toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
KOMMUNAL XOʻJALIGIDA ENERGIYANI TEJAYDIGAN TEXNOLOGIYALARNI JORIY ETISH KOMPLEKS DASTURINI AMALGA OSHIRISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Energiyani tejashni taʼminlash uchun “Oʻzdavneftgazinspeksiya” va “Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasi tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda oʻz mablagʻlari hisobiga moliyalashtirilayotgan korxonalar va tashkilotlardagi maʼnaviy eskirgan,tejamsiz bugʻ qozoni agregatlarini foydali ish koeffitsiyenti 90 foizdan ortiq boʻlgan, zamonaviy talablarga javob beradigan zamonaviy tejamli bugʻ qozoni agregatlariga almashtirish ishlari olib borilayotganligi qayd etilsin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand, Sirdaryo, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahrida suv taʼminoti va issiqlik taʼminoti korxonalarining ishlab chiqarish infratuzilmasini zamonaviylashtirish va texnika bilan qayta jihozlash, aholini sifatli ichimlik suv va issiqlik energiyasi bilan taʼminlashni yaxshilash boʻyicha chet el investitsiyalari jalb etilgan loyihalar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga mamlakat mintaqalarida hamon foydali ish koeffitsiyenti past boʻlgan (70 foizgacha), issiqlik energiyasi ishlab chiqarishga tabiiy gazning solishtirma sarfi mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilari tomonidan ishlab chiqarilayotgan zamonaviy bugʻ qozoni agregatlarining koʻrsatkichlaridan 25—30 foiz ortiq boʻlgan maʼnaviy eskirgan bugʻ qozoni agregatlaridan foydalanilmoqda.
Foydalanilayotgan va rekonstruksiya qilinishi yoki almashtirilishi talab etiladigan eskirgan taqsimlovchi suv quvuri va issiqlik tarmoqlarida ishlab chiqarilgan issiqlik va ichimlik suv yoʻqolishi yuqoriligicha qolmoqda (20 foizdan ortiq).
Kommunal xizmatlar koʻrsatish sohasida energiyani tejaydigan texnologiyalarni joriy etish, ichimlik suv va ishlab chiqarilayotgan issiqlik energiyasi yoʻqolishini kamaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Oʻzdavneftgazinspeksiya” va “Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasi, “Oʻzkommunxizmat” agentligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining:
Faoliyati Respublika budjeti va mahalliy budjetlar mablagʻlari hisobiga amalga oshirilmaydigan korxonalar va tashkilotlarning maʼnaviy eskirgan va tejamsiz bugʻ qozoni agregatlarini 2005—2007-yillar davrida bosqichma-bosqich almashtirish dasturini 1-ilovaga* muvofiq;
2006—2009-yillar davrida respublika mintaqalari boʻyicha eskirgan suv quvuri va issiqlik tarmoqlarini suv taʼminoti va issiqlik taʼminoti korxonalarining oʻz mablagʻlari hisobiga rekonstruksiya qilish dasturini 2 va 3-ilovalarga* muvofiq tasdiqlash haqidagi taklifi qabul qilinsin.
* 1—3 ilovalar rus tilidagi matndaberilgan.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
bugʻ qozoni agregatlarini oʻrnatishga “Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasining tegishli ruxsatnomalariga ega boʻlgan ixtisoslashtirilgan korxonalar qoʻyiladilar;
Oldingi tahrirga qarang.
faoliyati Respublika budjeti va mahalliy budjetlar mablagʻlari hisobiga amalga oshirilmaydigan, maʼnaviy eskirgan va tejamsiz bugʻ qozoni agregatlarini almashtirmagan korxonalar va tashkilotlarga nisbatan 2019-yil 1-iyundan boshlab foydalanilgan tabiiy gaz uchun haq toʻlash boʻyicha amaldagi tariflarga 1,2 oshirilgan koeffitsiyent qoʻllaniladi, issiqlik taʼminoti va issiq suv taʼminoti boʻyicha aholiga xizmatlar koʻrsatayotgan korxonalar va tashkilotlar bundan mustasno.
(2-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 31-maydagi 452-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.06.2019-y., 09/19/452/3230-son)
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari “Oʻzkommunxizmat” agentligi, “Oʻzdavneftgazinspeksiya” va “Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasi bilan birgalikda shaharlar, tumanlar, korxonalar va tashkilotlar boʻyicha:
faoliyati Respublika budjeti va mahalliy budjetlar mablagʻlari hisobiga amalga oshirilmaydigan korxonalar va tashkilotlarning maʼnaviy eskirgan va tejamsiz bugʻ qozoni agregatlarini almashtirishni, shuningdek isitish mavsumida yoqilgʻining muqobil turlaridan foydalanish imkoniyatini nazarda tutadigan mintaqaviy Dasturlarni;
eskirgan suv quvurlari va issiqlik tarmoqlarini suv taʼminoti va issiqlik taʼminoti korxonalarining oʻz mablagʻlari hisobiga rekonstruksiya qilish mintaqaviy Dasturlarini bir oy muddatda ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar.
Mintaqaviy dasturlarni tuzishda moliyalashtirishning aniq manbalari va ularning amalga oshirilishi uchun masʼul bajaruvchilar belgilansin.
4. “Oʻzkommunxizmat” agentligi, “Oʻzdavneftgazinspeksiya”, “Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda qabul qilingan mintaqaviy Dasturlarning bajarilishi ustidan doimiy monitoring olib borsinlar.
5. “Oʻzkommunxizmat” agentligi, “Oʻzdavneftgazinspeksiya”, “Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ushbu qaror bilan tasdiqlangan dasturlarning bajarilishi toʻgʻrisida yilning har choragida Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritsinlar.
6. “Oʻzdavneftgazinspeksiya” “Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasi, “Oʻzkommunxizmat” agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi bilan birgalikda monitoring natijalarini hisobga olgan holda respublika mintaqalari boʻyicha Respublika budjeti va mahalliy budjetlardan moliyalashtiriladigan korxonalar va tashkilotlarning maʼnaviy eskirgan va tejamsiz bugʻ qozoni agregatlarini almashtirish dasturini ikki oy muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
7. Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi “Oʻzkommunxizmat” agentligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda mavjud eskirgan suv quvurlari va issiqlik tarmoqlarini rekonstruksiya qilish uchun chet el investitsiyalarini jalb etish masalasini ishlab chiqsin.
Uning natijalari toʻgʻrisida 2005-yil va 2006-yilning I yarim yilligi yakunlari boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga axborot berilsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari N.M. Xanov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2005-yil 5-noyabr,
241-son