toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 16.08.2024
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON—TURKIYA “BURSEL-TOSHKENT TEKSTIL” QO‘SHMA KORXONASI FAOLIYATINI TASHKIL ETISH TO‘G‘RISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-avgustdagi PF-111-sonli “Ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishning barqarorligini ta’minlash, sifati va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Tayyor iste’mol tovarlari, shu jumladan bolalarga mo‘ljallangan buyumlar ishlab chiqarishni kengaytirish bo‘yicha korxonalarni rag‘batlantirish, ular bilan ichki bozorni to‘ldirish va eksport salohiyatni oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “O‘zbekyengilsanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi, Toshkent viloyati hokimligi va “Bursel” firmasining (Turkiya) trikotaj buyumlar ishlab chiqaradigan “Bursel-Toshkent tekstil” qo‘shma korxonasi tashkil etish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar:
“Bursel-Toshkent tekstil” qo‘shma korxonasi qurilishi tugallangandan va quvvatlar ishga tushirilgandan keyin trikotaj buyumlar ishlab chiqarish yiliga 56,9 mln. ta trikotaj buyumni tashkil etishi, undan 16 mln. tasi bolalarga mo‘ljallangan buyumlar ekanligi;
ishlab chiqariladigan trikotaj buyumlar umumiy hajmining 80 foizi eksportga yetkazib berilishi;
loyihaning umumiy qiymati 39,95 mln. AQSH dollarini tashkil etishi, uni moliyalashtirish to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining kafolati berilmaydigan kreditlar hisobiga, 1-ilovaga* muvofiq sxema bo‘yicha amalga oshirilishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
* 1-ilova rus tilidagi berilgan.
3. “Bursel-Toshkent tekstil” qo‘shma korxonasini tashkil etish loyihasining texnik-iqtisodiy asoslari mazkur qarorga 2-ilovada* ko‘rsatilgan parametrlarga muvofiq ma’qullansin.
* 2-ilova rus tilidagi berilgan.
4. “Bursel-Toshkent tekstil” qo‘shma korxonasi ko‘rsatib o‘tilgan obyektni foydalanishga topshirish davrida uni qurishga mo‘ljallangan olib kelinadigan texnologiya asbob-uskunalari, butlovchi buyumlar, ehtiyot qismlar, qurilish materiallari va boshqa moddiy resurslar uchun bojxona to‘lovlari to‘lashdan, istisno tariqasida, ozod etilsin.
5. Belgilansinki, mazkur qarorning 4-bandida ko‘rsatilgan imtiyozlar berilishi hisobiga bo‘shab qoladigan mablag‘lar faqat ishlab chiqarish quvvatlarini rivojlantirish, assortimentni kengaytirish, dizaynni va ishlab chiqariladigan trikotaj buyumlar, shu jumladan bolalarga mo‘ljallangan buyumlar sifatini yaxshilash uchun maqsadli foydalaniladi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi Davlat soliq qo‘mitasi bilan birgalikda bo‘shab qoladigan mablag‘lardan maqsadli va samarali foydalanilishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatsin.
Berilayotgan imtiyozlar hisobiga bo‘shab qoladigan mablag‘lar “Bursel-Toshkent tekstil” qo‘shma korxonasi tomonidan boshqa maqsadlarda foydalanilgan taqdirda, mazkur qarorda nazarda tutilmagan ehtiyojlar uchun foydalanilgan mablag‘lar miqdori belgilangan tartibda budjetga olib qo‘yiladi.
6. “Bursel-Toshkent tekstil” qo‘shma korxonasida ishlash uchun kelayotgan xorijiy mutaxassislarga mehmonxonada yashaganlik va respublika hududida transportning barcha turlarida yurganlik uchun O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun nazarda tutilgan tariflar bo‘yicha haq to‘lash huquqi berilsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi “O‘zbekyengilsanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining buyurtmanomalari bo‘yicha loyihani amalga oshirishda qatnashayotgan xorijiy mutaxassislarga ko‘p martalik vizalar belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini ta’minlasin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi “O‘zbekyengilsanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining buyurtmanomalari bo‘yicha qo‘shma korxonada ishlash uchun kelayotgan xorijiy mutaxassislarga, ularni davlat bojlari to‘lashdan ozod etgan holda, ko‘p martalik yillik vizalar berilishi va uzaytirilishini, shuningdek ular yashash joyi bo‘yicha vaqtincha ro‘yxatdan o‘tkazilishini va vaqtincha ro‘yxatdan o‘tkazish uzaytirilishini ta’minlasin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari M.Z. Usmonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 8-yanvar,
8-son