Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Aholiga maishiy xizmat koʻrsatish korxonalari faoliyatini barqarorlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Respublika aholisiga maishiy xizmat koʻrsatishni barqarorlashtirish va uning darajasini oshirish, xususiy tadbirkorlikni va kichik biznesni rivojlantirish asosida ushbu tarmoqda aralash iqtisodiyotni barpo etishni jadallashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
(1-2-bandlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 19-sentabrdagi 446-sonli qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan)
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-avgustdagi PF-111-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.08.2024-y., 06/24/111/0623-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-avgustdagi PF-111-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.08.2024-y., 06/24/111/0623-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-avgustdagi PF-111-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.08.2024-y., 06/24/111/0623-son)
6. Oʻzbekiston Respublikasi aholiga maishiy xizmat koʻrsatish qoidalari 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Belgilansinki, aholiga maishiy xizmat koʻrsatish qoidalari maishiy xizmatlar koʻrsatish sohasida isteʼmolchilar bilan bajaruvchilar oʻrtasidagi munosabatlarni tartibga soladi va tashkiliy-huquqiy shakllaridan qatʼi nazar, barcha yuridik shaxslarga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi hududida xizmatlar koʻrsatish (ishlarni bajarish) bilan shugʻullanuvchi tadbirkor fuqarolarga joriy etiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-avgustdagi PF-111-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.08.2024-y., 06/24/111/0623-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 19-sentabrdagi 446-sonli qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan)
Oldingi tahrirga qarang.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-avgustdagi PF-111-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.08.2024-y., 06/24/111/0623-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-avgustdagi PF-111-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.08.2024-y., 06/24/111/0623-son)
11. Oʻzbekiston SSR Ministrlar Sovetining 1988-yil 5-avgustdagi 272-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari M.Z. Usmonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1995-yil 12-oktabr,
399-son
Oldingi tahrirga qarang.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 19-sentabrdagi 446-sonli qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan)
Oldingi tahrirga qarang.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 19-sentabrdagi 446-sonli qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan)
Oldingi tahrirga qarang.
(2a-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 19-sentabrdagi 446-sonli qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan)
Oldingi tahrirga qarang.
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-avgustdagi PF-111-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.08.2024-y., 06/24/111/0623-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(4-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-avgustdagi PF-111-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.08.2024-y., 06/24/111/0623-son)
Oʻzbekiston Respublikasi aholisiga maishiy xizmat koʻrsatish
qoidalari
I. Umumiy qoidalar
1. Aholiga maishiy xizmat koʻrsatish qoidalari maishiy xizmat koʻrsatish sohasida isteʼmolchilar bilan bajaruvchilar oʻrtasidagi munosabatlarni tartibga soladi va Oʻzbekiston Respublikasi hududida maishiy xizmatlar koʻrsatish (ishlarni bajarish) bilan shugʻullanadigan, mulkchilik shakllari va idoraviy boʻysunishidan qatʼi nazar, barcha yuridik va jismoniy shaxslarga (bundan keyin “xoʻjalik yurituvchi subyektlar” deb ataladi) joriy qilinadi.
Qoidalar buyurtmani qabul qilish, rasmiylashtirish, bajarish, berishga, buyurtmachi bilan hisob-kitob qilishga qoʻyiladigan talablarni, shuningdek, xoʻjalik yurituvchi subyekt va buyurtmachining mulkiy javobgarligini belgilaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Xoʻjalik yurituvchi subyektlar oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi va mazkur Qoidalar asosida amalga oshiradilar.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Mijozning tanishishi uchun qulay joylarda (asosan oʻzaro hisob-kitoblar amalga oshiriladigan joylarda, shuningdek, kirish va xaridorga ochiq boʻlgan boshqa joylarda) quyidagi maʼlumotlar joylashtirilishi kerak:
yuridik shaxs toʻgʻrisidagi maʼlumotlar — oʻz korxonasining nomi, soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami (STIR), shuningdek, uning joylashgan joyi (pochta manzili va ish rejimi) hamda ushbu maʼlumotlarni (ish rejimi bundan mustasno) skanerlash imkonini beruvchi maxsus QR-kod;
yakka tartibdagi tadbirkor toʻgʻrisidagi maʼlumotlar — davlat roʻyxatidan oʻtkazilganlik va roʻyxatdan oʻtkazgan organning nomi, shuningdek, jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JSHSHIR) hamda ushbu maʼlumotlarni skanerlash imkonini beruvchi maxsus QR-kod.
