toggle_night_mode
Hujjat yangi tahrirda qabul qilingan
O‘zbekiston Respublikasining qonuni
BIRJALAR VA BIRJA FAOLIYATI TO‘G‘RISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur Qonun O‘zbekiston Respublikasining 2001-yil 29-avgustdagi 260-II-sonli “Birjalar va birja faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonuniga asosan yangi tahrirda qabul qilingan.
Ushbu Qonun birjalar tashkil etish va birja faoliyatini huquqiy boshqarish tartibini belgilaydi.
I BO‘LIM. UMUMIY QOIDALAR
1-modda. Birja
Birja avvaldan tayinlanadigan manzil va vaqtda belgilangan qoidalar asosida ochiq savdo-sotiq o‘tkazish orqali birja tovarlari bilan erkin ulgurji savdo qilish uchun shart-sharoitlar yaratuvchi, yuridik shaxs hisoblanadigan korxonadir.
2-modda. Birja faoliyati
Birja faoliyati — tovarlarga bo‘lgan talab va ularni taklif qilishning amalda mavjud nisbatlarini aniqlash hamda uni hisobga olgan holda narx-navoni shakllantirish asosida birja tovarlarining ulgurji bozorini vujudga keltirishga qaratilgan harakatlarning majmuidan iboratdir.
3-modda. Birja tovari
1. Mol-mulk, shu jumladan ko‘chmas mol-mulk, xizmatlar, mahsulot yetkazib berishga doir shartnomalar, intellektual mulk, qiymatli qog‘ozlar, valyuta mablag‘lari va fuqarolar o‘rtasida muomalaga chiqariladigan boshqa tovar birja tovari hisoblanadi.
2. Yer, yer osti boyliklari, suvlar, boshqa tabiiy resurslar, madaniyat va tarixga doir milliy boyliklar ro‘yxati, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan boshqa turdagi tovarlar birja tovari bo‘lishi mumkin emas.
4-modda. Birja faoliyatining qatnashchilari
Oldingi tahrirga qarang.
Mulkchilikning barcha shaklidagi korxonalar, tashkilotlar, brokerlik va dilerlik firmalari (idoralari), brokerlar, dilerlar, boshqa yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan chet el yuridik va jismoniy shaxslari birja faoliyatining ishtirokchilari hisoblanadi.
(4-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 26-dekabrdagi 549-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y., 3-son, 38-modda)
5-modda. Birja va birja faoliyati to‘g‘risidagi qonunlar
Birja tuzish va birja faoliyati bilan bog‘liq munosabatlar “O‘zbekiston Respublikasidagi korxonalar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni, ushbu Qonun, O‘zbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlari bilan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida esa Qoraqalpog‘iston Respublikasining qonunlari bilan ham tartibga solib turiladi.
Ushbu Qonun mehnat birjasiga taalluqli emas.
II BO‘LIM. BIRJA TA’SIS ETISh VA UNING FAOLIYATINI TAShKIL QILISh
6-modda. Birja ta’sis etish va uni tugatish
1. Birja yuridik shaxslar tomonidan ham, jismoniy shaxslar tomonidan ham, shu jumladan chet el yuridik va jismoniy shaxslari tomonidan ular o‘rtasidagi ixtiyoriy kelishuv asosida ta’sis etiladi. Birja ta’sis etish ta’sis shartnomasi bilan rasmiylashtirilib, unda birjaning vazifalari va faoliyat sohasi, birja muassislarining tarkibi, ustav fondining miqdori, har bir muassisning ustav fondidagi ulushi, ulush kiritish muddatlari va tartibi ko‘rsatiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Birjaning ustav fondi eng kam oylik ish haqining 500 baravaridan kam bo‘lmasligi kerak.
