toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 23.07.2008
Hujjat 01.01.1994 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
QIMMATLI QOGʻOZLAR VA FOND BIRJASI TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasining 2008-yil 22-iyuldagi OʻRQ-163-sonli “Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi Qonuni bilan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Ushbu Qonun qimmatli qogʻozlar chiqarish va ularni muomalada yuritish, qimmatli qogʻozlar bozori qatnashchilari faoliyatini boshqarib borish shartlari hamda tartibini, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyotini rivojlantirishga koʻmaklashish maqsadida fond birjalari tashkil etish va ularning faoliyat yuritish prinsiplarini belgilab beradi.
I BOB. UMUMIY QOIDALAR
1-modda. Qimmatli qogʻozlar tushunchasi
Qimmatli qogʻozlar — bu ularni chiqargan shaxs bilan ularning egasi oʻrtasidagi mulkiy huquqlarni yoki zayom munosabatlarini tasdiqlovchi, dividend yoki foizlar koʻrinishida daromad toʻlashni hamda ushbu hujjatlardan kelib chiqadigan huquqlarni boshqa shaxslarga berish imkoniyatini nazarda tutuvchi pul hujjatlaridir.
Qimmatli qogʻozlar — blankalar, sertifikatlar shaklida yoki schyotlardagi yozuv shaklida boʻlishi va hisob-kitob qilishda, shuningdek kreditlar boʻyicha garov sifatida foydalanilishi mumkin. Qimmatli qogʻozlar yuridik va jismoniy shaxslar oʻrtasida ixtiyoriylik asosida tarqatiladi.
Kiritilgan ulush shaklidan qatʼi nazar, qimmatli qogʻozlarning qiymati Oʻzbekiston Respublikasi pul birligida, ularni chiqarish shartlarida nazarda tutilgan hollarda esa — chet el valyutasida (aksiyalar boʻyicha — mulkni oʻtkazib berish yoʻli bilan ham) ifodalanadi va toʻlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
2-modda. Qimmatli qogʻozlar va fond birjasi toʻgʻrisidagi qonunlar
Qimmatli qogʻozlar chiqarish va ularni muomalada yuritish bilan, qimmatli qogʻozlar bozori qatnashchilarning faoliyati bilan bogʻliq munosabatlar ushbu Qonun hamda Oʻzbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlari bilan tartibga solib turiladi.
3-modda. Qimmatli qogʻozlarning turlari
Ushbu Qonun qimmatli qogʻozlarning quyidagi turlariga amal qiladi:
aksiyalar;
obligatsiyalar;
xazina majburiyatlari;
Keyingi tahrirga qarang.
depozit sertifikatlari;
veksellar.
Aksiyalar, obligatsiyalar va xazina majburiyatlarida aks ettiriladigan rekvizitlarni Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, depozit sertifikatlari va veksellarda aks ettiriladigan rekvizitlarni esa Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki belgilaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
Qimmatli qogʻozlar egasi yozilgan va taqdim etuvchiga tegishli boʻlishi mumkin.
Qimmatli qogʻozlar, basharti mulkiy huquqlarni ularga egalik qilish bilan bogʻliq holda roʻyobga chiqarish uchun emitent (qimmatli qogʻozni chiqaruvchi) tomonidan yoki uning topshirigʻiga binoan qimmatli qogʻozlar borasida kasb faoliyatini amalga oshirayotgan tashkilot tomonidan egasining nomini qayd etish zarur boʻlsagina, egasi yozilgan boʻladi. Egasi yozilgan qimmatli qogʻozni bir mulkdordan ikkinchisiga berish hisob-kitobdagi tegishli yozuvlarni oʻzgartirishda aks etadi.
Qimmatli qogʻozlar, basharti mulkiy huquqlarni ularga egalik qilish bilan bogʻliq holda roʻyobga chiqarish uchun qimmatli qogʻozni taqdim etishning oʻzi yetarli boʻlsa, taqdim etuvchiga tegishli hujjatlar deb hisoblanadi. Taqdim etuvchiga tegishli qimmatli qogʻozlar erkin muomalada boʻladi.
4-modda. Aksiyalar
Aksiyalar — aksiyadorlik jamiyatining ustav fondiga yuridik yoki jismoniy shaxs muayyan hissa qoʻshganidan guvohlik beruvchi, aksiya egasining mazkur jamiyat mulkidagi ishtirokini tasdiqlovchi hamda unga dividend olish va, qoida tariqasida, ushbu jamiyatni boshqarishda qatnashish huquqini beruvchi, amal qilish muddati belgilanmagan qimmatli qogʻozlardir.