Maʼlumotlarni skanerlash imkonini beruvchi maxsus QR-kod soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali soliq organlari tomonidan shakllantirib beriladi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 2-apreldagi 148-sonli qaroriga asosan ikkinchi — beshinchi xatboshilar bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.04.2022-y., 09/22/148/0262-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 28-iyundagi 236-sonli qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan— OʻR QHT, 2002-y., 11-12-son, 97-modda)
4. Xoʻjalik yurituvchi subyekt buyurtmachilar uchun mumkin boʻlgan qulayliklarni yaratishga va oʻz faoliyatini aholi uchun qulay boʻlgan vaqtda amalga oshirishga majburdir.
5. Xoʻjalik yurituvchi subyekt aholiga abonement boʻyicha xizmatlarni Aholiga abonement xizmati koʻrsatish qoidalariga muvofiq belgilangan tartibda koʻrsatishi mumkin.
6. Xoʻjalik yurituvchi subyektlar, ularning buyurtmalarni qabul qiladigan va beradigan boʻlinmalari:
Oʻzbekiston Respublikasi aholisiga maishiy xizmat koʻrsatishning mazkur qoidalarini;
xizmatlarning aniq turlari uchun “Buyurtma qabul qilish, rasmiylashtirish va berish qoidalari” respublika standartlarini;
koʻrsatiladigan xizmatlar turlarini;
Oldingi tahrirga qarang.
koʻrsatiladigan xizmatlarning barcha turlariga texnik reglamentlar yoki standartlar;
(6-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 3-martdagi 45-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 10-son, 105-modda)
xizmatlarning har bir turi uchun amalda boʻlgan asoslangan narx va tariflarni;
mulohazalar daftarini;
xizmat koʻrsatish joyiga kirish va chiqishda ish tartibi, oddiy va shoshilinch buyurtmalarni bajarish uchun belgilangan muddatlar, tuzatilgan va tayyorlangan buyumlarga beriladigan kafolat muddatlari toʻgʻrisidagi axborotni (axborot chiroyli qilib bezatilgan va aniq, tushunarli boʻlishi kerak);
korxona manzili va telefon raqamlarini, rahbarning fuqarolarni qabul qilish kunlari va soatlarini;
navbatsiz xizmat koʻrsatish huquqiga ega boʻlgan fuqarolar toifalari koʻrsatilgan roʻyxatni qulay va koʻzga darrov tashlanadigan joyga joylashtirishga majburdirlar.
Xoʻjalik yurituvchi subyektlar oʻz ish xususiyatlari va imkoniyatlarini hisobga olib, yuqorida qayd etilganlar bilan birga buyurtmachilar eʼtiboriga jurnallar, kataloglarni, buyumlarning tasdiqlangan namunalarini yoki ular tasvirlangan albomlarni, maishiy xizmatlarga boʻlgan talabni hisobga olish jurnalini, materiallar, ehtiyot qismlar, furnitura namunalarini ularning bahosini koʻrsatgan holda ham havola etishlari mumkin.
II. Buyurtma qabul qilish va uni rasmiylashtirish
1. Xoʻjalik yurituvchi subyekt buyurtmani taklif etilayotgan xizmatlar roʻyxatiga muvofiq qabul qilishi shart.
2. Maishiy xizmatlar va ishlar uchun buyurtma va buyurtmanomalar bevosita korxonaning oʻzida, telefon, avtomat qurilmalar orqali, buyurtmachining ish, oʻqish, dam olish va turar joyida qabul qilinadi.
3. Buyurtmalarni tayyorlash uchun buyurtmalar moda jurnallari, buyurtmachi, rassom-modelyer eskizlari, shuningdek namunalar sifatida belgilangan tartibda tasdiqlangan modellar boʻyicha amalga oshiriladi. Buyurtmachining xohishiga koʻra belgilangan shakldagi hujjatdagi uning imzosi bilan tasdiqlab beriladigan tasdiqlangan namunalar va tayyorlash texnologiyasidan chetga chiqishlarga korxona bilan kelishgan holda yoʻl qoʻyilishi mumkin. Buyurtmachiga modelni yoki buyum tuzilishini tanlashda, shuningdek buyum eskizini tuzishda imkoni boricha malakali maslahat berilishi mumkin.
Buyurtmachi buyurtmani oʻz vaqtida olmaganligi uchun penya undirilishi toʻgʻrisida ogohlantiriladi.
4. Maishiy xizmat koʻrsatishga buyurtmalar belgilangan shakldagi hujjat bilan rasmiylashtiriladi, unda koʻrsatilgan barcha rekvizitlar tushunarli qilib toʻldiriladi.
5. Buyurtmalar buyurtmachining va xoʻjalik yurituvchi subyektning materiali (xom ashyosi)dan foydalanib bajariladi.
6. Xoʻjalik yurituvchi subyekt material (xom ashyo)ni buyurtmachi koʻz oldida koʻrib chiqishi va uning yaroqliligi toʻgʻrisidagi fikrini aytishi shart.
Agar xoʻjalik yurituvchi subyekt materialning yaroqsizligi yoki sifati pastligi, buyurtmachining ishni bajarish usuli haqidagi iltimosiga rioya qilishning imkoni yoʻqligi, shuningdek, bajarilayotgan ishning pishiqligi va yaroqliligiga taʼsir etishi mumkin boʻlgan, korxonaga bogʻliq boʻlmagan boshqa holatlar mavjudligi toʻgʻrisida buyurtmachini ogohlantirmagan hamda belgilangan shakldagi hujjatda buni koʻrsatib oʻtmagan boʻlsa, bajarilayotgan buyurtmaning sifati uchun javob beradi.
7. Buyurtmachi tomonidan ishni bajarish uchun berilgan material (xom ashyo)ning narxini buyurtmachi buyurtma qabul qilinayotgan vaqtda xoʻjalik yurituvchi subyekt bilan kelishib koʻrsatadi.
8. Xizmatni bajarish uchun zarur boʻladigan material miqdori korxonada tasdiqlangan tegishli xizmat turlariga sarflanadigan norma asosida aniqlanadi va buyurtmachi bilan kelishib olinadi.
Oldingi tahrirga qarang.
9. Xoʻjalik yurituvchi subyekt maishiy xizmatning Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan taqiqlanmagan, barcha turlarini koʻrsatishga haqlidir.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
III. Buyurtmani bajarish va uni berish
1. Maishiy xizmat koʻrsatishga berilgan buyurtmalar korxonada amalda boʻlgan normativ-texnik hujjatlar (texnologiya, sarf-xarajat normalari, lekal va boshqalar) asosida bajarilishi kerak.
2. Xoʻjalik yurituvchi subyekt:
Oldingi tahrirga qarang.
texnik reglamentlar yoki standartlar, shartnomaga va buyurtmachining istaklariga qatʼiy amal qilgan holda yuqori sifatli xizmat koʻrsatishni;
(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 3-martdagi 45-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 10-son, 105-modda)
buyurtmalarni bajarish muddatlariga rioya qilishni;
oʻzi tayyorlab bergan va tuzatgan buyurtmalarga beriladigan kafolat majburiyatlarini bajarishni;
yuksak xizmat koʻrsatish madaniyatini;
buyurtmachidan qabul qilingan materiallar (xom ashyo, buyumlar)ning saqlanishini;
korxonada amalda boʻlgan narx intizomiga rioya qilinishini taʼminlashi kerak.
3. Buyurtmalarni bajarish muddatlari xizmatlarning aniq turlari uchun “Buyurtma qabul qilish, rasmiylashtirish va berish qoidalari” respublika standartlariga muvofiq belgilanadi, mazkur qoidalar ushbu boʻlimining 4-bandida nazarda tutilgan hollar bundan istisno.
Buyurtmani bajarish muddati buyurtma qabul qilingandan keyingi kundan boshlab hisoblanadi. Buyurtmachi xohishiga koʻra buyurtma shoshilinch ravishda bajarilishi mumkin. Bunday holda buyurtmani bajarish muddati belgilangan shakldagi hujjatda koʻrsatilgan buyurtma qabul qilingan vaqt (kun, soat)dan boshlab hisoblanadi. Agar buyurtmani bajarish muddatining oxirgi kuni ish kuniga toʻgʻri kelmasa, muddatning tugash kuni sifatida undan keyin keluvchi ish kuni qabul qilinadi.