(6-moddaning 1-bandi ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 1994-yil 23-sentabrdagi 2022-XII-sonli Qonuni tahririda — Oliy Kengash Axborotnomasi, 1994-y., 11-12-son, 285-modda)
Ustav fondining eng kam miqdori har yili narx-navo darajasining o‘zgarishiga muvofiq ravishda qonunlarda belgilangan tartibda indeksatsiya qilinishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
Birja ustav fondini ta’sis hujjatlarida nazarda tutilgan miqdorda shakllantirishning eng ko‘p muddati, agar qonun hujjatlarida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, birja davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan e’tiboran bir yildan oshmasligi lozim.
(6-moddaning 1-bandi O‘zbekiston Respublikasining 1999-yil 20-avgustdagi 832-I-son Qonuniga asosan qism bilan to‘ldirilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999-y., 9-son, 229-modda)
2. Quyidagilar:
davlat hokimiyati va boshqaruvining oliy hamda mahalliy idoralari;
davlat banklari va davlat kredit muassasalari (bunda banklar fond va valyuta birjalarining muassislari bo‘lishi mumkin);
davlat sug‘urta va davlat investitsiya kompaniyalari hamda fondlari;
jamoat, diniy va xayriya birlashmalari (tashkilotlari) hamda fondlari;
qonunlarga ko‘ra tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi man etilgan jismoniy shaxslar birja muassislari bo‘lishi mumkin emas.
3. Birja belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tgandan keyin birja savdo-sotig‘i o‘tkazish huquqini qo‘lga kiritadi.
4. Birjani tugatish va qayta tashkil etish O‘zbekiston Respublikasining qonunlariga muvofiq amalga oshiriladi.
7-modda. Birja tashkil qilish shakllari
Oldingi tahrirga qarang.
Birjalar aksiyador jamiyatlar, mas’uliyati cheklangan jamiyatlar kabi xo‘jalik jamiyatlari ko‘rinishida va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa shakllarda tuzilishi mumkin.
(7-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 26-dekabrdagi 549-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y., 3-son, 38-modda)
8-modda. Birja turlari
1. Birjalar ixtisoslashuviga qarab:
tovar birjalari, shu jumladan universal va ixtisoslashtirilgan birjalar;
fond birjalari;
valyuta birjalari;
tovar-fond birjalari;
intellektual mulk obyektlari bilan savdo-sotiq qiluvchi birjalar;
aralash birjalar bo‘lishi mumkin.
2. Fond va valyuta birjalari, tovar-fond birjalarining fond bo‘limlari faoliyatining o‘ziga xos jihatlari maxsus qonunlar bilan tartibga solinadi.
Oldingi tahrirga qarang.
9-modda. Birjalarning uyushmalari
(9-moddaning nomi O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 26-dekabrdagi 549-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y., 3-son, 38-modda)
1. Birjalar o‘z faoliyatlarini muvofiqlashtirib borish, birja harakatini rivojlantirishga oid boshqa vazifalarni hal etish maqsadida ittifoqlar, uyushmalar va o‘zga birlashmalarga birlashishi mumkin.
2. Birja savdo-sotig‘ida raqobatga barham berish yoki uni cheklab qo‘yish maqsadida birjalarning birlashishi taqiqlanadi hamda shunga qaratilgan bitimlar va harakatlar haqiqiy emas, deb hisoblanadi.
10-modda. Birjaning faoliyat sohasi
1. Birja birjaning savdo-sotig‘ini tashkil etish va uni tartibga solib turishga doir faoliyat bilan shug‘ullanishga haqlidir.
2. Birja oldi-sotdi, savdo-vositachilik faoliyati bilan bevosita shug‘ullanishi mumkin emas.
Oldingi tahrirga qarang.
Ishlab chiqarish (mahsulotlar va mollar), savdo va savdo-vositachilik faoliyati bilan shug‘ullanishni maqsad qilib qo‘ygan, shuningdek birjada o‘zining brokerlik o‘rniga ega bo‘lgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga birja pul qo‘yishga, ularning ulushi (payi)ni, aksiyalarini sotib olishga, muassisi bo‘lishga haqli emas.
Birja savdolarini samarali o‘tkazishga ko‘maklashuvchi hamda birja infrastrukturasini (konsalting, targ‘ibot va boshqa xizmat turlari) tarkib toptiruvchi korxonalar uchun birja muassis bo‘lishi mumkin.
