Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
Poytaxtning bosh maydoni maqomini hisobga olib, Toshkent shahridagi Mustaqillik maydonini namunali saqlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Toshkent shahar hokimligi huzurida Mustaqillik maydonini koʻkalamzorlashtirish, obodonlashtirish va saqlash departamenti tashkil etilsin.
2. Mustaqillik maydoni hududini obodonlashtirish, maydondagi koʻkalamzorlashtirish, irrigatsiya obyektlarini, sugʻorish agregatlarini va qattiq qoplamni mukammal, joriy taʼmirlash, saqlash va ulardan foydalanish departamentning asosiy vazifalari etib belgilansin.
3. Departamentning boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 9 nafar boʻlgan tuzilmasi
1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Toshkent shahar hokimligi:
yangidan tashkil etilayotgan Mustaqillik maydonini koʻkalamzorlashtirish, obodonlashtirish va saqlash departamentining foydalanish va saqlash xarajatlarini 2005-yilda moliyalashtirishni ajratilgan mablagʻlar doirasida, Obodonlashtirish bosh boshqarmasi xarajatlarini qisqartirish hisobiga amalga oshirsin;
2-ilovaga muvofiq maxsus avtotransport va kichik mexanizatsiya vositalarini xarid qilishni davlat tasarrufidan chiqarish va davlat mulkini xususiylashtirishdan olinadigan hokimlik tasarrufida qoladigan mablagʻlar hisobiga amalga oshirsin;
oʻn kun muddatda Toshkent shahridagi Mustaqillik maydonini koʻkalamzorlashtirish, obodonlashtirish va saqlash departamenti toʻgʻrisidagi Nizomni belgilangan tartibda tasdiqlasin, Departamentga xizmat koʻrsatiladigan hududni birkitsin va maʼmuriyat va garaj xoʻjaligi uchun bino ajratsin.
5. 2005-2006-yillarda Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Mustaqillik maydonini koʻkalamzorlashtirish, obodonlashtirish va saqlash departamenti
2-ilovada nazarda tutilgan chetdan keltiriladigan maxsus avtotransport va kichik mexanizatsiya vositalari uchun bojxona toʻlovlari (bojxonada rasmiylashtirish yigʻimlaridan tashqari) toʻlashdan ozod qilinsin.
6. Davlat soliq qoʻmitasi bojxona toʻlovlarini toʻlash boʻyicha imtiyoz tatbiq etiladigan chetdan keltirilgan mol-mulkdan maqsadli foydalanilishi ustidan nazoratni taʼminlasin.
Bojxona toʻlovlarini toʻlashdan ozod qilingan mol-mulkdan belgilangan maqsadda foydalanmaslik yoki ularni begonalashtirish hollari aniqlangan taqdirda aybdor shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan javobgarlikka tortilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2006-yildan boshlab budjet parametrlarini shakllantirishda Departamentning obodonlashtirish obyektlarini saqlash va ulardan foydalanishga xarajatlarni nazarda tutsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S.Azimov zimmasiga yuklansin.