4. Oʻziga xos, nodir buyumlarni hamda konstruksiyasi va sxemasi oʻzgartirilgan apparatlarni bir marta tayyorlash va chet elda ishlab chiqarilgan buyumlarni tuzatish korxona tomonidan buyurtmachi bilan kelishib belgilangan muddatlarda bajariladi.
5. Xizmatlarning maʼlum turlari buyurtmachi uyida koʻrsatilishi mumkin, bunda korxona xodimning buyurtmachi bilan kelishilgan vaqtda kelishini taʼminlaydi, buyurtmachi esa xizmatni bajarish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishi shart. Ustani uyga chaqirganlik uchun qoʻshimcha haq undiriladi.
6. Material (xom ashyo, buyum)ni korxonaga olib kelish va qaytarib olib ketish buyurtmachining istagiga koʻra qoʻshimcha haq hisobiga korxona transportida yoki buyurtmachining oʻzi tomonidan amalga oshiriladi.
7. Buyurtmachi buyurtmani bajarish jarayonida, agar ularni bajarish texnik jihatdan mumkin boʻlsa, unga qisman oʻzgartirishlar kiritishi mumkin. Kiritiladigan barcha oʻzgartirishlar korxona bilan kelishib olingan boʻlishi va belgilangan shakldagi hujjatga kiritilishi kerak.
8. Buyurtmachi quyidagi hollarda shartnomani bekor qilish huquqiga ega buladi:
agar xoʻjalik yurituvchi subyekt shartnomani bajarishga oʻz vaqtida kirishmasa yoki buyurtmani bajarish muddati asossiz buzilayotgan boʻlsa;
agar bajarilgan ishdagi aniqlangan kamchiliklar buyurtmachi tomonidan belgilangan muddatda bartaraf etilmagan boʻlsa;
agar bajarilayotgan ishda jiddiy kamchiliklarga, shartnomadan chetga chiqishlarga yoʻl qoʻyilgan yoki buyurtma tuzatish mumkin boʻlmagan nuqsonlar bilan bajarilgan boʻlsa. Bunda, agar buyum buyurtmachi materialidan tayyorlangan boʻlsa, buyurtmachi shu turdagi shunday sifatdagi materiallardan boshqa buyum tayyorlab berilishini talab qilishga haqli.
Shartnoma bekor qilingan taqdirda buyurtmachi zararning shartnoma bekor qilingan vaqtda amalda boʻlgan narxlarda qoplanishini talab qilishga haqli.
9. Buyurtmachi shartnomani ish tugallanishidan oldin istalgan vaqtda, xoʻjalik yurituvchi subyektga ishning bajarilgan qismi qiymatini toʻlab va zararlarni shartnomani bekor qilish vaqtida amalda boʻlgan narxlarda qoplab, bekor qilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
10. Agar xoʻjalik yurituvchi subyekt ishni shartnoma shartlaridan chetga chiqib yomon bajargan yoki ishda boshqa kamchiliklarga yoʻl qoʻygan boʻlsa, buyurtmachi oʻz istagiga koʻra koʻrsatilgan kamchiliklar mutanosib muddatda tekin tuzatib berilishini yoki buyurtmachi yoʻl qoʻygan nuqsonlarni oʻz mablagʻlari bilan tuzatishga sarflagan xarajatlarni qoplashni, agar shartnomada buyurtmachining bunday huquqi yoki ish uchun beriladigan pulni tegishlicha kamaytirish nazarda tutilgan boʻlsa, talab qilishga haqlidir. Bunda xoʻjalik yurituvchi subyekt neustoykani mazkur Qoidalar V boʻlimining 5-bandida belgilangan miqdorda toʻlaydi.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 11-sentabrdagi 562-sonli qarori tahririda)
11. Xoʻjalik yurituvchi subyekt buyurtmachi bergan material (xom ashyo, buyum)dan notoʻgʻri foydalanilganligi uchun javob beradi.
