Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASIDA SUVDAN ChEKLANGAN MIQDORDA FOYDALANISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 19-martdagi 82-sonli “Oʻzbekiston Respublikasida suvdan foydalanish va suv isteʼmoli tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Suv resurslari taqchilligi kuchayayotgan sharoitda aholi va xalq xoʻjaligini suv bilan kafolatli taʼminlash va undan tejamli hamda samarali foydalanish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasida suvdan cheklangan miqdorda foydalanish boʻyicha Vaqtinchalik tartib tasdiqlansin va u 1993-yilning ikkinchi yarmidan amalga kiritilsin.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shaharlar, tumanlar hokimliklari xalq xoʻjaligining hamma tarmoqlarida suvdan foydalanishga boʻlgan talabchanlikni oshirsinlar va suv xoʻjaligi organlariga suvdan cheklangan miqdorda foydalanish boʻyicha tartibni amalga oshirishda zarur yordam koʻrsatsinlar.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Melioratsiya va suv xoʻjaligi vazirligi 1993-yil 1-oktabrga qadar barcha tayyorgarlik ishlarini amalga oshirsin va respublikaning suv isteʼmolining barcha sohalarida suvdan cheklangan miqdorda foydalanishga oʻtishi uchun barcha tashkiliy tadbirlarni nihoyasiga yetkazsin. Boshqa vazirliklar va idoralarning yordam koʻrsatishi zarur boʻlgan taqdirda tegishli takliflar kiritsin.
4. Bir kecha-kunduzda 100 kub metrdan koʻp suv oluvchi barcha suvdan foydalanuvchilar 1993-yilning 1-oktabrigacha suvdan maxsus foydalanish uchun ruxsatnomani rasmiylashtirsinlar.
5. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasining dehqonchilik sanoati majmui zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1993-yil 3-avgust,
385-son
Oʻzbekiston Respublikasida suvdan cheklangan
miqdorda foydalanish boʻyicha
miqdorda foydalanish boʻyicha
VAQTINChALIK TARTIB
Oldingi tahrirga qarang.
Suvdan cheklangan miqdorda foydalanish boʻyicha vaqtinchalik tartib suv taqchilligi kuchayib borayotgan bir sharoitda qishloq va suv xoʻjaligi organlari bilan suvdan foydalanuvchilar oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar tartibini belgilaydi.
(muqaddima Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 24-sentabrdagi 411-son qarori tahririda)
1. Suvdan foydalanuvchilar boʻyicha suv miqdorini cheklash uchun moʻljallangan suv hajmlari quyidagilardan tashkil topadi:
daryolarning haqiqiy sersuvligidan kelib chiqib, respublikalararo qarorlar bilan tuzatishlar hisobga olingan holda belgilangan cheklashlar boʻyicha suv manbalari (bir necha respublika hududidan oqib oʻtadigan Amudaryo va Sirdaryo daryolari hamda ularning irmoqlari) hajmidan;
Oʻzbekiston hududidagi haqiqiy sersuvligidan, shuningdek, qayta tartibga solinganligi va bir oʻzandan ikkinchi oʻzanga tashlanganligidan kelib chiqib kiritilgan tuzatishlar hisobga olingan yer usti suv manbalari hajmidan;
yer osti suvlarining foydalanilayotgan zaxirasidan olingan suv hajmidan;
oqova suvlardan qayta foydalanish hajmidan.
2. Vazirliklar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va boshqa suvdan foydalanuvchilar, shu jumladan, xorijiy yuridik va jismoniy shaxslar faqat roʻyxatdan oʻtkazilgan suv olish inshootlari va suvdan maxsus foydalanishga ruxsatnomalari boʻlgan taqdirda suv olish huquqiga ega boʻladilar.
Suvdan cheklangan miqdorda foydalanish tartibi birinchi bosqichda suv olish inshootlari roʻyxatdan oʻtkazilgan va bir kecha-kunduzda 100 kub metr va undan ortiq suv olishga ruxsatnomasi boʻlgan suvdan foydalanuvchilarga, keyinchalik esa oladigan suv hajmidan qatʼi nazar, barchaga belgilanadi, xoʻjalik-ichimlik suv maqsadlaridagi kommunal suv quvurlari bundan mustasnodir.
Oldingi tahrirga qarang.
