Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosatining
Qarori
Respublika fuqarolik ishlari boʻyicha sudlariga murojaatlarni “E-XSUD” axborot tizimi orqali taqdim qilish Tartibini tasdiqlash toʻgʻrisida
Fuqarolik ishlari boʻyicha sudlarga axborot tizimi orqali taqdim etilayotgan hujjatlarning shakl va mazmun jihatdan protsessual qonun talablariga muvofiqligini taʼminlash hisobiga ish samaradorligini oshirish, amaldagi axborot tizimlarini maqbullashtirish, ushbu jarayonlarda tashqi foydalanuvchilarning axborot tizimlari bilan ishlash koʻnikmalarini shakllantirish va yanada takomillashtirish maqsadida, Respublika fuqarolik ishlari boʻyicha sudlariga murojaatlarni “E-XSUD” axborot tizimi orqali taqdim qilish Tartibini muhokama etib, “Sudlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 24-moddasiga asosan Oliy sud Rayosati qaror qiladi:
1. Respublika fuqarolik ishlari boʻyicha sudlariga murojaatlarni “E-XSUD” axborot tizimi orqali taqdim qilish Tartibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oliy sudning fuqarolik ishlari boʻyicha sudlov hayʼati (G. Parpiyeva), Devonxona boʻlimi (B. Alimjanov), Murojaatlar bilan ishlash boshqarmasi (T. Obidov), Qoraqalpogʻiston Respublikasi fuqarolik ishlari boʻyicha sudi, fuqarolik ishlari boʻyicha viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlararo va tuman (shahar) sudlarining raislari:
sudya va sud xodimlari ishtirokida mazkur Tartib mazmun hamda mohiyatini chuqur oʻrganib, ularning axborot tizimi orqali elektron hujjatlar aylanishi sohasidagi bilimlari va kasb-malakalarini muntazam oshirib borishlarini taʼminlash yuzasidan zaruriy choralarni koʻrsin;
Tartibni keng jamoatchilikka, shuningdek davlat idoralari va tashkilotlari vakillari, tadbirkorlik subyektlari, fuqarolar ishtirokida oʻtkaziladigan uchrashuvlarda keng targʻib qilsin;
Tartibga toʻliq rioya etilishini taʼminlash borasida shaxsan masʼul ekanliklari haqida ogohlantirilsin;
joriy yilning 1-martiga qadar amalga oshirilgan ishlar natijalari yuzasidan Oliy sud rahbariyatiga batafsil axborot taqdim etsin.
3. Oliy sudning Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish va axborot xavfsizligini taʼminlash boshqarmasi (B. Ochilov):
axborot tizimi orqali fuqarolik ishlari boʻyicha sudlarga murojaatlarni va ularga ilova qilinadigan hujjatlarni elektron shaklda taqdim qilish, shuningdek sud muhokamasi ishtirokchilari tomonidan sud hujjatlarini, javob xatlarini qabul qilib olish imkonini beruvchi elektron dasturiy taʼminotning uzluksiz ishlashini taʼminlash choralarini koʻrsin;
sudlarga elektron shaklda murojaat qiluvchilarga yanada qulaylik yaratish maqsadida axborot tizimidan foydalanish boʻyicha maxsus qoʻllanma tayyorlab, uni ushbu Tartib bilan birga tegishli Oliy sudning veb-saytiga hamda axborot tizimiga joylashtirsin;
joriy yilning 14-fevraliga qadar Oliy sudning Matbuot xizmati (A. Abidov) bilan birgalikda Tartibning mazmun-mohiyati, uni amaliyotga joriy etishning zaruriyati va maqsadlari yoritilgan axborotni Oliy sudning veb-saytida eʼlon qilsin;
joriy yilning 17-fevraliga qadar videokonferensaloqa rejimida sudya va sud xodimlari ishtirokida oʻquv-seminar mashgʻulotini oʻtkazsin.
4. Oliy sud huzuridagi Sudlar faoliyatini taʼminlash departamenti (B. Teshabayev) sudlarning optik tolali aloqa va Internet tarmogʻi faoliyatini uzluksiz ishlashini hamda axborot tizimidan foydalanishda zarur boʻlgan kompyuter texnikalari bilan doimiy taʼminlab borish vazifasi yuklatilsin.
5. Tartib Oliy sudning fuqarolik ishlari boʻyicha sudlov hayʼati, Devonxona boʻlimi, Murojaatlar bilan ishlash boshqarmasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi fuqarolik ishlari boʻyicha sudi, fuqarolik ishlari boʻyicha viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlararo va tuman (shahar) sudlariga xizmatda foydalanish uchun yuborilsin.
6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining oʻrinbosari — fuqarolik ishlari boʻyicha sudlov hayʼati raisi X. Yodgorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi K. Kamilov
Toshkent sh.,
2020-yil 30-yanvar,
RS-02-20-son
Oliy sud Rayosatining 2020-yil 30-yanvardagi RS-02-20-sonli qaroriga
ILOVA
ILOVA
Respublika fuqarolik ishlari boʻyicha sudlariga murojaatlarni “E-XSUD” axborot tizimi orqali taqdim qilish
TARTIBI
Respublika fuqarolik ishlari boʻyicha sudlariga murojaatlarni “E-XSUD” axborot tizimi orqali taqdim qilish Tartibi (bundan buyon matnda Tartib deb yuritiladi) respublika fuqarolik ishlari boʻyicha sudlariga murojaatlarni “E-XSUD” axborot tizimi orqali taqdim etish, mazkur murojaatlar yuzasidan olib borilgan protsessual harakatlar va ularning natijalari yuzasidan murojaat mualliflarini xabardor qilish munosabatlarini tartibga soladi.