Ish yakunlanganda yoki buyurtma bekor qilinganda korxona materialning ortib qolgan qismini yoki korxona buyurtmani bajarishga kirishmagan boʻlsa, uning hammasini qaytarishga majburdir.
12. Xoʻjalik yurituvchi subyekt buyurtmani bajarish uchun buyurtmachiga berilayotgan material sifati uchun javob beradi va material sifatsiz boʻlib chiqqan holda, uni buyurtmachi talabiga koʻra oʻz hisobidan almashtirishga majburdir.
Oldingi tahrirga qarang.
13. Xoʻjalik yurituvchi subyekt tomonidan tayyorlangan va tuzatilgan buyumlarni markirovka qilish va oʻrash xizmatlarning har bir turi texnik reglamentlari yoki standartlari talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
(13-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 3-martdagi 45-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 10-son, 105-modda)
14. Tayyorlangan, tuzatilgan buyumlar, tuzatilgan uy-roʻzgʻor mashina va priborlari, radioelektron apparatlar buyurtmachi ishtirokida tekshirilishi lozim. Buyurtmachi xoʻjalik yurituvchi subyekt tomonidan shartnoma shartlariga muvofiq, bajarilgan ishni koʻrib chiqishga va qabul qilib olishga majburdir. Xoʻjalik yurituvchi subyekt buyurtmachiga kafolat muddati koʻrsatilgan kafolat talonini, agar “Buyurtma qabul qilish, rasmiylashtirish va berish qoidalari” respublika standartlariga muvofiq belgilanadigan bunday talon boʻlsa, berishi kerak.
Agar buyurtmachi kafolat muddatiga ega boʻlmagan buyumlarni qabul qilishda xoʻjalik yurituvchi subyektga ishni bajarishdagi shartnoma shartlaridan chetga chiqishlarni darhol maʼlum qilmasa, u keyinchalik bu chetga chiqishlarni asos qilib keltirish huquqidan mahrum boʻladi. Ishni oddiy qabul qilishda aniqlanishi mumkin boʻlmagan buyurtmani bajarishda yoʻl qoʻyilgan chetga chiqishlar va boshqa kamchiliklar toʻgʻrisida buyurtmachi bu nuqsonlar aniqlangan zahoti korxonani xabardor qilishi kerak.
15. Buyurtmachi koʻrsatilgan xizmatlar haqini toʻlaganligini (buyumni olganligini) kvitansiyada yoki boshqa hisobga olish hujjatida oʻz imzosi bilan tasdiqlaydi.
Hisobga olish hujjatlari qoʻllanilmaydigan ishlarda buyurtmachining xizmat haqini toʻlaganligi toʻgʻrisidagi yozma tasdigʻi talab etilmaydi, unga haq toʻlanganligini tasdiqlovchi kassa cheki beriladi.
Xoʻjalik yurituvchi subyekt buyurtmachiga unga koʻrsatilgan xizmat sifati toʻgʻrisida oʻz fikrini bildirish imkoniyatini taʼminlaydi.
16. Xoʻjalik yurituvchi subyekt buyurtmani qabul qilganligini tasdiqlovchi belgilangan shakldagi hujjat yoʻqotib qoʻyilgan taqdirda buyurtmachi bu haqda buyurtmani qabul qilgan xoʻjalik yurituvchi subyektni xabardor qilishga majbur.
Bunday holda buyurtmada koʻrsatilgan buyum buyurtmachining pasporti yoki uning shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjat koʻrsatilgan holda uning yozma arizasiga koʻra beriladi.
17. Buyurtmachi buyumni olish uchun kelmagan taqdirda xoʻjalik yurituvchi subyekt belgilangan shakldagi hujjatda koʻrsatilgan buyurtmani bajarish muddati tugagan kundan olti oy oʻtgandan keyin va ikki marta yozma ogohlantirishdan soʻng (bildirish qogʻozi yuborib) buyumni belgilangan tartibda sotib yuborishga, sotishdan tushgan pulni esa korxonaga tegishli toʻlovlarni (shu jumladan buyurtmachini buyurtma bajarilganligi toʻgʻrisida xabardor qilish va saqlash xarajatlarini ham) chegirib, belgilangan muddatda talab qilib olingunga qadar korxona deponentiga kiritib qoʻyishga haqlidir.
