Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI KONLARI, FOYDALI QAZILMALARI NISHONALARI VA TEXNOGEN HOSILALARINING DAVLAT KADASTRINI YURITISH TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASH HAQIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 26-iyuldagi 467-sonli “Yer qaʼri davlat fondi maʼlumotlarini yuritish tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Yer osti boyliklari toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi kadastrlari yagona tizimining amal qilishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi konlari, foydali qazilmalari nishonalari va texnogen hosilalarining davlat kadastrini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi ilova qilinayotgan Nizom tasdiqlansin.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Yoqilgʻi sanoati va energetika kompleksiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Oʻ. SULTONOV
Toshkent sh.,
1997-yil 26-may,
258-son
Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 26-maydagi 258-son qarori bilan
TASDIQLANGAN
TASDIQLANGAN
Oʻzbekiston Respublikasi konlari, foydali qazilmalari nishonalari va texnogen hosilalarining davlat kadastrini yuritish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
Ushbu Nizom “Yer osti boyliklari toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq ishlab chiqilgan, u Oʻzbekiston Respublikasi konlari, foydali qazilmalari nishonalari va texnogen hosilalari davlat kadastrini yuritish tartibini belgilaydi.
I. UMUMIY QOIDALAR
1. Konlar, foydali qazilmalar nishonalari va texnogen hosilalari (mineral xom ashyoni qazib olish va qayta ishlash chiqitlari) davlat kadastri konlari, foydali qazilmalar nishonalari va texnogen hosilalar obyektlarining qisqacha, birxillashtirilgan tavsifnomalari toʻplamidan iboratdir va u Oʻzbekiston Respublikasi davlat kadastrlari yagona tizimining tarkibiy qismi hisoblanadi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi konlari, foydali qazilmalari nishonalari va texnogen hosilalarining davlat kadastrini Respublikaning mineral xom ashyo resurslari holatini baholash, yer osti boyliklarini geologik oʻrganish boʻyicha ishlarni rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqishni taʼminlash, konlar, foydali qazilmalar nishonalarining asosiy tavsifnomalari va texnogen hosilalar obyektlari bilan tezkorlik bilan tanishish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi davlat kadastrlari yagona tizimidagi yer uchastkalarini baholash uchun moʻljallangan.
II. OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI KONLARI, FOYDALI QAZILMALARI NISHONALARI VA TEXNOGEN HOSILALARINING DAVLAT KADASTIRINI HISOBGA OLISH OBYEKTLARI
3. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi konlari, foydali qazilmalari nishonalari va texnogen hosilalarining davlat kadastrini hisobga olish obyektlari hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasi foydali qazilmalari zaxiralari davlat balansida hisobga olingan foydali qazilmalar zaxiralari mavjud boʻlgan konlar;
foydali qazilmalar konlari uchastkalari, agar ularning zaxiralari Oʻzbekiston Respublikasining foydali qazilmalari zaxiralari davlat balansida alohida satr bilan hisobga olinsa;
Oʻzbekiston Respublikasining foydali qazilmalari zaxiralari davlat balansida hisobga olinmagan foydali qazilmalar zaxiralari mavjud boʻlgan, lekin qidiruv (mufassal baholash) ishlari tugallanmagan konlar;
foydali qazilmalar zaxiralari Oʻzbekiston Respublikasi foydali qazilmalar zaxiralari davlat balansi hisobidan qandaydir sababga koʻra chiqarilgan konlar;
iqtisodiy yoki texnik sabablarga koʻra zaxiralardan foydalanish vaqtincha toʻxtatilgan, kon korxonalari esa toʻxtatib qoʻyilgan konlar;
tarkibida mineral xom ashyoning mana shunday turi boʻyicha qazib olinayotgan konlarga sanoat talablariga javob beruvchi qimmatli komponentlar borligi jihatidan hech boʻlmaganda bitta ruda jismi (qatlami) mavjudligi aniqlangan foydali qattiq qazilmalar nishonalari;
tarkibidagi qimmatli komponentlar amaliy qiziqish tugʻdiruvchi, shuningdek, atrof-muhitni ifloslantiruvchi va aholiga jiddiy xavf-xatar tugʻdiruvchi kambagʻal rudalar agʻdarmalari, chiqindi omborlari va boshqa texnogen hosilalar.
III. OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI KONLARI, FOYDALI QAZILMALARI NISHONALARI VA TEXNOGEN HOSILALARINING DAVLAT KADASTRIDAGI ASOSIY MAʼLUMOTLAR TARKIBI
4. Oʻzbekiston Respublikasining konlari, foydali qazilmalari nishonalari va texnogen hosilalari davlat kadastrida har qaysi kon, foydali qazilmalar, shuningdek, yer osti qazilmalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar boʻladi.
