O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining
Qarori
“ERKIN OMBOR” BOJXONA REJIMI TO‘G‘RISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2004-yil 9-fevralda 1309-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi]
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining 2016-yil 29-fevraldagi 01-02/15-08-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan qabul qilingan ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi qaroriga (ro‘yxat raqami 2774, 06.04.2016-y.) asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 27-moddasi va Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 20-noyabrdagi “Bojxona ombori, erkin ombor va boj olinmaydigan savdo do‘koni faoliyatini litsenziyalash to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi 523-sonli qaroriga asosan O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi qaror qiladi:
1. “Erkin ombor” bojxona rejimi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ushbu qaror O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat ro‘yxatiga olinganidan so‘ng o‘n kun muddat o‘tgach kuchga kiritilsin.
3. Ushbu qaror kuchga kirishi bilan “Erkin ombor” bojxona rejimi to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizom o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin (2000-yil 23-oktabr, ro‘yxat raqami 981-son).
4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Rais o‘rinbosari S. Nasirov zimmasiga yuklatilsin.
Davlat bojxona qo‘mitasi raisi B. PARPIYEV
Toshkent sh.,
2004-yil 20-yanvar,
01-02/12-5-son
“Erkin ombor” bojxona rejimi to‘g‘risida
NIZOM
Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 27-moddasiga va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 20-noyabrdagi 523-sonli “Bojxona ombori, erkin ombor va boj olinmaydigan savdo do‘koni faoliyatini litsenziyalash to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan.
Nizom tovarlarni erkin ombor bojxona rejimiga joylashtirishda, erkin omborda saqlashda va chiqarishda bojxona operatsiyalarini amalga oshirish, bojxona to‘lovlarini to‘lash tartibini belgilaydi.
Erkin ombor — shunday rejimki, bunda chet el tovarlari muayyan hududlar va joylarda boj, soliqlar va iqtisodiy siyosat choralari qo‘llanilmasdan joylashtiriladi va ishlatiladi, O‘zbekiston tovarlari esa eksport rejimiga muvofiq olib chiqishda qo‘llaniladigan shartlarga ko‘ra joylashtiriladi va ishlatiladi.
Erkin ombor — maxsus jihozlangan va belgilangan joy bo‘lib, binolarning hududini va (yoki) ochiq maydonchalarni o‘z ichiga oladi hamda tovarlarni erkin ombor rejimida bojxona nazorati ostida saqlashga mo‘ljallangan.
I. Tovarlarni erkin omborga joylashtirish
1. O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqish va O‘zbekiston Respublikasiga olib kirish taqiqlangan tovarlarni erkin omborda saqlashga ruxsat berilmaydi.
2. Boshqa tovarlarga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan yoki alohida shart-sharoitlarda saqlanishi talab etiladigan tovarlar omborlarda yoki erkin omborning bir qismi hisoblangan va bunday tovarlarni saqlash uchun maxsus moslashtirilgan alohida binolarda O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq belgilangan majburiy talablarga rioya qilingan holda saqlanishi kerak.
3. Tovarlar erkin omborga bojxona organining vakolatli mansabdor shaxslari ishtirokida yoki ular xabardor qilingan holda joylashtiriladi.
4. Tovarlar erkin ombor rejimida muddatlari cheklanmagan holda turishi mumkin.
5. Tovarlarni erkin ombor rejimiga joylashtirish bojxona organiga mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq to‘ldirilgan bojxona yuk deklaratsiyasini taqdim etish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining 2012-yil 24-avgustdagi 01-02/12-24-sonli qarori (ro‘yxat raqami 1309-1, 27.09.2012-y.) tahririda — O‘R QHT, 2012-y., 39-son, 457-modda)
6. Ayni vaqtda bojxona yuk deklaratsiyasi bilan birgalikda olib kirilgan tovarlarga oid va tovarlarga ilova qilinuvchi boshqa hujjatlar (yukxatlar, konosamentlar, spetsifikatsiyalar, fakturalar) bojxona organiga taqdim qilinadi.
7. Sertifikatlanishi lozim bo‘lgan tovarlarni erkin omborga joylashtirilganda tovarlarni saqlash davrida sertifikatni taqdim etilishi talab etilmaydi.
8. Xorijdan olib kirilgan o‘simlik va hayvonot mahsulotlarining erkin omborga joylashtirilishi chog‘ida tegishli davlat organlari tomonidan, agar bunday nazorat O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish chog‘ida amalga oshirilmagan bo‘lsa, fitosanitariya va veterinariya nazorati amalga oshiriladi.