Suv olishning cheklangan miqdorlari qishloq va suv xoʻjaligi organlari tomonidan suv manbalarining taxmin etilgan va haqiqiy sersuvligini hisobga olgan holda qishloq xoʻjaligidagi suvdan foydalanuvchilar uchun yiliga 2-marta va sugʻorish bilan bogʻliq boʻlmagan suvdan foydalanuvchilar uchun 1-marta belgilanadi.
(2-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 24-sentabrdagi 411-son qarori tahririda)
Suvdan foydalanish uchun belgilangan suv hajmlari cheklangan hisoblanadi va ular suv taqchilligi sharoitlarida kamaytirilishi mumkin. Ustuvor sohalarning suvdan foydalanish hajmi har yili ortib borishi hisobga olingan holda sugʻorishga cheklangan suv miqdorlari kamaytirib boriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Suv olish limitlari manbalar, havza irrigatsiya tizimlari, magistral kanallar (tizimlar), irrigatsiya tizimlari, birlamchi suvdan foydalanuvchilar, iqtisodiyot tarmoqlari, hududlar boʻyicha belgilanadi;
(2-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 24-sentabrdagi 411-son qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Qishloq va suv xoʻjaligi organlari belgilagan suv olishning cheklangan miqdorlari hamda ularning cheklashlari qaysi idoraga boʻysunishlaridan qatʼi nazar, barcha suvdan foydalanuvchilar tomonidan bajarilishi majburiydir.
(2-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 24-sentabrdagi 411-son qarori tahririda)
3. Tuman hududida suv olish va uni hisobga olish shartnoma asosida hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining irrigatsiya tizimi boshqarmasi (irrigatsiya tizimi boshqarmasi) tomonidan belgilangan meʼyorlar boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazilgan suv olish inshootlari (xoʻjalik taqsimlagichi bosh inshooti, kanal, quduq, nasos stansiyasi va boshqa suv olish inshootlari) da amalga oshiriladi.
Suv olish inshootini roʻyxatdan oʻtkazmasdan va irrigatsiya tizimlari boshqarmasi bilan shartnoma tuzmasdan har qanday manbadan suv olish tasdiqlangan tartibni buzish deb qayd qilinadi, noqonuniy, oʻzboshimchalik bilan suv olish deb hisoblanadi va suv olish qurilmasi buzib tashlanadi.
Suv olish va berishni amalga oshirish har kuni suv xoʻjaligi tashkiloti va suvdan foydalanuvchining har bir suv olish inshootiga biriktirib qoʻyilgan masʼul shaxslari tomonidan maxsus hisobga olish jurnallariga imzo chekish bilan olib boriladi. Ortiqcha suv olinganda dalolatnoma tuziladi.
Suvdan foydalanuvchining vakili kelmasa, bir tomonlama dalolatnoma tuziladi va suv berish toʻxtatiladi.
(3-bandning birinchi va ikkinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 24-sentabrdagi 411-son qarori tahririda)
4. Shartnomaning majburiy shartlari:
suv olish inshootining roʻyxatdan oʻtkazilgan pasporti hamda suvdan maxsus foydalanishga ruxsatnoma;
olinadigan suvni aniq maqsad uchun ishlatish;
ruxsat berilgan suv olishning va chiqarishning cheklangan hajmi;
suv olish va uni berish, hisobga olish tartibi va qoidalari;
belgilangan cheklashlar miqdori doirasida suv yetkazib berishga yoki suvdan voz kechish uchun tezkor buyurtmalarni rasmiylashtirish tartibi;
tomonlarning masʼuliyati;
Cheklangan miqdordan ortiqcha suv olganlik uchun iqtisodiy masʼuliyat va jarima miqdori suv berish shartnomalarida, tarmoqlarning holatiga qarab, lekin har bir kub metr suv uchun 15 soʻmdan kam boʻlmagan miqdorda belgilanadi. Suvdan cheklangan miqdorda foydalanish tartibini buzganlik uchun, tartib buzishlar takrorlanib turilishiga qarab, jarima miqdori 10 baravargacha koʻpaytirilishi mumkin. Roʻyxatdan oʻtkazilmagan suv olish inshootlari qurganlarga va oʻzboshimchalik bilan suv olganlarga jarima solinadi, hujjatlar rasmiylashtirilib qatʼiy hisobdagi maxsus daftarlarda roʻyxatga olinadi. Olingan barcha suv haqini toʻlashga schyot taqdim etiladi, noqonuniy suv olish inshooti berkitib qoʻyiladi. Zarurat tugʻilsa, hujjatlar sud organlariga topshiriladi.
