O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Doimiy propiska qilish hamda turgan joyi bo‘yicha hisobga olish tartibini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-yanvardagi Oliy Majlisga Murojaatnomasi hamda 2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining mamlakat hududida bir joydan ikkinchi joyga ko‘chish borasidagi huquq va erkinliklarini ta’minlash kafolatlarini mustahkamlash maqsadida:
Oldingi tahrirga qarang.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 9-iyundagi PF-109-sonli Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 10.06.2026-y., 06/26/109/0580-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 9-iyundagi PF-109-sonli Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 10.06.2026-y., 06/26/109/0580-son)
3. Belgilansinki:
Oldingi tahrirga qarang.
(3-bandning “a” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 9-iyundagi PF-109-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 10.06.2026-y., 06/26/109/0580-son)
Oldingi tahrirga qarang.
b) tug‘ilgan bolaga fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari tomonidan tug‘ilganlik to‘g‘risida guvohnomani rasmiylashtirish chog‘ida otasi yoki onasining doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan manziliga idoralararo elektron hamkorlik orqali ma’lumotlarni kiritish yo‘li bilan uni doimiy yashash joyi bo‘yicha davlat boji undirmagan holda ro‘yxatga olish tartibi joriy qilinadi;
(3-bandning “b” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 7-maydagi PF-75-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 10.05.2024-y., 06/24/75/0335-son)
Oldingi tahrirga qarang.
v) Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining muayyan hududida yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tegishincha ushbu hududning boshqa manzilida istiqomat qilsa, turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinishi shart emas va u pasport tizimi qoidalarini buzgan deb hisoblanmaydi.
(3-bandning “v” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 9-iyundagi PF-109-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 10.06.2026-y., 06/26/109/0580-son)
4. “Manzil” tizimining “yagona darcha” tamoyili asosida to‘liq ishlashini ta’minlash maqsadida:
a) O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi:
2020-yil 1-avgustga qadar O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini onlayn tarzda harbiy hisobga olish va hisobdan chiqarish tizimini joriy qilsin;
2021-yil 1-yanvarga qadar harbiy hisob hujjatlarini avtomatlashtirish maqsadida kartoteka ma’lumotlarini jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamiga bog‘lagan holda raqamlashtirish choralarini ko‘rsin;
mazkur Farmonning 2-bandi “b” kichik bandida belgilangan muddatlardan kelib chiqqan holda, “Avtomatlashtirilgan axborot tizimi va ma’lumotlar bazasi” avtomatlashtirilgan axborot tizimini Ichki ishlar vazirligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi bilan birgalikda “Manzil” va “Xorijga chiqish pasporti” axborot tizimlari bilan integratsiya qilsin;
harbiy hisob hujjatlarini, harbiy xizmatga majbur fuqarolar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni hududiy mudofaa ishlari bo‘limlariga real vaqt rejimida elektron tizim orqali yuborish uchun Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi ma’lumotlar bazasi bilan idoralararo elektron hamkorlikni yo‘lga qo‘ysin;
b) O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda 2020-yil 1-avgustga qadar “Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarining yagona elektron arxivi” axborot tizimini “Manzil” tizimiga integratsiya qilsin;
v) O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi 2020-yil 1-sentabrga qadar voyaga yetmaganlarni tug‘ilganlik haqida guvohnomasi ma’lumotlariga hamda voyaga yetganlarni jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamiga bog‘lagan holda vasiylik va homiylikni tasdiqlovchi hujjatlarning elektron bazasini yaratsin va uni Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda “Manzil” tizimiga integratsiya qilsin;
g) O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksini Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda “Manzil” tizimiga integratsiya qilsin;
Oldingi tahrirga qarang.
