika uchastkasi va nazorat qiluvchi organlar bilan kelishilgan holda loyiha hujjatlari boʻyicha inshoot egalari tomonidan bajariladi.
3-§. REYD, YORDAMChI-XIZMAT VA MAHALLIY TRANSPORT FLOTI
257. Port-pristanlarda transport kemalariga xizmat koʻrsatish va tarkiblarni shakllantirish va taqsimlash, yuklash-tushirish ishlari va port-pristanning xoʻjalik faoliyati bilan bogʻliq ishlarni bajarish uchun port-pristanlar reyd va yordamchi-xizmat flotiga ega boʻlishlari shart.
258. Reyd flotining tarkibidan yongʻinning oldini olish uchun kecha-kunduz uzluksiz navbatchilik qilish uchun kema ajratilgan boʻlishi shart. Kema yaxshi foydalanish va shatakka olish xususiyatiga, kuchli suv tortadigan vosita, yongʻin nasoslari, koʻpik bilan oʻchirish qurilmalari, tashlanadigan oʻt oʻchirish shlanglari, radio aloqa vositalariga ega boʻlishi shart. Navbatchi kema ekipaji yongʻinga qarshi maxsus tayyorgarlikdan oʻtgan boʻlishi shart.
Reyd ishlarini bajarayotgan reyd navbatchi kemasi yongʻinni bartaraf etish uchun doimo shay holda turishi shart.
259. Flotga kompleks navigatsiya xizmati koʻrsatish yoʻlga qoʻyilgan portlar pol tagidagi tozalanmagan suvlarni va fan va oqova tizimidan ishlov berilmagan suvlarni tortib olishga, akvatoriyadan oqib kelgan yogʻochlarni va neft mahsulotlari qoldiqlarini yigʻib olishga moʻljallangan maxsus kemalar bilan jihozlangan boʻlishi shart.
4-§. HUDUDLAR
a) UMUMIY QOIDALAR
260. Port hududi tarkibiga bosh reja chegarasida va belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan tegishli yerlar qaydnomasiga muvofiq portning akvatoriyasiga tutashib turgan barcha yer uchastkalari kiradi.
Yer qaydnomasi port boshligʻida saqlanishi va u yer uchastkalari tarkibidagi barcha oʻzgarishlardan xabardor boʻlishi va belgilangan tartibda rasmiylashtirishi shart.
261. Turli port ishlarini bajaradigan port inshootlari, qurilmalari va jihozlari joylashgan port-pristanning hududi quyidagilarga ega boʻlishi shart:
a) port inshootlari, qurilmalari, bino va jihozlarini qulay va erkin joylashtirish va port ishlarini tez va xavfsiz bajarish kafolatini taʼminlovchi yetarli oʻlchamlarga;
b) yetarli rivojlangan kirish yoʻllari va port ichi avtomobil yoʻllari, yuklash-tushirish portlarida esa temir yoʻllariga;
v) quvurlar tizimi, yomgʻir suvlari, yer osti va iflos suvlarni qaytarish uchun suv chiqarib tashlaydigan va suv kanalizatsiyasi qurilmalariga;
g) port-pristanni tutashib turgan qoʻshni hududdan ajratuvchi toʻsiqqa;
d) portda mavjud boʻlgan barcha turdagi transportlarni va yuklash-tushirish mashinalarning bemalol ishlashini taʼminlovchi va yuklarni qulay taxlash imkonini beruvchi port ichi yoʻllari va maydonlarining mustahkam qoplamalariga;
e) kemalardan quruq axlatlarni, oziq-ovqat chiqindilarini va quruq yuk tashiydigan kemalarni tozalash mahsulotlarini qabul qilish uchastkasiga.
b) PORT-PRISTANLARNING PRIChALLARI
262. Port-pristanlarning toifasiga muvofiq prichallar ixtisoslashgan boʻlishi shart. Yuk aylanishiga qarab prichallar yuklar turlari boʻyicha ixtisoslashgan boʻlishi mumkin.
Yuklash-tushirish ishlarini jadallashtirish va kemalarning turib qolish vaqtini qisqartirish maqsadida port-pristanlarda flotga tez ishlov berish uchun maxsus prichallar tashkil etiladi.
