O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘zbekiston Respublikasida umumiy o‘rta ta’limni tashkil etish to‘g‘risida
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-iyuldagi 396-sonli “Qonunchilik bazasini yanada tizimlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Kadrlar tayyorlash milliy dasturiga muvofiq, umumta’lim maktablarining o‘qitish dasturlarini isloh qilish, to‘qqiz yillik umumiy o‘rta ta’limning sifat jihatidan yangi tizimini yaratish, uning o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi bilan davomiyligini va uzviy bog‘liqligini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilab qo‘yilsinki, umumiy o‘rta ta’limning (maktabning 1 — 9-sinflari) ta’lim dasturlari:
o‘quvchilarning muntazam bilim olishini, ularda bilim olish ehtiyojini rivojlantirishni, asosiy o‘quv, ilmiy va umummadaniy bilimlarni shakllantirishni;
o‘quvchilarda mehnat ko‘nikmalari, mustaqil ijodiy fikrlash, kasb tanlashga va atrof-olamga ongli munosabatni hosil qilishni;
milliy va umumbashariy qadriyatlarni uzviy birlashtirish asosida yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlarni tarbiyalashni, o‘z Vataniga va xalqiga sodiq fuqaroni shakllantirishni;
1 — 9 sinflar o‘quv dasturlarining akademik litseylar va kasb-hunar kollejlaridagi o‘qitish dasturlari bilan o‘zaro uzviy bog‘lanishini ta’minlashi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-martdagi 140-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — O‘R QHT, 2017-y., 11-son, 167-modda)
3. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi:
1998-yil 1-avgustga qadar — O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda umumiy o‘rta ta’lim davlat ta’lim standartini ishlab chiqsin, unda:
tayyorlash sifati va ta’lim mazmuniga talablarni belgilashni;
o‘quvchilarni tayyorlash uchun maqbul bo‘lgan zarur o‘quv fanlarini, ta’lim dasturlarini va o‘quv soatlari hajmlarini shakllantirishni;
maktabni bitiruvchilarga nisbatan malaka talablarini belgilashni;
ta’lim muassasasi (maktab) faoliyatini baholash tartibini ishlab chiqishni nazarda tutsin;
1998-1999 o‘quv yili davomida — umumiy o‘rta ta’limning davlat ta’lim standartini sinovdan o‘tkazishni ta’minlasin;
1999-yil 1-iyulga qadar — sinov natijalarini hisobga olgan holda umumiy o‘rta ta’limning davlat ta’lim standartini puxta ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
1999-2000 o‘quv yilidan boshlab — umumiy o‘rta ta’limning davlat ta’lim standartini umumta’lim maktabida o‘qitish dasturlari bilan birgalikda joriy etilishini ta’minlasin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi:
1998-yil 1-sentabrga qadar — umumiy o‘rta ta’limning davlat ta’lim standartini ishlab chiqish bilan bir paytda uning asosida umumta’lim maktablari uchun tajriba o‘quv dasturlari ishlab chiqilishini ta’minlasin. Bunda 10-11-sinflar o‘quv yuklamalari va dasturlarining tegishli ravishda 5 — 9 sinflar o‘quv dasturlariga, shuningdek, akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari dasturlariga o‘tkazilishini nazarda tutsin;
1998-1999 o‘quv yili mobaynida — ko‘rsatib o‘tilgan o‘quv dasturlarini umumta’lim maktablarida tajriba tariqasida sinab ko‘rsin;
1999-yil 1-iyulgacha — tajriba o‘quv dasturlarini joriy etishni tajriba tariqasida sinab ko‘rish yakunlarini hisobga olgan holda xalq ta’limi tizimi pedagoglari, mutaxassislari va rahbarlarining xulosalarini umumlashtirsin va Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
5. Tajriba o‘quv dasturlari ishlab chiqilishi va ularning sinab ko‘rilishi ustidan nazoratni ta’minlash, shuningdek, kiritilgan takliflarni umumlashtirish maqsadida 2-ilovaga* muvofiq Respublika komissiyasi va maxsus ishchi guruhlari tashkil etilsin. Komissiyaga va ishchi guruhlariga ona tili, adabiyot, tarix, matematika, fizika, kimyo, biologiya va boshqa fanlar bo‘yicha o‘quv dasturlari tayyorlash, shuningdek, ularning respublikada tajriba tariqasida sinab ko‘rilishi uchun javobgarlik yuklansin.
