Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosida energiya taʼminotini tashkil etish sohasini tartibga solish va rivojlantirish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2023-yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 16-fevraldagi PQ-57-son qarori ijrosini taʼminlash hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosida energiya taʼminotini tashkil etish sohasini tartibga solish va rivojlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2023-yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 16-fevraldagi PQ-57-son qaroriga muvofiq:
2023-yil 1-maydan boshlab foydalanishga topshiriladigan koʻp qavatli uylar tomlari boʻsh qismining kamida 50 foizida quyosh panellarini oʻrnatish talabi joriy qilinganligi;
2023-yilda foydalanishga topshiriladigan 765 ta koʻp qavatli uylarda jami quvvati 15,3 MVt boʻlgan quyosh panellari oʻrnatilishi belgilanganligi;
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligiga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda tadbirkorlik subyektlarini jalb qilgan holda, koʻp qavatli uylarda quyosh panellarini oʻrnatish va ularga xizmat koʻrsatish boʻyicha kompaniyalarni tashkil etish vazifasi yuklanganligi;
b) Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — Bojxona qoʻmitasi) tomonidan hududlarda oʻrnatilgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobotini yuritish boʻyicha “Yashil energiya” axborot tizimi ishga tushirilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. “Yashil energiya” axborot tizimidan foydalanish va uning uzluksiz ishlashini taʼminlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Energetika vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari “Yashil energiya” axborot tizimiga tegishli maʼlumotlarni oʻz vaqtida kiritib borish choralarini koʻrsin.
Oldingi tahrirga qarang.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Energiya samaradorligi milliy agentligi “Yashil energiya” axborot tizimidan oʻz faoliyat yoʻnalishi boʻyicha erkin foydalanish huquqiga ega.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-oktabrdagi 673-sonli qaroriga asosan ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.10.2025-y., 09/25/673/0980-son)
Oldingi tahrirga qarang.
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ:
(3-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 27-avgustdagi PF-174-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.09.2026-y., 06/26/174/0881-son)
2024-yil 1-fevralga qadar “Yashil energiya” axborot tizimini toʻliq funksional rejimida ishga tushirilishini va belgilangan tartibda Energetika vazirligiga oʻtkazilishini taʼminlasin;
“Yashil energiya” axborot tizimining uzluksiz ishlashini va kiritilayotgan maʼlumotlarning toʻgʻriligini doimiy nazorat qilsin.
4. Belgilansinki:
a) qayta tiklanuvchi energiya manbalari va ularning asbob-uskunalari, xom ashyo, butlovchi va ehtiyot qismlarini import qilishda bojxona toʻlovlarini 120 kun muddatga foizlar undirilmagan holda kechiktirib toʻlashga;
qayta tiklanuvchi energiya manbalari va ularning asbob-uskunalari, xom ashyo, butlovchi va ehtiyot qismlarini import qilish faoliyati bilan uch yildan ortiq davr mobaynida shugʻullanayotgan, bojxona toʻlovlari boʻyicha majburiyatlarini oʻz vaqtida bajarib kelgan tadbirkorlarga 6 oy muddatga bojxona toʻlovlarini taʼminlash qoʻllanilmagan holda, bojxona toʻlovlarini boʻlib toʻlashga ruxsat beriladi. Bunda tadbirkorlar tomonidan oxirgi 3 yil davomida toʻlangan bojxona toʻlovlarining miqdori toʻlov muddati uzaytiriladigan summaning 50 foizidan oshmaydigan miqdorini tashkil etishi lozim;
b) 2024-yil 1-martdan boshlab texnik hujjatlarida yoki markirovkasida quyosh elementlarining sifat koʻrsatkichlarini ifodalovchi “A”, “B”, “C” va “D” tegishli sinfi toʻgʻrisidagi axborotlar mavjud boʻlmagan quyosh panellarini chetdan olib kirish taqiqlanadi;
quyosh panellari texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligi tasdiqlanishi majburiy boʻlgan mahsulotlar roʻyxatiga kiritiladi;
Oldingi tahrirga qarang.
v) akkreditatsiyadan oʻtgan muvofiqlikni baholash organi tashkil etilgunga qadar qayta tiklanuvchi energiya manbalari va ularning asbob-uskunalari, xom ashyo, butlovchi va ehtiyot qismlari Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining (keyingi oʻrinlarda — Texnik jihatdan tartibga solish agentligi) “Oʻzbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi” davlat muassasasi tomonidan uning sinov laboratoriyalari imkoniyatlaridan foydalangan holda sertifikatlashtiriladi. Bunda:
(4-band “v” kichik bandining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 1-iyuldagi 371-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.07.2024-y., 09/24/371/0499-son)
Oldingi tahrirga qarang.
“Oʻzbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi” davlat muassasasiga muvofiqlikni baholash organlari akkreditatsiyasidan oʻtmagan holda, “Oʻzbekiston akkreditatsiya markazi” DMni xabardor qilib, muvofiqlikni baholashga doir ishlarni bajarishga;
(4-band “v” kichik bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 1-iyuldagi 371-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.07.2024-y., 09/24/371/0499-son)
ushbu turdagi tovarlar va maishiy elektr priborlarining energiya samaradorligi toifasini hujjatni eʼtirof etish orqali identifikatsiyalash yoʻli bilan muvofiqlikni baholashga ruxsat beriladi.
5. Energetika vazirligi:
ikki oy muddatda qayta tiklanuvchi energiya manbalari va ularning asbob-uskunalari, xom ashyo, butlovchi va ehtiyot qismlarining texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiqligini baholash boʻyicha sinov laboratoriyasi (keyingi oʻrinlarda — laboratoriya) faoliyatini tashkil etish;
Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot institutidagi akkreditatsiya laboratoriyasi faoliyatini kengaytirish va zamonaviy sinov uskunalari hamda oʻlchash vositalari bilan jihozlash choralarini koʻrsin.
6. Texnik jihatdan tartibga solish agentligi Bojxona qoʻmitasi bilan birgalikda oʻn kun muddatda import qiluvchilar tomonidan “Yagona darcha” bojxona axborot tizimi orqali “Oʻzbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi” DUKning muvofiqlikni baholash organlariga qayta tiklanuvchi energiya manbalari va ularning asbob-uskunalari, xom ashyo, butlovchi va ehtiyot qismlarini sertifikatlashtirish uchun ariza yuborish imkoniyatini yaratsin.
7. “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi Texnik jihatdan tartibga solish agentligi bilan birgalikda oʻn kun muddatda Maishiy va boshqa energiya sarflaydigan qurilmalarning energetik samaradorligini tamgʻalashga umumiy talablarni (OʻzDst: 3017-2015) Yevropa Ittifoqi, Xitoy Xalq Respublikasi va boshqa davlatlarda maishiy elektr uskunalari hamda tabiiy gazda ishlaydigan maishiy suv isitish qozonlari va boylerlar energiya samaradorligi toifalarining milliy qonunchilikdagi toifalariga moslashtirsin.
Bunda elektr uskunalarining maishiy yoki boshqa maqsadlar uchun moʻljallanganligi boʻyicha farqlovchi qoidalar aks ettirilsin.
8. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi bir oy muddatda yangi foydalanishga topshiriladigan koʻp qavatli uylar tomlari boʻsh qismining kamida 50 foizida quyosh panellarini oʻrnatish talabi shaharsozlik norma va qoidalari (SHNQ)ga kiritilishini taʼminlasin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
10. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov hamda energetika vaziri J.T. Mirzamahmudov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 8-yanvar,
13-son
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 8-yanvardagi 13-son qaroriga
1-ILOVA
“Yashil energiya” axborot tizimidan foydalanish va uning uzluksiz ishlashini taʼminlash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
Oldingi tahrirga qarang.
1. Ushbu Nizom “Yashil energiya” axborot tizimidan (keyingi oʻrinlarda — Tizim) foydalanish va uning uzluksiz ishlashini taʼminlash tartibini belgilaydi.
(1-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 27-avgustdagi PF-174-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.09.2026-y., 06/26/174/0881-son)
Respublika hududida oʻrnatilgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari haqidagi maʼlumotlar “Ijtimoiy soha va davlat idoralari”, “Tadbirkorlik”, “Aholi xonadonlari”, “Koʻp qavatli binolar” rukni boʻyicha Tizimga kiritiladi va hisobi yuritiladi.
