Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
TAʼLIM MUASSASALARI HAQIDAGI NIZOMLARNI TASDIQLASH TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini amalga kiritish tartibi haqida” 1992-yil 2-iyuldagi qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar tasdiqlansin:
Oldingi tahrirga qarang.
(1-bandning ikkinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 25-oktabrdagi 225-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — OʻR QHT, 2007-y., 43-son, 431-modda)
Maktabdan tashqari muassasa toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq;
Oldingi tahrirga qarang.
(1-bandining toʻrtinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 17-oktabrdagi 230-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2008-y., 43-son, 435-modda)
2. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, tasarrufida maktabgacha tarbiya va maktabdan tashqari muassasalar, mehribonlik uylari boʻlgan vazirliklar va idoralar:
uch oy muddatda taʼlim muassasalari toʻgʻrisidagi idoraviy normativ hujjatlarni mazkur qarorga muvofiqlashtirsinlar;
tasdiqlangan nizomlarni amalga oshirish boʻyicha zarur tashkiliy tadbirlarni amalga oshirsinlar.
3. Qarorning bajarilishini nazorat qilish Taʼlim va fan boʻlimiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1995-yil 18-fevral,
59-son
Oldingi tahrirga qarang.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 25-oktabrdagi 225-sonli qarori bilan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2007-y., 43-son, 431-modda)
Maktabdan tashqari muassasa toʻgʻrisida
nizom
I. Umumiy qoidalar
1. Maktabdan tashqari muassasalar xalq taʼlimi tizimining tarkibiy qismi hisoblanadilar va ular taʼlim-tarbiya berishga moʻljallangandir.
2. Maktabdan tashqari muassasalar oʻz faoliyatlarini Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, “Taʼlim toʻgʻrisida” gi Qonunga va boshqa qonunchilik hujjatlariga hamda ushbu Nizomga muvofiq amalga oshiradilar.
Oldingi tahrirga qarang.
“Kelajak” markazlari faoliyatining xususiyatlari Vazirlar Mahkamasining alohida qarorida belgilanadi.
(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 10-dekabrdagi 776-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.12.2025-y., 09/25/776/1149-son)
3. Mazkur Nizom asosida mahalliy xususiyatlarni, oʻzining yoʻnalishini, rivojlanish istiqbollarini, jamoa normalari, qoidalari va anʼanalarini, moddiy-texnika ahvolini, moliyaviy taʼminotini, faoliyat dasturini hisobga olgan holda har bir maktabdan tashqari muassasada oʻz ustavi ishlab chiqiladi. Ustav xalq taʼlimining yuqori organi tomonidan tasdiqlanadi. Ustavda maktabdan tashqari muassasalarning maqsadi va asosiy vazifalari oʻzgartirilishi, oʻquvchilar va pedagog xodimlarning huquqlari chegaralanishi mumkin emas.
II. Maktabdan tashqari muassasaning asosiy vazifalari va funksiyalari
1. Quyidagilar maktabdan tashqari muassasaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
har tomonlama rivojlangan ijodiy shaxsni shakllantirish maqsadida maktabdan tashqari taʼlim-tarbiya sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirish;
oʻquvchilar va aholining turli yoshdagi guruhlarining ehtiyojlariga javob beruvchi maktabdan tashqari taʼlim-tarbiyaning mazmunini muntazam ravishda yangilab borish;
qoʻshimcha taʼlim va tarbiya berish hamda hozirgi ijtimoiy-iqtisodiy sharoitdagi faoliyatga tayyorlash uchun sinfdan va maktabdan tashqari tarbiyaviy ishlar konsepsiyasini amalga oshirish;
oʻquvchilarni umuminsoniy va xalq qadriyatlarini aks ettiruvchi madaniyat bilan tanishtirish;
qoʻshimcha bilimlar, malakalar egallashga boʻlgan ehtiyojlarni shakllantirish va ularni yanada boyitish;
har bir oʻsmirning tabiiy bilimdonlik darajasi va ijodiy imkoniyatlarini aniqlash va rivojlantirish;
hayotning oliy qadriyati boʻlgan mehnatga munosabatni tarbiyalash;
faoliyatning har qanday shakliga ijodiy yondoshish ehtiyojini tarbiyalash;
xalq taʼlimining boshqa muassasalari bilan oʻzaro hamkorlik munosabatlari mexanizmni takomillashtirish;
toʻgarak aʼzolarini oʻqitish va tarbiyalash sifatini yaxshilash maqsadida oʻquv-tarbiya va uslubiy ishlarni takomillashtirish.
