O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Yonish va portlash xavfi yuqori bo‘lgan kimyoviy moddalar bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar samaradorligini oshirish to‘g‘risida
Yonish va portlash xavfi yuqori bo‘lgan kimyoviy moddalarni (mahsulotlarni) saqlash, tashish, ulardan foydalanish va yo‘q qilish jarayonida favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda ularning oqibatlarini tezkorlik bilan bartaraf etish borasidagi chora-tadbirlar samaradorligini oshirish maqsadida:
1. Favqulodda vaziyatlar vazirligiga yonish va portlash xavfi yuqori bo‘lgan kimyoviy moddalarni (mahsulotlarni) (keyingi o‘rinlarda — kimyoviy moddalar (mahsulotlar)) saqlash, tashish, ulardan foydalanish va yo‘q qilish sohasidagi faoliyatni muvofiqlashtirish, shuningdek, ushbu sohada belgilangan talablarga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish vazifalari yuklansin.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Favqulodda vaziyatlar vazirligining Favqulodda vaziyatlar profilaktikasi boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlari tuzilmasida vazirlikning umumiy shtatlar soni doirasida yonish va portlash xavfi yuqori bo‘lgan kimyoviy moddalar bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish bo‘limi hamda bo‘linmalari (keyingi o‘rinlarda — bo‘lim (bo‘linmalar)) tashkil etilsin.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 20-oktabrdagi PF-185-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.10.2025-y., 06/25/185/0956-son)
3. Quyidagilar bo‘limning (bo‘linmalarning) asosiy vazifalari etib belgilansin:
vazirlik, idora va boshqa tashkilotlar, shuningdek, tadbirkorlik subyektlari tomonidan kimyoviy moddalarni (mahsulotlarni) saqlash, tashish, ulardan foydalanish va yo‘q qilishda belgilangan xavfsizlik talablariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
respublika hududiga olib kirilgan, respublika hududida joylashgan obyektlarda saqlanayotgan hamda respublika hududi orqali tranzit tashilayotgan kimyoviy moddalar (mahsulotlar) to‘g‘risida yagona markazlashgan ma’lumotlar bazasini yaratish va doimiy yuritib borish;
kimyoviy moddalarni (mahsulotlarni) saqlash, tashish, ulardan foydalanish va yo‘q qilishda yuzaga keladigan texnogen avariyalar va favqulodda vaziyatlarning oldini olish, shuningdek, oqibatlarini bartaraf etish ishlarini muvofiqlashtirish;
kimyoviy moddalarni (mahsulotlarni) saqlash, tashish, ulardan foydalanish va yo‘q qilish sohasida manfaatdor tashkilotlar bilan hamkorlik qilish.
4. Favqulodda vaziyatlar vazirligi:
Bojxona qo‘mitasi bilan birgalikda bir oy muddatda respublika hududiga olib kiriladigan kimyoviy moddalar (mahsulotlar) bo‘yicha elektron ma’lumot almashinuvi tizimini yo‘lga qo‘ysin;
bo‘limni (bo‘linmalarni) va kimyoviy moddalar (mahsulotlar) bilan bog‘liq texnogen avariyalar va favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishga jalb etiladigan radiatsion, kimyoviy va tibbiy-biologik muhofaza guruhlarini maxsus texnikalar va zarur asbob-anjomlar bilan ta’minlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
5. Favqulodda vaziyatlar vazirligi Ichki ishlar vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Transport vazirligi, Energetika vazirligi hamda Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi bilan birgalikda bir oy muddatda bo‘lim (bo‘linmalar) xodimlarini qayta tayyorlash dasturini tasdiqlasin va ularni “Kontexnazorato‘quv” davlat muassasasi bazasida ushbu dastur asosida tayyorgarlikdan o‘tkazsin.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi PF-79-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 25.05.2024-y., 06/24/79/0363-son)
6. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq 2024-yil 1-yanvardan boshlab:
respublika hududiga olib kirilgan hamda belgilangan tartibda bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazilgan kimyoviy moddalar (mahsulotlar) va ularni olib kiruvchi subyektlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar Bojxona qo‘mitasining Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali Favqulodda vaziyatlar vazirligiga real vaqt rejimida taqdim etib boriladi;
kimyoviy moddalar (mahsulotlar) faqat favqulodda vaziyatlarning (yong‘inlarning) oldini olish va sanoat xavfsizligi talablariga javob beradigan omborlarda saqlanishiga ruxsat beriladi.
