Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Chirchiq shahrida qishloq xoʻjaligi mashinasozlik klasterini tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Chirchiq shahri sanoat tarmoqlarining ichki imkoniyatlaridan unumli foydalanish orqali qishloq xoʻjaligi mashinasozligida ishlab chiqarish jarayonlarini maqbullashtirish, toʻliq siklli ishlab chiqarish tizimini yaratish hamda yer maydonlari va ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanish maqsadida:
1. Quyidagilar maʼlumot uchun qabul qilinsin:
“Toshkent qishloq xoʻjaligi texnikasi zavodi” AJ, “Agregat zavodi” AJ, “Texnolog” AJ, “Texnolog-Stan” MCHJ, “Agrosanoatmashinvest” MCHJlar (keyingi oʻrinlarda — korxonalar) ishlab chiqarish quvvatlarining bir qismini Chirchiq shahridagi “Chirchiq qishloq xoʻjaligi texnikasi zavodi” AJ hududiga koʻchirish hamda korxonalarni qayta tashkil etish masalalari ularning aksiyadorlari umumiy yigʻilishi tomonidan dastlabki tarzda koʻrib chiqilganligi va tegishli qarorlar qabul qilinganligi;
“Chirchiq qishloq xoʻjaligi texnikasi zavodi” AJning boʻsh ishlab chiqarish maydonlarida qishloq xoʻjaligi mashinasozligi klasterini tashkil qilish maqsadida tegishli tayyorgarlik ishlari, jumladan qurilish-taʼmirlash ishlari olib borilayotganligi.
2. “Oʻzavtosanoat” AJ, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Toshkent viloyati hokimligi hamda korxonalarning:
“Chirchiq qishloq xoʻjaligi texnikasi zavodi” AJning boʻsh ishlab chiqarish maydonlariga korxonalarning quvvatlarini bosqichma-bosqich koʻchirish va joylashtirish yoʻli bilan Chirchiq shahrida qishloq xoʻjaligi mashinasozligi klasterini tashkil qilish;
“Toshkent qishloq xoʻjaligi texnikasi zavodi” AJ, “Chirchiq qishloq xoʻjaligi texnikasi zavodi” AJ, “Agregat zavodi” AJ, “Texnolog” AJ, “Agrosanoatmashinvest” MCHJ ustav kapitallaridagi davlat ulushlarini nominal qiymatda oʻtkazish hisobiga “Toshkent traktor zavodi” MCHJni (keyingi oʻrinlarda — “TTZ” MCHJ) tashkil qilish;
Oldingi tahrirga qarang.
2022-yil yakuniga qadar “Toshkent qishloq xoʻjaligi texnikasi zavodi” AJ, “Chirchiq qishloq xoʻjaligi texnikasi zavodi” AJ, “Agregat zavodi” AJ, “Texnolog” AJ va “Texnolog-Stan” MCHJni “TTZ” MCHJga qoʻshib olish;
(2-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-iyuldagi PQ-335-son qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.07.2022-y., 07/22/335/0685-son)
Oldingi tahrirga qarang.
“Texnolog” AJga tegishli “Texnologmash” MCHJ ustav kapitalidagi 100 foiz ulushni “Toshkent traktor zavodi” MCHJ ustav fondidagi davlat ulushini va “Texnolog” AJning ustav fondidagi “Toshkent traktor zavodi” MCHJ ulushini nominal qiymatda kamaytirish hisobiga “Oʻzavtosanoat” AJga oʻtkazish, bunda ushbu ulushning nominal qiymati hisobiga “Oʻzavtosanoat” AJ ustav fondidagi Moliya vazirligining ulushini oshirish;
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-iyuldagi PQ-335-son qaroriga asosan beshinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.07.2022-y., 07/22/335/0685-son)
korxonalarga tegishli boʻshayotgan yer maydonlari, bino va inshootlar (keyingi oʻrinlarda — boʻshayotgan aktivlar) Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va boʻshayotgan aktivlarning mulkdori oʻrtasida tuziladigan xizmatlarni koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomaga asosan Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan elektron onlayn-auksion savdolari orqali sotish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin. Bunda, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda bir oy muddatda “Toshkent qishloq xoʻjaligi texnikasi zavodi” AJning boʻshayotgan yer maydonlaridan unumli foydalanish, jumladan uning bir qismida aholi sayil qilishiga moʻljallangan yashil jamoat parkini yaratish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
3. Moliya vazirligi bir hafta muddatda “TTZ” MCHJga korxonalarni “Chirchiq qishloq xoʻjaligi texnikasi zavodi” AJ hududiga koʻchirish, aksiyalarning qaytarib sotib olinishini talab qilgan aksiyadorlardan ularga tegishli aksiyalarni sotib olish (zaruratga koʻra) bilan bogʻliq boʻlgan va ushbu qarorda nazarda tutilgan boshqa xarajatlarni moliyalashtirish uchun, boʻshayotgan aktivlarni elektron onlayn-auksion savdolarida sotishdan tushadigan mablagʻlar evaziga qoplash sharti bilan, alohida gʻaznachilik hisobraqami ochgan holda Davlat budjetidan bir yil muddatga Markaziy bank asosiy stavkasida 100 milliard soʻm ssuda mablagʻlari (keyingi oʻrinlarda — ssuda) ajratilishini taʼminlasin.
