O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
IDORALARGA QARAShLI KADRLAR MALAKASINI OShIRISh VA ULARNI QAYTA TAYYoRLASh INSTITUTLARI VA FAKULTETLARINING FAOLIYATINI TARTIBGA SOLISh ChORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 23-noyabrdagi 327-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta’lim muassasalari pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”2012-yil 26-sentabrdagi 278-son qarori)” qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan
“Ta’lim to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq hamda vazirliklar va idoralar xodimlarining malakasini oshirish institutlari faoliyatini tartibga solish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirliklar (Xalq ta’limi vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligidan tashqari) va idoralar, konsernlar, uyushmalar 1993-yil 1-yanvarga qadar tarmoq malaka oshirish institutlari va fakultetlarini 1-ilovaga muvofiq tugatsinlar.
2. Tugatilayotgan kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash institutlari va fakultetlarining asosiy fondlari va moddiy negizidan samarali foydalanish bo‘yicha komissiya tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Komissiya 20 kun muddat ichida mazkur masala yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
3. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi o‘ziga qarashli oliy o‘quv yurtlarida kadrlarni qayta tayyorlash tizimini tartibga solsin va zarur hollarda shartnoma asosida yangi mutaxassislar malakasini oshirish fakultetlari ochsin.
4. Belgilab qo‘yilsinki, vazirliklar va idoralar, konsernlar va uyushmalar, yirik korxonalar va xo‘jaliklarning rahbarlar bo‘g‘inini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish faqat Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Boshqaruv instituti negizida, o‘rta bo‘g‘inga mansub va korxonalar rahbarlari malakasi — Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti huzuridagi Malaka oshirish institutida amalga oshiriladi.
5. O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqi rahbariyati bir oy muddat ichida Idoraviy yoshlar institutining ishlashi maqsadga muvofiqligi haqidagi masalani ko‘rib chiqsin.
6. Moliya vazirligi va Istiqbolni belgilash va statistika davlat qo‘mitasi budjetga va statistika hisobotiga tegishli o‘zgartirishlar kiritsinlar.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Ijtimoiy masalalar, fan va ta’lim majmui zimmasiga yuklatilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 3-dekabr,
567-son
1993-yilning 1-yanvarigacha tugatilishi kerak bo‘lgan malaka oshirish institutlari va fakultetlarining
RO‘YXATI
1. O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil transporti vazirligining rahbar xodimlar va mutaxassislar malakasini oshirish Bosh instituti.
2. O‘zbekiston Respublikasi Davlat qurilish ishlari qo‘mitasining qurilish majmui rahbar xodimlari va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tarmoqlararo instituti.
3. “O‘zsuvqurilish” davlat konsernining rahbar xodimlari va mutaxassislari malakasini oshirish instituti.
4. “O‘zbeksavdo” davlat uyushmasining rahbar xodimlari va mutaxassislari malakasini oshirish instituti.
5. Aloqa tarmoqlari rahbar xodimlari va mutaxassislarining malakasini oshirish instituti.
6. “O‘zbekistontur” Respublika ekskursiyalar konserni huzuridagi turizm malaka oshirish instituti.
7. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining Istiqbolni belgilash va statistika davlat qo‘mitasining hisob-kitob, iqtisodiyot va boshqaruv sohasi rahbar xodimlari va mutaxassislari malakasini oshirish instituti.
8. “O‘zsanoatqurilishbank” huzuridagi Oliy tijorat maktabi.
9. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligini madaniyat xodimlari malakasini oshirish instituti.
10. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi dehqonchilik biznesi instituti.
11. O‘rmon xo‘jaligi rahbar xodimlari va mutaxassislarining malakasini oshirish Toshkent fakulteti.
12. “Ekolog” ilmiy-ishlab chiqarish markazining texnika ijodkorligi instituti.
13. O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqi Markaziy Qo‘mitasi va Mehnat vazirligining Yoshlar instituti (Mehnat vazirligi ishtirok etadigan qismi bo‘yicha).
Tugatilgan malaka oshirish institutlari va fakultetlarining asosiy fondlaridan va moddiy negizidan samarali foydalanish bo‘yicha komissiya
TARKIBI
M.Q. Qoraboyev — O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, komissiya raisi
Sh.Y. Abdullayev — Moliya vazirining o‘rinbosari
O‘.A. Abdulxairov — Davlat mulki qo‘mitasi raisining o‘rinbosari
U.A. Usmonov — Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining o‘rinbosari
K.F. Bakirxonov — Vazirlar Mahkamasi ijtimoiy masalalar, fan va ta’lim bo‘limi mudirining o‘rinbosari
B.P. Qayumov — Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari