1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.01.00.00 Tadbirkorlik toʻgʻrisidagi qonunchilik / 09.01.06.00 Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash. Ruxsat berish (shuningdek, 02.08.06.00ga qarang) / 09.01.06.02 Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash tartibi;
2.11.00.00.00 Atrof tabiiy muhit va tabiiy resurslar / 11.04.00.00 Yer osti boyliklaridan foydalanish va muhofaza qilish / 11.04.02.00 Yer osti boyliklaridan foydalanish va muhofaza qilish ustidan nazorat va boshqaruv. Foydali qazilmalarni qazib olish faoliyatini litsenziyalash]
[TSZ:
1.Tabiiy resurslar / Er osti boyliklari;
2.Fuqarolik qonunchiligi. Tadbirkorlik / Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Qimmatbaho va nodir metallar, qimmatbaho toshlar qazib olish faoliyatini litsenziyalash toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 2-oktabrdagi 782-sonli “Sanoat va radiatsiya xavfsizligi sohasidagi ayrim faoliyat turlarini litsenziyalashni va ruxsat berish tartib-taomillarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 5-moddasiga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Qimmatbaho va nodir metallar, qimmatbaho toshlar qazib olish faoliyatini litsenziyalash toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Vazirlar Mahkamasining Qimmatbaho va nodir metallar, qimmatbaho toshlar qazib olish faoliyatini litsenziyalash komissiyasi tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Vazirlar Mahkamasining Qimmatbaho va nodir metallar, qimmatbaho toshlar qazib olish faoliyatini litsenziyalash komissiyasi:
ikki hafta muddatda Komissiya toʻgʻrisidagi nizomni, shuningdek litsenziyalar berish haqida xulosalar tayyorlash boʻyicha ekspert guruhi toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqsin va ushbu nizomlarni hamda ekspert guruhi shaxsiy tarkibini tasdiqlasin;
ushbu qarorga muvofiq litsenziyalanadigan faoliyat turlarini amalga oshiruvchi yuridik shaxslar roʻyxatini bir oy muddatda belgilasin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Oʻ.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 9-mart,
112-son
Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 9-martdagi 112-son qaroriga 1-ILOVA
Qimmatbaho va nodir metallar, qimmatbaho toshlar qazib olish faoliyatini litsenziyalash toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom qimmatbaho va nodir metallar, qimmatbaho toshlar qazib olish faoliyatini litsenziyalash tartibini belgilaydi.
2. Litsenziya berish, litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish yoki tugatish, shuningdek uni bekor qilish va qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisidagi qarorlar Vazirlar Mahkamasining Qimmatbaho va nodir metallar, qimmatbaho toshlar qazib olish faoliyatini litsenziyalash komissiyasi (keyingi oʻrinlarda Komissiya deb ataladi) tomonidan qabul qilinadi.
(2-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-fevraldagi 26-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 6-son, 57-modda)
Komissiya faoliyati komissiya tomonidan tasdiqlanadigan nizomga muvofiq tashkil etiladi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yer qaʼrini geologik oʻrganish, sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi (“Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi) (keyingi oʻrinlarda ishchi organ deb yuritiladi) komissiyaning ishchi organi funksiyasini bajaradi.
Litsenziyalar berish yoki ularning amal qilish muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi materiallarni koʻrib chiqish, tayyorlash va komissiya majlisiga kiritish uchun ishchi organda Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Davlat geologiya qoʻmitasi, Ichki ishlar vazirligi, Moliya vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi, Markaziy bank huzuridagi Qimmatbaho metallar agentligi va boshqa tashkilotlar mutaxassislaridan ekspert guruhi tashkil etiladi. Ekspert guruhining shaxsiy tarkibi va guruh toʻgʻrisidagi nizom komissiya tomonidan tasdiqlanadi.
(3-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 29-maydagi 396-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.06.2018-y., 09/18/396/1287-son)
4. Faqat yuridik shaxslar litsenziya talabgori boʻlishlari mumkin.
5. Qimmatbaho va nodir metallar, qimmatbaho toshlar qazib olish faoliyatini amalga oshirish huquqiga namunaviy (oddiy) litsenziya beriladi.
