Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining
qarori
Tijorat banklari tomonidan tashkil etiladigan inkassatsiya xizmatiga qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2020-yil 30-iyunda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3270]
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi va “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 30-oktabrdagi PF-5564-sonli “Tovar bozorlarida savdoni yanada erkinlashtirish va raqobatni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi qaror qiladi:
1. Tijorat banklari tomonidan tashkil etiladigan inkassatsiya xizmatiga qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon kilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi M. NURMURATOV
Toshkent sh.,
2020-yil 27-iyun,
15/4-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2020-yil 27-iyundagi 15/4-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Tijorat banklari tomonidan tashkil etiladigan inkassatsiya xizmatiga qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom tijorat banklari tomonidan inkassatsiya xizmatini tashkil etishga qoʻyiladigan talablarni belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizomda quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:
zirhli avtotransport ― naqd pul va boshqa qimmatliklarni tashishda qatnashayotgan inkassatsiya xizmati xodimlari hayoti va sogʻligʻini himoyalash hamda qimmatliklarning daxlsizligini taʼminlash maqsadida maxsus himoya (bron)langan avtotransport vositasi;
inkassatsiya xizmati ― xoʻjalik yurituvchi subyektlar, shuningdek banklar, banklarning filiallari va alohida boʻlinmalariga tegishli boʻlgan naqd pul va boshqa qimmatliklarni inkassatsiya qilish, tashish hamda kuzatib borish xizmati;
ixtisoslashgan xizmat kiyimi ― forma atributlaridan foydalangan holda inkassatsiya xizmati xodimlari tomonidan kiyib yurishga moʻljallangan xizmat kiyimlari;
maxsus avtotransport ― naqd pul va boshqa qimmatliklarni inkassatsiya qilish va tashish uchun moʻljallangan tegishli rangli grafik sxemaga ega boʻlgan, maxsus koʻk rangli mayoqcha (migalka) va tovushli signal (sirena), radioaloqa va boshqa vositalar bilan jihozlangan, bank (inkassatsiya xizmati) logotipi tushirilgan, avtotransport vositasi;
maxsus himoya vositalari ― inson tanasini oʻqotar qurollar, shuningdek, portlashda metall parchalari (oskolka)dan saqlash maqsadida foydalaniladigan maxsus zirhli nimcha, qurolni olib yurish uchun kabura, enli kamar hamda qurolni himoya tasmasi;
naqd pullar ― Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki (bundan buyon matnda Markaziy bank deb yuritiladi) tomonidan turli nominallardagi banknot va tangalar koʻrinishida muomalaga chiqarilgan pullar;
rangli grafik sxema (dekorativ) chiziq ― maxsus avtotransport vositasi tashqi qismining asosiy rangiga nisbatan yorqinroq boʻlgan yon qismlariga gorizontal transportlar oqimida ajralib turadigan bir lahzada aniqlash imkoniyatini taʼminlovchi chiziq;
radioaloqa vositasi ― navbatchi inkassator va inkassatorlar guruhlari oʻrtasida tezkor aloqani taʼminlash va xavfdan ogoh etishda foydalanish vositasi.
qimmatliklar ― bank kassa tarmogʻiga saqlash uchun yoki garov taʼminoti sifatida topshirilgan va oʻz qiymatiga ega boʻlgan barcha qimmatliklar (qimmatbaho metall va toshlardan tayyorlangan buyumlar, saqlash uchun topshirilgan qimmatli qogʻozlar, mulklar va mulkiy huquqlarni tasdiqlovchi hujjatlar, toʻlov-hisob va qatʼiy hisobda turuvchi blanklar va hokazolar).
2-bob. Inkassatsiya xizmatini tashkil etish
2. Tijorat banklarining inkassatsiya xizmati (bundan buyon matnda inkassatsiya xizmati deb yuritiladi) faoliyatining asosiy maqsadi xoʻjalik yurituvchi subyektlar, banklar, banklarning filiallari va alohida boʻlinmalariga tegishli boʻlgan naqd pul va boshqa qimmatliklarini shartnoma asosida daxlsizligi (butligi)ni taʼminlagan holda inkassatsiya qilish, tashish hamda kuzatib borishdan iborat.
