Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida “Meva-sabzavotchilik tarmogʻida qoʻshilgan qiymat zanjiri infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash va oziq-ovqat sanoatini yanada rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2019-yil 29-iyuldagi PQ-4406-son qaroriga muvofiq hamda agrosanoat majmui mahsulotlarini kompleks qayta ishlash, saqlash va sotishning zamonaviy texnologiyalarini joriy etish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini mavsumdan qatʼi nazar, yetkazib berish, shu jumladan eksport qilish hajmlarini oshirish, shuningdek, Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida Vazirlar mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
a) Oʻzbekiston Respublikasi va Osiyo taraqqiyot banki (keyingi oʻrinlarda OTB deb ataladi) oʻrtasida “Meva-sabzavotchilik tarmogʻida qoʻshilgan qiymat zanjiri infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasini (keyingi oʻrinlarda loyiha deb ataladi) bosqichma-bosqich amalga oshirishni moliyalashtirish uchun 2019-yil 4-mayda yillik 2 foiz stavkada, shu jumladan 5 yil imtiyozli davrga 25 yilda qoplash muddati bilan qiymati 197,0 mln AQSh dollari miqdoridagi qarz bitimi imzolangani;
b) loyihaning umumiy qiymati 244,75 mln AQSh dollari ekvivalentini, ulardan:
197 mln AQSh dollarini OTB qarzi tashkil etishi;
Oʻzbekiston Respublikasining loyihani amalga oshirishdagi ulushi 47,75 mln AQSh dollarini, shu jumladan soliq va bojxona toʻlovlari boʻyicha imtiyozlar berish shaklida — 39,15 mln AQSh dollarini va investitsiya davrida moliyaviy xarajatlarni toʻlash shaklida — 8,6 mln AQSh dollarini tashkil etishi;
v) loyihani amalga oshirish doirasida Toshkent, Andijon, Samarqand viloyatlarida yangi meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash, saralash, qadoqlash va saqlash, ushbu mahsulotlarni isteʼmolchilarga yetkazib berish boʻyicha agrologistika komplekslarini (keyingi oʻrinlarda agrokomplekslar deb ataladi) qurish nazarda tutilgani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilansinki:
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi loyiha buyurtmachisi;
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi sohasida strategik tadqiqotlar xalqaro markazi (keyingi oʻrinlarda — Markaz) loyihani amalga oshirish davrida muvofiqlashtirish, shuningdek, monitoring va hisobotni yuritish uchun masʼul ijro etuvchi organ hisoblanadi.
(2-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 6-maydagi 238-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.05.2022-y., 09/22/238/0391-son)
Oldingi tahrirga qarang.
agrokomplekslarni boshqarish Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Markaz tomonidan taʼsis etiladigan ixtisoslashtirilgan tashkilot tomonidan amalga oshiriladi;
(2-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 6-maydagi 238-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.05.2022-y., 09/22/238/0391-son)
2019 — 2023-yillarda loyihani amalga oshirish davrida foizlar Andijon, Samarqand va Toshkent viloyatlarining mahalliy budjetlari hisobidan toʻlanadi va keyinchalik ular agrokomplekslarni boshqarish boʻyicha ixtisoslashtirilgan tashkilot tomonidan, shu jumladan agrokomplekslarni tadbirkorlik subyektlariga sotishdan tushadigan mablagʻlar hisobidan toʻliq qoplanadi;
loyihani amalga oshirish yakunlangandan soʻng (2024-yildan boshlab) qarzni qoplash va foizlarni toʻlash agrokomplekslarni boshqarish boʻyicha ixtisoslashtirilgan tashkilot tomonidan, shu jumladan agrokomplekslarni tadbirkorlik subyektlariga sotishdan tushadigan mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining agrokomplekslarni qurish boʻyicha loyiha-smeta hujjatlarini jahon standartlariga muvofiq tayyorlash uchun “Ranjis-Samaris” (Fransiya) kompaniyasi bilan toʻgʻridan toʻgʻri shartnoma tuzish hamda tuzilgan shartnoma doirasida xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Uzumchilik va vinochilikni rivojlantirish agentligining Uzum yetishtiruvchilar va vino tayyorlovchilarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan moliyalashtirilishi toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
4. Quyidagilar:
“Meva-sabzavotchilik tarmogʻida qoʻshilgan qiymat zanjiri infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasi texnik-iqtisodiy asosining asosiy parametrlari 1-ilovaga* muvofiq;
Osiyo taraqqiyot bankining “Meva-sabzavotchilik tarmogʻidagi qoʻshilgan qiymat zanjiri infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasini moliyalashtirish uchun jalb qilinadigan qarziga xizmat koʻrsatish sxemasi 2-ilovaga* muvofiq;
Osiyo taraqqiyot bankining “Meva-sabzavotchilik tarmogʻidagi qoʻshilgan qiymat zanjiri infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasini moliyalashtirish uchun jalb qilinadigan qarzini qoplash, shuningdek, ushbu qarz boʻyicha foizlar toʻlashning prognoz jadvali 3-ilovaga* muvofiq;
“Meva-sabzavotchilik tarmogʻida qoʻshilgan qiymat zanjiri infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 4-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
Oldingi tahrirga qarang.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda:
(5-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 29-dekabrdagi 786-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2021-y., 09/21/786/1216-son)
agrokomplekslarning joylashuvi va eksportga yetkazib berishni rivojlantirishda ularning ahamiyatini hisobga olib hamda loyihani amalga oshirishni jadallashtirish maqsadida OTBning qarz mablagʻlarini jadal oʻzlashtirishni nazarda tutgan holda, loyihaning texnik-iqtisodiy asosiga kiritiladigan tuzatishlarni tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
loyihaning amalga oshirilishi toʻgʻrisidagi hisobotni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga har oyda taqdim etsin.