Aksiyalar chiqarish toʻgʻrisidagi qaror aksiyadorlik jamiyati muassislari tomonidan yoki aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi tomonidan qabul qilinadi. Sotib olingan aksiya uni chiqargan aksiyadorlik jamiyatiga, basharti bu narsa jamiyat ustavida nazarda tutilmagan boʻlsa, sotilishi mumkin emas.
Keyingi tahrirga qarang.
5-modda. Obligatsiyalar
Obligatsiyalar ularning egasi pul mablagʻlari berganligini tasdiq etuvchi va qimmatli qogʻozlarning belgilangan qiymatini ularda koʻrsatilgan muddatda, qayd etilgan foiz toʻlangan holda, basharti obligatsiyalarni chiqarish shartlarida oʻzgacha qoidalar nazarda tutilmagan boʻlsa, qoplash majburiyatini tasdiqlovchi qimmatli qogʻozlardir.
Quyidagi turlardagi obligatsiyalar chiqariladi:
respublika ichki zayomlarining va mahalliy zayomlarning obligatsiyalari;
korxonalarning obligatsiyalari.
Keyingi tahrirga qarang.
Obligatsiyalar oddiy va yutuqli, foizli va foizsiz (maqsadli), erkin muomalada yuritiladigan yoki muomala doirasi cheklangan qilib chiqarilishi mumkin. Maqsadli obligatsiyalarning rekviziti obligatsiyalar qaysi mollar (xizmatlar) uchun chiqarilgan boʻlsa, shu mollarni (xizmatlarni) aks ettirishi shart.
Respublika ichki zayomlarining va mahalliy zayomlarning obligatsiyalari taqdim etuvchiga tegishli qilib chiqariladi. Respublika ichki zayomlarining va mahalliy zayomlarning obligatsiyalarini chiqarish toʻgʻrisidagi qaror tegishincha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va davlat hokimiyati mahalliy organlari tomonidan qabul qilinadi. Qarorda emitent, obligatsiyalarni chiqarish shartlari va ularni tarqatish tartibi belgilab qoʻyilishi lozim.
Korxonalarning obligatsiyalari mulkchilikning barcha shakllariga mansub korxonalar tomonidan chiqarilishi mumkin. Obligatsiyalar oʻz egalariga korxona boshqaruvida qatnashish huquqini bermaydi.
Korxonalar va aksiyadorlik jamiyatlarining obligatsiyalarini chiqarish toʻgʻrisidagi qaror tegishincha maʼmuriyat va ijroiya organi (boshqaruvi) tomonidan qabul qilinadi hamda bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
Korxonalarning obligatsiyalarini emitentlarning ustav fondini shakllantirish va toʻldirish uchun, shuningdek ularning xoʻjalik faoliyati bilan bogʻliq zararlarni qoplash uchun chiqarishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Aksiyadorlik jamiyatlari chiqarilgan barcha aksiyalar haqi toʻliq toʻlanganidan keyingina ustav fondi miqdorining 20 foizdan koʻp boʻlmagan summada obligatsiyalar chiqarishlari mumkin.
Mulkchilikning boshqa shakllariga mansub korxonalarda obligatsiyalar chiqarish summasining miqdorlarini Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi belgilab beradi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
6-modda. Xazina majburiyatlari
Oʻzbekiston Respublikasining xazina majburiyatlari — ularning egalari budjetga pul mablagʻlari berganliklarini tasdiqlovchi hamda bu qimmatli qogʻozlarga egalik qilishning butun muddati davomida qayd etilgan daromadni olish huquqini beruvchi, taqdim etuvchiga tegishli qimmatli qogʻozlar turidir.
Xazina majburiyatlarining quyidagi turlari chiqariladi:
uzoq muddatli — besh yil va undan koʻproq muddatga moʻljallangan xazina majburiyatlari;
oʻrtacha muddatli — bir yildan besh yilgacha muddatga moʻljallangan xazina majburiyatlari;
qisqa muddatli — bir yilgacha boʻlgan muddatga moʻljallangan xazina majburiyatlari.