Tizimga veb-brauzer orqali kiriladi va undan statsionar kompyuterlar bilan bir qatorda mobil qurilmalar orqali ham foydalanish mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
“Yashil energiya” axborot tizimi — qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari oʻrnatilgan va ular tomonidan ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasi (quvvat) boʻyicha maʼlumotlarni masofadan turgan holda kiritish hamda oʻrnatilgan quyosh panellarining real vaqt rejimida hisobini yuritish orqali monitoring qilish imkonini beradigan axborot tizimi;
“Yashil energiya” axborot tizimiga kiritiladigan maʼlumot — qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari va ular oʻrnatilgan obyektlar hamda ular tomonidan ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasi (quvvat) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
vakolatli organlar — “Yashil energiya” axborot tizimiga maʼlumotni oʻz vaqtida, toʻgʻri va toʻliq kiritish uchun masʼul boʻlgan vazirliklar, idoralar (hokimliklar) va tashkilotlar;
masʼul shaxs — “Yashil energiya” axborot tizimiga maʼlumotni oʻz vaqtida, toʻgʻri va toʻliq kiritish uchun vakolatli organ tomonidan tayinlangan shaxs;
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJning masʼul shaxsi — “Yashil energiya” axborot tizimiga kiritilgan maʼlumotlarning toʻgʻriligi va haqqoniyligini tekshirib, tasdiqlash uchun “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan tayinlangan shaxs;
vazirlik administratori — tizimga kiritilgan barcha maʼlumotlarni koʻrish, tahrir qilish, oʻchirish va hisobotlarni olish imkoniyatiga ega Energetika vazirligi xodimi;
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ administratori — tizimga kiritilgan barcha maʼlumotlarni koʻrish, tahrir qilish va hisobotlarni olish imkoniyatiga ega “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ xodimi;
“Yashil energiya” axborot tizimi administratori — davlat organlari va xoʻjalik jamiyatlarining masʼul xodimlariga tizimga oʻrnatilgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni kiritishiga ruxsat berish, turli rukndagi maʼlumotlarni oʻzgartirish, tizimga oʻzgartirishlar kiritish, takliflar asosida takomillashtirish imkoniyatiga ega shaxs (Energetika vazirligi va “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ xodimi);
hududiy foydalanuvchi — tizimga oʻrnatilgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni “Yashil energiya” axborot tizimiga oʻz vaqtida, toʻgʻri va toʻliq kiritish hamda kiritgan maʼlumotlarni tahrir qilish vakolatiga ega shaxs (davlat tashkilotlari, xoʻjalik yurituvchi subyektlar xodimi);
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ foydalanuvchisi — “Yashil energiya” axborot tizimiga kiritilgan maʼlumotlarning toʻgʻriligi va haqqoniyligini tekshirib, tasdiqlash huquqiga ega “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan tayinlangan shaxs;
foydalanuvchi (obyekt egasi) — tizimga oʻrnatilgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni “Yashil energiya” axborot tizimiga kiritish va hisobotlarni koʻrish imkoniyatiga ega shaxs (davlat tashkilotlari, xoʻjalik yurituvchi subyektlar xodimi).
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 27-avgustdagi PF-174-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.09.2026-y., 06/26/174/0881-son)
2-bob. “Yashil energiya” axborot tizimidan foydalanish tartibi
Oldingi tahrirga qarang.
3. Tizim bazasiga maʼlumotlarni kiritish, yangilash, oʻzgartirish hamda uni takomillashtirish quyidagi maqomdagi foydalanuvchilar tomonidan amalga oshiriladi:
vazirlik administratori;
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ administratori;
“Yashil energiya” axborot tizimi administratori;
hududiy foydalanuvchi;
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ foydalanuvchisi;
foydalanuvchi (obyekt egasi).
Bunda tizimga kiritilayotgan maʼlumotlar “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ masʼul shaxsi tomonidan tekshirilib, tasdiqlanishi shart.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 27-avgustdagi PF-174-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.09.2026-y., 06/26/174/0881-son)
Oldingi tahrirga qarang.
4. “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ “Tizim maʼmuri (asoschisi)” hisoblanadi va quyidagilarni bajaradi:
(4-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 27-avgustdagi PF-174-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.09.2026-y., 06/26/174/0881-son)
tizimning uzluksiz ishlashini taʼminlaydi;
tizimdagi maʼlumotlarni tahlil qiladi, hisobotlarni yaratadi va tayyorlaydi;
tizimga foydalanuvchi tomonidan kiritilgan maʼlumotlarni tartibga soladi va toʻldiradi;
tizim foydalanuvchilariga ruxsat beradi va ularga berilgan ruxsatni bekor qiladi;
tizimga oʻzgartirishlar kiritadi, takliflar asosida takomillashtiradi.
5. Davlat tashkilotlari va xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan hududiy foydalanuvchi hamda foydalanuvchilar roʻyxati shakllantiriladi va ularga tizimga kirish uchun ruxsat beriladi.
Hududiy foydalanuvchilar tizimga kiritgan maʼlumotlari uchun masʼul va javobgardirlar.
Foydalanuvchilarga tizimdan foydalanishlari uchun “Yashil energiya” axborot tizimi administratori tomonidan ruxsat olinadi.
6. Foydalanuvchi tizimga qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari haqidagi maʼlumotlarni elektron raqamli imzo kalitlari orqali kiritish imkoniyatiga ega boʻladi.
7. Tizim axborotining asosini tashkil etadigan elektron hujjatlar “bmp”, “jpg” va “jpeg” formatlarida joylashtirilishi zarur.
8. Tizimning maʼlumotlar bazasida shakllantirilgan maʼlumotlarni saqlash muddati 3 yil hisoblanadi. Ushbu muddatdan avvalgi maʼlumotlar tizimdan avtomatik ravishda oʻchiriladi (zaxira maʼlumotlar bazasida barcha maʼlumotlar jamlanishi taʼminlangan holda).
9. Davlat tashkilotlari va xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini oʻrnatish borasida amalga oshirilgan ishlardan kelib chiqib, tizimga kiritilgan maʼlumotlar doimiy ravishda yangilab boriladi.
10. Normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan, bekor qilingan yoki ularga oʻzgartirishlar kiritilgan hollarda, masʼul shaxs tizim bazasiga tegishli maʼlumotning ushbu hujjatlar qonuniy kuchga kirgandan soʻng bir kun muddatda tezkor kiritilishini taʼminlaydi.
11. Masʼul shaxs maʼlumotlarni tizimga oʻz vaqtida, haqqoniy, toʻgʻri va toʻliq kiritilishida javobgar hisoblanadi.
12. Masʼul shaxs normativ-huquqiy hujjatni oʻz vaqtida olmagan taqdirda, ushbu shaxs qayd etilgan hujjat olingan paytdan boshlab bir kun muddatda maʼlumotlar kiritilishini taʼminlash sharti bilan maʼlumot oʻz vaqtida kiritilmaganligi hamda haqqoniy boʻlmaganligi uchun javobgarlikdan ozod etiladi.
3-bob. Yakunlovchi qoidalar
Oldingi tahrirga qarang.
13. Raqamli texnologiyalar vazirligi va “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tizimning uzluksiz ishlashini hamda axborot xavfsizligini taʼminlaydi.
(13-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 27-avgustdagi PF-174-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.09.2026-y., 06/26/174/0881-son)
Oldingi tahrirga qarang.
14. Tizimning resurslarini saqlash, kuzatish va funksional kengaytirish, takomillashtirish hamda ularga xizmat koʻrsatish “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan shartnoma asosida amalga oshiriladi.
(14-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 27-avgustdagi PF-174-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.09.2026-y., 06/26/174/0881-son)
15. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladi.
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 8-yanvardagi 13-son qaroriga
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasida muvofiqligi tasdiqlanishi lozim boʻlgan muvofiqlikni baholash obyektlari roʻyxatlarini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2021-yil 30-yanvardagi 43-son qarorida:
a) 4-ilovada:
quyidagi mazmundagi 721-band bilan toʻldirilsin:
|
“ |
||
|
721. |
Quyosh panellari |
8501 71 000 0 8501 72 000 0 8501 80 000 0 8541 42 000 0 8541 43 000 0* |
|
”; |
b) 4-ilovaning izoh qismida:
1-bandining birinchi va ikkinchi xatboshilaridagi “yoʻli bilan” soʻzlari “orqali” soʻzi bilan almashtirilsin;
2-bandning ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“mahsulotning muvofiqligini tasdiqlash uchun ariza olingan paytda (ariza qabul qilingan kundan avvalgi 72 soatlik davrda) Oʻzbekiston Respublikasida ushbu mahsulotning (quyosh panellari va har qanday gaz uchun ballonlardan tashqari) muvofiqligini baholash uchun faoliyat yuritayotgan va akkreditatsiya qilingan sertifikatlash organi boʻlmagan taqdirda”.
2. Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 10-apreldagi 148-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat veterinariya xizmati nazorati ostidagi tovarlar eksporti, importi va tranziti uchun ruxsatnomani hamda veterinariya sertifikatini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ilova izoh qismining birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“* Ushbu roʻyxatdan foydalanishda mahsulotning TIF TN kodiga va nomiga amal qilinadi. Shuningdek, davlat veterinariya xizmati tizimida ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarning talablari va shartlariga muvofiq amalga oshiriladi”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.01.2024-y., 09/24/13/0014-son; 12.07.2024-y., 09/24/371/0499-son; 27.10.2025-y., 09/25/673/0980-son; 01.09.2026-y., 06/26/174/0881-son)