toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 28.09.2020
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi telekommunikatsiyalar tarmoqlarini boshqarish tizimini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Telekommunikatsiyalar toʻgʻrisida”, “Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi qonunlariga muvofiq, telekommunikatsiyalar sohasida boshqaruv tizimi samaradorligini oshirish, favqulodda vaziyatlarda telekommunikatsiya resurslari va tarmoqlarining ishonchli faoliyatini, ulardan markazlashgan holda foydalanishni taʼminlash maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Telekommunikatsiya resurslari va tarmoqlarini boshqarish tizimi toʻgʻrisidagi nizom (bundan keyin matnda Telekommunikatsiyalar tarmoqlarini boshqarish tizimi deb yuritiladi) 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
Belgilansinki, Telekommunikatsiyalar tarmoqlarini boshqarish tizimi kundalik sharoitlar va favqulodda vaziyatlarda telekommunikatsiya vazifalarini oʻz vaqtida va samarali hal etishga moʻljallangan hamda Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qoʻmitasi telekommunikatsiyalari tarmoqlarini boshqarish tizimini, shuningdek idoraviy mansubligidan qatʼi nazar, telekommunikatsiya operatorlarini oʻz ichiga oladi (telekommunikatsiya xizmatlarining maxsus isteʼmolchilari — Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya, IIV, FVV, DXX, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi MHA tarmoqlari bundan mustasno).
(1-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 31-oktabrdagi PF-5567-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 31.10.2018-y., 06/20/5567/0802-son)
* 1-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
2. Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qoʻmitasi telekommunikatsiyalar tarmogʻining davlat tomonidan boshqarilishini, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish tizimining shakllantirilishi va samarali faoliyat yuritishini taʼminlaydigan maxsus vakolatli organ etib tayinlansin.
(2-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 30-oktabrdagi PF-4578-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 45-son, 584-modda)
Belgilab qoʻyilsinki, Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qoʻmitasi:
(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 30-oktabrdagi PF-4578-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 45-son, 584-modda)
kundalik sharoitlarda — telekommunikatsiyalar sohasida yagona texnik siyosatni olib boradi; telekommunikatsiya resurslari va tarmoqlarini rivojlantirish masalalari boʻyicha davlat boshqaruvi organlari, Telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish tizimiga kiruvchi operatorlar va provaydyerlar faoliyatining muvofiqlashtirilishini taʼminlaydi; ularning texnik holati va favqulodda vaziyatlardagi ishlarga tayyorligini nazorat qiladi;
favqulodda vaziyatlarda — idoraviy mansubligidan qatʼi nazar, Oʻzbekiston Respublikasi telekommunikatsiya resurslari va tarmoqlaridan ustuvor darajada foydalanish va ularni markazlashgan holda boshqarish huquqi beriladi (maxsus isteʼmolchilarning tarmoqlari va vositalari bundan mustasno); mamlakat xavfsizligini taʼminlash manfaatlari yoʻlida ularning barqaror ishlashini hamda ulardan samarali foydalanishni taʼminlash chora-tadbirlarini amalga oshiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi telekommunikatsiyalar tarmoqlarini markazlashtirilgan boshqarish rejimiga oʻtkazish, shuningdek favqulodda vaziyatlarda ulardan foydalanishni toʻxtatib turish yoki cheklash toʻgʻrisida Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qoʻmitasi tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qaror qabul qilinadi.
 LexUZ sharhi
2-bandga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 31-dekabrdagi PF-4910-sonli Farmoniga asosan oʻzgartirish kiritilgan. Rus tili matniga qarang.
(2-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 30-oktabrdagi PF-4578-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 45-son, 584-modda)
3. Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qoʻmitasi bevosita boʻysunadigan Telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish Respublika markazi Aloqa va axborotlashtirish agentligining telekommunikatsiya tarmoqlari va resurslarini boshqarish masalalari boʻyicha ishchi organi etib belgilansin.
 LexUZ sharhi
3-bandning birinchi xatboshisiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 31-dekabrdagi PF-4910-sonli Farmoniga asosan oʻzgartirish kiritilgan. Rus tili matniga qarang.
