Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Jamoat xavfsizligini taʼminlash va huquqbuzarliklarning oldini olishda davlat organlari va tashkilotlari idoraviy qorovullik boʻlinmalarining faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
“Qoʻriqlash faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni ijrosini taʼminlash, shuningdek, davlat organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat korxonalari va muassasalari (keyingi oʻrinlarda — davlat organlari va tashkilotlari) idoraviy qorovullik boʻlinmalarining jamoat xavfsizligini taʼminlash va huquqbuzarliklarning oldini olishda huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlik qilish mexanizmini takomillashtirish hamda ularga koʻmaklashish va amaliy yordam koʻrsatish boʻyicha faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Qoʻriqlash faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga muvofiq quyidagilarni nazarda tutuvchi Davlat organlari va tashkilotlari idoraviy qorovullik boʻlinmalarining huquqbuzarlik va hodisalar yuzasidan ichki ishlar organlari va Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi boʻlinmalarini xabardor qilish hamda oʻzaro hamkorlik qilish tartibi haqidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
davlat organlari va tashkilotlarining idoraviy qorovullik boʻlinmalari tomonidan qoʻriqlanadigan obyektlarda jinoyat, boshqa huquqbuzarliklar va hodisalar, shubha uygʻotuvchi, qidiruvdagi shaxslar va yuzaga kelgan tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar, jamoat xavfsizligiga tahdid solayotgan yoki tahdid solishi mumkin boʻlgan oʻzga holatlar toʻgʻrisida hududiy ichki ishlar organlari va Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi boʻlinmalariga tezkor xabar berish tartibi, shuningdek qorovullik boʻlinmalari xodimlari bilan ushbu masalalarga oid yoʻriqnomaviy mashgʻulotlarni oʻtkazishning umumiy qoidalari;
hududiy ichki ishlar organlari va Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi boʻlinmalarining xabar bergan davlat organlari va tashkilotlarining idoraviy qorovullik boʻlinmalari bilan hodisa joyida amalga oshiriladigan hamkorlikdagi faoliyati;
ichki ishlar organlari va Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiya boʻlinmalari tomonidan idoraviy qorovullik boʻlinmalarining huquqbuzarlik va hodisalar haqidagi xabarlari boʻyicha tezkor choralar koʻrish tartibi;
ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya boʻlinmalari faoliyatiga koʻmaklashish va yaqindan yordam koʻrsatish boʻyicha vazifalarni bajarishda oʻrnak koʻrsatgan idoraviy qorovullik boʻlinmalari xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish.
2. Vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa davlat organlari va tashkilotlari Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi hamda Milliy gvardiyasi bilan birgalikda:
bir oy muddatda oʻz tarkibidagi idoraviy qoʻriqlash boʻlinmalarida mazkur qarorning maqsadini, mohiyatini, amaliy ahamiyati va ijro etish tartibi yuzasidan tushuntirish ishlarini tashkillashtirsin;
jamoat xavfsizligini taʼminlashda, jinoyat va boshqa huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxslarni aniqlashda, oʻziga yuklatilgan boshqa vazifalarni bajarishda oʻrnak koʻrsatgan davlat organlari va tashkilotlarining idoraviy qorovullik boʻlinmalari xodimlarini ragʻbatlantirib borish choralarini koʻrib borsin;
joriy etilayotgan tartibning samaradorligi yuzasidan tizimli monitoringni amalga oshirib borsin va qaror talablari bajarilishi ustidan doimiy nazorat oʻrnatsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi hamda Milliy gvardiyasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonov hamda Milliy gvardiyasi qoʻmondoni R.M. Djurayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 14-oktabr,
598-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 14-oktabrdagi 598-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Davlat organlari va tashkilotlari idoraviy qorovullik boʻlinmalarining huquqbuzarlik va hodisalar yuzasidan ichki ishlar organlari va Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi boʻlinmalarini xabardor qilish hamda oʻzaro hamkorlik qilish tartibi haqida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu nizom davlat organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat korxonalari va muassasalari (keyingi oʻrinlarda — davlat organlari va tashkilotlari) idoraviy qorovullik boʻlinmalari tomonidan qoʻriqlanadigan obyektlarda sodir etilgan jinoyatlar, boshqa huquqbuzarliklar, shubha uygʻotuvchi va qidiruvdagi shaxslar, yuzaga kelgan tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar, jamoat xavfsizligiga tahdid solayotgan yoki tahdid solishi mumkin boʻlgan oʻzga holatlar (keyingi oʻrinlarda — huquqbuzarlik va hodisalar) yuzasidan ichki ishlar organlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi boʻlinmalarini (keyingi oʻrinlarda — Milliy gvardiya boʻlinmalari) xabardor qilish hamda ular boʻyicha oʻzaro hamkorlikni tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu nizom qoidalari idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan qorovullik hamda idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan harbiylashtirilgan qoʻriqlash faoliyatiga, shuningdek maxsus yuklarni transportda tashish jarayoniga nisbatan tatbiq etilmaydi.
3. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
idoraviy qorovullik boʻlinmalari — davlat organlari va tashkilotlarining oʻz obyektlarini qoʻriqlash uchun yuridik shaxs tashkil etmasdan tuziladigan tarkibiy boʻlinmasi yoki alohida xodimi;
qoʻriqlanadigan obyekt — belgilangan tartibda qoʻriqlashga olingan jismoniy va yuridik shaxslarning binolari, imoratlari, inshootlari, ularning hududlari, joyning uchastkalari, transport vositalari, transportda tashiladigan yuklari, pul mablagʻlari, moddiy boyliklari va boshqa mol-mulki, shuningdek jismoniy shaxs.
4. Idoraviy qorovullik boʻlinmalari xodimlarining ish joyida huquqbuzarlik va hodisalar haqidagi darhol xabar berilishi lozim boʻlgan profilaktika inspektorlari, hududiy ichki ishlar organlarining va Milliy gvardiya boʻlinmalarining navbatchilik qismlari, shuningdek patrullik yoʻnalishlari obyekt atrofidan oʻtadigan ichki ishlar organlari patrul-post xizmati va Milliy gvardiya boʻlinmalari naryadlarining roʻyxati hamda ular bilan axborot almashinuvini taʼminlash tartibi belgilangan boʻlishi kerak.
5. Mahalla huquq-tartibot maskanida ushbu maskanning javobgarligi hududida joylashgan qoʻriqlanadigan obyektlar va idoraviy qorovullik boʻlinmalar, ularning asosiy tavsiflari (manzili, obyekt va qorovullik boʻlinmasi rahbarlari, muloqot telefonlari, idoraviy qorovullik boʻlinmasi xodimlarining soni, ularning ish rejimi, bir sutkada smena davomiyligi, boshlanish va tugallanish vaqtlari) aks ettiriladi.
Ushbu maʼlumotlar ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya boʻlinmalari tomonidan idoraviy qorovullik boʻlinmalari xodimlari bilan yoʻriqnomaviy mashgʻulotlarni oʻtkazishda, shuningdek, patrullik yoʻnalishlarini belgilashda va hududdagi tezkor vaziyatni nazorat qilishda foydalanadi hamda zarurat bilan ularga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritib boriladi.
2-bob. Idoraviy qorovullik boʻlinmalarining huquqbuzarlik va hodisalar haqida ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya boʻlinmalarini xabardor qilish hamda ular boʻyicha tezkor taʼsir oʻtkazish tartibi
1-§. Idoraviy qorovullik boʻlinmalari tomonidan huquqbuzarlik va hodisalar yuzasidan ichki ishlar organlari hamda Milliy gvardiya boʻlinmalarini xabardor qilish va oʻzaro hamkorlik qilish
6. Qoʻriqlanadigan obyektlarda jinoyatlar, boshqa huquqbuzarliklar, jinoyat sodir etishda gumon qilinayotgan, qidiruvdagi, shubhali shaxslar (birinchi navbatda oʻzini oʻta sergakligi yoki bezovtaligi bilan shubha uygʻotgan, yil fasliga mos boʻlmagan yoki boʻy-bastiga noloyiq kiyimda boʻlgan, shuningdek tanasida bogʻlangan joyi va jarohati boʻlganlar) va buyumlar, shuningdek, yongʻinlar, avariyalar, halokatlar, xavfli tabiiy hodisalar, boshqa tabiiy va texnogen ofatlar, mazkur joyga xos boʻlmagan tutunlar, hidlar, alangalar va shovqinlar paydo boʻlishi, jamoat xavfsizligiga tahdid solayotgan yoki tahdid solishi mumkin boʻlgan oʻzga holatlar aniqlanganda idoraviy qorovullik boʻlinmalari xodimlari:
darhol hududiy ichki ishlar organining navbatchilik qismiga xabar beradi;
ichki ishlar organlari xodimlari yoki Milliy gvardiya boʻlinmalari harbiy xizmatchilari (xodimlari) yetib kelgunga qadar huquqbuzarlik va hodisalarning izlari saqlanishi taʼminlaydi, hodisa joyiga boshqa shaxslarni qoʻymaslik choralarini koʻradi;
hodisa joyiga yetib kelgan ichki ishlar organi xodimlariga yoki Milliy gvardiya boʻlinmalari harbiy xizmatchilariga (xodimlariga) huquqbuzarlik va hodisalarning oʻziga maʼlum boʻlgan holatlari va vajlari, ularni sodir etgan yoki sabab boʻlgan shaxslar yuzasidan axborot beradi, huquqbuzarlik va hodisalarning alomatlariga aniqlik kiritishga va ularni rasmiylashtirishga koʻmaklashadi;
tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf qilishda ishtirok etadi, odamlarni qutqarish va ularga birinchi tibbiy yordam koʻrsatishda huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda avariya-qutqaruv xizmatlariga zaruriy amaliy yordam koʻrsatadi;
xizmatga doir axborotning, shuningdek, xizmat majburiyatlarini bajarish chogʻida oʻziga maʼlum boʻlib qolgan davlat sirlarini yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi maʼlumotlarning maxfiyligini va saqlanishini taʼminlaydi.
