Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oldingi tahrirga qarang.
TRANSPORT SOHASIDAGI FAOLIYATNI LITSENZIYALASh HAQIDA
(qarorning nomlanishi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 23-oktabrdagi 482-sonli qarori tahririda — OʻR HQT, 1997-y., 10-son, 34-modda)
Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 21-avgust 360-sonli “Transport sohasidagi faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisidagi Nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 19-apreldagi 215-son qaroriga muvofiq avtomobil, temir yoʻl, havo transporti va aloqa sohasida bozor munosabatlarini shakllantirishdagi faoliyatning baʼzi turlari bilan shugʻullanishga maxsus ruxsatnomalar (litsenziyalar) berish tartibini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
1. Oʻzbekiston Respublikasida temir yoʻl, havo va avtomobil transportida yuk va yoʻlovchilar tashish boʻyicha faoliyatni litsenziyalash toʻgʻrisida Nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 23-oktabrdagi 482-sonli qarori tahririda — OʻR HQT, 1997-y., 10-son, 34-modda)
2. Transport sohasidagi faoliyatni litsenziyalash boʻyicha Vazirlar Mahkamasining komissiyasi tarkibi 3-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilova berilmaydi.
Komissiya bir oy muddatda ish reglamentini ishlab chiqsin.
(2-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 23-oktabrdagi 482-sonli qarori tahririda — OʻR HQT, 1997-y., 10-son, 34-modda)
3. Belgilab qoʻyilsinki, mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, transport va aloqa sohasida faoliyat olib boruvchi korxonalar (tashkilotlar) 1996-yil 1-sentabrgacha transport va aloqa sohasidagi faoliyatiga maxsus ruxsatnomalar (litsenziyalar) olishlari kerak.
Belgilangan muddatda maxsus ruxsatnoma (litsenziya) olmagan korxonalar (tashkilotlar)ning transport va aloqa sohasidagi faoliyati noqonuniy hisoblanadi va ularning faoliyatning ushbu turidan olgan daromadi tegishli budjetga olib qoʻyiladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 25-iyuldagi 287-son qaroriga 6-ilovaning 5-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari K.R. Rahimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ. SULTONOV
Toshkent sh.,
1996-yil 12-may,
175-son
Temir yoʻl, havo va avtomobil transportida yuk va yoʻlovchilar tashish boʻyicha faoliyatni litsenziyalash toʻgʻrisida
NIZOM
1. Oʻzbekiston Respublikasida yuk va yoʻlovchilarni transportda tashishni litsenziyalash harakat va uchish xavfsizligini taʼminlash, transport obyektlaridan foydalanishda ekologiya normalariga rioya qilish va transport xizmati bozorining normal ishlashi, ushbu xizmatlar isteʼmolchilari manfaatlarini himoya qilish maqsadida amalga oshiriladi.
2. Yuk va yoʻlovchilar tashishning quyidagi turlari litsenziyalanadi:
a) temir yoʻl transportida:
yoʻlovchilar tashish;
yoʻlovchilarni xalqaro tashishlar;
yuk tashish;
yuklarni xalqaro tashishlar;
vokzallar faoliyati;
yuk saroylari faoliyati;
respublika ichidagi transport-ekspeditorlik faoliyati;
xalqaro transport-ekspeditorlik faoliyati;
b) avtomobil transportida:
shaharda yoʻlovchilar tashishlar;
shahar atrofida va shaharlararo yoʻlovchilar tashishlar;
yoʻlovchilarni xalqaro tashishlar;
shaharda yuk tashishlar;
shahar atrofida va shaharlararo yuk tashishlar;
yuklarni xalqaro tashishlar;
avtovokzallar, avtostansiyalar va avtokassalar faoliyati;
respublika ichida transport-ekspeditsiya xizmati koʻrsatish;
xalqaro transport-ekspeditsiya xizmati koʻrsatish;
v) havo transportida:
mahalliy havo yoʻllarida yuk tashish;
mahalliy havo yoʻllarida yoʻlovchilar tashish;
xalqaro havo yoʻllarida yuk tashish;
xalqaro havo yoʻllarida yoʻlovchilar tashish;
aeroportlarda havo kemalari, yoʻlovchilar va yuklarga xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq faoliyat;
korxonalar va aholi ehtiyojlari uchun aviatsiya ishlari.
Korxonalar (tashkilotlar), bajariladigan ishlarga koʻra, yuk va yoʻlovchilar tashishlarning bir necha turi uchun litsenziyaga ega boʻlishlari mumkin.