263. Ishlarning hajmi va xarakteriga qarab prichallar quyidagilarga ega boʻlishlari shart:
a) kirish suv yoʻllari, yetarli akvatoriya, yetarli prichal floti va yuklash-tushirish vositalari, ishlab chiqarish xonalari, kirib borish yoʻllari, ustaxonalar va maishiy-xizmat binolarini joylashtirish uchun hudud;
b) kemalar bilan aloqada boʻlish uchun tushish joylari, hamda kemadan qirgʻoqqa va orqaga qaytish uchun xavfsiz oʻtish joylari;
v) yuklash-tushirish ishlari uchun zarur moslamalar va inventarlar kompleksi va zaxirasiga ega boʻlgan jihozlar va qurilmalar;
g) qulay kirish yoʻllariga ega yuk omborxonalari va ochiq omborxona maydonlari;
d) zarur elektr taʼminoti, yoritish va ishonchli aloqa vositalari;
e) toʻgʻri joylashtirilgan va mustahkam oʻrnatilgan shvartov qurilmalari;
j) otboyka qiladigan moslamalar ( rimlar, bruslar, kranslar);
z) yongʻinga qarshi va qutqaruv jihozlari belgilangan meʼyor boʻyicha;
i) kunduzi aniq koʻrinadigan va tunda yoritiladigan reyd stolbalari;
k) ogohlantiruvchi belgilar;
l) muxandislik kommunikatsiyasi (suv quvurlari va h.k.), yongʻinga qarshi hovuzlarga borish yoʻllari, yongʻinga qarshi avtomashinalarni joylashtirish uchun pirslar;
m) quruq axlatlarni yigʻish uchun konteynerlar, shahar suv quvuridan isteʼmol suvini kemaga uzatish gidrandlari, prichal oldida turgan kemalarga zarur kuchlanishdagi elektr energiyasi berish uchun transformator kolonkalari;
n) kemalarni portning telefon tarmogʻiga ulash uchun rozetkalar.
264. Prichal va suzuvchan debarkaderlar oqim tezligi kam boʻlgan yoʻl uchastkasida va toʻlqin va muz oqimi taʼsiridan himoyalangan joylarda joylashtirilgan boʻlishi shart.
265. Prichal uzunligi va kemalar orasidagi interval ichki suzish yoʻllarida port-pristanlarni texnologik loyihalashtirish normalariga va daryo transportida yongʻin xavfsizligi qoidalariga muvofiq boʻlishi shart.
266. Yuk-yoʻlovchi prichallarida yoʻlovchilarni chiqarish va tushirish boʻyicha barcha ishlar va ularga xizmat koʻrsatish yuklash ishlaridan ajratilgan boʻlishi shart.
267. Har bir prichal oldi maydonlarida, hamda yuk omborxonalarida va debarkaderlarida loyiha yoki izlanish maʼlumotlariga muvofiq port buyrugʻi boʻyicha yuk taxlash uchun joylarda ruxsat etilgan bosim kattaligi va chegarasi koʻrsatilgan holda maxsus belgilar bilan belgilab qoʻyilishi shart.
268. Suzuvchan prichallar va debarkaderlar qirgʻoq tomondan mustahkam tayanch oʻrnatilgan holda old va orqa tomonidan bogʻlanishi, qirgʻoq bilan mustahkam va xavfsiz, maxsus texnik hujjatlar boʻyicha tayyorlangan va tutqichlar va leyer bilan toʻsilgan, texnika xavfsizligi talablariga asosan sinovdan oʻtkazilgan oʻtish joyi bilan bogʻlangan boʻlishi shart.
Prichallar orasidagi uzilish masofa mahalliy suzish sharoitlariga muvofiq qabul qilinadi, biroq yongʻin xavfsizligi qoidalarida belgilangan meʼyordan kam boʻlmasligi shart.
269. Prichallarni va port inshootlarini texnik ishlatish, hamda portning texnik nazorati xodimlari tomonidan prichal inshootlari va qurilmalarining texnik holatini nazorat qilish port inshootlarini texnik ishlatish boʻyicha yoʻriqnomalarga muvofiq amalga oshirilishi shart.
v) YuK ORTISh MAShINALARI
270. Kemalar, vagonlar va avtotransportlarni belgilangan muddatlarda yuklash va tushirish uchun moʻljallangan yuk ortish mashinalaridan foydalanish davrida transport vositalari, yuklar va taralarning saqlanishi va xavfsiz ish sharoitlari taʼminlangan boʻlishi shart.
271. Boshqarish huquqini beruvchi maxsus guvohnomalarga ega boʻlmagan shaxslarning yuk ortish mashinalarini boshqarishi taqiqlanadi.
272. Qirgʻoqdagi barcha yuk koʻtarish kranlari “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi qoidalari, suzuvchanlari esa — qoʻshimcha Registr qoidalari talablariga javob berishi shart.
273. Yuk ortish mashinalarini ishlatish, ularning texnik holatini nazorat qilish Port yuklash mashinalarini texnik ishlatish va taʼmirlash qoidalariga muvofiq amalga oshirilishi shart.
274. Yuk ortish mashinalari pontonlarining texnik holati va ularni ishlatish tartibi ushbu Qoidalarning “Flot” bobida keltirilgan talablarga javob berishi shart.
Suzuvchan kranlarning texnik holati va ularni ishlatish tartibi Port yuklash mashinalarini texnik ishlatish va taʼmirlash qoidalariga muvofiq belgilanadi.
5-§. QUTQARUV VA YoNGʻINGA QARShI VOSITALAR
275. Barcha qutqaruv vositalari soz holatda boʻlishi, tabel boʻyicha boʻyalgan va belgilangan meʼyorlarga muvofiq qirgʻoq va suzuvchan inshootlarga joylashtirilgan boʻlishi shart.