Oldingi tahrirga qarang.
6. Markaz qarz bitimi parametrlari doirasida loyihani amalga oshirish guruhini tashkil qilsin va agrokomplekslarni foydalanishga tayyor holda topshirish shartlari asosida qurish, jumladan, ularni yangi meva-sabzavotlarni qayta ishlash, saralash, saqlash va qadoqlash boʻyicha zamonaviy uskunalar bilan jihozlash, shuningdek, ushbu mahsulotlarni isteʼmolchilarga yetkazib berish uchun transport vositalari bilan taʼminlash uchun konsalting va pudrat tashkilotlarini tanlash boʻyicha xalqaro tanlov savdolarini oʻtkazsin.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 6-maydagi 238-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.05.2022-y., 09/22/238/0391-son)
Oldingi tahrirga qarang.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda 5-ilovaga* muvofiq sxema asosida agrokomplekslarni boshqarish boʻyicha ixtisoslashtirilgan tashkilotni taʼsis etsin va quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilansin:
(7-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 29-dekabrdagi 786-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2021-y., 09/21/786/1216-son)
* 1 — 5-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
agrokomplekslarni qurish va keyinchalik ulardan samarali foydalanishni nazorat va monitoring qilish;
yangi meva-sabzavotlarni qayta ishlash, saralash, qadoqlash, saqlash hamda ushbu mahsulotlarni isteʼmolchilarga yetkazib berish, shu jumladan eksport qilish boʻyicha zamonaviy liniyalarni tashkil qilishni nazarda tutuvchi loyihalarni amalga oshirish maqsadida agrokomplekslarga xususiy sektorni jalb etish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;
agrokomplekslar hududida milliy va xalqaro standartlarga muvofiq laboratoriyalar, sanitariya-epidemilogiya, fitosanitariya nazorati va mahsulotlarni sertifikatlash punktlarini tashkil etish;
agrokomplekslarda xususiy sektor, transport-logistika tashkilotlari, davlat bojxona xizmati organlari, xizmat koʻrsatuvchi tijorat banklari, sanitariya-epidemilogiya, fitosanitariya nazorati va mahsulotlarni sertifikatlash organlarining samarali oʻzaro hamkorligini taʼminlash.
8. Andijon, Samarqand va Toshkent viloyatlari hokimliklari loyihani amalga oshirish doirasida ikki oy muddatda:
qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini eksport qiluvchi yetakchi tashkilotlar vakillaridan iborat ishchi guruhni shakllantirish va ularni agrokomplekslarni qurish loyihalarini ishlab chiqishga jalb qilishni, xalqaro konsalting kompaniyalaridan agrokomplekslar qurilishi toʻgʻrisida zarur maʼlumotlarni olish, shuningdek, agrokomplekslarni tashkil etishning barcha bosqichlarida, shu jumladan loyihalashtirish bosqichida takliflar kiritilishini;
Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi, Energetika vazirligi hamda Transport vazirligi bilan birgalikda agrokomplekslar va yordamchi obyektlar qurilishi uchun yer uchastkalari ajratilishi, shuningdek, agrokomplekslarni muhandislik, yoʻl va transport infratuzilmasiga ulash uchun texnik shartlar berilishini taʼminlasinlar.
Oldingi tahrirga qarang.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 22-avgustdagi 471-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.08.2022-y., 09/22/471/0767-son)
10. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi:
a) Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Moliya vazirligi va Agentlik bilan birgalikda 2020-yilning 1-iyuligacha boʻlgan muddatda:
agrokomplekslarni tadbirkorlik subyektlariga sotish boʻyicha qarzga oʻz vaqtida xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash mexanizmini oʻz ichiga olgan tartibni;
investorlar, shu jumladan xorijiy investorlarni jalb qilgan holda, elektron tovar-xomashyo birjasini hamda uning faoliyat koʻrsatishini tashkil qilish boʻyicha amaliy chora-tadbirlarni;
b) Oʻzbekiston Respublikasining Investitsiya dasturini shakllantirishda unga loyihaning belgilangan tartibda kiritilishini oʻz ichiga olgan hukumat qarorining loyihasini kiritsin.
11. Quyidagilarga:
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari E.M. Ganiyevga — OTB qarz mablagʻlari oʻz vaqtida va samarali oʻzlashtirilishini taʼminlash;
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri J.A. Xodjayev, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.U. Umurzakov — Andijon, Samarqand va Toshkent viloyatlarida loyihaning samarali amalga oshirilishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratilishi, agrokomplekslar qurilishini jadallashtirish va ularning tez ishga tushirilishini taʼminlash;
(11-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 29-dekabrdagi 786-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2021-y., 09/21/786/1216-son)
Andijon (Sh. Abdurahmonov), Samarqand (E. Turdimov) va Toshkent (R. Xolmatov) viloyatlari hokimlariga — loyihaning oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishini taʼminlaydigan barcha tashkiliy-texnik tadbirlar oʻtkazilishi, shu jumladan yer uchastkalari ajratilishi, muhandislik va yoʻl transport infratuzilmasiga ulash yuzasidan shaxsiy masʼuliyat yuklansin.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar boʻyicha oʻrinbosari E.M. Ganiyev, Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri J.A Xodjayev hamda investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.U. Umurzakov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 11-sentabr,
761-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 12.09.2019-y., 09/19/761/3736-son; 15.05.2020-y., 09/20/284/0588-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2021-y., 09/21/786/1216-son, 06.05.2022-y., 09/22/238/0391-son, 22.08.2022-y., 09/22/471/0767-son)