Jarimalarning 60 foizi respublika budjetiga oʻtkaziladi, qolgan 40 foizi esa — suv xoʻjaligi tashkilotlarining maxsus hisob raqamlariga oʻtkaziladi. Yigʻilgan pul mablagʻlari sugʻorish tarmoqlarini suv oʻlchash vositalaridan foydalanishni takomillashtirish hamda daryo havzalarining, irrigatsiya tizimlarining ekologiya holatini yaxshilash va boshqa maqsadlarda ishlatiladi.
(4-bandning toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 2-apreldagi 62-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 14-15-son, 106-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
5. Cheklangan suv miqdoriga asoslangan holda suvdan foydalanuvchi tegishli irrigatsiya tizimi boshqarmalariga suvdan foydalanish rejasining aniq maqsadlarini koʻrsatib, belgilangan muddatda taqdim qilishi shart. Suv hajmini tartibga solish va uni bir oʻzandan ikkinchi oʻzanga oqizish, ob-havo sharoitini va haqiqiy suv hajmini, yoʻlda behuda sarf boʻladigan va cheklangan suv miqdorining hajmini hisobga olgan holda tuzilgan bu reja suv yetkazib beruvchi organlarning ishi uchun asosiy hujjat boʻlib qoladi.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 24-sentabrdagi 411-son qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
6. Suv taqchil boʻlganda suv berish suvning kam kelishiga mutanosib ravishda qisqartiriladi. Suv muttasil kam boʻladigan joylarda suvdan cheklangan miqdorda foydalanish ushbu irrigatsiya tizimidagi barcha suvdan foydalanuvchilarning suv bilan baravar taʼminlanishi prinsipi asosida belgilanadi.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 24-sentabrdagi 411-son qarori tahririda)
7. Suv tansiqligi sharoitlarida birinchi navbatda:
aholini ichimlik va maishiy suv bilan taʼminlash;
sanoatni;
qishloq xoʻjaligini;
hukumat yoki uning tomonidan vakil qilingan organning maxsus qarori bilan tasdiqlangan suvdan foydalanuvchilarni suv bilan taʼminlash;
sugʻorish tarmoqlari va kichik daryolardan sanitariya maqsadlarida suv oqizishni taʼminlash ustuvor hisoblanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
8. Qishloq va suv xoʻjaligi organlari tomonidan suv xoʻjaligi obyektlarining mustahkamligini taʼminlash, avariya holatlarining oldini olish, aholi yashaydigan joylarni himoya qilish uchun oʻtkazilayotgan tadbirda qatnashish, barcha suvdan foydalanuvchilar uchun, ular qaysi idoraga qarashli boʻlishlaridan qatʼi nazar, majburiy shart hisoblanadi.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 24-sentabrdagi 411-son qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
9. Oldindan taxmin qilingan va haqiqiy maʼlumotlarga asoslanib cheklangan suv miqdorini belgilash, iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va aholining ichimlik suvga boʻlgan ehtiyojini qondirish uchun suv sarfini qisqartirish vazifasi Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligiga yuklatiladi.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 24-sentabrdagi 411-son qarori tahririda)
10. Cheklangan meʼyordan ortiqcha suv olish, suvni maqsadsiz ishlatish, samarasiz oqizib yuborish, oʻzboshimchalik bilan suv olish, olinayotgan suvning hajmini ataylab yashirish sifatida suvdan foydalanishning belgilangan tartibini inkor etuvchi yuridik va mansabdor shaxslar pul jarimasi toʻlashi kabi iqtisodiy javobgarlikka tortiladilar.
Oldingi tahrirga qarang.
11. Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligiga Oʻzbekiston Respublikasida suvdan cheklangan miqdorda foydalanish boʻyicha vaqtinchalik tartibning bajarilishini taʼminlaydi.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 24-sentabrdagi 411-son qarori tahririda)
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2003-y., 17-18-son, 156-modda; 2004-y., 43-son, 456-modda; 2010-y., 14-15-son, 106-modda)