276. Yongʻinga qarshi vositalar va jihozlar, hamda yongʻinga qarshi signalizatsiya soz holatda, yongʻin xavfsizligi meʼyorlarida koʻzda tutilgan miqdorda, yongʻindan muhofaza qilish talablariga asosan joylashtirilgan boʻlishi, ularning sozligi vaqti-vaqti bilan tekshirib turilishi shart.
6-§. PORT-PRISTANLAR PERSONALINING MAJBURIYATLARI VA JAVOBGARLIGI
277. Port-pristanlarning binolari, inshootlari, yuk ortish mashinalari, koʻprikchalari va reyd yordamchi-xizmat va mahalliy transport flotini ishlatish, ularni soz holatda saqlash va port-pristanlarning hududi va akvatoriyalarida tartibni saqlash uchun javobgar port-pristan boshligʻi va bosh muxandis hisoblanadi.
Port-pristan xoʻjaligining ayrim obyektlarining ishlatilishi va soz holatda saqlanishi uchun, ular uchun tasdiqlangan lavozim yoʻriqnomalarga asosan ushbu obyektlarning rahbarlari javobgar hisoblanadilar.
Harakat xavfsizligi, kemalarni reydda toʻxtab turishi va ularga ishlov berish uchun javobgar port-pristan boshligʻi, bosh nozim va reyd kapitani hisoblanadi.
278. Port-pristanning boshligʻi va bosh muxandisi port-pristanlar, ularga kirish yoʻllaridagi akvatoriya chuqurligi holatidan muntazam xabardor boʻlishi, suv tubini chuqurlashtirish, tral va suv tubini tozalash ishlari oʻtkazilishini belgilashi va ularni bajarish uchun texnika uchastkasiga oʻz vaqtida buyurtmalar berishi shart.
Port-pristanning boshligʻi va bosh muxandisi bu bilan bir qatorda hududda, suv kesimigacha unga tutash qirgʻoqni tozalash ishlarining bajarilishini taʼminlashi shart.
279. Port-pristanning akvatoriyasidagi belgilangan chuqurlikni va kema yuradigan yoʻlning enini saqlab turish, hamda barcha suv tubini tozalash, tral ishlari, qirgʻoq va suzuvchan kemachilik jihozlarining oʻrnatilishi va saqlanishi uchun shu port-pristan chegarasida joylashgan suv yoʻllari texnika uchastkasi boshligʻi javobgar hisoblanadi.
280. Tushirilayotgan materiallar bilan port-pristanning akvatoriyasini ifloslantirganligi uchun yuklash ishlarini amalga oshirayotgan port-pristanning egalari javobgar hisoblanadilar.
281. Port-pristanning himoya qurilmalari va suv inshootlari, hamda port-pristanning reyd chegaralarida oʻrnatiladigan toʻsuvchi belgilar jihozlarini oʻrnatish va saqlab turish uchun port-pristanning boshligʻi va reyd kapitani suv yoʻllari texnika uchastkasi boshligʻi bilan birgalikda javobgar hisoblanadi.
VII-BOB. SIMLI ALOQA VOSITALARI, RADIO ALOQA VA ELEKTRORADIONAVIGATSIYA
1-§. UMUMIY QOIDALAR
282. Simli va radio aloqa vositalari port-pristanlar, zavodlar, suv yoʻllari texnika uchastkasi va daryo flotining boshqa tashkilot va muassasalari floti ishlarini tezkor boshqarilishini taʼminlash uchun moʻljallanadi.
283. Kemaning radio aloqa va elektronavigatsiya vositalari turli ishlatish sharoitida kemalarning xavfsiz suzishini taʼminlashi shart.
284. Radio aloqa va elektronavigatsiya vositalariga xizmat koʻsatish, texnik qarov, taʼmirlash qishki toʻxtab turishga tayyorlash va qabul qilish ushbu Qoidalar, daryo kemalarida radio aloqa va elektronavigatsiya vositalarini texnik ishlatish va xavfsiz xizmat koʻrsatish yoʻriqnomalari, daryo floti kemalarining elektr jihozlarini ishlatish va taʼmirlash davrida texnika xavfsizligi talablari, ichki suzish kemalarini radio aloqa va elektronavigatsiya qurilmalari bilan jihozlash boʻyicha qoidalar, daryo va koʻl kemalari uchun sanitariya qoidalari, quruvchi-zavodning apparaturalarni ishlatish boʻyicha yoʻriqnomalariga muvofiq amalga oshirilishi shart.
285. Murakkab sharoitlarda suzish davrida quyidagilar taʼminlangan boʻlishi shart:
radiolokatsiya stansiyasi va boshqarish xabar qilish qurilmalariningg ishga shay boʻlishi;
radio vaxtani doimiy olib borish;
UKV radiostansiyasini navbatchi qabul qilishga ulash.