Davlat kadastrida foydali qazilmalar boʻyicha:
obyektning geografik va maʼmuriy holati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, asosiy va ular bilan birgalikda joylashgan foydali qazilmalarning miqdoriy, sifat tarkibi hamda ularda mavjud boʻlgan foydali va zararli komponentlar, konlarni qazishning geologik-iqtisodiy, kon-texnik, texnologik, gidrogeologik, ekologik va boshqa sharoitlari haqidagi maʼlumotlar boʻladi.
Davlat kadastrida foydali qazilmalar nishonalari boʻyicha:
Nishonaning geografik va maʼmuriy holati, uning geologik jihatdan oʻrganilganlik darajasi, aniqlangan zaxiralar miqdori va baholangan, prognoz qilingan resurslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, mineral xom ashyoning mumkin boʻlgan xossalari, shuningdek, obyektning kelgusida oʻrganish boʻyicha tavsiyanomalar boʻladi.
Davlat kadastrida texnogen hosilalar obyektlari boʻyicha:
Texnogen hosilalar manbalari, ularning shakllanish davri, texnogen xosilalarining ularning miqdoriy-sifat koʻrsatkichlari hamda ularni saqlash kon-texnik sharoitlari koʻrsatilgan holdagi turi yoki xili toʻgʻrisidagi maʼlumotlar boʻladi.
Davlat kadastrida, shuningdek, geologik-qidiruv va foydalanish ishlari, foydali qazilmaning texnologik sinovlari natijalariga doir aniq hisobotlarda, texnik-iqtisodiy tushunchalarda, dokladlar va texnik-iqtisodiy asoslashlarda, mineral xom ashyo konditsiyalarini va foydali qazilmalar zaxiralarini tasdiqlash boʻyicha protokollarda mufassalroq axborotning, shuningdek, yer osti boyliklariga oid boshqa dastlabki axborotning mavjudligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ham boʻladi.
5. Konlar, foydali qazilmalar nishonalari va texnogen hosilalar pasportlarini tuzish uchun quyidagilar dastlabki axborot manbalari hisoblanadi:
geologik-suratga olish, qidirish, muhandislik-geologik, gidrogeologik, gioekologik, tematik, tajriba-uslubiy, ilmiy-tadqiqot ishlari va yer osti boyliklarini oʻrganish boʻyicha boshqa ishlar natijalari toʻgʻrisidagi tasdiqlangan hisobotlar;
mineral xom ashyoning texnologik sinovlari natijalari toʻgʻrisidagi hisobotlar;
qazib oluvchi korxonalarning texnogen hosilalarning yuqori daraja xavfli obyektlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlardan iborat boʻlgan yillik hisobotlari;
foydali qazilmalar zaxiralari balanslari;
mineral xom ashyoning konditsiyalarini va foydali qazilmalar zaxiralarini tasdiqlash boʻyicha protokollar, shuningdek zaxiralarni hisobdan chiqarishga doir materiallar.
Geologik materiallar seysmoaktivlik, sel xavfi, xavfli geologik jarayonlar (oʻpirilish, koʻchish, choʻkish, suffoziyalar, karetlar) alomatlari mavjudligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bilan toʻldiriladi.
6. Konlar, foydali qazilmalar nishonalari va texnogen hosilalar pasportlari maxsus shakl (blanka)larda quyidagilar boʻyicha tuziladi:
rudali foydali qazilmalar konlari;
rudasiz foydali qazilmalar konlari;
sochma konlar;
radioaktiv xom ashyo konlari;
koʻmir va yonuvchi slanetslar konlari;
neft va gaz konlari;
rudali foydali qazilmalar nishonalari;
rudasiz foydali qazilmalar nishonalari;
radioaktiv xom ashyo nishonalari;
texnogen hosilalar obyektlari.
Pasportlarni tuzish uslublari, maxsus shakllar (blankalar) Oʻzbekiston Respublikasi Geologiya va mineral resurslar davlat qoʻmitasi tomonidan tasdiqlanadi.
IV. OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI KONLARI, FOYDALI QAZILMALARI NISHONALARI VA TEXNOGEN HOSILALARI DAVLAT KADASTRINI YURITISH TARTIBI
7. Oʻzbekiston Respublikasi konlari, foydali qazilmalari nishonalari va texnogen hosilalari davlat kadastrini yuritish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Geologiya va mineral resurslar davlat qoʻmitasi huzuridagi Davlat geologik fondi (bundan keyin – Davlat geologiya fondi deb ataladi) foydali qazilmalarni qazib olish va yer osti boyliklarni geologik oʻrganish ishlarini amalga oshiruvchi (bundan keyin – yer osti boyliklaridan foydalanuvchi deb ataladi) korxonalar (tashkilotlar) taqdim etgan dastlabki maʼlumotlarni toʻplash, hisobga olish va tartibga solish asosida yuritadi.
