O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Jizzax viloyatida go‘sht-sut mahsulotlari yetishtirish yo‘nalishidagi agrosanoat klasterini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Jizzax viloyatida agrosanoat klasterini jadal rivojlantirish, naslli chorva mollari sonini, ichki va tashqi bozorlarda talab yuqori bo‘lgan sifatli go‘sht-sut mahsulotlari va go‘sht mahsulotlari hajmlarini rejali ko‘paytirish, qoramollarning yangi nasllarini, shu jumladan go‘sht beradigan qoramollar boqishni o‘zlashtirish, eksport salohiyatini yanada oshirish, shuningdek, 2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq qishloq joylarda yangi ish o‘rinlari tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Delmor” (XXR) kompaniyasi (keyingi o‘rinlarda investor deb ataladi) tomonidan:
Jizzax viloyatida go‘sht-sut yo‘nalishida yiliga 2,5 ming tonna go‘sht yetishtirish quvvatiga ega va qoramollar umumiy soni 10 ming boshni tashkil etadigan qiymati 100 mln AQSh dollari bo‘lgan zamonaviy agrosanoat klasterini (keyingi o‘rinlarda investitsiya loyihasi deb ataladi) tashkil etish bo‘yicha investitsiya loyihasi amalga oshirilayotganligi;
ushbu investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklida “Jizzax organic” xorijiy korxonasi (keyingi o‘rinlarda “Jizzax organic” MChJ XK deb ataladi) tashkil etilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Jizzax viloyati hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining 2019-yilda investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun umumiy maydoni 10 775 gektar bo‘lgan yer uchastkalarini, shu jumladan Jizzax viloyatining Zomin va Zarbdor tumanlarida 8 964 gektar sug‘oriladigan yerlarni “Jizzax organic” MChJ XKga uzoq muddatli ijara huquqi asosida ajratish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
3. Belgilansinki, sug‘oriladigan yerlar investor va “Jizzax organic” MChJ XK tomonidan quyidagi investitsiya majburiyatlarini qabul qilish sharti bilan ajratiladi:
2019 — 2023-yillar mobaynida umumiy qiymati 100 mln AQSh dollariga teng bo‘lgan investitsiyalar kiritish;
zamonaviy chorvachilik kompleksini tashkil etish va ozuqa ishlab chiqarish bo‘yicha o‘z markazi, so‘yish sexi va biogaz qurilmalarini barpo etish;
faqat zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikasi va ilg‘or agrotexnologiyalardan, shu jumladan yerlarni lazer yordamida rejalashtirish va yangi seyalkalardan foydalanish;
ilmiy asoslangan to‘rt yillik almashlab ekishni joriy etgan holda, qishloq xo‘jaligi ekinlarining yem-xashak bo‘ladigan navlari yetishtirilishini tashkil etish;
1000 ta yangi ish o‘rni tashkil qilish;
erlarning meliorativ holatini yaxshilash va unumdorligini oshirish chora-tadbirlarini joriy qilish.
4. Jizzax viloyati hokimligi:
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga investor va “Jizzax organic” MChJ XK tomonidan qabul qilingan investitsiya majburiyatlarining bajarilishi holati to‘g‘risida har oyda axborot kiritsin;
investor va “Jizzax organic” MChJ XK tomonidan qabul qilingan investitsiya majburiyatlari bajarilmagan taqdirda, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan kelishgan holda taqdim etilgan yer uchastkalari zaxira yerlarga qaytarilishini ta’minlasin.
5. Investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida, istisno tariqasida:
“Jizzax organic” MChJ XKga — 2019-yil 1-sentabrgacha bir vaqtning o‘zida loyiha-smeta hujjatlarini (ishchi loyiha), shu jumladan atrof-muhitga ta’sirni baholash materiallarini ishlab chiqish va qurilish-montaj ishlarini amalga oshirishga;
“O‘zGAShKLITI” DUKka — mahalliy yoki shartli kordinatalar tizimlarida beriladigan yer uchastkalari bo‘yicha topografik suratga olish materiallarini “Jizzax organic” MChJ XKga berishga ruxsat etilsin.
6. Jizzax viloyati hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi, Energetika vazirligi, Transport vazirligi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ va “O‘ztransgaz” AJ “Jizzax organic” MChJ XKga tashkil etilayotgan agrosanoat klasterini tashqi muhandislik hamda transport kommunikatsiyalariga ulashda zarur yordam ko‘rsatsinlar.
7. Quyidagilar investitsiya loyihasini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
investor tomonidan loyiha va qurilish-montaj ishlarini moliyalashtirish uchun investitsiya loyihasi umumiy qiymatining kamida 25 foizi miqdorida yo‘naltiriladigan to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar;
xalqaro moliya institutlarining naslli qoramollar, yuqori texnologik import uskunalar, mashina va mexanizmlar, qishloq xo‘jaligi texnikasini xarid qilish uchun investitsiya loyihasi umumiy qiymatining 70 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda jalb etiladigan va “O‘zsanoatqurilishbank” ATB orqali qayta moliyalashtiriladigan kreditlari;
“Jizzax organic” MChJ XKning foizlar va komissiyalarni to‘lash, “O‘zsanoatqurilishbank” ATB kreditlariga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq boshqa xarajatlarni qoplashga yo‘naltiriladigan investitsiya loyihasi umumiy qiymatining kamida 5 foizi miqdoridagi o‘z mablag‘lari.
8. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 11-apreldagi PF-3594-Farmoniga muvofiq xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarga taqdim etilgan yuridik shaxslarning daromad solig‘i bo‘yicha imtiyozlar “Jizzax organic” MChJ XKga ham tatbiq etiladi.
9. Investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida 2023-yil 31-dekabrgacha bo‘lgan muddatda:
Oldingi tahrirga qarang.
a) “Jizzax organic” MChJ xorijiy mutaxassislar jismoniy shaxslar daromad solig‘ini va ijtimoiy soliqni to‘lashdan;
(9-bandning “a” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 8-apreldagi PF-101-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 09.04.2022-y., 06/22/101/0288-son — 2022-yil 1-iyuldan kuchga kiradi)
b) “Jizzax organic” MChJ XK, Singapurning “Enter Engineering Pte.Ltd” kompaniyasi (bosh pudratchi) va uning subpudratchi tashkilotlari:
Oldingi tahrirga qarang.
o‘z ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxat bo‘yicha uskunalar, maxsus transport vositalari, qishloq xo‘jaligi texnikasi, ehtiyot qismlar va butlovchi buyumlar, moddiy-texnika resurslari, xomashyo, material va o‘simliklarni olib kirishda bojxona to‘lovlarini to‘lashdan (bojxona yig‘imlardan va qo‘shilgan qiymat solig‘idan tashqari);
(9-band “b” kichik bandining ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 8-apreldagi PF-101-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 09.04.2022-y., 06/22/101/0288-son — 2022-yil 1-iyuldan kuchga kiradi)
respublikada akkreditatsiyadan o‘tgan tegishli sinov laboratoriyalari mavjud bo‘lmagan hollarda — import qilinadigan materiallar, uskunalar, mashina va mexanizmlar, butlovchi buyumlar va uzellar, texnologik jihozlar, priborlar, ehtiyot qismlar va asboblarni majburiy sertifikatlashtirish tartibotlaridan ozod etilsin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi investitsiya loyihasini amalga oshirishda ishtirok etadigan xorijiy mutaxassislarga “Jizzax organic” MChJ XK buyurtmanomalari bo‘yicha ko‘p martalik kirish vizalari rasmiylashtirilishini ta’minlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
11. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi investitsiya loyihasini amalga oshirishda ishtirok etadigan xorijiy mutaxassislarga “Jizzax organic” MChJ XK buyurtmanomalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasida vizalar berilishi va muddati uzaytirilishini, shuningdek, vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinishi va uning muddati uzaytirilishini ta’minlasin.
(11-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 28-sentabrdagi 593-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 29.09.2020-y., 09/20/593/1340-son)
12. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi “Jizzax organic” MChJ XKning buyurtmanomalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasiga xorijiy ishchi kuchini va mutaxassislarni (O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari orasida mavjud bo‘lmagan) jalb qilishga ruxsatnoma berilishini (muddati uzaytirilishini), shuningdek, xorijiy fuqarolarga O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beradigan tasdiqnomalar berilishini (muddati uzaytirilishini) ta’minlasin.
13. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi A.D. Vaxabov va Jizzax viloyati hokimi E.A. Soliyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 23-iyul,
619-son
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 24.07.2019-y., 09/19/619/3469-son; 29.09.2020-y., 09/20/593/1340-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 09.04.2022-y., 06/22/101/0288-son)