O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI BOJXONA ORGANLARIDA XIZMATNI O‘TASh HAQIDA VAQTINChALIK NIZOM
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 1-avgustdagi 154-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar kiritish va ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2006-yil 9-martdagi PQ-302-son qarori)”gi qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish masalalari to‘g‘risida” 1997-yil 30-iyuldagi 374-son qaroriga muvofiq hamda kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yishni yaxshilash va bojxona organlari xodimlarining intizomini mustahkamlash masalalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan qo‘yilgan vazifalarni to‘liq va og‘ishmay bajarish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasining bojxona organlarida xizmatni o‘tash haqidagi ilova qilinayotgan Vaqtinchalik nizom tasdiqlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasiga O‘zbekiston Respublikasi bojxona organlarida xizmatni o‘tash haqidagi Vaqtinchalik nizom vazifalari va talablarining amalga oshirilishini nazorat qilish yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 4-aprel,
146-son
O‘zbekiston Respublikasi bojxona organlarida xizmatni o‘tash haqida
VAQTINChALIK NIZOM
Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi bojxona organlari mansabdor shaxslari tomonidan xizmatni o‘tash tartibi va shartlarini, ularning huquqlari, vazifalari va javobgarligini belgilab beradi.
I. Umumiy qoidalar
1. Bojxona organlarining mansabdor shaxslariga (bundan keyin — bojxona organlarining boshliqlar tarkibidagi shaxslar) bojxona organlarida shtat lavozimini egallab turgan yoki bojxona organlari kadrlarida turgan maxsus unvon berilgan shaxslar kiradi.
Boshliqlar tarkibining bojxona organlaridagi xizmati bilan bog‘liq huquqlari, vazifalari va javobgarligi O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
2. Bojxona organlariga xizmatga 18 yoshga to‘lgan, lekin 30 yoshdan oshmagan, millati, jinsi, ijtimoiy kelib chiqishi, mulkiy va xizmat mavqeyidan, diniy e’tiqodidan qat’i nazar, o‘zining shaxsiy, ishchanlik va axloqiy sifatlari, ma’lumoti darajasi va salomatligiga ko‘ra bojxona organlariga yuklangan vazifalarning bajarilishini ta’minlashga qodir bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari ko‘ngillilik asosida qabul qilinadi.
Bojxona organlari o‘rta va katta boshliqlari tarkibi lavozimlariga ma’muriy-xo‘jalik, ishlab chiqarish, reja-iqtisodiyot, muhandislik-texnika va tibbiyot bo‘linmalariga 35 yoshgacha bo‘lgan, shuningdek istisno hollarda 45 yoshgacha bo‘lgan mutaxassislar qabul qilinishi mumkin.
3. Bojxona organlarida xizmatda turgan shaxslarga quyidagi maxsus unvonlar beriladi:
kichik boshliqlar tarkibi:
— bojxona xizmati starshinasi;
o‘rta boshliqlar tarkibi:
— bojxona xizmati kichik leytenanti;
— bojxona xizmati leytenanti;
— bojxona xizmati katta leytenanti;
— bojxona xizmati kapitani;
katta boshliqlar tarkibi:
— bojxona xizmati mayori;
— bojxona xizmati podpolkovnigi,
— bojxona xizmati polkovnigi;
oliy boshliqlar tarkibi:
— bojxona xizmati general-mayori;
— bojxona xizmati general-leytenanti;
— bojxona xizmati general-polkovnigi.
4. Bojxona organlari kichik boshliqlar tarkibi lavozimlari tanlov, kontrakt asosida haqiqiy harbiy xizmatni o‘tagan, ma’lumoti o‘rta umumiy ma’lumotdan kam bo‘lmagan shaxslar bilan to‘ldiriladi. Kichik boshliqlar tarkibi lavozimlariga Qurolli Kuchlar zaxirasidagi zobitlarni qabul qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Kichik, o‘rta va yuqori boshliqlar tarkibi oliy ma’lumotga ega bo‘lgan yoki oliy o‘quv yurtlarining oxirgi kurslarida o‘qiyotgan, haqiqiy harbiy xizmatni o‘tagan shaxslar bilan, shuningdek qonun hujjatlariga muvofiq harbiy xizmatni o‘tamagan boshqa shaxslar bilan tanlov asosida to‘ldiriladi.
Tanlov sinovlarini o‘tkazish tartibi va shartlarini O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi (bundan keyin — Qo‘mita) tomonidan belgilanadi.
5. Kichik boshliqlar tarkibidagi shaxslar bojxona organlarida xizmatda erkaklar 50 yoshga, ayollar 45 yoshga yetgungacha turishlari mumkin.
6. O‘rta, katta va oliy boshliqlar tarkibidagi shaxslar bojxona organlarida xizmatda kunidagi cheklangan yoshgacha turishlari mumkin:
a) bojxona xizmati kichik leytenantidan bojxona xizmati podpolkovnigigacha — 50 yosh
b) bojxona xizmati polkovniklari — 55 yosh
v) bojxona xizmati general-mayoridan bojxona xizmati general-polkovnigigacha — 60 yosh
Boshliqlar tarkibidagi shaxslar ular xizmatda turishlari uchun belgilangan cheklangan yoshga yetganlarida bojxona organlaridan bo‘shatilishi kerak.
7. Zarur hollarda va ularning roziligi bilan bojxona xizmati podpolkovnigigacha o‘rta va katta boshliqlar tarkibidagi belgilangan yoshdan katta yoshdagi shaxslar 5 yilgacha muddatga Qo‘mita raisi tomonidan belgilanadigan tartibda, bojxona organlarida xizmatda turishning mazkur Nizomning 6-bandida belgilangan yoshga yetgan, lekin sog‘lig‘iga, tayyorgarlik darajasiga va o‘z ishchanlik sifatlariga ko‘ra xizmatni davom ettirishga yaroqli bo‘lgan bojxona xizmati polkovnigi va undan yuqori maxsus unvonlardagi shaxslar esa Qo‘mita raisining qarori bilan xizmatda qoldirilishlari mumkin.
Ko‘rsatib o‘tilgan shaxslar belgilangan yoshdan keyin xizmatda qoldirilgan muddati tugamasdan bo‘shatilishi mumkin.
8. Bojxona organlari boshliqlar tarkibi lavozimlariga tayinlangan harbiy xizmatga majburlar belgilangan tartibda harbiy hisobdan chiqariladi va Qo‘mitada maxsus hisobda turadi.
II. Xizmatga qabul qilish
9. Bojxona organlariga xizmatga qabul qilish Qo‘mita raisi, Qo‘mitaning hududiy boshqarmalari va Ixtisoslashtirilgan bojxona komplekslari (bundan keyin — DBQB, IBK) boshliqlari tomonidan ularga berilgan huquqlar doirasida, mazkur Nizomning 2 va 4-bandlarida belgilangan shartlarga, shuningdek mutaxassislar bilan to‘ldiriladigan lavozimlar ro‘yxatiga hamda ularga qo‘yiladigan malaka talablariga rioya qilgan holda amalga oshiriladi.
DBQB (IBK) boshliqlarining xizmatga qabul qilish bo‘yicha huquqlari va mutaxassislar bilan to‘ldiriladigan lavozimlar ro‘yxati Qo‘mita raisi tomonidan belgilanadi.
10. Muqaddam jinoyat sodir etgan, shuningdek yashash joyi, ish joyi yoki o‘quv joyidan salbiy ta’riflangan shaxslar bojxona organlariga xizmatga qabul qilinishi mumkin emas.
11. Bojxona organlarining kichik boshliqlar tarkibi lavozimiga xizmatga kirayotgan shaxs bilan kontrakt tuziladi.
Bojxona organlarida xizmat qilish to‘g‘risidagi kontrakt bo‘yicha fuqaro unga yuklatilgan xizmat vazifasini bajarish, Qasamyodga, ichki tartibga va mazkur Nizom talablariga rioya qilish majburiyatini oladi, Qo‘mita esa ta’minotning barcha turlari, huquqlar, imtiyozlar berilishini ta’minlash va bojxona organlarida xizmat qilish uchun amaldagi qonun hujjatlarida, mazkur Nizomda va kontraktda nazarda tutilgan shart-sharoitlarni yaratish majburiyatini oladi.
Kontrakt tomonlarning kelishuviga ko‘ra unda belgilangan muddat tugashidan kamida ikki oydan oldin uzaytirilishi yoki qayta tuzilishi mumkin. Tomonlar kontraktni bekor qilish yoki qayta tuzish xohishini bildirishmagan taqdirda, uning amal qilishi mazkur kontrakt shartlarida kelishilgan muddatga uzaytiriladi.
Namunaviy kontrakt shakli va shartlari Qo‘mita raisi tomonidan belgilanadi.