3. Inkassatsiya xizmati naqd pul va boshqa qimmatliklarni inkassatsiya qilish, tashish hamda kuzatib borishni va uning daxlsizligini taʼminlash maqsadida xizmat qurolidan foydalangan holda, shuningdek ixtisoslashgan xizmat kiyimida va maxsus avtotransport vositalari orqali inkassatsiya brigadasi tomonidan amalga oshiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
4. Inkassatsiya xizmati xodimlarini xizmat qurollari va uning oʻq-dorilari bilan taʼminlash, ularni saqlash, foydalanish hamda hisobini yuritish qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
5. Naqd pul va boshqa qimmatliklarni inkassatsiya qilish, tashish va kuzatib borish bilan bogʻliq ishlarga jalb etiladigan xodimlarning xizmat vazifasini bajarish vaqtida kiyib yurishlari uchun ixtisoslashgan xizmat kiyimi, maxsus himoya vositalari, xizmat qurollari va uning oʻq-dorilari tijorat banki tomonidan taʼminlanadi.
6. Inkassatorlar xoʻjalik yurituvchi subyektlardan pul tushumlarini yigʻish yoʻnalishlarini va ularning tashrif vaqti jadvallari inkassatsiya xizmati tomonidan tuziladi. Mazkur qatnov jadvallari har yilning boshiga yangilanishi mumkin.
Inkassatsiya yoʻnalishlari va inkassatorlar guruhini panalab himoyalash rejasi joylardagi ichki ishlar organlari bilan kelishiladi hamda zaruratga qarab, yangilab boriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
7. Tijorat banklari inkassatsiya xizmatini tashkil etishda xizmat qurollari va uning oʻq-dorilarini sotib olish, saqlash, foydalanish huquqiga hamda imkoniyatiga ega boʻlmagan hollarda, qonunchilik hujjatlari bilan naqd pul va boshqa qimmatliklarni inkassatsiya qilish, tashish va kuzatib borish vakolati berilgan hamda xizmat qurollari va uning oʻq-dorilarini saqlash, olib yurish va ulardan foydalanish huquqiga ega boʻlgan vazirlik va idoralarga qarashli korxona va tashkilotlarning xodimlari shartnoma asosida jalb etilishi mumkin.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
8. Tijorat banklarining inkassatsiya xizmati ushbu tijorat bankining alohida tarkibiy boʻlinmasi yoki tijorat banki tomonidan mutlaq egaligida alohida yuridik shaxs sifatida, shuningdek bir necha banklar tomonidan alohida yuridik shaxs sifatida tashkil etilishi mumkin.
9. Tijorat bankining inkassatsiya xizmati bank kengashi tomonidan (bir necha banklar tomonidan tashkil etilganda ularning kengashlari tomonidan birgalikda) tasdiqlangan Ustav asosida faoliyat yuritadi.
Tijorat bankining inkassatsiya xizmati bank kengashi tomonidan (bir necha banklar tomonidan tashkil etilganda ularning kengashlari tomonidan birgalikda) tasdiqlangan Ustav asosida faoliyat yuritadi.
10. Inkassatsiya xizmati maxsus avtotransport va radioaloqa vositalari hamda boshqa zarur boʻlgan moddiy-texnik bazani zamonaviy innovatsion vositalari bilan shakllantirib borish choralarini koʻrishi mumkin.
11. Inkassatsiya xizmati tomonidan maxsus avtotransport vositalari hamda tashiladigan naqd pul va boshqa qimmatliklar sugʻurta qilinishi shart.
Oldingi tahrirga qarang.
12. Bank kengashi (bir necha banklar tomonidan tashkil etilganda birgalikda) inkassatsiya xizmatining xizmat vazifalari va funksiyalari belgilangan ichki hujjatlarini qonunchilik hujjatlari talablari asosida tasdiqlaydi.
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
3-bob. Inkassatsiya xizmati xodimlariga qoʻyiladigan talablar
13. Inkassatsiya xizmatining shtatlar jadvali inkassatsiya xizmati koʻrsatish boʻyicha ish hajmidan kelib chiqqan holda tijorat banklari boshqaruvlari (bir necha banklar tomonidan tashkil etilganda birgalikda) tomonidan belgilanadi.
14. Inkassatsiya xizmati rahbari lavozimiga oliy maʼlumotga hamda iqtisodiyot va moliya sohasida kamida uch yillik ish tajribasiga ega boʻlgan shaxslar tayinlanadi.
