O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining
qarori
Fuqarolik ishlari bo‘yicha birinchi instansiya sudining ajrimlari to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi (bundan buyon matnda FPK deb yuritiladi) yangi tahrirda qabul qilinganligi, shuningdek, fuqarolik ishlari bo‘yicha birinchi instansiya sudi tomonidan ajrimlar chiqarishda qonun normalarini bir xilda va to‘g‘ri qo‘llashni ta’minlash maqsadida “Sudlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 17-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
1. Sudlarning e’tibori shunga qaratilsinki, fuqarolik ishi bo‘yicha birinchi instansiya sudining ajrimi ish mazmunan hal qilinmaydigan sud hujjati hisoblanadi (FPK 6-moddasining oltinchi qismi). Shu bilan birga, fuqarolik ishini ko‘rishda vujudga keladigan masalalar bo‘yicha ajrimlarning o‘z vaqtida va to‘g‘ri chiqarilishi, uni belgilangandek sud muhokamasiga tayyorlash, protsess ishtirokchilarining huquqlarini amalga oshirish, qonuniy, asosli va adolatli hal qiluv qarori qabul qilishga yordam beradi.
(1-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
Birinchi instansiya sudining ajrimlarini chiqarish, mazmuni va ijro etishni tartibga soluvchi umumiy qoidalari FPK 24-bobida nazarda tutilgan.
2. Birinchi instansiya sudining ajrimlari alohida xonada (maslahatxonada) tuziladigan alohida protsessual hujjat shaklida ham, sud majlisi bayonnomasiga sud tomonidan qabul qilingan qaror haqida tegishli yozuv kiritgan holda sud majlisi zalida ham chiqarilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Sud alohida protsessual hujjat sifatida:
arizani ish yuritishga qabul qilish va ish qo‘zg‘atish to‘g‘risida;
arizani ish yuritishga qabul qilishni rad etish to‘g‘risida;
arizani qaytarish to‘g‘risida;
ishni sud muhokamasiga tayyorlash to‘g‘risida;
ishni sud muhokamasiga tayinlash to‘g‘risida;
bir turdagi ishlarni birlashtirish va bir nechta talablarni alohida ish yuritishga ajratish to‘g‘risida;
ishni yopiq sud majlisida ko‘rish to‘g‘risida;
ishni sirtdan ish yuritish tartibida ko‘rish to‘g‘risida;
Oldingi tahrirga qarang.
ishga daxldor bo‘lmagan javobgarni almashtirish yoki shaxsni sherik javobgar sifatida ishga jalb qilish to‘g‘risida;
(3-bandning o‘ninchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 32-sonli qarori tahririda)
ish bo‘yicha boshqa shaxslarni jalb qilish to‘g‘risida;
huquqiy vorislar protsessga kirishishi to‘g‘risida;
sud topshirig‘i to‘g‘risida;
da’voni ta’minlash, da’voni ta’minlashning bir turini boshqasi bilan almashtirish, shuningdek da’voni ta’minlash choralarini bekor qilish to‘g‘risida;
rad qilish haqidagi arizani qanoatlantirish yoki rad qilish to‘g‘risida;
shaxsni majburiy keltirish to‘g‘risida;
sud jarimasini solish to‘g‘risida;
sud ekspertizasi tayinlash to‘g‘risida;
javobgarni (qarzdorni) qidirish to‘g‘risida;
ish bo‘yicha ish yuritishni to‘xtatib turish va tiklash to‘g‘risida;
arizani ko‘rmasdan qoldirish to‘g‘risida;
ish yuritishni tugatish to‘g‘risida;
er-xotinga yarashish uchun muhlat tayinlash va ish muhokamasini keyinga qoldirish to‘g‘risida;
alimentlarni hal qiluv qarori qabul qilingunga qadar undirish to‘g‘risida;
ishni bir suddan boshqa sudga o‘tkazish to‘g‘risida;
sud buyrug‘ini bekor qilish to‘g‘risida;
ishni soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko‘rish yoki ishni da’vo ishini yuritishning umumiy qoidalari bo‘yicha ko‘rishga o‘tish to‘g‘risida;
hal qiluv qarori yozuvidagi xatolarni va aniq ko‘rinib turgan arifmetik xatolarni tuzatish to‘g‘risida;
hal qiluv qarorini tushuntirish to‘g‘risida;
hal qiluv qarorini darhol ijro etish haqida;
Oldingi tahrirga qarang.