Uzoq muddatli va oʻrtacha muddatli xazina majburiyatlarini chiqarish toʻgʻrisidagi qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilinadi. Qisqa muddatli xazina majburiyatlarini chiqarish toʻgʻrisidagi qaror Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan qabul qilinadi. Xazina majburiyatlarini chiqarish toʻgʻrisidagi qarorlarda daromadlarni hamda majburiyat qarzlarini toʻlash shartlari belgilab qoʻyiladi.
7-modda. Depozit sertifikatlari
Depozit sertifikatlari — bu pul mablagʻlari — omonat qoʻyilgani toʻgʻrisidagi, omonatchi yoki uning huquqiy vorisining belgilangan muddat tugaganidan keyin omonat summasini va unga tegishli foizlarini olishga boʻlgan huquqini tasdiqlovchi bank — emitent guvohnomasidir.
Depozit sertifikatlarini chiqarish va roʻyxatdan oʻtkazish qoidalarini Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki belgilaydi.
 LexUZ sharhi
Banklarning depozit sertifikatlarini chiqarish, roʻyxatga olish va muomalaga kiritish qoidalari (roʻyxat raqami 522, 09.11.1998-y.)ga qarang.
8-modda. Veksellar
Veksellar ularda koʻrsatilgan muddat kelganda veksel beruvchi muayyan pul summasini veksel egasiga (veksel oluvchiga) soʻzsiz toʻlashi lozim boʻlgan majburiyatdan guvohlik beruvchi qimmatli qogʻozdir.
Veksellar xazina va tijorat veksellariga, oddiy va yuboriladigan veksellarga boʻlinadi.
Veksellarni chiqarish hamda ularni roʻyxatdan oʻtkazish qoidalarini Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda belgilaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
II BOB. QIMMATLI QOGʻOZLARNI DAVLAT ROʻYXATIGA OLISh, MUOMALAGA ChIQARISh
9-modda. Qimmatli qogʻozlar muomalasi
Qimmatli qogʻozlar muomalasi deganda ularni sotib olish va sotish, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida nazarda tutilgan, qimmatli qogʻozlar egasi almashinuviga olib keladigan boshqa harakatlar tushuniladi.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida qimmatli qogʻozlarni (depozit sertifikatlari va veksellardan tashqari) muomalaga chiqarish hamda ularni roʻyxatdan oʻtkazish qoidalarini Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tasdiqlaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan hamda belgilangan tartibda roʻyxat raqamini olgan qimmatli qogʻozlarnigina Oʻzbekiston Respublikasi hududida chiqarilishiga va muomalada boʻlishiga yoʻl qoʻyiladi. Davlat roʻyxatidan oʻtkazilmagan qimmatli qogʻozlarni chiqarish gʻayriqonuniy hisoblanadi va bu hol egasidan ularning hamda mazkur qimmatli qogʻozlarni sotishdan tushgan pulning olib qoʻyilishiga va boy berilgan naf qoplanishini hisobga olgan holda investorlarga qaytarib berilishiga sabab boʻladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Biron-bir emitent chiqargan aksiyalar 35 yoki undan ortiq foizining, yoxud 50 foizdan ortiq aksiyadorlar ovozini taʼminlovchi aksiyalarning bir shaxs tomonidan, yoki bir-birining mol-mulkini nazorat qiluvchi shaxslar guruhi tomonidan sotib olinishi Oʻzbekiston Respublikasining monopoliyaga qarshi siyosatni amalga oshiruvchi vakolatli organining oldindan roziligini olishni talab etadi. Mazkur talabning buzilishi bitimning haqiqiy emas deb eʼtirof etilishi uchun asos hisoblanadi. Oʻzbekiston Respublikasining monopoliyaga qarshi siyosatni amalga oshiruvchi vakolatli organi subyektlarning bir-birlari mol-mulkini nazorat qiluvchilar deb eʼtirof etilishi tartibi va qoidalarini belgilab qoʻyadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Qimmatli qogʻozlarning egalari saqlab turish maqsadida ularni pul oʻtkazish yoʻli bilan hisobga olish va sotish uchun kompyuterli telekommunikatsion tizimi bor ixtisoslashgan muassasalarga (depozitariylarga) ishonib qoʻyishlari mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi respublika sarhadlaridan tashqaridagi emitentlar chiqargan qimmatli qogʻozlarni Oʻzbekiston Respublikasi hududida muomalaga kirishning umumiy qoidalari, har yilgi meʼyorlari va tartibini belgilab qoʻyadi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Oʻzbekiston Respublikasining davlatlararo shartnomalar boʻyicha majburiyatlarini hisobga olgan holda Oʻzbekiston Respublikasining huquqiy tasarrufidagi emitentlar tomonidan chiqarilgan yoki chiqarilishi moʻljallangan qimmatli qogʻozlarni Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida muomalaga chiqarishning har yilgi meʼyorlari va ruxsat tartibini belgilab qoʻyishga haqlidir.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi respublikada roʻyxatga olingan qimmatli qogʻozlar Yagona davlat reyestrini yuritadi hamda ularning roʻyxatini muntazam eʼlon qilib boradi.
