1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.15.00.00 Transport / 09.15.13.00 Avariyaga qarshi kurash. Yoʻl harakati xavfsizligi. Texnik koʻrik (shuningdek, 16.04.02.00ga qarang);
2.16.00.00.00 Xavfsizlik va huquq tartibot muhofazasi / 16.04.00.00 Jamiyat xavfsizligi / 16.04.02.00 Yoʻl harakati xavfsizligi. Parvozlar xavfsizligi]
[TSZ:
1.Iqtisodiyot / Transport. Yoʻl xoʻjaligi. Harakat va parvozlar xavfsizligi]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
TRANSPORT VOSITALARI HAYDOVChILARI VA YOʻLOVChILARI XAVFSIZLIGINI TAʼMINLASh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 24-dekabrdagi 370-sonli “Yoʻl harakati qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Yoʻl harakati xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, shuningdek fuqarolar hayoti va salomatligini muhofaza qilish, yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash, yoʻl-transport hodisalarining ogʻir oqibatlarini bartaraf etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 2007-yil 1-iyuldan boshlab konstruksiyasida xavfsizlik kamarlari nazarda tutilgan transport vositalari harakatlanib borayotganda haydovchilar va yoʻlovchilar tomonidan xavfsizlik kamarlaridan majburiy foydalanish joriy etilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi:
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻn kun muddatda Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
bir oy muddatda oʻz normativ hujjatlarini mazkur qarorga muvofiqlashtirsin;
ushbu qarorning talablarini avtomototransport vositalari haydovchilari hamda aholi eʼtiboriga belgilangan tartibda yetkazilishini, ular oʻrtasida, shu jumladan ommaviy axborot vositalari orqali zarur tushuntirish ishlari olib borilishini taʼminlasin.
3. Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 11-dekabrdagi 472-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2000-y., 12-son, 75-modda) bilan tasdiqlangan Yoʻl harakati qoidalariga 2007-yil 1-iyuldan boshlab ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari N.M. Xanov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2007-yil 6-mart,
44-son
Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 6-martdagi 44-son qaroriga ILOVA
Yoʻl harakati qoidalariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
“3.3. Konstruksiyasida xavfsizlik kamarlari nazarda tutilgan transport vositasi harakatlanib borayotganda haydovchi xavfsizlik kamari taqib olishi va xavfsizlik kamarlari taqilmagan yoʻlovchilarni tashimasligi shart. Quyidagilarga xavfsizlik kamari taqmaslikka ruxsat beriladi:
Qoidalarning 25.8-bandiga muvofiq orqa oʻrindiqdagi 12 yoshgacha boʻlgan bolalar;
transport vositasini haydovchilikka oʻqiyotgan oʻquvchi boshqarayotganda boshqarishni oʻrgatayotgan shaxs;
homilador ayollar, salomatligi xavfsizlik kamari taqish imkonini bermaydigan bemor yoʻlovchilar;
orqaga harakatni amalga oshirayotgan haydovchilar;
aholi punktlarida harakatlanishda — yoʻnalish taksilari haydovchilari, taksining orqa oʻrindigʻidagi yoʻlovchilar;
aholi punktlarida — tashqi qismiga tegishli rangli grafik sxemalar chizilgan maxsus transport vositalari haydovchilari va yoʻlovchilari.
Mototsiklni boshqarayotganda haydovchi tugmalangan maxsus bosh kiyimi kiyishi va tugmalangan maxsus bosh kiyimi kiymagan yoʻlovchilarni tashimasligi kerak”.
“6.1. Yoʻlovchilar transport vositasiga faqat u toʻliq toʻxtagandan soʻng trotuar yoki yoʻl yoqasi tomonidan chiqishga va tushishga majburdirlar. Yoʻlovchilarning transport vositalaridan trotuar yoki yoʻl yoqasi tomonidan tushishi yoki ularga chiqishining iloji boʻlmagan hollarda u yoʻlning qatnov qismi tomondan amalga oshirilishi mumkin, bunda boshqa yoʻl harakati qatnashchilariga xalaqit berilmasligi va xavf tugʻdirilmasligi kerak.
Xavfsizlik kamarlari bilan jihozlangan transport vositasida yurishda yoʻlovchilar xavfsizlik kamari taqqan boʻlishlari (Qoidalarning 3.3-bandida nazarda tutilgan hollardan tashqari), mototsiklda yurganda esa tugmalangan maxsus bosh kiyimi kiyishlari shart”.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 9-10-son, 86-modda)