(10-moddaning 2-bandi ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 1993-yil 2-sentabrdagi 922-XII-son Qonuniga asosan xatboshilar bilan almashtirilgan — Oliy Kengash Axborotnomasi, 1993-y., 9-son, 329-modda)
11-modda. Birjani boshqarish
Birjani boshqarish uning ustaviga muvofiq amalga oshiriladi. Birja o‘z boshqaruvining tuzilishi, shakli va uslublarini mustaqil belgilaydi.
12-modda. Birja ustavi
Birja o‘z faoliyatini muassislari tasdiqlaydigan ustav asosida amalga oshiradi.
Birjaning ustavida:
birjaning nomi va turi;
Oldingi tahrirga qarang.
birjaning joylashgan yeri (pochta manzili)
(12-moddaning ikkinchi qismi uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 1999-yil 20-avgustdagi 832-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999-y., 9-son, 229-modda)
birja faoliyatining sohasi va maqsadi;
ustav fondining miqdori, muassislar tomonidan fondga ulushlar kiritishning tartibi va muddatlari;
daromadni taqsimlash va ehtimol tutilgan zararlarni qoplash tartibi;
birja muassislari va a’zolarining mulkiy javobgarligi;
birjaning boshqaruv idoralari, ularni tashkil etish tartibi va ularning vakolatlari;
birja savdo-sotig‘i qoidalarini ishlab chiqish va qabul qilish tartibi;
birja a’zoligiga qabul qilish, a’zolikni vaqtincha to‘xtatib turish va to‘xtatish tartibi, birja a’zolarining huquq va majburiyatlari;
birjani qayta tashkil etish va tugatish tartibi belgilab berilishi kerak.
Ustavda qonunlarga zid kelmaydigan boshqa qoidalar ham nazarda tutilishi mumkin.
13-modda. Birjaning huquqlari va vazifalari
1. Birja ushbu Qonun va o‘z ustavi asosida birja savdo-sotig‘i qoidalarini qabul qilishga va bu qoidalarning birja savdo-sotig‘ining barcha ishtirokchilari tomonidan ijro etilishini talab qilishga haqlidir.
Birja yuridik shaxs huquqiga ega bo‘lgan shu’ba korxonalar, shuningdek birja infrastrukturasini shakllantiruvchi filiallar va boshqa alohida bo‘linmalar tashkil etishga haqlidir.
2. Birja:
birja savdo-sotig‘i o‘tkazish uchun sharoit yaratib berishi;
birja operatsiyalarini tartibga solib borishi;
tovarlarga bo‘lgan talab va takliflar nisbati asosida narx-navoni aniqlashi;
birja a’zolari va mijozlariga tashkiliy yo‘sindagi hamda boshqa xil xizmatlar ko‘rsatishi;
muntazam ravishda (haftasiga kamida bir marta) narx-navo aniqlanishiga, indeksatsiyasi va o‘zgarishiga, savdo-sotiq vaqti, tovarlar, bitim hajmlari, kontraktlarning miqdorlariga va boshqa ko‘rsatkichlariga doir axborotlarni, tovarlar bozorining ahvoli va uning rivojlanishi taxminlariga doir tahliliy sharhlarni e’lon qilishi shart.
14-modda. Birja mol-mulki
Oldingi tahrirga qarang.
1. Birjaning mol-mulki asosiy fondlar va oborot mablag‘laridan, shuningdek xususiy mulk tarzida birjaga qarashli boshqa mol-mulkdan iborat bo‘ladi.
Birja mol-mulki birja qatnashchilari tomonidan ta’sis paylari va kirish badallari hisobiga uning egaligiga yoki unga ijaraga beriladi, shuningdek birja tomonidan o‘z faoliyatidan orttirgan daromadlar hisobiga mulk sifatida sotib olinadi.
