Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Tusi oʻzgartirilgan (qoraytirilgan) oynali avtotransport vositalaridan foydalanishni tartibga solish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Transport vositalarining haydovchilari va yoʻlovchilari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, tusi oʻzgartirilgan (qoraytirilgan) oynali transport vositalaridan foydalanishni tartibga solish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Belgilansinki, mazkur qaror qabul qilingunga qadar amalda boʻlgan toʻlov stavkalari boʻyicha 2019-yil 1-yanvardan oynalarning tusini oʻzgartirish (qoraytirish) uchun olingan ruxsatnomalarning amal qilish muddati mazkur qarorga muvofiq joriy etiladigan yangi toʻlov stavkalariga mutanosib ravishda uzaytiriladi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yoʻl harakati xavfsizligi bosh boshqarmasiga tender savdolarini oʻtkazmasdan, idoraviy tanlov komissiyalari tomonidan baholanadigan eng maqbul takliflarni tanlab olish orqali avtotransport vositalari oynalarining tusini oʻzgartirish (qoraytirish) uchun sarflanadigan materiallarni xarid qilish huquqi berilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi:
ichki ishlar organlarining ruxsatnomasi asosida tusi oʻzgartirilganligini (qoraytirilganligini) bildiruvchi maxsus emblemalar (gologrammalar) namunalarini tasdiqlasin va ularning avtotransport vositalarining old oynalariga joylashtirilishini taʼminlasin;
ikki oy muddatda tusi oʻzgartirilgan (qoraytirilgan) oynali transport vositalaridan ruxsatnomasiz foydalanganlik uchun oynalarning tusini oʻzgartirishga (qoraytirishga) toʻlov stavkalariga teng boʻlgan miqdordagi maʼmuriy javobgarlik belgilashni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi bilan birgalikda ikki oy muddatda xorijiy davlatlarning ishlab chiqaruvchi korxonalari tomonidan tusi oʻzgartirilgan (qoraytirilgan) oynalar oʻrnatilgan avtotransport vositalaridan foydalanish uchun toʻlovlarni tartibga solish boʻyicha takliflar kiritsin;
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
5. “Davlat belgisi” davlat-ishlab chiqarish birlashmasi mazkur qarorni inobatga olgan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining buyurtmasi boʻyicha tusni oʻzgartirishga (qoraytirishga) ruxsatnomalar blankalari va maxsus emblemalarni (gologrammalarni) oʻz vaqtida tayyorlashni taʼminlasin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — transport vaziri A.J. Ramatov va Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 2-avgust,
646-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 2-avgustdagi 646-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 4-iyuldagi 191-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QHT, 2012-y., 26-27-son, 298-modda) bilan tasdiqlangan “Avtotransport vositalari konstruksiyasining foydalanish shartlari boʻyicha xavfsizligi toʻgʻrisida”gi umumiy texnik reglamentning 74-bandi birinchi va ikkinchi xatboshilarining rus tilidagi matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“74. Svetopropuskaniye perednix lobovix, bokovix i zadnix stekol na vsex transportnix sredstvax doljno sostavlyat ne meneye 70%. Dannie trebovaniya ne primenyayutsya k steklam lyukov, ustanovlennix na krishe avtotransportnogo sredstva, a takje k tonirovannim (zatemnennim) steklam avtotransportnix sredstv, ustanovlennim na osnovanii razresheniya organov vnutrennix del.
Na avtotransportnix sredstvax vsex kategoriy, pri nalichii s obeix storon narujnix zerkal zadnego vida, kotorie udovletvoryayut trebovaniya nastoyaщego Texnicheskogo reglamenta, dopuskayetsya tonirovaniye (zatemneniye) zadnego lobovogo stekla bez ogranicheniya svetopropuskaniya, a takje nalichiye na nem zanaveski (jalyuzi, shtorka)”.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-apreldagi 172-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.04.2022-y., 09/22/172/0298-son)
3. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 6-iyuldagi 514-son qarorida (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2018-y., 7-son, 169-modda):
2-banddagi “Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati xodimlarini ragʻbatlantirish va mukofotlash jamgʻarmasi” soʻzlari “Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmatining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish, xodimlarini ragʻbatlantirish va mukofotlash jamgʻarmasi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
ikkinchi xatboshiga “summaning 10 foizi” soʻzlaridan keyin “shuningdek, avtotransport vositalari oynalarining tusini oʻzgartirishga (qoraytirishga) ruxsatnoma berishdan tushadigan mablagʻlar” soʻzlari qoʻshilsin;
uchinchi xatboshiga “mukofotlash uchun” soʻzlaridan keyin “shuningdek, avtotransport vositalari oynalarining tusini oʻzgartirish (qoraytirish) uchun sarflanadigan materiallarni xarid qilish bilan bogʻliq harajatlarni qoplash, DYHXX moddiy-texnika bazasini rivojlantirish va qonunchilikda belgilangan boshqa maqsadlarda” soʻzlari qoʻshilsin.
