1.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Taʼlim / 13.01.72.00 (Кучини йукотган) Oliy taʼlim (bakalavriat va magistratura);
2.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Taʼlim / 13.01.83.00 (Кучини йукотган) Taʼlim muassasalariga qabul qilish, oʻqishini koʻchirish, oʻqishdan chetlashtirish va qayta tiklash]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Taʼlim]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
2007/2008 OʻQUV YILIDA OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING OLIY TAʼLIM MUASSASALARIGA QABUL TOʻGʻRISIDA
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Kadrlar tayyorlash milliy dasturining talablari va maqsad-vazifalariga muvofiq hamda iqtisodiyot va ijtimoiy soha tarmoqlari, ayniqsa, yangi yuqori texnologiyalar, axborot va kompyuter tizimlari, aholiga xizmat koʻrsatish va servis, ijtimoiy taʼminot sohalarida zamon talablariga javob beradigan yuqori malakali mutaxassislarga nisbatan ortib borayotgan ehtiyojni qondirish hamda oliy toifali tibbiyot hamshiralari, shuningdek, umumtaʼlim maktablari, akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari uchun oliy maʼlumotli pedagog kadrlar tayyorlashni taʼminlash maqsadida:
1. 2007/2008 oʻquv yilida:
bakalavrlar tayyorlash boʻyicha umumiy qabul soni 51604 nafar, shu jumladan, 19945 nafar davlat grantlari va 31659 nafar toʻlov-kontrakt asosida oliy taʼlim muassasalari va taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha 1-ilovaga* muvofiq;
magistrlar tayyorlash boʻyicha umumiy qabul soni 6570 nafar, shu jumladan, 1510 nafar davlat grantlari va 5060 nafar toʻlov-kontrakt asosida oliy taʼlim muassasalari va mutaxassisliklar boʻyicha 2-ilovaga* muvofiq;
oliy taʼlim muassasalari tarkibida tashkil etilgan maxsus sirtqi boʻlimlarga oʻrta maxsus maʼlumot va tegishli taʼlim turi boʻyicha kamida uch yil amaliy ish stajiga ega boʻlgan pedagog kadrlardan, shuningdek, bolalar sporti murabbiylaridan bakalavrlar tayyorlash uchun umumiy qabul soni 5665 nafar, shu jumladan, 1265 nafar davlat grantlari va 4400 nafar toʻlov-kontrakt asosida oliy taʼlim muassasalari va taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha 3-ilovaga* muvofiq belgilansin.
2. Oliy taʼlim muassasalariga ega boʻlgan vazirlik va idoralar Davlat test markazi bilan birgalikda bir hafta muddat ichida oʻzlariga qarashli oliy taʼlim muassasalarida davlat grantlari va toʻlov-kontrakt asosidagi bakalavriat va magistratura boʻyicha oʻrinlar kvotasini taʼlim tillariga qarab taqsimlashga oid takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasiga tasdiqlash uchun kiritsin.
3. 2007/2008 oʻquv yilida Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasining yangilangan tarkibi 4-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
4. Davlat komissiyasiga, test sinovlari natijalaridan kelib chiqib, belgilangan umumiy qabul kvotalari doirasida oliy taʼlim muassasalari bakalavriati va magistraturasi qabul koʻrsatkichlariga zarur oʻzgartirishlar kiritishga ruxsat berilsin.
5. Vazirlar Mahkamasi (R.S. Qosimov) uch oy muddatda respublikaning oliy oʻquv muassasalarida magistrlar tayyorlash ishlari holatini puxta oʻrganib chiqsin va Vazirlar Mahkamasining “Mutaxassislarni magistrlik boʻyicha tayyorlash samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori loyihasini belgilangan tartibda kiritsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2007/2008 oʻquv yilida davlat grantlari asosida bakalavriat, magistratura hamda maxsus sirtqi boʻlimlarga belgilangan qabul kvotalarini hisobga olgan holda budjetdan zarur mablagʻlar ajratilishini taʼminlasin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S. Qosimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2007-yil 30-may,
PQ-645-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 22-son, 226-modda)