Bunda, “TTZ” MCHJ olingan ssuda doirasida qilingan barcha xarajatlar (shu jumladan, qurilish xarajatlari) yuzasidan har oyda Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Moliya vazirligiga hisobot beradi.
4. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
a) “TTZ” MCHJni tashkil etish, boʻshayotgan aktivlarni baholash, baholash hisobotlarining ishonchliligini ekspertiza qilish, savdoga chiqarish, sotish hamda tijorat banklari garovidan chiqarish yoki garov taʼminotini oʻzgartirish bilan bogʻliq boʻlgan barcha xarajatlar Davlat aktivlarini boshqarish, transformatsiya va xususiylashtirish jamgʻarmasi hisobidan amalga oshiriladi. Mazkur xarajatlar keyinchalik boʻshayotgan aktivlarni elektron onlayn-auksion savdolarida sotishdan tushadigan mablagʻlar hisobidan qoplanadi;
b) boʻshayotgan aktivlarni elektron onlayn-auksion savdolari orqali sotishdan tushgan pul mablagʻlari “TTZ” MCHJga ochilgan alohida gʻaznachilik hisobraqamiga oʻtkazilib, yigʻib boriladi;
v) Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, “Oʻzavtosanoat” AJ, Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi tegishli tijorat banklari bilan birgalikda zaruratga koʻra korxonalar tomonidan tijorat banklari oldidagi majburiyatlari boʻyicha garovga qoʻyilgan aktivlarni qayta baholaydi, baholash hisobotlarining ishonchliligini ekspertiza qiladi hamda aktivlarning mavjud qarzdorlikni qoplash uchun yetarli boʻlgan qismini qayta garovga qoʻyadi yoki boshqa aktivlar bilan almashtiradi;
g) “TTZ” MCHJga ochilgan alohida gʻaznachilik hisobraqamida yigʻib boriladigan mablagʻlar “TTZ” MCHJ va “Oʻzavtosanoat” AJ tomonidan ishlab chiqilib, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan kelishilgan xarajatlar smetasi (shu jumladan, qurilish xarajatlari) asosida “TTZ” MCHJ tomonidan bosqichma-bosqich sarflanadi, bunda xarajatlar smetasini vazirliklarda kelishish muddati 10 kundan oshmasligi kerak;
d) “TTZ” MCHJning alohida gʻaznachilik hisobraqamidagi mablagʻlar korxonalarning ishlab chiqarish quvvatlarini koʻchirish, qayta joylashtirish, yangi bino va inshootlar barpo etish va mavjudlarini modernizatsiya qilish (shu jumladan, ushbu ishlar xarajatlarini moliyalashtirish uchun jalb qilingan kredit va foizlarni soʻndirish), korxonalarning budjet va davlat maqsadli jamgʻarmalar, korxonalarning tijorat banklari oldidagi muddati oʻtgan va joriy qarzdorligini hamda boshqa kreditorlar oldidagi qarzdorligini qoplash, ssudani qaytarish va ssuda boʻyicha foizlarni toʻlash, korxonalarni qayta tashkil etish jarayonida aksiyalarning qaytarib sotib olinishini talab qilgan aksiyadorlardan ularning aksiyalarini sotib olish, zarur asbob-uskuna va jihozlarni xarid qilish, “TTZ” MCHJni asosiy faoliyati bilan bogʻliq xarajatlar hamda uning aylanma mablagʻlarini toʻldirishga sarflanadi. Bunda, korxonalarning tijorat banklari oldidagi majburiyatlari boʻyicha garovda turgan boʻshayotgan aktivlarni garovni bekor qilmagan holda elektron onlayn-auksion savdolarida sotuvga chiqarishga ruxsat beriladi va garovda turgan boʻshayotgan aktivlarni sotishdan tushgan tushumlar ustuvor ravishda tegishli tijorat banklari kreditlarini qoplashga yoʻnaltiriladi;
e) boʻshayotgan aktivlar auksion gʻolibiga auksion shartlarida koʻrsatilgan muddatlarda belgilangan tartibda garovdan chiqarilib, qarzlarsiz va taqiqlardan yechilgan holda topshiriladi.
5. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi:
a) bir hafta muddatda “TTZ” MCHJning tashkil etilishini;
b) “Oʻzavtosanoat” AJ bilan birgalikda:
bosqichma-bosqich korxonalarning boʻshayotgan aktivlarini baholash va ularning elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarilishini;
korxonalarning omborxonalaridagi tayyor qishloq xoʻjaligi texnikalarini sotishdan tushadigan mablagʻlarning kreditorlar bilan hisob-kitob qilishga yoʻnaltirilishini;
zaruratga koʻra, koʻchirish xarajatlarini moliyalashtirish maqsadida “TTZ” MCHJ tomonidan garov taʼminoti sifatida “TTZ” MCHJ va korxonalarning boshqa mol-mulki taqdim etilishi sharti bilan tijorat banklaridan kreditlar jalb qilinishini taʼminlasin.
6. Belgilansinki:
“TTZ” MCHJdagi davlat ulushi “Oʻzavtosanoat” AJga ikki yil muddatga ishonchli boshqaruvga beriladi;
mazkur qaror doirasida yuridik shaxslarni qayta tashkil etish natijasida korxonalarning 50 foiz va undan ortiq aksiyalari (ulushlari)ga “TTZ” MCHJ hamda “Texnolog” AJning ega boʻlishi yangidan sotib olingan aksiyalar paketi (ulushlar) deb hisoblanmaydi;
mazkur qaror bilan qayta tashkil etilayotgan korxonalarni qoʻshib olayotgan xoʻjalik jamiyatining ustav fondi miqdori korxonalarning mol-mulklari va majburiyatlarini xatlov hamda baholashni oʻtkazmasdan, ularning soliq organlariga topshirilgan oxirgi buxgalteriya balansi maʼlumotlari asosida sof aktivlari qiymatida (sof aktivlari manfiy boʻlgan taqdirda — korxona ustav kapitali miqdorida) belgilanadi;
boʻshayotgan aktivlarni elektron onlayn-auksion savdolariga qoʻyishda va ularni sotish jarayonlarini tashkil etishda professional tashkilotlarni jalb etish Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan eng yaxshi takliflarni tanlab olish asosida amalga oshiriladi;
Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga boʻshayotgan aktivlarni lotlarga boʻlishga, shu jumladan ularning tarkibidagi yer uchastkalarni alohida lotlar sifatida shakllantirib elektron onlayn-auksion savdolari orqali sotuvga chiqarishga ruxsat beriladi;
“Chirchiq qishloq xoʻjaligi texnikasi zavodi” AJning boʻsh ishlab chiqarish maydonlari korxonalarga ularni joylashtirish va qayta tashkil etish ishlari yakunlanguniga qadar bepul foydalanishga berish yuzasidan mazkur jamiyat aksiyadorlari qaroriga asosan beriladi;
Chirchiq shahridagi “Qishloq xoʻjaligi mashinasozligi klasteri” loyihasini amalga oshirishda zaruratga koʻra qurilish-montaj ishlari loyiha-smeta hujjatlari va bir bosqichli tartibda texnik-iqtisodiy asosni ishlab chiqish (ishchi loyiha, texnik-iqtisodiy hisob-kitoblar) bilan bir vaqtning oʻzida amalga oshiriladi.