4. Vazirlar Mahkamasining “Tusi oʻzgartirilgan (qoraytirilgan) oynali yengil avtotransport vositalaridan foydalanishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 18-iyuldagi 547-son qarorida (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2018-y., 7-son, 181-modda):
nomlanishidagi “yengil” soʻzi chiqarib tashlansin;
2-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2. Shunday tartib joriy etilsinki, unga koʻra:
a) yengil avtomobillar orqa yon oynalarining tusini yorugʻlik oʻtkazuvchanligi — cheklanmagan darajada, old yon oynalarining tusini yorugʻlik oʻtkazuvchanligi — 50 foizdan kam boʻlmagan darajada, shuningdek, turistik yoʻnalishlarda yoʻlovchi tashish faoliyatini amalga oshiruvchi avtobus, mikroavtobus va minivenlar (keyingi oʻrinlarda turistik avtobuslar deb ataladi) yon oynalarining tusini yorugʻlik oʻtkazuvchanligi — 50 foizdan kam boʻlmagan darajada oʻzgartirish (qoraytirish) tasdiqlangan davlat standarti boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati tomonidan 1 yil muddatga beriladigan ruxsatnomaga asosan amalga oshiriladi;
b) avtotransport vositalari orqa oynasining tusini, shuningdek, avtotransport vositalari old oynasining tepa qismi tusini 14 sm dan koʻp boʻlmagan polosa shaklida yorugʻlik oʻtkazuvchanligi cheklanmagan darajada oʻzgartirish (qoraytirish) ruxsatnomasiz, tasdiqlangan davlat standarti asosida amalga oshiriladi;
v) yengil avtotransport vositalari oynalarining tusini oʻzgartirishga (qoraytirishga) ruxsatnoma berish uchun toʻlov stavkalari:
orqa yon oynalar boʻyicha jismoniy shaxslar uchun — bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravari miqdorini, yuridik shaxslar uchun — bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravari miqdorini va Oʻzbekiston Respublikasida faoliyat koʻrsatayotgan xorijiy davlatlar yuridik shaxslari uchun — bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravari miqdorini;
orqa va old yon oynalar boʻyicha jismoniy shaxslar uchun — bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravari miqdorini, yuridik shaxslar uchun — bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravari miqdorini va Oʻzbekiston Respublikasida faoliyat koʻrsatayotgan xorijiy davlatlar yuridik shaxslari uchun — bazaviy hisoblash miqdorining sakson baravari miqdorini tashkil etadi;
g) turistik avtobuslar yon oynalarining tusini oʻzgartirishga (qoraytirishga) ruxsatnoma berish uchun toʻlov stavkalari ularning egalari huquqiy holati inobatga olingan holda, tegishli litsenziyani koʻrsatish asosida ushbu bandning “v” kichik bandi uchinchi xatboshisiga muvofiq belgilanadi;
d) avtotransport vositalari oynalarining tusini oʻzgartirishga (qoraytirishga) ruxsatnoma berish uchun tushadigan mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yoʻl harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmatining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish, xodimlarini ragʻbatlantirish va mukofotlash jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladi hamda avtotransport vositalari oynalarining tusini oʻzgartirish (qoraytirish) uchun sarflanadigan materiallarni xarid qilish bilan bogʻliq boʻlgan harajatlarni qoplashga, DYHXX moddiy-texnika bazasini va avtomobil parkini rivojlantirishga, shuningdek, xodimlarini ragʻbatlantirishga maqsadli yoʻnaltiriladi;
e) Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziriga avtotransport vositalari oynalarining tusini oʻzgartirishga (qoraytirishga) ruxsatnoma berishdan tushadigan mablagʻlar hisobidan DYHXX xodimlarining (ishchi va xizmatchilar) qoʻshimcha shtat birliklarini kiritish huquqi beriladi;
j) xorijiy davlatlarning oynalari tusi oʻzgartirilgan (qoraytirilgan) yengil avtotransport vositalarining Oʻzbekiston Respublikasi hududiga vaqtincha kirishi va tranzit harakatlanishi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga tushadigan 15 AQSh dollari miqdorida yigʻim undiriladi.
Izoh. 2019-yilning 1-sentabriga qadar avtotransport vositalari oynalarining tusini oʻzgartirishga (qoraytirishga) ruxsatnoma berish uchun toʻlovlar stavkasi eng kam ish haqidan kelib chiqib hisoblanadi”;
3-bandning ikkinchi xatboshisi chiqarib tashlansin.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 03.08.2019-y., 09/19/646/3508-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.04.2022-y., 09/22/172/0298-son)