Iqtisodiyot sohasidagi yoki boshqaruv tartibiga qarshi jinoyat uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxslar inkassatsiya xizmati rahbari lavozimiga tayinlanishi mumkin emas.
15. Inkassatsiya xizmatiga, agar ish bevosita naqd pul va boshqa qimmatliklarni inkassatsiya qilish, tashish va kuzatib borish bilan bogʻliq boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtagan, sogʻlom, oʻqotar qurollar boʻyicha bilim va koʻnikmaga ega boʻlgan shaxslar qabul qilinadi.
Inkassatsiya xizmatining xizmat quroli va uning oʻq-dorilarining but saqlanishini, qabul qilish va topshirilishini, hisobga olinishini hamda ulardan foydalanishni taʼminlash majburiyati zimmasiga yuklatilgan xodimi, shuningdek xizmat quroli va uning oʻq-dorilari biriktirilgan xodimlari shartnomaga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnik instituti bazasida xizmat quroli va maxsus vositalarni olib yurish va ulardan foydalanishga ruxsat berilgan tashkilotlar xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash kurslaridan oʻtishi va tegishli sertifikatga ega boʻlishi shart.
16. Inkassatsiya xizmatiga qabul qilinayotgan har bir xodim turar joyi boʻyicha tibbiy muassasadan, shuningdek ruhiy-asab va narkologik dispanserlar tekshiruvidan dastlabki tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladi.
Yangi ishga qabul qilingan har bir xodimning inkassatsiya ishiga doir normativ hujjatlarni oʻzlashtirganligi, oʻqotar qurollarning material qismi, texnik-taktik hususiyatlari va ulardan foydalanish tartibini bilishi, shuningdek ularning jismoniy tayyorgarligi sinalganidan soʻng inkassatsiya xizmati rahbari tomonidan ishlashlariga ruxsat beriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
17. Ishga qabul qilingan har bir xodimning shaxsiy yigʻma jildida qonunchilik hujjatlarida belgilangan hujjatlar bilan birgalikda:
(17-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
toʻliq moddiy javobgarlik toʻgʻrisida shartnoma;
xizmat siri, naqd pul va boshqa qimmatliklarni inkassatsiya qilish, tashish va kuzatib borish boʻyicha maʼlumotlarni oshkor qilmaslik toʻgʻrisida tilxat boʻlishi lozim.
18. Tijorat banki (bir necha banklar tomonidan tashkil etilganda ularning oʻzaro kelishuvi asosida) tomonidan inkassatsiya xizmatining xizmat quroli biriktirilgan har bir xodimining hayoti va sogʻligi sugʻurta qilinishi lozim.
19. Xizmat quroli va uning oʻq-dorilari biriktirilgan inkassatsiya xizmati xodimlari majburiy ravishda yiliga bir marta tijorat bank tomonidan tibbiy muassasalar bilan tuzilgan shartnoma asosida tibbiy tekshiruvidan oʻtkazilishi shart.
20. Inkassatsiya xizmati normativ hujjatlar talablari asosida muntazam ravishda naqd pul va boshqa qimmatliklarni inkassatsiya qilish, tashish va kuzatib borish ishlariga jalb etilgan xodimlarning kasbiy, jismoniy hamda jangovar mahoratini oshirib borish uchun bir yilda ikki marotaba biriktirilgan xizmat qurollaridan xodimlar bilan amaliy oʻq otish mashgʻulotlarini oʻtkazish, shuningdek bir yilda bir marotaba xodimlarning jismoniy tayyorgarligini sinash boʻyicha zarur choralarni koʻrib borishi lozim.
4-bob. Inkassatsiya xizmatining maxsus avtotransport vositalariga talablar
21. Naqd pul va boshqa qimmatliklar inkassatsiya xizmatining yopiq kuzovli maxsus avtotransport vositasida tashilishi shart.