7. “Oʻzavtosanoat” AJ:
ikki oy muddatda zamonaviy xaridorbop va arzon traktorlar hamda osma tirkamalarni ishlab chiqarish boʻyicha nufuzli xorijiy konstruktorlik markazlari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻysin;
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qishloq xoʻjaligi mashinasozligi klasterining faoliyatini yoʻlga qoʻyish, asosiy vositalarni texnik auditdan oʻtkazish, audit natijasiga koʻra yaroqsiz asosiy vositalarni sotish yoki hisobdan chiqarish, texnikalar parkini modernizatsiya qilish uchun qoʻshimcha asbob-uskuna va jihozlarni xarid qilish hamda, zaruratga koʻra, tashkiliy masalalarga masʼul boʻlgan ishchi guruhi tarkibi va uning vakolatlari (shu jumladan, loyihani amalga oshirish muddatlariga oʻzgartirish kiritish va masʼul ijrochilarni belgilash) yuzasidan taklifni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
8. Mahalliy ishlab chiqaruvchi va isteʼmolchilarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida 2022-yil 1-yanvardan boshlab mahalliylashtirish darajasi 25 foizdan kam boʻlmagan mahalliy ishlab chiqaruvchilar yoki ularning vakolatli dilerlik tashkilotlari tomonidan xaridorlarga yetkazib beriladigan qishloq xoʻjaligi texnikalari uchun quyidagi subsidiyalardan bir vaqtda foydalanishga ruxsat beriladi:
qishloq xoʻjaligi texnikasi qiymatining 15 foizi miqdorida ajratiladigan subsidiya. Bunda, ushbu subsidiya birinchi navbatda ushbu qishloq xoʻjaligi texnikalarini sotib olish uchun jalb qilingan kredit yoki lizing boʻyicha qarzdorlikni soʻndirishga yoʻnaltiriladi;
kredit yoki lizing shartlari asosida qishloq xoʻjaligi texnikalari xarid qilinganda foiz xarajatlari subsidiyasi. Bunda, foiz xarajatlarining 10 foiz punktidan ortiq qismi Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tomonidan Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qoplab beriladi.
9. Vazirlar Mahkamasi Toshkent shahrida joylashgan qishloq xoʻjaligi mashinasozligi korxonalarini Chirchiq shahrida tashkil qilinayotgan qishloq xoʻjaligi mashinasozligi klasteriga koʻchirish, ularni joylashtirish hamda qurilish ishlarini jadallashtirsin.
Oldingi tahrirga qarang.
10. Toshkent qishloq xoʻjaligi texnikasi zavodi” AJ hamda uning hududida ijara shartnomalari asosida joylashgan, Chirchiq shahriga koʻchirilayotgan korxonalar hamda qishloq xoʻjaligi mashinasozligi klasteri tomonidan tayyor holda chetdan olib kelinadigan yoki yirik uzelli yigʻish usulida ishlab chiqariladigan qishloq xoʻjaligi texnikalariga nisbatan mahalliylashtirish darajasiga bogʻlanmagan holda mazkur qarorning 8-bandida nazarda tutilgan subsidiyalar, istisno tariqasida, 2024-yil 31-dekabrgacha tatbiq etilsin.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-iyuldagi PQ-335-son qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.07.2022-y., 07/22/335/0685-son)
11. Qurilish vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi:
Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda ikki hafta muddatda yashil hududlarni inobatga olgan holda “Toshkent qishloq xoʻjaligi texnikasi zavodi” AJ yer maydonining aniq chegaralarini belgilasin;
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi bilan kelishilgan holda bir oy muddatda boʻshayotgan aktivlarni, jumladan bino, inshoot va yer maydonlarini alohida lotlarga boʻlib sotish imkoniyatini oʻrganib chiqib, asoslantirilgan takliflarni Davlat mulkini sotishda tender savdolarini oʻtkazish boʻyicha davlat komissiyasiga kiritsin.
12. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda “Oʻzavtosanoat” AJ “Agregat zavodi” AJ, “Texnolog” AJ, “Toshkent qishloq xoʻjaligi texnikalari zavodi” AJ korxonalarini koʻchirish munosabati bilan ishdan boʻshaydigan xodimlarga kompensatsiya xarajatlarini, shu jumladan ajratiladigan budjet ssuda mablagʻlari hisobidan toʻlab berish va boshqa ishga joylashtirish choralarini koʻrsin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
14. Ushbu qarorda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan:
iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri oʻrinbosari B.K. Abdinazarov zimmasiga — ushbu qarorning ijrosini samarali tashkil etish uchun;
“Oʻzavtosanoat” AJning boshqaruv raisi Sh.B. Umurzakov zimmasiga — Chirchiq shahridagi “Qishloq xoʻjaligi mashinasozligi klasteri” loyihasini tashkil qilish uchun shaxsiy masʼuliyat yuklansin.