(14-modda 1-bandining birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 26-dekabrdagi 549-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y., 3-son, 38-modda)
2. Birja mol-mulkidan foydalanish tartibini birja a’zolarining umumiy yig‘ilishi belgilab beradi.
3. Davlat birjaning mulkiy huquqlari muhofaza qilinishini kafolatlaydi. Qonunlarda nazarda tutilganidan bo‘lak hollarda birja mol-mulkining tortib olinishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Birjaning mulkiy huquqlarini buzish tufayli, faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish oqibatida unga yetkazilgan zararlar qonunlarda belgilangan tartibda qoplanadi.
15-modda. Birja a’zolari
Birjaning ustav kapitalida ishtirok etuvchi (muassislar) yoxud birja mol-mulkiga o‘zga badallar kirituvchi yuridik va jismoniy shaxslar birja a’zolari hisoblanadi.
Ushbu Qonunning 6-moddasi 2-bandida sanab o‘tilgan yuridik va jismoniy shaxslar, shuningdek mazkur birjaning xizmatchilari birja a’zolari bo‘lishi mumkin emas.
III BO‘LIM. BIRJA FAOLIYATI
16-modda. Birja faoliyatining asosiy qoidalari
Birja faoliyati:
o‘tkaziladigan joyi va vaqtini oldindan tartibga solish yo‘li bilan birja savdo-sotig‘i samaradorligini ta’minlash;
birja tovarlari bozorini shakllantirish;
erkin ravishda yuzaga keladigan bozor narxlarini qo‘llash;
savdo-sotiqni oshkora va omma oldida o‘tkazish;
birja bitimlarini tasdiqlangan qoidalarga asosan erkin ravishda tuzish va ularni ro‘yxatdan o‘tkazish;
tovarlarning narxini belgilash va ularga doir ma’lumotlarni e’lon qilish;
monopoliyaga qarshi kurash to‘g‘risidagi qonunlarga rioya etish qoidalari asosida amalga oshiriladi.
17-modda. Birja savdo-sotig‘i ishtirokchilari va ularning birja savdosidagi ishtiroki
Birja a’zolari, birja vositachilari, shuningdek birja mijozlari birja savdo-sotig‘ining qatnashchilari bo‘lishi mumkin.
Brokerlik joyiga ega ekanlik yoxud doimiy va bir gallik mijozlar tomonidan savdo-sotiqqa kelganlik uchun yig‘imlar to‘laganlik birja savdo-sotig‘ida bevosita ishtirok etish huquqini beradi.
Brokerlik joyiga ega bo‘lmagan birja a’zolari birja savdo-sotig‘ida brokerlik firmalari (idoralari) va ushbu birjada o‘z faoliyatini amalga oshirayotgan mustaqil brokerlar bilan tuzgan shartnomalar asosida ishtirok etadilar.
18-modda. Birja faoliyatidagi vositachilik
Birja faoliyatidagi vositachilik faqatgina birja vositachilari — brokerlar va dilerlar, brokerlik va dilerlik firmalari (idoralari) tomonidan amalga oshiriladi.
Broker — oldi-sotdi bitimlari tuzilishida o‘z mijozlarining topshirig‘iga binoan va ularning nomidan vositachilik xizmatini amalga oshiruvchi shaxsdir.
Diler — birjada o‘z nomi va o‘z hisobidan vositachilikni amalga oshiruvchi shaxsdir.
19-modda. Birja savdo-sotig‘i qoidalari
1. Birja savdo-sotig‘i qoidalari birja a’zolarining umumiy yig‘ilishi yoki umumiy yig‘ilish vakolat bergan birjaning boshqaruv idorasi tomonidan tasdiqlanadi.
2. Birja savdo-sotig‘i qoidalarida:
birjada amalga oshiriladigan birja operatsiyalarining turlari;
birja savdo-sotig‘i ishtirokchilarining tarkibi va ularga qo‘yiladigan talablarning majmui;
birja operatsiyalarini amalga oshirish va ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi;
birja tovarlari narx-navosini aniqlash tartibi;
birja bitimlari tuzish chog‘ida birja a’zolari va birja savdo-sotig‘i boshqa qatnashchilarining o‘zaro hisob-kitob qilish tartibi;
birja xizmatidan foydalanganlik uchun to‘lov miqdori va bu to‘lovlarni belgilash tartibi;
birja qatnashchilari va xodimlarining birja savdo-sotig‘i qoidalarini bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun javobgarligi to‘g‘risidagi nizom aks ettirilishi shart.