7. Raqamli texnologiyalar vazirligi Favqulodda vaziyatlar vazirligi buyurtmasiga asosan ikki oy muddatda respublika budjeti mablag‘lari hisobidan respublika hududiga kimyoviy moddalarni (mahsulotlarni) olib kiruvchi subyektlar tomonidan bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazilgan kimyoviy moddalar (mahsulotlar) va ularni saqlash joylari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni kiritish imkoniyatiga ega bo‘lgan axborot platformasini (keyingi o‘rinlarda — axborot platformasi) yaratsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(7-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-dekabrdagi PF-250-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 23.12.2025-y., 06/25/250/1197-son)
8. Belgilab qo‘yilsinki, kimyoviy moddalarni (mahsulotlarni) saqlash, tashish, ulardan foydalanish va yo‘q qilishda xavfsizlik talablariga rioya etilishini ta’minlashga quyidagilar javobgar hisoblanadi:
kimyoviy moddalar (mahsulotlarni) omborga joylashtirilguniga qadar — tashuvchi;
kimyoviy moddalar (mahsulotlar) omborga joylashtirilganda — ombor egasi;
kimyoviy moddalardan (mahsulotlardan) foydalanish va yo‘q qilishda — ulardan foydalanuvchi subyekt.
9. 2024-yil 1-yanvardan boshlab O‘zbekiston Respublikasi hududiga kimyoviy moddalarni (mahsulotlarni) olib kirish, tashish, saqlash, ulardan foydalanish va yo‘q qilishda belgilangan talablarga rioya etilishini doimiy nazorat qilishning quyidagi tartibi joriy etilsin:
Oldingi tahrirga qarang.
a) Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Bojxona qo‘mitasi, Ichki ishlar vazirligi va Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi kimyoviy moddalarni (mahsulotlarni) saqlash, tashish, ulardan foydalanish va yo‘q qilishda mazkur qarorga ilovadagi sxemaga muvofiq o‘zaro hamkorlik qiladi;
(9-bandning “a” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi PF-79-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 25.05.2024-y., 06/24/79/0363-son)
b) Bojxona qo‘mitasi kimyoviy moddalarni (mahsulotlarni) bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazadi hamda bir kun muddatda Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali kimyoviy moddalar (mahsulotlar) turi, miqdori va ularni olib kiruvchi subyekt to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Favqulodda vaziyatlar vazirligining Favqulodda vaziyatlarda harakat qilish va boshqarish milliy markaziga (keyingi o‘rinlarda — Milliy markaz) taqdim etadi;
v) kimyoviy moddalarni (mahsulotlarni) olib kiruvchi subyektlar ushbu moddalar (mahsulotlar) bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazilgan kunning o‘zida axborot platformasi orqali kimyoviy moddalarning (mahsulotlarning) saqlanadigan joyi (ombor) haqidagi ma’lumotlarni Milliy markazga taqdim etadi. Bunda, Milliy markazga taqdim etilgan ma’lumotlar to‘g‘riligi va ishonchliligi uchun javobgarlik kimyoviy moddalarni (mahsulotlarni) olib kiruvchi subyektning rahbari zimmasiga yuklanadi;
g) Milliy markaz kimyoviy moddalar (mahsulotlar) bilan bog‘liq har bir harakat to‘g‘risidagi ma’lumotlarni doimiy ravishda yangilab boradi;
d) Favqulodda vaziyatlar vazirligi:
joyiga chiqqan holda kimyoviy moddalarni (mahsulotlarni) saqlash, ulardan foydalanish va yo‘q qilishda belgilangan talablarga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi, shu jumladan ularning omborda to‘g‘ri joylashtirilganligi, yemiruvchi yoki boshqacha ta’sirga chidamli tarada saqlanayotganligi, shuningdek, bir-biriga o‘zaro ta’sir qilmasligi va xavfli oqibatlarni keltirib chiqaruvchi reaksiyaga kirishmasligini ta’minlovchi sharoitlar yaratilganligini o‘rganadi;
axborot platformasiga kiritilgan ma’lumotlarni monitoring qiladi;
kimyoviy moddalarni (mahsulotlarni) tegishli manzilga tashish davomida yuzaga keladigan texnogen avariyalar va favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish choralarini ko‘radi;
kimyoviy moddalarni (mahsulotlarni) saqlash, tashish, ulardan foydalanish va yo‘q qilish sohasidagi qonunchilik hujjatlari talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslarni belgilangan tartibda javobgarlikka tortish choralarini ko‘radi;
manfaatdor vazirlik, idora va boshqa tashkilotlarga kimyoviy moddalarni (mahsulotlarni) saqlash uchun obyektning (omborning) yong‘in va sanoat xavfsizligi talablariga muvofiqligi yuzasidan xulosa beradi;
Oldingi tahrirga qarang.
e) Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi:
(9-band “e” kichik bandining birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi PF-79-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 25.05.2024-y., 06/24/79/0363-son)
qonunchilikda belgilangan tartibda kimyoviy moddalardan (mahsulotlardan) foydalanish ustidan nazoratni amalga oshiradi;
kimyoviy moddalarni (mahsulotlarni) saqlash uchun obyektning (omborning) sanoat xavfsizligi talablariga muvofiqligi yuzasidan Favqulodda vaziyatlar vazirligiga xulosa taqdim etadi;
j) Ichki ishlar vazirligi:
kimyoviy moddalar (mahsulotlar) tegishli manzilga xavfsiz tarzda yetkazilishi (tashilishi) uchun qonunchilikda belgilangan tartibda kuzatuvni amalga oshiradi;
kimyoviy moddalar (mahsulotlar) bilan bog‘liq texnogen avariyalar va favqulodda vaziyatlarda jamoat tartibini saqlash choralarini ko‘radi.