Litsenziya talabgorining arizasiga koʻra litsenziya umuman faoliyat turiga yoxud uning bir qismiga beriladi.
6. Qimmatbaho va nodir metallar, qimmatbaho toshlar qazib olish faoliyatini amalga oshirishga litsenziya 5 yil muddatga beriladi.
(6-bandning ikkinchi gapi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 22-maydagi 92-sonli qaroriga muvofiq chiqarib tashlandi — OʻR QHT, 2006-y., 20-21-son, 181- modda)
II. Litsenziya talablari va shartlari
7. Quyidagilar qimmatbaho va nodir metallar, qimmatbaho toshlar qazib olish faoliyatini amalga oshirishda litsenziya talablari va shartlari hisoblanadi:
litsenziat tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining yer osti boyliklari va tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga, shuningdek texnika xavfsizligi, mehnatni muhofaza qilish qoidalariga, sanitariya normalari va talablariga majburiy tarzda rioya qilinishi;
litsenziyalanadigan faoliyatni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan moddiy-texnika bazasi, asbob-uskunalar va boshqa texnika vositalarining mavjud boʻlishi;
qimmatbaho va nodir metallar, qimmatbaho toshlar qazib olinishini belgilab beradigan zarur normativ-texnik hujjatlar mavjud boʻlishi;
foydali qazilmalarni boyitishning loyiha texnologiyalariga rioya etilishi;
qimmatbaho va nodir metallar, qimmatbaho toshlarning butligi, ularning saqlanishi va ularni transportda tashish, topshirish va realizatsiya qilishga nisbatan qoʻyiladigan talablarga rioya etilishi;
Litsenziya rasmiylashtirilgandan keyin olinadigan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki huzuridagi Qimmatbaho metallar agentligi Davlat asillik darajasini belgilash palatasining (qimmatbaho metallar va toshlar qazib olish amalga oshirilgan taqdirda) roʻyxatdan oʻtkazish guvohnomasining mavjud boʻlishi;
(7-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 12-iyundagi 156-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 25-son, 306-modda)
qimmatbaho va nodir metallar, qimmatbaho toshlar belgilangan tartibda hisobga olinishi va xatlovdan oʻtkazilishi taʼminlanishi;
qimmatbaho va nodir metallar, qimmatbaho toshlar qazib olish sohasida oliy yoki oʻrta maxsus maʼlumotga ega boʻlgan zarur miqdordagi mutaxassislarning boʻlishi;
surunkali ruhiy kasalliklar, giyohvandlik yuzasidan dispanser hisobida turadigan, shuningdek qimmatbaho va nodir metallar, qimmatbaho toshlar bilan muomala qilish sohasida qasddan jinoyat etganligi uchun muddati oʻtalmagan yoki olib tashlanmagan sudlanganligi boʻlgan shaxslarning xodimlar oʻrtasida yoʻqligi;
Davlat asillik darajasini belgilash palatasi va Qimmatbaho metallar agentligi hamda boshqa vakolatli organlar vakillarining mineral xomashyo qazib olish ustidan davlat nazoratini amalga oshirish uchun korxonaga kiritilishi taʼminlanishi.
Litsenziya bitimida ushbu bandda sanab oʻtilganlardan kelib chiqadigan aniq litsenziya talablari va shartlari nazarda tutilishi mumkin.