2. Maktabdan tashqari muassasalar oʻzlariga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradilar:
6 yoshdan 18 yoshgacha boʻlgan barcha oʻquvchilarga ularning har tomonlama kamol topishlari va boʻsh vaqtlarini oʻzlari belgilashlari uchun imkoniyat yaratadilar;
oʻquvchilar shaxsining rivojlanishiga, ularning qiziqishlariga, iqtidoriga, mustaqil bilim olishlariga va ijodiy mehnat qilishlariga shart-sharoitlar yaratadilar;
mahalliy hokimiyat organlari bilan birgalikda maktabdan tashqari muassasalarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga oid chora-tadbirlarni amalga oshiradilar;
ehtiyojlarni oʻrganish va shunga muvofiq bolalarning qiziqishlariga koʻra shaxsning ijodiy imkoniyatlarini rivojlantirishga qaratilgan toʻgaraklar ochadilar;
fan asoslari boʻyicha qoʻshimcha taʼlim beradilar;
bolalarga sanʼat va hunarmandchilikning anʼanaviy milliy turlarini oʻrgatadilar;
oʻquvchilar oʻrtasida qobiliyatli, iqtidorli yoshlarni aniqlash, shaxsni rivojlantirishga qaratilgan musobaqalarni, sayyohlik slyotlarini, texnika va badiiy ijodkorlik hamda boshqa tadbirlarni uyushtiradilar va oʻtkazadilar.
III. Ish faoliyatini tashkil etish va uning asoslari
1. Bolalar va oʻsmirlarning shaxsiy ehtiyojlarini toʻlaroq qondirish, ularning boʻsh vaqtlari dam olishlarini toʻgʻri tashkil etish maqsadida davlat organlari, mulkchilikning turli shakllaridagi korxonalar, jamoatchilik birlashmalari va fuqarolar madaniy-estetik, tabiiy-ilmiy, texnik, tajriba-naturalistik, sayyohlik-oʻlkashunoslik va boshqa yoʻnalishlardagi maktabdan tashqari muassasalar ochishlari mumkin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq barcha hudud (shaharchalar, tuman, shahar, viloyatlar va respublika)larda maktabdan tashqari muassasalar tegishli hokimlikning qaroriga muvofiq ochiladi. Maktabdan tashqari muassasalar mustaqil ravishda yoki ilmiy-ishlab chiqarish, oʻquv-tarbiya kompleksi (markazi) tarkibida faoliyat koʻrsatishi mumkin.
3. Maktabdan tashqari muassasa jamoasi oʻz faoliyati dasturini mintaqani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning oʻziga xosligini, mavjud maktabdan tashqari muassasalar tarmogʻini hisobga olgan holda ishlab chiqadi. Mehnatga haq toʻlashning yagona fondi doirasida tuzilmani va shtat jadvalini tasdiqlaydi.
4. Maktabdan tashqari muassasalarda oʻquvchilarning asosiy faoliyati bir xil yoshdagi va turli yoshdagi bolalar guruhlarida ularning qiziqishlariga koʻra (toʻgarak, seksiya, studiya, klub, ansambl, teatr) amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Mashgʻulotlar bir yoki ikki yoʻnalishli dasturlar boʻyicha, shuningdek, kompleks, toʻgʻridan-toʻgʻri estetika, teatr, sanʼat, musiqa, sport yoʻnalishlari boʻyicha oʻtkazilishi mumkin. Nogironligi boʻlgan bolalar bilan yakka tartibda ishlar turar joylarda olib boriladi.
(4-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 8-fevraldagi 62-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.02.2022-y., 09/22/62/0111-son)
5. Birlashmaning maqsadi, vazifalari va mazmuni Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vazirligi tomonidan ishlab chiqiladigan, pedagogik jihatdan asoslangan holda rahbarlarni, oʻquv rejalari va dasturlari, ish uslublari, shakllari, vositalarini tanlashga tayangan holda tuziladi. Pedagogik xodimlar Respublika oʻquv-metodika markazining oʻquv-metodika kengashi tomonidan tasdiqlanadigan mualliflik dasturlarini ishlab chiqishlari mumkin.
6. Maʼmuriyatning ruxsati bilan birlashmalar ishda oʻquvchilar bilan birga (asosiy tarkibdan tashqari) boʻsh joy boʻlgan taqdirda va toʻgarak rahbarining roziligi bilan ota-onalar ham qatnashishlari mumkin.
7. Toʻgaraklar, dasturlar talablariga koʻra, butun oʻquv yili uchun ham, qisqaroq muddatlarga ham tashkil etiladi.
Toʻgaraklarni toʻldirish may oyida boshlanadi va asosan mazkur yilning 10-sentabrida tamomlanadi. Toʻgaraklarning mashgʻulotlari mazkur yilning 15-sentabridan kechikmay boshlanadi va odatda keyingi yilning 25-mayida tugallanadi.
Birlashmalar mashgʻulotlarining jadvali oʻquvchilarning mehnat qilishlari va dam olishlari uchun qulayroq kun tartibida, ular yoshining oʻziga xosligini, sanitariya-gigiyena normalarini hisobga olgan holda pedagogik xodimlarning taqdimnomasiga koʻra maʼmuriyat tomonidan tuziladi.
Toʻgarak mashgʻulotlari uchun hamma ixtisosliklarni oʻqitishning birinchi yilida haftada 4 akademik soat, ikkinchi va keyingi yillarida haftada 6 akademik soat ajratiladi. 6 yoshdagi bolalar uchun toʻgarak mashgʻulotlari 35 minut davomida oʻtkaziladi va u haftada 2 akademik soatdan oshmasligi lozim.
Sayyohlik-oʻlkashunoslik toʻgaraklari dasturining oʻziga xosligi sababli, oʻquvning birinchi, ikkinchi yilida va keyingi yillarida haftada 6 akademik soat koʻzda tutiladi.
Oʻquvning birinchi yilida har bir toʻgarakdagi tarkib 10 nafar oʻquvchidan kam boʻlmasligi lozim, oʻquvning ikkinchi va keyingi yillarida esa oʻquvchilar 8 nafardan kam boʻlmasligi kerak.
Guruhdagi oʻquvchilarning ushbu koʻrsatilgan soni minimal hisoblanadi. Maktabdan tashqari muassasalar toʻgarak ixtisosining oʻziga xosligiga koʻra (vokal-cholgʻu ansambli, xor, raqs va boshqalar) toʻgarak aʼzolari sonini koʻpaytirish, shuningdek, chuqurlashtirilgan mualliflik dasturlari mavjud boʻlganda, alohida isteʼdodga ega boʻlgan bolalar yakka tartibda mashgʻulotlar olib borishi mumkin.
8. Taʼtil paytlarida maktabdan tashqari muassasalar oʻquvchilar va ularning ota-onalari bilan ularning boʻsh paytlarini mazmunli oʻtkazish, dam olishlarini toʻlaqonli amalga oshirish imkoniyatini tugʻdirgan holda bolalar va oʻsmirlarning turar joylarida, konsert safarlari, poxodlar, ekskursiyalar, sayohatlar, musobaqalar (shu jumladan, oʻquvchilarning Yangi oʻzgaruvchan guruhlari bilan toʻgaraklar, seksiyalar va studiyalarda, shahardan tashqaridagi oromgohlarga kunlik borgan holda), turli-tuman ommaviy ishlarni tashkil qiladilar. Yozgi taʼtil paytida maktabdan tashqari muassasalar oʻquvchilar uchun yoʻnalishli (profilli) bolalar oromgohlari hamda turistik bazalar ochishlari mumkin.
9. Maktabdan tashqari muassasalar boshqa oʻquv-tarbiya muassasalari negizida, korxonalar, tashkilotlarda, bolalar turar joylarida oʻz shoxobchalarini ochishlari mumkin.
10. Oʻquvchilarning qatʼiy qiziqishlarini, iqtidorini, boʻlajak kasblarini oʻzlari belgilashlarini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish uchun maktabdan tashqari muassasalar ilmiy, tadqiqot, ijodiy tashkilotlar bilan birgalikda ish olib boradi. Buning uchun tajriba, sinov, ilmiy-tadqiqot ishlari olib borish maqsadida oʻzlarida va ularning negizlarida laboratoriyalar ochadilar, oʻquvchilarning ilmiy birlashmalarini tuzadilar.
11. Moddiy-texnika va kadrlar bilan taʼminlangan maktabdan tashqari muassasalar xalq taʼlimi organlari bilan kelishgan holda shu muassasada oʻquvchilarning ishlab chiqarish amaliyotini amalga oshirishlari mumkin.
12. Xalq taʼlimi muassasalarini attestatsiya va akkreditatsiyadan oʻtkazish toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq maktabdan tashqari muassasa sertifikat olgandan keyin oʻquvchilarga qoʻshimcha taʼlim yoki kasb darajasi berilganligi haqida hujjat berish huquqiga ega boʻladi.
13. Maktabdan tashqari muassasa mintaqa, shahar, tuman va qishloqlarda bevosita yoki sirtqi ommaviy tadbirlar: bayramlar, musobaqalar va olimpiadalarni tashkil qiladi. Ishlashning zamonaviy shakllarini izlaydi; ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan tashabbus va harakatlarni qoʻllab-quvvatlaydi.
14. Respublika, viloyat, shahar (tumanlarga boʻlingan) maktabdan tashqari muassasalari maktabdan tashqari muassasalarning barcha toifadagi xodimlariga metodik yordam beradilar, oʻqituvchilar malakasini oshirish instituti bilan birgalikda ular xodimlarining malakasini oshirish instituti bilan birgalikda ular xodimlarining malakasini oshirishni taʼminlaydilar, ilgʻor tajriba asosida maktablar va maktabdan tashqari muassasalarning toʻgaraklari va klublarining dasturlarini tuzish va takomillashtirishga oid ishlarni olib boradilar, uslubiy tavsiyanomalar ishlab chiqadilar.
IV. Maktabdan tashqari muassasalarning tarbiyalanuvchilari
1. Maktabdan tashqari muassasalarning tarbiyalanuvchilari shu jamoaning aʼzolari hisoblanadilar va oʻquv-tarbiyaviy vazifalarni hal etishda, oʻz boʻsh vaqtlarini va dam olishlarini toʻgʻri tashkil etishda ishtirok etadilar.
Maktabdan tashqari muassasalarning tarbiyalanuvchilari quyidagi huquqlarga egadirlar:
bir necha toʻgaraklarda (birlashmalarda) qatnashish, yil davomida boshqa toʻgaraklarga oʻtish;
maktabdan tashqari muassasaning oʻquv-ishlab chiqarish va madaniy-sport bazalaridan foydalanish;
maktabdan tashqari muassasaning jamoatchilik-boshqaruv organlariga saylash va saylanish;
mehnat birlashmalarining, shu jumladan, xoʻjalik hisobi asosida ishlovchi, xoʻjalik yuritishning kooperativ shakllaridagi guruhlar ishida ishtirok etish;
maktabdan tashqari muassasaning ish faoliyatini yaxshilashga oid takliflar kiritish.
2. Maktabdan tashqari muassasa oʻquvchilarining burchlari:
maktabdan tashqari muassasada oʻrnatilgan intizom va tartibga rioya qilish;
oʻz ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish, bilimlarni mustaqil egallash koʻnikmasini hosil qilish va uni amalda qoʻllash.
V. Ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslarning huquq va burchlari
Ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar quyidagi huquqlarga egadirlar:
oʻzlarining voyaga yetmagan bolalari uchun maktabdan tashqari muassasalarning turini va qaysi tilda oʻqitilishini tanlash;
maktabdan tashqari muassasa maʼmuriyatidan maktabdan tashqari muassasa Ustaviga muvofiq keluvchi shart-sharoitlar yaratishni, bola shaxsiga hurmat bilan munosabatda boʻlishni talab qilish;
maktabdan tashqari muassasani boshqarishda qatnashish.
Ota-onalar va ularning oʻrnini bosuvchi shaxslarning burchlari:
bolalarning jismoniy va ruhiy sogʻlom boʻlishlari haqida gʻamxoʻrlik qilish;
bolalarning shaxsiga hurmat bilan munosabatda boʻlish, ularda mehnatsevarlik, ezgulik, mehr-shafqat kabi fazilatlarni, Vatanga, oʻzidan kattalarga va ona tiliga, oilaga, milliy, tarixiy va madaniy qadriyatlarga hurmat bilan munosabatda boʻlishni tarbiyalash;
qonunlarga, inson huquqlari va erkinliklariga nisbatan hurmat ruhida tarbiyalash;
maktabdan tashqari muassasalarda bolalarning mashgʻulot oʻtkazishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish.
Ota-onalarga oʻz farzandlarining tarbiyasi va barkamol rivojlanishlarida maktabdan tashqari muassasa maʼmuriyati bilan teng darajada javobgarlik yuklanadi.
VI. Maktabdan tashqari muassasalarning pedagogik xodimlari
1. Maktabdan tashqari muassasalar xodimlarining faoliyatlari oʻquvchilar shaxsini, ularning umumiy madaniy saviyasini, faolligini, mustaqilligini, masʼuliyatliligini, ongli, intizomli, uyushqoq va tartibli boʻlishini rivojlantirishga yoʻnaltirilgandir.
2. Maktabdan tashqari muassasalarda lavozimlarni egallash Mehnat vazirligi va Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi Kengashining 1994-yil 6-yanvardagi 1/1 (30-22)-son qaroriga muvofiq yozma holda mehnat shartnomasi tuzish yoʻli bilan amalga oshiriladi. Amaldagi mehnat qonunchiligiga muvofiq toʻgarak rahbarlarini davriy attestatsiyadan oʻtkazib turadilar.
Maktabdan tashqari muassasalarning pedagogik xodimlari quyidagi huquqlarga egadirlar:
maktabdan tashqari muassasalar faoliyatining muhim masalalari muhokamasida va qarorlar qabul qilishda qatnashish;
mashgʻulotlarni oʻtkazish shakllarini, oʻquvchilarni oʻqitish va tarbiyalashning vositalari va usullarini mustaqil belgilash;
toʻgarak mashgʻulotlarining oʻziga xos, ijodiy dasturlarini ishlab chiqish;
oʻquv-tarbiyaviy va uslubiy ishlarni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish va taqdim etish;
maktabdan tashqari muassasani boshqarish organlariga saylash va saylanish.
Maktabdan tashqari muassasalar pedagogik xodimlarining burchlari:
oʻquv-tarbiyaviy ishlarni yuqori malakada olib borish, taʼlim mazmunini takomillashtirish, oʻqitish vositalarini yaratishda faol qatnashish;
oʻquvchilar bilan oʻzaro munosabat oʻrnatish, ularni davlatga sadoqat ruhida tarbiyalash;
oʻzining nazariy bilim darajasini, pedagogik mahorati va kasb malakasini uzluksiz ravishda oshirib borish;
oʻquvchilarning ota-onalari va ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar bilan muntazam ravishda ish olib borish.
VII. Maktabdan tashqari muassasalarni boshqarish
1. Maktabdan tashqari muassasaga xalq taʼlimining yuqori organi tomonidan tayinlanadigan direktor rahbarlik qiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Direktor har chorakda kamida bir marta oʻz faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotni tegishli fuqarolar yigʻiniga taqdim etadi.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 22-fevraldagi 134-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 22.02.2018-y., 09/18/134/0809-son)
2. Davlat maktabdan tashqari muassasalarini boshqarish oʻquvchilar, pedagogik jamoalar, xodimlar, ota-onalar va jamoatchilikning boshqa vakillari ishtirokida amalga oshiriladi.
3. Maktabdan tashqari muassasada oʻzini oʻzi boshqarishning yuqori organi jamoa yigʻilishi (konferensiyasi) hisoblanadi.
Hal qiluvchi ovozga ega boʻlgan delegatlar pedagogik xodimlarning, oʻrta va yuqori yoshdagi oʻquvchilarning, shuningdek, ota-onalarning yigʻilishlarida saylanadilar.
4. Jamoaning umumiy yigʻilishi:
toʻgʻridan-toʻgʻri yashirin ovoz berish yoʻli bilan maktabdan tashqari muassasa Kengashini, uning raisini saylaydi, ularning vakolatlari muddatini belgilaydi;
maktabdan tashqari muassasaning Ustavini qabul qiladi va unga zarur oʻzgartirishlar kiritadi;
maktabdan tashqari muassasani takomillashtirish va rivojlantirishning, uning faoliyatining sifati va samaradorligini oshirishning asosiy yoʻnalishlarini tasdiqlaydi;
lozim boʻlgan taqdirda maktabdan tashqari muassasa ishining turli yoʻnalishlari boʻyicha vaqtinchalik yoki doimiy komissiyalarni, kengashlarni tuzadi va ularning vakolatlarini belgilaydi.
Jamoa umumiy yigʻilishi yiliga kamida bir marta oʻtkaziladi.
5. Oʻquv-tarbiya jarayonini rivojlantirish va takomillashtirish, pedagogik xodimlarning kasb mahoratlarini va ijodiy oʻsishlarini kuchaytirish maqsadida maktabdan tashqari muassasada pedagogik xodimlarni birlashtiruvchi kollegial organ — uslubiy Kengash tuziladi.
Uslubiy Kengash faoliyat mazmunining turli namunalari (oʻquv rejalari, dasturlari, oʻquv qoʻllanmalari) ni, uning shakl va usullarini, amalga oshirish yoʻllarini muhokama qiladi, pedagogik xodimlarning malakasini oshirish, ularning ijodiy tashabbuskorliklarini rivojlantirish, ilgʻor tajribalarni ommalashtirish ishlarini tashkil etadi, pedagogik xodimlar kasb faoliyatlarining barcha boshqa masalalarini hal etish yuzasidan qarorlar qabul qiladi.
Uslubiy Kengash huzurida ish yoʻnalishlari boʻyicha shuʼbalar, guruhlar tuzilishi mumkin.
Uslubiy Kengash raisi pedagogik xodimlar jamoasi tomonidan saylanadi.
VIII. Moliya va xoʻjalik faoliyati, moddiy-texnika bazasi
Oldingi tahrirga qarang.
1. Maktabdan tashqari muassasalarni mablagʻ bilan taʼminlash Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti, korxonalar, birlashmalar, tashkilotlar, ayrim shaxslar va qoʻshimcha manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
(1-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 26-apreldagi 122-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 17-son, 176-modda)
Maktabdan tashqari muassasalar aholiga, korxonalarga va tashkilotlarga pulli xizmatlar koʻrsatishga, shuningdek, amaldagi qonunlar bilan taqiqlanmagan tijoratchilik faoliyatining boshqa turlari bilan shugʻullanishga haqlidirlar.
2. Quyidagilar maktabdan tashqari muassasalar mablagʻlarining qoʻshimcha manbalari hisoblanadi:
oʻquvchilar va pedagogik xodimlar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar, buyumlarni sotishdan tushgan tushum;
asosiy mashgʻulotlardan tashqari paytda boʻsh binolar, inshootlar, asbob-uskunalarni ijaraga berishdan tushgan tushum;
ortiqcha, eskirgan va yaroqsiz holga kelgan uskunalarni sotishdan tushgan mablagʻlar;
maktabdan tashqari muassasalar va boshqa idoralar pedagogik xodimlarining malakasini oshirishga oid xizmatlar uchun vazirliklar, korxonalar, muassasalardan, jamoat tashkilotlaridan tushgan mablagʻlar;
davlat, kooperativ va boshqa jamoatchilik korxonalari, muassasalari, tashkilotlari, shuningdek, alohida fuqarolar tomonidan berilgan ixtiyoriy badallar, qimmatbaho ashyolar;
boshqa tushumlar.
Turli manbalardan tushgan barcha mablagʻlar, mehnat shartnomasiga binoan maʼlum ijrochilarga moʻljallangan pul mablagʻlari bundan mustasno, maktabdan tashqari muassasa daromadlarini tashkil etadi.
3. Qoʻshimcha ishlar sirasi (pulli xizmatlar)ga maktabdan tashqari muassasa faoliyatining asosiy dasturlaridan tashqari koʻrsatilgan xizmatlar va ishlar kiradi.
Shartnoma ishlari (puli xizmatlar) asosan muayyan maktabdan tashqari muassasaning yoʻnalishi (profili) boʻyicha bajariladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Pulli xizmatlar bolalar, oʻsmirlar va yoshlar bilan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan mablagʻ bilan taʼminlanadigan asosiy bepul faoliyati oʻrniga amalga oshirilishi mumkin emas (bu bepul xizmat koʻrsatish darajasini pasaytirish hisobiga ham amalga oshirilishi mumkin emas). Bunda, agar asosiy faoliyatning koʻrsatkichlari pasayib ketsa, pulli xizmatlarni amalga oshirish mumkin emas.
(3-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 26-apreldagi 122-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 17-son, 176-modda)
Bepul xizmat koʻrsatish darajasini nazorat qilish tegishli xalq taʼlimi organi tomonidan amalga oshiriladi.
Maktabdan tashqari muassasa, imkoniyatiga, boʻsh turgan binolar, ish oʻrinlari, uskunalar va boshqalar mavjudligiga qarab, yoʻnalishi (profili) boʻyicha pulli xizmatlarni amalga oshirishi mumkin.
Oʻquvchilar bilan asosiy faoliyatdan boʻsh vaqtlarda shartnomaviy ishlar (pulli xizmatlar koʻrsatish, mahsulotlarni sotish, binolar, inshootlar, uskunalarni ijaraga berish) ni bajarish belgilangan tartibda preyskurant bilan tasdiqlangan tariflar va narxlar boʻyicha, ular boʻlmagan taqdirda shartnoma tariflari va narxlari boʻyicha amalga oshiriladi.
Yuqori tashkilotlar tomonidan ishlar (qishloq xoʻjaligi mahsulotlari) ga va pulli xizmatlarga rejalangan topshiriqlar berilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Maktabdan tashqari muassasaga budjetdan ajratiladigan mablagʻlar muassasa tomonidan qoʻshimcha ishlar (pulli xizmatlar) amalga oshirilgan taqdirda ham kamaytirilmaydi, turli manbalardan tushayotgan mablagʻlar esa muassasaning umumiy daromadiga qoʻshiladi va uning mablagʻlari fondini tashkil etadi.
4. Maktabdan tashqari muassasa bank kreditidan foydalanishi mumkin.
Qisqa muddatli kredit maktabdan tashqari muassasaning moddiy-texnika bazasini rivojlantirishga va mustahkamlashga beriladi. Uzoq muddatli kredit esa keyinchalik ishlab chiqarish va ijtimoiy rivojlantirish fondi mablagʻlari hisobidan qoplangan holda ishlab chiqarish (ilmiy-texnika) va ijtimoiy rivojlantirish maqsadlari uchun beriladi.
5. Maktabdan tashqari muassasaga mehnatni tashkil etish va unga haq toʻlashda quyidagi masalalarni hal qilish huquqi beriladi:
xodimlarga birlashmalarda oʻquvchilarning asosiy tarkibini saqlab qolganligi, ijodiy yutuqlarga erishganligi, oʻtkaziladigan tadbirlarning yuqori saviyada boʻlganligi, alohida muhim ishlarni bajarganligi uchun qoʻshimcha haqlar belgilash. Qoʻshimcha ish haqlarining miqdori har bir xodimning oʻtkaziladigan tadbirlarning, bajariladigan ishlar (xizmatlar) ning yuqori saviyada boʻlishiga, daromadning koʻpayishiga qoʻshgan shaxsiy hissasi hisobga olingan holda belgilanadi;
koʻrsatib oʻtilgan ustamalar ish sifati pasayganda, birlashmalardagi oʻquvchilar soni kamayib ketganda, oʻquv rejalari va dasturlar bajarilmagan taqdirda kamaytiriladi yoki butunlay bekor qilinadi;
xodimlarga oʻrindoshlik vazifasini bajarganliklari, xizmat koʻrsatish sohasini kengaytirganliklari yoki bajariladigan ish hajmini koʻpaytirganliklari, shuningdek, oʻzlarining asosiy vazifalari bilan birga vaqtincha ishlamayotgan xodimning ham vazifasini bajarganliklari uchun oʻrindoshlik kasblari (lavozimlari) roʻyxatiga muvofiq qoʻshimcha haq toʻlashni chegaralamay ish haqi fondi (mehnatga haq toʻlashning yagona fondi) doirasida va shu fond hisobidan qoʻshimcha haq belgilash;
boʻlinmalarning xoʻjalik faoliyatida mehnatni tashkil etish va unga haq toʻlashning brigada, oila, ijara pudrati, jamoa, shartnoma va boshqa shakllarini, shuningdek, moslanuvchi ish tartiblarini qoʻllash.
Pedagogik va boshqa xodimlarni mukofotlash shartlari va tartibi uyushmasi tashkiloti bilan kelishilgan holda mehnat jamoasi Kengashi tomonidan belgilanadi.
Maktabdan tashqari muassasa rahbarining mehnatdagi yuqori ijodiy va ishlab chiqarish muvaffaqiyatlariga erishganligi uchun ustama haq toʻlash va mukofotlarning miqdorlari yuqori boshqaruv organining qarori bilan tasdiqlanadi.
Muassasa xodimlarini mukofotlashga, shuningdek, ularga turli qoʻshimcha (ustama) lar belgilashga oʻquvchilar mehnatiga toʻlash uchun hisobotlarini yuritish tartibi amaldagi qonunchilikka binoan belgilanadi.
6. Maktabdan tashqari muassasada buxgalterlik va statistika hisobotlarini yuritish tartibi amaldagi qonunchilikka binoan belgilanadi.
Buxgalterlik hisobi maktabdan tashqari muassasa kengashining xohishiga koʻra mustaqil ravishda yoki boshqa maktabdan tashqari muassasalar, oʻquv yurtlari, tashkilotlar va korxonalar bilan birgalikda, shuningdek, markazlashtirilgan buxgalteriya orqali yuritilishi mumkin.
7. Maktabdan tashqari muassasaning hujjatlari Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan tasdiqlangan namunaviy yoʻriqnomaga muvofiq yuritiladi.
8. Maktabdan tashqari muassasaning moddiy-texnika bazasi yerlarni, binolarni, laboratoriyalarni, kutubxonalarni, sport inshootlarini, kommunikatsiya, mashina va uskunalarni, transport vositalarini hamda taʼlim va tarbiyada foydalaniladigan boshqa anjomlarni oʻz ichiga oladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Maktabdan tashqari muassasalarning moddiy-texnika bazasi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti, shuningdek, mablagʻlar bilan taʼminlashning qoʻshimcha manbalari hisobiga rivojlanadi.
(8-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 26-apreldagi 122-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 17-son, 176-modda)
IX. Xalqaro hamkorlikda qatnashish
Maktabdan tashqari muassasalar, qonunchilik bilan belgilangan tartibda, maktabdan tashqari tarbiya va taʼlim muammolari boʻyicha xalqaro hamkorlik ishlarida ishtirok etadilar, xalq taʼlimining yuqori organlari bilan kelishgan holda chet mamlakatlarning oʻquv yurtlari va ilmiy muassasalari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri aloqa oʻrnatishga haqlidirlar.
Maktabdan tashqari muassasalar, Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligida nazarda tutilgan doirada, xalqaro tashqi iqtisodiy faoliyatda qatnashishlari mumkin va valyuta mablagʻlariga ega boʻlishga haqlidirlar.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 17-oktabrdagi 230-sonli qarori bilan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2008-y., 43-son, 435-modda)
(Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami, 1995-y., 2-son, 5-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 43-son, 431-modda; 2008-y., 43-son, 435-modda; 2011-y., 19-son, 190-modda; 2016-y., 17-son, 176-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 22.02.2018-y., 09/18/134/0809-son, Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.05.2021-y., 09/21/331/0501-son; 08.02.2022-y., 09/22/62/0111-son; 11.12.2025-y., 09/25/776/1149-son)