Qarorning oʻz vaqtida va natijali ijro etilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov va Toshkent viloyati hokimi D.A. Hidoyatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 11-noyabr,
PQ-7-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 11-noyabrdagi PQ-7-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 17-noyabrdagi “Oʻzagrotexsanoatxolding” aksionerlik jamiyati faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-2658-son qarorining 14-bandida:
birinchi xatboshidagi “2022-yilning 1-yanvariga” soʻzlari “2025-yilning 1-yanvariga” soʻzlari bilan almashtirilsin;
ikkinchi xatboshidagi ““Oʻzagrotexsanoatxolding” AJ” soʻzlari “qishloq xoʻjaligi mashinasozligi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 4-apreldagi “Agrar sektorni qishloq xoʻjaligi texnikalari bilan oʻz vaqtida taʼminlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4268-son qarori 1-bandining uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“qishloq xoʻjaligi sohasidagi korxonalarning gʻalla oʻrish va paxta terish texnikasi, respublikada ishlab chiqarilgan barcha turdagi traktorlar, gʻalla va paxta seyalkalari, shuningdek, uch yoki undan ortiq omoch korpuslarini xarid qilish uchun kredit va lizing shartnomalari boʻyicha foiz xarajatlari qisman Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadi. Bunda, foiz xarajatlarini qoplashning miqdori Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining asosiy stavkasi oʻzgarishiga qarab Moliya vazirligi tomonidan qayta koʻrib chiqilishi mumkin”.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 31-iyuldagi “Qishloq xoʻjaligi mashinasozligini jadal rivojlantirish, agrar sektorni qishloq xoʻjaligi texnikalari bilan taʼminlashni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4410-son qarori 6-bandining ikkinchi xatboshisida:
“2019 — 2021-yillarda” soʻzlari “2019 — 2023-yillarda” soʻzlari bilan almashtirilsin;
“20” raqami “25” raqami bilan almashtirilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 25-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasida “Folksvagen” yengil tijorat avtomobillari ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4757-son qarori 3-bandining ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“ishtirokchisi (aksiyadori) “Oʻzavtosanoat” AJ va/yoki “Oʻzavtosanoat” AJ boshqaruvchi kompaniyalari boʻlgan ishlab chiqaruvchi korxonalar, “Oʻzavtosanoat” AJ tizimidagi korxonalar, “Oʻzavtosanoat” AJga ishonchli boshqaruvga berilgan va ularning tarkibida boʻlgan ishlab chiqaruvchi korxonalar — ular tomonidan avtomobilsozlik, qishloq xoʻjaligi mashinasozligi sanoati uchun ishlab chiqariladigan mahsulotlar boʻyicha”.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 1-fevraldagi “Qishloq xoʻjaligi mashinasozligi tarmogʻida sogʻlom raqobat muhitini yaratishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4969-son qarori 1-bandining ikkinchi xatboshisidagi “2022-yil 1-yanvarga” soʻzlari “2025-yil 1-yanvarga” soʻzlari bilan almashtirilsin.
6. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 12-iyuldagi “Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarning moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 578-son qaroriga 1-ilovada:
a) 2-bandda:
ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“qishloq xoʻjaligi texnikasi — Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan gʻalla oʻrish va paxta terish texnikasi, barcha turdagi traktorlar, uch va undan ortiq korpusli aylanma omochlar hamda koʻp vazifali pnevmatik va mexanik seyalkalar;”;
uchinchi xatboshidagi “mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchi subyektlar,” soʻzlari “qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchi yuridik va jismoniy shaxslar,” soʻzlari bilan almashtirilsin;
toʻrtinchi xatboshidagi “10 foizlik punkti miqdorigacha” soʻzlari “10 foizlik punktidan yuqori qismini” soʻzlari bilan almashtirilsin;
beshinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
b) 3-bandning ikkinchi xatboshisidagi “foizning 10 foizlik punktigacha” soʻzlari “foizini qisman” soʻzlari bilan almashtirilsin;
v) 6-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“6. Qarz oluvchining lizing yoki kredit foizini qoplash uchun subsidiya tijorat banki va lizing tashkiloti tomonidan belgilangan foiz stavkasining 10 foizlik punktidan yuqori qismi miqdorida ajratiladi.