3. Yoʻlovchilar, yuklar tashishlarning va aviatsiya ishlarining quyidagi turlari litsenziyalanmaydi:
a) Oʻzbekiston Respublikasining maxsus qonunchilik hujjatlari asosida amalga oshiriladigan;
b) aholi hayoti va salomatligini xavf ostiga qoʻyadigan hamda avariya-qutqaruv va tiklash ishlarini talab qiladigan tabiiy ofatlar, epidemiyalar, yirik avariyalar oqibatlarini tugatish bilan bogʻliq boʻlgan.
4. Litsenziya olish uchun komissiyaga quyidagilar taqdim etiladi:
a) belgilangan shakldagi ariza;
b) taʼsis hujjatlari yoki ularning tasdiqlangan nusxalari;
v) Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasi organlari tomonidan (aviatsiya tashishlari va ishlarini bajarish uchun berilgan) attestatsiya varaqasi nusxasi;
g) transportda tashishlarni taʼminlash, aviatsiya ishlari uchun korxona (tashkilot) ega boʻlgan harakat sostavi (havo kemalari) parki (turi, markasi va soni) toʻgʻrisida maʼlumotlar, shuningdek yuklash-tushirish mexanizmlari, omborxona binolari, maydonchalar, texnik xizmat koʻrsatish va harakatdagi sostavni, chipta-bosma apparatlarini tuzatish postlari, yoʻlovchilar uchun kutish joylari, transportga chiqarish maydonchalari mavjudligi va ularning holati toʻgʻrisida, shuningdek obyektlar, binolar, yer usti inshootlari hamda litsenziyalanadigan faoliyatni bajarish asbob-uskunalarining tayyorligi toʻgʻrisida maʼlumotlar va bajariladigan ishlarga koʻra zarur maʼlumotlar;
d) xalqaro tashishlarga xizmatlarni amalga oshirish (koʻrsatish)ga litsenziya berishda xalqaro tashishlarni tashkil etish bilan bogʻliq boʻlgan korxona (tashkilot)ning professional jihatdan yaroqliligini tasdiqlovchi hujjatlar va tashqi iqtisodiy aloqalar qatnashchisi guvohnomasining nusxasi qoʻshimcha ravishda talab qilinadi;
e) litsenziya berish uchun yigʻimni toʻlaganlik toʻgʻrisidagi hujjatlar.
“g” va “d” kichik bandlarida koʻrsatilgan hujjatlar “Oʻzbekiston temir yoʻllari” kompaniyasi, “Oʻzbekiston havo yoʻllari” aviakompaniyasi va “Oʻzavtotrans” korporatsiyasining (faoliyat turiga koʻra) ekspert xulosasi bilan birga taqdim etiladi.
Korxona (tashkilot) rahbarlari taqdim etilgan maʼlumotlarning toʻgʻriligi uchun javobgardirlar.
5. Litsenziyalar olish uchun davlat poshlinasi amaldagi qonunchilikka muvofiq undiriladi.
6. Litsenziya berish (bermaslik) haqidagi qaror toʻgʻri rasmiylashtirilgan hujjatlar olingandan keyin 10 kundan kechiktirilmay qabul qilinadi.
Komissiya hujjatlar tegishli ravishda rasmiylashtirilmay taqdim etilganda, shuningdek ular amaldagi qonunchilik va mazkur Nizom talablariga muvofiq kelmagan hollarda litsenziyalar berishni rad etish huquqiga ega. Litsenziya berishni rad etishga boshqa sabablar, shu jumladan maqsadga muvofiq emasligi tufayli yoʻl qoʻyilmaydi.
Litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror asoslangan boʻlishi va murojaat qiluvchiga yozma ravishda joʻnatilishi kerak.
Murojaat qiluvchi tomonidan hujjatlar qayta rasmiylashtirilgan taqdirda ular 5 kun muddatda qayta koʻrib chiqiladi.
7. Litsenziya berish:
a) harakatdagi sostav (havo kemalari), aviatsiya texnikasi yoxud boshqa shartlar tashishlar (parvozlar) xavfsizligini taʼminlash yoki amalga oshirilishiga ruxsat soʻraladigan faoliyat xususiyatiga oid belgilangan talablarga muvofiq boʻlmaganda;
b) murojaat qiluvchining ishlab chiqarish bazasi ekologik va boshqa belgilangan talablarga muvofiq kelmaganda;
v) aviatsiya tashishlari va ishlarini bajarish uchun ariza beruvchining attestatsiya varaqasi amalga oshirilishiga ruxsat soʻraladigan faoliyat xususiyatiga muvofiq boʻlmaganda;
g) taqdim etilgan hujjatlarda notoʻgʻri maʼlumotlar koʻrsatilganda;
d) ariza beruvchi qonunda belgilangan tartibda litsenziyalanadigan faoliyat boʻyicha nohalol raqobatchilikda aybdor deb tan olinganda;
e) Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hollarda rad etiladi.