Keyingi tahrirga qarang.
10-modda. Qimmatli qogʻozlar emissiyasi
Qimmatli qogʻozlar emissiyasi ularni dastlabki egalar (investorlar) — yuridik va jismoniy shaxslarga sotish yoʻli bilan qimmatli qogʻozlarni muomalaga chiqarishdir.
Emissiya:
aksiyadorlik jamiyati taʼsis etilib, aksiyalar uning muassislari oʻrtasida tarqatilgan taqdirda;
aksiyadorlik jamiyatining dastlabki ustav sarmoyasi (fondi) miqdori aksiyalar chiqarish yoʻli bilan koʻpaytirilgan taqdirda;
yuridik shaxslar, davlat tomonidan, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari tomonidan zayom sarmoyasi obligatsiyalar va boshqa qarz majburiyatlari chiqarish yoʻli bilan jalb etilgan taqdirda amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
11-modda. Emissiya toʻgʻrisidagi axborot
Qimmatli qogʻozlarni chiqaruvchi emitent, shuningdek u bilan kelishib turib qimmatli qogʻozlarni dastlabki egalariga sotuvchi investitsiya muassasalari har bir xaridorga mazkur qogʻozlarni xarid etish paytiga qadar sotish shartlari va emissiya risolasi bilan tanishib chiqish imkoniyatini taʼminlashlari shart. Emissiya risolasi emitent toʻgʻrisidagi, sotishga havola etilayotgan qimmatli qogʻozlar haqidagi, qimmatli qogʻozlarni chiqarish taomili va tartibi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni hamda xaridorning mazkur qimmatli qogʻozlarni sotib olish yoki bunday xariddan voz kechishga qaror qilishiga taʼsir etishi mumkin boʻlgan boshqa xil axborotlarni aks ettiradi.
Emissiya risolasini chiqarish, uni roʻyxatga olish tartibini, shuningdek emissiya risolasida eʼlon qilinishi shart boʻlgan maʼlumotlar roʻyxatini Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi belgilaydi. Banklar uchun ularning emissiya risolalarida qamrab olinishi lozim boʻlgan maʼlumotlar roʻyxatini Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki bilan kelishib turib belgilaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
Ochiq yozilish uchun havola etilayotgan qimmatli qogʻozlarning emissiya risolasini emitent qimmatli qogʻozlarni roʻyxatga oluvchi organga taqdim etadi va u roʻyxatga olinganidan soʻng, mazkur qimmatli qogʻozlarga yozilish boshlanishidan kamida oʻn kun oldin matbuotda, shuningdek fond birjasining maxsus nashrida albatta eʼlon qilinishi kerak. Ochiq sotuvga havola etilayotgan aksiyalarni, korxonalarning obligatsiyalarini chiqarishga oid axborotlarda biron bir oʻzgarishlar yuzaga kelgan hollarda qimmatli qogʻozlarni chiqaruvchi emitent sodir boʻlgan oʻzgarishlar toʻgʻrisidagi xabarni mazkur qimmatli qogʻozlarga yozilish boshlangunga qadar eʼlon qilmogʻi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
Aksiyalar, korxonalarning obligatsiyalarini chiqarishga oid eʼlon qilingan axborotdagi maʼlumotlar notoʻgʻriligi aniqlangan taqdirda roʻyxatga oluvchi moliya organi bu qimmatli qogʻozlarni chiqaruvchi emitent mazkur axborotga tegishli oʻzgartishlar kiritmaguniga qadar ularning tarqatilishini toʻxtatib turish huquqiga ega. Emissiyani roʻyxatga olish uchun taqdim etiladigan emissiya risolasidagi maʼlumotlarning toʻgʻriligi yuzasidan javobgarlik emitentning zimmasida boʻladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Qimmatli qogʻozlarni chiqarish toʻgʻrisidagi emissiya risolalari roʻyxatga olinmagunga qadar qimmatli qogʻozlarni ommaviy axborot vositalarida reklama qilish taqiqlanadi.