Ushbu Tartib qoidalari boshqa axborot tizimlari orqali fuqarolik ishlari boʻyicha sudlarga taqdim etilgan murojaatlar masalalariga tatbiq etilmaydi.
1. Asosiy tushunchalar
Mazkur Tartibda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllanilgan:
murojaat — daʼvo arizasi (ariza), shikoyat, protest, iltimosnoma va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa murojaatlar;
ishda ishtirok etuvchi shaxslar — taraflar, uchinchi shaxslar, ularning vakillari, ariza beruvchilar va alohida tartibdagi ishlar boʻyicha boshqa manfaatdor shaxslar, prokuror, ishda boshqa shaxslarning huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini himoya qilishda ishtirok etadigan davlat boshqaruvi organlari, tashkilotlar va ayrim fuqarolar;
tashqi foydalanuvchi — belgilangan tartibda axborot tizimida roʻyxatdan oʻtish orqali “shaxsiy kabinet” tashkil qilgan shaxs;
sud hujjatlari — hal qiluv qarori, ajrim, qaror, sud buyrugʻi (ijro varaqasi);
javob xatlari — sud hujjati hisoblanmagan, tashkilot va fuqarolarning murojaatlariga javob tariqasida qaytarilgan xatlar;
JSHSHIR — jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami;
STIR — soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami;
PDF — Adobe System kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan elektron hujjatlarning alohida formati;
brauzer — internet tarmogʻidagi veb-ilovalarni boshqarish, qayta ishlash imkonini beruvchi va ularning tarkibidagi maʼlumotlarni aks ettiruvchi dasturiy taʼminot.
2. “E-XSUD” axborot tizimida roʻyxatdan oʻtish tartibi
Har qanday manfaatdor shaxs buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqi yoxud qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatini himoya qilish uchun fuqarolik sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda fuqarolik ishlari boʻyicha sudga (sudga) murojaat qilishga haqli (Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining (bundan buyon matnda FPK deb yuritiladi) 3-moddasi).
Murojaat va unga ilova qilinadigan hujjatlar sudga elektron hujjat tarzida yuborilishi mumkin (FPKning 4-moddasi). Buning uchun manfaatdor shaxs www.exsud.sud.uz manzilida joylashgan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining elektron qabulxonasida belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtishi talab etiladi.
“E-XSUD” axborot tizimida roʻyxatdan oʻtish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining elektron qabulxonasining bosh sahifasida joylashgan qoʻllanma asosida amalga oshiriladi.
Tizimda roʻyxatdan oʻtgan tashqi foydalanuvchilarga keyinchalik oʻzining “shaxsiy kabineti”ga kirishi uchun qaytadan roʻyxatdan oʻtish talab etilmaydi.
“E-XSUD” axborot tizimi imkoniyatlaridan toʻliq foydalanish uchun internet brauzerlarining quyidagi versiyalaridan foydalanish tavsiya etiladi:
Google Chrome — 79 versiyasidan yuqori;
Mozilla Firefox — 69 versiyasidan yuqori;
Safari — 13 versiyasidan yuqori;
Opera — 65 versiyasidan yuqori.
3. “E-XSUD” axborot tizimi orqali fuqarolik ishlari boʻyicha sudlarga taqdim etiladigan murojaatlarga qoʻyiladigan umumiy talablar
3.1. Fuqarolik ishlari boʻyicha sudlarga “E-XSUD” axborot tizimi orqali taqdim etiladigan murojaatlar skanerlash uskunalari yordamida elektron fayl koʻrinishiga keltirilishi kerak.
Skaner qilingan har bir hujjat mazmuniga koʻra alohida elektron fayl koʻrinishida saqlanishi lozim (masalan, daʼvo arizasi uni necha sahifadan iboratligidan qatʼi nazar alohida bitta faylga, davlat boji toʻlanganligini tasdiqlovchi kvitansiya alohida bitta faylga, daʼvo arizasiga ilova qilinadigan boshqa hujjatlar, xususan shartnoma, hisob-faktura, talabnoma, hisoblarni oʻzaro solishtirma dalolatnomasi va boshqa hujjatlar, sahifalari sonidan qatʼi nazar, alohida-alohida saqlanadi va h.k.). Mazmuni jihatdan har xil boʻlgan hujjatlarni, masalan, daʼvo arizasi va shartnomani yoki talabnoma va davlat boji toʻlanganligi toʻgʻrisidagi bank kvitansiyasini bitta faylga saqlash murojaatni axborot tizimi orqali taqdim etish tartibiga rioya etilmagan deb hisoblanadi va murojaatni uni taqdim etgan shaxsga elektron shaklda qaytarilishiga asos boʻladi.
Ilova qilingan fayllar soni sudga taqdim etilayotgan hujjatlar soniga teng boʻlishi, fayllarni nomi ularni qanday hujjat ekanligini va necha varaqdan iboratligini aniqlash imkonini berishi lozim (masalan, 209-sonli shartnoma 3 varaqda).
