O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
DAVLAT UY-JOY FONDI XUSUSIYLAShTIRILIShI MUNOSABATI BILAN NORMATIV HUJJATLARNI TASDIQLASh TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
“Davlat uy-joy fondini xususiylashtirish to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinganligi, davlat uy-joy fondining asosiy qismi fuqarolarning mulkiga aylanganligi, uni saqlash va undan foydalanish shart-sharoitlarining o‘zgarganligi munosabati bilan hamda bozor munosabatlariga o‘tishda aholini ijtimoiy himoya qilish qoidalarini amalga oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
O‘zbekiston Respublikasi kommunal uy-joy fondi to‘g‘risidagi va turar joyni ijaraga olish haqidagi nizomlar 1 va 2-ilovalarga muvofiq;
Oldingi tahrirga qarang.
(qarorning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 26-fevraldagi 170-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 26.02.2019-y., 09/19/170/2672-son)
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1994-yil 28-iyun,
325-son
Vazirlar Mahkamasining
1994-yil 28-iyundagi 325-son qaroriga
1-ILOVA
1994-yil 28-iyundagi 325-son qaroriga
1-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi kommunal uy-joy fondi to‘g‘risida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Xususiylashtirish huquqisiz ijara shartlarida foydalaniladigan maqsadli kommunal uy-joy fondi mehnatga layoqatsiz, yolg‘iz, keksa shaxslar, pensionyerlar va ularning oila a’zolari, uy-joyga ehtiyoji bo‘lgan birinchi marta qurilgan yosh oilalar, fuqarolarning boshqa kam ta’minlangan toifalari uchun, agar ularning jon boshiga oladigan oylik daromadi eng kam ish haqidan past bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan ro‘yxat bo‘yicha (1-ilova), davlat hokimiyatining joylardagi organlari huzurida tashkil etiladi.
Uy-joyga muhtoj bo‘lgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar kommunal uy-joy fondi uylaridagi turarjoylar bilan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ta’minlanadi.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 2-avgustdagi 164-sonli qaroriga muvofiq ikkinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — O‘R QHT, 2010-y., 31-son, 260-modda)
2. Kommunal uy-joy fondidan foydalanish va unga xizmat ko‘rsatish tegishli hokimlikka bevosita bo‘ysunadigan uy-joy fondidan foydalanish va unga kommunal xizmat ko‘rsatish korxonalari tomonidan amalga oshiriladi.
3. Uy-joy fondidan foydalanish va unga kommunal xizmat ko‘rsatish korxonasi uning saqlanishini va undan tegishlicha foydalanilishini ta’minlaydi, shuningdek, fuqarolar tomonidan turar joylardan va uy atrofidagi yerlardan foydalanish qoidalariga rioya qilinishini nazorat qiladi, belgilangan tartibda olingan order asosida ijaraga oluvchilar bilan mulkdor nomidan turar joyni ijaraga olish shartnomalarini tuzadi va shartnoma majburiyatlarining bajarilishini nazorat qiladi.
II. Turar joy maydonining normasi
4. Kommunal uy-joy fondi uylaridagi turar joyni ijaraga oluvchilar uchun turar joy maydonining normasi O‘zbekiston Respublikasining Uy-joy kodeksida belgilangan turar joy maydoni normasiga muvofiq belgilanadi, lekin u bir kishiga 9 kvadrat metrdan kam bo‘lmasligi kerak.
Fuqarolarning ayrim toifalariga normadan ortiqcha turar joy maydoni bir xona sifatidagi yoki 10 kvadrat metr hajmidagi qo‘shimcha turar joy maydoni beriladi. Qo‘shimcha turar joy maydoni berish tartibi va shartlari, shuningdek, uni olish huquqiga ega bo‘lgan fuqarolar toifalarining ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi tomonidan belgilanadi.
5. Ortiqcha turar joy maydoni uchun haq, ijaraga oluvchi tomonidan amaldagi tarifning uch baravari miqdorida to‘lanadi.
III. Uy-joyni hisobga olish va taqsimlash
6. Turar joyga, shuningdek, turar joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan fuqarolarni hisobga olish 2-ilovada bayon qilingan shart-sharoitlar mavjud bo‘lgan taqdirda tegishli hokimlik tomonidan amalga oshiriladi.
