O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining
Qarori
Ichki ishlar organlarining vaqtincha saqlash hibsxonalari hamda ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash uchun mo‘ljallangan maxsus qabulxonalarda saqlanayotgan shaxslarga davlat sog‘liqni saqlash muassasalarida tibbiy yordam ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2019-yil 2-martda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 3141]
O‘zbekiston Respublikasining “Jinoyat ishini yuritish chog‘ida qamoqda saqlash to‘g‘risida” va “Ma’muriy qamoqni o‘tash tartibi to‘g‘risida”gi qonunlariga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va Ichki ishlar vazirligi qaror qiladi:
1. Ichki ishlar organlarining vaqtincha saqlash hibsxonalari hamda ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash uchun mo‘ljallangan maxsus qabulxonalarda saqlanayotgan shaxslarga davlat sog‘liqni saqlash muassasalarida tibbiy yordam ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy e’lon qilingan kunidan e’tiboran kuchga kiradi.
Sog‘liqni saqlash vaziri A. SHADMANOV
Toshkent sh.,
2019-yil 20-yanvar,
63-son
Ichki ishlar vaziri P. BOBOJONOV
Toshkent sh.,
2019-yil 20-yanvar,
86-son
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va Ichki ishlar vazirligining 2019-yil 20-yanvardagi 63, 83-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Ichki ishlar organlarining vaqtincha saqlash hibsxonalari hamda ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash uchun mo‘ljallangan maxsus qabulxonalarda saqlanayotgan shaxslarga davlat sog‘liqni saqlash muassasalarida tibbiy yordam ko‘rsatish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasining “Jinoyat ishini yuritish chog‘ida qamoqda saqlash to‘g‘risida”gi va “Ma’muriy qamoqni o‘tash tartibi to‘g‘risida”gi qonunlariga muvofiq ichki ishlar organlarining vaqtincha saqlash hibsxonalari hamda ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash uchun mo‘ljallangan maxsus qabulxonalarda (bundan buyon matnda maxsus muassasa deb yuritiladi) saqlanayotgan shaxslarga davlat sog‘liqni saqlash muassasalarida tibbiy yordam ko‘rsatish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Maxsus muassasada saqlanayotgan shaxslarga statsionar sharoitda tibbiy yordam ko‘rsatilishi zarur bo‘lgan hollarda ularga davlat sog‘liqni saqlash muassasalarida tibbiy yordam ko‘rsatiladi.
Maxsus muassasada saqlanayotgan homilador ayollarga tug‘ish uchun, shuningdek tibbiy kuzatuvga muhtoj bo‘lgan shaxslarga davlat sog‘liqni saqlash muassasalarida tibbiy yordam ko‘rsatilishi shart.
2. Maxsus muassasada saqlanayotgan shaxsning davlat sog‘liqni saqlash muassasasiga borish, kelish hamda u yerda bo‘lish vaqtida uning qo‘riqlanishi, xulq-atvori nazorat qilinishi va xavfsizligi ta’minlanishi ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan amalga oshiriladi.
2-bob. Maxsus muassasada saqlanayotgan shaxsni davlat sog‘liqni saqlash muassasasiga yuborish
3. Maxsus muassasada saqlanayotgan shaxs maxsus muassasa tibbiyot xodimlariga kameralarni har kungi ko‘zdan kechirish vaqtida, shoshilinch va kechiktirib bo‘lmaydigan hollarda esa, maxsus muassasaning istalgan xodimiga tibbiy yordam ko‘rsatilishini so‘rab murojaat qilishi mumkin. Bunda maxsus muassasa tibbiyot xodimi tomonidan maxsus muassasada saqlanayotgan tibbiy yordamga muhtoj shaxsga (bundan buyon matnda shaxs deb yuritiladi) zarur tibbiy yordam ko‘rsatilishi shart.
4. Shaxsni maxsus muassasa tibbiyot xodimi tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish jarayonida shaxsga shoshilinch yoki kechiktirib bo‘lmaydigan tibbiy yordam ko‘rsatilishi zarur deb hisoblanganda, maxsus muassasa tibbiyot xodimi shu vaqtning o‘zida tez tibbiy yordam ko‘rsatilishini ta’minlashi lozim. Bunda muassasa tibbiyot xodimi telefon yoki boshqa aloqa vositalari orqali tez tibbiy yordam brigadasini chaqiradi.
5. Maxsus muassasa tibbiyot xodimi shaxsni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish jarayonida kuzatilgan kasallik alomatlari haqidagi ma’lumotlarni muassasa tibbiyot xodimi tomonidan yuritiladigan Tibbiy yordam ko‘rsatish kitobiga kiritadi.
6. Tez tibbiy yordam brigadasi tegishli maxsus muassasaga yetib kelganidan keyin shaxs tez tibbiy yordam brigadasi mutaxassislari tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi va unga zarur tibbiy yordam ko‘rsatiladi.
Shaxsga tibbiy yordam ko‘rsatishda qo‘shimcha tez tibbiy yordam brigadasi chaqirilishi mumkin.
7. Tez tibbiy yordam brigadasi mutaxassisi tomonidan shaxsni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish natijasida, shaxsga statsionar sharoitda shoshilinch yoki kechiktirib bo‘lmaydigan tibbiy yordam ko‘rsatilishi zarur deb topilganda, shaxs tez tibbiy yordam brigadasi mutaxassisining dastlabki tashxisiga muvofiq tegishli davlat sog‘liqni saqlash muassasasiga olib borilishi kerak.
8. Shaxsni davlat sog‘liqni saqlash muassasasiga olib borish tez tibbiy yordam brigadasining ixtisoslashtirilgan transport vositasida ichki ishlar organlari xodimlari hamda tez tibbiy yordam brigadasi mutaxassislari nazorati ostida amalga oshiriladi.