8. Litsenziyalar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi komissiyasining qaroriga binoan belgilangan shaklda 5 yil muddatgacha beriladi.
Ariza beruvchining asoslangan iltimosiga binoan litsenziyaning amalda boʻlishi muddati belgilangan miqdordagi poshlina toʻlangach yana shuncha muddatga uzaytirilishi mumkin. Litsenziyaning uzaytirilishi yozma ravishda tasdiqlanadi.
Litsenziyalarda amalda boʻlish hududlari va bajariladigan ishlarning turlari boʻyicha cheklashlar nazarda tutilishi mumkin.
Litsenziya harakatdagi sostav, texnik vositalar, binolar, inshootlar, asbob-uskunalar, qurilmalar va boshqa obyektlardan foydalanishning amaldagi qoidalarida nazarda tutilgan zarur guvohnomalar, ish diplomlari, sertifikatlar va boshqa hujjatlarga ega boʻlish majburiyatidan ozod qilmaydi.
9. Litsenziyani boshqa shaxslarga berish man etiladi. Litsenziatning tashkiliy-huquqiy shakli oʻzgarganda litsenziya uning berilishi uchun belgilangan tartibda qayta rasmiylashtirilishi lozim.
10. Litsenziya egasi:
a) yoʻlovchilar va yuk tashish hamda ishlar bajarishda har bir avtotransport vositasida, havo kemasida maxsus litsenziya kartochkalarining boʻlishini taʼminlashga;
b) Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik va normativ hujjatlariga, shuningdek litsenziya shartlariga rioya qilinishini taʼminlashga;
v) komissiya va “Oʻzbekiston temir yoʻllari” kompaniyasi, “Oʻzbekiston havo yoʻllari” aviakompaniyasi hamda “Oʻzavtotrans” korporatsiyasi talablariga binoan litsenziyalangan faoliyati haqidagi maʼlumotlarni taqdim etishga;
g) oʻz tashkiliy-huquqiy shaklining oʻzgarganligi haqida bir hafta muddatda komissiyani xabardor etishga majburdir.
11. Litsenziya blanklari va litsenziya kartochkalari qatʼiy hisobdagi hujjatlar hisoblanadi, seriyasi va tartib raqamiga ega boʻlib matbaa yoʻli bilan tayyorlanadi.
12. Litsenziya shartlariga rioya etilishi ustidan nazorat “Oʻzbekiston temir yoʻllari” kompaniyasi, “Oʻzbekiston havo yoʻllari” aviakompaniyasi va “Oʻzavtotrans” korporatsiyasi tomonidan taʼminlanadi.
13. Litsenziya quyidagi hollarda komissiya tomonidan bekor qilinishi mumkin:
a) litsenziat arizasiga binoan;
b) agar litsenziya olish uchun takdim etilgan materiallarda haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan maʼlumotlar mavjudligi aniqlansa;
v) agar korxona (tashkilot) tomonidan litsenziyada belgilangan faoliyat turiga amal qilinmayotgan boʻlsa;
g) Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hollarda.
14. Litsenziyani bekor qilishga asoslar aniqlangan hollarda komissiya korxona (tashkilot)ga tartib buzilishini tuzatish zarurligi haqida ogohlantirish xati beradi. Agar korxona (tashkilot) ogohlantirish xatini olgach 30 kun muddatda tartib buzilishini bartaraf etmasa komissiya litsenziyani bekor qiladi va tegishli faoliyatning toʻxtatilishi lozim boʻlgan muhlatni belgilaydi.
Litsenziyaning bekor qilingani haqidagi qaror nusxasi 3 kun muddatda korxona (tashkilot) va u joylashgan hududdagi hokimlikka joʻnatiladi.
Qaror nusxasi olingan kundan boshlab 10 kun muddatda litsenziya va litsenziya kartochkalari “Oʻzbekiston temir yoʻllari” kompaniyasi, “Oʻzbekiston havo yoʻllari” aviakompaniyasi va “Oʻzavtotrans” korporatsiyasiga topshirilishi zarur.
15. Korxona (tashkilot) litsenziya berish rad etilganligi yoki uning bekor qilingani toʻgʻrisidagi qaror nusxasini olgandan soʻng 30 kun muddatda sudga arz qilish huquqiga ega.
16. Mazkur Nizomning 2-bandida koʻrsatilgan faoliyatni litsenziyasiz yoki mazkur Nizomda nazarda tutilgan tartibni buzgan holda amalga oshirgan korxona (tashkilot)lar amaldagi qonunchilikka muvofiq javob beradilar.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 23-oktabrdagi 482-sonli qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR HQT, 1997-y., 10-son, 34-modda)
(Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami, 1996-y., 5-son, 14-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2003-y., 15-16-son, 131-modda)