12. Bojxona organlariga xizmatga qabul qilinayotgan shaxs shtatdagi lavozimga tayinlanadi yoki kichik boshliqlar tarkibining maxsus unvoni berilgan holda bojxona organlarining boshlang‘ich tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalari kurslariga tinglovchi etib qabul qilinadi.
Boshlang‘ich tayyorgarlik kursi tinglovchisi, agar uning qo‘yilgan talablarga muvofiq kelmasligi aniqlansa yoki uning shaxsiy iltimosi bilan uni tugatguncha kursdan chiqarilishi mumkin.
Boshlang‘ich tayyorgarlik kursini tugatgandan so‘ng boshliqlar tarkibidagi shaxs xizmat joyiga taqsimlanadi, u yerda u tajriba orttirishdan o‘tadi.
Boshlang‘ich tayyorgarlik va xizmat joyidagi tajriba orttirishning umumiy muddat bir yilni tashkil etishi kerak.
III. Maxsus unvon berish, maxsus unvonni pasaytirish, maxsus unvondan mahrum etish
13. Boshliqlar tarkibining maxsus unvonlari bojxona organlarida xizmatni o‘tayotgan shaxslarga ma’lumoti, tayyorgarligi, ish tajribasi va egallab turgan lavozimini, Qurolli Kuchlarning zaxiradagi zobitlariga va muqaddam ichki ishlar organlarida xizmatni o‘tagan boshliqlar tarkibidagi shaxslarga esa ularning mavjud harbiy yoki maxsus unvonlari hisobga olingan holda beriladi.
Shtatlar bo‘yicha bojxona xizmati mayori va undan yuqori maxsus unvonlar belgilangan bojxona organlari katta boshliqlar tarkibi lavozimiga qabul qilingan shaxslarga, agar ular zaxirada yuqoriroq harbiy unvonga yoki ichki ishlar organlari boshliqlar tarkibining maxsus uyushmaga ega bo‘lishmagan bo‘lsa, bojxona xizmati mayoridan yuqori bo‘lmagan birinchi maxsus unvon berilishi mumkin.
14. Bojxona organlarining birinchi va bojxona xizmati polkovnigigacha bo‘lgan navbatdagi unvonlar Qo‘mita raisi tomonidan beriladi.
Yuqori boshliqlar tarkibining bojxona xizmati general-mayoridan bojxona xizmati general-polkovnigigacha bo‘lgan maxsus unvonlar Qo‘mita raisi taqdimnomasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan beriladi.
15. Bojxona organlarining boshliqlari tarkibiga maxsus unvonlar navbat bilan, attestatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tganda, navbatdagi unvon egallab turgan lavozimi bo‘yicha shtatda belgilangan maxsus unvonga muvofiq bo‘lganda hamda oldingi unvonda xizmat qilish muddati tugaganda beriladi.
Boshliqlar tarkibidagi shaxsga navbatdagi unvon berilmasdan maxsus unvon berilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Maxsus unvonlar berishning mazkur Nizomda nazarda tutilmagan qo‘shimcha shartlarini o‘zboshimchalik bilan belgilash taqiqlanadi.
16. Boshliqlar tarkibidagi shaxsning maxsus unvonlarda xizmat muddatlari quyidagicha belgilanadi:
— bojxona xizmati kichik leytenanti unvonida —1 yil;
— bojxona xizmati leytenanti unvonida — 2 yil;
— bojxona xizmati katta leytenanti unvonida — 3 yil;
— bojxona xizmati kapitani unvonida — 3 yil;
— bojxona xizmati mayori unvonida — 4 yil;
— bojxona xizmati podpolkovnigi unvonida — 5 yil.
Bojxona xizmati starshinasi, bojxona xizmati polkovnigi va undan yuqori maxsus unvonlarda xizmat muddatlari belgilanmaydi.
17. Unvonda belgilangan xizmat muddati tugagan boshliqlar tarkibidagi shaxslarning lavozimlari o‘zgartirilganda va yuqoriroq unvon belgilangan lavozimga ko‘tarilganda, ushbu lavozimlarda bo‘lish muddatidan qat’iy nazar, ular navbatdagi unvonga taqdim etiladilar.
18. Bojxona xizmati starshinasi maxsus unvoni:
a) bojxona organlariga xizmatga qabul qilingan va kichik boshliqlar tarkibi lavozimlariga tayinlangan shaxslarga;
b) bojxona organlariga xizmatga qabul qilingan va o‘rta boshliqlar tarkibi lavozimlariga tayinlangan, o‘qiyotgan va tajriba orttirishdan o‘tayotgan shaxslarga beriladi.
19. Bojxona xizmati kichik leytenanti maxsus unvoni oliy o‘quv yurtining oxirgi kursida o‘qiyotgan, o‘rta boshliqlar tarkibi lavozimlariga tayinlangan shaxslarga boshlang‘ich tayyorgarlik va xizmat joyida tajriba orttirishdan o‘tgandan so‘ng beriladi.
20. Bojxona xizmati leytenanti maxsus unvoni:
a) maxsus unvonda belgilangan xizmat muddati tugagandan so‘ng, oliy o‘quv yurtini tugatganlarga esa mavjud maxsus unvonda belgilangan xizmat muddatidan qat’i nazar, bojxona xizmati kichik leytenantlariga;
b) oliy o‘quv yurtini tugatgan va o‘rta boshliqlar tarkibi lavozimlariga tayinlangan kichik boshliqlar tarkibidagi shaxslarga;
v) oliy ma’lumotga ega bo‘lgan va o‘rta boshliqlar tarkibi lavozimlariga qabul qilingan shaxslarga boshlang‘ich tayyorgarlik va xizmat joyida tajriba orttirishdan o‘tgandan keyin beriladi.
21. Maxsus unvondagi belgilangan xizmat muddati unvon berilganligi to‘g‘risida buyruq chiqarilgan kundan boshlab hisoblanadi. Boshliqlar tarkibining pasaytirilgan maxsus unvonda bo‘lgan vaqti unvoni tiklanganda belgilangan xizmat muddatiga qo‘shilmaydi.
22. O‘rta va katta boshliqlar tarkibining navbatdagi maxsus unvonlari muddatidan oldin yoki shtatlar bo‘yicha egallab turgan lavozimlari uchun belgilanganidan bir pog‘ona yuqori unvon berilishi mumkin.
Maxsus unvonlar muddatidan oldin:
a) mavjud maxsus unvonda xizmat muddatidan qat’iy nazar, xizmat burchini bajarishdagi qahramonligi, jasurligi va fidokorligi uchun;
b) maxsus unvonda xizmat muddatining kamida uchdan ikki qismini o‘tab bo‘lgandan so‘ng — xizmat vazifalarini vijdonan bajarganligi va o‘z ishida erishgan yuqori ko‘rsatkichlari uchun beriladi.
Shtatlar bo‘yicha egallab turgan lavozimlari uchun belgilangan unvondan bir pog‘ona yuqori navbatdagi maxsus unvon berilgan unvonda xizmat qilishning kamida bir yarim baravar muddati tugagandan so‘ng — xizmat faoliyatida yuqori ko‘rsatkichlarga erishganligi uchun beriladi.
Maxsus unvonlar muddatidan oldin yoki shtatlar bo‘yicha egallab turgan lavozimi uchun belgilangan unvondan bir pog‘ona yuqori unvonning bir paytning o‘zida berilishiga yo‘l qo‘yilmaydi va bojxona organida xizmat qilishning butun davrida faqat bir marta amalga oshirilishi mumkin.
Bojxona xizmati kapitan maxsus unvonlariga ega bo‘lgan boshliqlar tarkibidagi shaxslarga ularning iste’foga chiqishi yoki yoshiga, kasalligiga, sog‘lig‘ining cheklanganiga, shtatlar qisqarishiga ko‘ra zaxiraga bo‘shatilishi bilan bir paytda navbatdagi bojxona xizmati mayori maxsus unvoni berilishi mumkin, agar ular pensiya tayinlashda hisobga olinadigan 20 yil va undan ortiq (imtiyozli hisoblangan) belgilangan xizmat muddatiga ega bo‘lishsa, berilgan unvonda belgilangan xizmat muddatini tugatishgan, egallab turgan lavozimida bojxona xizmati kapitani cheklangan unvon bo‘lsa, xizmatda ijobiy ta’riflansa.
23. Intizomiy jazoga ega bo‘lgan yoki ularga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan yoxud ular tomonidan qonunchilikning buzilishi hollari bo‘yicha xizmat tekshiruvi o‘tkazilayotgan boshliqlar tarkibidagi shaxslar intizomni jazo olinmaguncha yoki oqlovchi asoslar bo‘yicha ish to‘xtatilmaguncha yoxud xizmat tekshiruvi tugamaguncha navbatdagi maxsus unvonlarga taqdim etilmaydi.