darhol ijro etishga qaratilmagan hal qiluv qarorining ijrosini ta’minlash haqida;
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 32-sonli qaroriga asosan o‘ttiz birinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan)
sirtdan qabul qilingan hal qiluv qarorini qayta ko‘rish to‘g‘risida;
hakamlik sudi hal qiluv qarorini bekor qilish yoki bekor qilishni rad qilish to‘g‘risida;
hakamlik sudi hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish yoki berishni rad etish to‘g‘risida;
chet davlat sudining yoki chet davlat hakamlik sudining (arbitrajining) hal qiluv qarorini tan olish va ijro etish yoki buni rad etish to‘g‘risida;
chet davlat sudining yoki chet davlat hakamlik sudining (arbitrajining) hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish haqidagi arizani qaytarish to‘g‘risida;
Oldingi tahrirga qarang.
(3-bandning o‘ttiz yettinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qaroriga asosan chiqarilgan)
protsessual muddatlarni uzaytirish va tiklash to‘g‘risida;
Oldingi tahrirga qarang.
hal qiluv qarorining ijrosini kechiktirish yoxud bo‘lib-bo‘lib ijro etish, uni ijro etish usuli va tartibini o‘zgartirish to‘g‘risidagi masalalar bo‘yicha;
(3-bandning o‘ttiz sakkizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2025-yil 29-apreldagi 10-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
da’vo ariza (ariza)ni sudga taalluqliligiga ko‘ra, iqtisodiy sudga yoki ma’muriy sudga ko‘rib chiqish uchun o‘tkazish to‘g‘risida;
Oldingi tahrirga qarang.
fuqarolik ishlari bo‘yicha sud ish materiallarini sudga taalluqliligiga ko‘ra, iqtisodiy sudga yoki ma’muriy sudga ko‘rib chiqish uchun o‘tkazish va fuqarolik sud ishini yuritishni tugatish to‘g‘risida ajrim chiqarishga majbur.
(3-bandning qirqinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2025-yil 29-apreldagi 10-sonli qarori tahririda)
Alohida protsessual hujjat ko‘rinishida sudning xususiy ajrimi ham chiqariladi (FPK 275-modda).
4. Sud FPK 271-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq murakkab bo‘lmagan masalalarni hal etish bo‘yicha (uchinchi shaxslar, taraflar vakillarini ishga jalb qilish yoki kirishishi, guvohlarni chaqirish, sud muhokamasini keyinga qoldirish, dalillarni tekshirish tartibini belgilash, dalillarni talab qilib olish yoki ishga qo‘shib qo‘yish va boshqalar) maslahatxonasiga kirmasdan joyida ajrim chiqarishga haqli.
Shuni nazarda tutish lozimki, sud o‘z xohishiga ko‘ra har qanday masala bo‘yicha alohida protsessual hujjat ko‘rinishidagi ajrim chiqarishga haqli.
5. Sudlarning e’tibori ajrimlar, qonun bo‘yicha uning mazmuniga qo‘yilgan talablarga qat’iy mos ravishda chiqarilishi zarurligiga qaratilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
6. FPK 272-moddasining mazmuniga ko‘ra, sudning alohida xonada (maslahatxonada) chiqarilgan ajrimi kirish, bayon, asoslantiruvchi va xulosa qismlaridan iborat.
Ajrimning kirish qismida:
ishning raqami, ajrim chiqarilgan vaqt va joy;
ishni ko‘rayotgan sudning nomi;
sudyaning familiyasi, ismi, otasining ismi (sud tarkibi), sud majlisi kotibi;
ishda ishtirok etuvchi shaxslarning familiyasi, ismi, otasining ismi ko‘rsatiladi.
Ajrimning bayon qismida nizo predmeti va sud tomonidan hal qilinayotgan masalaning mohiyati ko‘rsatiladi.
Ajrimning asoslantiruvchi qismida:
sudning xulosasiga olib kelgan sabablar;
ishni hal etishda sud amal qilgan qonun normalariga havola ko‘rsatiladi.
Ajrimning xulosa qismida:
sudning hal etilayotgan masala yuzasidan xulosalari;
ajrim ustidan shikoyat berish (protest keltirish) tartibi va muddatlari ko‘rsatiladi.
Ajrim xulosa qismining ta’rifi uni ijro etishda tushunmovchiliklarni keltirib chiqarmasligi uchun aniq va tushunarli bo‘lishi kerak.
Alohida sud hujjati ko‘rinishida chiqarilgan ajrim, u chiqarilgandan so‘ng darhol e’lon qilinadi va ishga qo‘shiladi.