7. Kommunal uy-joy fondidan turar joy bilan ta’minlash uchun fuqarolar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan ro‘yxatga muvofiq hisobga olish uchun qabul qilinadilar.
8. Turar joy maydonini olish uchun navbatda turish huquqi fuqarolar:
yoshiga ko‘ra, nogironligi yoki kasalligi tufayli pensiyaga chiqishganda;
oiladagi boquvchisini yo‘qotganda;
O‘zbekiston Respublikasining Qurolli Kuchlarida harbiy xizmatni o‘tashga ketganda;
chet elda ishlash uchun va boshqa ishga uyushgan tarzda yuborilganda saqlab qolinadi.
9. Fuqarolarning tegishli hokimlik tomonidan qabul qilingan arizalari dastlab turar joy maydonini hisobga olish va taqsimlash komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqiladi, komissiya ariza beruvchining turar joy sharoitlarini tekshirib chiqqandan keyin tegishli dalolatnoma tuzadi, hisobga qo‘yish yoki rad etish haqida taklif kiritadi, u hokimlik qarori bilan tasdiqlanadi.
10. Hokimlikning kommunal uy-joy fondidan turar joy berish haqidagi qarori asosida tegishli hokimlik fuqaroga taqdim etilgan turar joyga ko‘chib kirish uchun birdan-bir asos bo‘ladigan yagona namunadagi orderni beradi.
Order faqat bo‘sh bo‘lgan xolis turar joyga berilishi mumkin.
11. Birinchi navbatda turar joy buzilish holatidagi uylarda, yerto‘lalarda, baraklarda, turar joy maydoni bir kishiga 5 kvadrat metrdan kam bo‘lgan kvartiralarda yashayotgan fuqarolarga beriladi.
12. Fuqarolar turar joy olish uchun hisobdan quyidagi hollarda chiqariladilar:
hisobga olingandan keyin turar joy sharoitlari yaxshilangan bo‘lsa;
aholi yashaydigan boshqa joyga doimiy yashash uchun ko‘chib ketgan bo‘lsa;
hisobga olish uchun asos bo‘lgan sabablar bekor bo‘lganda;
turar joy sharoitlarini yaxshilashga muhtojligi haqida haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlar berilganda.
IV. Turar joyni ijaraga olish shartnomasi
13. Turar joyni ijaraga olish shartnomasi bo‘yicha birinchi tomon (ijaraga beruvchi) ikkinchi tomon (ijaraga oluvchi)ga turar joyni haq evaziga yashash uchun berish majburiyatini oladi.
14. Kommunal uy-joy fondining uylaridagi turar joydan foydalanish uy-joy egasidan vakolat olgan uy-joy fondiga xizmat ko‘rsatish va uni tuzatish bo‘yicha tegishli korxona bilan turar joyni egallash huquqini beruvchi order berilgan fuqaro o‘rtasida turar joyni ijaraga olish shartnomasini tuzish orqali rasmiylashtiriladi.
15. Turar joyni ijaraga olish shartnomasi bo‘yicha kvartira, bir yoki bir necha xonadan iborat bo‘lgan alohida turar joygina ijaraga berilishi mumkin.
16. Xonaning bir qismi yoki umumiy kirish joyi boshqa xona bilan bog‘langan xona (tutash xonalar) turar joyni ijaraga olish shartnomasining mustaqil predmeti bo‘lishi mumkin emas.
17. Agar turar joyni ijaraga olish shartnomasi muayyan muddatga tuzilgan bo‘lsa, ijaraga oluvchi shartnoma muddati tamom bo‘lgandan keyin kommunal uy-joy fondida yashash huquqini beradigan hujjatlarni taqdim etganda shartnomani yangilash huquqiga ega bo‘ladi. Ijaraga beruvchi tomonidan bu huquqqa ijaraga oluvchi shartnoma bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarmagan taqdirda sud orqali e’tiroz bildirilishi mumkin.
18. Turar joyni ijaraga oluvchi va u bilan birga yashovchi boshqa shaxslar turar joydan shartnomaga muvofiq foydalanishga, uni yaroqli holda tutishga, turar joyning saqlanishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilishga, uydagi barcha yashovchilarga turar joy va yordamchi binolardan bemalol foydalanish imkoniyati berilishi uchun birgalikda yashash qoidalariga rioya etishga majburdir.