24. Boshliqlar tarkibidagi shaxsni navbatdagi maxsus unvon berishga taqdim etishni asossiz ravishda kechiktirgan bojxona organi boshlig‘i intizomiy javobgarlikka tortiladi.
25. O‘rta va katta boshliqlar tarkibidagi shaxslarni navbatdagi unvonga taqdim etishni kechiktirish, maxsus unvonni bir pog‘onaga pasaytirish tegishli DBQB (IBK) va Qo‘mita boshqarmalari boshliqlarining taqdimnomasiga ko‘ra intizomiy jazo sifatida Qo‘mita raisi tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
Oldingi maxsus unvoni pasaytirilgan boshliqlar tarkibidagi shaxslarining unvoni, egallab turgan lavozimlaridan qat’i nazar, unvon pasaytirilgan kundan boshlab avvalgi maxsus unvoniga kamida bir yildan keyin attestatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tganda tegishli DBQB (IBK), Qo‘mita boshqarmalari boshliqlarining taqdimnomasiga ko‘ra Qo‘mita raisining buyrug‘i bilan tiklanadi.
Boshliqlar tarkibidagi shaxsning avvalgi maxsus unvoni tiklanguncha va unga navbatdagi maxsus unvon berilgunga qadar uning maxsus unvoni ikkinchi marta pasaytirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Yuqori boshliqlar tarkibidagi shaxslarning maxsus unvonlari pasaytirilishi, keyinchalik O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq ularning maxsus unvonlari tiklanishi mumkin.
26. Boshliqlar tarkibidagi shaxslar quyidagi hollarda maxsus unvonlardan mahrum qilinishi mumkin:
— kichik, o‘rta va katta boshliqlar tarkibi sodir etgan jinoyati uchun sudining qonuniy kuchga kirish hukmi bilan, shuningdek Qo‘mita raisi tomonidan belgilangan tartibda;
— yuqori boshliqlar tarkibi — amaldagi qonunchilikka muvofiq va sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan.
IV. Xizmatni o‘tash
27. Boshliqlar tarkibidagi shaxslar bilan to‘ldiriladigan lavozimlar ro‘yxatlar bilan belgilanadi va bojxona organlarining shtatlarida nazarda tutiladi.
Kichik, o‘rta va katta boshliqlar tarkibidagi shaxslar bilan to‘ldiriladigan lavozimlar va bu lavozimlarga mos keluvchi maxsus unvonlar ro‘yxati Qo‘mita raisi tomonidan belgilanadi, oliy boshliqlar tarkibidagi shaxslar bilan to‘ldiriladigan lavozimlar ro‘yxati esa — amaldagi qonunchilikka muvofiq tasdiqlanadi.
28. Boshliqlar tarkibidagi shaxslar shtatdagi lavozimlarga Qo‘mita raisi tomonidan belgilanadigan tartibda tayinlanadi.
Lavozimlarga tayinlashda quyidagi talablarga rioya qilinadi:
a) boshliqlar tarkibidagi shaxslarni tayinlashda ularning olgan ma’lumotiga muvofiq asosiy yoki turdosh mutaxassisligi yoki ularning mavjud ish tajribalaridan foydalanish ta’minlanishi kerak. Boshliqlar tarkibidagi shaxslarni boshqa mutaxassisliklarda foydalanish zaruriyati bo‘lgan hollarda ular tegishli kurslar va yig‘inlarda qayta tayyorlanadi;
b) boshliqlar tarkibidagi shaxslar lavozimlarga vazifani bajarib turuvchi etib tayinlanishlari mumkin. Bunda ularning bo‘sh lavozim vazifalarini bajarib turishlarining uzluksiz muddati ikki oydan, lavozim bo‘sh bo‘lmaganda esa to‘rt oydan oshmasligi kerak;
v) tashkiliy-shtat tadbirlarini amalga oshirishda, boshliqlar tarkibidagi shaxslar 15 kundan oshmagan muddatga tegishli bojxona organlari ixtiyoriga o‘tkazib qo‘yilgan holda egallab turgan lavozimidan ozod etilishi mumkin. Alohida vaziyatlar tufayli vujudga kelgan ayrim hollarda ularning 15 kundan ko‘p, biroq 2 oydan oshmaydigan muddatda bo‘lishlariga Qo‘mita raisining ruxsati bilan yo‘l qo‘yiladi. Boshliqlar tarkibidagi shaxslarning bojxona organi ixtiyorida bo‘lish muddatiga uning kasal bo‘lgan, navbatdagi va qo‘shimcha ta’tilda bo‘lgan vaqti kirmaydi;
g) boshliqlar tarkibidagi shaxslarning xizmat lavozimi, odatda bojxona organlari ixtiyoriga o‘tkazilmasdan o‘zgartirilishi kerak. Bojxona organlari ixtiyorida turgan shaxslar lavozimlarga imkoni boricha qisqa muddatda, lekin lavozimdan bo‘shatilgan kundan boshlab 2 oydan kech bo‘lmagan muddatda tayinlanadi;
d) o‘zining sog‘lig‘i yoki ularning oila a’zolarining sog‘lig‘iga ko‘ra, harbiy-davolash komissiyasining xulosasiga muvofiq xizmat (yashash) joyini o‘zgartirishga muhtoj bo‘lgan boshliqlar tarkibidagi shaxslar Qo‘mita raisi tomonidan belgilanadigan tartibda boshqa joyga xizmatga o‘tkazilishi mumkin;
e) yaqin qarindosh yoki quda tomonidan qarindosh hisoblangan (ota-onalar, er-xotin, aka-ukalar, opa-singillar, o‘g‘illar, qizlar, shuningdek er-xotinning ota-onalari, aka-ukalari, opa-singillari, bolalari) boshliqlar tarkibidagi shaxslar, agar ularning xizmati bevosita bir-biriga bo‘ysunishi yoki bir-birini nazorat qilish bilan bog‘liq bo‘lsa, bir bojxona organida xizmatni o‘tashiga ruxsat etilmaydi.
29. Boshliqlar tarkibidagi shaxslarning xizmat lavozimlari quyidagi tartibda o‘zgartiriladi:
a) yuqori lavozimlarga — xizmatda o‘sish tartibida;
b) teng lavozimlarga — tashkiliy-shtat tadbirlari o‘tkazilishi, boshqa lavozimlarni to‘ldirish, boshliqlar tarkibidagi shaxslardan ularning xizmat va shaxsiy sifatlariga, salomatligiga, yoshiga, yangi mutaxassisligi bo‘yicha olgan tayyorgarligini, oilaviy sharoitlarini hisobga olib maqsadga muvofiq foydalanish zaruriyatiga ko‘ra;
v) quyi lavozimlarga:
shtatlar qisqartirilganda — teng lavozimga o‘tkazish imkoniyati bo‘lmaganda va ularning roziligi bilan;
salomatligiga ko‘ra — harbiy-davolash komissiyasining xulosasiga muvofiq va ularning roziligi bilan;
shaxsiy iltimosiga ko‘ra;
attestatsiyadan o‘tkazilganda xizmat lavozimiga munosib emasligi:
intizomiy jazo sifatida.
Boshliqlar tarkibidagi shaxslarni ko‘pi lavozimlarga o‘tkazish to‘g‘risidagi shaxsni tarkib bo‘yicha buyruqda o‘tkazishning asoslari ko‘rsatiladi.
Quyi lavozimlarga o‘tkazilgan boshliqlar tarkibidagi shaxslar keyinchalik ularning malakasi, ish tajribasi, ishchanlik va axloqiy sifatlari, salomatligi hisobga olingan holda xizmatda o‘sishlari mumkin.
Shtatlar qisqarishi munosabati bilan quyi lavozimlarga o‘tkazilgan va avvalgi lavozimini yoki ularga teng lavozimlarni egallash uchun zarur talablarga javob beruvchi boshliqlar tarkibidagi shaxslar xizmatda o‘sishda ustunlik huquqiga ega bo‘ladilar.
30. Boshliqlar tarkibidagi shaxslarning xizmatda o‘sishi ularning amaliy ishda ko‘rsatgan professionalligi, axloqiy va ishchanlik sifatlariga muvofiq Qo‘mita raisi tomonidan belgilanadigan tartibda amalga oshiriladi.
31. Xizmat bo‘yicha yashash joyini o‘zgartirgan boshliqlar tarkibidagi shaxslar bojxona organlari tomonidan buyruq yoki xizmat bo‘yicha ish joyining o‘zgartirilishi to‘g‘risidagi bildirish xatini olgan kundan boshlab bir oy muddatdan kechikmasdan, ular ta’tilda yoki davolanishda bo‘lgan hollardan tashqari, ishi va o‘ziga qarashli mol-mulkni topshirgandan so‘ng yangi ish joyiga jo‘nashi kerak.