IV. Buyurtmachi bilan hisob-kitob qilish
1. Buyurtmachi maishiy xizmatlar qiymatini korxonada amalda boʻlgan va tasdiqlangan, xizmatlarning har bir turiga ishlab chiqilgan kalkulyatsiya asosida tuziladigan narx va tariflar boʻyicha toʻlaydi.
Maishiy xizmatlarning narx belgilanmagan bir martalik ayrim turlari uchun bir martalik kalkulyatsiya tuziladi va narx buyurtmachi bilan kelishib olinadi.
Xoʻjalik yurituvchi subyekt buyurtmachi iltimosiga koʻra buyurtmani rasmiylashtirishda nazarda tutilmagan xizmatlarni bajargan taqdirda buyurtmachi ularning qiymatini qoʻshimcha tarzda toʻlaydi.
2. Korxona ish bilan toʻliq taʼminlanmagan davrda aholi talabini oshirish maqsadida korxona xizmatlarning amaldagi narxlaridan mavsumiy chegirishlarni qoʻllashga haqlidir.
3. Xoʻjalik yurituvchi subyektning xizmatlar koʻrsatish vaqtida ishlatiladigan va xizmatlar qiymatiga kiritilmagan materiallari (xom ashyo, buyumlari) qiymati buyurtmachi tomonidan korxonada belgilangan narxlar boʻyicha qoʻshimcha ravishda toʻlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
4. Xoʻjalik yurituvchi subyekt shartnoma shartlarini bajarmagan taqdirda maishiy xizmat koʻrsatishning alohida shartlari va qoʻshimcha turlari uchun nazarda tutilgan ustamalar (qoʻshimcha haq) undirilmaydi. Bunda xoʻjalik yurituvchi subyekt buyurtmachiga buyurtmani bajarish muddatini buzganligi uchun penya, buyurtmani sifatsiz bajarganligi uchun esa mazkur qoidalarning V boʻlimi 4 va 5-bandlarida koʻrsatilgan miqdorda neustoyka toʻlaydi.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 11-sentabrdagi 562-sonli qarori tahririda)
5. Koʻrsatilgan xizmatlar qiymatini toʻlashda quyidagi tartibga rioya qilinishi kerak:
radioelektron apparatlar, poyabzal, kiyim-kechakni tuzatish, sartaroshlik xizmatlari uchun haq buyurtma bajarilgandan keyin olinadi;
murakkab uy-roʻzgʻor texnikasini tuzatish xizmati uchun buyurtmachi xoʻjalik yurituvchi subyekt bilan kelishilgan, ammo 15 foizdan kam boʻlmagan miqdorda oldindan haq toʻlaydi;
mebelni tayyorlash va tuzatish, uy-joy va turar joy boʻlmagan binolarni tuzatish va qurish, poyabzal tayyorlash va yakka tartibda kiyim tikish boʻyicha xizmatlar uchun buyurtmachi buyurtmani rasmiylashtirishda ish qiymatining 50 foizi miqdorida avans toʻlashi kerak;
tantanali tadbirlarda xizmat koʻrsatish, marosimlarni oʻtkazish, aholini kurslarda oʻqitish (haqi bir oy oldin toʻlanadi) kinofotolaboratoriya va suratkashlik, kimyoviy tozalash, kir yuvish, ovoz yozib olish studiyalari, transport, maʼlumot-axborot, vositachilik va komfort xizmatlari uchun toʻlovlar buyurtmani rasmiylashtirishda toʻliq toʻlanadi.
Buyurtmachi istalgan xizmat turini rasmiylashtirishda oʻz xohishiga koʻra uning qiymatini toʻliq toʻlashi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
6. Xoʻjalik yurituvchi subyekt tomonidan tayyorlangan va tuzatilgan buyumlarning kafolat muddatlari amaldagi texnik reglamentlar yoki standartlar bilan aniqlanadi va tayyor buyurtma egasi tomonidan olingan kundan boshlab hisoblanadi, buyumlar buyurtmachi aybi bilan oʻz vaqtida olinmagan taqdirda — shartnomada koʻrsatilgan buyurtmani bajarish muddati tamom boʻlgan kundan boshlab hisoblanadi.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 3-martdagi 45-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 10-son, 105-modda)
V. Mulkiy javobgarlik
1. Buyurtmachi maishiy xizmat sifatiga oid eʼtirozlarni buyurtmani qabul qilish va berish joyida belgilangan kafolat muddatlari mobaynida, kafolat muddati boʻlmagan buyumlarga eʼtirozlarni esa buyurtmani olish vaqtida bildirishga haqlidir.