(6-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-fevraldagi 5-sonli qarori tahririda)
7. FPK 272-moddasining ikkinchi qismiga ko‘ra, sud tomonidan joyida chiqariladigan ajrim nizo predmeti va muhokama etilayotgan masalaning mohiyati, qonun normalariga asoslar va havolalar, sudning asoslantiruvchi xulosalari va hal etilayotgan masala bo‘yicha sudning xulosalari haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olishi va darhol e’lon qilinishi lozim.
8. Alohida sud hujjati ko‘rinishida chiqarilgan ajrimning ko‘chirma nusxasi taraflar va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga, shuningdek u daxldor bo‘lgan o‘zga shaxslarga ajrim chiqarilgan kundan e’tiboran besh kundan kechiktirmay pochta orqali yoki elektron hujjat tarzida yuboriladi (FPK 273-modda).
Oldingi tahrirga qarang.
(9-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-fevraldagi 5-sonli qarori tahririda)
Masalan, FPK 95-moddasining uchinchi qismi talablariga muvofiq ekspertiza tayinlash to‘g‘risidagi sudning ajrimida qanday masalalar bo‘yicha ekspertlarning xulosasi talab qilinayotganligi va ekspertiza o‘tkazish kimga topshirilayotganligi ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
Arz qilingan talab fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga, iqtisodiy sudga yoki ma’muriy sudga taalluqli bo‘lmaganligi sababli arizani qabul qilish rad qilinganda (FPK 194-moddasi birinchi qismining 1-bandi), agar nizoni hal etish boshqa davlat organining vakolatiga taalluqli bo‘lsa, ajrimda arizachining qaysi organga murojaat qilishi kerakligi ko‘rsatilishi shart.
(9-bandning uchunchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
Ariza va unga ilova qilingan hujjatlarni qaytarish haqidagi ajrim FPK 195-moddasida nazarda tutilgan havolani, bunga asosni, ajrim ustidan shikoyat qilish muddati va tartibini, shuningdek arizachiga yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar bartaraf etilganidan so‘ng sudga qayta murojaat qilish huquqi tushuntirilganligini o‘z ichiga olishi lozim.
10. Sudlar ish bo‘yicha ish yuritish tamomlanadigan (arizani ko‘rmasdan qoldirish, ish yuritishni tugatish haqidagi) ajrimlar chiqarishda, FPK 122 va 124-moddalarida nazarda tutilgan arizani ko‘rmasdan qoldirish va ish yuritishni tugatish asoslarining ro‘yxati tugal hisoblanishini nazarda tutishlari lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
FPK 122-moddasining 2, 5, 6, 7, 8, 10, 101 va 11-bandlarida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha ariza ko‘rmasdan qoldirilganda, sudning ajrimida ishning hal etilishiga to‘sqinlik qilayotgan holatlarni qanday bartaraf etish yo‘llari ko‘rsatilishi lozim.
(10-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-fevraldagi 5-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
FPK 122-moddasining 1, 3, 4 va 103-bandlarida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha arizani ko‘rmasdan qoldirishda, sud ajrimda ish bo‘yicha qabul qilingan da’voni ta’minlash choralari bekor qilinganligi haqida ko‘rsatadi.
(10-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
FPK 122-moddasining 7-bandida nazarda tutilgan asos bo‘yicha arizani ko‘rmasdan qoldirishda sud ishda ishtirok etuvchi shaxslarga umumiy tartibda da’vo taqdim etish huquqini tushuntirishi shart.
Oldingi tahrirga qarang.
11. Sudlarga tushuntirilsinki, “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 18-moddasi talablariga muvofiq:
arizani qaytarish yoki qabul qilishni rad etish haqida;
sud buyrug‘i chiqarish to‘g‘risidagi arizani qabul qilishni rad etish haqida;
ish fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga, iqtisodiy sudga yoki ma’muriy sudga taalluqli bo‘lmaganligi sababli ish yuritishni tugatish haqida;
taraflar o‘rtasida mediativ kelishuv tuzilganligi sababli arizani ko‘rmasdan qoldirish haqida;
ishda qatnashgan shaxs vafot etganligi munosabati bilan, agar nizoli huquqiy munosabat huquqiy vorislikka yo‘l qo‘ymasa, ish yuritishni tugatish haqidagi ajrimlarni chiqarishda sud davlat bojini qaytarish masalasini hal qilishi lozim.