32. Bojxona organlarining boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslar bojxona organlari xodimi sifatida qoldirilgan holda davlat hokimiyati organlarining, boshqa vazirliklar va idoralarning apparatiga yoki ularga qarashli korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga xizmat safariga yuborilishlari mumkin.
Xizmat safariga yuborish manfaatdor hokimiyat organlari, vazirliklar va idoralarning rahbarlari taqdimnomasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoxud O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori asosida Qo‘mita raisining buyrug‘i bilan amalga oshiriladi.
Davlat hokimiyati organlari, vazirliklar va idoralar yoki ularga qarashli korxonalar, muassasalar, tashkilotlarning apparatlariga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq bojxona organlari boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslarning o‘rniga tayinlanishi munosabati bilan boshliqlar tarkibi maxsus unvonlari berilgan holda bojxona organlariga ishga olingan shaxslar ham xizmat safariga yuborilgan hisoblanadilar.
Davlat hokimiyati organlari, vazirliklar va idoralar apparatlariga yoki ularga qarashli korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga xizmat safariga yuborilgan bojxona organlari boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslar mazkur Nizomda belgilangan tartibda xizmatni o‘taydilar.
33. Mazkur Nizomning 32-bandida ko‘rsatilgan boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslarni lavozimlarga tayinlash va ular lavozimining o‘zgartirilishi Qo‘mita bilan kelishgan holda tegishli vazirliklar va idoralarning yoki ularga qarashli korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning rahbarlari tomonidan bojxona organlari boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslar egallashi kerak bo‘lgan lavozimlar uchun belgilangan doirada amalga oshiriladi.
34. Mazkur Nizomning 32-bandida ko‘rsatilgan boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslar bojxona organlarining boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslar uchun belgilangan huquqlar, imtiyozlar va ustunliklardan foydalanadilar. Ko‘rsatib o‘tilgan shaxslarga pul ta’minoti O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda to‘lanadi.
35. Bojxona xizmati polkovnigigacha bo‘lgan birinchi va navbatdagi maxsus unvonlar, 32-bandda ko‘rsatilgan shaxslar ham shu jumlaga kiradi, mazkur Nizomning 13—23-bandlarida nazarda tutilgan tartibda tegishli vazirliklar, idoralarning yoki ularga qarashli korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning taqdimnomasi bo‘yicha beriladi. Ularga bojxona organlari yuqori boshliqlar tarkibining maxsus unvonlarini berish Qo‘mita raisi hamda tegishli vazirliklar va idoralarning birgalikdagi taqdimnomasi bo‘yicha amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
36. Davlat hokimiyati organlari, vazirliklar va idoralarning apparatlariga yoki ularga qarashli korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga xizmat safariga yuborilgan boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslar mazkur Nizomning 46-bandida belgilangan tartibda o‘zlarining bevosita rahbarlari tomonidan Qo‘mita yoki uning tegishli organlari vakillari bilan birgalikda attestatsiyadan o‘tkaziladi.
37. Davlat hokimiyati organlari, vazirliklar va idoralarning apparatlariga yoki ularga qarashli korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga xizmat safariga yuborilgan boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslarni cheklangan yoshdan ortiqcha yoshda xizmatda qoldirish mazkur Nizomning 7-bandida belgilangan tartibda tegishli vazirliklar va idoralar bilan kelishgan holda amalga oshiriladi.
38. Davlat hokimiyati organlari, vazirliklar va idoralarning apparatlariga yoki ularga qarashli korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga xizmat safariga yuborilgan boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslar (ularga, tenglashtirilgan shaxslar ham shu jumlaga kiradi) mazkur Nizomning 83—90-bandlarida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha xizmatdan bo‘shatiladi.
39. Davlat hokimiyati organlari, vazirliklar va idoralarning apparatlariga yoki ularga qarashli korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga xizmat safariga yuborilgan boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslar xizmatdan bo‘shatilganda, shuningdek ularning oila a’zolari, bevosita bojxona organlaridan bo‘shatilgan boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslar va ularning oila a’zolari bilan teng bo‘lgan huquqlar, imtiyozlar va ustunliklardan foydalanadilar.
40. Mazkur Nizomning 32-bandida ko‘rsatilgan boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslar tomonidan xizmatni o‘tashning belgilangan tartibiga rioya etilishi ustidan nazorat Qo‘mita tomonidan amalga oshiriladi.
41. Mazkur Nizomning 32—39-bandlarining amal qilishi vakillik hokimiyati organlariga saylab qo‘yiladigan lavozimlarga ushbu lavozimning vakolatlari muddatiga saylangan bojxona organlari boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslarga nisbatan qo‘llanilishi mumkin.
Bunday shaxslarni xizmat safariga yuborish Qo‘mita raisi tomonidan belgilanadigan tartibda Qo‘mita raisining, DBQB (IBK) boshliqlarining buyruqlari bilan amalga oshiriladi.
42. Bojxona organlari kadri sifatida qoldirilgan holda davlat hokimiyatining respublika va mahalliy organlariga xizmat safariga yuborilgan bojxona organlari boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslarni ashyolar va zarur ashyolarning boshqa turlari bilan ta’minlash Qo‘mita tomonidan amalga oshiriladi. Bunda ashyoviy mulklarning barcha zarur buyumlari o‘rniga ularga pul kompensatsiyasi to‘lanadi.
Bojxona organlarining boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslar ushbu organlarda ishlash muddati tamom bo‘lgandan keyin avvalgi xizmat joyiga qaytib keladilar.
Bojxona organlari kadri sifatida qoldirilgan holda davlat hokimiyatining respublika va mahalliy organlariga xizmat safariga yuborilgan boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslarga navbatdagi maxsus unvonlar ushbu Nizomning 13—22-bandlarida belgilangan tartibda beriladi.
Ularga bojxona xizmati polkovnigigacha (ushbu unvonning o‘zi ham kiradi) navbatdagi maxsus unvon berish xizmat safariga yuborilgandan keyin ushbu lavozim bo‘yicha shtatga kiritilgan maxsus unvon o‘zgarishi hisobga olinmasdan ular xizmat safariga yuborilgungacha egallagan oxirgi lavozimi bo‘yicha shtatda belgilangan navbatdagi unvon chegaralangan maxsus unvonga muvofiq bo‘lgan taqdirda berilgan unvonda xizmat qilish muddati tamom bo‘lgandan keyin beriladi.
Davlat hokimiyati respublika va mahalliy organlariga xizmat safariga yuborilgan hamda uy-joy sharoitlari yaxshilanishiga muhtoj bo‘lgan boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslar uchun idoralarga qarashli uy-joylarni olishda navbatda turish, shuningdek yashash yoki xizmat joyi bo‘yicha bolalar muassasalarida o‘rin saqlanadi. Ular va ularning oila a’zolari avvalgi xizmat joyi bo‘yicha tibbiy muassasalardan va bolalar maktabgacha tarbiya muassasalaridan foydalanishni davom ettirishlari mumkin.
43. Vakillik hokimiyati organlariga saylanishi munosabati bilan bojxona organlaridan bo‘shatilgan hamda saylab qo‘yiladigan lavozim bo‘yicha vakolatlar tamom bo‘lgandan keyin xizmatga qaytgan boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslarga ularning ushbu organlaridagi ishlagan vaqti uzoq yil ishlaganligi uchun foizli ustama to‘lash va pensiya tayinlash uchun bojxona organlaridagi xizmat stajiga qo‘shiladi.
44. Bojxona organlarining mansabdor shaxslari tegishli vazirliklar va idoralarning roziligi bo‘yicha Qo‘mita raisining buyruqlari bilan Qurolli Kuchlarga, Milliy xavfsizlik xizmati qo‘shinlari va organlariga, Favqulodda vaziyatlar vazirligiga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan tashkil etiladigan harbiylashtirilgan tuzilmalarga, ichki qo‘shinlarga, shuningdek ichki ishlar organlariga o‘tkazilishi va ular shaxsiy tartibda haqiqiy harbiy xizmatga yoki xizmatni bundan keyin davom ettirish uchun yuborilishi munosabati bilan qayta o‘tkazilishi mumkin.
Prokuratura organlari tergovchilarini tergov va surishtirish bilan bog‘liq bojxona organlariga ishga o‘tkazishda ham ana shunday tartib qo‘llanilishi mumkin.
45. Bojxona organlarining boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslar Qasamyod qabul qiladilar.
Qasamyod qabul qilish tartibini Qo‘mita raisi belgilaydi.