3-bob. Maxsus muassasadan olib kelingan shaxslarga davlat sog‘liqni saqlash muassasasida tibbiy yordam ko‘rsatish
9. Davlat sog‘liqni saqlash muassasasiga olib kelingan shaxs mazkur muassasaning qabul bo‘limi navbatchi shifokori tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.
10. Shaxs navbatchi shifokor ko‘rsatmasiga asosan tor soha mutaxassislari tomonidan tibbiy ko‘rikdan, shuningdek diagnostika va davolash standartlari asosida instrumental va laborator tekshiruvlardan ham o‘tkazilishi mumkin.
11. Navbatchi shifokor yoki tor soha mutaxassislari (bundan buyon matnda shifokor deb yuritiladi) shaxsni tibbiy ko‘rikdan hamda diagnostika va davolash standartlari asosida instrumental va laborator tekshiruvlardan o‘tkazish natijalari asosida shaxsga statsionar yoki ambulator sharoitda tibbiy yordam ko‘rsatilishi lozimligi yoxud tibbiy yordam ko‘rsatilishiga zarurat yo‘qligi to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
12. Shifokor shaxsga statsionar sharoitda tibbiy yordam ko‘rsatilishi lozimligi to‘g‘risida qaror qabul qilganda, u shaxsni davlat sog‘liqni saqlash muassasasining maxsus xonasiga (bundan buyon matnda maxsus xona deb yuritiladi) joylashtirish choralarini ko‘radi.
13. Maxsus xona quyidagi talablarga javob berishi lozim:
maxsus xona binoning qaysi qavatida joylashganligidan qat’i nazar derazalari xonaning ichki tomonidan temir panjaralar bilan qoplangan bo‘lishi;
maxsus xonaga kirish eshigi temir qoplama bilan qoplangan yoki eshikka qo‘shimcha ravishda temir panjara o‘rnatilgan bo‘lishi;
maxsus xonadagi karavot, stol-stullar va oziq-ovqat mahsulotlarini saqlashga mo‘ljallangan jihozlar (sovutgich) polga mahkamlab qotirilgan bo‘lishi;
maxsus xona ko‘zga ziyon yetkazmaydigan holda o‘qish yoki yozish uchun yetarli tabiiy va sun’iy yorug‘likka ega bo‘lishi lozim.
14. Maxsus xona quyidagi jihozlar, buyum va ashyolar bilan jihozlangan bo‘lishi kerak:
bir qavatli karavot;
stol va stul (o‘rindiq);
oziq-ovqat mahsulotlarini saqlashga mo‘ljallangan jihozlar;
kiyim-bosh uchun ilgich;
axlat qutisi;
sun’iy shamollatish tizimi (ventilyatsiya);
isitish tizimi.
Maxsus xonaga bolali ayollar joylashtirilgan hollarda ushbu xonaga qo‘shimcha ravishda quyidagi jihozlar o‘rnatiladi:
bolalar uchun plastmassali vannacha;
qo‘shimcha isitish uskunalari.
Maxsus xonada mazkur bandda ko‘rsatilmagan jihozlar, buyum va ashyolar joylashtirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
15. Shaxsni tibbiy ko‘rikdan, shuningdek diagnostika va davolash standartlari asosida instrumental va laborator tekshiruvlardan o‘tkazish hamda davlat sog‘liqni saqlash muassasasining maxsus xonasida tibbiy yordam ko‘rsatish ichki ishlar organlari xodimlari nazorati ostida amalga oshirilishi shart.
16. Shaxs statsionar sharoitda tibbiy yordam ko‘rsatilishi uchun davlat sog‘liqni saqlash muassasasiga joylashtirilganda, maxsus muassasaning mas’ul xodimi shu kunning o‘zida bu haqda shaxsning qarindoshlarini xabardor qilishi lozim. Bunda maxsus muassasaning mas’ul xodimi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Jinoyat ishini yuritish chog‘ida qamoqda saqlash to‘g‘risida”gi va “Ma’muriy qamoqni o‘tash tartibi to‘g‘risida”gi qonunlariga muvofiq shaxsga himoyachisi, qonuniy vakili, qarindoshlari hamda boshqa shaxslar bilan uchrashuvlar berilishi ta’minlanishi lozim.
17. Shifokor shaxsga ambulator sharoitda tibbiy yordam ko‘rsatilishi lozimligi yoki tibbiy yordam ko‘rsatilishiga zarurat yo‘qligi to‘g‘risida qaror qabul qilganda, shuningdek shaxsga davlat sog‘liqni saqlash muassasasida statsionar sharoitda tibbiy yordam ko‘rsatish yakunlangan hollarda shaxs shifokorning ruxsati bilan ichki ishlar organlari xodimlarining nazorati ostida ichki ishlar organlarining maxsus transport vositasida tegishli maxsus muassasaga qaytib olib boriladi.
18. Shifokor shaxsga ambulator sharoitda tibbiy yordam ko‘rsatilishi lozimligi to‘g‘risida qaror qabul qilgan hollarda shaxsga u saqlanayotgan maxsus muassasaning ambulator tibbiy xizmat kameralarida yoki maxsus jihozlangan tibbiyot xonalarida ambulator sharoitda tibbiy yordam ko‘rsatiladi.
19. Shaxsning iltimosiga ko‘ra, maxsus muassasaning mas’ul xodimi shaxsning himoyachisi, qonuniy vakili, qarindoshlarini shaxs davlat sog‘liqni saqlash muassasasidan maxsus muassasaga qaytarib olib kelinganligi va uning ahvoli haqida xabardor qilib turishi lozim.
5-bob. Yakuniy qoida
Oldingi tahrirga qarang.
20. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
(20-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 04.03.2019-y., 10/19/3141/2697-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)