3. Birja qoidalarida:
narx-navoning o‘zgarishiga ta’sir ko‘rsatish maqsadida bir shaxs tomonidan bevosita yoki soxta shaxslar orqali tovarlarni (bitimlarni) oldi-sotdi qilish;
birja savdo-sotig‘i qatnashchilari tomonidan kelishib turib birjadagi kundalik narx-navoni o‘zgartirishi yoki belgilab berishi mumkin bo‘lgan har qanday xatti-harakatlar sodir etish;
bozor kon’yukturasini sun’iy ravishda o‘zgartirishga olib kelishi mumkin bo‘lgan soxta ma’lumotlar tarqatish man etiladi.
4. Birja faoliyati bilan shug‘ullanishni ro‘yxatdan o‘tkazuvchi va bunday faoliyat bilan shug‘ullanish uchun litsenziya beruvchi davlat boshqaruvi idoralari birja savdo-sotig‘i qoidalarining ijro etilishi respublika iqtisodiyotiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan taqdirda ushbu Qonun 16-moddasining talablariga muvofiq ana shu qoidalarga o‘zgartishlar kiritishni talab qilishga haqlidirlar.
20-modda. Birja operatsiyalari
1. Muayyan birjada taqdim etilgan tovarlar oldi-sotdisi bo‘yicha birja vositachilari o‘rtasida tuzilgan, birja savdo-sotig‘i qoidalariga muvofiq amalga oshirilgan va belgilangan tartibda birjada ro‘yxatdan o‘tkazilgan bitimlar birja operatsiyalari deb e’tirof etiladi.
2. Birjada ro‘yxatga olingan bitimlar notarial idorada tasdiqlanmaydi, amaldagi qonunlarda nazarda tutilgan hollar bundan mustasnodir.
3. Birja bitimining mazmuni (tovarning nomi, miqdori, narxi, ijro o‘rni va muddatidan bo‘lak) oshkor etilishi mumkin emas. Birja bitimining mazmuniga doir ma’lumotlar faqat tergov va sud idoralarining talabi bilan taqdim etilishi mumkin.
4. Birja bitimlari birja nomidan va uning hisobiga tuzilishi mumkin emas.
21-modda. Birja bitimlarining turlari
Birjalarda:
bor tovarlarning oldi-sotdi bitimlari, shu jumladan tovarlarni darhol berib yuborish yoki yetkazib berish yoxud tovarga egalik qilish huquqini beruvchi hujjatlar topshirishni ham ko‘zda tutuvchi oldi-sotdi bitimlari;
forvard bitimlar, ya’ni bor tovarni yetkazib berish muddatlarini kechiktirgan holda xarid qilish va sotishga doir bitimlar;
fyuchers bitimlar, ya’ni standart kontraktlarga doir oldi-sotdi bitimlari;
opsion bitimlar, ya’ni tovarlarni yoki tovarlar yetkazib berish kontraktlarini belgilangan narxlar bo‘yicha kelgusida xarid qilib olish yoki sotish huquqlarga doir oldi-sotdi bitimlari;
birja savdo-sotig‘i qoidalarida nazarda tutilgan tovarlar, kontraktlar yoki huquqlarni xarid qilish va sotishga doir boshqa bitimlar tuzilishi mumkin.
Forvard va fyuchers bitimlari hamda opsionlar savdosini amalga oshiruvchi birja o‘zining hisob-kitob (kliring) markazlari orqali bitimlar ijrosini kafolatlashi shart.
22-modda. Birjada tovar ekspertizasi
Birja savdo-sotiq qatnashchisining talabiga ko‘ra birja oldi-sotdisi orqali sotiladigan mavjud mollar sifatining ekspertizasini tashkil etishi shart.