46. Ishchanlik va axloqiy fazilatlarni, xizmatga kasb-kor bo‘yicha yaroqlilikni baholash va shaxsiy qobiliyati hamda ish tajribasiga muvofiq samarali joylashtirish uchun boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslar attestatsiyadan o‘tkaziladi.
Kichik boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslar xizmat to‘g‘risidagi kontrakt muddatini uzaytirishda attestatsiyadan o‘tadilar, o‘rta, katta va oliy boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslar esa to‘rt yilda bir marta, shuningdek oldingi attestatsiya xulosalarini o‘zgartirish zaruriyati paydo bo‘lgan boshqa hollarda attestatsiyadan o‘tadilar. Zaruriyat bo‘lganda Qo‘mita raisining qaroriga ko‘ra bojxona organlarining butun boshliqlar tarkibi yoki uning ayrim toifalari navbatdan tashqari attestatsiyadan o‘tkazilishi mumkin.
Bojxona organlarining boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslarni attestatsiyadan o‘tkazish asoslari, tartibi va muddatlarini Qo‘mita raisi belgilaydi.
47. Bojxona organlarining boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslar Qo‘mita raisi belgilaydigan tartibda va shartlarda Qo‘mitaning o‘quv yurtlarida, zarurat bo‘lganda esa boshqa vazirliklar va idoralarning o‘quv yurtlarida dastlabki, tayyorgarlikdan, malaka oshirishdan, qayta tayyorgarlikdan va tajriba orttirishdan o‘tadilar.
Boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslarning joriy xizmat va jangovar tayyorgarligi Qo‘mita raisi tomonidan belgilangan tartibda ular xizmat qilayotgan joyda yoki bojxona organlari o‘quv yurtlarida o‘tkaziladi.
48. Bojxona organlarining boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslar formali kiyim-boshga ega bo‘ladilar. Boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslarning kiyim-boshi bichimi, farqlovchi belgilari va kiyim-bosh bilan ta’minlash normalari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
49. Bojxona organlarining boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslar tegishli tayyorgarlikdan o‘tgandan keyin, xizmat vazifalarini bajarish chog‘ida qurol-yarog‘ va maxsus vositalarni qo‘llash asosi va tartibi O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
50. Bojxona organlarining boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslarga nisbatan rag‘batlantirish va intizomni jazo choralari qo‘llanilishi mumkin.
Rag‘batlantirish va intizomiy jazo choralari ro‘yxati, ularni qo‘llash tartibi, shuningdek xizmat intizomiga rioya etish bo‘yicha bojxona organlari boshliqlarining huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan Bojxona organlarining Intizomiy ustavi bilan belgilanadi.
51. Bojxona organlarining boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslarning urush davrida xizmatni o‘tash tartibi qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
V. Xizmat shart-sharoitlari
52. Bojxona organlarining ichki tartibi amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq va mahalliy sharoitlaridan kelib chiqib Qo‘mita raisi belgilaydigan tartibda bojxona organlari boshliqlari tomonidan belgilanadi.
53. Bojxona organlarining boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslar:
a) ish tashlashlarda, siyosiy manifestatsiyalarda va ko‘cha namoyishlarini tashkil etish va ularda qatnashishga;
b) haq to‘lanadigan boshqa faoliyat bilan shug‘ullanishga, pedagogik, ilmiy va ijodiy ishdan tashqari;
v) shaxsan yoki ishonchli shaxslar orqali tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishga;
g) xo‘jalik yurituvchi subyektlar boshqaruv organlarining a’zosi bo‘lishga:
d) bojxona organlarida uchinchi shaxslarning ishi bo‘yicha ishonchli vakil yoki vakil bo‘lishga;
e) moddiy-texnika vositalaridan va axborot ta’minotidan, moliyaviy mablag‘lardan, boshqa davlat mulkidan, shuningdek xizmatga tegishli axborotdan g‘arazli maqsadda foydalanishga;
j) jismoniy va yuridik shaxslardan sovg‘alar, pul taqdirlashlari, ssudalar olishga, ular xizmatidan foydalanishga, ko‘ngil ochish, dam olish, transport xarajatlari uchun haq to‘lashga mablag‘ olishga hamda lavozim vazifalarini bajarish bilan bog‘liq boshqa taqdirlashlarni olishga haqli emas.
Xalqaro va davlatlararo simpoziumlarda, konferensiyalarda va amaliy uchrashuvlarda vakillikni amalga oshirishda boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslar tomonidan olingan 200 AQSh dollaridan ortiq summaga teng bo‘lgan qimmatli sovg‘alar saqlash uchun Qo‘mitaga topshiriladi, ularning xalqaro sport musobaqalarida ijodiy va kasb-hunar tanlovlarida olgan shaxsiy sovrinlari bundan mustasno.
54. Bojxona organlarining boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslarga ta’tillarning quyidagi turlari beriladi:
a) navbatdagi ta’til;
b) qisqa muddatli (haq to‘lanmaydigan) ta’tillar;
v) kasalligi bo‘yicha:
g) ijtimoiy ta’tillar (homiladorlik va tug‘ish, bolalarni parvarish qilish, ijodiy ta’tillar va o‘qish bilan bog‘liq ta’tillar);
d) qo‘shimcha ta’tillar (zararli sharoitlarda vazifalarni bajarganlik uchun).
Ta’tillarning muddati sutkalar bo‘yicha hisoblab chiqiladi. Qonun hujjatlari bilan belgilangan davlat bayram kunlari ta’tillar muddatini belgilashda hisobga olinmaydi.
Boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslarga navbatdagi, qisqa muddatli ta’tillarni, shuningdek kasalligi bo‘yicha ta’tillarni berishda ta’til muddati ta’tilni o‘tkazish, davolanish joyiga borishga va u yerdan qaytib kelish uchun zarur bo‘lgan kunlar soniga ko‘payadi, biroq bu 15 sutkadan ortiq bo‘lmaydi. Bayram sanalari munosabati bilan dam olish kunlari ko‘chirilganda, ushbu kunlar navbatdagi ta’tilga qo‘shiladi.
Navbatdagi va qo‘shimcha ta’tillar muddati xizmat qilingan vaqtga mutanosib ravishda ko‘rsatib o‘tilgan har bir ta’tilning to‘liq muddatini 12 ga bo‘lish va to‘liq xizmat qilingan oylar soniga ko‘paytirish yo‘li bilan aniqlanadi.
55. Bojxona organlarining boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslarga har yilgi navbatdagi ta’tillar Qo‘mita bo‘yicha pensiya tayinlashda hisobga olinadigan necha yil ishlaganligiga bog‘liq ravishda (kalendar bo‘yicha hisoblab) quyidagicha beriladi:
a) kamida 10 yil ishlaganda — 30 sutka muddatga;
b) 10 yildan 15 yilgacha ishlaganda — 35 sutka muddatga;
v) 15 yildan 20 yilgacha ishlaganda — 40 sutka muddatga;
g) 20 yil va undan ko‘p ishlaganda — 45 sutka muddatga.
Navbatdagi ta’til boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxsning xohishiga ko‘ra ikki qismga bo‘linishi mumkin, bunda ta’tilning beriladigan qismi 12 sutkadan kam bo‘lmasligi kerak. Ta’tilni o‘tkazish joyiga borish va u yerdan qaytib kelish uchun to‘lanadigan yo‘l puli olish huquqi, shuningdek borish-kelish uchun vaqt ta’tilning faqat bir qismiga beriladi.
56. Navbatdagi har yilgi ta’til navbatdagi yillik ta’tillar jadvaliga muvofiq bojxona organlari boshliqlar tarkibiga kiruvchi har bir shaxsga kalendar yil davomida berilishi kerak, amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq navbatdagi yillik ta’tillarni 2 yil uchun birlashtirishga ruxsat berilgan shaxslar bundan mustasno. Alohida hollarda bevosita boshliqlar — DBQB (IBK) boshliqlari, ularga teng shaxslar va ulardan yuqori shaxslarning ruxsati bilan navbatdagi ta’til boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslarga, agar favqulodda vaziyatlarga ko‘ra ta’til o‘z vaqtida berilmagan bo‘lsa, o‘tgan yil uchun boshlangan yilning birinchi choragida berilishi mumkin.
Ta’tillar o‘rniga pul kompensatsiyasi berilishiga yo‘l qo‘yilmaydi, o‘zining navbatdagi va qo‘shimcha ta’tillaridan foydalanmagan bojxona organlari boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslarning ishdan bo‘shashi hollari bundan mustasno.
57. Navbatdagi ta’til davrida kasal bo‘lib qolgan bojxona organlarining boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslarga salomatlikni tiklashga oid ta’til foydalanilmagan kunlar soniga uzaytiriladi. Ushbu holda ta’tilni uzaytirish davolovchi shifokor va davolash muassasasi boshlig‘i (bosh shifokori) tomonidan tasdiqlangan tegishli hujjat asosida ta’tilni bergan boshliq tomonidan amalga oshiriladi.
58. Boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslarga navbatdagi yillik ta’til muddati bojxona organlariga xizmatga kirgan yilda xizmatga qabul qilish kunidan boshlab bo‘lgan davr uchun har bir to‘liq ish oyi uchun ta’tilning o‘n ikkidan bir qismi hisobiga ishlangan vaqtga mutanosib ravishda hisoblab chiqariladi. Bunda 10 sutka va undan ko‘p muddatga ta’til olishga huquqi bo‘lgan boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslarga O‘zbekiston Respublikasi doirasida ta’tilni o‘tkazish joyiga borish va u yerdan qaytib kelish qiymati to‘lanadi hamda ta’tilga qo‘shimcha ravishda yo‘l uchun vaqt beriladi. 10 kalendar kundan kam bo‘lgan ta’til boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxs xohishiga ko‘ra keyingi yilda navbatdagi ta’til bilan birga berilishi mumkin.
59. Favqulodda holat davri belgilangan, ekologik ofat zonalari deb e’lon qilingan tumanlarda hamda ularga tenglashtirilgan joylarda xizmatni o‘tayotgan bojxona organlarining boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslarga ikki yil uchun navbatdagi ta’til ularning xohishiga ko‘ra birlashtirilishi mumkin. Ushbu mansabdor shaxslar xizmat bo‘yicha boshqa joyga o‘tkazilgan taqdirda ular tomonidan foydalanilmagan birlashtirilgan ta’til yangi xizmat joyi bo‘yicha beriladi. Xizmat zaruriyatiga ko‘ra yangi xizmat joyi bo‘yicha birlashtirilgan ta’til har gal borish-kelish haqi to‘langan holda belgilangan umumiy muddat doirasida ikki muddatda berilishi mumkin.
60. Bojxona organlarining boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslarni ularning roziligisiz navbatdagi ta’tildan chaqirib olish taqiqlanadi. Xizmat zarurat taqozo etgan favqulodda hollarda ularni bevosita boshliqlar — DBQB (IBK) boshliqlarining, ularga teng va yuqori boshliqlarning ruxsati bilan navbatdagi ta’tildan chaqirib olishga yo‘l qo‘yiladi.
Bunda navbatdagi ta’tilning foydalanilmagan qismi, qoidaga ko‘ra. joriy yilda beriladi. Agar ta’tilning foydalanilmagan qismi 10 sutkani va undan ortiqni tashkil etsa, boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslarga ta’tilni o‘tkazish joyiga borish-kelish qiymati to‘lanadi, biroq bu ular chaqirib olingan punktdan uzoq bo‘lishi mumkin emas, shuningdek borish-kelish uchun vaqt beriladi.
Ta’tilning foydalanilmagan qismi boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslarning xohishiga ko‘ra keyingi yilgi navbatdagi ta’tilga qo‘shilishi mumkin.
61. Yoshiga, kasalligiga, salomatligining cheklangan holatiga yoki shtat qisqarishiga ko‘ra bojxona organlaridan bo‘shatilayotgan boshliqlar tarkibiga kiruvchi o‘rta, katta va oliy boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslarga bo‘shatilish yilida, ularning xohishiga ko‘ra, mazkur Nizomning 56-bandida belgilangan muddatga ta’til beriladi.
Bojxona organlaridan ishdan bo‘shatilayotgan boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslarga bo‘shatilish yilidagi foydalanilmagan navbatdagi ta’til uchun ushbu yilda ishlangan vaqtga mutanosib ravishda pul kompensatsiyasi to‘lanadi, biroq 30 sutkadan ortiqqa emas, ekologik ofat hududi va belgilangan davrda favqulodda holat hududi deb e’lon qilingan tumanlarda hamda ularga tenglashtirilgan joylarda xizmatni o‘taganlarga esa foydalanilmagan birlashtirilgan ta’til uchun pul kompensatsiyasi beriladi.
62. Bojxona organlarining boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslarga (haq to‘lanmaydigan) qisqa muddatli ta’til eng avvalo salomatlikni saqlash, qarindoshlik burchini bajarish, kechiktirib bo‘lmaydigan ijtimoiy-maishiy masalalarni hal etish uchun, vafot etish (halok bo‘lish) munosabati bilan, shuningdek boshqa uzrli sabablarga ko‘ra 10 sutkagacha beriladi, ta’tilni o‘tkazish joyiga borish-kelish vaqti bunga kirmaydi.
Qisqa muddatli ta’tillar berish bojxona organlarining tegishli boshliqlari buyruqlari bilan rasmiylashtiriladi va ular yillik ta’tillar hisobiga qo‘shilmaydi.
63. Bojxona organlarining boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslarga kasallik bo‘yicha ta’til harbiy-davolash komissiyalari xulosalari asosida beriladi. Ta’tillar muddati kasallikning xususiyatiga ko‘ra belgilanadi. Kasalligiga ko‘ra ta’tilda bo‘lishning va davolash muassasalarida davolanishning uzluksiz vaqti to‘rt oydan oshmasliga kerak, amaldagi qonunchilik bilan, davolanishda uzoqroq muddat bo‘lish nazarda tutilgan hollar bundan mustasno. Ushbu muddat bevosita boshliqlar DBQB (IBK) boshliqlarining, ularga teng va ulardan yuqori boshliqlarning qarori bilan davolash muassasalari xulosasi asosida uzaytirilishi mumkin. Boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslar kasalligiga ko‘ra ta’tilda va davolanishda uzluksiz bo‘lishning belgilangan muddati tamom bo‘lgach ularning bundan keyin xizmatga yaroqliligi to‘g‘risidagi masalani hal etish uchun harbiy-davolash komissiyasi tekshiruvidan o‘tishi kerak.
Boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslarning ular xizmat vazifasini bajarish bilan bog‘liq ravishda yarador bo‘lishi, kontuziya olishi yoki shikastlanishi bilan bog‘liq holda davolanishda bo‘lish vaqti muddati bilan cheklanmaydi. Ular tibbiy tekshiruvga davolanish tamom bo‘lgandan keyin yoki kasallik natijasi aniqlangandan keyin yo‘llanadi.
Kasallik bo‘yicha ta’tillar navbatdagi yillik ta’tillar hisobiga qo‘shilmaydi.
Bojxona organlarining boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslar xizmatdan bo‘shatilganda ularga kasallik bo‘yicha ta’til berilmaydi.
64. Boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslarga ijtimoiy ta’tillar homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha (ayollarga), bolalarni parvarish qilish, o‘qish munosabati bilan ijodiy ta’tillar qonun hujjatlarida belgilangan muddatda va tartibda beriladi.
Ijtimoiy ta’tillarda bo‘lish vaqti bojxona organlari boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslarga berilgan maxsus unvonda ishlangan yilga muvofiq vaqt ishlaganlik uchun foizli ustama belgilash va pensiya tayinlash uchun unga qo‘shiladi.
65. Bojxona organlarining boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslarga zararli sharoitlarda vazifalarni bajarganlik uchun qo‘shimcha ta’tillar ishchi va xizmatchilarning ana shunday toifalari uchun qonun hujjatlarida belgilangan ta’til muddatiga tatbiqan belgilanadi.
Qo‘shimcha ta’tillar berish tartibi va shartlari Qo‘mita raisi tomonidan belgilanadi.
Qo‘shimcha ta’tillar (shu jumladan, haq to‘lanmaydigan ta’tillar) navbatdagi ta’tillar bilan qo‘shib hisoblanadi va ular bilan bir vaqtda yoki alohida berilishi mumkin.
Xizmatning zararli sharoitlarida o‘z vazifasini bajarganlik va xizmatning alohida xaraktyerga ega ekanligi uchun ayni bir vaqtda qo‘shimcha ta’tillar olish huquqiga ega bo‘lgan boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslarga qo‘shimcha ta’til ularning tanlashiga ko‘ra faqat bitta asos bo‘yicha beriladi.
1986-1987-yillardagi Chernobil AES halokatlari oqibatlarini tugatishda qatnashgan boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslarga har yili amaldagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa qo‘shimcha ta’tillardan tashqari 14 kalendar kundan iborat haq to‘lanadigan qo‘shimcha ta’til beriladi. Ushbu qo‘shimcha ta’til navbatdagi ta’tilga qo‘shilishi yoki xodimning xohishiga ko‘ra alohida berilishi mumkin. Mazkur ta’tilni olish huquqiga ega bo‘lgan, lekin undan foydalanmagan boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslarga belgilangan tartibda kompensatsiya to‘lanadi.
66. Boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslarga:
xizmat bo‘yicha boshqa joy va boshqa vazifaga o‘tkazilganda hamda iste’foga chiqqanda, shuningdek ta’tilni o‘tkazish joyiga bepul borish-kelish huquqiga ega bo‘lganlarga (shu jumladan oila a’zolari ham) tashish hujjatlari O‘zbekiston Respublikasi doirasida beriladi;
MDH mamlakatlari doirasida sanatoriy va kurortda davolanish joyiga borish va kelish chog‘ida pul qiymati (havo transportidan tashqari) yilda bir marta to‘lanadi.
67. Bojxona organlarining boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan me’yorlar bo‘yicha pul va kiyim-bosh oladilar.
Egallab turilgan lavozim bo‘yicha maosh va berilgan unvon bo‘yicha maosh boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxsning oylik maoshini tashkil qiladi.
Boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslarga har yili quyidagi moddiy yordamlar ko‘rsatiladi:
— ta’tilga chiqish vaqtida — ish haqi jamg‘armasidan bir oylik maosh miqdorida;
— “Moddiy yordam, ijtimoiy himoya qilish, bojxona organlarini rivojlantirish va kutilmagan xarajatlar maxsus jamg‘armasi to‘g‘risida nizom”da nazarda tutilgan tartibda maxsus jamg‘arma mablag‘lari hisobidan.
Boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslarga ish haqi jamg‘armasi va bojxona tizimini rivojlantirish maxsus jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan mukofotlar beriladi.
Mukofotlash tartibi Qo‘mita raisi tomonidan tasdiqlanadi.
68. Boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslar oziq-ovqat payogi bilan ta’minlanadilar. Oziq-ovqat payogini berish me’yori yoki oziq-ovqat payogi qiymatining pul kompensatsiyasi miqdori, agar u natura holida berilmasa, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
69. Bojxona organlari mansabdor shaxslarining hayoti va sog‘lig‘i budjet mablag‘lari va qonun hujjatlari bilan belgilangan boshqa manbalar hisobidan majburan shaxsiy sug‘urta qilinishi kerak.
70. Xizmat vazifalarini bajarayotganlarida bojxona organlarining boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslarga quyidagi hollarda bir yo‘la nafaqa to‘lanadi:
— halok bo‘lganda — halok bo‘lganning oilasiga 50 tagacha oylik maosh miqdorida;
— xizmat vazifalarini bajarish chog‘ida og‘ir tan jarohati olganda — 25 tagacha oylik maosh miqdorida;
— uncha og‘ir bo‘lmagan tan jarohati olganda — 10 tagacha oylik maosh miqdorida.
71. Boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslar va ularning oila a’zolari tibbiy xizmatdan foydalanish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tizimining davolash muassasalaridagi sanatoriy va kurortda, pansionatlarda, dam olish uylarida Qo‘mita raisi va O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri tomonidan belgilanadigan shartlarda va tartibda davolanish huquqiga egadirlar.
Bojxona organlarida xizmatni o‘tayotgan davrda yaralangan, kontuziya olgan, mayib bo‘lgan yoki kasallangan boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslarga sanatoriy va kurort muassasalarida statsionar davolanishni davom ettirish uchun navbatdan tashqari yo‘llanmalar beriladi.
VI. Huquq va mas’uliyat
72. Bojxona organlarining boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslar barcha ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va shaxsiy huquqlardan foydalanadilar va O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida nazarda tutilgan O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari burchlarini bajaradilar.
73. Favqulodda holat joriy qilishda alohida hudud deb e’lon qilingan joylarda xizmat qilayotgan va xizmatga jalb etilgan bojxona organlarining boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslar pul bilan ta’minlanadilar va ular uchun qonunchilikda belgilangan imtiyozlardan foydalanadilar.
74. Xizmat burchini bajarish chog‘ida mardlik va jasorat ko‘rsatganligi, vazifalarni namunali bajarganligi uchun bojxona organlarining boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslar davlat mukofotlariga taqdim etilishi, xizmatga vijdonan munosabatda bo‘lganliklari uchun esa to‘g‘ridan to‘g‘ri boshliqlari tomonidan rag‘batlantirilishi mumkin.
75. Bojxona organlarining boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslar to‘g‘ridan to‘g‘ri boshliqlarning ruxsati bilan oliy o‘quv yurtlarining sirtqi bo‘limlarida o‘qishlari mumkin. Ularga tegishli o‘quv yurtlari tinglovchilari va talabalari uchun qonunchilikda belgilangan barcha huquq va imtiyozlar beriladi.
76. Bojxona organlarining boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslar jumlasidan bo‘lgan ayollar ishchi va xizmatchi homilador ayollar va onalar uchun qonunchilikda belgilangan barcha huquqlar va imtiyozlardan foydalanadilar.
77. Yoshi, kasalligi, salomatligining cheklanganligi, shtatlar qisqarishi, shaxsiy iltimos bo‘yicha, boshqa vazirliklar va idoralar (tashkilotlar)ga belgilangan tartibda ishga o‘tishi munosabati bilan xizmatdan bo‘shatilgan hamda 20 yil va undan ortiq uzoq muddat xizmat qilgan (imtiyozli hisobda) bojxona organlarining katta va oliy boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslarda va ularning oila a’zolarida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining tibbiy muassasalarida tibbiy yordamdan foydalanish huquqi saqlanib qoladi.
Tibbiy yordam bilan ta’minlanish bo‘yicha bunday huquq xizmat vazifalarini bajarayotgan vaqtda halok bo‘lgan boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslarning oila a’zolarida ham saqlanib qoladi.
Ichki ishlar vazirligining tibbiy muassasalarida tibbiy yordam bilan ta’minlanish hamda sanatoriy va kurortda davolanish huquqiga ega bo‘lgan xodimlarning qo‘shimcha toifalari Ichki ishlar vaziri bilan kelishgan holda Qo‘mita raisi tomonidan belgilanadi.
78. Boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslarning bojxona organlaridagi xizmatda bo‘lgan vaqtlari ularning umumiy va uzluksiz ish stajiga, shuningdek, mutaxassislik bo‘yicha ish stajiga qonunchilikka muvofiq qo‘shiladi.
79. Boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslar:
a) intizomni buzganlik uchun — O‘zbekiston Respublikasi bojxona organlarining Intizomiy ustaviga muvofiq;
b) ma’muriy huquq buzishlarni sodir etganlik uchun — qonunchilikka muvofiq intizomiy yoki ma’muriy javobgarlikka;
v) jinoyatlar sodir etganlik uchun — qonunchilikka muvofiq jinoiy javobgarlikka;
g) moddiy zarar yetkazganlik uchun — qonunchilikka muvofiq javobgarlikka tortiladilar.
80. Bojxona organlarining boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslarning o‘z xizmat vazifalarini yoki xizmat burchlarini bajarishlari munosabati bilan ularning mol-mulkiga yetkazilgan zarar qonunchilik bilan belgilangan tartibda to‘liq hajmda to‘lanadi.
Boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslar tomonidan o‘z xizmat burchlarini bajarishlari munosabati bilan ularning va ular oila, a’zolarining hayotini, salomatligini, obro‘yini va qadr-qimmatini jinoiy tajovuzlardan himoya qilish O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutiladi.
81. Bojxona organlarining mansabdor shaxslari yuqori boshliqlarining qasddan noqonuniy yoki jinoiy tusdagi buyruqlarini bajarmaslik huquqiga egadirlar.
82. Bojxona organlarining boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslar o‘zlariga nisbatan mansabdor shaxslarning intizomiy jazolash, lavozimdan chetlashtirish yoki bojxona organlaridan bo‘shatish to‘g‘risidagi qarorlari ustidan u e’lon qilingan kundan boshlab kechi bilan bir oy muddatda, biroq olti oydan kechiktirmasdan yuqori instansiyaga shikoyat qilishga haqlidirlar.
Qonunga zid ravishda bo‘shatilishi munosabati bilan shaxs bojxona organlarida xizmatda bo‘lmagandagi vaqt (kalendar hisobida), uning bojxona organlaridagi xizmati stajiga, maxsus xizmatda ishlagan yillariga qo‘shiladi va uning uchun to‘liq miqdorda ish haqi to‘lanadi.
Bojxona organlarining to‘g‘ridan to‘g‘ri boshliqlari va boshqa mansabdor shaxslari mazkur Nizom talablariga va xizmatni o‘tash hamda kadrlar bilan ishlash masalalariga oid boshqa me’yoriy hujjatlarga aniq rioya qilinishi uchun shaxsan javob beradilar. Boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslar tomonidan buzilgan huquq tezlik bilan tiklanishi kerak, bunday buzilishga yo‘l qo‘yishda aybdor bo‘lgan mansabdor shaxslar esa javobgarlikka tortiladilar, qonunchilik bilan belgilangan hollarda esa — yetkazilgan moddiy zararni belgilangan tartibda undirib olgan holda javobgarlikka tortiladilar.