9. Erkin omborning normal faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash uchun foydalanadigan tovarlar (masalan, ortish-tushirish texnikasi, sovutish uskunasi, kompyuter texnikasi, maxsus kiyim-bosh va hokazolar) bojxona rejimi ostida joylashtirilmaydi.
II. Tovarlar bilan erkin omborlarda amalga oshiriladigan operatsiyalar
10. Erkin omborda saqlanayotgan tovarlarga nisbatan ularning saqlanishini ta’minlashga oid quyidagi operatsiyalar amalga oshirilishi mumkin:
tozalash, shamollatish, quritish (shu jumladan issiqlik oqimini hosil qilish orqali);
saqlashning maqbul harorati rejimini hosil qilish (sovutish, muzlatish, isitish);
himoyalash o‘roviga joylashtirish, himoyalash moyi va konservantlarni surtish;
zanglashdan himoya qilish uchun bo‘yash, saqlash qoplamlarini kiritish;
tashishdan oldin chirishga qarshi bo‘yoq bilan qoplash.
11. 10-bandda qayd etilgan operatsiyalardan tashqari erkin omborga joylashtirilgan tovarlarga nisbatan ularni sotish va tashishga tayyorlash uchun quyidagi operatsiyalar ham amalga oshirilishi mumkin:
turkumlarga bo‘lish va jo‘natmalarni shakllantirish;
o‘rash, qayta o‘rash, tamg‘alash va saralash;
ortish, tushirish va yuklab jo‘natish;
komplektlashgacha bo‘lgan yoki ish holatiga keltirish bilan bog‘liq oddiy operatsiyalar;
tovarlarni oqilona joylashtirish maqsadida ombor ichida olib o‘tish;
tovarlarni namoyish stendlarida joylashtirish va ularning testdan o‘tkazilishi.
Tovarlarga doir barcha operatsiyalar ushbu tovarlarning TIF TN bo‘yicha tasniflash raqam kodining o‘ninchi belgisi darajasida o‘zgartirilishi bilan bog‘liq xususiyati (sifati)ni yo‘qotmasligi kerak.
(11-bandning sakkizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining 2012-yil 24-avgustdagi 01-02/12-24-sonli qarori (ro‘yxat raqami 1309-1, 27.09.2012-y.) tahririda — O‘R QHT, 2012-y., 39-son, 457-modda)
12. Erkin omborlarda tovarlarga oid, ularning chakana sotilishi mustasno qilingan holda, ishlab chiqarish va tijoratga oid operatsiyalarning amalga oshirilishiga yo‘l qo‘yiladi.
13. Erkin omborda turgan tovarlarning sotilishiga yoki ularga egalik qilish huquqini boshqa yo‘l bilan berilishiga yo‘l qo‘yiladi, bundan chakana sotishlar mustasno.
14. Bojxona organlari alohida shaxslarga, agar ushbu shaxslar Bojxona kodeksi va O‘zbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlarining qoidalariga rioya etmayotgan bo‘lsalar, erkin omborlarda tovarlar bilan operatsiyalar o‘tkazishni taqiqlab qo‘yishlari va ularning tovarlardan foydalanishini rad etishlari mumkin.
15. Qonun hujjatlariga muvofiq tovarlarning alohida toifalarini erkin omborlarga joylashtirish cheklab qo‘yilishi yoki taqiqlanishi mumkin.
16. Bojxona organlari erkin omborlarda turgan tovarlar ustidan bojxona nazoratini amalga oshirish huquqiga egadirlar.
III. Erkin omborlarda saqlanayotgan tovarlar hisobi
17. Erkin ombor egasi mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq shaklda Tovarlar hisobini olib borish jurnalini (shu jumladan avtomatlashtirilgan hisobini) yuritadi va har chorakda erkin omborga tushuvchi va erkin ombordan olib chiqiluvchi tovarlar bo‘yicha bojxona organiga hisobot taqdim etadi. Hisobotda Tovarlar hisobini olib borish jurnalida ko‘rsatilgan barcha ma’lumotlar bo‘lishi kerak.
(17-band O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining 2012-yil 24-avgustdagi 01-02/12-24-sonli qarori (ro‘yxat raqami 1309-1, 27.09.2012-y.) tahririda — O‘R QHT, 2012-y., 39-son, 457-modda)
18. Erkin ombor doirasida tovarlar bilan yuz berayotgan har qanday o‘zgarishlar hisob hujjatlarida va jurnallarida aks ettirilishi kerak.