8. Qimmatbaho va nodir metallar, qimmatbaho toshlar qazib olishni amalga oshirishda foydalaniladigan moddiy-texnika bazaga, asbob-uskunalar va boshqa texnik vositalarga qoʻyiladigan talablar “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi, Qimmatbaho metallar agentligi, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Davlat geologiya qoʻmitasining takliflari asosida komissiya tomonidan tasdiqlanadi.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 14-noyabrdagi 915-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.11.2017-y., 09/17/915/0259-son)
III. Litsenziya olish uchun zarur boʻlgan hujjatlar
9. Litsenziya olish uchun litsenziya talabgori quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
litsenziya berish toʻgʻrisidagi ariza, unda quyidagilar koʻrsatiladi: yuridik shaxsning nomi va tashkiliy-huquqiy shakli, uning joylashgan joyi (pochta manzili), bank muassasasining nomi va bank muassasasidagi hisob raqami, yuridik shaxs amalga oshirishni moʻljallayotgan faoliyatning litsenziyalanadigan turi (uning bir qismi);
(9-bandning ikkinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 22-maydagi 92-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2006-y., 20-21-son, 181-modda)
yuridik shaxsning davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning nusxasi;
(9-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-fevraldagi 26-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 6-son, 57-modda)
surunkali ruhiy kasalliklar, giyohvandlik yuzasidan dispanser hisobida turadigan, shuningdek qimmatbaho va nodir metallar, qimmatbaho toshlar bilan muomala qilish sohasida qasddan jinoyat etganligi uchun muddati oʻtalmagan yoki olib tashlanmagan sudlanganligi boʻlgan shaxslarning xodimlar oʻrtasida yoʻqligi;
qimmatbaho va nodir metallar, qimmatbaho toshlar qazib olish bilan bevosita shugʻullanadigan xodimlarning roʻyxati, roʻyxatda ularning maʼlumoti boʻyicha mutaxassisligi, egallab turgan lavozimi, litsenziyalanadigan faoliyat turi boʻyicha ish staji koʻrsatiladi;
(9-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 17-iyuldagi 196-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — OʻR QHT, 2014-y., 31-son, 380-modda)
ishchi organ tomonidan ariza koʻrib chiqilganligi uchun litsenziya talabgori tomonidan yigʻim toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatning nusxasi;
(9-bandning sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 12-iyundagi 156-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — OʻR QHT, 2014-y., 25-son, 306-modda)
(9-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 31-dekabrdagi 377-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — OʻR QHT, 2015-y., 1-son, 9-modda)
Litsenziyalovchi organ litsenziya berish uchun boshqa vakolatli organlarda mavjud boʻlgan zarur hujjatlar va axborotlarni belgilangan tartibda oʻzaro axborot hamkorligi yoʻli bilan, shu jumladan elektron tarzda mustaqil ravishda oladi, ushbu bandda nazarda tutilgan hujjatlar va axborotlar bundan mustasno.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 31-dekabrdagi 377-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2015-y., 1-son, 9-modda)
10. Litsenziya talabgoridan mazkur Nizomda nazarda tutilmagan hujjatlarning taqdim etilishini talab qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
11. Hujjatlar litsenziya talabgori tomonidan ishchi organga bevosita yoxud olinganligi toʻgʻrisidagi bildirishnoma bilan pochta aloqasi vositasi orqali yetkazib beriladi.
Hujjatlar ekspert guruhining masʼul xodimi tomonidan roʻyxat boʻyicha qabul qilinadi, roʻyxatning nusxasi hujjatlar qabul qilib olingan sana toʻgʻrisida belgi qoʻyilgan holda ariza beruvchiga yuboriladi (topshiriladi).
12. Notoʻgʻri yoki buzilgan maʼlumotlar taqdim etilganligi uchun litsenziya talabgori qonun hujjatlariga muvofiq javob beradi.
IV. Arizani koʻrib chiqish va litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilish
13 Litsenziya talabgorining litsenziya berish toʻgʻrisidagi arizasi koʻrib chiqilganligi uchun Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan eng kam oylik ish haqining bir baravari miqdorida yigʻim undiriladi.
(13-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-noyabrdagi 313-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 44-son, 507-modda)
Litsenziatning litsenziya berish toʻgʻrisidagi arizasi koʻrib chiqilganligi uchun yigʻim summasi ishchi organ hisob raqamiga oʻtkaziladi. Litsenziya talabgori berilgan arizadan voz kechgan taqdirda toʻlangan yigʻim summasi qaytarilmaydi.
14. Qimmatbaho va nodir metallar, qimmatbaho toshlar qazib olish faoliyatini litsenziyalash ushbu Nizomga ilova qilinayotgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
Litsenziya talabgoriga litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisida qaror litsenziya talabgorining arizasi olingan kundan boshlab oʻttiz kundan ortiq boʻlmagan muddatda qabul qilinadi.