23-modda. Hisob-kitob va hisobot
Birja o‘z faoliyati natijalarining operativ va buxgalteriya hisobini, shuningdek amaldagi qonunlarda belgilangan tartibda statistika hisobotini yuritadi.
Davlat statistika hisobotini buzib ko‘rsatishda yoki belgilangan muddatda taqdim etmaganlikda aybdor bo‘lgan birjaning mansabdor shaxslari qonunlarda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
IV BO‘LIM. BIRJA FAOLIYATINI DAVLAT TOMONIDAN TARTIBGA SOLISh
24-modda. Birja faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish
Birja faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish:
birjani va birja faoliyati ishtirokchilarini (yuridik shaxslarni) davlat ro‘yxatidan o‘tkazish;
litsenziyalar berish;
birja faoliyatini soliq solish bilan boshqarish;
birjaga doir qonunlarga rioya etilishi ustidan nazorat qilish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Davlat tasarrufida bo‘lmagan tuzilmalarning birjalar va birja qatnashchilari faoliyatini ro‘yxatdan o‘tkazish va ularga litsenziya berish ishlariga aralashuviga yo‘l qo‘yilmaydi.
25-modda. Birjani va birja faoliyati qatnashchilarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish
1. Birjani davlat ro‘yxatidan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi o‘tkazadi, birja faoliyati qatnashchilarini ro‘yxatdan o‘tkazish esa “O‘zbekiston Respublikasidagi korxonalar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq amalga oshiriladi. Davlat ro‘yxatidan o‘tkazganlik uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan qat’iy summalarda davlat poshlinasi undiriladi.
2. Birjani qayta ro‘yxatdan o‘tkazish uning ta’sis hujjatlari (ta’sis shartnomasi va ustavi) o‘zgargani taqdirdagina amalga oshiriladi.
3. Asossiz ravishda ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etish ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
26-modda. Birja faoliyatiga litsenziya berish
Qiymatli qog‘ozlar, valyuta, ko‘chmas mulk, intellektual mulk bilan savdo operatsiyalari bajarish birja faoliyati qatnashchilari tomonidan litsenziyalar asosida amalga oshiriladi.
Birja faoliyatiga litsenziya berish tartibini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi belgilab beradi.
Birja faoliyatining qatnashchilariga litsenziya u davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgandan keyingina O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi vakolat bergan idora tomonidan taqdim etiladi.
27-modda. Birja faoliyatini soliq yo‘li bilan tartibga solish
Birja faoliyatini soliq yo‘li bilan tartibga solib turish korxonalar, birlashmalar va tashkilotlardan olinadigan soliqlar to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasining qonunlariga muvofiq amalga oshiriladi.
28-modda. Birja qonunlariga rioya etilishi ustidan nazorat qilish
Birjalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish hamda birja faoliyati qatnashchilariga litsenziyalar berish ishini amalga oshiruvchi davlat boshqaruvi idoralari birjalar va birja qatnashchilari birjaga doir qonunlarga rioya etishlarini nazorat qiladilar.
29-modda. Birjaning tashqi iqtisodiy faoliyati
Birja tashqi iqtisodiy faoliyatni ushbu Qonun va amaldagi qonunlarda belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tganidan keyin amalga oshiradi.
Birja savdo-sotig‘iga qo‘yish uchun mo‘ljallangan tovarlarga doir eksport va import ishlari birja vositachilari tomonidan amalga oshiriladi.
30-modda. Birja faoliyatiga davlat kafolati
Davlat amaldagi qonunlarga zid bo‘lmagan barcha turdagi birja bitimlari bo‘yicha mulkchilik huquqlari muhofaza qilinishini kafolatlaydi.
Davlat boshqaruvi idoralari birja faoliyati qatnashchilarining faoliyatiga aralashishga haqli emas, qonunlarda nazarda tutilgan hollar bundan mustasnodir.
V BO‘LIM. NIZOLARNI HAL ETISh TARTIBI VA BIRJA FAOLIYATI SUBYEKTLARINING JAVOBGARLIGI
Oldingi tahrirga qarang.