19. Bojxona organining talabi bo‘yicha erkin ombordagi saqlanayotgan tovarlarni bojxona organining mansabdor shaxsi ishtirokida xatlovdan (inventarizatsiya) o‘tkazish lozim.
IV. Bojxona to‘lovlarini undirish va iqtisodiy siyosat choralarini qo‘llash
20. Tovarlarni erkin ombor rejimiga rasmiylashtirish chog‘ida bojxona yig‘imlari qonun hujjatlariga muvofiq undiriladi.
Agar erkin omborga joylashtirilgan tovarlardan boj to‘lovlari undirilsa, to‘lovlar to‘lanishi uchun ularni omborga joylashtirgan shaxs javobgar bo‘ladi.
21. Erkin ombor rejimida turgan tovarlarni erkin muomalaga chiqarish yoki eksportga chiqarish rejimlariga joylashtirganda, agar qonun hujjatlarida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, boj, soliqlar hamda iqtisodiy siyosat choralari tovarning kelib chiqishiga qarab qo‘llaniladi.
22. Tovar O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqariga olib chiqilayotganda tovarning kelib chiqishi to‘g‘risidagi sertifikati mavjud bo‘lmasa, unga nisbatan eksport boji, soliqlar va iqtisodiy siyosat choralarini qo‘llash maqsadida O‘zbekiston tovari deb, boshqa maqsadlarda esa chet el tovari deb qaraladi.
23. Erkin ombor rejimiga joylashtirilayotgan va eksport rejimida O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga olib chiqishga mo‘ljallangan tovarlar, agar tovarlarni amalda olib chiqishda eksport boji va soliqlardan ozod qilish yoki to‘langan summalarni qaytarish nazarda tutilgan bo‘lsa, eksport boji, soliqlardan ozod qilinadi, yoxud to‘langan summalar qaytariladi. Bunday tovarlarni amalda olib chiqish boj, soliqlar qaytarilgan yoki ulardan ozod qilingan kundan boshlab olti oydan kechiktirilmay amalga oshirilishi lozim.
24. O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga olib chiqilishi lozim bo‘lgan tovarlar erkin omborlardan bojxona hududiga qaytarilganda yoxud belgilangan muddatlarda ular amalda olib chiqib ketilmagan taqdirda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda boj, soliqlar, shuningdek, ularning foizlari to‘lanadi.
25. Erkin ombor hududida qayta ishlashga oid operatsiyalarga tortilgan chet el tovarlariga nisbatan boj, soliqlar qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda undiriladi.
26. Agar tovarlarning erkin ombordan olib chiqilishida bojxona maqsadlari uchun tovarlarning maqomini aniqlashning iloji bo‘lmasa, tovarlar O‘zbekiston Respublikasi bojxona hududidan tashqariga olib chiqish chog‘ida qayta ishlashga oid operatsiyalar qo‘llanilmaydigan Respublika tovarlari sifatida, qolgan hollarda esa chet el tovarlari sifatida ko‘rib chiqiladi.
V. Erkin ombor egasi bilan bojxona organi o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar
27. Ombor egasi ombor, omborda saqlanayotgan tovarlar turidan, uning chiqarilish imkoniyatidan va uning faoliyat ko‘rsatishi bilan bevosita aloqador boshqa omillardan kelib chiqqan holda erkin ombor bojxona rejimidan foydalanish qoidalarini bojxona organi bilan kelishib tasdiqlaydi.
28. Qoidalarda quyidagilar belgilanadi:
bojxona organining erkin ombor, shu jumladan bojxona organi xodimlari uchun xonalarning ham tashkil etilishi va jihozlanishiga oid talablari;
ombordagi ish tartibi;
tovarlarni hisobga olish shakllari;
ombor egasi tomonidan erkin omborda saqlanayotgan tovarlar to‘g‘risidagi hisobotni taqdim etish shakllari;
(28-bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining 2012-yil 24-avgustdagi 01-02/12-24-sonli qarori (ro‘yxat raqami 1309-1, 27.09.2012-y.) tahririda — O‘R QHT, 2012-y., 39-son, 457-modda)
omborning faoliyat yuritishi bilan bog‘liq boshqa talab va shartlar.
29. Ko‘rsatib o‘tilgan qoidalar mazkur Nizomga va bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga zid kelishi mumkin emas.