286. Quyidagilar taqiqlanadi:
seriyali apparaturalarning sxemalari va konstruksiyalariga biror-bir oʻzgshartirish kiritish;
zaxira qismlarni belgilanmagan vazifa boʻyicha ishlatish;
amalda ishlab turgan apparaturaning soz boʻlishiga qaramasdan avariya apparaturalaridan radio aloqa maqsadida foydalanish;
barcha turdagi aloqa boʻyicha oʻrnatilgan tartibda aloqa olib borishga ruxsat berilmagan shaxslarning, bunday aloqalarni olib borishi.
2-§. SIMLI ALOQA
287. Daryo floti korxonalarining havo kabelli aloqa liniyasi Oʻzbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining amaldagi qoʻllanmalari va meʼyoriy hujjatlariga muvofiq qurilishi va taʼmirlanishi shart.
288. Havo kabelli aloqa liniyasi ularni amaldagi qoidalarga muvofiq ishlatilishini taʼminlash uchun liniya elektr mexanigi va liniya ustasi xizmat koʻrsatadigan uchastkalarga boʻlinishi shart. Uchastka chegaralari aloqa va radionavigatsiya uzellari tomonidan belgilanadi.
289. Borish yoki ob-havo sharoiti boʻyicha qiyin rayonlarda joylashgan simli aloqa uchastkasi taʼmirlash uchun yetarli miqdordagi zaxira materiallardan tashqari aloqa liniyasining avariya holati uchun tegib boʻlmaydigan zaxiraga ega boʻlishlari shart.
290. Liniyada olib yuriladigan va turgʻun qurilmalari texnologik jarayon jadvali, aloqa tizimi va kanallarini elektr oʻlchash rejasi va aloqa liniyalarini aylanib chiqish jadvaliga muvofiq profilaktika ishlariga jalb etilishi shart.
291. Liniyada olib yuriladigan va turgʻun qurilmalar xavfli tashqi elektromagnit maydoni taʼsiridan, xususan havo aloqa liniyalari va radio eshittirish tarmoqlarini qurish va taʼmirlash qoidalariga muvofiq yuqori voltli liniyalar taʼsiri, momaqaldiroq urishidan himoya qilingan boʻlishi shart.
292. Liniyada olib yuriladigan va turgʻun qurilmalarni taʼmirlash ishlari aloqa inshootlariga nagruzka boʻlmagan davrda yoki hech boʻlmaganda eng kam nagruzka boʻlganda, lekin aloqa ishini buzmagan holda bajarilishi shart.
293. Aloqa uzelida kabelli liniya boʻyicha taʼmirlash ishlarini qabul qilish aloqa uzeli boshligʻi tomonidan tayinlanadigan komissiya tomonidan amalga oshiriladi.
3-§. RADIO ALOQA
295. Daryo floti korxonalarining ichki suzish kemalarining radio stansiyalari va qirgʻoq radio stansiyalari Daryo flotining radio aloqalari qoidalariga muvofiq toʻliq hujjatlar jamlanmasi bilan taʼminlangan boʻlishi shart.
296. Qirgʻoq va kemalarning radio stansiyalarini faqat Oʻzbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining “Elektromagnit moslashuv markazi” DUK tomonidan ishlatish huquqi uchun berilgan ruxsatnoma mavjud boʻlganda ishga tushirish mumkin.
297. Avariya jihozlari ishga toʻliq shay va zudlik bilan ishga tushirish holatida boʻlishi shart.
4-§. ALOQA VA ELEKTRORADIONAVIGATSIYA VOSITALARI IDORALARI PERSONALINING MAJBURIYATLARI VA JAVOBGARLIKLARI
298. Aloqa korxonalari, kema ekipaji va aloqa vositalari va elektroradionavigatsiya idoralari personalining majburiyatlari va javobgarliklari tegishli qoidalar va lavozim yoʻriqnomalari bilan belgilanadi.
299. Kemalarda elektroradionavigatsiya vositalarining soz holatda saqlanishi va toʻgʻri ishlatilishi uchun shaxsan javobgarlik kapitanning katta yordamchisiga yuklatiladi.
300. Daryo flotining korxona va tashkilotlarini barcha turdagi flot aloqasi bilan taʼminlash, hamda kema va qirgʻoq aloqa vositalarini texnik ishlatish, radionavigatsiya va shturman navigatsiyasi priborlaridagi axborotlarni uzatish daryo floti korxonalarining tegishli aloqa va radionavigatsiya uzeliga yuklatiladi.
