O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
QO‘NG‘IROT SODA ZAVODI QURILISHINI TUGALLASH TO‘G‘RISIDA
[Ko‘chirma]
Xom ashyoning boy manbalarini o‘zlashtirish asosida kalsiylashtirilgan soda ishlab chiqarishni tashkil etish, keyinchalik shisha va boshqa mahsulotlarning har xil turlarini ishlab chiqarish bo‘yicha qurilish materiallari ishlab chiqarishni barpo etish, shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasini iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishni ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, “O‘zkimyosanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining yiliga 100 ming tonna kalsiylashtirilgan soda ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan Qo‘ng‘irot soda zavodi qurilishini tugallash to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
2. Quyidagilar:
zavodning texnologiya qismini loyihalash va qurish masalalari bo‘yicha Xitoyning ana shunday zavodlarni loyihalash va qurishda xalqaro tajribaga ega bo‘lgan “Sitik” kompaniyasi asosiy xorijiy sherik sifatida belgilanganligi;
loyihaning texnologiya qismini va tanlangan texnologik yechimning samaradorligini kompleks ekspertiza qilish bo‘yicha “Solvey” (Belgiya) kompaniyasi ko‘magida “Akzo Nobel Injiniring” (Gollandiya) kompaniyasi O‘zbekiston tomonining mustaqil maslahatchisi ekanligi;
“Sitik” kompaniyasi bilan zavodning texnologiya qismini foydalanishga tayyor holda qurish yuzasidan tuzilayotgan kontrakt qiymati, shu jumladan sug‘urta mukofoti va yuklab jo‘natishdan oldingi inspeksiya 32,3 mln AQSH dollarini tashkil etishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
3. “O‘zkimyosanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi loyihani amalga oshirish yuzasidan Xitoyning “Sitik” kompaniyasi bilan va maslahat xizmatlari ko‘rsatish yuzasidan “Akzo Nobel Injiniring” (Gollandiya) kompaniyasi bilan kontraktlarni ikki oy muddatda tayyorlasin va tuzsin. Bunda quyidagi shartlarga rioya qilinsin:
mahalliy qurilish tashkilotlarini subpudratga jalb qilingan holda zavodning texnologiya qismini foydalanishga tayyor holda qurish;
obyekt qurilishining eng ko‘p muddati 1-ilovaga* muvofiq “Sitik” kompaniyasi bilan tuzilgan asosiy kontrakt kuchga kirgan sanadan boshlab 31 oydan keyin kafolatli ko‘rsatkichlarga erishgan holda 26 oy;
“Sitik” kompaniyasi majburiyatlari bajarilishining kafolati zavod foydalanishga topshirilganligining birinchi yili tamom bo‘lgungacha kontrakt qiymatining 5 foizi miqdorida.
4. “O‘zkimyosanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi manfaatdor vazirliklar, idoralar va vakolatli tijorat banklari bilan birgalikda belgilangan tartibda:
loyihaning texnik-iqtisodiy asoslanishi ishlab chiqilishini bir oy muddatda tugallasin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
mazkur loyiha doirasida jalb etiladigan kreditlar bo‘yicha asosiy qarz, foizlar, boshqa moliyaviy chiqimlardan samarali foydalanilishini va ularning 2-ilovaga* muvofiq o‘z vaqtida qaytarilishini ta’minlasin;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi bilan birgalikda bazaviy loyihani ishlab chiqishda ulardan eng yuqori darajada foydalanishni ta’minlash uchun sanoat maydoni obyektlari, muhandislik infratuzilmasi va qurilish bazasining tugallangan va boshlangan qurilishini ikki hafta muddatda xatlovdan o‘tkazsin.