Skaner qilingan hujjatlarning sifati ularni haqiqiyligini tasdiqlovchi belgilarni, xususan, imzo, pechat, shtamp, hujjat raqami va sanasini aniqlash imkonini beradigan darajada boʻlishi kerak.
Hujjatlar sudga faqat PDF formatida yuboriladi.
Har bir ilova qilingan faylning hajmi 10 megabaytdan oshmasligi kerak.
Axborot tizimi orqali sudga kelib tushgan murojaatlar va ularga ilova qilinadigan hujjatlarning asl nusxalari sud majlisiga taqdim etilishi lozim (buyruq tartibida yuritiladigan ishlar boʻyicha kelib tushgan arizalar bundan mustasno).
3.2. Quyidagi holatlarda murojaatlar elektron qabulxona orqali qabul qilinmaydi va tashqi foydalanuvchiga qaytariladi, agar:
hujjatlar sifatsiz skaner qilinganligi sababli ularni oʻqish imkoniyati boʻlmasa;
hujjatlar tartibsiz yoki teskari saqlanganligi sababli ularni oʻqish imkoniyati boʻlmasa;
hujjat varaqlari toʻliq boʻlmasa;
arizaga ilova deb koʻrsatilgan hujjatlar toʻliq biriktirilmagan boʻlsa;
biriktirilgan faylda matn mavjud boʻlmasa;
hujjatlar mazkur Tartibda nazarda tutilgan PDF formatida yuborilmagan boʻlsa;
sud tomonidan hali koʻrib chiqilmagan ayni bir taraflar oʻrtasidagi, ayni bir predmet toʻgʻrisidagi va ayni bir asoslar boʻyicha murojaat takroran yuborilgan boʻlsa;
hujjatlar imzolanmagan boʻlsa;
hujjatlar tegishli fuqarolik ishlari boʻyicha sudga yoʻllanmagan boʻlsa;
skaner qilingan boshqa-boshqa mazmundagi hujjatlar bitta faylga saqlangan boʻlsa (hujjatlar nomlanishiga koʻra alohida fayllarga ajratilmagan boʻlsa);
fayllarning nomlari saqlangan hujjatlarga muvofiq boʻlmasa;
yuborish mazkur Tartibda nazarda tutilmagan murojaat kelib tushgan boʻlsa.
Yuqorida koʻrsatilgan asoslar boʻyicha qaytarilgan murojaatlar fuqarolik ishlari boʻyicha sudga “E-XSUD” axborot tizimi orqali kirim qilinmagan hisoblanadi. Murojaatni qaytarish uchun asos boʻlgan holatlar bartaraf etilganidan keyin tashqi foydalanuvchi ushbu murojaatni “E-XSUD” axborot tizimi orqali takroran taqdim etishi mumkin.
4. Murojaatni birinchi instansiya sudlariga yuborish
Tashqi foydalanuvchi fuqarolik ishlari boʻyicha sudlarga murojaatni shaxsiy kabineti orqali elektron hujjat tarzida taqdim etadi.
4.1. Daʼvo arizasini (arizani) taqdim etish tartibi
Tashqi foydalanuvchi daʼvo arizasini (arizani) fuqarolik ishlari boʻyicha sudga “E-XSUD” axborot tizimi orqali taqdim etish uchun oʻz “shaxsiy kabineti”da quyidagi olti bosqichdan iborat harakatlarni amalga oshiradi:
Birinchi bosqichda daʼvo arizasi (ariza) raqami, sanasi, ish yuritish tartibi, daʼvo summasi (asosiy qarz, neustoyka) va ixtiyoriy toʻlangan davlat boji, pochta xarajatlari, videokonferensaloqa xarajatlari summasi kiritiladi. Ushbu summalarni kiritish uchun ularni toʻlanganligini tasdiqlovchi kvitansiya maʼlumotlarini kiritish qatorini toʻldirish talab etiladi. Shuningdek, asosiy ish turkumi, agar qoʻshimcha talablar mavjud boʻlsa, qoʻshimcha ish turkumi, ikkilamchi ish turkumlari tanlanadi.
Ikkinchi bosqichda daʼvogarga taalluqli maʼlumotlar kiritiladi. Xususan, daʼvogar jismoniy shaxs boʻlsa, shaxs turi qatoridan jismoniy shaxs turi tanlanib, pasport seriyasi, JSHSHIR, familiyasi, ismi, otasining ismi, tugʻilgan sanasi, yoshi, fuqaroligi, jinsi, tugʻilgan joyi, yashash joyi haqidagi maʼlumotlar kiritiladi.
Daʼvogar yuridik shaxs boʻlsa STIR raqami, bankdagi hisob raqami, xizmat koʻrsatuvchi bank nomi, javobgar joylashgan hudud (aynan tuman yoki tumanga tenglashtirilgan shahar tanlanishi shart), yuridik manzili, daʼvogarning (arizachining) nomi, pochta indeksi, telefon raqami, rahbarning familiyasi, ismi, otasining ismi kabi maʼlumotlar kiritiladi.
Agar daʼvogarning manfaatida boshqa tashkilot sudga murojaat qilayotgan boʻlsa, ushbu tashkilot koʻrsatiladi.