To‘g‘ridan-to‘g‘ri boshliqlar o‘ziga bo‘ysunuvchi xodimlarga xizmatning xavfsiz va normal shart-sharoitlari, ularning xizmat, ijtimoiy va madaniy jihatdan o‘sishlari va dam olishlari uchun aniq imkoniyatlar yaratib berishga, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, boshqa qonunchilik hujjatlari, shuningdek mazkur Nizomda nazarda tutilgan huquqlarni himoya qilishni ta’minlashga majburdirlar.
VII. Xizmatdan bo‘shatish
83. Bojxona organlarining boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslarni zaxiraga yoki iste’foga barcha asoslar bo‘yicha bo‘shatish quyidagilar tomonidan amalga oshiriladi:
a) bojxona xizmati podpolkovnigigacha — DBQ boshqarmalari, IBK, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar bojxona boshqarmalari boshliqlari, shuningdek o‘zlariga Qo‘mita raisi tomonidan shunday huquq berilgan ularga teng boshliqlar tomonidan;
b) bojxona xizmati polkovnigigacha — Qo‘mita raisi tomonidan;
v) oliy boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgandan keyin Qo‘mita raisi tomonidan.
Boshliqlar tarkibiga kiruvchi vafot etgan, halok bo‘lgan, bedarak yo‘q deb e’tirof etilgan, shuningdek maxsus unvondan mahrum qilingan shaxslar bojxona organlari kadrlari tarkibidan Qo‘mita raisi belgilagan tartibda chiqariladi.
84. Kichik boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslar bojxona organlaridagi xizmatdan:
a) yosh bo‘yicha — ular uchun mazkur Nizomning 5-bandida belgilangan xizmatda turish uchun cheklangan yoshga yetganligi munosabati bilan;
b) kasalligi bo‘yicha — harbiy-vrachlar komissiyasi tomonidan tinchlik vaqtida harbiy xizmatga yaroqsiz (urush vaqtida — ikkinchi darajali cheklangan holda yaroqli), shuningdek, harbiy hisobdan chiqarilgan holda harbiy xizmatga yaroqsiz deb topilganlar;
v) cheklangan salomatlik bo‘yicha — harbiy-vrachlar komissiyasi tomonidan safdan tashqari (urush vaqtida — birinchi darajali cheklangan holda yaroqli), bo‘sh lavozimlar yo‘qligi munosabati bilan ulardan xizmatda foydalanish mumkin bo‘lmaganda harbiy xizmatga yaroqli deb topilganlar;
g) shtatlar qisqarishi bo‘yicha — shtatlar qisqarishi yoki tashkiliy tadbirlar munosabati bilan xizmatda foydalanish imkoniyati bo‘lmaganda;
d) xizmat qilish to‘g‘risidagi kontrakt muddati tugashi bo‘yicha;
e) shaxsiy iltimos bo‘yicha — agar kichik boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxs xizmat qilish to‘g‘risidagi kontrakt muddati tugagunga qadar xizmatni to‘xtatish istagini bildirganda;
j) attestatsiyadan o‘tkazish tartibida xizmat bo‘yicha mos kelmaganda;
z) xizmat intizomini buzganlik uchun Bojxona organlarining Intizomiy ustaviga muvofiq xizmatdan bo‘shatiladilar.
85. O‘rta, katta va oliy boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslarni bojxona organlaridan bo‘shatish quyidagicha amalga oshiriladi:
a) agar bo‘shatilayotganlar tegishli harbiy unvonga ega bo‘lgan shaxslarning zaxirada turishi uchun qonunchilik bilan belgilangan cheklangan yoshga yetmagan va salomatligi bo‘yicha harbiy xizmatga yaroqli bo‘lsa — zaxiraga bo‘shatiladi (harbiy hisobga qo‘ygan holda);
b) agar bo‘shatilayotganlar tegishli harbiy unvonga ega bo‘lgan shaxslarning zaxirada turishi uchun qonunchilik bilan belgilangan cheklangan yoshga yetgan yoki harbiy-vrachlar komissiyasi tomonidan harbiy xizmatga yaroqsiz deb e’tirof etilgan bo‘lsa — iste’foga chiqariladi (harbiy hisobdan chiqargan holda).
86. O‘rta, katta va oliy boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslar quyidagi sabablarga ko‘ra xizmatdan zaxiraga bo‘shatiladi:
a) yosh bo‘yicha — mazkur Nizomning 6-bandi bilan ular uchun belgilangan xizmatda turish uchun cheklangan yoshga yetganlik munosabati bilan;
b) kasallik bo‘yicha — harbiy-vrachlar komissiyasi tomonidan tinchlik vaqtida harbiy xizmatga yaroqsiz (urush vaqtida — ikkinchi darajali cheklangan holda yaroqli) deb topilganlar;
v) cheklangan salomatlik bo‘yicha — harbiy-vrachlar komissiyasi tomonidan safdan tashqari (urush vaqtida — birinchi darajali cheklangan holda yaroqli) harbiy xizmatga yaroqli deb topilganlar, tegishli bo‘sh lavozimlar yo‘qligi munosabati bilan ulardan xizmatda foydalanish mumkin bo‘lmaganda;
g) shtatlar qisqarishi bo‘yicha — shtatlar qisqarishi yoki tashkiliy tadbirlar munosabati bilan xizmatda foydalanish imkoniyati bo‘lmaganda;
d) shaxsiy iltimos bo‘yicha;
e) boshqa vazirliklar, idoralar (tashkilotlar)ga ishga o‘tish munosabati bilan;
j) attestatsiyadan o‘tkazish tartibida xizmat bo‘yicha mos kelmaganda.
87. Katta va oliy boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslar quyidagi hollarda harbiy hisobdan chiqargan holda iste’foga chiqariladilar:
a) yosh bo‘yicha — tegishli harbiy unvonlarga ega bo‘lgan shaxslarning zaxirada turishi uchun qonunchilik bilan belgilangan cheklangan yoshga yetganlar;
b) kasallik bo‘yicha — harbiy-vrachlar komissiyasi tomonidan harbiy hisobdan chiqarilgan holda harbiy xizmatga yaroqsiz deb topilganlar.
88. Xizmat intizomini muntazam ravishda buzuvchi, bojxona organlariga dog‘ tushiruvchi bojxona organlari xizmatida bo‘lishga nomunosib nojo‘ya ishlar qilgan boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslar O‘zbekiston Respublikasi bojxona organlarining Intizomiy ustaviga muvofiq bojxona organlaridan bo‘shatiladilar.
89. Jinoyat qilganlik uchun sud tomonidan hukm qilingan boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslar (shu jumladan, maxsus unvondan mahrum qilmasdan ham) hukm qonuniy kuchga kirgandan so‘ng bojxona organlaridan bo‘shatiladilar.
90. Boshliqlar tarkibiga kiruvchi vafot etgan, halok bo‘lgan, O‘zbekiston Respublikasining belgilangan qonunchiligi bilan bedarak yo‘q deb e’tirof etilgan, shuningdek maxsus unvondan mahrum etilgan shaxslar Qo‘mita raisi tomonidan belgilanadigan tartibda bojxona organlari kadrlari tarkibidan chiqariladi.
91. Boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslar bo‘shatilishi to‘g‘risida tegishli boshliqlar tomonidan qoidaga ko‘ra, bo‘shatilishga taqdim etilishidan ikki oy oldin xabardor qilinadi.
92. Bojxona organlarida 20 yil va undan ortiq xizmat qilgan, xizmat davrida o‘zining ijobiy fazilatlarini namoyon etgan bojxona xizmati polkovnigi maxsus unvonlaridagi va oliy boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslarga bojxona organlaridan bo‘shatishda bo‘shatayotgan boshliqlar buyruqlari bilan belgilangan formadagi kiyim-boshni kiyib yurish huquqi berilishi mumkin.
Ayni shu boshliqlar tomonidan ular sodir etilgan jinoyatlar yoki bojxona organlariga dog‘ tushiruvchi nojo‘ya ishlar sodir etganlik uchun hukm qilinganligi munosabati bilan belgilangan forma kiyimini kiyib yurish huquqidan mahrum etilishlari mumkin.
93. Boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslar bojxona organlaridan bo‘shatilgandan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan belgilangan tartibda harbiy hisobga qo‘yiladilar.
94. Boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslarning va ular oila a’zolarining pensiya ta’minoti amaldagi qonunchilik bilan belgilangan tartib va shartlar bo‘yicha amalga oshiriladi.