Oʻzbekiston Respublikasi hukumati bilan Birlashgan Arab Amirliklari hukumati oʻrtasida
HAMKORLIK PROTOKOLI
Kirish viza talablaridan oʻzaro ozod etish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Birlashgan Arab Amirliklari Hukumati (keyingi oʻrinlarda alohida “Tomon” va birgalikda “Tomonlar” deb yuritiladi),
Ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish va ikki davlat oʻrtasidagi mavjud hamkorlikni mustahkamlash istagida,
Ikki davlat fuqarolarini bir-birining davlati hududiga kirish vizalaridan ozod qilishga tayyorligini tasdiqlab,
1961-yildagi Diplomatik munosabatlar toʻgʻrisidagi Vena konvensiyasi hamda 1963-yildagi Konsullik munosabatlari toʻgʻrisidagi Vena konvensiyasini inobatga olgan holda,
kuyidagilar yuzasidan kelishuvga erishdilar:
1-modda
Ikki tomon ham oʻz fuqarolarini quyidagi tarzda viza talablaridan ozod qilishga kelishib oldilar:
1. Birlashgan Arab Amirliklari fuqarolari uchun: kamida olti (6) oy amal qiladigan maxsus, xizmat va oddiy pasportga ega fuqarolar viza talablaridan ozod qilinadi. Bunda belgilangan chegara orqali havo, quruqlik yoki dengiz orqali kirish va boshqa tomonning hududida oʻttiz (30) kun oshmagan muddatda qolishga ruxsat beriladi. Mazkur imtiyoz boshqa tomonning mamlakatida roʻyxatdan oʻtishdan ozod etish tartib-qoidalariga ham qoʻllaniladi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun: kamida olti (6) oy davomida amalda boʻlgan biometrik turdagi fuqarolik pasporti (xorijga chiqish uchun), biometrik turdagi fuqarolik pasportiga (Oʻzbekiston Respublikasiga qaytish uchun) ega boʻlgan fuqarolar viza talablaridan ozod qilinadi va boshqa Tomon davlati hududida oʻttiz (30) kun oshmagan muddatda qolishga ruxsat beriladi. Mazkur imtiyoz boshqa tomonning mamlakatida roʻyxatdan oʻtishdan ozod etish tartib-qoidalariga ham qoʻllaniladi.
2-modda
1. Tomonlar 1-moddada koʻrsatilgan pasportlarning elektron namunalarini diplomatik kanallar orqali kuchga kirish sanasidan kamida oʻttiz (30) kun oldin almashadilar.
2. Agar Tomonlardan biri oʻz pasportlariga oʻzgartirishlar kiritgan boʻlsa, mazkur Tomon boshqa Tomonga ushbu yangi pasportlarning namunalarini ular joriy qilingan sanadan oldin taqdim etadi.
3. Har bir Tomon 1-moddada koʻrsatilgan pasportlarga oid milliy qonun va normativ-huquqiy hujjatlarga oʻzgartirishlar kiritilgan taqdirda, bunday oʻzgartirishlar kuchga kirishidan kamida oʻttiz (30) kun oldin bir-birini xabardor qiladi.
3-modda
1-moddada koʻrsatilgan amaldagi pasportlarga ega boʻlgan Tomonlardan birining fuqarolariga, basharti ular qabul qiluvchi davlatning amaldagi milliy qonunlari va normativ-huquqiy hujjatlariga muvofiq ruxsat olmasa, boshqa Tomon davlati hududida ishlash, biron-bir kasb bilan shugʻullanish yoki oʻqishga ruxsat berilmaydi.
4-modda
1. Har bir Tomonning fuqarolari boshqa Tomon davlati hududiga faqat xalqaro yoʻlovchilarining kirishi uchun moʻljallangan chegara punktlari orqali kirishlari mumkin.
2. 1-moddada koʻrsatilgan pasportlarga ega boʻlgan har bir Tomonning fuqarolari boshqa Tomon davlati hududida boʻlishlari davomida amalda boʻlgan qoidalar va tartib-taomillariga rioya qilishlari shart.
5-modda
1. Har bir Tomon oʻz hududiga “persona non grata” yoki nomaqbul deb hisoblaydigan 1-moddada koʻrsatilgan pasportlarning har qanday egasining oʻz davlati hududiga kirishini yoki boʻlishini rad etish huquqini oʻzida saqlab qoladi.
2. Agar Tomonlardan birining fuqarosi pasporti boshqa Tomon davlati hududida yoʻqolgan yoki yoʻq qilingan boʻlsa, u tegishli choralar koʻrilishi uchun ushbu Tomonning masʼul organlarini xabardor qilishi lozim. Tomonning tegishli diplomatik vakolatxonasi yoki konsullik muassasasi amaldagi qonunlar va normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq oʻz fuqarosiga yangi pasport yoki hujjatini beradi va bu haqda qabul qiluvchi Tomonning aloqador organlarini xabardor qiladi.
6-modda
Har bir Tomon oʻzlarining pasportlari va sayohat hujjatlarini qalbakilashtirishdan himoya qilish uchun yuqori darajada himoya qilishga tayyor ekanliklarini tasdiqlashlari shart. Ular Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkilotining uskuna oʻqiy oladigan sayohat hujjatlari uchun minimal xavfsizlik standartlariga mos kelishi lozim.
7-modda
Mazkur hamkorlik Protokoli Tomonlarning xalqaro konvensiyalardan va boshqa bitimlardan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
8-modda
Mazkur Protokolni talqin qilish yoki qoʻllashdan kelib chiqadigan har qanday kelishmovchiliklar diplomatik kanallar orqali ikki Tomon oʻrtasida muloqot va muzokaralar orqali hal qilinadi.
9-modda
1. Mazkur Protokolga har qanday oʻzgartirishlar diplomatik kanallar orqali rasmiy notalar almashish orqali ikki Tomon tomonidan oʻzaro kelishib olinishi lozim.
2. Bunday oʻzgartirishlar mazkur Protokolning 10-moddasiga muvofiq kuchga kiradi.
3. Har bir Tomon milliy xavfsizlik, jamoat tartibi yoki sogʻliqni saqlash nuqtai nazaridan mazkur Protokolning qoʻllanilishini vaqtincha yoki doimiy ravishda toʻxtatib qoʻyishi mumkin. Har qanday bu kabi toʻxtatib turish toʻgʻrisida boshqa Tomonga diplomatik kanallar orqali darhol xabar qilinishi lozim, basharti bu boshqa Tomon hududida boʻlib turgan fuqarolarning huquqlariga taʼsir qilmaydi.
10-modda
Mazkur Protokol imzolangan sanadan soʻng oʻttiz (30) kun oʻtgach kuchga kiradi va basharti Tomonlardan biri boshqa Tomonni uning amal qilishini tugatish istagi toʻgʻrisida diplomatik kanallar orqali yozma ravishda xabardor qilmasa, nomuayyan muddatga amal qiladi. Mazkur Protokol boshqa Tomon bunday xabarnomani olgan sanadan boshlab oʻttiz (30) kundan soʻng tugatiladi.
Abu Dabi shahrida 2024-yil 16-yanvar kuni ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, arab va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar teng autentikdir.
Mazkur Protokol qoidalarini talqin qilishda tafovut yuzaga kelgan taqdirda, ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)