Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING BAʼZI FARMONLARIGA OʻZGARTIShLAR KIRITISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-sonli “Milliy qonunchilik bazasini kompleks tizimlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 10-fevraldagi “Uy-joy mulkdorlari shirkatlari faoliyatini takomillashtirish borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-3-sonli qarorini ijro etish yuzasidan hamda kommunal xizmatlar sohasiga zamonaviy hisobga olish priborlari va resurslarni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish boʻyicha tasdiqlangan Dasturga muvofiq:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ilovaga muvofiq ayrim farmonlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. 2005-yilning 1-sentabriga qadar:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 28-martdagi “2002—2004-yillarda uy-joy fondini gazni hisobga olish priborlari bilan jihozlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 99-sonli qarorining 8-bandida belgilangan imtiyozlarning amal qilishi uzaytirilishi;
hududiy gaz taʼminoti korxonalari uchun ekologiya soligʻi hamda Respublika yoʻl jamgʻarmasi, budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi, budjetdan tashqari Maktab taʼlimi jamgʻarmasiga toʻlovlarni hisoblash chogʻida aholiga sotilgan gazni hisobga olish priborlari qiymati soliqqa tortish obyektidan chiqarilishi belgilab qoʻyilsin.
3. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2005-yil 28-aprel,
PF-3601-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim farmonlariga kiritiladigan oʻzgartish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2000-yil 19-dekabrdagi “Kommunal xizmatni boshqarish tizimini yanada isloh qilish toʻgʻrisida”gi PF-2791-sonli Farmonida:
a) 1-bandda:
uchinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin: “hududiy kommunal-foydalanish birlashmasini bevosita Toshkent shahar hokimligi qaramogʻiga topshirish”;
toʻrtinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
b) 3-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari va Toshkent shahar hududiy kommunal-foydalanish birlashmasi zimmasiga quyidagi kommunal xizmatlar koʻrsatuvchi korxona va tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirish vazifalari yuklansin:
aholiga kompleks uy-joy kommunal xizmatlar koʻrsatish, uni ichimlik suvi, markaziy isitish, kanalizatsiya bilan taʼminlash;
uy-joy kommunal xoʻjaligi obyektlarini mavsumiy foydalanishga tayyorlash borasidagi ishlarni oʻtkazish;
koʻp xonadonli uylarni kapital taʼmirlash boʻyicha ishlarni belgilangan tartibda tashkil etish;
uy-joy egalari shirkatlari hamda yagona buyurtmachi xizmatlarini, uy-joy fondiga xizmat qilish va kommunal xizmatlar koʻrsatish boʻyicha muqobil pudrat tashkilotlarini tuzish uchun zarur tashkiliy-iqtisodiy shart-sharoitlarni yaratish;
shaharlar va aholi punktlarini obodonlashtirish hamda sanitariya jihatidan tozalash borasidagi ishlarni tashkil etish.”
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2001-yil 17-apreldagi “Kommunal xizmat koʻrsatish sohasida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishning yangi bosqichi toʻgʻrisida”gi PF-2832-sonli Farmoni 3-bandining uchinchi xatboshi chiqarib tashlansin.
(Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 17-18-con, 126-modda)