(11-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
12. Shuni nazarda tutish lozimki, fuqarolik, iqtisodiy, ma’muriy ish bo‘yicha yoki chet davlat vakolatli sudining ayni bir taraflar o‘rtasidagi, ayni bir predmet to‘g‘risidagi va ayni bir asoslar bo‘yicha nizo yuzasidan qabul qilingan qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori yoki da’vogarning arz qilingan talablaridan voz kechishini qabul qilish to‘g‘risidagi yoxud taraflarning kelishuv bitimini tasdiqlash haqidagi ajrimning mavjudligi, arizani ish yuritishga qabul qilishni rad etish (FPK 194-moddasi birinchi qismining 2-bandi) yoxud ish yuritishni tugatish (FPK 124-moddasining 2-bandi) uchun so‘zsiz asos hisoblanadi.
Shu munosabat bilan da’vogarning arz qilingan talablardan voz kechishini qabul qilishda, shuningdek taraflar o‘rtasidagi kelishuv bitimini tasdiqlashda sud ularga ko‘rsatilgan asoslar bo‘yicha ish yuritishni tugatish oqibatlarini tushuntirishi va bu sud majlisi bayonnomasida ham, sudning ajrimida ham yoritilishi lozim.
13. Sudlarning e’tibori, FPK 275-moddasida nazarda tutilgan sudning xususiy ajrim chiqarish huquqi, sudning davlat organining yoki boshqa organning, tashkilotning, mansabdor shaxsning yoki fuqaroning faoliyatida, ularning ishda ishtirokidan qat’i nazar, ishni ko‘rish chog‘ida aniqlangan qonun hujjatlari buzilishiga nisbatan munosabat bildirish vositasi ekanligiga qaratilsin. Xususiy ajrim ko‘rilayotgan huquqiy munosabat predmeti doirasidan chetga chiqadigan masala bo‘yicha sud tomonidan chiqariladi.
Ishni ko‘rishda shaxslarning xatti-harakatlarida jinoyat alomatlari aniqlangan holda, sud bu haqda alohida protsessual hujjat chiqarmasdan, prokurorga tegishli materiallarni ilova qilgan holda xabarnoma yuborish bilan cheklanadi (FPK 275-moddasining beshinchi qismi).
Oldingi tahrirga qarang.
14. Sudning hal qiluv qaroridan ajratilgan holda apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin bo‘lgan ajrimlarni, sudning hal qiluv qarori bilan birga shikoyat qilinadigan, xususiy shikoyat yoki protest berilmaydigan, lekin e’tirozlar apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida shikoyat (protest) keltirilishi mumkin bo‘lgan ajrimlardan farqlash lozim.
(14-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
15. Qonunga muvofiq (FPKning 400, 4191-moddalari), birinchi instansiya sudi ajrimi ustidan sudning hal qiluv qaroridan alohida apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida shikoyat qilinishi mumkin, basharti protsessual qonunda bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazarda tutilgan bo‘lsa yoki ajrim ishning keyingi harakatlanishiga to‘sqinlik qilsa.
Bunday ajrimlarga quyidagilar kiradi:
arizani qabul qilishni rad etish to‘g‘risidagi;
arizani qaytarish to‘g‘risidagi;
ish yuritishni to‘xtatib turish to‘g‘risidagi;
sud jarimasini solish to‘g‘risidagi;
jarimadan ozod qilish yoki uning miqdorini kamaytirishni rad etish to‘g‘risidagi;
ish yuritishni tugatish to‘g‘risidagi;
o‘tkazib yuborilgan protsessual muddatni uzaytirishni yoki tiklashni rad etish to‘g‘risidagi;
hal qiluv qarorining yozuvidagi xatolar va ochiq arifmetik xatolarni tuzatish to‘g‘risidagi;
qo‘shimcha hal qiluv qarori qabul qilishni rad etish to‘g‘risidagi;
hal qiluv qarorini tushuntirish to‘g‘risidagi;
hal qiluv qarori ijrosini kechiktirish va uning bo‘lib-bo‘lib ijro etilishi, uni ijro etish usuli va tartibini o‘zgartirish to‘g‘risidagi;
hal qiluv qarorining qaytarma ijrosi to‘g‘risidagi;
ijro varaqasining yoki sud buyrug‘ining dublikatini berish to‘g‘risidagi;
hal qiluv qarori, ajrim yoki qarorni yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rish haqidagi arizani qanoatlantirish yoki rad etish to‘g‘risidagi;
da’voni ta’minlash masalalari bo‘yicha;
sud buyrug‘ini bekor qilish haqidagi va bekor qilishni rad etish to‘g‘risidagi;
sud xarajatlari bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha;
hakamlik sudining hal qiluv qarori bilan bog‘liq ish bo‘yicha;
chet davlat sudlarining va chet davlat hakamlik sudlarining (arbitrajlarining) hal qiluv qarorlarini tan olish va ijroga qaratish to‘g‘risidagi;
ijro varaqasini ijroga topshirishning o‘tkazib yuborilgan muddatini tiklashni rad etish to‘g‘risidagi;
ijro ishini yuritishni to‘xtatib turish va tugatish haqidagi masalalar bo‘yicha;
ijro ishini yuritishni tiklashni rad etish to‘g‘risidagi;
da’vo ariza (ariza)ni sudga taalluqliligiga ko‘ra, iqtisodiy sudga yoki ma’muriy sudga ko‘rib chiqish uchun o‘tkazish to‘g‘risidagi;
fuqarolik ishlari bo‘yicha sud ish materiallarini sudga taalluqliligiga ko‘ra, iqtisodiy sudga yoki ma’muriy sudga ko‘rib chiqish uchun o‘tkazish va fuqarolik sud ishini yuritishni tugatish to‘g‘risidagi va boshqalar.