301. Aloqa va radionavigatsiya uzellari quyidagilarni taʼminlashlari shart:
a) flot, port-pristanlar, suv yoʻllari texnika uchastkalari va daryo flotining boshqa korxonalari, tashkilotlari va muassasalarini aloqa va radionavigatsiya uzeli chegarasi doirasida uzluksiz, sifatli simli radio aloqa;
b) kema aloqa va radionavigatsiya vositalari va shturman priborlarining ishlashi va ishlatilishini texnik nazorat qilish; navigatsiya davrida oʻzining ishlab chiqarish boʻlinmalari bilan kema aloqa vositalari va radionavigatsiya priborlariga texnik xixmat koʻrsatish va taʼmirlash ishlarini oʻtkazish;
v) aloqa, radionavigatsiya va shturman priborlarini taʼmirlashni texnik boshqarish va nazorat qilish va har bir uzel faoliyat koʻrsatadigan chegarada joylashgan taʼmirlash korxonalari ularga murakkab radio jihozlarni shartnomalar boʻyicha taʼmirlash yoʻli bilan zarur texnik yordam koʻrsatish;
g) foydalanishda boʻlgan aloqa va elektroradionavigatsiya vositalarini shahodatlashtirish;
d) kemalarning radio jihozlari tarkibi Registr qoidalari talablariga muvofiq va radio jihozlari soz holatda boʻlganda “Kema radiostansiyasi guvohnomasi”ni berish, hamda yangidan qurilgan va modernizatsiya qilingan kemalarga Registr topshirigʻi bilan, bu kemalar shahodatlashtirishdan oʻtkazilgandan soʻng Guvohnomalarni berish;
e) radio stansiya va radionavigatsiya jihozlarini qurish va ishlatish uchun ruxsatnomalarni rasmiylashtirish;
j) aloqa va radionavigatsiya vositalarini qurish va montaj qilish boʻyicha ishlarni xoʻjalik yoʻli yoki toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar boʻyicha bajarish va pudrat tashkilotlar tomonidan bajarilayotgan aloqa va radionavigatsiya obyektlari qurilishi ustidan texnik nazorat olib borish.
VIII-BOB. FLOT VA PORT-PRISTANLAR IShINI TAShKIL ETISh
1-§. FLOT IShINI TAShKIL ETIShNING ASOSIY PRINSIPLARI
302. Flot va port-pristanlar ishini tashkil etishning asosiy negizi daryo flotining barcha boʻlinmalarini kelishilgan holda ishlashini taʼminlovchi flot harakatining jadvali hisoblanadi.
303. Flot harakati jadvali quyidagilarni taʼminlashi shart:
a) tashishlar rejasini mablagʻlarni kam sarf qilib va tashishlar samaradorligining yuqori koʻrsatkichlari bilan bajarish;
b) har bir port-pristan boʻyicha kemalarni ritm bilan joʻnatilishi va kelishi;
v) flotning port-pristan ishlari bilan kelishilgan harakati;
g) transport flotining barcha turlarini ketma-ketligi, harakatlanish va ishlov berish muddatlarini toʻgʻri taqsimlanishi;
d) kemalarning yoʻl uchastkalari boʻyicha xavfsiz harakatlanishi.
304. Kemalarning harakat jadvalida kemachilikning yoʻnalish, qatnov va ekspeditsiya shakllari koʻzda tutilishi shart.
Flot harakatining port-pristan ishlari bilan toʻliq muvofiqligini taʼminlaydigan kemachilik shakli asosiy boʻlishi shart.
305. Harakat jadvali harakat jadvallari toʻgʻrisidagi qoidalarga muvofiq ishlab chiqilishi va amalga kiritilishi shart. Harakat boshlangunga qadar flot harakati va ishlov berish bilan band boʻlgan barcha xodimlarga harakat jadvalidan tegishli koʻchirmalar beriladi.
306. Harakat jadvaliga uni tasdiqlagandan soʻng oʻzgartirish kiritish faqat jadvalni tasdiqlagan instansiya tomonidan, bu haqda ijrochilarni oʻzgartirilgan jadval boʻyicha ishlar boshlanishiga qadar kechi bilan 10 kun oldin xabardor qilinishi shart.
307. Flot kemalarining harakati va ularga port-pristanlarda ishlov berish ishlarini kema egasining nozimlik apparati port-pristanlarning uchastka nozimlari bilan kelishgan holda boshqaradi.
Nozimlik apparatining majburiyatlari va javobgarliklari flot ishlarini nozimlik boshqarish toʻgʻrisidagi qoidalari bilan belgilanadi.
308. Nozimlik apparatiga transport floti va port-pristanlarning ishini tezkor rejalashtirish va muvofiqlashtirish, tezkor rejalar bajarilishining hisobi, hisoboti va nazorati yuklatiladi.
309. Nozim farmoyishi daryo transportining barcha boʻlinma xodimlari uchun majburiydir. Port-pristanlarda flot harakati va unga ishlov berish bogʻliq farmoyish va koʻrsatmalar faqat nozimlik apparati tomonidan yetkazilishi shart.
Nozim Suzish qoidalarini buzgan holda farmoyish berishga haqli emas. Kemachilik xavafsizligini tartibga keltiruvchi qoidalarni buzgan holda berilgan farmoyishni bajargan kema kapitani bunday farmoyishni bergan shaxs bilan bir qatorda, olib kelishi mumkin boʻlgan oqibatlar uchun javobgar hisoblanadi.
