Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining
buyrugʻi
BEMORNING UY-JOY MAYDONI KOʻPAYTIRILISHI MUMKIN BOʻLGAN AYRIM TURDAGI SURUNKALI KASALLIKLARNING ROʻYXATINI TASDIQLASH TOʻGʻRISIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2001-yil 10-avgustda 1060-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kodeksi 42-moddasiga va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 1-yanvarda 18-son qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi toʻgʻrisida”gi Nizomga asosan, buyuraman:
1. Bemorning uy-joy maydoni koʻpaytirilishi mumkin boʻlgan ayrim ogʻir turdagi surunkali kasalliklarning roʻyxati ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vaziri, viloyatlar sogʻliqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshliqlariga, respublika tasarrufidagi davolash-profilaktika muassasalari rahbarlariga:
a) ushbu buyruq maʼlumot va ijro uchun qabul qilinsin;
b) mazkur buyruq zarur miqdorda koʻpaytirilib, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimlariga va oʻz tasarrufidagi boʻlinmalariga yetkazilishi taʼminlansin.
3. Ushbu buyruq Adliya vazirligi tomonidan roʻyxatga olingan kundan boshlab 10 kun oʻtgandan keyin kuchga kiritilsin.
4. Mazkur buyruq kuchga kirishi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining 1994-yil 28-iyuldagi 350-sonli buyrugʻi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
5. Ushbu buyruqni bajarilish nazorati DPYOBB boshligʻi F.O. Ilhomov zimmasiga yuklatilsin.
Vazir F. Gʻ. NAZIROV
Toshkent sh.,
2001-yil 19-iyul,
322-son
Oʻzbekiston Respublikasi
Sogʻliqni saqlash vazirligining
2001-yil 19-iyuldagi 322-son buyrugʻiga
ILOVA
Sogʻliqni saqlash vazirligining
2001-yil 19-iyuldagi 322-son buyrugʻiga
ILOVA
Bemorning uy-joy maydoni koʻpaytirilishi mumkin boʻlgan ayrim ogʻir turdagi surunkali kasalliklarning
1. Bemor boshqalar bilan bir xonada yashashi mumkin boʻlmagan kasalliklar roʻyxati:
a) Disforiya, shaxsiyatining oʻzgarishi va aqli zaiflik bilan kechadigan epilepsiya;
b) Tez-tez takrorlanishi oqibatida muvozanatdan chiquvchi affektiv va vasvasa sindromi bilan kechadigan surunkali psixozlar;
v) Surunkali shizofreniya;
g) Aqliy nuqson (demensiya) bilan kechadigan bosh miyaning organik kaslliklari;
d) Ruhiy oʻzgarishlar bilan kechadigan bosh miya qon-tomir kasalliklari;
e) Ruhiyatning oʻzgarishi oqibatida 1 va 2-guruh nogironligiga chalingan shaxslar;
yo) Axlatli va siydikli oqmalar, shuningdek axlat va siydikni tuta olmaslik;
j) Koʻp miqdorda suyuqlik ajratuvchi xavfli oʻsmalar;
z) Koʻp miqdorda suyuqlik ajralishi bilan kechadigan teri toshmalari;
k) Oyoq gangrenasi;
l) Oʻpka va boshqa aʼzolar silining sil mikrobakteriyalarini ajratayotganligi takroriy laborator tekshiruv natijasida tasdiqlangan faoli (yuqumli) turlari;
m) Moxov kasalligi.
2. Bemor alohida xonada yashashi talab qilinmaydigan kasalliklar roʻyxati:
a) Oʻpka va boshqa aʼzolar silining faol (yuqmaydigan) shakllari;
b) Yurak faoliyatining ogʻir surunkali buzilishlari: endokardit, miokardit, FK IV, rivojlanuvchi shakllari, kardiomiopatiya, stenokardiya;
v) Oʻpka emfizemasi va astma kasalligi oqibatida yuzaga kelgan ogʻir nafas yetishmovchiliklari.
(Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralarining meʼyoriy hujjatlari axborotnomasi, 2001-y., 15-son)