Hujjatlar qabul qilib olingan kunda koʻrib chiqish uchun ekspert guruhiga kiritiladi.
Ekspert guruhi ariza olingan kundan boshlab yigirma kundan ortiq boʻlmagan muddatda hujjatlarni koʻrib chiqadi, ular boʻyicha ekspert xulosasi tayyorlaydi va litsenziya talabgoriga litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi taklifni tegishli qaror protokoli loyihasi bilan tasdiqlash uchun komissiyaga kiritadi.
Litsenziya talabgorining litsenziya talablari va shartlariga muvofiqligini aniqlash uchun ishchi organ, shu jumladan ekspert guruhi yuqorida koʻrsatilgan muddat ichida:
faoliyatning litsenziyalanadigan turini amalga oshirish uchun litsenziya talabgorining mavjud shart-sharoitlarni joyning oʻziga borib baholash;
tegishli xulosalar tayyorlash uchun ekspertlarni shartnoma asosida jalb etish huquqiga egadir.
Komissiya ekspert guruhi taklifi olingandan keyin oʻn kundan ortiq boʻlmagan muddatda uni koʻrib chiqadi hamda qabul qilingan qaror toʻgʻrisidagi protokolni tasdiqlaydi. Komissiya tomonidan qabul qilingan qaror protokoli komissiya raisi (uning oʻrinbosari) tomonidan imzolanadi.
15. Ishchi organ tegishli qaror qabul qilingandan keyin uch kun muddatda litsenziya talabgorini qabul qilingan qaror toʻgʻrisida xabardor qiladi.
Litsenziya berishga qaror qilinganligi toʻgʻrisidagi bildirishnoma litsenziya talabgoriga bank hisob raqami rekvizitlari, davlat boji toʻlash muddati koʻrsatilgan holda yozma shaklda yuboriladi (topshiriladi).
Litsenziya bitimi ishchi organ va litsenziat oʻrtasida tuziladi va unda quyidagilar boʻlishi kerak:
bitimni imzolagan shaxslarning familiyasi, ismi, otasining ismi, lavozimi;
tomonlarning rekvizitlari;
amalga oshirilishiga litsenziya berilayotgan faoliyat turining nomi;
litsenziyaning amal qilish muddati;
litsenziatga qoʻyiladigan litsenziya talablari va shartlari;
litsenziya bitimi talablari va shartlari buzilganligi uchun tomonlarning javobgarligi;
litsenziat tomonidan litsenziya bitimi talablari va shartlari bajarilishining ishchi organ tomonidan nazorat qilinishi tartibi.
Litsenziya bitimi ikki nusxada — litsenziat va ishchi organ uchun bir nusxadan tuziladi.
16. Litsenziyalar blankalari qatʼiy hisobda turadigan hujjatlar hisoblanadi, hisobga olish seriyasiga, tartib raqamiga va himoyalanganlik darajasiga ega boʻladi. Litsenziyalar blankalari namunalari ishchi organ tomonidan ishlab chiqiladi, komissiya tomonidan tasdiqlanadi hamda ishchi organ buyurtmanomasiga koʻra “Davlat belgisi” davlat-ishlab chiqarish birlashmasi tomonidan bosmaxona usulida tayyorlanadi. Litsenziyalar blankalari hisobga olinishi, saqlanishi va maqsadli foydalanilishi uchun “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi rahbari shaxsan javob beradi.
Litsenziyalar ishchi organ tomonidan rasmiylashtiriladi va komissiya raisi tomonidan imzolanadi.
(16-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 17-dekabrdagi 301-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 51-son, 486-modda)
17. Litsenziya litsenziya talabgori tomonidan davlat boji toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etilgandan va litsenziya bitimi imzolangandan keyin uch kun muddatda beriladi.
18. Agar litsenziat litsenziya berish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganligi haqidagi bildirishnoma yuborilgan (topshirilgan) vaqtdan boshlab uch oy mobaynida ishchi organga litsenziya berilganligi uchun davlat boji toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etmasa yoxud litsenziya bitimini imzolamasa, komissiya litsenziyani bekor qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilishga haqlidir.