Uchinchi bosqichda javobgarga taalluqli maʼlumotlar kiritiladi. Xususan, javobgar jismoniy shaxs boʻlsa, shaxs turi qatoridan jismoniy shaxs turi tanlanib, pasport seriyasi, raqami, JSHSHIR raqami, familiyasi, ismi, otasining ismi, tugʻilgan sanasi, yoshi, fuqaroligi, jinsi, tugʻilgan joyi, yashash joyi haqidagi maʼlumotlar kiritiladi.
Agar javobgar yuridik shaxs boʻlsa STIR raqami, bankdagi hisob raqami, xizmat koʻrsatuvchi bank nomi, javobgar joylashgan hudud (aynan tuman yoki tumanga tenglashtirilgan shahar tanlanishi shart), yuridik manzili, javobgarning (qarzdorning) nomi, pochta indeksi, telefon raqami, rahbarning familiyasi, ismi, otasining ismi kabi maʼlumotlar kiritiladi.
Toʻrtinchi bosqichda daʼvo arizasi (ariza) taqdim etilayotgan fuqarolik ishlari boʻyicha sud tanlanadi. Fuqarolik ishlari boʻyicha sudni tanlashda FPKning 28 — 30-moddalarida belgilangan sudlovga tegishlilik qoidalariga amal qilinishi shart.
Beshinchi bosqichda avvalgi bosqichlarda kiritilgan maʼlumotlar tekshirib olinadi. Bunda daʼvogar va javobgar joylashgan hudud aynan u joylashgan tuman yoki tumanga tenglashtirilgan shahar tanlanganligiga, hamda ularning STIR raqamlari yoki pasport maʼlumotlari toʻgʻri kiritilganligiga, shuningdek, tegishli fuqarolik ishlari boʻyicha sudi belgilanganligiga alohida eʼtibor qaratish lozim. Ushbu maʼlumotlarni xato kiritilishi keyinchalik sud tomonidan qabul qilinadigan sud hujjatlari ijrosini taʼminlashda qiyinchiliklar tugʻdirishi mumkin.
Agar kiritilgan maʼlumotlarda xato yoki kamchiliklar aniqlansa, ularni “Orqaga” tugmasini bosish yordamida avvalgi bosqichlarga qaytish orqali bartaraf etish mumkin.
Oltinchi bosqichda daʼvo arizasi (ariza) va unga ilova qilinadigan hujjatlar mazkur Tartibning 3.1-bandida belgilangan tartibda axborot tizimiga elektron shaklda biriktiriladi.
Xato yoki yanglishish oqibatida biriktirilgan fayllarni sudga yuborishdan avval oʻchirish imkoniyati mavjud. Fayllarni oʻchirish axborot tizimiga yuklangan fayl nomi va hajmi haqidagi maʼlumotlar koʻrsatilgan qatorning oʻng tarafida joylashgan “Savatcha” (“Korzinka”) tasvirlangan tugmani bosish orqali amalga oshiriladi.
Murojaatga taalluqli boʻlgan barcha zarur maʼlumotlar kiritilganidan va hujjatlar biriktirilganidan soʻng “Saqlash” tugmasini bosish orqali daʼvo arizasi (ariza) va unga ilova qilingan hujjatlar tanlangan fuqarolik ishlari boʻyicha sudga yuboriladi.
4.2. Qarshi daʼvo taqdim etish tartibi
Foydalanuvchi qarshi daʼvoni fuqarolik ishlari boʻyicha sudga “E-XSUD” axborot tizimi orqali taqdim etish uchun oʻz “shaxsiy kabineti”da quyidagi olti bosqichdan iborat harakatlarni amalga oshiradi:
Birinchi bosqichda qarshi daʼvo arizasi raqami, sanasi, ish yuritish tartibi, daʼvogarning daʼvosi boʻyicha qoʻzgʻatilgan fuqarolik ishi raqami, daʼvo summasi (asosiy qarz, neustoyka) va ixtiyoriy toʻlangan davlat boji, pochta xarajatlari, videokonferensaloqa xarajatlari summasi kiritiladi. Ushbu summalarni kiritish uchun ularni toʻlanganligini tasdiqlovchi kvitansiya maʼlumotlarini kiritish qatorini toʻldirish talab etiladi. Shuningdek, asosiy ish turkumi, agar qoʻshimcha talablar mavjud boʻlsa, qoʻshimcha ish turkumi, ikkilamchi ish turkumlari tanlanadi.
Ikkinchi bosqichda daʼvogarga taalluqli maʼlumotlar kiritiladi. Xususan, daʼvogar jismoniy shaxs boʻlsa, shaxs turi qatoridan jismoniy shaxs turi tanlanib unga tegishli pasport seriyasi, raqami, JSHSHIR raqami, familiyasi, ismi, otasining ismi, tugʻilgan sanasi, yoshi, fuqaroligi, jinsi, tugʻilgan joyi, yashash joyi haqidagi maʼlumotlar kiritiladi.
Daʼvogar yuridik shaxs boʻlsa STIR raqami bankdagi hisob raqami, xizmat koʻrsatuvchi bank nomi, javobgar joylashgan hudud (aynan tuman yoki tumanga tenglashtirilgan shahar tanlanishi shart), yuridik manzili, daʼvogarning (arizachining) nomi, pochta indeksi, telefon raqami, rahbarning familiyasi, ismi, otasining ismi kabi maʼlumotlar kiritiladi.
Agar daʼvogarning manfaatida boshqa tashkilot sudga murojaat qilayotgan boʻlsa, ushbu tashkilot koʻrsatiladi.