19. Turar joyni ijaraga oluvchi bilan bir qatorda u bilan birga yashovchi oila a’zolari ijara shartnomasidan kelib chiquvchi huquq va majburiyatlarga ega bo‘ladilar.
20. Oilaning ijaraga oluvchi bilan birga yashovchi balog‘atga yetgan a’zolari ushbu shartnomadan kelib chiquvchi majburiyatlar bo‘yicha ijaraga oluvchi bilan baravar javobgar bo‘ladilar.
21. Ijaraga oluvchining oila a’zolari deb, u bilan birga yashovchi xotini, ularning bolalari va ota-onalari, amaldagi qonunchilikka muvofiq boshqa shaxslar tan olinadi.
22. Agar ushbu Nizomning 21-bandida qayd etilgan fuqarolar ijaraga oluvchining oila a’zosi bo‘lmay qolsalar, biroq ijaraga olingan turar joyda yashashni davom ettirsalar, ular shartnomalar bo‘yicha ijaraga oluvchi va uning oila a’zolari kabi birday huquq va majburiyatlarga ega bo‘ladilar.
23. Ijaraga oluvchi o‘zi ijaraga olgan turar joyga ushbu turar joyda yashovchi va turar joydan foydalanish huquqiga ega bo‘lgan barcha balog‘atga yetgan fuqarolarning yozma roziligini olib o‘z xotini, o‘z bolalarini va xotinining bolalarini, ota-onasini, mehnatga layoqatsiz boqimandalarni, boshqa shaxslarni belgilangan tartibda ko‘chirib kiritishga haqlidir. Balog‘at yoshiga yetmagan bolalarni ota-onalarinikiga ko‘chirib kelish uchun ushbu turar joyda yashovchi va turar joydan foydalanish huquqiga ega bo‘lgan qolgan fuqarolarning roziligi talab qilinmaydi.
24. Ushbu uyga ko‘chib kirgan shaxslar, agar uyga ko‘chib kirish paytida ular o‘rtasida yozma holdagi boshqacha bitishuv bo‘lmasa, oilaning boshqa qolgan barcha a’zolari bilan teng huquqlardan foydalanadilar.
V. Kvartira haqi
25. Kommunal uy-joy fondidagi turar joydan foydalanganlik, unga xizmat ko‘rsatganlik va uni tuzatganlik uchun haq to‘lash ijaraga oluvchi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan stavkalar bo‘yicha amalga oshiriladi.
26. Ijaraga oluvchi turar joyni saqlaganlik, uni tuzatganlik va undan foydalanganlik uchun haqni kommunal uy-joy fondi uylaridagi turar joyni ijaraga olish shartnomasida nazarda tutilgan muddatlarda o‘z vaqtida to‘lashga majburdir.
VI. Turar joy maydonini birkitib (bronlashtirib) qo‘yish
27. Ijaraga olish shartnomasi bo‘yicha ijaraga oluvchi yoki uning oila a’zolari, shuningdek, ular bilan birga yashovchi va turar joydan ular bilan teng asoslarda foydalanuvchi fuqarolar tomonidan egallangan turar joylar:
chet elga ishlash uchun xizmat safarlariga yuborilganda chet elda bo‘lgan butun vaqt mobaynida;
harbiy xizmatga chaqirilganda;
majburiy davolash hollarida saqlab (bronlashtirib) qo‘yiladi.
28. Bu fuqarolarga tegishli hokimlik tomonidan ijaraga beruvchiga ko‘rsatish uchun turar joyni saqlash guvohnomasi (bron) beriladi.
29. Ijaraga oluvchi kommunal uy-joy fondiga qarashli uydagi bronlashtirib qo‘yilgan turar joyga bron amal qiladigan muddat mobaynida ijaraga qo‘yish shartnomasi bo‘yicha vaqtincha yashovchilarni ko‘chirib kiritishga haqlidir.
30. Ijaraga oluvchi yoki uning oila a’zolari qaytib kelgach, ular bronlashtirib qo‘yilgan turar joyni darhol bo‘shatib berishni talab qilishga haqlidirlar.
31. Ijaraga qo‘yiluvchi yoki vaqtincha yashovchilar bu turar joyni bo‘shatib berishdan bosh tortganlari taqdirda, ular ijaraga oluvchining talabi bilan boshqa turar joy bermasdan turib sud yo‘li bilan ko‘chirib yuboriladilar.