19. Litsenziya berish “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 17-moddasida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha rad etilishi mumkin.
Litsenziya talabgori litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror, shuningdek ishchi organ mansabdor shaxsining xatti-harakati (harakatsizligi) yuzasidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga egadir.
20. Litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda rad etish toʻgʻrisidagi bildirishnoma litsenziya talabgoriga rad etishning aniq sabablari va litsenziya talabgori koʻrsatib oʻtilgan sabablarni bartaraf etib hujjatlarni qayta koʻrib chiqishga taqdim etishi uchun yetarli boʻlgan muddat koʻrsatilgan holda yozma shaklda yuboriladi (topshiriladi). Litsenziya berishni rad etish haqidagi xabarnomada koʻrsatilgan muddat kamchiliklarni bartaraf etish uchun zarur boʻlgan vaqtga mutanosib boʻlishi kerak.
(20-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-fevraldagi 26-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 6-son, 57-modda)
21. Litsenziya talabgori tomonidan litsenziya berish rad etilishiga asos boʻlgan sabablar bartaraf etilgan taqdirda, hujjatlarni qayta koʻrib chiqish litsenziya talabgorining arizasi barcha zarur hujjatlar bilan birgalikda olingan kundan boshlab oʻn kundan ortiq boʻlmagan muddatda amalga oshiriladi.
Bunda ekspert guruhi hujjatlar qayta taqdim etilgandan keyin besh kun mobaynida ular boʻyicha ekspert xulosasi tayyorlaydi, litsenziya talabgoriga litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi taklifni tegishli qaror protokoli loyihasi bilan tasdiqlash uchun komissiyaga kiritadi.
Komissiya ekspert guruhi taklifi olingandan keyin besh kun muddatda uni koʻrib chiqadi va qabul qilingan qaror toʻgʻrisidagi protokolni tasdiqlaydi. Komissiya tomonidan qabul qilingan qaror protokoli komissiya raisi (uning oʻrinbosari) tomonidan imzolanadi.
Litsenziya talabgorlarining arizalari takroran koʻrib chiqilganligi uchun yigʻim undirilmaydi.
Litsenziya talabgorining arizasini qayta koʻrib chiqishda ilgari litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi bildirishnomada koʻrsatilmagan yangi asoslar boʻyicha litsenziya berishni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
(21-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-noyabrdagi 313-sonli qaroriga asosan beshinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2012-y., 44-son, 507-modda)
Litsenziya berish rad etilganligi toʻgʻrisidagi bildirishnomada koʻrsatilgan muddat oʻtgandan keyin berilgan ariza yangidan berilgan ariza hisoblanadi.
V. Litsenziyalarni qayta rasmiylashtirish, ularning amal qilish muddatini uzaytirish, dublikat berish
22. Litsenziat qayta tashkil etilgan, uning nomi yoki joylashgan joyi (pochta manzili) oʻzgargan taqdirda, litsenziat yoki uning huquqiy vorisi qayta roʻyxatdan oʻtkazilgandan keyin bir oy muddatda ishchi organga koʻrsatib oʻtilgan maʼlumotlarni tasdiqlovchi tegishli hujjatlar ilova qilingan holda litsenziyani qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisida ariza berishi shart.
(22-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-fevraldagi 26-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 6-son, 57-modda)
23. Litsenziat litsenziya qayta rasmiylashtirilgunga qadar unda koʻrsatilgan faoliyatni ilgari berilgan litsenziya asosida amalga oshiradi.
24. Litsenziyani qayta rasmiylashtirishda ishchi organ litsenziyalar reyestriga tegishli oʻzgartirishlar kiritadi. Litsenziyani qayta rasmiylashtirish ishchi organ tomonidan tegishli hujjatlar ilova qilingan holda litsenziyalarni qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisida ariza olingan kundan boshlab besh kun mobaynida amalga oshiriladi.
Litsenziyani qayta rasmiylashtirishda litsenziya talabgorining litsenziya berish toʻgʻrisidagi arizasi koʻrib chiqilganligi uchun toʻlanadigan summaning yarmi miqdorida yigʻim undiriladi. Yigʻim summasi ishchi organ hisob raqamiga oʻtkaziladi.