VI. Yakunlovchi qoidalar
30. Ushbu Nizom talablarini buzgan shaxslar O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligida nazarda tutilgan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
“Erkin ombor” bojxona rejimi to‘g‘risidagi nizomga
1-ILOVA
1-ILOVA
(ilova O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining 2012-yil 24-avgustdagi 01-02/12-24-sonli qarori (ro‘yxat raqami 1309-1, 27.09.2012-y.) tahririda — O‘R QHT, 2012-y., 39-son, 457-modda)
I. Erkin ombor bojxona rejimiga joylashtiriladigan tovarlarni rasmiylashtirishda BYuDni to‘ldirish tartibi
Deklarant tomonidan BYuD asosiy varag‘ining quyidagi ustunlari va qo‘shimcha varaqlarning tegishli ustunlari to‘ldiriladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi bojxona hududida erkin muomalada bo‘lgan O‘zbekiston tovarlarini rasmiylashtirish vaqtida 1, 2, 3, 4, 5, 6, 8, 9, 11, 13, 14, 17, 17a, 18, 19, 20, 21, 22, 23, 24, 25, 26, 28, 29, 31, 32, 33, 35, 37, 38, 39, 41, 42, 43, 44, 46, 47, 49, 50, 54, A (BYuD asosiy varaQida), V, S.
2. O‘zbekiston Respublikasi bojxona hududida ilgari boshqa bojxona rejimida joylashtirilgan tovarlarni rasmiylashtirish vaqtida 2-bandda ko‘rsatilgan ustunlarga qo‘shimcha ravishda 15, 15a, 40, 53-ustunlar to‘ldiriladi.
3. 1 va 2-bandlarda ko‘rsatib o‘tilgan ustunlar (1, 9, 17, 17a, 44, 49, 50-ustunlardan tashqari), O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan 1999-yilning 24-sentabrida tasdiqlangan “Bojxona yuk deklaratsiyasini to‘ldirish tartibi to‘g‘risida”gi Yo‘riqnomaning (keyingi o‘rinlarda — Yo‘riqnoma) (1999-yil 3-noyabr, ro‘yxat raqami 834-son) 3-bo‘limiga, ya’ni “Eksport bojxona rejimida joylashtiriladigan tovarlarga oid BYuDni to‘ldirish qoidalari”ga muvofiq to‘ldiriladi.
4. Bojxona organining mansabdor shaxslari tomonidan BYuD asosiy varag‘ining ustunlari va qo‘shimcha varaqlarning tegishli 7, A (qo‘shimcha varaqlarda) D ustunlari to‘ldiriladi.
Ko‘rsatilgan ustunlar Yo‘riqnomaning 3-bo‘limi, ya’ni “Eksport bojxona rejimida joylashtirilgan tovarlarga oid BYuDni to‘ldirish qoidalari”ga muvofiq to‘ldiriladi.
5. 1, 9, 44, 49, 50-ustunlarni to‘ldirish quyidagi o‘ziga xos jihatlarga ega:
1-ustun. “Deklaratsiya turi”:
ustunning birinchi bo‘linmasida tovarlarni yo‘nalishi “EK” ko‘rsatiladi;
ustunning ikkinchi bo‘linmasida tovarlarni bojxona chegarasi orqali olib o‘tishga oid tadbirlar tasnifnomasiga muvofiq bojxona rejimining ikki belgili kodi ko‘rsatiladi;
uchinchi bo‘linmada quyidagilar ko‘rsatiladi:
“1” — agar shaxs erkin omborga o‘zi tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotni joylashtirsa;
“0” — agar shaxs erkin omborga o‘zi tomonidan ishlab chiqarilmagan mahsulotni joylashtirsa.
9-ustun. “Moliyaviy to‘lovlar uchun javobgar shaxs”:
ustunda tovarlarni erkin omborga joylashtirgan shaxsning nomi va pochta manzili ko‘rsatiladi. Ustunni to‘ldirish tartibi Yo‘riqnomaning 3-bo‘limida, ya’ni “Eksport bojxona rejimida joylashtiriladigan tovarlarga oid BYuDni to‘ldirish qoidalari”da keltirilgan ustunni to‘ldirish tartibiga o‘xshagan bo‘ladi.
17-ustun. “Tayin etilgan mamlakat”:
ustunda “Erkin ombor/O‘zbekiston” ko‘rsatiladi.
17a-ustun. “Tayin etilgan mamlakat kodi”:
ustunda jahon mamlakatlari tasnifnomasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining kodi ko‘rsatiladi.