310. Nozim barcha kema kapitanlarini gidrometeorologiya xizmati tomonidan kelib tushgan yoʻllarning holati haqidagi maʼlumotlar toʻgʻrisida, hamda yaqin atrofdagi nozimlik uchastkalarini va belgilangan punktni joʻnab ketish vaqti, har bir kema yoki tarkibning texnik-iqtisodiy xarakteristikasi va yuklanganligi toʻgʻrisida xabardor qilishi shart.
2-§. YuK KEMALARINI VA TARKIBLARNI ShAKLLANTIRISh, JOʻNATISh VA HARAKATLANIShI
311. Belgilangan yoʻnalishlar boʻyicha kemalar va kemalar tarkibini joʻnatish tartibi flot harakati jadvali bilan belgilanadi.Tarkiblarni shakllantirish korxona tomonidan tasdiqlangan namunali sxemalarga muvofiq amalga oshirilishi shart.
312. Shatakka oluvchilarni almashtirish punktlarida, tarkiblarni qayta shakllantirish uchun sarf boʻladigan vaqtni maksimal qisqartirish uchun, prichal va shatakka oluvchi vositalar bilan jihozlangan ixtisoslashtirilgan reydlar tashkil etilishi shart.
313. Belgilangan reydlarda tarkiblarni shakllantirish navbatchi nozim, reyd kapitani yoki shatakka oluvchi kema kapitani koʻrsatmasi boʻyicha amalga oshirilishi shart.
314. Tarkibni shakllantirish uchun reja tuzish davrida navbatchi nozim quiydagi zaruratlarni koʻzda tutishi shart:
a) harakat jadvali bilan belgilangan tarkibning vazn meʼyorlari va uning harakat tezligini bajarilishi;
b) kema tagida Suzish qoidalarida belgilangan yetarli suv zaxirasi boʻlishiga rioya etilishi;
v) belgilangan suzish hududi va navigatsiya davrida harakat xavfsizligini taʼminlash uchun kemalarni va tarkibni shakllantirishning belgilangan sxemalariga rioya etilishi;
g) tarkib gabaritlarining suv yoʻllari, shlyuzlar va boshqa suv usti inshootlari gabaritlariga muvofiq boʻlishi;
d) manevr ishlarining qulay bajarilishi.
315. Tarkibni shakllantirish davrida reyd kapitani yoki reyd shataklovchisining kapitani oqilona shaklni taʼminlashi belgilangan meʼyorlarga muvofiq avval harakatlanish uchun suv kam qarshilik koʻrsatadigan va boshqarilishi yaxshi barja tanlanadi.
316. Kemalar va tarkibni qatnovga joʻnatilishi kemalar va tarkibni tezkor sutkalik va dekadalik joʻnatish rejalariga muvofiq belgilanadi.
317. Kemalarni qatnovga joʻnatishga faqat navbatchi harakat nozimining ruxsati bilan yoʻl qoʻyiladi.
Ruxsat quyidagicha beriladi:
a) belgilangan shakldagi nozimlik ruxsatnomasi;
b) radio telefon bilan qabul qilingan va kemaning vaxta jurnalida qayd etilgan farmoyish.
Kemani qatnovga joʻnatish uchun farmoyish berishda nozim quyidagilarni hisobga olishi shart:
a) kemani joʻnatishga shayligi;
b) yoʻnalish va uchastkalar boʻyicha kemalarni taqsimlanishini jadvalda belgilanganligi;
v) ob-havo maʼlumoti, suv sathi, muz oqishi va yoʻl holati.
318. Quyidagi holatlarda kemalarni qatnovga joʻnatish taqiqlanadi:
a) tarkib va yuklarning xavfsizligiga tahdid soluvchi nosoz kemalar;
b) tegishli signalizatsiya va aloqa vositalari, suv chiqarib tashlaydigan va yongʻinga qarshi vositalari yoʻq kemalar;
v) gabaritlari suv yoʻllari gabaritlariga mos kelmaydigan kemalar.
319. Kemalar va tarkiblarning harakatlanishi Suzish qoidalariga muvofiq amalga oshirilishi shart.
320. Kemalarning kapitanlari va shkiperlariga quyidagilar taqiqlanadi:
a) nozimning ruxsatisiz, suzish huquqini beruvchi hujjatlarning muddati oʻtganligi uchun Registr taqiqlaganda va kema gabaritlarining borilayotgan kema yuradigan yoʻl gabaritlariga mos kelmaganda qatnovga chiqish;
b) jadvalda va nozimlik farmoyishida koʻzda tutilmagan yuklar va yoʻlovchilarni tashish boʻyicha ishlarni bajarish;
v) kemachilik inspektorining koʻrigisiz koʻl va suv omborlariga chiqish.