12-modda. Emitent faoliyati toʻgʻrisidagi axborot
Emitent oʻzining moliya-xoʻjalik ahvoli va faoliyatining natijalari toʻgʻrisida jamoatchilikka har yili kamida bir marta axborot berishi (matnda bundan keyin yillik hisobot deb yuritiladi) shart. Yillik hisobot hisobot yilidan keyingi yilning 1-aprelidan kechikmay eʼlon qilinadi hamda egasi yozilgan aksiyadorlarga va roʻyxatga oluvchi moliya organiga yuboriladi. Yillik hisobotda emitent toʻgʻrisida quyidagi maʼlumotlar keltirilishi lozim:
Keyingi tahrirga qarang.
uning oldingi yilgi xoʻjalik faoliyati natijalari toʻgʻrisidagi axborot;
moliyaviy ahvol toʻgʻrisidagi auditor tasdiqlagan maʼlumotlar, shuningdek oldingi yilgi balanslar va auditorlar hisoboti;
qoʻshimcha chiqarilgan qimmatli qogʻozlar toʻgʻrisidagi asosiy maʼlumotlar;
mansabdor shaxslar shaxsiy tarkibidagi oʻzgartishlarga doir asoslar.
Emitent oʻz xoʻjalik faoliyatida sodir boʻlgan hamda qimmatli qogʻozlarning qiymatiga yoki ular yuzasidan olinadigan daromadlar miqdoriga taʼsir etuvchi oʻzgarishlar, xususan:
qimmatli qogʻozlarga boʻlgan huquqlar oʻzgarganligi;
mansabdor shaxslar shaxsiy tarkibida oʻzgarishlar roʻy berganligi;
emitent bankdagi schyotlar xatlanganligi;
sogʻlomlashtirish (emitentning moliyaviy holatini sogʻlomlashtirishga qaratilgan tadbirlar majmuini amalga oshirish) harakatlari boshlanganligi;
emitent faoliyati qayta tashkil etilganligi, toʻxtatib qoʻyilganligi yoki tugatilganligi;
favqulodda holatlar oqibatida emitent mol-mulkining kamida 10 foizi nobud boʻlganligi;
emitent mol-mulkining 10 foizidan ortiq miqdorda emitentga nisbatan daʼvo qoʻzgʻatilganligi;
ustav fondi yoki emitent asosiy va muomaladagi mablagʻlari qiymatining 50 foizidan ortiq miqdorida qarz olinganligi yoki qimmatli qogʻozlar emissiya qilinganligi toʻgʻrisidagi axborotlarni ikki kun ichida roʻyxatga oluvchi moliya organiga yuborishi, shuningdek mazkur oʻzgarishlarga oid axborotlarni eʼlon qilishi shart.
Keyingi tahrirga qarang.
Basharti emitent aksiyalari fond birjasida muomalada yursa, u mazkur axborotlarni birjaga koʻrsatilgan muddatda taqdim etishi shart.
Emitent oʻzi haqida qimmatli qogʻozlar qiymatiga yoki ular yuzasidan olinadigan daromad miqdoriga taʼsir etishi mumkin boʻlgan notoʻgʻri maʼlumotlar eʼlon qilingan taqdirda besh ish kuni mobaynida bu maʼlumotlarni tuzatish choralarini koʻrishi shart.
 LexUZ sharhi
Batafsil maʼlumot uchun “Qimmatli qogʻozlar bozori ishtirokchilari tomonidan axborotlarni ochish toʻgʻrisida”gi Nizom (roʻyxat raqami 1127, 18.04.2002-y.)ga qarang.
13-modda. Emissiya turlari
Qimmatli qogʻozlarni muomalaga chiqarish (emissiya) quyidagi koʻrinishlarda amalga oshirilishi mumkin:
ommaviy eʼlon bermay, reklama kampaniyasi oʻtkazmay, emissiya risolasini eʼlon qilmay va roʻyxatdan oʻtkazmay oldindan maʼlum cheklangan miqdordagi investorlar orasida xususiy yoʻsinda tarqatish;
emissiya risolasini eʼlon qilib va roʻyxatdan oʻtkazib, cheklanmagan miqdordagi investorlar orasida ochiq savdo oʻtkazish.
Yuqorida aytib oʻtilgan hollarning har birida Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi emissiyalarning eng kam va eng koʻp miqdorlarini belgilab beradi.