25. Litsenziyaning amal qilish muddatini uzaytirish litsenziatning arizasiga koʻra amalga oshiriladi.
Litsenziyaning amal qilish muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi ariza ishchi organga litsenziyaning amal qilish muddati oʻtgunga qadar ikki oydan kechikmay berilishi kerak.
Litsenziyaning amal qilish muddatini uzaytirish yoki uzaytirishni rad etish litsenziya berish uchun nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
26. Yoʻqolgan yoki amal qilish muddati oʻtmagan yaroqsiz holga kelgan litsenziya oʻrniga litsenziatning arizasiga koʻra uning dublikati berilishi mumkin.
Litsenziyalarning dublikatlarini berishda litsenziya talabgorining litsenziya berish toʻgʻrisidagi arizasi koʻrib chiqilganligi uchun toʻlanadigan summaning yarmi miqdorida yigʻim undiriladi. Yigʻim summasi ishchi organ hisob raqamiga oʻtkaziladi.
VI. Litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini nazorat qilish
27. Litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishi ustidan nazorat qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ishchi organ tomonidan amalga oshiriladi.
28. Litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirishda ishchi organ oʻz vakolatlari doirasida quyidagi huquqlarga ega:
litsenziat tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda rejali tekshirish;
litsenziya talablari va shartlari litsenziat tomonidan buzilganligidan dalolat beruvchi holatlar mavjud boʻlgan taqdirda litsenziat tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini qonunda belgilangan tartibda rejadan tashqari tekshirish;
litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini tekshirish chogʻida paydo boʻladigan masalalar yuzasidan litsenziatdan zarur axborotni soʻrash va olish;
tekshirishlar natijalari asosida litsenziat tomonidan litsenziya talablari va shartlarining aniq buzilishlarini koʻrsatgan holda dalolatnomalar (maʼlumotnomalar) tuzish;
litsenziatga aniqlangan buzilishlarni bartaraf etish majburiyatini yuklovchi qarorlar chiqarish, bunday buzilishlarni bartaraf etish muddatlarini belgilash;
litsenziyaning amal qilishini toʻxtatish yoki uni bekor qilish toʻgʻrisida komissiyaga koʻrib chiqish uchun takliflar kiritish.
29. Litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini tekshirishda ishchi organning tekshiruvchi xodimlari tomonidan ikki nusxada dalolatnoma tuziladi, ularning bittasi litsenziatga beriladi, ikkinchi nusxasi ishchi organda qoladi.
VII. Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish, toʻxtatish, litsenziyani bekor qilish
30. Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 22-moddasida nazarda tutilgan hollarda va tartibda ishchi organ tomonidan amalga oshiriladi.
Ishchi organning litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi qarori yuzasidan sudga shikoyat qilinishi mumkin. Litsenziyaning amal qilishi toʻxtatib turilishi asossiz ekanligi sud tomonidan eʼtirof etilgan taqdirda, ishchi organ litsenziat oldida litsenziat koʻrgan zarar miqdorida javob beradi.
31. Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatish “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 23-moddasida nazarda tutilgan hollarda va tartibda komissiya qaroriga koʻra amalga oshiriladi.
Komissiyaning litsenziyaning amal qilishini toʻxtatish toʻgʻrisidagi qarori yuzasidan sudga shikoyat qilinishi mumkin. Litsenziyaning amal qilishi toʻxtatilishi asossiz ekanligi sud tomonidan eʼtirof etilgan taqdirda, komissiya litsenziat oldida litsenziat koʻrgan zarar miqdorida javob beradi.
32. Litsenziyani bekor qilish “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 24-moddasida nazarda tutilgan hollarda va tartibda komissiya qaroriga koʻra amalga oshiriladi.
Komissiyaning litsenziyani bekor qilish toʻgʻrisidagi qarori yuzasidan sudga shikoyat qilinishi mumkin. Litsenziyaning bekor qilinishi asossiz ekanligi sud tomonidan eʼtirof etilgan taqdirda, komissiya litsenziat oldida litsenziat koʻrgan zarar miqdorida javob beradi.