7. Idoraviy qorovullik boʻlinmalari xodimlari tomonidan huquqbuzarlik va hodisalar haqida ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya boʻlinmalariga telefon orqali xabar beriladi.
Telefon aloqasi mavjud boʻlmagan yoki u ishlamagan hollarda huquqbuzarlik va hodisalar haqida xabar aloqaning boshqa turlari orqali, shu jumladan hushtakdan quyidagi signallardan foydalanish yoʻli bilan berilishi mumkin:
“Ushla” — bitta uzun signal;
“Yordamga” — ikkita qisqa signal.
Zarurat boʻlganda signallar qaytariladi.
2-§. Ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya boʻlinmalari tomonidan idoraviy qorovullik boʻlinmalarining huquqbuzarlik va hodisalar haqidagi xabarlari boʻyicha tezkor taʼsir oʻtkazish
8. Idoraviy qorovullik boʻlinmalarining xabariga asosan hududiy ichki ishlar organining navbatchilik qismi huquqbuzarlik va hodisalar sodir etilgan hudud (joy) va boshqa tafsilotlariga aniqlik kiritadi hamda ulardan kelib chiqib, zudlik bilan hodisa joyiga profilaktika inspektorini joʻnatadi va (yoki) xabarni ichki ishlar organlari patrul-post xizmatining, yoʻl-patrul xizmati yoki Milliy gvardiya boʻlinmasining navbatchilik qismiga yoʻllaydi.
9. Kelib tushgan xabar boʻyicha hodisa joyiga yetib kelgan ichki ishlar organlari xodimlarining va (yoki) Milliy gvardiya boʻlinmalari harbiy xizmatchilarining (xodimlarining) harakatlari va idoraviy qorovullik boʻlinmalari bilan hamkorlikdagi faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi hamda Milliy gvardiyasining idoraviy huquqiy hujjatlari bilan tartibga solinadi.
3-bob. Idoraviy qorovullik boʻlinmalari xodimlari bilan ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya boʻlinmalarini oʻzaro hamkorlik qilish boʻyicha yoʻriqnomaviy mashgʻulotlarni oʻtkazish
10. Profilaktika inspektori tomonidan mahalla huquq-tartibot maskanining javobgarligi hududida joylashgan qoʻriqlanadigan obyektlar idoraviy qorovullik boʻlinmalarining xodimlari bilan jadvalga muvofiq har chorakda huquqbuzarlik va hodisalar yuzasidan ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya boʻlinmalarini xabardor qilish hamda oʻzaro hamkorlik qilish tartibi boʻyicha yoʻriqnomaviy mashgʻulotlar oʻtkaziladi.
Yoʻriqnomaviy mashgʻulotlarni oʻtkazish jadvali va mashgʻulotlar dasturi profilaktika inspektori tomonidan mahalla huquq-tartibot maskanining javobgarligi hududida joylashgan qoʻriqlanadigan obyektlar rahbarlari bilan kelishilgan holda ishlab chiqiladi va ichki ishlar organi boshligʻi tomonidan tasdiqlanadi.
11. Yoʻriqnomaviy mashgʻulotlar tuman (shahar) ichki ishlar boshqarmalari (boʻlimlari)ning jamoat tartibini saqlash boʻlinmasi boshligʻi va hududiy profilaktika inspektori, qoʻriqlanadigan obyektlar Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlarida joylashganda esa, Milliy gvardiya boʻlinmasining rahbari tomonidan birgalikda oʻtkaziladi.