Keyingi tahrirga qarang.
14-modda. Gerb yigʻimi va davlat boji
Qimmatli qogʻozlarni muomalaga chiqarishni va emissiya risolalarini roʻyxatdan oʻtkazish paytida gerb yigʻimi undirib olinadi, keyingi har bir oldi-sotdi bitimi vaqtida tomonlarning har biridan davlat boji olinadi. Yigʻim va boj miqdorlari hamda ularni toʻlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari bilan belgilab qoʻyiladi. Boshqa biron bir yigʻim va boj (birja yigʻimlari va bojlaridan tashqari) undirib olishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
15-modda. Qimmatli qogʻozlarni tarqatish
Emitentlar oʻzi chiqargan qimmatli qogʻozlarni mustaqil ravishda, komission haq evaziga banklar, investitsiya kompaniyalari, moliya brokerlari orqali sotish huquqiga ega.
Investitsiya kompaniyalari emitent bilan kelishib turib qimmatli qogʻozlarni quyidagi shartlar asosida chiqarishga kafil va tashkilotchi boʻlishlari mumkin:
keyinchalik boshqa investorlarga sotib yuborish maqsadida barcha chiqarilgan qimmatli qogʻozlarni qayd etilgan bahosida oʻz hisoblaridan sotib olishlari;
chiqarilgan qimmatli qogʻozlarning belgilangan muddat davomida chet investorlar oʻrtasida joylashtirolmay qolgan qismlarini oʻz hisoblaridan sotib olishlari.
 LexUZ sharhi
“Qimmatli qogʻozlar bozorida anderrayting faoliyati toʻgʻrisida”gi Nizom (roʻyxat raqami 860, 28.12.1999-y.)ga qarang.
Investitsiya kompaniyalari va moliya brokerlari tarqatolmay qolgan qismlarini sotib olish majburiyatini zimmalariga olmay turib qimmatli qogʻozlarni emitent nomidan chet investorlarga sotish toʻgʻrisida emitent distribyuter shartnomalari tuzishlari mumkin.
16-modda. Qimmatli qogʻozlar bozori qatnashchilari
Qimmatli qogʻozlarni chiqaruvchi emitentlar, investorlar va investitsiya muassasalari qimmatli qogʻozlar bozori qatnashchilari hisoblanadilar.
Keyingi tahrirga qarang.
Qimmatli qogʻozlar emitenti — qimmatli qogʻozlar chiqaruvchi va ular yuzasidan qimmatli qogʻozlarning egalari oldida oʻz nomidan majburiyatli boʻlgan yuridik shaxs yoki davlat organidir.
Investor — qimmatli qogʻozlarni oʻz nomidan va oʻz hisobidan sotib oluvchi jismoniy yoki yuridik shaxsdir. Ajnabiy fuqarolar va yuridik shaxslar chet el investitsiyalari toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasidagi qimmatli qogʻozlar bozorida investorlar sifatida ishtirok etishlari mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Investitsiya muassasasi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq yuzaga keltirilgan yuridik shaxs boʻlib, u qimmatli qogʻozlar bilan bogʻliq faoliyatini asosiy faoliyati tariqasida amalga oshiradi.
III. BOB. FOND BIRJASI
17-modda. Fond birjasi tushunchasi
Fond birjasi — qimmatli qogʻozlar bir maromda muomalada boʻlishining zarur shart-sharoitini taʼminlash, ularning bozor bahosini (qimmatli qogʻozlar talab va taklifi oʻrtasidagi muvozanatni aks ettiruvchi narxlarni) belgilash va ularga doir maʼlumotlarni keragicha tarqatish, qimmatli qogʻozlar bozori qatnashchilarining kasb mahoratini yuqori darajada saqlab borish faoliyatining alohida sohasi boʻlgan tashkilotdir.
Fond birjasi oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga, birja ustaviga hamda qimmatli qogʻozlar bilan bogʻliq yumushlarni amalga oshirishning ichki qoidalariga amal qiladi.
18-modda. Fond birjalarini roʻyxatga olish
Fond birjasi (mol-fond birjasining yoki valyuta birjasining fond boʻlimi) Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq roʻyxatdan oʻtkaziladi va u qimmatli qogʻozlarga doir birja faoliyati yuritish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligidan litsenziya oladi. Qimmatli qogʻozlarga doir birja faoliyati yuritish uchun litsenziya olmagan tashkilot bunday faoliyat yuritishga haqli emas.