32. Agar ijaraga oluvchi va uning oila a’zolari bron muddati tamom bo‘lgandan keyin olti oy mobaynida turar joyni ularga qaytarib berishni talab qilmasalar, turar joyni ijaraga olish shartnomasi bekor qilingan hisoblanadi.
VII. Turar joylarni almashtirish
33. Kommunal uy-joy fondidagi turar joyni ijaraga oluvchi o‘zi egallab turgan turar joyni ijaraga olish shartnomasi bo‘yicha huquqlar va majburiyatlarni o‘zaro bergan holda kommunal uy-joy fondidagi boshqa ijaraga oluvchi egallab turgan turar joyga almashtirish huquqiga egadir.
34. Kommunal uy-joy fondiga qarashli uylardagi ijaraga oluvchilar o‘rtasida turar joylarni almashtirishning rad etilishiga sud yo‘li bilan e’tiroz bildirilishi mumkin.
35. Turar joyni almashtirish uchun ijaraga oluvchi bilan birga yashovchi uning balog‘atga yetgan oila a’zolarining, shu jumladan, turar joy maydoniga egalik qilish huquqiga ega vaqtincha bo‘lmagan oila a’zolarining yozma ravishdagi roziligi talab qilinadi.
36. Quyidagi hollarda turar joyni almashtirishga yo‘l qo‘yiladi:
agar ijaraga oluvchiga u egallab turgan turar joyni ijaraga olish haqidagi shartnomani bekor qilish yoki o‘zgartirish to‘g‘risida da’vo qo‘zg‘atilgan bo‘lsa;
agar almashtirish chayqovchilik ko‘rinishida yoki soxta tusda bo‘lsa;
agar almashtirilayotgan turar joylardan biri kommunal uy-joy fondiga qarashli uyda emas, balki boshqa har qanday uy-joy fondi (kooperativ, idoralarga qarashli, shaxsiy va boshqalar)ga qarashli bo‘lsa;
agar uy qulab tushay deb turgan yoki buzib tashlanishi lozim bo‘lsa, ya’ni avariya holatida, unda bundan keyin normal yashash uchun yaroqsiz bo‘lsa.
37. Shartnomaga bog‘liq holda O‘zbekiston Respublikasidagi bir kishi boshqa-boshqa aholi yashaydigan joylardagi bir uyda yoki boshqa-boshqa uylarda yashovchi ikki, uch va undan ortiq ijaraga oluvchilar o‘rtasida almashtirishga yo‘l qo‘yiladi.
38. Ijaraga oluvchilarning foydalanishida bo‘lgan muayyan turar joylar xona, kvartiragina almashtirishga yo‘l qo‘yiladi.
39. Ijaraga qo‘yish shartnomasi bo‘yicha ularga berilgan turar joyda yashovchi ijaraga qo‘yiluvchilar va vaqtincha yashovchilar turar joylarni almashtirish huquqiga ega bo‘lmaydilar.
40. Turar joyni almashtirish uchun ruxsatnoma tegishli hokimlikning uy-joy organi tomonidan beriladigan almashtirish orderi bilan rasmiylashtiriladi.
41. Turar joyni almashtirish almashadigan tomonlar almashish ordyerlarini olgan paytdan boshlab sodir etilgan deb hisoblanadi.
42. Almashtirish orderi olingan kundan boshlab bir oy mobaynida haqiqiy bo‘ladi.
VIII. Turar joyni qayta rejalashtirish, buzib boshqatdan qurish va mukammal tuzatish
43. Turar joyni va yordamchi xonalarni buzib boshqatdan qurish va qayta rejalashtirish kvartirani yanada obod qilish maqsadini ko‘zlabgina amalga oshirilishi mumkin va bu ishga ijaraga oluvchi, uning oila a’zolari, kommunal uy-joy fondi egasi vakilining roziligi va tegishli hokimlikning ruxsatnomasi bilan yo‘l qo‘yiladi.
44. Ijaraga oluvchi egallab turgan turar joyni mukammal tuzatish zarur bo‘lgan taqdirda, ijaraga beruvchi ijaraga oluvchini tuzatish davrida ijaraga beruvchi tomonidan beriladigan boshqa turar joyga ko‘chishini talab qilishga haqlidir. Bunda turar joyni ijaraga olish shartnomasi bekor qilinmaydi, lekin ijaraga oluvchi unga tuzatish davriga berilgan turar joy uchungina saqlash, tuzatish va foydalanish uchun haqini to‘laydi.