(3-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 30-oktabrdagi PF-4578-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 45-son, 584-modda)
Belgilab qoʻyilsinki, Telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish Respublika markazi:
Oʻzbekiston Respublikasi Telekommunikatsiyalar tarmoqlarini boshqarish tizimiga kiruvchi operatorlar tarmoqlari va resurslarining samarali faoliyat yuritishi va ulardan oqilona foydalanish, zarur hollarda mamlakat manfaatlari yoʻlida, favqulodda vaziyatlarda ulardan markazlashgan holda foydalanishni taʼminlash ishlarini muvofiqlashtirishni amalga oshiradi;
chet mamlakatlarning telekommunikatsiyalar tarmoqlarini boshqarish markazlari bilan oʻzaro hamkorlikda Oʻzbekiston telekommunikatsiyalar tarmoqlarini boshqarish milliy markazi vazifasini bajaradi.
Oʻzbekiston telekommunikatsiyalar tarmoqlarini boshqarish Respublika markazi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 2-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
4. Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi mudofaa, ichki ishlar, favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Milliy xavfsizlik xizmati bilan birgalikda 2007-yil 1-iyungacha boʻlgan muddatda telekommunikatsiyalar tarmoqlari va resurslarini markazlashgan holda boshqarish, favqulodda vaziyatlarda ularning faoliyatini cheklash yoki toʻxtatib turishni joriy etish tartibini, shuningdek mamlakat xavfsizligi manfaatlari yoʻlida foydalanish uchun Oʻzbekiston telekommunikatsiyalari tarmoqlari va resurslarini tayyorlash hamda berib qoʻyish tartibini belgilovchi normativ-huquqiy hujjatlarning ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini taʼminlasin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Favqulodda holatlarda Oʻzbekiston telekommunikatsiyalar tarmoqlari va resurslarini markazlashgan holda boshqarishning Umumiy qoidalari (roʻyxat raqami 1742, 27.11.2007-y.) i Favqulodda holatlarda telekommunikatsiyalar tarmoqlari va vositalaridan ustuvor foydalanish, ulardan foydalanishni toʻxtatib qoʻyish yoki cheklash tartibi toʻgʻrisidagi Nizom (roʻyxat raqami 1743, 27.11.2007-y.).
5. Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi:
uch oy muddatda telekommunikatsiya operatorlari bilan tuzilgan litsenziya bitimlariga kundalik sharoitlarda telekommunikatsiyalar tarmoqlarini boshqarish boʻyicha operatorlar faoliyatining muvofiqlashtirilishini taʼminlash, shuningdek favqulodda vaziyatlarda telekommunikatsiyalar tarmoqlarini markazlashgan holda boshqarish borasida mazkur qaror talablaridan kelib chiqadigan oʻzgartishlar kiritilishini taʼminlasin;
2007-yil 1-sentabrgacha boʻlgan muddatda tegishli vazirliklar va idoralar bilan birgalikda idoraviy telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish tizimlarini tashkil etish va modernizatsiya qilish dasturini keyinchalik Oʻzbekiston Respublikasi telekommunikatsiyalar tarmoqlarini boshqarish yagona tizimiga ulash uchun belgilangan tartibda ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
2008-yilning 1-martigacha telekommunikatsiya operatorlari mablagʻlarini jalb etish yoʻli bilan belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi telekommunikatsiya tarmoqlarini avtomatlashtirilgan boshqarish tizimini unga operatorlarning telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish tizimlarini ulagan holda tashkil etsin va ishga tushirsin (maxsus isteʼmolchilarning tarmoqlari bundan mustasno).
6. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi tegishli vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda normativ-huquqiy hujjatlarga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha takliflar tayyorlasin.
7. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2007-yil 20-fevral,
PQ-589-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 7-8-son, 63-modda; 2013-y., 45-son, 584-modda; 2017-y., 2-son, 25-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.06.2018-y., 06/18/5456/1316-son, 31.10.2018-y., 06/20/5567/0802-son)