12. Idoraviy qorovullik boʻlinmalari xodimlari bilan yoʻriqnomaviy mashgʻulotlar quyidagi masalalar boʻyicha oʻtkaziladi:
tuman (shahar) va ayniqsa mahalla huquq-tartibot maskani javobgarligi hududida shakllanayotgan tezkor vaziyat, qoʻriqlanadigan obyektlar atrofida jinoyatlar va boshqa huquqbuzarliklar sodir etilayotganda, jinoyatlar sodir etishda gumon qilinayotgan, qidiruvdagi, bedarak yoʻqolgan, boshqa shubhali shaxslar, turli favqulodda va boshqa noodatiy vaziyatlar, shuningdek mazkur joyga xos boʻlmagan tutunlar, hidlar, alangalar va shovqinlar paydo boʻlganda, xavf tugʻdirishi mumkin boʻlgan shubhali buyumlar aniqlanganda, qoʻriqlash-yongʻindan saqlash signalizatsiyalari harakatga kelganda vazifalari hamda kechiktirib boʻlmaydigan xatti-harakatlari;
mahalla huquq-tartibot maskani, hududiy ichki ishlar organlarining patrul-post, yoʻl-patrul va Milliy gvardiya boʻlinmalarining patrullik naryadlari huquqbuzarlik va hodisalar toʻgʻrisida xabar berish, ular bilan axborot almashinuvini taʼminlash, hamkorlik qilish tartibi va usullari.
13. Yoʻriqnomaviy mashgʻulotlar oʻtkazilgunga qadar javobgarlik hududida sodir etilgan huquqbuzarliklar va jinoyatlar, shuningdek maʼmuriy jihatdan chegaradosh boʻlgan hududlardagi vaziyat yuzasidan zarur boʻlgan maʼlumotlar yetkaziladi.
14. Idoraviy qorovullik boʻlinmalari xodimlari bilan yoʻriqnomaviy mashgʻulotlar profilaktika inspektorlarining jamoat tartibini saqlash boʻyicha yordamchilari, “Fidokor yoshlar” jamoatchilik patrul guruhlari, “Jamoatchilik nazorati maskanlari” aʼzolari, jamoat xavfsizligini taʼminlash va huquqbuzarliklarni oldini olish tadbirlariga jalb etilgan boshqa jamoatchilik kuchlari ishtirokida oʻtkazilishi tavsiya etiladi.
15. Profilaktika inspektori tomonidan mahalla huquq-tartibot maskanining javobgarligi hududida joylashgan idoraviy qorovullik boʻlinmalariga tuman (shahar) hududida ochilmagan jinoyatlar, ularni sodir etishda gumon qilinayotgan, qidiruvdagi va bedarak yoʻqolgan shaxslar, ularning umumiy va alohida belgilari (mavjud boʻlsa — fotosuratlari) haqidagi maʼlumot yetkazib boriladi va har hafta yangilab boriladi.
4-bob. Idoraviy qorovullik boʻlinmalari xodimlarini ragʻbatlantirish
16. Berilgan xabarlari jinoyat va boshqa huquqbuzarliklarni sodir etgan yoki qidiruvda boʻlgan shaxslarni aniqlashda, jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi holatlarni bartaraf etishda muhim oʻrin egallagan, ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya boʻlinmalari faoliyatiga koʻmaklashish va yaqindan yordam koʻrsatish boʻyicha vazifalarni bajarishda oʻrnak koʻrsatgan davlat organlari va tashkilotlarining idoraviy qorovullik boʻlinmalari xodimlariga bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlash va qimmatbaho sovgʻalar bilan mukofotlash moddiy ragʻbatlantirish choralari qoʻllanilishi mumkin.
17. Idoraviy qorovullik boʻlinmalari xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish choralari davlat organlari va tashkilotlarining, ichki ishlar organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimini rivojlantirish jamgʻarmasi, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan, tegishligicha davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi ichki ishlar vazirining, Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari va viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari, Milliy gvardiyaning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri boʻyicha boshqarmalari boshliqlarining buyruqlari bilan amalga oshiriladi.
Idoraviy qorovullik boʻlinmalari xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish davlat organlari va tashkilotlarining oʻz mablagʻlari hisobidan amalga oshirilganda shu tashkilot rahbarining buyrugʻi chiqariladi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
18. Ushbu Nizom talablarini buzganlikda aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.10.2022-y., 09/22/598/0927-son)