Buyurtmani uyda bajarish uchun xodimlar buyurtmachi bilan kelishilgan vaqtda kelmasa, buyurtmachi xoʻjalik yurituvchi subyektdan yetkazilgan moddiy zararni toʻlashni talab qilishga haqlidir.
2. Xoʻjalik yurituvchi subyekt buyurtmachi eʼtirozini darhol, qoʻshimcha oʻrganish va tekshirishni talab qiladiganlarini esa — eʼtiroz bildirilgan kundan boshlab 15 kun mobaynida koʻrib chiqishi kerak.
3. Xoʻjalik yurituvchi subyektning shartnoma shartlaridan ish sifatini yomonlashtiradigan darajada chetga chiqishi yoki boshqa kamchiliklar bilan bogʻliq daʼvolar buyurtmachi tomonidan ish qabul qilib olingan kundan boshlab 6 oy mobaynida, agar nuqsonlarni ishni qabul qilib olishning oddiy usulida aniqlash mumkin boʻlmasa — ish qabul qilib olingan kundan boshlab bir yil mobaynida berilishi mumkin.
Qurilma va inshootlardagi ishni qabul qilib olishning oddiy usulida aniqlanishi mumkin boʻlmagan kamchiliklarga oid daʼvoni buyurtmachi ish qabul qilib olingan kundan boshlab uch yil mobaynida berishi mumkin.
Agar shartnomada kafolat muddati nazarda tutilgan va ishdagi nuqsonlar toʻgʻrisidagi murojaat kafolat muddati doirasida berilgan boʻlsa, daʼvo muddati nuqson toʻgʻrisida murojaat qilingan kundan boshlanadi.
4. Xoʻjalik yurituvchi subyekt buyurtmani bajarish muddatini buzgan taqdirda, u buyurtmachiga har bir kun uchun buyurtmaning buyurtma qabul qilingan paytdagi qiymatining 1 foizi miqdorida, lekin ish yoki buyurtma qiymatining 50 foizidan ortiq boʻlmagan miqdorda penya toʻlaydi.
Buyurtmachi bajarilgan buyurtmani oʻz vaqtida olib ketmagan hollarda xoʻjalik yurituvchi subyekt buyurtmachidan kvitansiyada koʻrsatilgan buyurtmani bajarish muddati tamom boʻlgan kundan boshlab kechiktirilgan har bir kun uchun ish qiymatining 1 foizi miqdorida, lekin ish qiymatining 50 foizidan ortiq boʻlmagan miqdorda penya undiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
5. Buyurtma sifatsiz bajarilgan taqdirda xoʻjalik yurituvchi subyekt buyurtmachiga ish va xizmatlarning buyurtmani bajarish vaqtidagi qiymatining 20 foizi miqdorida neustoyka toʻlaydi.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 11-sentabrdagi 562-sonli qarori tahririda)
6. Buyurtmachiga tegishli boʻlgan buyum (material, xom ashyo)ni toʻliq yoki qisman yoʻqotgan (ishdan chiqargan) xoʻjalik yurituvchi subyekt uch kun muddatda uni xuddi shunday buyum (material, xom ashyo) bilan almashtirishi yoki buyurtmachiga yetkazilgan zararni shu vaqtda amalda boʻlgan narxlarda qoplashi kerak.
Bajaruvchi va buyurtmachi oʻrtasida yuzaga kelgan nizolar xoʻjalik yurituvchi subyektlar rahbariyati tomonidan yoki sud orqali hal qilinadi.
(Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami, 1995-y., 10-son, 40-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2002-y., 11-12-son, 97-modda; 2014-y., 10-son, 105-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.04.2022-y., 09/22/148/0262-son, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 16.08.2024-y., 06/24/111/0623-son)