Bunda, kimyoviy moddalarni (mahsulotlarni) tashish, saqlash, ulardan foydalanish va yo‘q qilishda belgilangan talablarga rioya etilishini nazorat qilish respublikada ishlab chiqarilgan kimyoviy moddalarga (mahsulotlarga) nisbatan ham tatbiq etiladi.
10. Belgilansinki, bo‘lim (bo‘linmalar) hamda kimyoviy moddalar (mahsulotlar) bilan bog‘liq texnogen avariyalar va favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishga jalb etiladigan radiatsion, kimyoviy va tibbiy-biologik muhofaza guruhlarini maxsus texnikalar va zarur asbob-anjomlar bilan ta’minlash Favqulodda vaziyatlar vazirligiga har yili ajratiladigan budjet mablag‘lari doirasida, shuningdek, vazirlikning budjetdan tashqari mablag‘lari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
11. Favqulodda vaziyatlar vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hamda Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda ikki oy muddatda:
tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, yuridik shaxslarga tegishli kimyoviy moddalar (mahsulotlar) saqlanadigan yoki foydalaniladigan obyektlarni to‘liq xatlovdan o‘tkazsin;
ushbu moddalarni (mahsulotlarni) saqlashda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tezkor chora-tadbirlarni belgilasin va amalga oshirsin.
Oldingi tahrirga qarang.
12. Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda kimyoviy moddalarga (mahsulotlarga) oid xavfsizlik qoidalari va texnik reglamentlarni xatlovdan o‘tkazib, ularning talablarini tadbirkorlik subyektlari va boshqa mas’ul tashkilotlarga yetkazsin.
(12-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi PF-79-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 25.05.2024-y., 06/24/79/0363-son)
13. Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Bojxona qo‘mitasi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2023-yil 15-dekabrga qadar:
kimyoviy moddalar (mahsulotlar) ro‘yxatini (Tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasi kodlari va nomlanishi asosida);
kimyoviy moddalarni (mahsulotlarni) saqlash, tashish, ulardan foydalanish va yo‘q qilish ustidan nazoratni amalga oshirish tartibini tasdiqlashni nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
14. Favqulodda vaziyatlar vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda har yili aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish bo‘yicha asosiy tadbirlar rejalari asosida kimyoviy moddalar (mahsulotlar) bilan bog‘liq faoliyatni amalga oshiruvchi tadbirkorlik subyektlari, davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlari uchun kimyoviy moddalarni (mahsulotlarni) saqlash, tashish, ulardan foydalanish va ularni yo‘q qilish tadbirlarini xavfsiz tashkil etish bo‘yicha ko‘rgazmali seminar va o‘quv mashqlarini o‘tkazib borsin.
15. Favqulodda vaziyatlar vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilikka ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
16. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib favqulodda vaziyatlar vaziri A.X. Kuldashev belgilansin.
Qarorning ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 6-noyabr,
PQ-357-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 6-noyabrdagi PQ-357-son qaroriga
ILOVA
Yonish va portlash xavfi yuqori bo‘lgan kimyoviy moddalar (mahsulotlar) bilan bog‘liq texnogen avariyalar va favqulodda vaziyatlarning oldini olish bo‘yicha hamkorlik qilish
SXEMASI
Oldingi tahrirga qarang.

Shartli belgilar:
FVV — Favqulodda vaziyatlar vazirligi, FVB — favqulodda vaziyatlar boshqarmasi
SRYAXQ — Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi, SRYAXQ HB — Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasining hududiy boshqarmasi
IIV — Ichki ishlar vazirligi, IIB — ichki ishlar boshqarmasi
BQ — Bojxona qo‘mitasi
Ombor egasi — yonish va portlash xavfi yuqori bo‘lgan kimyoviy moddalarni (mahsulotlarni) saqlaydigan shaxs
KM — yonish va portlash xavfi yuqori bo‘lgan kimyoviy moddalar (mahsulotlar)

(ilova O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi PF-79-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 25.05.2024-y., 06/24/79/0363-son)
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.11.2023-y., 07/23/357/0833-son; 25.05.2024-y., 06/24/79/0363-son; 21.10.2025-y., 06/25/185/0956-son; 23.12.2025-y., 06/25/250/1197-son)