321. Qatnovga joʻnab ketishdan oldin transport kemalari kapitanlari kemalarning sozligi, tarkibni toʻgʻri va ishonchli bogʻlanganligi, takelaj mavjudligi, aloqa va signalizatsiya vositalarining toʻxtovsiz ishlashi, rul yoʻnalishi va tashish hujjatlari mavjudligini tekshirishi shart.
322. Kapitan va mexaniklar kemalarni oʻz vaqtida qatnovga joʻnatilishini taʼminlashlari, dispetcher farmoyishlarida belgilangan kemalar va tarkiblarning harakat jadvaliga rioya etishlari shart.
323. Ekipajsiz barjalar shatakka oluvchilarga biriktirganda barjalarning texnik holati va saqlanishi, kemachilik jihozlari, tashilayotgan yuklar va kemada boʻlgan inventarning saqlanishi uchun komandasiz barjalarni texnik ishlatish qoidalariga muvofiq shatakka oluvchi kemaning kapitani javobgar hisoblanadi.
324. Kemalarni shlyuzdan oʻtkazish davrida kapitanlar va vaxta boshliqlari koʻrsatmalardan tashqari kema oʻtadigan shlyuzlardan kemalarni va tarkiblarni oʻtkazish qoidalari talablarini bajarishlari shart.
Kemalarning vaxta boshliqlari oʻzlari shaxsan shlyuz nozimi farmoyishlarini bajargan holda kema va tarkibning koʻtarilishi va tushirilishini nazorat qilishi shart.
325. Havo birdaniga sovub qolganda kemalarning kapitanlari va shkiperlari belgilangan manzil yoki qishni oʻtash joylariga talofatsiz yetib borish, hamda yuklarning saqlanishi uchun barcha choralarni koʻrishlari shart.
Maxsus mustahkamlikka ega boʻlmagan kemalarning muzlarda ishlashi taqiqlanadi, insonlarni, kemalarni qutqarish hollari va kemachilik jihozlari belgilarini yechib olish bundan mustasno.
326. Muz sharoitlarida qutqaruv ishlari muzyorar yoki mustahkam qobiqqa, samaradorligi yuqori suv chiqarib tashlash vositalariga va oshirilgan zaxiradagi qutqaruv inventariga ega boʻlgan katta quvvatli oʻziyurar kemalar tomonidan amalga oshirilishi shart.
327. Shatakka olish va bogʻlash arqonlarini kesish va yechib tashlash insonlar hayotiga shubhasiz tahdid solgan, kema va tarkibning avariyaga uchragan hollarida ruxsat etiladi.
Shatakka olish va bogʻlash arqonlarini kesish va yechib tashlash toʻgʻrisidagi farmoyishni berish huquqiga faqat kapitan yoki uning lavozimini egallagan shaxs ega hisoblanadi.
328. Kemani yoki tarkibni noilojdan toʻxtatish xavfi tugʻilganda vaxta boshligʻi kapitanni chaqirishi shart.
Agar bundan buyon harakatlanishning imkoni boʻlmasa, kapitan quyidagilarni bajarishi shart:
a) kema yoki tarkibni xavfsiz joyga qoʻyishi va uni mustahkam bogʻlashi;
b) zudlik bilan kema yoki tarkibni toʻsuvchi tegishli belgilarni oʻrnatishi;
v) bundan buyon qatnovni davom ettirish choralarini koʻrishi;
g) nozimga toʻxtab qolish sababi, kerak boʻladigan yordam va harakatni davom ettirish moʻljallangan vaqti toʻgʻrisida xabar berishi.
329. Oʻziyurmas kemalarning shkiperlari barjalarning yoʻl davomida olgan shikastlanishlari toʻgʻrisida shatakka oluvchi kemaning vaxta boshligʻini xabardor qilishi va bu shikastlanishlarni ekipaj kuchi va ularning ixtiyorida boʻlgan vositalar bilan bartaraf etish choralarini koʻrishi shart.
3-§. PORT-PRISTANLAR IShINI TAShKIL ETISh
330. Port-pristan ishini tashkil etishning negizi boʻlib, kemalarga ishlov berish va ularga xizmat koʻrsatish texnologik jarayonlarini aks ettiruvchi, flot ishi jadvali bilan uzviy bogʻlangan, portning sutkalik almashish ish rejasi hisoblanadi.
331. Port-pristanning texnologik jarayonlari quyidagi hujjatlar bilan rasmiylashtiriladi:
a) kemalarga ishlov berish jadvali;
b) kemalarni yuklash ishlari texnologik kartalari;
v) yuklash rejasi.
Texnologik kartalarda yuklash-tushirish ishlarini maksimal mexanizatsiyalashtirish va xavfsiz ish sharoitlari koʻzda tutilgan boʻlishi shart.
Daryo transportidan temir yoʻl transportiga yoki aksincha yuklash ishlari amalga oshirilayotgan port-pristanlarda alohida shartnomaga muvofiq Port va temir yoʻl stansiyasi ishini yagona texnologik jarayoni tuzilishi shart.