Keyingi tahrirga qarang.
Mol-fond birjalari va valyuta birjalarida mustaqil tarkibiy boʻlinma va mustaqil boʻlmagan tarkibiy boʻlinma sifatida fond boʻlimlari tashkil etilishi mumkin. Fond boʻlimlari oʻz faoliyatlarida fond birjalariga qoʻyiladigan barcha talablarga amal qilishlari lozim.
19-modda. Fond birjasining muassislari va aʼzolari
Qimmatli qogʻozlar muomalasini amalga oshirish huquqini beruvchi ruxsatnomasi (litsenziyasi) boʻlgan yuridik va jismoniy shaxslar fond birjasi muassislari boʻlishlari mumkin.
Birjada brokerlik oʻrnini sotib olgan yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan, ajnabiy yuridik va jismoniy shaxslar fond birjasining (mol-fond birjasi yoki valyuta birjasi fond boʻlimining) aʼzolari boʻlishlari mumkin. Fond birjasi aʼzolarining miqdorini birjaning boshqaruv organlari tartibga solib turadi. Davlat hokimiyati va boshqaruv, prokuratura va sud organlari, ularning mansabdor shaxslari va mutaxassislari fond birjasi aʼzolari boʻlishga haqli emaslar.
Keyingi tahrirga qarang.
Fond birjasi aʼzolari qimmatli qogʻozlar muomalasini amalga oshirish uchun ruxsatnomalarga ega boʻlgan hamda investitsiya muassasasi maqomini olgan taqdirdagina oldi-sotdiga qoʻyiladi. Brokerlik oʻrnini sotib olgan jismoniy shaxs uni davlat hokimiyati mahalliy organlarida roʻyxatdan oʻtkazganidan va bankda hisob-kitob schyoti ochganidan keyingina oldi-sotdiga qoʻyilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
20-modda. Birja amallari qoidalari
Qimmatli qogʻozlarga doir birja amallari qoidalarini birjaning yuqori boshqaruv organi tasdiqlaydi.
Qoidalarda quyidagilar nazarda tutilmogʻi lozim:
mazkur birjada qimmatli qogʻozlar oldi-sotdisi prinsiplari;
birja oldi-sotdisi qatnashchilarining tarkibi hamda ularga qoʻyiladigan talablar majmui;
birja yigʻilishlari oʻtkaziladigan joy va vaqt toʻgʻrisidagi axborot;
qimmatli qogʻozlarni birja oldi-sotdisiga chiqarish tartibi;
birja bitimlarining tavsifi;
mijozlar brokerlarga beradigan topshiriq (buyruq) turlari;
oldi-sotdini tashkil etish;
bitimlarni roʻyxatdan oʻtkazish va rasmiylashtirish tartibi;
qimmatli qogʻozlar muomalasini amalga oshirishda foydalaniladigan shartnoma, hisobot, buyurtma va xabarnomalar hamda birjaga oid boshqa hujjatlar namunalari.
 LexUZ sharhi
Qoʻshimcha maʼlumot uchun Oʻzbekiston Respublikasi “Birjalar va birja faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 21-moddasiga qarang.
21-modda. Bitimlar tuzish tartibi
Fond birjasi birja oldi-sotdisi vaqtida bitimlar tuzish, bitimlarni tekshirib koʻrish va ular yuzasidan hisob-kitob qilish tartibini mustaqil ravishda ishlab chiqadi va tasdiqlaydi. Fond birjalari va fond boʻlimlari Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishib olingan qimmatli qogʻozlar muomalasi bitimlarini amalga oshirish nizomlari va ichki qoidalari, fond birjasi ustavi (fond boʻlimi toʻgʻrisidagi Nizom) asosida ish tutadilar. Fond birjasida amallarni uning aʼzolarigina amalga oshira oladilar.
Keyingi tahrirga qarang.