5. Belgilansinki, loyiha quyidagi sxema bo‘yicha loyihaning tasdiqlangan texnik-iqtisodiy asoslanishi asosida:
Xitoyning eksport-kredit sug‘urta korporatsiyasining sug‘urta polislari bilan qoplanadigan asosiy kontrakt qiymatining 90 foizi, shu jumladan 100 foizli sug‘urta mukofoti — Xitoy Industrial-tijorat bankining “O‘zsanoatqurilishbank” tomonidan qayta moliyalanadigan krediti hisobiga;
asosiy kontrakt qiymatining 10 foizi — “O‘zsanoatqurilishbank”ning xorijiy valyutadagi kreditlari hisobiga;
O‘zbekiston tomonining xarajatlari, shu jumladan xorijiy kredit bo‘yicha va mustaqil xorijiy maslahatchilar xizmatiga haq to‘lash bo‘yicha moliyaviy chiqimlar “O‘zsanoatqurilishbank”ning xorijiy valyutadagi kreditlari hisobiga mablag‘ bilan ta’minlanadi.
6. “O‘zsanoatqurilishbank” ikki oy muddatda:
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda Xitoy Industrial-tijorat banki bilan Xitoy eksport-kredit sug‘urta korporatsiyasi sug‘urtasi ostidagi kredit bitimini ishlab chiqishni tugallasin va tuzsin;
“O‘zkimyosanoat” davlat-aksiyadorlik jamiyatining Qo‘ng‘irot soda zavodini qurish bo‘yicha bosh direksiya bilan xorijiy kreditni qayta moliyalashtirish yuzasidan kredit bitimi tuzsin.
8. Moliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan:
Xitoy Industrial-tijorat bankiga “O‘zsanoatqurilishbank”ning majburiyatlari bo‘yicha;
“O‘zsanoatqurilishbank”ga “O‘zkimyosanoat” davlat-aksiyadorlik jamiyatining Qo‘ng‘irot soda zavodini qurish bo‘yicha bosh direksiyaning majburiyatlari bo‘yicha belgilangan tartibda kafolatlar berishga vakil qilinsin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi xorijiy bankga O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining kafolatlari yuzasidan ko‘rsatilgan shakl bo‘yicha belgilangan tartibda yuridik xulosani rasmiylashtirsin.
10. Qo‘ng‘irot soda zavodining 6 oy mobaynida belgilangan tartibga muvofiq loyihalash bilan parallel ravishda qurilishiga, istisno tariqasida, ruxsat berilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(11-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 8-apreldagi PF-101-sonli Farmoniga asosan 2023-yil 1-yanvardan o‘z kuchini yo‘qotadi — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 09.04.2022-y., 06/22/101/0288-son)
12. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi “O‘zkimyosanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi buyurtmanomalariga binoan, mazkur loyihada qatnashuvchi xorijiy kompaniyalar xodimlariga, ularni vizalar rasmiylashtirilishi uchun konsullik yig‘imlari to‘lashdan ozod qilgan holda, belgilangan tartibda ko‘p martalik kelish vizalari berilishini ta’minlasin.
13. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi “O‘zkimyosanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining buyurtmanomalariga binoan, mazkur loyihani amalga oshirishda qatnashuvchi xorijiy kompaniyalar xodimlariga davlat boji to‘lovisiz kelish vizalari muddati uzaytirilishini va vaqtinchalik yashash uchun ruxsatnoma berilishini ta’minlasin.
14. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 4-ilovaga muvofiq qarorlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
15. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri O‘.T.Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 14-may,
158-son
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING O‘Z KUCHINI YO‘QOTGAN QARORLARI RO‘YXATI
1. Vazirlar Mahkamasining “Qo‘ng‘irot soda zavodini qurish to‘g‘risida” 1995-yil 2-martdagi 79-son qarori.
2. Vazirlar Mahkamasining “Qo‘ng‘irot soda zavodi qurilishini jadallashtirish va uning samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 1997-yil 27-maydagi 269-son qarori.
3. Vazirlar Mahkamasining “Qo‘ng‘irot soda zavodi qurilishi loyihasining texnologiya qismi to‘g‘risida” 1998-yil 29-apreldagi 185-son qarori.
4. Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 6-martdagi 75-f-son farmoyishi.
5. Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 24-iyuldagi 253-f-son farmoyishi.
6. Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 25-maydagi 233-f-son farmoyishi.