22. Inkassatsiya yoʻnalishlari davomida naqd pul va boshqa qimmatliklarning daxlsizligini va butligini taʼminlash maqsadida yopiq kuzovli maxsus avtotransport vositalari:
naqd pul va boshqa qimmatliklarni joylashtirish uchun qutilar bilan jihozlanishi va ushbu qutilar maxsus avtotransport vositasining ichki saloniga haydovchining avtomobilni boshqarish vaqtida manyovr qilishga xalaqit bermaydigan oʻlchamda va joyda mahkamlangan boʻlishi (yoki ushbu qutilar maxsus avtotransport vositasining yuk xonasiga jihozlanishi mumkin);
haydovchining boshqarishi tarafidan eshiklarni blokirovka qilinishi, oʻrindiqlari ikki qator, yoʻlovchi boʻlinmasi toʻrtta eshikli boʻlishi;
oʻrindiqlar soni haydovchi bilan birga 5 tadan kam boʻlmasligi, oldi va orqa tomondan zarbalardan himoyalangan boʻlishi lozim.
23. Naqd pul va boshqa qimmatliklar hajmi va muhimligidan kelib chiqib, zirhli (bronli) avtotransport vositalaridan foydalanilishi va ushbu avtotransport vositasi:
kuzovi yuk furgon boʻlishi;
kabina va oynalari zirhlangan;
kabinada “haydovchi-koʻcha” va “haydovchi-yukxona” muloqot uskunasi;
yukxonaning ichki panjarali eshigi qulflanishi;
ichkaridan qulflanuvchi oʻq otish tuynuklari bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
24. Maxsus va zirhli (bronli) avtotrasport vositalari naqd pul va boshqa qimmatliklarning daxlsizligi (butligi)ni, shuningdek brigada aʼzolarini xavfsizligini taʼminlash maqsadida boshqa qurilma va vositalar bilan jihozlanishi mumkin.
25. Inkassatsiya xizmati maxsus va zirhli (bronli) avtotransport vositalarini qoʻshimcha ravishda videoregistrator va navigatsiya monitoring tizimlari bilan jihozlashi mumkin.
26. Inkassatsiya xizmati naqd pul va boshqa qimmatliklarni inkassatsiya qilish, tashish va kuzatib borishda foydalaniladigan maxsus avtotransport vositalari Ichki ishlar vazirligining Yoʻl harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi bilan kelishilgan holda maxsus koʻk rangli chiroqli mayoqcha (migalka), tovushli signallar (sirena), himoyalangan radio kanalini tashkillashtirish hususiyatiga ega raqamli radioaloqa vositalari bilan jihozlangan, inkassatsiya xizmati logotipi tushirilgan va tashqi qismlari rangli-grafik sxema asosida boʻyalgan Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmatlarida maxsus avtomobil sifatida roʻyxatga qoʻyiladi.
27. Maxsus avtotransport vositasi inkassatsiya xizmatida foydalanishdan toʻxtatilganda maxsus koʻk rangli mayoqcha (migalka), tovushli signal (sirena), tezkor radioaloqa vositalari va tashqi qismlaridagi rangli-grafik sxemalar demontaj qilinishi shart.
Bu haqda tuzilgan dalolatnoma nusxasi Ichki ishlar vazirligining Yoʻl harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi xizmatlariga maxsus avtomobillarni roʻyxatdan chiqarish uchun taqdim etiladi.
28. Inkassatsiya xizmati maxsus avtotransport vositalariga boshqa avtotransport vositalaridan ajralib turuvchi axborot yozuvlarining (logotip, emblema va boshqalar) mazmuni inkassatsiya xizmati tomonidan mustaqil ravishda belgilanadi.
29. Maxsus avtotransport vositalari inkassatorlar guruhi, naqd pul va boshqa qimmatliklarning soni va hajmlarini toʻliq joylashtirilishini hamda tashishda daxlsizligini taʼminlash kabi talablarga toʻliq javob berishi lozim.