8. Ushbu Nizomning 4-bandiga muvofiq hisobga olinishi kerak boʻlgan konlar, foydali qazilmalar nishonalari aniqlangan taqdirda pasport yer osti boyliklaridan foydalanuvchi tomonidan har qaysi kon yoki foydali qazilmalar nishonasi uchun tuziladi.
Qidirilayotgan (mufassal baholanayotgan) konlarni Oʻzbekiston Respublikasi qazilmalari zaxiralari davlat balansida hisobga qoʻyishda pasport yer osti boyliklaridan foydalanuvchi tomonidan har qaysi kon yoki foydali qazilmalar nishonasi uchun tuziladi. Qidirish (mufassal baholanayotgan) tugallangach, yangi pasport tuziladi.
Qazilayotgan konlar va texnogen hosilalar obyektlari boʻyicha pasportlar yer osti boyliklaridan foydalanuvchilar tomonidan ularning texnik chegaralarining har galgi oʻzgarishida tuziladi.
Alohida uchastkalarda (qismlarda) kon ajratmalari doirasida konning geologik tuzilishini puxta aniqlash imkonini bergan qoʻshimcha geologik-qidiruv ishlari oʻtkazilgan qazilayotgan konlar boʻyicha pasportlar yer osti boyliklaridan foydalanuvchilar tomonidan, mazkur obyekt boʻyicha foydali qazilmalar zaxiralarini navbatdagi yillik balansi taqdim etilgan taqdirda, tuziladi.
Konlar, foydali qazilmalar nishonalari va texnogen hosilalar pasportlari yer osti boyliklarini geologik oʻrganish ishlari natijalari boʻyicha hisobotlar uchun belgilangan tartibda tasdiqlanadi.
9. Pasportni tuzgan, tekshirgan va tasdiqlagan shaxslar unda keltirilgan maʼlumotlarning toʻgʻriligi uchun javob beradilar.
Pasport tuzilmagan taqdirda yoki u belgilangan talablardan chetga chiqqan holda tuzilganda, Davlat geologiya fondi foydali qazilmalar zaxiralarining tegishli hisoboti yoki balansini hisobga olishni rad etadi, shuningdek, yer osti boyliklarini geologik oʻrganish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar xarajatlarini hisobdan chiqarish yuzasidan maʼlumotnoma berishni rad qiladi.
V. OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI KONLARI, FOYDALI QAZILMALARI NISHONALARI VA TEXNOGEN HOSILALARI DAVLAT KADASTRINI YURITISH BOʻYICHA DAVLAT GEOLOGIYA FONDINING ASOSIY VAZIFALARI
10. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi konlari, foydali qazilmalari nishonalari va texnogen hosilalari davlat kadastrini yuritish boʻyicha Davlat geologiya fondining asosiy vazifalari hisoblanadi:
pasportlarni qabul qilish, roʻyxatdan oʻtkazish va saqlash;
hisobga olish obyektlari katalogini yuritish;
hisobga olish obyektlarining roʻyxatdan oʻtkazish kartalarini yuritish;
konlari, foydali qazilmalari nishonalari va texnogen hosilalari davlat kadastrini toʻplash, hisobga olish, tartibga olish va saqlash.
Hisobga olish obyektlari pasportlarini qabul qilish, roʻyxatdan oʻtkazish va saqlash, katalog va roʻyxatdan oʻtkazish kartalarini yuritish Oʻzbekiston Respublikasi Geologiya va mineral resurslar davlat qoʻmitasi belgilaydigan tartibda amalga oshiriladi.
11. Davlat geologiya fondi oʻzining asosiy vazifalariga muvofiq quyidagilarni taʼminlaydi:
yer osti boyliklaridan foydalanuvchilar tomonidan hisobga olish obyektlari pasportlarini tuzishga uslubiy rahbarlik qilish;
hisobga olish obyektlari pasportlarining Davlat geologiya fondiga oʻz vaqtida taqdim etilishini nazorat qilish;
materiallarni davlat boshqaruv organlariga va davlat hokimiyati organlariga taqdim etish;
manfaatdor yuridik va jismoniy shaxslarning ulardan foydalanish tartibi hamda shartlarini belgilash;
tushadigan maʼlumotlarni avtomatlashtirilgan holda ishlash tizimini yaratish va uning ixtisoslashtirilgan dasturiy taʼminotini yoʻlga qoʻyish.
(Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari, 1997-y., 5-son, 19-modda)