Uchinchi bosqichda javobgarga taalluqli maʼlumotlar kiritiladi. Xususan, javobgar jismoniy shaxs boʻlsa, shaxs turi qatoridan jismoniy shaxs turi tanlanib, pasport seriyasi, raqami, JSHSHIR raqami, familiyasi, ismi, otasining ismi, tugʻilgan sanasi, yoshi, fuqaroligi, jinsi, tugʻilgan joyi, yashash joyi haqidagi maʼlumotlar kiritiladi.
Agar javobgar yuridik shaxs boʻlsa STIR raqami bankdagi hisob raqami, xizmat koʻrsatuvchi bank nomi, javobgar joylashgan hudud (aynan tuman yoki tumanga tenglashtirilgan shahar tanlanishi shart), yuridik manzili, javobgarning (qarzdorning) nomi, pochta indeksi, telefon raqami, rahbarning familiyasi, ismi, otasining ismi kabi maʼlumotlar kiritiladi.
Toʻrtinchi bosqichda qarshi daʼvo yuborilayotgan fuqarolik ishlari boʻyicha sud tanlanadi. Fuqarolik ishlari boʻyicha sudni tanlashda FPKning 37-moddasida belgilab qoʻyilgan sudlovga tegishlilik qoidasiga amal qilinishi shart.
Beshinchi bosqichda avvalgi bosqichlarda kiritilgan maʼlumotlar tekshirib olinadi. Bunda daʼvogar va javobgar joylashgan hudud aynan u joylashgan tuman yoki tumanga tenglashtirilgan shahar tanlanganligiga, hamda ularning STIR raqamlari yoki pasport maʼlumotlari toʻgʻri kiritilganligiga, shuningdek, tegishli fuqarolik ishlari boʻyicha sudi belgilanganligiga alohida eʼtibor qaratish lozim. Ushbu maʼlumotlarni xato kiritilishi keyinchalik sud tomonidan qabul qilinadigan sud hujjatlari ijrosini taʼminlashda qiyinchiliklar tugʻdirishi mumkin.
Agar kiritilgan maʼlumotlarda xato yoki kamchiliklar aniqlansa, ularni “Orqaga” tugmasini bosish yordamida avvalgi bosqichlarga qaytish orqali bartaraf etish mumkin.
Oltinchi bosqichda qarshi daʼvo va unga ilova qilinadigan hujjatlar mazkur Tartibning 3.1-bandida belgilangan tartibda axborot tizimiga elektron shaklda biriktiriladi.
Xato yoki yanglishish oqibatida biriktirilgan fayllarni sudga yuborishdan avval oʻchirish imkoniyati mavjud. Fayllarni oʻchirish axborot tizimiga yuklangan fayl nomi va hajmi haqidagi maʼlumotlar koʻrsatilgan qatorning oʻng tomonida joylashgan “Savatcha” (“Korzinka”) tasvirlangan tugmani bosish orqali amalga oshiriladi.
Murojaatga taalluqli boʻlgan barcha zarur maʼlumotlar kiritilganidan va hujjatlar biriktirilganidan soʻng “Saqlash” tugmasini bosish orqali qarshi daʼvo va unga ilova qilingan hujjatlar tanlangan fuqarolik ishlari boʻyicha sudga yuboriladi.
4.3. Ariza yoki iltimosnomani yuborish tartibi
Foydalanuvchi ariza yoki iltimosnomani fuqarolik ishlari boʻyicha sudga “E-XSUD” axborot tizimi orqali yuborish uchun oʻz “shaxsiy kabineti”da quyidagi toʻrtta bosqichdan iborat harakatlarni amalga oshiradi:
Birinchi bosqichda ariza yoki iltimosnomaning mazmuni, raqami, sanasi, arizachi tashkilot nomi yoki fuqaroning familiyasi, ismi, otasining ismi, arizani yoki iltimosnomani imzolagan shaxs, fuqarolik ishlari boʻyicha sudda koʻrilayotgan yoki koʻrilgan ish raqami, arizaga yoki iltimosnomaga ilova qilingan hujjatlar varaqlari soni hamda ariza yoki iltimosnomaning qisqacha mazmuni haqidagi maʼlumotlar kiritiladi.
Ikkinchi bosqichda ariza yoki iltimosnoma yuborilayotgan tegishli fuqarolik ishlari boʻyicha sud tanlanadi.
Uchinchi bosqichda avvalgi bosqichlarda kiritilgan maʼlumotlar tekshirib olinadi. Agar kiritilgan maʼlumotlarda xato yoki kamchiliklar aniqlansa, ularni “Orqaga” tugmasini bosish yordamida avvalgi bosqichlarga qaytish orqali bartaraf etish mumkin.
Toʻrtinchi bosqichda ariza yoki iltimosnoma va unga ilova qilinadigan hujjatlar mazkur Tartibning 3.1-bandida belgilangan tartibda axborot tizimiga elektron shaklda biriktiriladi.
Xato yoki yanglishish oqibatida biriktirilgan fayllarni sudga yuborishdan avval oʻchirish imkoniyati mavjud. Fayllarni oʻchirish axborot tizimiga yuklangan fayl nomi va hajmi haqidagi maʼlumotlar koʻrsatilgan qatorning oʻng tomonida joylashgan “Savatcha” (“Korzinka”) tasvirlangan tugmani bosish orqali amalga oshiriladi.