30. Inkassatsiya xizmatining maxsus avtotransport vositalarida naqd pul va boshqa qimmatliklarni inkassatsiya qilish, tashish va kuzatib borish ishlarida brigada xodimlaridan tashqari (kuzatuvni amalga oshirish ishlar bundan mustasno) boshqa xodimlari boʻlishiga, shuningdek ushbu maxsus avtotransport vositalardan inkassatsiya qilish va tashish ishlaridan tashqari boshqa maqsadlarda foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
5-bob. Inkassatsiya xizmatining bino va inshootlariga qoʻyiladigan talablar
31. Inkassatsiya xizmati oʻz faoliyatining amalga oshirishi uchun quyidagilar bilan jihozlangan bino (inshoot)larga ega boʻlishi lozim:
inkassatsiya xizmati xodimlari yoʻnalishga chiqishda tayyorgarlik koʻrish va yoʻl-yoʻriqlarni oʻtkazish uchun xona;
maxsus avtotransport vositalarini saqlash uchun joy (garaj);
muhandislik-texnik jihatdan mustahkamlangan, signalizatsiya vositalari va yongʻindan avtomatik xabarlash qurilmalari bilan jihozlangan xizmat qurollari va uning oʻq-dorilarini saqlash uchun xona;
xizmat qurolini oʻqlash va oʻqsizlantirish uchun oʻq ushlab qoluvchi moslama oʻrnatilgan xona;
inkassatorlar guruhi faoliyatini tezkor nazorat qilinishi uchun turgʻun (statsionar) radioaloqa oʻrnatilgan hamda inkassatsiya ishiga oid hujjatlarni saqlash uchun seyf (temir shkaf)lar bilan jihozlangan navbatchi inkassator xonasi;
inkassatsiya xizmati xodimlari yechinib kiyinishlari va shaxsiy himoya vositalarini saqlash uchun xona.
32. Bino (inshoot)lar amaldagi yongʻin xavfsizligi meʼyori talablariga mos kelishi va doimiy ishchi holatda boʻlishi lozim. Bunda favqulodda vaziyatlarda insonlarni, xizmat qurollari va uning oʻq dorilarini, moddiy boyliklarni inkassatsiya binosidan xavfsiz evakuatsiya qilish uchun sharoit yaratilgan boʻlishi kerak.
33. Inkassatsiya xizmati bino (inshoot)laridagi xizmat qurollari va uning oʻq-dorilari saqlanadigan xonalari muhandislik-texnik jihatdan mustahkamlangan, xavfdan ogoh etuvchi, qoʻriqlash signalizatsiya vositalari va yongʻindan avtomatik xabarlash qurilmalari bilan jihozlangan hamda Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Qoʻriqlash xizmatining texnik markazi (punkt)ga ulangan boʻlishi va qoʻriqlash saf boʻlinmalari bilan qoʻriqlanishi shart.
34. Inkassatsiya xizmatining xizmat quroli va uning oʻq-dorilarini saqlash hamda navbatchi xonalari video kuzatuv vositalari bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
6-bob. Inkassatsiya xizmatini tashkil etish boʻyicha qoʻyilgan talablarga muvofiqligini nazorat qilish
35. Inkassatsiya xizmati mazkur nizom talablariga toʻliq rioya qilgan holda faoliyatini boshlaydi.
Tijorat banklari (bir necha banklar tashkil etganda ular tomonidan tanlab olingan bank) tomonidan inkassatsiya xizmati toʻliq tashkil etilgan kundan boshlab 2 kun muddat ichida Markaziy bankka inkassatsiya xizmati tashkil etganligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma va bank kengashi qarori nusxasi (bir necha banklar tomonidan tashkil etilganda kengash qarorlari) yozma ravishda yoki elektron shaklda yuboriladi.
36. Markaziy bank tomonidan inkassatsiya xizmati tashkil etilganligi yuzasidan oʻrganish oʻtkaziladi va dalolatnoma rasmiylashtiriladi. Oʻrganish natijalarida kamchiliklarga yoʻl qoʻyilganligi aniqlansa, dalolatnomada qayd etiladi va Markaziy bank tomonidan tijorat bankiga muddati belgilangan holda kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan koʻrsatma xat yuboriladi.
7-bob. Yakuniy qoidalar
Oldingi tahrirga qarang.
37. Inkassatsiya xizmatini tashkil etish, sifatli inkassatsiya xizmatini koʻrsatish, naqd pul va boshqa qimmatliklarni inkassatsiya qilish, tashish va kuzatib borishda hamda ularning dahlsizligini taʼminlashda qonunchilik hujjatlariga muvofiq tijorat banki va inkassatsiya xizmati rahbarlari javobgar hisoblanadilar.
(37-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
38. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiyasi va Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan kelishilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri P. BOBOJONOV
2020-yil 27-iyun
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiya qoʻmondoni R. DJURAYEV
2020-yil 27-iyun
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vaziri v.b. T. XUDAYBERGENOV
2020-yil 27-iyun
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.06.2020-y., 10/20/3270/1114-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)