Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Sholichilikni barqaror rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Respublikada sholi yetishtirishni koʻpaytirish, yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish, sholini xarid qilish, saqlash va qayta ishlash sohasida boshqaruv tizimini tubdan takomillashtirish, ichki isteʼmol bozorini guruch mahsulotlari bilan barqaror taʼminlash va eksport salohiyatini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda viloyatlar hokimliklarining 2020-yil hosilidan boshlab sholichilik klasterlarini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Belgilansinki, sholichilik klasterlarini tashkil etish va ularning faoliyatini yoʻlga qoʻyish quyidagi shartlar asosida amalga oshiriladi:
sholichilik klasteri ishlab chiqarish (xizmat koʻrsatish)ning zamonaviy innovatsion texnologiyalaridan foydalangan holda, sholi yetishtirish yoki uni shartnoma asosida sotib olish, saralash, saqlash, qayta ishlash, tayyor mahsulotni ichki va tashqi bozorga yetkazib berishni taʼminlaydi;
sholichilik klasteri, birinchi navbatda, iqtisodiy jihatdan barqaror faoliyat yuritayotgan, zarur infratuzilma obyektlari, shuningdek, mol-mulk va boshqa vositalarga ega boʻlgan salohiyatli mahalliy investorlar tomonidan tashkil etiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Yer kodeksi talablariga muvofiq sholichilik klasteriga yer maydoni yuridik va jismoniy shaxslarga ajratilmagan qishloq xoʻjaligi uchun moʻljallangan yerlardan, zaxiradagi yerlardan, qayta tiklanadigan hamda foydalanishga kiritiladigan yer maydonlaridan belgilangan tartibda ellik yilgacha boʻlgan, lekin oʻttiz yildan kam boʻlmagan muddatga ajratiladi;
kelgusi yil hosili uchun sholichilik klasterini tashkil etish boʻyicha takliflar har yilning 1-fevraliga qadar shakllantiriladi;
sholichilik klasterining faoliyatini tashkil etish uchun alohida normativ-huquqiy hujjat qabul qilinishi talab etilmaydi, xorijiy investorlar ishtirok etayotgan sholichilik klasteri bundan mustasno;
sholichilik klasteriga ajratilgan yer maydonlaridan bir yil mobaynida foydalanmaslik, tuproq unumdorligining pasayishiga, kimyoviy va radioaktiv ifloslanishga olib keluvchi usullardan foydalanish hamda mazkur qarorda nazarda tutilgan majburiyatlarni bajarmaslik, yer uchastkasiga boʻlgan huquqning bekor qilinishiga olib keladi.
3. Sholichilik klasterini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning shunday tartibi belgilansinki, unga muvofiq:
yer maydonlarini foydalanishga kiritgan sholichilik klasteriga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xoʻjaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 17-iyundagi PF-5742-son Farmonida;
qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari, energiya samarador gaz-gorelkali qurilmalar va qozonlar, shuningdek, energiya samarador boshqa uskunalarni xarid qilganlarga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 22-avgustdagi PQ-4422-son qarorida;
qishloq xoʻjaligi texnikalarini xarid qilishda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Agrar sektorni qishloq xoʻjaligi texnikalari bilan oʻz vaqtida taʼminlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2019-yil 4-apreldagi PQ-4268-son qarorida nazarda tutilgan imtiyozlar tatbiq etiladi.
4. Belgilansinki:
a) sholichilik klasteriga yer maydoni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan tashabbuskorlar oʻrtasida yozma ravishda tuziladigan bitim asosida belgilangan tartibda ajratiladi;
b) xorijiy investorlar ishtirok etayotgan sholichilik klasteriga yer maydoni Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan tuziladigan investitsiya kiritish toʻgʻrisidagi shartnoma imzolangandan soʻng Vazirlar Mahkamasi tomonidan ajratiladi.
