toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 30.04.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
2007-YILDA QIShLOQ XOʻJALIGI KORXONALARINI FERMER XOʻJALIKLARIGA AYLANTIRISh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
[Koʻchirma]
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-sonli “Milliy qonunchilik bazasini kompleks tizimlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Qishloq xoʻjaligida iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, qishloqda fermerlikni asosiy xoʻjalik subyekti sifatida mustahkamlash va rivojlantirish maqsadida, shuningdek zarar koʻrib ishlayotgan, past rentabelli va istiqbolsiz qishloq xoʻjaligi kooperativlari (shirkatlari)ni fermer xoʻjaliklariga aylantirish Dasturiga muvofiq:
1. Qishloq xoʻjaligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish boʻyicha Respublika komissiyasining Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda tayyorlagan quyidagi:
1-ilovaga* muvofiq, 2007-yilda qishloq xoʻjaligi korxonalarini fermer xoʻjaliklariga aylantirish;
2-ilovaga* muvofiq, 2007-yilda qayta tashkil etiladigan qishloq xoʻjaligi korxonalari hududida ishlab chiqarish va bozor infratuzilmasi obyektlarini barpo etish toʻgʻrisidagi takliflari qabul qilinsin.
* 1-2-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va tumanlar hokimlari, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Fermer xoʻjaliklari uyushmasi rahbarlari zimmasiga:
ikki oy muddatda 1-ilovada koʻrsatilgan qishloq xoʻjaligi korxonalari Oʻzbekiston Respublikasining “Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Qonuni talablariga toʻla muvofiq tarzda fermer xoʻjaliklariga aylantirilishi;
fermer xoʻjaliklarini tashkil etishga daʼvogarlar oʻrtasida ochiq va oshkora tanlovlar oʻtkazilishi. bunda gʻoliblarni aniqlashda ijtimoiy adolat, xolislik va haqqoniylik tamoyillari qatʼiy taʼminlanishi;
shirkat xoʻjaliklarini tugatish boʻyicha ishlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda oʻz vaqtida va toʻliq yakunlanishi uchun shaxsiy javobgarlik yuklansin.
3. Vazirlar Mahkamasi (Sh.M. Mirziyoyev) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari, Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi bilan birgalikda:
2007-yilda qayta tashkil etiladigan qishloq xoʻjaligi korxonalari hududida barpo etiladigan ishlab chiqarish va bozor infratuzilmasi obyektlari 2-ilovaga qatʼiy muvofiq ravishda joylashtirilishini bir oy muddatda aniqlasin va ularni tashkil qilish ustidan nazoratni taʼminlasin;
“Oʻzdonmahsulot” AK korxonalari bilan qayta tashkil etiladigan qishloq xoʻjaligi korxonalari oʻrtasida avval tuzilgan shartnomalarga teng hajmda davlat ehtiyojlari uchun 2007-yil hosilidan boshoqli don xarid qilish uchun yangi tashkil etilgan fermer xoʻjaliklari bilan shartnomalar imzolanishini taʼminlasin;
1-ilovaga muvofiq qishloq xoʻjaligi korxonalarini qayta tashkil etish natijasida boʻshaydigan xodimlar ish bilan taʼminlanishini tashkil etsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda ikki oy muddatda yordamchi, oʻquv, oʻquv-tajriba xoʻjaliklari va boshqa xoʻjalik subyektlari ixtiyoridagi qishloq xoʻjaligi uchun moʻljallangan yerlarning toʻliq inventarizatsiyasini oʻtkazsin.
Inventarizatsiya natijalariga koʻra, ushbu yerlardan oqilona, samarali va maqsadli foydalanishni taʼminlashga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlar majmuasini amalga oshirish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
8. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Fermer xoʻjaliklari uyushmasi televideniye va ommaviy axborot vositalarida fermer xoʻjaliklarini rivojlantirish va ularning faoliyati, qishloqda ishlab chiqarish va bozor infratuzilmasini tashkil etish hamda rivojlantirish masalalarini yoritish boʻyicha maxsus koʻrsatuv va ruknlar tashkil etsin.
9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2006-yil 21-noyabr,
PQ-514-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 46-47-son, 457-modda)