Murojaatga taalluqli boʻlgan barcha zarur maʼlumotlar kiritilganidan va hujjatlar biriktirilganidan soʻng “Saqlash” tugmasini bosish orqali ariza yoki iltimosnoma va unga ilova qilingan hujjatlar tegishli fuqarolik ishlari boʻyicha sudga yuboriladi.
5. Fuqarolik ishlari boʻyicha sudlarning sud hujjatlarini qayta koʻrish boʻyicha shikoyat (protest) yuborish
Ishda ishtirok etuvchi shaxslar, shuningdek, ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan, ammo huquqlari va majburiyatlari toʻgʻrisida sud hal qiluv qarori qabul qilgan shaxslar birinchi instansiya sudining qonuniy kuchga kirmagan hal qiluv qarori ustidan apellyatsiya shikoyati, qonuniy kuchga kirgan, apellyatsiya tartibida koʻrilmagan hal qiluv qarori ustidan kassatsiya shikoyati, prokuror esa apellyatsiya yoki kassatsiya protesti berishga haqlidir (FPKning 383, 403-moddalari).
Shuningdek, apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida koʻrilgan ishlar boʻyicha sud hujjatlari ustidan nazorat tartibida shikoyat qilinishi mumkin (FPKning 422-moddasi).
5.1. Apellyatsiya shikoyatini (protestini) berish tartibi
Foydalanuvchi apellyatsiya shikoyatini (protestini) fuqarolik ishlari boʻyicha sudga “E-XSUD” axborot tizimi orqali berish uchun oʻz “shaxsiy kabineti”da quyidagi beshta bosqichdan iborat harakatlarni amalga oshiradi:
Birinchi bosqichda apellyatsiya shikoyati (protesti) raqami, sanasi, shikoyat qilinayotgan sud hujjatining ish raqami, shikoyat turi (yaʼni aynan qaysi sud hujjati shikoyat qilinayotganligi), ixtiyoriy toʻlangan davlat boji va pochta xarajatlari summasi va ularning toʻlanganligini tasdiqlovchi kvitansiya maʼlumotlari kiritiladi.
Ikkinchi bosqichda apellyatsiya shikoyati (protesti) berayotgan taraf tanlanadi. Shundan soʻng ochilgan ishda ishtirok etuvchi shaxslar roʻyxatidan tegishli taraf nomi koʻrsatiladi.
Uchinchi bosqichda shikoyat qilinayotgan (protest keltirilayotgan) hal qiluv qarorini, ajrimni, qarorni chiqargan sud tanlanadi.
Toʻrtinchi bosqichda avvalgi bosqichlarda kiritilgan maʼlumotlar tekshirib olinadi. Agar kiritilgan maʼlumotlarda xato yoki kamchiliklar aniqlansa, ularni “Orqaga” tugmasini bosish yordamida avvalgi bosqichlarga qaytish orqali bartaraf etish mumkin.
Beshinchi bosqichda apellyatsiya shikoyati (protesti) va unga ilova qilinadigan hujjatlar mazkur Tartibning 3.1-bandida belgilangan tartibda axborot tizimiga elektron shaklda biriktiriladi.
Xato yoki yanglishish oqibatida biriktirilgan fayllarni sudga yuborishdan avval oʻchirish imkoniyati mavjud. Fayllarni oʻchirish axborot tizimiga yuklangan fayl nomi va hajmi haqidagi maʼlumotlar koʻrsatilgan qatorning oʻng tomonida joylashgan “Savatcha” (“Korzinka”) tasvirlangan tugmani bosish orqali amalga oshiriladi.
Murojaatga taalluqli boʻlgan barcha zarur maʼlumotlar kiritilgan va hujjatlar biriktirilganidan soʻng “Saqlash” tugmasini bosish orqali apellyatsiya shikoyati (protesti) va unga ilova qilingan hujjatlar tegishli fuqarolik ishlari boʻyicha sudga yuboriladi.
5.2. Kassatsiya shikoyatini (protestini) berish tartibi
Foydalanuvchi kassatsiya shikoyatini (protestini) fuqarolik ishlari boʻyicha sudga “E-XSUD” axborot tizimi orqali berish uchun oʻz “shaxsiy kabineti”da quyidagi beshta bosqichdan iborat harakatlarni amalga oshiradi:
Birinchi bosqichda kassatsiya shikoyati (protesti) raqami, sanasi, shikoyat qilinayotgan sud hujjatining ish raqami, shikoyat turi (yaʼni aynan qaysi sud hujjati shikoyat qilinayotganligi), ixtiyoriy toʻlangan davlat boji va pochta xarajati summasi va ularni toʻlanganligini tasdiqlovchi kvitansiya maʼlumotlari kiritiladi.
Ikkinchi bosqichda kassatsiya shikoyati (protesti) berayotgan taraf tanlanadi. Shundan soʻng ochilgan ishda ishtirok etuvchi shaxslar roʻyxatidan tegishli taraf nomi koʻrsatiladi.
Uchinchi bosqichda shikoyat qilinayotgan (protest keltirilayotgan) hal qiluv qarorini, ajrimni, qarorni chiqargan sud tanlanadi.
Toʻrtinchi bosqichda avvalgi bosqichlarda kiritilgan maʼlumotlar tekshirib olinadi. Agar kiritilgan maʼlumotlarda xato yoki kamchiliklar aniqlansa, ularni “Orqaga” tugmasini bosish yordamida avvalgi bosqichlarga qaytish orqali bartaraf etish mumkin.