Bunda sholichilik klasterini tashkil etuvchi tashabbuskor tomonidan tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklariga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligiga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
sholichilik klasterini tashkil etish boʻyicha ariza;
sholichilik klasteri faoliyatini tashkil etishda sholi yetishtiruvchi xoʻjaliklarda sholi yetishtirishni moliyalashtirish, sholini quritish, saqlash, qayta ishlash hamda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish boʻyicha investitsiya loyihalarini amalga oshirish yuzasidan biznes reja yoki texnik-iqtisodiy asosnoma;
tashabbuskorning bankdagi pul mablagʻlari aylanmasi toʻgʻrisidagi xizmat koʻrsatuvchi bank maʼlumotnomasidan koʻchirma;
sholichilik klasterining faoliyat yuritishi uchun zarur infratuzilma obyektlari (shu jumladan, ijara asosida), shuningdek, mol-mulk va boshqa vositalarning mavjudligi haqida maʼlumotnoma.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi va viloyatlar hokimlari sholichilik klasterlarini tashkil etishda iqtisodiy jihatdan barqaror faoliyat yuritayotgan, zarur infratuzilma obyektlari, shuningdek, mol-mulk va boshqa vositalarga ega boʻlgan salohiyatli yuridik shaxslar tanlanishi uchun shaxsan masʼul hisoblanadi.
5. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2020-yil hosilidan boshlab:
tuman hokimligi qaroriga asosan sholi yetishtiruvchi xoʻjaliklar kesimida belgilangan sholi yetishtirish hajmidan kelib chiqib, sholichilik klasteri bilan sholi yetishtiruvchi xoʻjaliklar oʻrtasida shartnomalar tuziladi;
sholichilik klasteri oʻz mablagʻlari va tijorat banklarining kreditlari hisobidan sholi yetishtiruvchi xoʻjaliklarga oʻzaro tuzilgan shartnomalarga asosan boʻnak mablagʻlari ajratadi va ushbu mablagʻlar urugʻlik, mineral oʻgʻitlar, oʻsimliklarni himoya qilish vositalari, yonilgʻi-moylash mahsulotlari, mexanizatsiya xizmatlari uchun toʻlovlarni amalga oshirishga yoʻnaltiriladi;
sholichilik klasteri sholi yetishtiruvchi xoʻjaliklar bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq yetkazib beriladigan sholi uchun boʻnak mablagʻlari yoki moddiy resurslar ajratmagan taqdirda, yetishtirilgan sholi toʻliq sholi yetishtiruvchi xoʻjaliklar ixtiyorida qoldiriladi;
sholichilik klasteri sholi yetishtiruvchi xoʻjaliklar bilan tuzilgan shartnoma boʻyicha yetkazib beriladigan sholi hajmiga nisbatan kam miqdorda mablagʻ ajratgan taqdirda, sholi yetishtiruvchi xoʻjaliklar ajratilgan mablagʻ miqdoriga mutanosib hajmda sholi yetkazib beradi;
sholichilik klasteri tomonidan xarid qilinadigan sholining narxi haqiqiy xarajatlardan kelib chiqib, sholi yetishtiruvchi xoʻjaliklar bilan tuziladigan shartnoma asosida erkin belgilanadi;
sholichilik klasteri tomonidan sholi yetishtiruvchi xoʻjaliklardan xarid qilinadigan sholi uchun yakuniy hisob-kitoblar har yili 31-dekabrga qadar toʻliq amalga oshiriladi.
6. Sholichilik klasteri quyidagi majburiyatlarni bajaradi:
tuproq unumdorligi, yer, suv va boshqa resurslardan samarali foydalanish, yangi innovatsion texnologiyalarni joriy etish, hosildorlikni oshirish borasida sholi yetishtiruvchi xoʻjaliklar rahbarlarining bilim va koʻnikmalari oshirib borilishini taʼminlash;
sholi yetishtiruvchi xoʻjaliklarga boʻnak mablagʻlarining oʻz vaqtida va yetarli miqdorda ajratilishini hamda hosildorlikni oshirish uchun qoʻshimcha ravishda mineral oʻgʻitlar, yonilgʻi-moylash mahsulotlari va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari yetkazib berilishini taʼminlash;
yerdan belgilangan maqsadda oqilona foydalanish, tuproq unumdorligini oshirish, suvni tejaydigan va ekologiyani muhofaza qiluvchi texnologiyalarni bosqichma-bosqich joriy etish hamda hududda ekologik vaziyatning yomonlashuviga yoʻl qoʻymaslik;
sholini qayta ishlash uchun resurs tejaydigan texnologiyalarni joriy etish yuzasidan investitsiya loyihalarini amalga oshirish;
hududlarning tuproq-iqlim sharoitini hisobga olgan holda sholi seleksiyasi va urugʻchiligini yoʻlga qoʻyish.
7. Sholichilik klasteriga shartnoma asosida sholi yetishtiruvchi xoʻjaliklar tomonidan quyidagilar amalga oshiriladi:
sholi yetishtirish uchun sholichilik klasteri tomonidan ajratiladigan mablagʻlardan maqsadli va samarali foydalanish;
hosildorlikni oshirish choralarini koʻrish hamda har bir gektar sugʻoriladigan yer maydonidan kamida 70 sentner hosildorlikka erishish;
sholichilik klasteri bilan tuzilgan shartnomada koʻrsatilgan sholini belgilangan miqdor, sifat va muddatda sotishni taʼminlash.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Oʻzbekiston fermer, dehqon va tomorqa yer egalari kengashining “Oʻzbeksholichilik” uyushmasini (keyingi oʻrinlarda Uyushma deb ataladi) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
9. Quyidagilar Uyushmaning asosiy vazifalari va faoliyati yoʻnalishlari etib belgilansin:
yuqori sifatli sholi mahsulotlari ishlab chiqarishni taʼminlash va aholining sholi mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojini qondirish, sholi yetishtirishning ilmiy asoslangan usullarini va resurslarni tejaydigan texnologiyalarni keng joriy etish boʻyicha qabul qilingan dasturlarning amalga oshirilishini muvofiqlashtirish;
respublika hududlarida sholi yetishtirish hajmini koʻpaytirish choralarini koʻrish, mahsulotni sotish bozorlarini kengaytirish maqsadida marketing tadqiqotlarini olib borish, eksport hajmini koʻpaytirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
Uyushma tarkibiga kiruvchi tashkilotlarga normativ-huquqiy bazani takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish, zamonaviy qayta ishlash quvvatlarini ishga tushirish va yopiq sigʻimlar qurish uchun xorijiy investitsiyalarni, jumladan, xalqaro moliya institutlarining mablagʻlarini jalb qilish yoʻli bilan davlat koʻmagini olishda har tomonlama koʻmaklashish;
sholi yetishtiruvchi xoʻjaliklar uchun soha olimlari va mutaxassislari ishtirokida seminarlar va treninglar tashkil etish orqali ilgʻor xorijiy tajribalarni oʻrganish va amaliyotga tatbiq etish jarayonlarini jadallashtirish.
10. Quyidagilar:
“Oʻzbeksholichilik” uyushmasining tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
“Oʻzbeksholichilik” uyushmasining boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni 20 nafar boʻlgan ijro etuvchi apparati tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Uyushma raisiga, zarurat boʻlganda, boshqaruv xodimlarining belgilangan umumiy soni doirasida ijro etuvchi apparatning tuzilmasiga oʻzgartirish kiritish huquqi berilsin.
11. Belgilab qoʻyilsinki, Uyushma raisi va uning oʻrinbosarlari muassislarning umumiy yigʻilishi qarori bilan saylanadi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
12. Uyushmaning faoliyatini moliyalashtirish quyidagi manbalar hisobidan amalga oshiriladi:
Uyushmaga aʼzo boʻlgan sholichilik klasterlari, sholi yetishtiruvchi xoʻjaliklar va sholini qayta ishlash tashkilotlarining aʼzolik badallari hamda ixtiyoriy ajratmalari;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
xalqaro grantlar va texnik koʻmak mablagʻlari;
qonun hujjatlarida taʼqiqlanmagan boshqa manbalar.
13. “Oʻzbeksholichilik” uyushmasi Toshkent shahri, Mirobod tumani, Shahrisabz koʻchasidagi 36-uyga joylashtirilsin.
14. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyat hokimliklari:
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda ikki hafta muddatda 2020-yil hosilidan sholichilik klasterlarini tashkil etish boʻyicha salohiyatli tashabbuskorlarning manzilli roʻyxatini shakllantirsin va Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi bilan birgalikda har yili 1-martga qadar suv balansi prognozidan kelib chiqqan holda Uyushmaga aʼzo boʻlgan sholi yetishtiruvchilar kesimida sholi ekinining joylashtirilishini taʼminlasin.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi Adliya vazirligi va Oʻzbekiston fermer, dehqon va tomorqa yer egalari kengashi bilan birgalikda ikki hafta muddatda:
sholichilik klasteri bilan sholi ishlab chiqaruvchi xoʻjaliklar oʻrtasida sholi xarid qilish boʻyicha tuziladigan shartnomaning namunaviy loyihasini;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat hokimliklari bilan sholichilik klasteri oʻrtasida yer maydoni ajratish boʻyicha tuziladigan bitimning namunaviy loyihasini ishlab chiqsin va joylarga yetkazilishini taʼminlasin.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining sholichilik sohasidagi ilmiy-tadqiqotlarni yanada rivojlantirish, hududlarning tuproq va iqlim sharoitiga mos, serhosil sholi navlarini yaratish ishlarini jadallashtirish maqsadida Sholichilik ilmiy-tadqiqot institutining Qoraqalpogʻiston ilmiy-tajriba stansiyasi (keyingi oʻrinlarda Stansiya deb ataladi) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
17. Quyidagilar Stansiyaning asosiy vazifalari va faoliyati yoʻnalishlari etib belgilansin:
hududning tuproq va iqlim sharoitlariga mos, erta va oʻrtapishar, serhosil, kasalliklarga chidamli sholi navlari va duragaylarini yaratish boʻyicha tadqiqotlar olib borish;
yangi va istiqbolli sholi navlarining birlamchi urugʻchiligini tashkil etish;
sholi yetishtirishda zamonaviy resurs tejaydigan texnologiyalarni joriy etish;
sholining kasalliklari va zararkunandalariga qarshi atrof-muhitning ekologik muvozanatiga taʼsir etmaydigan kurashish usullarini ishlab chiqish;
sholichilik sohasida yetakchi boʻlgan xorijiy ilmiy muassasalar bilan oʻzaro hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish;
intensiv ravishda sholi yetishtirish agrotexnologiyalari boʻyicha ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqish;
yuqori malakali ilmiy kadrlarni tayyorlash va ilmiy xodimlarning kasbiy bilimlarini doimiy oshirib borish.
18. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi ikki oy muddatda Stansiyaning ustavi va tashkiliy tuzilmasi tasdiqlanishini va belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin.
19. Quyidagilar:
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetidan ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari va ilmiy faoliyatga oid davlat maqsadli dasturlarini amalga oshirish uchun ajratiladigan mablagʻlar;
(19-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-avgustdagi 545-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.08.2021-y., 09/21/545/0832-son)
xoʻjalik faoliyatidan tushadigan mablagʻlar;
xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumatlar moliya tashkilotlarining grantlari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar Stansiyaning moliyalashtirish manbalari etib belgilansin.
20. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi bilan birgalikda:
Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot institutining Qoraqalpogʻiston ilmiy-tajriba stansiyasining maʼmuriy binosiga Sholichilik ilmiy-tadqiqot institutining Qoraqalpogʻiston ilmiy-tajriba stansiyasi maʼmuriyatining joylashtirilishini;
Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot institutining Qoraqalpogʻiston ilmiy-tajriba stansiyasining qishloq xoʻjaligi texnikalarini xatlovdan oʻtkazsin hamda ularning bajaradigan funksiyasidan kelib chiqqan holda Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot institutining Qoraqalpogʻiston ilmiy-tajriba stansiyasiga hamda Sholichilik ilmiy-tadqiqot institutining Qoraqalpogʻiston ilmiy-tajriba stansiyasiga belgilangan tartibda taqsimotining amalga oshirilishini taʼminlasin.
21. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi bilan birgalikda bir oy muddatda Stansiyaga ilmiy tajriba-sinov ishlarini oʻtkazish uchun 300 gektar sugʻoriladigan yer maydoni ajratsin.
22. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
23. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha maslahatchisi A.D. Vaxabov va Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 12-dekabr,
986-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 12-dekabrdagi 986-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
“Oʻzbeksholichilik” uyushmasining
TASHKILIY TUZILMASI
* Yangidan tashkil etiladigan tashkilotlar.
Izoh. Tashkilotlar “Oʻzbeksholichiligi” uyushmasiga mustaqil aʼzo boʻlishlari mumkin va uning tarkibidan chiqish huquqiga egadirlar.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 12-dekabrdagi 986-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
“Oʻzbeksholichiligi” uyushmasining ijro etuvchi apparati
TUZILMASI
Boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni — 20 nafar.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 12.12.2019-y., 09/19/986/4139-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.08.2021-y., 09/21/545/0832-son)