* 2-ilova berilmaydi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahrida ham shunday komissiyalar tuzilsin. Komissiyalarga malakali pedagoglar va mutaxassislarni ishga jalb qilishga ruxsat etilsin.
Respublika komissiyasi tadbirlar ish rejasini tayyorlasin hamda tajriba o‘tkazish jarayonida, o‘tkazilgan tajribaning to‘plangan natijalarini, fanlar bo‘yicha maxsus ishchi guruhlari va hududiy komissiyalar takliflarini hisobga olgan holda, 1999-yil 1-avgustgacha 1 — 9 sinflar uchun maktab darsliklarini tayyorlash dastur-topshiriqlarini ishlab chiqishni ta’minlasin.
Darsliklarni tayyorlash bo‘yicha shaxsiy javobgarlik O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri va Davlat matbuot qo‘mitasi raisi zimmasiga yuklansin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Xalq ta’limi vazirligi bilan birgalikda umumiy o‘rta maktablarda yangi o‘qitish dasturlari va uslublari bo‘yicha maxsus kurslarni ishlab chiqsin va ularni 1999-2000 o‘quv yilidan boshlab pedagogika institutlari va universitetlarining talabalarini tayyorlash dasturiga kiritsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Davlat test markazi:
1998-yil 1-avgustga qadar — ta’lim muassasalarini, umumiy o‘rta ta’lim rahbar xodimlarini va pedagog kadrlarini davriy ravishda attestatsiyadan o‘tkazib turish tartibini ishlab chiqsinlar va Vazirlar Mahkamasiga kiritsinlar;
1998-yil 1-sentabriga qadar — 5 — 9-sinf o‘quvchilarining bilimlari sifatini nazorat qilishning reyting tizimi to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar;
1998-1999 o‘quv yili mobaynida — 5 — 9-sinflar bitiruvchilarini yakuniy attestatsiyadan o‘tkazishning test usullarini tajriba tekshiruvidan o‘tkazsinlar va ularning 1999-2000 o‘quv yilidan boshlab joriy qilinishini ta’minlasinlar.
Oldingi tahrirga qarang.
(8-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 20-iyundagi 183-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — O‘R QHT, 2011-y., 25-son, 260-modda)
9. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Moliya vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari har yili 1-avgustga qadar:
maktablarning malakali pedagog kadrlar, o‘quv-uslubiy adabiyotlar va didaktik materiallar, o‘qitishning texnik va axborot vositalari bilan ta’minlanishini;
umumiy o‘rta ta’lim tizimi ta’lim muassasalarining moddiy-texnika bazasini tayyorlashni, o‘quvchilar uchun zarur sanitariya-maishiy va ijtimoiy sharoitlar yaratilishini ta’minlasinlar.
10. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, “Ustoz” jamg‘armasi o‘qitishning ilg‘or usullarini, zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalarini ishlab chiqayotgan va ulardan foydalanayotgan umumiy o‘rta va oliy ta’limning ilg‘or ta’lim muassasalari negizida umumiy o‘rta maktablar o‘qituvchilarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kurslarini tashkil etsinlar va ularning muntazam ishlashini ta’minlasinlar.
11. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Xalq ta’limi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda maktab o‘quvchilarini har yili tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishni, sanitariya va maktab gigiyenasi normalariga, o‘quv-tarbiyaviy jarayonning sog‘lomlashtirish yo‘nalishiga rioya qilinishini ta’minlasin.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.A. Azizxo‘jayev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 13-may,
203-son
Oldingi tahrirga qarang.
(1-ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-martdagi 140-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — O‘R QHT, 2017-y., 11-son, 167-modda)