Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
Samarqand choy qadoqlash fabrikasi xorijiy investor — “All Americas international inc.” (AQSh) korporatsiyasi tomonidan sotib olingandan keyin 2 yil mobaynida 5,0 mln AQSh dollari miqdorida investitsiya jalb etildi va 2007-yilning birinchi choragida yana 1,4 mln AQSh dollari miqdorida investitsiyalash kutilmoqda. 5,7 ming tonna yuqori sifatli, raqobatga bardoshli qadoqlangan choy ishlab chiqarildi. Korxonada 400 ish oʻrinlari qayta tiklandi. Qadoqlangan choy ishlab chiqarish yillik quvvatlarini 15 ming tonnagacha yetkazish va ish oʻrinlari sonini 800 tadan oshirish boʻyicha biznes-reja ishlab chiqildi.
Qadoqlangan choy ishlab chiqarish va sotishni koʻpaytirish, “Samarqand choy qadoqlash fabrikasi” xorijiy korxonasining mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish darajasini oshirish, shuningdek, ichki bozorda qadoqlangan choy ishlab chiqaruvchilar oʻrtasida teng raqobat muhitini taʼminlash hamda respublikaga chetdan keltirilayotgan tovarlar va xomashyo narxlarining sunʼiy ravishda pasaytirilishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Samarqand choy qadoqlash fabrikasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2005-yil 12-yanvardagi 15-son
qarorining 5-bandiga muvofiq “Samarqand choy qadoqlash fabrikasi” xorijiy korxonasiga berilgan bojxona va soliq imtiyozlarining amal qilish muddati 2009-yil 1-maygacha uzaytirilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi (Nosirov) jahon birjalarida vujudga kelgan narxlar konyunkturasidan kelib chiqib, tovarning kelib chiqish mamlakatini hisobga olgan holda import choy xomashyosi bojxona qiymatining eng kam chegarasini belgilasin, lekin u har tonna uchun 600 AQSh dollaridan kam boʻlmasligi kerak.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi har haftada Davlat bojxona qoʻmitasini, keyinchalik respublikaga chetdan keltirilayotgan tovarlar va xomashyoni bojxona rasmiylashtirishda real narxlarni aniqlashda bojxona organlari tomonidan foydalanish uchun tovarlar va xomashyoga jahon narxlari konyunkturasi toʻgʻrisidagi axborotlar bilan kelishilgan roʻyxatga muvofiq taʼminlasin,
4. Davlat soliq qoʻmitasi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi, Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda Adliya vazirligi tomonidan 2005-yil 22-martda 1459 tartib raqami bilan roʻyxatdan oʻtkazilgan Oʻzbekiston Respublikasiga yuridik shaxslar va yuridik shaxs boʻlmagan yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan choy xomashyosi keltirish tartibi toʻgʻrisidagi
Nizomning bajarilishini bir oy muddatda tanqidiy oʻrgansinlar.
Natijalari toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga axborot berilsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R. S. Azimov zimmasiga yuklansin.