31-modda. Nizolarni qarab chiqish tartibi
1. Birja faoliyati qatnashchilari o‘rtasida, shuningdek birja faoliyati qatnashchilari bilan davlat hokimiyati va boshqaruvi idoralari o‘rtasida kelib chiqadigan nizolar sudlar yoki xo‘jalik sudlari tomonidan hal etiladi.
2. Birja bitimlari qatnashchilari o‘rtasida birja savdo-sotig‘i qoidalarida nazarda tutilgan masalalar yuzasidan kelib chiqqan nizolarni birjaning hakamlik komissiyasi hal etadi, tomonlardan birontasi uning qaroriga rozi bo‘lmagan taqdirda esa tegishli xo‘jalik sudi hal etadi.
Nizolarni hakamlik komissiyasida qarab chiqqanlik uchun haq undirish taqiqlanadi.
(31-modda O‘zbekiston Respublikasining 1993-yil 2-sentabrdagi 922-XII-son Qonuni tahririda — Oliy Kengash Axborotnomasi, 1993-y., 9-son, 329-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
32-modda. Birja va birja faoliyati qatnashchilarining javobgarligi
1. Birjalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va birja qatnashchilariga litsenziyalar berish bilan shug‘ullanadigan idoralar 1, 2, 6 (2-band), 9 (2-band), 10, 13 (2-band 4-xatboshi), 15 (2-band), 19 (3-band), 29-moddalarda nazarda tutilgan qoidalar buzilgan taqdirda birja faoliyatini va litsenziyalarning amal qilishini uch oygacha to‘xtatib qo‘yishga haqlidir.
2. Agar birja tomonidan ushbu Qonunning qoidalari buzilishi davom ettirilaversa, nazorat qiluvchi idoralar O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudiga birjani tugatish to‘g‘risidagi da’voni taqdim qilishga haqlidirlar.
3. Ushbu Qonunning qoidalarini buzganlarga nisbatan:
birja faoliyatining qatnashchisi bo‘lgan korxonaning mansabdor shaxsini birjaga doir qonunlar buzilganligi hollariga 15 kunlik muddat ichida barham berish to‘g‘risida yozma yoki og‘zaki ravishda ogohlantirish;
birja faoliyati qatnashchisi bo‘lgan yuridik shaxslardan eng kam oylik ish haqining 200 hissasi miqdorda jarima undirish;
birja faoliyati qatnashchisi bo‘lgan korxonalarning mansabdor shaxslaridan eng kam oylik ish haqining 20 hissasi miqdorda jarima undirish kabi javobgarlik choralari ham qo‘llanishi mumkin.
Birjaga doir qonunlar buzilishiga yo‘l qo‘yganlik uchun javobgarlik turini aniqlash birjaga doir qonunlarga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiruvchi idoralarning vakolatiga kiradi.
Jarimalar nazorat idoralari tomonidan da’vo bildirish tartibiga rioya etmagan holda sudga yoki xo‘jalik sudiga da’vo taqdim etish orqali undiriladi.
4. Birjaga doir qonunlar va birja savdo-sotig‘i qoidalari buzilganligi uchun jarima undirish to‘g‘risida sudda yoki xo‘jalik sudida da’vo qo‘zg‘atgan davlat boshqaruvi idoralari davlat poshlinasi to‘lashdan ozod qilinadi.
5. Ushbu moddaga muvofiq undirib olingan jarima summalari to‘liq miqdorda tegishli budjetga o‘tkaziladi.
6. Jarima miqdorlari narx-navo darajasining o‘zgarishiga muvofiq indeksatsiya qilinishi lozim.
(32-modda O‘zbekiston Respublikasining 1993-yil 2-sentabrdagi 922-XII-son Qonuni tahririda — Oliy Kengash Axborotnomasi, 1993-y., 9-son, 329-modda)
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 2-iyul,
625-XII-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1992-y., 10-son, 394-modda; 1993-y., 1-son, 19-modda; 1993-y., 9-son, 329-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-y., 3-son, 38-modda; 1999-y., 9-son, 229-modda)