44-ustun. “Qo‘shimcha axborot/taqdim etiladigan hujjatlar”:
ustun Yo‘riqnomaning 3-bo‘limi, ya’ni “Eksport bojxona rejimida joylashtiriladigan tovarlarga oid BYuDni to‘ldirish qoidalari”ga muvofiq to‘ldiriladi.
Bundan tashqari, 8 raqami ostidagi ustunda tovarlarni erkin omborga joylashtiradigan shaxs bilan erkin ombor egasi o‘rtasida tuzilgan shartnomaning raqami va sanasi ko‘rsatiladi.
49-ustun. “Omborning nomi”:
ustunda erkin omborni ta’sis etilishiga oid berilgan litsenziyaning raqami va sanasi ko‘rsatiladi.
50-ustun. “Ishonchnoma beruvchi shaxs”:
ustun Yo‘riqnomaning 3-bo‘limi, ya’ni “Eksport bojxona rejimida joylashtiriladigan tovarlarga oid BYuDni to‘ldirish qoidalari”ga muvofiq to‘ldiriladi.
“Eksport” bojxona rejimiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqariga erkin ombordan olib chiqib ketilishi uchun mo‘ljallangan O‘zbekiston tovarlarini rasmiylashtirish vaqtida ushbu ustunga kiritiladigan ma’lumotlarga qo‘shimcha ravishda tovarlar ombordan olib chiqib ketilishi kerak bo‘lgan sana ham ko‘rsatiladi.
II. O‘zbekiston Respublikasiga olib kiriladigan va erkin ombor bojxona rejimida joylashtiriladigan tovarlarni rasmiylashtirishda BYuDni to‘ldirish qoidalari
1. Deklarant tomonidan BYuDning asosiy varag‘ini quyidagi ustunlari va qo‘shimcha varaqlarning tegishli ustunlari to‘ldiriladi: 1, 2, 3, 4, 5, 6, 8, 9, 11, 13, 14, 15, 15a, 18, 19, 20, 21, 22, 23, 24, 25, 26, 28, 29, 31, 32, 33, 35, 37, 38, 41, 42, 44, 46, 47, 49, 50, 53, 54, A (BYuDning asosiy varag‘ida), V, S.
2. Ko‘rsatilgan ustunlar (1, 44, 49-ustunlardan tashqari) Yo‘riqnomaning 6-bo‘limi, ya’ni “Erkin muomalaga (import) chiqarish rejimida joylashtiriladigan tovarlarga oid BYuDni to‘ldirish qoidalari”ga muvofiq to‘ldiriladi.
3. Bojxona organining mansabdor shaxslari tomonidan BYuD asosiy varag‘ining ustunlari va qo‘shimcha 7, A (qo‘shimcha varaqlarda), D varaqlarning tegishli ustunlari to‘ldiriladi.
Ko‘rsatilgan ustunlar Yo‘riqnomaning 3-bo‘limi, ya’ni “Eksport bojxona rejimida joylashtiriladigan tovarlarga oid BYuDni to‘ldirish qoidalari”ga muvofiq to‘ldiriladi.
4. 1, 44, 49-ustunlarning to‘ldirilishi quyidagi o‘ziga xos jihatlarga ega:
1-ustun. “Deklaratsiya turi”:
ustunning birinchi bo‘linmasida tovarlarni yo‘nalishi — “IM” ko‘rsatiladi;
ustunning ikkinchi bo‘linmasida tovarlarni bojxona chegarasi orqali olib o‘tishga oid tadbirlar tasnifnomasiga muvofiq bojxona rejimining ikki belgili kodi ko‘rsatiladi;
uchinchi bo‘linmada quyidagilar ko‘rsatiladi:
“1” — agar shaxs o‘z ehtiyojlari uchun mo‘ljallangan mahsulotni erkin omborga joylashtirsa;
“0” — agar shaxs o‘z ehtiyojlari uchun mo‘ljallanmagan mahsulotni erkin omborga joylashtirsa.
44-ustun. “Qo‘shimcha axborot/taqdim etiladigan hujjatlar”:
ustun Yo‘riqnomaning 6-bo‘limi, ya’ni “Erkin muomalaga (import) chiqarish rejimida joylashtiriladigan tovarlarga oid BYuDni to‘ldirish qoidalari”ga muvofiq to‘ldiriladi.