Bunda, qarz oluvchining lizing yoki kredit shartnomasi gʻalla oʻrish va paxta terish texnikasi uchun 10 yil muddatga, traktorlar uchun 7 yil muddatga, uch va undan ortiq korpusli aylanma omochlar hamda koʻp vazifali pnevmatik va mexanik seyalkalar uchun 5 yil muddatga rasmiylashtirilgan boʻlishi lozim.
Kredit yoki lizing oluvchilarning soʻroviga asosan ushbu bandda koʻrsatilgan muddatlar qisqartirilishi mumkin”;
g) 9-bandda:
“a” kichik bandidagi “20” raqami “15” raqami bilan almashtirilsin;
“b” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“b) lizing yoki kredit shartnomasida belgilangan foiz stavkasining 10 foizlik punktdan yuqori qismini qoplash uchun ajratiladi”;
d) 10-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin;
e) 13-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“13. Lizing tashkiloti yoki tijorat banki qarz oluvchi tomonidan oʻziga tegishli foiz toʻlovini toʻlanganligi toʻgʻrisida maʼlumot va subsidiya olish uchun buyurtmani Jamgʻarmaga taqdim etadi.
Bunda, lizing tashkiloti yoki tijorat banki tomonidan taqdim etilgan buyurtmalarga oʻzgartirish kiritilmaydi”;
j) 18-band quyidagi mazmundagi uchinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Qarz oluvchi lizing yoki kreditni uni muddati oʻtgandan soʻng qaytarganda ajratiladigan subsidiya tasdiqlangan toʻlov jadvalida qayd etilgan summadan oshmasligi lozim”;
z) 21-banddagi “10 foiz punktigacha” soʻzlari “qisman” soʻzi bilan almashtirilsin;
i) 25-bandda:
“a” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“a) lizing yoki kredit shartnomasi boʻyicha subsidiya maqsadsiz sarflanganligi aniqlanganda, qarz oluvchi tomonidan lizing yoki kredit asosiy qarzining tegishli qismi toʻlov jadvalida belgilangan sanadan boshlab 90 kun davomida toʻliq toʻlanmasa”;
“g” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“g) lizing yoki kredit shartnomasi toʻliq bekor qilinganda hamda qarz majburiyatlari boshqa shaxsga oʻtkazilganda”;
k) Nizomga ilovaning IV-bosqichida “Amalga oshiriladigan tadbirlar” ustunidagi “foizining 10 foiz punktigacha” soʻzlari “foizini tegishli miqdorda” soʻzlari bilan almashtirilsin.
7. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 26-noyabrdagi “Qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalashni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 952-son qaroriga ilovada:
a) 2-bandda:
toʻrtinchi xatboshidagi “tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar,” soʻzlari “qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi yuridik va jismoniy shaxslar,” soʻzlari bilan almashtirilsin;
oltinchi xatboshidagi “20” raqami “25” raqami bilan almashtirilsin;
b) 8-band “v” kichik bandining sakkizinchi xatboshisidagi “20” raqami “25” raqami bilan almashtirilsin;
v) 16-bandda:
ikkinchi xatboshidagi “20” raqami “25” raqami bilan almashtirilsin;
uchinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
8. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 26-fevraldagi “Oʻzavtosanoat” AJ aksiyadorlik jamiyati transformatsiyasini hamda uzoq muddatli rivojlantirish strategiyasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 109-son qarorining 11-bandi “uzellar va agregatlar” soʻzlaridan keyin “xom ashyo va materiallar” soʻzlari bilan toʻldirilsin.
9. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 2-noyabrdagi “2021-yil paxta hosilini yigʻib-terib olish ishlarini moliyalashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 666-son qarori 4-bandining uchinchi xatboshisi “paxta-toʻqimachilik klasterlari” soʻzlaridan keyin “qishloq xoʻjaligi texnikasini ishlab chiqaruvchi korxonalar” soʻzlari bilan toʻldirilsin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.11.2021-y., 07/21/7/1058-son; 29.07.2022-y., 07/22/335/0685-son)