Sudlarning e’tibori shunga qaratilsinki, qonunga muvofiq FPK 122-moddasining 5, 6, 7 va 102-bandlarida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha arizani ko‘rmasdan qoldirish haqidagi sud ajrimi ustidan xususiy shikoyat (protest) berilishi mumkin (FPK 123-moddasining uchinchi qismi).
(15-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
16. Birinchi instansiya sudining xususan, quyidagi ajrimlari ustidan sudning hal qiluv qaroridan alohida shikoyat qilinmaydi:
arizani ish yuritishga qabul qilish va ish qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi;
ishni sud muhokamasiga tayyorlash to‘g‘risidagi;
ishni sud muhokamasiga tayinlash to‘g‘risidagi;
bir necha ishlarni birlashtirish va bir necha talablarni ajratish to‘g‘risidagi;
ishni yopiq sud majlisida ko‘rish to‘g‘risidagi;
dalillarni ta’minlash to‘g‘risidagi;
sud topshirig‘i to‘g‘risidagi;
javobgarni (qarzdorni) qidirish to‘g‘risidagi;
ishga daxldor bo‘lmagan javobgarni almashtirish to‘g‘risidagi;
huquqiy vorislar, uchinchi shaxslar va vakillarning protsessga kirishi to‘g‘risidagi;
rad qilishni qabul qilish yoki rad qilish to‘g‘risidagi;
ishni mazmunan ko‘rishni tiklash to‘g‘risidagi;
ishni sirtdan ish yuritish tartibida ko‘rish to‘g‘risidagi;
sirtdan qabul qilingan hal qiluv qarorini bekor qilish haqidagi yoxud sirtdan qabul qilingan hal qiluv qarorini bekor qilishni rad etish to‘g‘risidagi;
ashyoviy dalillarni saqlash va ularni qaytarish to‘g‘risidagi;
jarimadan ozod qilish yoki uning miqdorini kamaytirish to‘g‘risidagi;
shaxsni majburiy keltirish to‘g‘risidagi;
ishga boshqa shaxslarni jalb qilish to‘g‘risidagi;
videokonferensaloqa rejimida sud majlisida ishtirok etish to‘g‘risidagi;
ishni soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko‘rish yoki da’vo ishini yuritishning umumiy qoidalari bo‘yicha ko‘rishga o‘tish to‘g‘risidagi va boshqalar.
(16-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-fevraldagi 5-sonli qarori tahririda)
17. Sudlar shuni nazarda tutishi lozimki, sudning hal qiluv qaroridan alohida shikoyat qilinayotgan ajrim, hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirishi uchun nazarda tutilgan tartibda qonuniy kuchga kiradi.
Alohida shikoyat qilinmaydigan ajrimlar e’lon qilingandan so‘ng darhol qonuniy kuchga kiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
18. Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari birinchi instansiya sudlari tomonidan ajrimlar chiqarilishi amaliyotini vaqti-vaqti bilan umumlashtirsin hamda aniqlangan xato va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan choralar ko‘rsin.
(18-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2021-yil 20-apreldagi 17-sonli qarori tahririda)
19. Ushbu qaror qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining:
2012-yil 25-maydagi “Fuqarolik ishlari bo‘yicha birinchi instansiya sudi ajrimlari to‘g‘risida”gi 7-sonli;
2016-yil 29-iyuldagi “Arizani qabul qilishni rad etish, arizani ko‘rmasdan qoldirish va ish yuritishni tugatish bilan bog‘liq protsessual normalarni qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi 12-sonli qarorlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi K. KAMILOV
Plenum kotibi, Oliy sud sudyasi I. ALIMOV
Toshkent sh.,
2019-yil 25-oktabr,
19-son