Bundan tashqari, 8 raqami ostidagi ustunda tovarlarni erkin omborga joylashtiruvchi shaxs bilan erkin ombor egasining o‘rtasida tuzilgan shartnomaning raqami va sanasi ko‘rsatiladi.
49-ustun. “Erkin omborning nomi”:
ustunda erkin omborni ta’sis etilishiga oid berilgan litsenziyaning raqami va sanasi ko‘rsatiladi.
III. Erkin ombordan chiqariladigan va O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqiladigan tovarlarni rasmiylashtirish vaqtida BYuDni to‘ldirish qoidalari
1. Erkin ombordan O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqariga chiqariladigan tovarlarni rasmiylashtirishda quyidagilarni hisobga olgan holda BYuDni to‘ldirish qoidalari qo‘llaniladi:
“Eksport” bojxona rejimiga muvofiq olib chiqiladigan tovarlar uchun:
9, 36, 39, 43, A, S-ustunlari to‘ldirilmaydi.
(III bobning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining 2012-yil 24-avgustdagi 01-02/12-24-sonli qarori (ro‘yxat raqami 1309-1, 27.09.2012-y.) tahririda — O‘R QHT, 2012-y., 39-son, 457-modda)
44-ustunning to‘ldirilishi quyidagi o‘ziga xos jihatlarga ega:
ustunda raqam ostida quyidagilar ko‘rsatiladi:
2 — tovar-transport hujjatlari, hisob-fakturalar, invoyslarning raqamlari;
3 — shartnomaning (kontraktning, kelishuvning), shartnomaga qo‘shimchaning raqami va sanasi, shuningdek shartnomaning umumiy summasi;
4 — boshqa davlat organlarining (ularning nomlari ko‘rsatilgan holda), agar tovarlar ushbu organlarning nazorati ostida bo‘lgan taqdirda, ruxsatnomaning berilish raqami va sanalari;
7 — tovarning kelib chiqishi to‘g‘risidagi sertifikat raqami va sanasi;
8 — bojxona rasmiylashtiruvi vaqtida zarur boshqa hujjatlar va ma’lumotlar.
IV. Erkin ombordan chiqariladigan va O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kiriladigan tovarlarni rasmiylashtirishda BYuDni to‘ldirish qoidalari
Erkin ombordan O‘zbekiston Respublikasi bojxona hududiga chiqariladigan tovarlarni rasmiylashtirishda quyidagilar hisobga olingan holda BYuDni to‘ldirish qoidalari qo‘llaniladi:
15-ustunda “O‘zbekiston/erkin ombor” ko‘rsatiladi;
15a-ustunga Jahon mamlakatlari tasnifnomasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi kodi qo‘yiladi.
“Erkin ombor” bojxona rejimi to‘g‘risidagi nizomga
2-ILOVA
2-ILOVA
|
Erkin omborga joylashtirishda | ||||||||||
| T.r | Tovar kelib tushgan sana |
Yuk jo‘natuvchi tashkilot | Shartnoma raqami | Kirim Bojxona yuk deklaratsiyasi | Tovar to‘g‘risida ma’lumot (marka, GOST va boshqa ma’lumotlar) | Tovar soni | Brutto (kg) | Netto (kg) | Navi | Sinf |
| 1 | 2 | 3 | 4 | 5 | 6 | 7 | 8 | 9 | 10 | 11 |
| | | | | | | | | | | |
| | | | | | | | | | | |
| | | | | | | | | | | |
| | | | | | | | | | | |
| | ||||||||||
| | ||||||||||
|
Erkin ombordan chiqarishda |
Erkin omborda qoldiq | |||||||||
| Chiqim Bojxona yuk deklaratsiyasi | Yuklangan sana | Tovar to‘g‘risida ma’lumot (marka, GOST va boshqa ma’lumotlar) | Tovar soni | Brutto (kg) | Netto (kg) | Tovar soni | Brutto (kg) | Netto (kg) | BYuB bo‘yicha qoldiq | |
| 12 | 13 | 14 | 15 | 16 | 17 | 18 | 19 | 20 | 21 | |
| | | | | | | | | | | |
| | | | | | | | | | | |
| | | | | | | | | | | |
| | | | | | | | | | | |
(nizom O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining 2012-yil 24-avgustdagi 01-02/12-24-sonli qaroriga (ro‘yxat raqami 1309-1, 27.09.2012-y.) asosan 2-ilova bilan to‘ldirilgan — O‘R QHT, 2012-y., 39-son, 457-modda)
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y., 6-son, 76-modda; 2012-y., 39-son, 457-modda)