332. Port-pristanda reyd ishlari belgilangan texnologik jarayon va sutkalik ish rejimi asosida bajarilishi shart.
333. Tarkibni langarga, toʻxtab turgan kemalar, ponton yoki suzuvchan buylarga bogʻlab qoʻyish, nozimning koʻrsatmasi boʻyicha, tarkibni olib kelgan shataklovchi tomonidan amalga oshirilishi shart.
Kemalarni yuklash-tushirish prichallariga joylashtirish, prichalning u joyidan bu joyiga qoʻyish, barjalarni olib ketish, tarkiblarni shakllantirish reyd shataklovchilari tomonidan reyd kapitani rahbarligida amalga oshirilishi shart.
Reyd kemalariga ega boʻlmagan yuklash-tushirish punktlariga kelayotgan kemalarni prichallarga qoʻyish, bu kemalarni olib kelgan, tranzit shataklovchi tomonidan amalga oshiriladi.
334. Mijozlarning shatakka taqdim etilgan oʻziyurmas kemalari va tarkiblari oʻz vaqtida tekshirilishi va port vakili tomonidan qabul qilingan boʻlishi shart.
335. Portga ishlov berishga jalb etish uchun kelgan barcha kemalar qatnovga joʻnab ketgunga qadar port boshligʻining ixtiyorida boʻlishi shart.
336. Reydlarga qoʻyilgan kemalar suv sathining tebranishi, oqimning kuchayishi, shtorm paydo boʻlishi va boshqa kemalarning reyd boʻyicha harakatini hisobga olgan holda ishonchli bogʻlangan boʻlishi shart.
Port va oraliq punktlarda port chegarasida boʻlgan barcha vaqt davomida kemalarning xavfsiz toʻxtab turishi va yuklarning saqlanishini tashkil etish uchun javobgar port-pristan hisoblanadi.
337. Quyidagilar taqiqlanadi:
a) kema va tarkiblarni farvater chegarasida qoʻyish, kemachilik jihozlari belgilari va bogʻlash uchun moʻljallanmagan boshqa predmetlarga bogʻlash;
b) tarqatish davrida kemalarni ushbu yukni qabul qilib olishga moʻljallanmagan prichalga qoʻyish;
v) transport yoki reyd shataklovchisining kema yoki tarkibdan uni toʻliq toʻxtamasdan yoki bogʻlamasdan uzoqlashish.
338. Reyd kapitani reydda turgan barcha flot uchun javobgar hisoblanadi va barcha texnologik jarayonlarga bevosita rahbarlik qiladi.
4-§. PORT PRISTANLARDA FLOTGA KOMPLEKS XIZMAT KOʻRSATISh
339. Barcha kema egalarining ushbu port-pristanga kelgan kemalari, ularning buyurtmalari boʻyicha kompleks taʼminlanishi shart.
Kemalarga xizmat koʻrsatganligi uchun toʻlovlar kema egasi tomonidan xizmat koʻrsatilgan davrdagi tarif boʻyicha port-pristanning taqdim etgan hisobi asosida amalga oshiriladi.
Barcha turdagi xizmat uchun buyurtmalar kema kapitani tomonidan kema portga kelishidan bir kun oldin, oʻtish davomiyligi bir kundan kam boʻlganda esa kema kelishidan 2 soat oldin kechikmay port-pristan nozimiga berilishi shart.
340. Transport kemalariga kompleks xizmat koʻrsatish port-pristan tomonidan, texnik flot kemalariga xizmat koʻrsatishni tashkil etish esa suv yoʻllari texnika uchastkasi tomonidan amalga oshiriladi.
341. Port-pristanlarda kompleks xizmat koʻrsatish davrida quyidagi ishlar amalga oshiriladi:
a) port ishlatish xizmati: yuklash ishlarini bajarish, yuklash ishlari tugagandan soʻng kemalarni yuk qoldiqlaridan tozalash, suvlarni kemadan chiqarib tashlash, komandasiz barjani qabul qilish va xizmat koʻrsatish, kemalardagi pol tagidagi suvlarni va ishlatilgan moylarni, quruq axlatni va oziq-ovqat qoldiqlarini qabul qilish, yoʻl axborotnomasini berish, lotsman xizmati, ekipajni isteʼmol suvi, oziq-ovqat, meditsina xizmati vositalari bilan taʼminlash;
b) rejadan tashqari va avariya taʼmirlash boʻyicha ishlarni yaqin oradagi korxonalar va suzuvchan texnik yordam stansiyalari kuchlari bilan tashkil etish.
342. Port-pristanda kemalarga kompleks xizmat koʻrsatishni tashkil etish flot harakati nozimiga (port-pristan nozimi) yuklatiladi.
Kemalarga xizmat koʻrsatish boʻyicha buyurtmalarning bajarilishi boʻyicha nazoratni port boshligʻining ekspluatatsiya boʻyicha oʻrinbosari amalga oshiradi.