22-modda. Fond birjasining huquqlari
Fond birjasi:
investitsiya muassasalarining birja aʼzoligiga kirishida ularga qoʻyiladigan eng kam majburiy talablarni belgilash;
birja oldi-sotdilarida birja aʼzolari vakillarining malakasiga qoʻyiladigan talablarni belgilash;
birja yigʻilishlarini chaqirish va oʻtkazish;
ekspert, malaka va baholash komissiyalari, maslahat va maʼlumotnoma beruvchi shuʼbalar hamda ularning ishlashi uchun kerakli boshqa muassasalar, shuningdek qimmatli qogʻozlar muomalasini amalga oshirishdagi nizolarni hal qiladigan komissiyalar taʼsis etish;
oʻz ustaviga muvofiq birja aʼzolari toʻlaydigan kirish va joriy badallarni belgilab, undirib olish, bitimlarni roʻyxatga olganlik, texnik xizmat koʻrsatganlik uchun, doimiy va bir galgi mijozlardan birjada boʻlganlik uchun haq belgilab, undirib olish, shuningdek birja ustavini, birja yigʻilishlari qoidalarini buzganlik, roʻyxatdan oʻtkazish yigʻimini vaqtida toʻlamaganlik uchun jarima va penyalar undirib olish;
birja bukletlari, maʼlumotnomalari, toʻplamlarini chop etish;
nazorat qiluvchi organlarning qonunga xilof xatti-harakatlari ustidan sud tartibida shikoyat qilishga haqlidir.
23-modda. Fond birjasi faoliyatini pul bilan taʼminlash
Fond birjasi faoliyatining pul taʼminoti:
fond birjasi aksiyalari va paylarini sotish;
fond birjasidagi brokerlik oʻrinlarini sotish;
fond birjasi aʼzolari muntazam toʻlab boradigan aʼzolik badallari;
birja bitimlarini roʻyxatdan oʻtkazishda olinadigan yigʻimlar;
qimmatli qogʻozlar muomalasida vositachilik qilishda olinadigan komission haq;
birja ustavida nazarda tutilgan axborot xizmati va boshqa xil xizmatlar koʻrsatishdan keladigan daromadlar hisobidan amalga oshirilishi mumkin.
24-modda. Fond birjasi faoliyatini toʻxtatish
Fond birjasi faoliyati:
muassislar umumiy yigʻilishining qaroriga binoan;
sud organlarining qarorlari asosida toʻxtatiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
IV BOB. YAKUNLOVChI QOIDALAR
25-modda. Qimmatli qogʻozlar muomalasi ustidan nazoratni yoʻlga qoʻyish
Qimmatli qogʻozlarni chiqaruvchi emitentlarning majburiyatlari yuzasidan javobgarlik ularning oʻz zimmasida boʻladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi fond birjasiga birja faoliyati davomida qonunlar va birja ustavi talablariga rioya etilishini nazorat qilib borishga vakolatli boʻlgan hamda birjaning boshqaruv organlari majlislarida (yigʻilishlarida) va oldi-sotdilarda hozir boʻlish huquqiga ega boʻlgan oʻz vakilini tayinlaydi. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi qonun hujjatlarida, oʻzi bergan ruxsatnomalarda (litsenziyalarda) belgilab qoʻyilgan shartlar buzilgan taqdirda quyidagi choralarni koʻrishi:
qimmatli qogʻozlar emissiyasi va muomalasini toʻxtatib yoki cheklab qoʻyishi;
qimmatli qogʻozlar emissiyasi uchun, qimmatli qogʻozlarga doir vositachilik faoliyati yuritish uchun berilgan ruxsatnomani (litsenziyani) toʻxtatib qoʻyishi yoki bekor qilishi;
qimmatli qogʻozlarni chiqaruvchi emitentlar, investitsiya muassasalari va birjalar faoliyatini toʻxtatib qoʻyish toʻgʻrisida sud organlariga iltimosnoma kiritishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
26-modda. Davlat boshqaruv organi va oʻzga organning gʻayriqonuniy xatti-harakat va qarorlari ustidan shikoyat qilish
Davlat boshqaruv organi va oʻzga organning qimmatli qogʻozlarni chiqarish va muomalada yuritishga taalluqli gʻayriqonuniy xatti-harakat va qarorlari ustidan sud tartibida shikoyat qilinishi mumkin.
27-modda. Xalqaro shartnomalar
Basharti Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida qimmatli qogʻozlar va fond birjasi toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlaridagidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 2-sentabr,
918-XII-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 9-son, 325-modda; 1994-y., 11-12-son, 285-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-y., 12-son, 269-modda; 1996-y., 5-6-son, 69-modda; 9-son, 144-modda; 1997-y., 2-son, 56-modda; 1999-y., 9-son, 229-modda; 2003-y., 1-son, 8-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 37-son, 408-modda; 2005-y., 37-38-son, 279-modda; 51-son, 374-modda; 2007-y., 29-30-son, 297-modda)