VIII. Litsenziyalar reyestri
33. Ishchi organ litsenziyalar reyestrini yuritadi. Litsenziyalar reyestrida quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
yuridik shaxsning nomi, uning tashkiliy-huquqiy shakli, pochta manzili, telefon raqami;
litsenziyaning berilgan sanasi va tartib raqami;
litsenziyalanadigan faoliyat turi nomi;
litsenziyaning amal qilish muddati;
litsenziyani qayta rasmiylashtirish, uning amal qilish muddatini uzaytirish, toʻxtatib turish va tiklashning asoslari va sanasi;
litsenziyaning amal qilishini toʻxtatish asoslari va sanasi;
litsenziyani bekor qilishning asoslari va sanasi;
dublikat berish asoslari va sanasi.
34. Litsenziyalarning reyestrlarida mavjud boʻlgan maʼlumotlar litsenziyalovchi organning veb-saytida joylashtiriladi va tanishish uchun ochiq boʻladi.
(34-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-fevraldagi 26-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 6-son, 57-modda)
[OKOZ:
1.07.00.00.00 Moliya va kredit toʻgʻrisidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.18.00.00 Davlat boji / 07.18.02.00 Davlat boji miqdorlari;
2.07.00.00.00 Moliya va kredit toʻgʻrisidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.18.00.00 Davlat boji / 07.18.04.00 Davlat bojini toʻlash tartibi]
IX. Davlat bojini toʻlash tartibi
35. Litsenziya berilganligi va uning amal qilish muddati uzaytirilganligi uchun Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan eng kam oylik ish haqining oʻn baravari miqdorida davlat boji undiriladi.
36. Litsenziya berilganligi uchun davlat boji respublika budjetiga oʻtkaziladi.
Qimmatbaho va nodir metallar, qimmatbaho toshlar qazib olish faoliyatini litsenziyalash toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
Qimmatbaho va nodir metallar, qimmatbaho toshlar qazib olish faoliyatini litsenziyalash sxemasi
(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 17-dekabrdagi 301-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 51-son, 486-modda)
Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 9-martdagi 112-son qaroriga 2-ILOVA
Vazirlar Mahkamasining Qimmatbaho va nodir metallar, qimmatbaho toshlar qazib olish faoliyatini litsenziyalash komissiyasi
TARKIBI
Sultonov Oʻ.T.
—
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, Komissiya raisi
Azimov R.S.
—
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, Komissiya raisining oʻrinbosari
Yunusov A.N.
—
Vazirlar Mahkamasining yetakchi mutaxassisi, Komissiya kotibi
Komissiya aʼzolari:
Guskova T.N.
—
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirining birinchi oʻrinbosari
Axmedov N.A.
—
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi raisi
Alixonov B.B.
—
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasi raisi vazifasini bajaruvchi
Hasanov S.S.
—
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirining oʻrinbosari
Samatov P.A.
—
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining oʻrinbosari
Usmonov A.T
—
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari
Lavozimi boʻyicha
—
Davlat xavfsizlik xizmati raisining oʻrinbosari
Niyozmatov B.M.
—
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirining oʻrinbosari
Dadaqoʻziyev B.M.
—
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki huzuridagi Qimmatbaho metallar agentligi bosh direktori
Gʻulomov B.V.
—
“Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasining boshligʻi
Kucherskiy N.I.
—
Navoiy kon-metallurgiya kombinati bosh direktori
Sanaqulov K.S.
—
“Olmaliq kon metallurgiya kombinati” OAJ bosh direktori
Izoh. Komissiya aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda Komissiya tarkibiga ularning lavozimlariga yangidan tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 29-maydagi 396-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.06.2018-y., 09/18/396/1287-son)
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 10-son, 117-modda; 2006-y., 20-21-son, 181-modda; 2010-y., 51-son, 486-modda; 2012-y., 6-son, 57-modda, 44-son, 507-modda; 2014-y., 25-son, 306-modda, 31-son, 380-modda; 2015-y., 1-son, 9-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.11.2017-y., 09/17/915/0259-son; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.06.2018-y., 09/18/396/1287-son)