g1) O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2021-yil 1-sentabrga qadar “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimini Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda “Manzil” tizimiga integratsiya qilsin;
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 11-avgustdagi PF-6277-sonli Farmoniga asosan “g1” kichik band bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.08.2021-y., 06/21/6277/0788-son — 2021-yil 1-sentabrdan kuchga kiradi)
d) O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda hisobga olingan ijara shartnomalari bo‘yicha ijarachi va uy egasining jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami hamda ko‘chmas mulkning kadastr raqami to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etish maqsadida “Soliq” axborot tizimlari kompleksini “Manzil” tizimiga integratsiya qilsin;
e) O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi mazkur Farmonning 2-bandi “b” kichik bandida belgilangan muddatlardan kelib chiqqan holda:
idoralararo elektron hamkorlik tizimi asosida “Manzil” tizimiga ko‘chmas mulk egasi yoki uning yuridik manzili o‘zgarganda, ko‘chmas mulk obyektlarining manzillari yagona reyestridan o‘zgargan ma’lumotlarning taqdim etilishini;
ko‘chmas mulk egasi bo‘lgan jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami mavjud bo‘lmaganda, “Elektron hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasidan foydalanib va axborot xavfsizligi talablariga rioya etgan holda, uni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi hamda Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlar bazasidan olishni yo‘lga qo‘ysin;
j) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda:
ikki hafta muddatda aholiga taqdim etilayotgan elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatish doirasida elektron raqamli imzo o‘rniga shaxsni tasdiqlashning muqobil shakllarini, shu jumladan mobil aloqa telefon raqamlari orqali shaxsni tasdiqlashning qo‘shimcha imkoniyatlarini yaratishni nazarda tutuvchi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasini kiritsin;
mazkur Farmonning 2-bandi “b” kichik bandida belgilangan muddatlardan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish ishlarini Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshirish imkoniyatini yaratsin.
Bunda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, Mudofaa vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi “Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot loyihalarini boshqarish markazi” DUK bilan birgalikda 2020-yil 1-avgustgacha O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish bilan bog‘liq jarayonlarni amalga oshirish maqsadida tegishli axborot tizimlarini O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga integratsiya qilsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Mudofaa vazirligining murojaatiga muvofiq 2021-yil 1-yanvarga qadar Mudofaa vazirligining “Avtomatlashtirilgan axborot tizimi va ma’lumotlar bazasi” tizimini joriy etish uchun tuman (shahar) mudofaa ishlari bo‘limlarining belgilangan tartibda Elektron hukumatning idoralararo ma’lumotlar uzatish tarmog‘iga ulanishini ta’minlasin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi uch oy muddatda Ichki ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olishda davlat xizmatlarining avtomatik tarzda ko‘rsatilishi uchun tegishli idoralarga xabarnoma yuborilishini tashkillashtirsin;
doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olishni talab etadigan barcha davlat xizmatlari hamda boshqa ma’muriy tartib-taomillarni vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinish orqali amalga oshirish imkoniyatini yaratish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi mazkur Farmonning 2-bandi “b” kichik bandida belgilangan muddatlardan kelib chiqqan holda Oliy sud axborot tizimini Ichki ishlar vazirligining “Manzil” tizimi bilan integratsiya qilish choralarini ko‘rsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi:
a) 2021-yil 1-yanvarga qadar shaxsning jazoni ijro etish muassasasidan ozod qilinganligi to‘g‘risidagi elektron ma’lumotlar bazasini yuritish tizimini yo‘lga qo‘ysin va ichki ishlar organlari tizimida mavjud hujjatlar va ma’lumotlarni fuqarolardan talab qilmaslik bo‘yicha choralar ko‘rsin;
b) bir oy muddatda ushbu Farmonning ijrosi yuzasidan fuqarolardan kelib tushadigan murojaatlar asosida tizimli monitoring olib borish maqsadida o‘z veb-saytida tushgan murojaatlarning mazmuni barchaga ochiq bo‘lgan va ularni muhokama etish imkonini beradigan maxsus sahifaning ishga tushirilishini ta’minlasin hamda zarurat bo‘lganda idoralararo ma’lumot almashinuvi tizimini yanada takomillashtirish yuzasidan chora-tadbirlarni amalga oshirib borsin;
v) ikki oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish tartibining isloh etilishi hamda yaratilayotgan elektron tizim imkoniyatlaridan kelib chiqib, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar va chet el fuqarolari uchun belgilangan tartibotlarni takomillashtirish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin;
g) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda:
pasport rejimini buzish holatlarini aniqlash tizimini yanada takomillashtirish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin;
o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu Farmonga muvofiqlashtirsin.
9. Vazirlar Mahkamasi:
bir hafta muddatda “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomni tasdiqlasin;
bir oy muddatda ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirishlarni qonun hujjatlariga kiritish choralarini ko‘rsin.
10. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2020-yil 22-aprel,
PF-5984-son
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 22.04.2020-y., 06/20/5984/0483-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.08.2021-y., 06/21/6277/0788-son; 10.05.2024-y., 06/24/75/0335-son; 10.06.2026-y., 06/26/109/0580-son)