Beshinchi bosqichda kassatsiya shikoyati (protesti) va unga ilova qilinadigan hujjatlar mazkur Tartibning 3.1-bandida belgilangan tartibda axborot tizimiga elektron shaklda biriktiriladi.
Xato yoki yanglishish oqibatida biriktirilgan fayllarni sudga yuborishdan avval oʻchirish imkoniyati mavjud. Fayllarni oʻchirish axborot tizimiga yuklangan fayl nomi va hajmi haqidagi maʼlumotlar koʻrsatilgan qatorning oʻng tomonida joylashgan “Savatcha” (“Korzinka”) tasvirlangan tugmani bosish orqali amalga oshiriladi.
Murojaatga taalluqli boʻlgan barcha zarur maʼlumotlar kiritilgan va hujjatlar biriktirilganidan soʻng “Saqlash” tugmasini bosish orqali kassatsiya shikoyati (protesti) va unga ilova qilingan hujjatlar tegishli fuqarolik ishlari boʻyicha sudga yuboriladi.
5.3. Nazorat tartibidagi shikoyatni (protestni) berish tartibi
Foydalanuvchi nazorat shikoyatini (protestini) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga “E-XSUD” axborot tizimi orqali berish uchun oʻz “shaxsiy kabineti”da quyidagi toʻrtta bosqichdan iborat harakatlarni amalga oshiradi:
Birinchi bosqichda ariza turi (yaʼni, aynan qaysi sud hujjati nazorat tartibida shikoyat qilinayotganligi), shikoyat raqami, sanasi, shikoyat bergan tashkilot nomi, shikoyat bergan tashkilot rahbarining familiyasi, ismi, otasining ismi haqidagi maʼlumotlar, shikoyat qilinayotgan sud hujjatining ish raqami, shikoyatga ilova qilingan hujjatlar varaqlari soni hamda shikoyatning qisqacha mazmuni, kiritiladi. Shuningdek, ixtiyoriy toʻlangan davlat boji va pochta xarajatlari summasi kiritiladi. Ushbu summalarni kiritish uchun ularni toʻlanganligini tasdiqlovchi kvitansiya maʼlumotlarini kiritish qatorini toʻldirish talab etiladi.
Ikkinchi bosqichda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi tanlanadi.
Uchinchi bosqichda avvalgi bosqichlarda kiritilgan maʼlumotlar tekshirib olinadi. Agar kiritilgan maʼlumotlarda xato yoki kamchiliklar aniqlansa, ularni “Orqaga” tugmasini bosish yordamida avvalgi bosqichlarga qaytish orqali bartaraf etish mumkin.
Toʻrtinchi bosqichda nazorat shikoyati va unga ilova qilinadigan hujjatlar mazkur Tartibning 3.1-bandida belgilangan tartibda axborot tizimiga elektron shaklda biriktiriladi.
Xato yoki yanglishish oqibatida biriktirilgan fayllarni sudga yuborishdan avval oʻchirish imkoniyati mavjud. Fayllarni oʻchirish axborot tizimiga yuklangan fayl nomi va hajmi haqidagi maʼlumotlar koʻrsatilgan qatorning oʻng tomonida joylashgan “Savatcha” (“Korzinka”) tasvirlangan tugmani bosish orqali amalga oshiriladi.
Murojaatga taalluqli boʻlgan barcha zarur maʼlumotlar kiritilganidan va hujjatlar biriktirilganidan soʻng “Saqlash” tugmasini bosish orqali nazorat shikoyati (protesti) va unga ilova qilingan hujjatlar tegishli fuqarolik ishlari boʻyicha sudiga yuboriladi.
6. “E-XSUD” axborot tizimi orqali fuqarolik ishlari boʻyicha sudlarga taqdim etiladigan murojaatlar holatini kuzatib borish
Foydalanuvchi “shaxsiy kabineti” orqali fuqarolik ishlari boʻyicha sudga taqdim etgan murojaatlarining holatini real vaqt rejimida kuzatib borishi mumkin.
Buning uchun foydalanuvchi “shaxsiy kabineti”da fuqarolik ishlari boʻyicha sud turini belgilab, sudga yuborgan tegishli murojaatni tanlash va oʻng tomonida joylashgan “Koʻrish” tugmasini bosish kerak. Murojaat tanlanganida “shaxsiy kabinet” asosiy sahifasining oʻng tomonida yuborilgan murojaatning “Qisqacha mazmuni” va “Ishni sud tomonidan koʻrib chiqilishi” nomli ruknlar paydo boʻladi.
Murojaatning “Qisqacha mazmuni” ruknida tanlangan murojaatning qisqacha mazmuni keltirilgan maʼlumotlar hamda foydalanuvchi tomonidan sudga elektron shaklda yuborgan fayllar aks ettiriladi.
