Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
RESPUBLIKA MINTAQALARIDA XORIJIY INVESTITSIYaLAR IShTIROKIDAGI KORXONALARNI TAShKIL ETISh DASTURIGA OʻZGARTIRIShLAR KIRITISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Vazirlar Mahkamasi qayd etadiki, Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 11-oktabrdagi 393-son qarori bilan tasdiqlangan Respublika mintaqalarida xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarni tashkil etish dasturiga muvofiq joriy yilda 39 ta qoʻshma korxona tashkil qilingan, 2001-yil uchun belgilangan takliflar Jizzax, Toshkent, Xorazm viloyatlarida va Toshkent shahrida toʻliq bajarildi.
Ayni bir vaqtda shaharlar va tumanlarda xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarni tashkil etish boʻyicha Dasturda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishda ayrim qoloqliklar mavjud. Andijon, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo viloyatlarida 2001-yilda tashkil qilinishi moʻljallangan xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalardan amalda 30 foizdan kamrogʻi barpo etilgan. Koʻpgina mintaqalarda talabni oʻrganish va yangi tashkil etilayotgan ishlab chiqarishlar sohasini belgilash, potensial xorijiy investorlarni topish boʻyicha ishlar sust tashkil qilingan. Dasturga kiritilgan ayrim loyihalarning iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiqligi va samaradorligi yetarli ishlab chiqilmaganligi maʼlum boʻldi. Dastur qoidalarini amalga oshirishda hududiy boshqaruv organlari, idoralar va korxonalar oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikning zarur darajada boʻlishi taʼminlanmagan.
Shahar va tumanlarda raqobatbardoshli mahsulotlar ishlab chiqarishga yoʻnaltirilgan zamonaviy korxonalar tashkil etish yoʻli bilan mintaqalarning resurslar va xomashyo boʻyicha imkoniyatlarini ishlab chiqarishga yanada toʻliq va samarali jalb qilish, ularni tashkil etishga bevosita xorijiy investitsiyalarning keng jalb qilinishini yanada ragʻbatlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, vazirliklar, idoralar va xoʻjalik yurituvchi subyektlarning 2005-yilgacha boʻlgan davrda respublika mintaqalarida xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarni tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflari 1-ilova* (1-1 – 1—14-son)ga muvofiq maʼqullansin.
* Ilova berilmaydi.
Mintaqalarda xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarni tashkil etishga doir maʼqullangan dasturning amalga oshirilishi yuzasidan shaxsan javobgarlik Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, shuningdek shahar va tumanlar hokimlari zimmasiga yuklansin.
2. Mintaqalarda xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarni tashkil etish va ular faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha idoralararo ishchi guruhning yangilangan tarkibi 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilova berilmaydi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari doimiy ishlovchi hududiy ishchi guruhlar tarkibini bir hafta muddatda yangilasinlar.
Mintaqalarda xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarni tashkil etish va ularning faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha idoralararo ishchi guruhga, zarurat boʻlganda, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, vazirliklar va idoralarning 2005-yilgacha boʻlgan davrda respublika mintaqalarida xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarni tashkil etish boʻyicha takliflariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishiga ruxsat berilsin.
3. Mintaqalarda xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarni tashkil etishni va ular faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha idoralararo ishchi guruh (R.S. Azimov) Mintaqalarda xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarni tashkil etishga doir tasdiqlangan dastur bajarilishining doimiy monitoringini amalga oshirsin.
Dasturning amalga oshirilishi har chorakda Vazirlar Mahkamasi majlislarida koʻrib chiqilsin.
4. Vazirlar Mahkamasi komplekslari:
mahalliy hokimiyat va boshqaruv organlariga dasturda belgilangan xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarni tashkil etishda, yangi tashkil qilingan korxonalarning iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiqligini ekspert baholashda, shu jumladan texnika va texnologiya siyosati, ishlab chiqariladigan mahsulotlar turi va nomenklaturasi, xorijiy investorlarni jalb etish masalalari boʻyicha zarur yordam koʻrsatsinlar;
Mintaqalarda xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarni tashkil etishga doir tasdiqlangan dasturni amalga oshirishda tegishli vazirliklar, idoralar va xoʻjalik yurituvchi subyektlarning qatnashishi ustidan qattiq nazorat oʻrnatsinlar.
Oldingi tahrirga qarang.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 28-dekabrdagi 610-sonli qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 52-son, 523-modda)
6. Vazirlar Mahkamasining “Qoʻshma korxonalar tashkil etishga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2000-yil 11-oktabrdagi 393-son qarorining 1-bandi, 1 va 2- ilovalari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2001-yil 23-noyabr,
459-son