Tuzatish tugallangandan keyin ijaraga beruvchi ijaraga oluvchiga u ilgari egallab kelgan turar joyni berishni rad etgan taqdirda ijaraga oluvchi ushbu masala bo‘yicha sudga murojaat qilishga haqlidir.
IX. Uy-joyni ijaraga qo‘yish
45. Turar joyni ijaraga qo‘ygan fuqarolar turar joy va kommunal xizmatlar haqi bo‘yicha tovon olish huquqidan mahrum bo‘ladilar.
46. Ijaraga oluvchi vaqtinchalik jo‘nab ketgan holda ijaraga beruvchi hamda o‘zi bilan birga yashovchi balog‘at yoshiga yetgan oila a’zolarining roziligi bilan o‘zi egallab turgan turar joyni shartnoma bo‘yicha ijaraga beruvchining oldida javobgarlikni saqlab qolgan holda ijaraga qo‘yishi mumkin.
47. Agar ijaraga qo‘yiluvchining ko‘chib kirishi natijasida har bir yashovchiga to‘g‘ri keladigan turar joy maydoni belgilangan sanitariya normasidan kam bo‘lsa, ijaraga qo‘yish shartnomasi tuzilishi mumkin emas.
48. Ijaraga qo‘yish shartnomasi bo‘yicha turar joydan foydalanilganlik uchun haq to‘lash tomonlarning kelishuviga ko‘ra belgilanadi.
49. Ijaraga qo‘yish shartnomasining muddati tugaganidan keyin ijaraga qo‘yiluvchi shaxs bu shartnomani yangilashni talab qilishga haqqi yo‘q va ijaraga oluvchining talabi bilan turar joyni bo‘shatib berishga majburdir, turar joyni bo‘shatib berishni rad etgan taqdirda boshqa turar joy bermasdan turib sud yo‘li bilan ko‘chirib yuboriladi.
X. Xizmat yuzasidan beriladigan turar joylar
50. Kommunal uy-joy fondiga qarashli xizmat yuzasidan beriladigan turar joylar o‘z mehnat majburiyatlarining turiga ko‘ra ish joyida yoki xizmat binosida yashashlari kerak bo‘lgan fuqarolarga beriladi. Xizmat yuzasidan turar joylar berilishi mumkin bo‘lgan xodimlar toifalari ro‘yxati uy-joy fondining egasi tomonidan belgilanadi.
51. Kommunal uy-joy fondida bo‘lgan turar joy ushbu turar joy biriktirilgan tashkilotning taqdimnomasi bo‘yicha tegishli hokimlikning qarori bilan xizmat yuzasidan beriladigan turar joylar sirasiga kiritiladi hamda hokimlik tomonidan beriladigan maxsus order bo‘yicha beriladi.
52. Xodimga ish sharoitlari munosabati bilan mehnat shartnomasi bo‘yicha xizmat yuzasidan beriladigan turar joydan foydalanish huquqi mehnat shartnomasi bekor qilinishi bilan bir vaqtda to‘xtatiladi.
53. Xodim o‘zi egallab turgan turar joyni bo‘shatishni rad etgan taqdirda o‘zi bilan birga yashovchi barcha shaxslar bilan birgalikda boshqa turar joy berilmasdan sud yo‘li bilan ko‘chirib yuboriladi.
54. Quyidagi shaxslar boshqa turar joy bermasdan turib xizmat yuzasidan berilgan turar joylardan ko‘chirilishi mumkin emas:
xizmat yuzasidan turar joy bergan korxonada, muassasada, tashkilotda kamida o‘n yil ishlagan shaxslar;
korxona, muassasa, tashkilot tugatilishi munosabati bilan yoki xodimlar soni yoxud shtati qisqarganligi uchun ishdan bo‘shagan shaxslar;
xizmat yuzasidan turar joy berilgan, biroq vafot etgan xodimning oila a’zolari.
XI. Turar joyni ijaraga olish shartnomasini bekor qilish
55. Turar joyni ijaraga oluvchi istalgan vaqtda shartnomani bekor qilish huquqiga egadir.
56. Turar joyni ijaraga oluvchi va uning oila a’zolari doimiy yashash uchun boshqa joyga jo‘nab ketganda turar joyni ijaraga olish shartnomasi u egallab kelgan turar joy dalolatnoma bo‘yicha ijaraga beruvchiga topshirilgan kundan boshlab bekor qilingan hisoblanadi.
57. Turar joyni ijaraga olish shartnomasi ijaraga beruvchi tomonidan bekor qilinishi va ijaraga oluvchi o‘zi egallab turgan turar joydan sud yo‘li bilan va amaldagi qonun hujjatlarida belgilangan asoslardan boshqacha tarzda ko‘chirib yuborilishi mumkin emas.
58. Shartnoma shartlari bajarilmagan taqdirda ijaraga beruvchi ijaraga oluvchini egallab turgan turar joy maydonidan boshqa turar joy bermasdan sud yo‘li bilan majburiy ravishda ko‘chirib yuborish huquqiga egadir.
O‘zbekiston Respublikasi kommunal
uy-joy fondi to‘g‘risidagi nizomga
1-ILOVA
uy-joy fondi to‘g‘risidagi nizomga
1-ILOVA
Jon boshiga o‘rtacha oylik daromadi eng kam ish haqidan past bo‘lgan taqdirda ijaraga olish shartnomasi bo‘yicha kommunal uy-joy fondidan turar joy beriladigan fuqarolar toifalarining
RO‘YXATI
1. Ulug‘ Vatan urushi qatnashchilari va baynalmilalchi jangchilar.
2. Ofitsyerlar va muddatdan tashqari xizmatdan zaxiraga bo‘shatilgan yoki iste’foga chiqqan harbiy xizmatchilar.
3. Kasallikning og‘ir shakllariga chalingan fuqarolar, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tasdiqlagan ro‘yxat bo‘yicha.
4. 16 yoshgacha 7 va undan ziyod bolalari bo‘lgan ko‘p bolali oilalar.
Oldingi tahrirga qarang.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 2-avgustdagi 164-sonli qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan — O‘R QHT, 2010-y., 31-son, 260-modda)
6. G‘irt yetim bolalarni vasiylikka olgan oilalar.
7. Uch va undan ziyod mehnatga layoqatsiz oila a’zolari bo‘lgan, boquvchisini yo‘qotgan oilalar.
8. Ishlamaydigan I va II guruh nogironlar.
9. Keksayib qolgan yolg‘iz pensionyerlar.
10. Bolalikdan nogiron bo‘lib qolgan 16 yoshgacha yoki bolalikdan I va II guruh nogiron bo‘lib qolgan bolalari bo‘lgan oilalar.
11. Birinchi marta qurilgan yosh oilalar, agar ular yashab turgan joyda ikki tomonlama turar joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj deb topilsalar.
Kommunal turar joy fondidan uy-joy bilan ta’minlash uchun fuqarolarni ro‘yxatga olishda zarur bo‘lgan shart-sharoitlar
RO‘YXATI
1. Turar joy maydoniga ega bo‘lmagan, xususiy kvartirada yoki yashash uchun yaroqsiz uy-joylar (baraklar, vaqtinchalik uylar, avariya holatidagi uylar, yerto‘lalarda yashovchi fuqarolar).
2. Har bir oila a’zosi yetti kvadrat metrdan kam bo‘lgan turar joy bilan ta’minlanganlar.
3. Yotoqxonalarda, ishlab chiqarish va yordamchi xonalarda yashovchilar, mavsumiy va vaqtinchalik xodimlar, shuningdek, o‘qishlari sababli yotoqxonalarga ko‘chib o‘tgan fuqarolar bundan mustasno.
4. Alohida shaxsiy schyotga ega bo‘lgan, qarindoshlik aloqalari bo‘lmagan ikki va undan ko‘p oila bo‘lib bir kvartirada yashovchilar.
5. Alohida kvartirada yashashga muhtoj bo‘lgan, respublika Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan ayrim surunkali kasalliklarning og‘ir shakllariga chalinganlar.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 16-iyuldagi 345-sonli qarori bilan o‘z kuchini yo‘qotgan)
Oldingi tahrirga qarang.
(3-ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 26-fevraldagi 170-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 26.02.2019-y., 09/19/170/2672-son)