“Ishni sud tomonidan koʻrib chiqilishi” ruknida foydalanuvchi tomonidan yuborilgan hujjatning sudda roʻyxatga olingan sanasi, roʻyxat raqami, ish raqami, masʼul sudyaning familiyasi, ismi, otasining ismi, sudya tomonidan mazkur hujjatni ish yurituvga qabul qilingan sanasi, ishni koʻrishga tayinlangan sanasi va vaqti, agar ishni koʻrish boshqa kunga qoldirilgan boʻlsa ishni qoldirish sababi, ishni koʻrish natijasiga koʻra qabul qilingan hal qiluv qarorining yoki chiqarilgan ajrimning mazmuni, qanoatlantirilgan daʼvo summasi (neustoyka), undirilgan davlat boji summasi, davlat boji undirilgan taraf nomi haqidagi maʼlumotlar, shuningdek, mazkur murojaat boʻyicha chiqarilgan sudning barcha hujjatlari elektron koʻrinishda aks ettiriladi.
Murojaat mazkur Tartibda belgilangan qoidalarga rioya qilinmay yuborilmaganligi sababli qaytarilgan taqdirda, murojaat qaytarilgan sana va qaytarish uchun asos boʻlgan holatlar haqidagi maʼlumotlar ham mazkur ruknda aks ettiriladi.
Shuningdek, mazkur ruknda foydalanuvchi tomonidan yuborilgan murojaatlarning holati haqidagi maʼlumotlarni ham kuzatib borish imkoniyati mavjud.
Axborot tizimida murojaat holatining quyidagi turlari mavjud:
1. Rad etilgan — ushbu holatdagi murojaat mazkur Tartibda belgilangan talablarga rioya qilinmay yuborilganligi sababli mavjud kamchiliklarni bartaraf etish uchun foydalanuvchiga qaytarilganligini bildiradi;
2. Roʻyxatga olish — ushbu holatdagi murojaat birinchi instansiya sudiga kelib tushgan va devonxonada roʻyxatdan oʻtkazish jarayonida ekanligini bildiradi;
3. Koʻrib chiqish — ushbu holatdagi murojaat birinchi instansiya sudi tomonidan apellyatsiya yoki kassatsiya shikoyatini (protestini) viloyat yoki unga tenglashtirilgan sudga yuborish jarayonida ekanligini bildiradi;
4. Roʻyxatga olish (viloyat) — ushbu holatdagi murojaat birinchi instansiya sudi tomonidan viloyat yoki unga tenglashtirilgan sudga yuborilgan apellyatsiya yoki kassatsiya shikoyati (protesti) devonxonada roʻyxatdan oʻtkazish jarayonida ekanligini bildiradi;
5. Taqsimlash yoki Qayta taqsimlashda — ushbu holatdagi murojaat masʼul sudyaga taqsimlash jarayonida ekanligini bildiradi;
6. Ish qoʻzgʻatish — ushbu holatdagi murojaat ish yuritishga qabul qilish va ish qoʻzgʻatish jarayonida ekanligini bildiradi;
7. Tayyorlash — ushbu holatdagi murojaat sudya tomonidan ishni sud muhokamasiga tayinlash jarayonida ekanligini bildiradi;
8. Natijasiz — ushbu holatdagi murojaat sudyaning ish yurituviga qabul qilingan, lekin hali ish boʻyicha yakuniy sud hujjati qabul qilinmaganligini bildiradi;
9. Toʻxtatilgan — ushbu holat fuqarolik ishi boʻyicha ish yuritish FPKning 116, 117-moddalariga asosan toʻxtatilganligini bildiradi;
10. Natijani qabul qilish — ushbu holat ishni koʻrish yakuniga koʻra natija kiritilganligini hamda ayni vaqtda sud devonxonasi tomonidan taqqoslash jarayonida ekanligini bildiradi (mazkur bosqichda masʼul xodim sudya kiritgan natijani sud hujjatining xulosa qismi bilan mosligini taqqoslaydi);
11. Natija qabul qilingan — ushbu holat ishni koʻrish yakuniga koʻra natijasi qabul qilinganligini bildiradi;
12. Arxivga yuborilgan va Arxivga topshirilgan — ushbu holat ish arxiv boʻlimiga yuborilganligini va arxiv boʻlimi tomonidan qabul qilib olinganligini bildiradi.
7. Foydalanuvchilar tomonidan sud hujjatlarini va javob xatlarini qabul qilib olish tartibi
Foydalanuvchi “E-XSUD axborot tizimi orqali taqdim etgan murojaatlari yuzasidan amalga oshirilgan fuqarolik ishlari boʻyicha sudning protsessual harakatlariga doir maʼlumotlarni, murojaatni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha qabul qilingan sud hujjatlarini, shuningdek, javob xatlarini shaxsiy kabineti orqali olish imkoniyatiga ega.
Murojaat yuzasidan qabul qilingan sud hujjatlarini, shuningdek, javob xatlarini shaxsiy kabinet orqali olgan foydalanuvchi ushbu hujjatlarni qogʻoz koʻrinishida olish huquqidan mahrum etilmaydi.
Mazkur Tartibga amal qilgan holda taqdim etilgan murojaatlar boʻyicha fuqarolik ishlari boʻyicha sudning sud hujjatlari, shuningdek, javob xatlari foydalanuvchining “shaxsiy kabineti”ga protsessual muddatlarga toʻliq rioya etgan holda yuboriladi.
Yuborilgan sud hujjatlari, shuningdek, javob xatlari foydalanuvchining “shaxsiy kabineti”dagi “Ishni sud tomonidan koʻrib chiqilishi” rukniga kelib tushadi. Foydalanuvchi sud hujjatlarini, shuningdek, javob xatlarini yuklab olgan holda ular bilan tanishib chiqish imkoniyatiga ega.